O'zMU » Ma'lumotlar » Huquqshunoslik fakulteti

1918 yil 21 aprelda Turkiston Xalq universiteti tashkil topib, uning tarkibida huquqiy bo'limi bo'lgan sosial-iqtisod fakulteti joriy qilindi. Bu fakultet tarkibidagi huquq bo'limi, O'zbekistonda Oliy yuridik ma'lumot olish uchun dastlabki qadam bo'ldi.
Turkiston Davlat universiteti joriy qilingandan so'ng sosial-iqtisod fakulteti uning tarkibiga kiritildi va bu 1921 yil Ijtimoiy fanlar fakultetiga aylantirildi (IFF). Buning tarkibida iqtisod instituti va huquq instituti faoliyat ko'rsatib keldi. Bu davrda mahalliy aholining vakillarini o'qishga jalb qilish bo'yicha ko'p ishlar qilindi. 1921 yilda 30 talabadan 15 tasini o'zbeklar tashkil qilgan, 1923 yilda birinchi bo'lib fakultetni bitirganlar 71 kishini tashkil qilib, bular birinchi iqtisod va huquq sohalari bo'yicha Turkiston Davlat universitetida oliy ma'lumot olganlardir.
1924 yilda ijtimoiy fanlar fakulteti, mahalliy xo'jalik va huquq fakultetiga aylantirildi. Bu fakultetda yurist kadrlarni tayyorlash kengaytirildi va ancha yaxshilandi. 1928 yilga kelib, bu fakultet Sovet xo'jalik va huquqi deb nomlandi. 1930 yilgacha O'ODU (SAGU)ning «Sovet xo'jalik va huquq» fakulteti O'zbekistonda Oliy yuridik ma'lumotli kadrlarni trayyorlashda asosiy ta'lim markazi bo'lib kelgan. 1931 yilda O'zSSR Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq Komissarlar Sovetining qaroriga asosan, «Sud, porkuratura va sovet aparati» xodimlari, shuningdek davlat va huquq sohasi bo'yicha ilmiy, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo'yicha O'zbekistonda O'zSSR XKS qoshida Djahon Obidova nomidagi «Sovet qurilishi va huquqi ilmiy tadqiqot instituti» tashkil qilingan. Uning direktori XKSning raisi F.Xo'jaev bo'lgan. Ko'p vaqt o'tmasdan 1932 yilda O'zSSR MIK qoshida ikkita fakultetdan iborat «Sovet qurilishi» o'quv instituti tashkil qilindi.
1937 yilda ilmiy tadqiqot instituti O'zSSR Yustisiya Xalq Komissariyati qoshidagi Sovet huquqi institutiga qo'shib yuboriladi. 1938 yilga kelib, bu institut, Umum Ittifoq Toshkent Yuridik institutiga aylantirildi.
Sovet qurilishi va huquqi instituti tashkil etilgan vaqtdan boshlab, ilmiy xamda pedagogik ishlarni ko'zga ko'ringan yurist olimlardan B.L.Manelis, M.D.Luskiy, S.A.Avrux keyinchalik bu kollektivga M.Mo'minov, Q.D.Tyurin, K.Sarimsoqov, X.Qurbonov, N.A.Kapustyanskiy, T.Eshonbekov, D.A.Arenbek va boshqalar qo'shiladilar.
1946-1954 yillar mobaynida akademik S.A.Rajabov Toshkent yuridik istitutiga rahbarlik qilib keldi. 1954 yildan 1956 yilgacha Toshkent yuridik institutiga mahalliy xotin qizlar orasidan Oliy yuridik bilimga ega bo'lgan yu.f.d. prof. O'zFA akademigi X.S.Sulaymanova rahbarlik qilib kelganlar. U 1956 yildan 1958 yilgacha O'zSSR Yustisiya vaziri, 1958 yildan 1964 yilgacha O'zSSR Ministrlar Soveti qoshidagi yuridik komissiyaning raisi bo'lib ishlagan, 1964 yilda X.S.Sulaymonova O'zSSR Oliy sudining raisi bo'lib faoliyat ko'rsatib kelgan. 1956 yilda X.S.Sulaymonova O'zFA haqiqiy a'zosi qilib saylangan.
1947 yilda O'rta Osiyo Davlat Universiteti tarkibida yuridik fakultet tashkil qilindi. Buning asosiy maqsadi, huquq sohasi bo'yicha ilmiy xodimlarni tayyorlash edi. Bu fakultetni N.D.Dektyarliko boshqargan. 1950 yilga kelib SAGUning yuridik fakulteti, yuridik institut tarkibiga kiritildi. 1955 yilga kelib Toshkent yuridik instituti, O'rta Osiyo Davlat Universitetining yuridik fakultetiga aylantirildi. Bu fakultetning dekani etib prof. X.S.Sulaymonova saylandi.
X.S.Sulaymonovani O'zSSR yustisiya vaziri etib tayinlanishi munosabati bilan yuridik fakultetining dekani etib O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi, O'zbekisonda xizmat ko'rsatgan yurist B.A.Axmedov saylandi va u 1956 yildan 1967 yilgacha fakultetga rahbarlik qildi. 1967-1968 yillarda yuridik fakulteti dekani etib O'zSSRda xizmat ko'rsatgan fan arbobi X.S.Samatova saylandi va rahbarlik qildi.
1968 yildan 1971 yilgacha yuridik fakultetiga dos. B.X.Samarxo'jaev rahbarlik qildi. 1971 yilda yuridik fakulteti dekani lavozimiga yuridik sohasida ko'zga ko'ringan, davlat va huquq sohasi bo'yicha yirik mutaxassis O'zFA muxbir a'zosi, yu.f.d. prof. O'zbeksitonda va Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi A.A.Agzamxo'jaev saylandi va 1985 yilgacha fakultetga rahbarlik qilib keldi.
1990 yilda O'zbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetining qaroriga asosan TashGU qoshidagi yuridik fakultet negizida Toshkent Davlat yuridik instituti tashkil qilindi va TashDU tasarrufiga berildi. 1990 yilda O'zMUning tarix fakultetida boshqa fakultet talabalari uchun «Davlat va huquq asoslari» kafedrasining o'qituvchilari dars berib keldilar, so'ng Tarix fakultetidagi shu kafedra negizida yuridik bo'limi tashkil qilindi, 1997 yilga kelib O'zMU ning qoshida mustaqil yuridik fakulteti tashkil qilindi.

1997 yil 27 noyabrda Universitetda Huquqshunos-pedagog fakulteti tashkil etildi va keyinchalik O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining 2000 yil 5 yanvardagi buyrug'i bilan Huquqshunoslik fakultetiga aylantirildi. Fakultet tashkil qilinishida yuridik fanlar nomzodi, dosent Ismoil Anortoevning xizmatlari katta. 1997 yildan 1999 yilgacha yuridik fakulteti dekani sifatida yu.f.n., dos. Orol Ergashevich Ernazarov, 1999 yildan 2004 yilgacha yu.f.n., dos. Mirshohid Mirhamidovich Mirhamidov, 2004 yildan 2009 yil iyul oyigacha yu.f.d., prof. Botir Bilolovich Samarxo'jaevlar faoliyat ko'rsatishgan. Hozirgi kunda fakultetni yu.f.n., dos. R.A.Ikramov boshqarmoqda.

Yuridik fakulteti tarkibida 6 ta kafedra bo'lib bularni taniqli olimlarimiz boshqarib kelmoqdalar. «Konstitusiyaviy huquq» kafedrasini taniqli olim, davlat xokimiyati organlarida rahbarlik lavozimlarda ishlab kelgan, yu.f.d. prof. Sh.I.Jalilov, «Fuqarolik huquqi» kafedrasini yu.f.n., dos. L.M.Burxanova, «Davlat va huquq nazariyasi va halqaro huquq» kafedrasini yu.f.n., dos. R.Yusuvalieva, «Fuqarolik jarayoni» kafedrasini O'zFA Falsafa va huquq institutining direktori yu.f.d. R.J.Ro'ziev, «Jinoyat huquqi va jinoyat prosessual huquqi» kafedrasini yu.f.n., dos. R.T.Haqberdieva, «Davlat va huquq asoslari» kafedrasini yu.f.n., dos. E.R.Hayitboev boshqarib kelmoqdalar. 
Xozirgi kunda fakultetda yuqori malakali professor-o'qituvchilardan yu.f.d. E.Egamberdiev, yu.f.d., prof. B.Po'latov, yu.f.d., prof. Yu.Jo'raev, yu.f.d., prof. U.Choriyorov, F.X.Rahimov, yu.f.d., prof. K.Z.Alimov, yu.f.d., prof. Sh.Ro'zinazarov, dos. S.A.Xodjaeva va boshqa bir qator etuk olimlar faoliyat ko'rsatib kelmoqdalar.

 

 

2015-2016-yil talabalar  stipendiyasi miqdori

 

2015-2016-yil talabaning 1 yillik o'qitish miqdori

Fakultet saytiga o'tish

Fakultet emblemasi

 Huquqshunoslik fakulteti