O'zMU » Ma'lumotlar » Noyob qo'lyozmalar muzeyi

 

Noyob qo`lyozmalar muzeyi

O`zbekiston Milliy universiteti Noyob qo`lyozmalar muzeyi 2006 yil 31 martda tashkil qilindi. Muzeyning asosiy fondini XVI-XX asrlarda kitobat qilingan o`zbek, tojik, fors, turk, arab tillaridagi qo`lyozmalar tashkil qiladi. Bu qo`lyozmalar universitetning Axborot-resurs markazida 80 yil saqlangan. Ushbu fondni tashkil qilish 1920 yildan boshlangan.

1929 yilda faqatgina 16 ta qo`lyozma bo`lgan. Ushbu fondning bir qismini Turkiston o`qituvchilar seminariyasi qo`lyozmalari va general Jo`rabekning shaxsiy kutubxonasidagi to`plamlar tashkil qilgan.

Oxirgi yillarda qo`lyozmalar va litografiyalar fondi mahalliy aholidan yig`ilgan nashrlar hisobiga to`ldirildi. Masalan, SAGUning 25 yilligi nishonlanayotganda Tehron universiteti Jaloliddin Rumiyning "Masnaviy"sini sovg`a qilgan.

Muzey fondini 1465 nomdagi qo`lyozmalar va litografiyalar tashkil qiladi. Muzeyda O`rta Osiyo tarixi, geografiyasi, falsafasi, tibbiyot, astronomiya, matematika, filologiya, tasavvuf bo`yicha yozilgan qo`lyozma va litografiyalar mavjud. Shuningdek, o`sha davr poeziyasi va prozasi, badiiy adabiyot namunalari ham bor.

Muzeydagi eng qimmatli asarlardan biri Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asari bo`lib, 1454 yilda tuzilgan va mashhur xattot Kamoliddin Behzod tomonidan 12 yildan keyin (muallif o`limidan keyin) bezatilgan. Bu asarning yana bir nusxasi hozirda Parij universiteti kutubxonasida saqlanmoqda. Muzeyda XVI asrda mo`g`ullar davrida ko`chirilgan "Qur`on" ham mavjud. Shuningdek muzeyda A. Navoiyning "Xamsa", Boburning "Boburnoma", "Temur tuzuklari", "Iskandarnoma" va boshqa shu kabi bir qator qimmatli qo`lyozmalar saqlanmoqda.

Ushbu muzeyning tashkil qilinishi, bunday nodir qo`lyozmalar bilan qiziqayotgan olimlarning O`rta Osiyo xalqlari tarixi, adabiyoti va madaniyati bilan yanada yaqinroq tanishishi uchun imkon yaratmoqda.

 

Muzeylar galereyasiga o'tish