O'zMU » Ma'lumotlar » Makroiqtisodiyot kafedrasi

“Makroiqtisodiyot” (sobiq “Xalqaro Iqtisodiy Munosabatlar”) kafedrasi 1992 yilda tashkil etilgan. “Makroiqtisodiyot” kafedrasiga i.f.d., prof.T.J.Nurullaev (1992-1996 yy.), i.f.n., dots. N.G.Muminov (2004-2007 yy.), kat.o'qit. Sh.X.Xajibakiev (2008-2010 yy.), i.f.n., dots.v.b. D.A.Tadjibaeva (2010-2012 yy.) va i.f.d., prof. A.V.Vaxabov (1996-2004 yy. va hozirgi kunda) mudirlik qilishgan. Kafedra tashkil etilgandan boshlab 2009 yilgacha “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo'nalishi bo'yicha bakalavr va “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Xorijiy mamlakatlar iqtisodiyoti” mutaxasisliklari bo'yicha magistrlarni tayyorlagan. 2010 yilda kafedrada “Makroiqtisodiyot” mutaxasisligi bo'yicha magistrlarni tayyorlash boshlaganligi uchun kafedraning nomi “Makroiqtisodiyot” ga o'zgartirildi. Kafedra 2010-2011 o'quv yilidan “Pensiya ishi” yo'nalishi bo'yicha bakalavrlarni tayyorlashni boshladi.
Hozirda kafedrada i.f.d., prof. A.V.Vaxabov i.f.d., prof. F.T.Egamberdiev, i.f.n., dots. N.G.Muminov, i.f.n., dots. D.A.Tadjibaeva, i.f.n., dots. D.A.Elov, i.f.n., dots. G.X.Razыkova, i.f.n. A.Umarov, i.f.n. Sh.Sh.Zaxidova, kat.o'qit. Sh.X.Xajibakiev, kat.o'qit. N.A.Raxmatova, kat.o'qit. U.A.Rayxonov, kat.o'qit. Sh.I.Raxmanov samarali faoliyat olib borishmoqda. Kafedraning ilmiy-tadqiqot mavzusi “Milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va barqaror iqtisodiy o'sishini ta'minlashning kontseptul asoslarini takomillashtirish” deb nomlanadi.
Kafedraning professor-o'qituvchilari va aspirantlari tomonidan oxirgi besh yil davomida 350 ta ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar jumladan, 12 ta darslik va o'quv qo'llanmalar, 11 ta ilmiy monografiyalar nashr etilgan. Kafedrada i.f.d., prof. A.V.Vaxabovning ilmiy rahbarligida O'zbekiston iqtisodiyotini jahon xo'jaligiga integratsiyalashuvining nazariy jihatlari bo'yicha ilmiy maktab yaratilgan va 23 ta fan nomzodlari va doktorlari jumladan, Koreya, Turkiya, Xitoy, Qirg'iziston fuqarolari dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishgan. Kafedrada i.f.d., prof. F.T.Egamberdievning ilmiy rahbarligida to'rt aspirant jumladan, BAA fuqarosi nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan.
Hozirda kafedraning 15 doktorant va stajyor-tadqiqotchilari doktorlik dissertatsiyalari ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Kafedrada kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot ishlari borasida Jahon banki, Evropa Ittifoqining TASIS/TEMPUS dasturlari va boshqa xalqaro moliya institutlari, jahonning etakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ygan. Kafedra quyidagi xalqaro grantlarga sazovor bo'ldi va amalga oshirdi: 1) Kopengagen universiteti (Daniya) va Surrey Universiteti (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda “ToshDUda zamonaviy jahon tillarini o'qitish” mavzusidagi Evropa Ittifoqining TASIS/TEMPUS dasturining loyihasi (1994-2001 yy.); 2) Jahon banki institutining “O'tish iqtisodiyoti sharoitida O'zbekistonda ijtimoiy sohaga kadrlar tayyorlash” granti (1995-2001 yy.); 3) Ekzeter Universiteti (Buyuk Britaniya), Bilefeld Universiteti (Germaniya), Gent Universiteti (Belgiya) bilan hamkorlikda “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar mutaxasisligi bo'yicha magistratura ochish” mavzusidagi Evropa Ittifoqining TASIS/TEMPUS dasturining granti. Mazkur grantlar doirasida kafedraning professor-o'qituvchilari va talabalari jahonning etakchi universitetlarida ilmiy stajirovkada bo'lishdi, malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini bitirishdi hamda magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari yozdilar. 2005 yilda kafedra professor-o'qituvchilari YuSAID (AQSh)ning “O'zbekistonni JSTga kirishining afzallik va kamchiliklari (oziq-ovqat sanoati misolida)” mavzusidagi xalqaro ilmiy grantini amalga oshirdilar va 2006 yilda Jahon bankining “Markaziy Osiyoda Oliy ta'limni modernizatsiyalash masalalari” mavzusidagi ilmiy grantida mahalliy ekspertlar sifatida ishtirok etdilar. 2011 yilda AQShning O'zbekistondagi elchixonasi granti hisobidan “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” o'quv qo'llanmasi tayyorlandi va nashr etildi. 2007-2011 yillarda kafedrada “O'zbekiston iqtisodiyotiga to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish va qishloq hududlarida institutsional islohotlarni chuqurlashuvi” mavzusidagi davlatning fundamental ilmiy granti amalga oshirildi. “Milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va barqaror iqtisodiy o'sishning kontseptul asoslarini takomillashtirish” mavzusidagi davlat fundamental ilmiy granti 2012 yildan boshlab amalga oshirilmoqda.
Kafedraning professor-o'qituvchilari quyidagi fanlar bo'yicha ma'ruzalar o'qishadi va amaliy mashg'ulotlar olib boradilar: a) bakalaviatura bosqichida – “Mutaxasislikka kirish”, “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “Makroiqtisodiyot”, “Statistika”, “Ijtimoiy statistika”, “Pul, kredit va banklar”, “Pensiya belgilash va to'lash asoslari”; b) magistratura bosqichida – “Ijtimoiy soha iqtisodiyoti”, “Makroiqtisodiy siyosat”, “Davlat iqtisodiy siyosati”, “Investitsiya siyosati”, “Indikativ rejalashtirish”, “Innovatsion siyosat”, “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash”, “Yashirin iqtisodiyot”, “Makroiqtisodiy tahlil va iqtisodiy o'sish modellari”, “Iqtisodiy xavfsizlik”, “Inflyatsiya va uni boshqarish”, “Institutsional iqtisodiyot”.
Kafedra quyidagi fanlar bo'yicha talabalarni respublika olimpiadasiga tayyorlash bo'yicha ma'sul hisoblanadi: “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar”, “makroiqtisodiyot”, “pul, kredit va banklar”. Kafedra talabalari ushbu fanlar bo'yicha respublika olimpiadalarida universitet sharafini munosib himoya qilib muntazam ravishda yuqori, faxrli o'rinlarni egallamoqdalar.