O'zMU » Ma'lumotlar » Nazariy va tadbiqiy mexanika kafedrasi

Mexanika kafedrasi 1920 yili Turkiston (O’rta osiyo (1923), Toshkent (1960), hozirgi Mirzo Ulug’bek noimdagi O’zbekiston Milliy universiteti (2000 yildan)) universitetining fizika-matematika fakultetida tashkil etilgan. Mazkur kafedrada nazariy mexanika, osmon mexanikasi asoslari, elastiklik nazariyasi, gidromexanika, maydonlar nazariyasi va boshqa fanlardan ma'ruzalar o’qilgan.

1936 yildan mexanika kafedrasi mutaxassis tayyorlovchi kafedra maqomiga erishdi va nazariy mexanika, elastiklik va plastiklik nazariyasi hamda gidromexanikadan mutaxassislar tayyorlay boshladi. Mexanika kafedrasi mudirlari dots. Pavlenko A.K. (1936-1938), prof. Shul'gin M.F. (1939-1975) bo’lishgan. 1956 yilda mexanika kafedrasi asosida ikkita "Umumiy mexanika" va "Tutash muhitlar mexanikasi" kafedralari tashkil etildi. Umumiy mexanika kafedrasi mudirlari prof. Shul'gin M.F. (1975 yilgacha), dots. Shulgin A.F. (1975-1982), prof. Azizov A.G. (1982-1997) lar bo’lishgan. Kafedraning ilmiy muammolari "Boshqarish muammolari, optimallashtirish va mexanika tenglamalarini integrallash" mavzusida birlashtirilgan.

Xalq xo’jaligi ehtiyojlari va universitet mexanika kafedrasida elastiklik nazariyasi va gidromexanika bo’yicha ilmiy tadqiqotlarning sezilarli darajada rivojlanishi munosabati bilan O’zbekistonda fanning va oliy ta'limning taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan yirik mexanik olim, akademik, texnika fanlari doktori, Beruniy nomidagi davlvt mukofoti sovrindori prof. M.T. O’rozboev tashabbusi bilan 1956 yili yangi tutash muhitlar mexanikasi (TMM) kafedrasi tashkil etildi. TMM kafedrasining birinchi kafedra mudiri M.T. O’rozboevning o’zi, keyin dots. Bagdasarov A.D. (1965-1973), dots. Mamatqulov Sh. (1973-1983), prof. Begmatov A. (1983-1997) lar bo’lishgan. 1997 yilda "Umumiy mexanika" va "Tutash muhitlar mexanikasi" kafedralari birlashtirildi va hozir bitta "Nazariy va tatbiqiy mexanika" kafedrasi faoliyat olib bormoqda (kaf. mudiri prof. Xusanov B.E.).

"Nazariy va tatbiqiy mexanika" kafedrasi uch yo’nalish: nazariy mexanika, deformatsiyalanuvchi qattiq jism mexanikasi va suyuqlik va gaz mexanikasi bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Shu yo’nalishlar b o’yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.

Hozirda ilmiy tadqiqotlar quyidagi y o’nalishlar b o’yicha olib boriladi:

  1. "Boshqarish muammolari, optimallashtirish va mexanika tenglamalarini integrallash" (Korshunova N.A., Sidikov M.N., Xaydarov I.K.).
  2. "Inshootlarning suyuqlik va tuproq muhitlari bilan o’zaro dinamik ta'sirlari" (Mamatqulov Sh., Xusanov B.E., Isanov Sh.R., Sibukaev Sh.M., Mamatova N.T.).
  3. "Bir fazali va ko’p fazali muhitlar mexanikasining dolzarb masalalari" (Begmatov A., Xamidov A.A., Zokirov A.X.).

Xusanov Baxtiyar Ergashbayevich

Fizika-matematika fanlari doktori, professor, O’zbekiston Milliy universiteti ” Nazariy va tatbiqiy mexanika” kafedrasi mudiri.

1990 yilda Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) “Amaliy matematika va mexanika” fakultetini tamomlagan. 1990-2002 yillarda, hamda 2006-2008 yillarda O'zR FA M.T.O'rozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida ilmiy xodim va katta ilmiy xodim lavozimlarida ishladi. 2002-2006 yillarda O'zMU da dotsent, 2008-2011 yillarda Toshkent temir yo'l muhandislari institutida professor lavozimida ishladi. 2011 yil iyuldan O'zMU “Nazariy va tatbiqiy mexanika” kafedrasi mudiri. 1998 yil nomzodlik, 2004 yil esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

U rahbarligida A5-065 amaliy dasturning ilmiy loyihasi bajarildi.

Nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilish bo'yicha ixtisoslashgan kengash a'zosi.

Deformatsiyalanuvchi qattiq jism mexanikasi masalalarini modellashtirish va sonli yechish, yer osti va usti inshootlarining seysmik mustahkamligi, qattiq jismlarda to'lqin tarqalishi va gruntlar dinamikasi yo'nalishlari bo'yicha ilmiy ish olib bormoqda.