O'zMU » Ma'lumotlar » Universitetning tashkil topishi

O'zbekiston qadimdan islomiy Oliy o'quv yurtlar-madrasalar, dunyoga mashhur olimlar makoni. Birinchilardan bo'lib, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qo'shgani butun dunyo ilm ahliga ma'lum. Biroq keyinchalik mutaassiblik, ya'ni din emas, chalasavod dindorlar tomonidan taraqqiyot va ilm-fanga ko'r-ko'rona qarshilik sun'iy ravishda kuchaytirilishi sababli oliy dunyoviy ta'lim rivoji orqada qoldi. Va nixoyat, XIX asr oxirlariga kelib, mutaassiblik illatlari va mustamlaka zulmiga ilm-fan va ma'rifatni qarama-qarshi qilib qo'ygan milliy jadidchilik harakati tarix maydoniga chiqishi bilan, dunyoviy-ilmiy oliy ta'lim maskani-universitet tashkil etish g'oyasi eng dolzarb hayot-mamot masala sifatida kun tartibiga qo'yildi. Chunki jadidlar millatning mustaqilligi va taraqqiyoti hamda takomil topishi oliy ta'lim, ma'rifat va ilm-fan bilan bog'liq ekanligini juda chuqur anglab etkan edilar. Shuning uchun ham ular XX asrning dastlabki yillaridan boshlab o'z asarlari va jadid matbuoti orqali dunyoviy oliy ta'lim g'oyasini keng targ'ib etdilar. Dastlab mustamlaka chor hukumati, sovet hukumatining oldiga “dorilfunun” (universitet) tashkil etish masalasini rasman qo'yadilar.
Bu paytda rus olimlari ham Toshkentda universitet tashkil etish g'oyasini keng targ'ib etayotgan edilar. Bunga javoban sovet hukumati 1918 yil 16 martda Toshkentda Turkiston xalq universitetini tashkil etish haqida bo'yruq chiqaradi. Buning natijasida rus olimlari Yangi shaharda universitet tashkil etish harakatini jadal boshlaydilar.
Ammo sovet hukumatining bu bo'yrug'ida mahalliy musulmon millatlarining manfaatlari e'tiborga olinmagan edi. Buning mazmun va mohiyatini to'la anglagan buyuk millatparvar Munavvarqori Abdurashidxonov zudlik bilan shu yil 9 aprelda o'z uyiga oliy dunyoviy ta'lim g'oyasini olg'a surib kelayotgan jadid ziyolilarini to'plab, ularning oldiga Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish masalasini qo'yadi. Ular buni ma'qullagan holda, Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarligida Musulmon xalq dorilfununini tashkil etish qo'mitasini tuzadilar.
Qo'mita juda jadal ravishda ikki jabhada ish boshlaydi. Birinchisi – mazkur qo'mitani sovet huqumatiga tan oldirishga erishish. Ikkinchisi esa Toshkentning Eski shahar qismida Musulmon xalq dorilfununi – universitetni tashkil etish. Hukumat qo'mitani may oyining daslabki kunlarida rasman tan olib uning a'zolariga, hatto maosh to'laydi.
Munavvarqori Abdurashidxonovning tashabbusi bilan boshlangan ishlar musulmon ziyolilari qo'llab-quvvatlashishi natijasida tez samara topdi. Musulmon xalq dorilfununining rasmiy va tantanali ravishda ochilishi 1918 yil 12 may kuni Eski jo'vadagi Vikula Morozovning magazini binosi (keyingi payda Yosh tomoshabinlar teatri bo'lgan bino)da bo'ldi. Bu bayramona tantanaga ko'p sonli ziyolilar xalq va hukumatning barcha a'zolari ishtirok etdi. Tantanani Musulmon xalq dorilfununining raisi (rektori) etib saylangan Munavvarqori Abdurashidxonov ochib, qisqa nutq so'zlaydi. Shundan so'ng hukumat va xalq vakillari birin-ketin so'zga chiqib, bu tarixiy voqelikka o'z fikr-muloxazalarini bildiradi va izxor etadilar.
Musulmon xalq dorilfununini ochilishi bilan jadidlarning dunyoviy oliy ta'limni tashkil etish g'oyasi tarixan voqe bo'lib millat ehtiyojini qondira boshlaydi. Dorilfunun ochilishi barobarida, bundan oldin Yangi shaharda 1918 yil 21 aprelda rus olimlari tashkil etgan Turkiston xalq universitetining rasmiy bo'limiga aylandi. Bu bilan tariximizda birinchi marotaba ikki til va ikki qismdagi dunyoviy dorilfunun - universitetga to'la asos solinadi. Dastlabki kunlardan boshlab, Universitetning “Xalq dorilfununi” va “Narodnыy universitet” nomli o'zbek hamda rus tillaridagi ikki gazetalari chop etila boshlaydi. Dorilfununni 15 kishidan iborat ilmiy-pedagogik Kengash boshqaradi. Ilmiy pedagogik jamoaning soni 299 kishiga etadi, shundan 22 nafari oliy diniy madrasalarni 2 nafari esa Rossiyada oliy ta'lim olgan kishilar edi. Musulmon xalq dorilfununi uch bosqichdagi haqiqiy ta'lim-tarbiya markaziga aylangan edi.

  1. Oliy bosqich – dorilmuallimin (o'qituvchilar instituti).
  2. O'rta bosqich – kasb-hunar o'rgatuvchi har xil kurs va to'garaklar.
  3. Quyi bosqich – ibtidoiy sho''ba (boshlang'ich ta'lim) bo'limi.

Dorilfununda Munavvarqori Abdurashidxonov, Burxon Xabib, Abdurauf Fitrat, Kamol Shamsi, Xaydar Shavqiy, Abdullo Raximboev, Abduraxmon Ismoilov va boshqa milliy ziyoliy jadidlar yoshlarga ilm va tarbiya bera boshladilar. Turkiston Xalq universiteti ham uch bosqichdan iborat bo'ldi. Uning oliy bosqichini tarix-filologiya, ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-matematika, qishloq-xo'jaligi va texnika fakultetlari tashkil etdi. Uni rektor A.V.Popov boshqardi. Shuningdek, unda R.R.Shreder, S.A.Kochan, G.M.Svarichevskiy, V.I.Romanovskiy va boshqa taniqli olimlar dars beradi.
Musulmon dorilfununi endi kuch yig'ib oyoqqga turayotgan bir paytda 1918 yil kuziga kelib sovet xukumati tomonidan butunlay tugatiladi. Uning tarkibiga kirgan Dorilmuallimin ya'ni o'qituvchilar instituti uzoq yillar milliy kadrlar tayyorlash bilan tarixda katta iz qoldirdi. Turkiston xalq universitetiga 1919 yilda Davlat universiteti maqomi beriladi. Shundan so'ng u keng rivoj topadi. 1923 yildan 1960 yilgacha O'rta Osiyo Davlat universiteti, 1960 yildan 2000 yilgacha Toshkent Davlat universiteti deb nomlandi. Ushbu universitet nafaqat O'zbekistonda balki butun O'rta Osiyo mintaqasidagi dastlabki Oliy o'quv yurti bo'lib, hozirgi Mustaqil qo'shni Respublikalarda oliy ta'lim, ilm-fan va texnika maorif hamda madaniyat taraqqiyotiga behisob katta xissa qo'shdi. Buyuk va mashhur olimlarni tarbiyaladi. Shuning uchun ham u tarixda “Almamator” degan nomga sazovar bo'ldi.
Buyuk millatparvar va oliy dunyoviy ta'lim fidoyilari jadid ziyolilarining orzusi Mustaqillikdan so'ng to'la-to'kis ruyobga chiqdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tarixda birinchi bo'lib, 2000 yil 6 yanvarda Toshkent saylovchilari vakillari bilan bo'lgan uchrashuvda Toshkent Davlat universitetiga milliy maqom berish taklifi bilan chiqdi. Buni keng jamoatchilik qo'llab-quvvatlashi bilan 2000 yil 28 yanvar kunida “Toshkent Davlat universitetiga” “O'zbekiston Milliy universiteti” maqomini berish to'g'risida”dagi oliy Farmonga imzo chekdi.
Farmonda Vatan va millat taraqqiyoti yo'lida fidoyilik ko'rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e'tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqbol g'oyalariga sadoqat tuyg'ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar onggiga teran singdirish ... Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida ... Mirzo Ulug'bek nomidagi Toshkent Davlat universitetining asoschilari jadid ziyolilari, uning tashkil etilgan sanasi esa 1918 yil 12 may deb belgilansin” degan jumlalarni alohida g'urur va iftixorlar bilan qayd etishga haqlimiz.