O'zMU » Ma'lumotlar » O'zbek filologiyasi fakulteti haqida

Fakultet 1918-yil 12-may – Milliy universitetga asos solingan kundan boshlab "Adabiyot va falsafa" (1918 – 1920), so‘ngra Sharq fakulteti (1921 – 1942),  Tarix va filologiya (1942 – 1956), Filologiya (1956 – 1981- yillarda o‘zbek, rus hamda roman-german filologiyasi hamda jurnalistika bo‘limlarini o‘z ichiga olgan), nihoyat, 1981-yildan O‘zbek filologiyasi fakulteti nomi bilan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Fakultet talabalariga universitet tashkil etilgan dastlabki yillarda Munavvarqori, Fitrat, Abdulla Avloniy, Abdurahmon Sa'diy kabi olimlar adabiyotshunoslik va tilshunoslikka oid nazariy kurslardan dars berganlar. Ana shu an'ana va tajribalar natijasi o‘laroq G‘ulom Karimov mumtoz adabiyotimiz tarixi, Ayyub G‘ulomov o‘zbek tilshunosligi, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov adabiy tanqid, Begali Qosimov o‘zbek milliy uyg‘onish adabiyotini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy maktab yaratganlar. Bu ilmiy maktablar an'analari  bugungi kunda ham munosib davom ettirilmoqda.

Fakultetimizda 17 nafar fan doktori, professor va 23 nafar fan nomzodi, dotsentlar, 12 nafar katta o‘qituvchi hamda o‘qituvchilar ilmiy, o‘quv, ta'lim-tarbiya muammolari bilan shug‘ullanishadi. Shulardan ikki nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, ikki nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, bir nafari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan xalq ta'limi xodimi, bir nafari «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, ikki nafari “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati”ordenlari sohibidir.

Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, O‘lmas  Umarbekov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Oydin Hojiyeva, O‘tkir Hoshimov kabi mashhur yozuvchi va shoirlar ijod sirlarini shu yerda o‘rganganlar.

Fakultetda tahsil olganlardan uch nafari O‘zbekiston Qahramonlaridir. Ulardan biri – adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov ko‘p yillar fakultetda adabiyot sirlaridan saboq bergan. O‘zbekiston xalq shoirlari – Abdulla Oripov va Erkin Vohidov nafaqat fakultet yoki universitetimiz, balki butun O‘zbekiston faxridir. Fan, ta'lim va madaniyat rivojidagi ulkan xizmatlari uchun ularga O‘zbekiston Milliy universiteti faxriy doktori unvoni berilgan.

Fakultetda prof. N.Jabborov rahbarligida “O‘zbek adabiyoti tarixi”, “Jurnalistika”, “Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik” ixtisosliklari bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasini beruvchi Ixtisoslashgan kengash faoliyat ko‘rsatmoqda.

Fakultetning xalqaro aloqalari ham e'tirofga loyiq. Xitoy poytaxti Pekindagi Millatlar markaziy universitetida, Janubiy Koreyaning Pusan universitetida, Kiev Milliy universitetida maxsus o‘zbek tili yo'nalishlari ochilgan bo‘lib, fakultet professor-o'qituvchilari mazkur nufuzli oliy ta'lim muassasalari talabalariga ham dars berib kelmoqda.

 

Fakultet saytiga o'tish

 

2015-2016-yil talabalar  stipendiyasi miqdori

 

2015-2016-yil talabaning 1 yillik o'qitish miqdori