O'zMU » Ma'lumotlar » Xorijiy filologiya fakulteti

Xorijiy filologiya fakulteti 1994 yili roman - german filologiyasi va rus filologiyasi fakultetlarining birlashishi natijasida tashkil topgan. Har ikki fakultet filologiya fakultetidan ajralib chiqqan edi. Jumladan, roman-german filologiyasi fakulteti 1963 yilda tashkil etilgan bo'lsa, rus filologiyasi fakultetiga 1980 yili asos solingan. Roman-german filologiyasi fakultetining tashkil topishida  akademiklar V.M.Jirmunskiy va V.F.Shishmarevning xizmatlari katta. Ularning tashabbusi bilan 1943 yili universitetning filologiya fakulteti tarkibida roman-german filologiyasi kafedrasi ochilgan.

Fakultet professor-o'qituvchilari talabalarni chet tillariga o'rgatishda texnik vositalardan keng foydalanadilar. Fakultetda maxsus kompyuter va lingafon xonalari mavjud. Har bir chet tiliga doir video va audiokassetalar, kinofilmlar va boshqa o'quv materillari mavjud.

Bakalavrlarning malakaviy bitiruv ishlari va magistrlarning dissertatsiyalariga tajribali professor va dotsentlar rahbarlik qiladilar.

 Fakultetning tarixiy an'anasi - xorijiy tillarni o'rganishni chet el adabiyotini o'rganish bilan birga olib borishdan iborat.

Fakultet kutubxonasida o'quv jarayoni uchun zarur bo'lgan o'zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz tillarida darsliklar, ilmiy risolalar hamda jurnal va gazetalar mavjud bo'lib, ular professor-o'qituvchilar va talabalar ixtiyoridadir. Bundan tashqari, fakultet kutubxonasida barcha nazariy kurslar uchun zarur bo'lgan ma'ruza matnlari jamlangan.

Fakultet jamoasi Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti, germanistika instituti – Myunster, Gettingen universitetlarida, Gyote instituti va Germaniya akademik almashuv xizmati bilan amaliy hamkorlikda ish olib bormoqda. O'quv jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalaniladi:

1. Interfaol metod bo'yicha – chet (ingliz, nemis, fransuz) tillarini o'rganishda A.Sh, Angliya, Germaniya va Fransiya olimlari yozgan darsliklar va o'quv qo'llanmalaridan foydalanib, texnik vositalar yordamida  mashg’ulotlar  olib boriladi.

2. Chet tiliga o'qitish tili o'rganilayotgan mamlakat davlat tuzilishi, tarixi, madaniyati, urf-odatlari va bayramlari  o'rganiladi.

3. Chet tili talaffuzining turli variantlarini (masalan – Buyuk Britaniya, A.Sh va Germaniya, Avstriya, Frantiya va Shveytsariya kabi) qiyosiy o'rganishda elektron o'quv qo'llanmalardan foydalaniladi.

4. Internetdagi xorijiy tillarga oid adabiyotlardan keng istifoda etiladi.

Mustaqillik sharofati bilan yurtimizning xorijiy mamlakatlar bilan har tomonlama aloqalari keng rivojlanayotgan hozirgi davrda chet tili bo'yicha ko'proq tarjimon va muallimlar, filologlar tayyorlash dolzarb vazifa bo'lib qolmoqda. Shuning uchun ham fakultet chet mamlakatlar bilan ilmiy aloqalarni kengaytirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. 2003 yil 5 dekabrda Germaniya Myunster universiteti bilan ilmiy hamkorlik to'g’risida 2003 – 2006 yillarga mo'ljallangan hamkorlik loyihasi imzolangan bo'lib, ushbu universitet yordami bilan fakultetda 2000 dan ortiq ilmiy, o'quv adabiyotlar kutubxonasi yaratildi. Shu bilan birga 1994 yildan beri Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti (VUV) bilan ilmiy aloqalar o'rnatilgan bo'lib, universitet olimlari tomonidan nomzodlik ishlariga ilmiy rahbarlik amalga oshirilmoqda.

O'quv yili davomida fakultetning iqtidorli talabalari, magistrantlari va yosh olimlari Rossiyaning Omsk, Moskva va Sankt- Peterburg shaharlarida, Angliyaning Ochiq universitetida, Kembridj universitetida, Hindiston, Italiya va Gretsiya universitetlarida hamda Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti grantlari asosida ilmiy faoliyat o'taydilar va malaka oshiradilar.

Fakultet nafaqat xorijiy mamlakat universitetlari, balki yurtimizdagi nufuzli universitetlar: O'zbekiston Davlat jahon tillari universiteti,  Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, Samarqand Chet tillari instituti, Rossiya, Polsha, Bolgariya, Chexiya madaniyat markazlari bilan aloqalar o'rnatgan.

Fakultet professor – o'qituvchilari yuqorida zikr etilgan chet mamlakatlari universitetlari hamda respublikaning nufuzli universitetlari va madaniyat markazlarida bo'lib o'tadigan ilmiy konferentsiyalarda ma'ruzalari bilan muntazam ishtirok etadilar.

Bugungi kunda fakultetda yana shunday ilmiy maktablar yaratilganki, ularning faoliyati yildan - yilga gurkirab rivojlanib bormoqda. Jumladan, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan fan arbobi f.f.d., prof. A.A.Abduazizovning fonetika va fonologiya, f.f.d., A.N.Davshanning rus adabiyotshunosligini nazariy muammolari, f.f.d., A.G.Sheremetevaning rus tilshunosligining nazariy jihatlari, prof. O'.Q.Yusupovning qiyosiy tilshunoslik muammolari bo'yicha ilmiy maktablari shakllangan va hozirgi kunda faoliyat ko'rsatmoqda. Bu ilmiy maktablarni muvaffaqiyatli o'tagan yoshlardan o'nlab fan nomzodlari va fan doktorlari yetishib chiqqan. Hozirda ko'plab tadqiqotchilar o'z ilmiy ishlari ustida izlanishlar olib bormoqdalar.

 

Fakultet saytiga o'tish

 

2015-2016-yil talabalar  stipendiyasi miqdori

 

2015-2016-yil talabaning 1 yillik o'qitish miqdori