O'zMU » Biz saylovga tayyormiz

Yurt tinchligi va farovonligi yo`lida xizmat qilish har bir fuqaro uchun burch sanaladi. O`zMU tarix fakulteti talaba-yoshlari O`zbekiston Respublikasining fuqarosi sifatida yurtimiz ravnaqi yo`lida og`ishmay o`z majburiyatlarini bajarmoqda. Zero, bu fuqarolik vazifasidir.

Shu kunlarda yurtimizda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik olib borilmoqda. Shu yilning 4-dekabr kuni umumiy, teng, to`g`ridan-to`g`ri va oshkoralik ruhida o`tishi kutilayotgan umumxalq saylovidan umidlarimiz katta. Jumladan, biz talabalar ham ushbu saylov tayyorgarligi arafasida jiddiy ishlarni amalga oshirishda qatnashmoqdamiz.

O`zbekiston Milliy Universiteti IX-Talabalar turar joyi bosh tarbiyachisi Quvonch Ashurov, Talabalar kengashi raisi Shukurjon Inomjonov va Kamolot va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha tashkilotchi Dostonjon Tojiyevning tashabbusi bilan “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da partiya vakillari bilan saylovoldi uchrashuv tashkillashtirildi. Shu kuni 185 nafar talaba ishtirokida O`zbekiston Liberal Demokratik partiyasi vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.

Uchrashuvda asosiy masala sifatida O`zbekiston Liberal Demokratik partiyasining ustavi, prezidentlikka nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tarjimai holi va saylovoldi dasturi kabi mavzular haqida atroflicha to`xtalib o`tildi. Xalq deputatlari Kengashi deputati Abduvohid Toshpulatov o`zining chiqishi bilan partiyaning maqsad va vazifalari xususida to`xtalib o`tdi. Chiqishi davomida Abduvohid Toshpulatov talabalarning qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Shundan so`ng tadbirning asosiy qismi boshlanib, unda Tarix fakultetining faol talabalariga partiyaga a’zolik guvohnomasi topshirildi. Fakultetning 18 nafar 1-2-bosqich talabalari a’zolik guvohnomasiga ega bo`ldilar va 4-dekabr kuni bo`lib o`tadigan O`zbekiston Respublikasi Prezidentligi saylovida o`z mahalliy saylov uchastkalarida kuzatuvchi sifatida qatnashish huquqiga ega bo`ldilar.

 Talabalar o`zlariga kerakli bo`lgan masalalarga yechim topdilar va yana bir qator talabalarimiz O`zbekiston Liberal Demokratik partiyasiga a’zo bo`lish maqsadida ariza topshirdilar. Endigi vazifamiz, “Saylov – 2016” tadbirlarini ko`tarinki ruhda o`tkazish va o`z siyosiy faolligimizni oshirish ustida amaliy ishlar olib borish maqsadini ko`zlamoqdamiz. Barchangizni faolikka chorlab qolamiz.

 

Nasiba Narzullayeva,

O`zMU Tarix fakulteti talabasi