O'zMU » Ma'lumotlar » Algebra va funksional analiz kafedrasi

Algebra va funktsional analiz kafedrasi “funktsional analiz” va “algebra va sonlar nazariyasi” kafedralari asosida tashkil etilgan. hozirgi kunda kafedraga f.m.f.d Eshkabilov Yusup Xalbaevich mudirlik qilmoqda.

Funktsional analiz kafedrasining asoschisi mashhur matematik olim, akademik, davlat arbobi Toshmuhammad Alievich  Sarimsoqovdir.

Toshmuhammad Alievich Sarimsoqov ehtimollar nazariyasi masalalarini funktsional analiz metodlari bilan o'rganishga, shuningdek, matematikaning tadbiqiy masalalariga ham katta e'tibor qaratdi. Xususan metereologiyadagi ilmiy ishlari uchun T.A.Sarimsoqov Davlat mukofotiga sazovor bo'ldi. U hozirgi zamon matematikasining yangi ilmiy yo'nalishlaridan biri - yarim maydonlar nazariyasiga asos soldi va funktsional analiz Toshkent maktabini yaratdi. Bu yo'nalishdagi ilmiy tadqiqotlari uchun olim 1968 va 1994 yillarda Abu Rayhon Beruniy nomidagi O'zbekiston Davlat mukofotining sovrindori bo'ldi. 1990 yilda unga Mehnat qaxramoni unvoni berildi.

T.A.Sarimsoqovning  «Topologik Bul algebralari» monografiyasi AQShda chop etildi.

Ehtimollar nazariyasini o'rganishga algebraik yondashuv qoyasi T.A.Sarimsoqovning keyingi ishlarida va shogirdlari ishlarida o'z rivojini topdi. Nokommutativ(kvant) ehtimollar nazariyasining algebraik bayoni berildi. hozirgi kunda akademik Sh.A.Ayupov, professorlar V.I.Chilin, R.N.Ganixo'jaev va ularning shogirdlari  tomonidan operatorlar algebralari nazariyasi va uning tatbiqlari, simmetrik fazolar nazariyasi, kvadratik operatorlar nazariyasi bo'yicha sermahsul ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu yo'nalishlar bo'yicha erishilgan ilmiy va amaliy natijalar, yutuqlar uchun maktab vakillari bir necha bor Davlat mukofotlariga sazovor bo'lishgan. Ko'plab xalqaro ilmiy anjumanlar va konferentsiyalar ular tashabbusi bilan o'tkazilgan.

Algebra va sonlar nazariyasi kafedrasi 1956 yilda professor N.P.Romanov tashabbusi bilan tashkil etilgan va dastlabki yillarda kafedrada multiplikativ funktsiyalar va trigonometrik qatorlar bo'yicha tadqiqotlar olib borilgan bo'lib, 70-yillardan boshlab bunga T.M.Zuparov va uning shogirdlarining additiv masalalar va Diofant yaqinlashishlari metrik nazariyasi bo'yicha ishlari qo'shildi.

Keyinchalik “Invariantlar nazariyasi va uning tadbiqlari” mavzusida ilmiy izlanishlar olib borildi. Bu mavzu bo'yicha akademik J.Hojiev va uning shogirdlari tomonidan ba'zi gruppalarning vektor fazolardagi tasvirlari uchun yopiqmas orbitalarning tasnifiga, invariantlar algebrasining chekli hosil qilinganligi haqidagi Gilbertning 14 - muammosiga bog’liq  masalalar, invariantlar algebralarining ideallari va boshqa masalalarni o'rganishga bag’ishlangan qator natijalar olindi.

“Algebra va funktsional analiz” kafedrasida hozirgi kunda zamonaviy algebraning muhim yo'nalishlaridan hisoblangan noassotsiativ algebralarning strukturaviy nazariyasi akademik Sh.A.Ayupov rahbarligida o'rganilmoqda.

 Ispaniya, Germaniya, Rossiya, Qozog’iston ilmiy markazlari akademik Sh.A.Ayupov asos solgan operator algebralari va uning tadbiqlari ilmiy maktabida olingan natijalarni yuqori baholab,  ular bilan doimiy hamkorlikda izlanishlar olib bormoqdalar.

2003 yilda O'zbekiston olimlari ichida birinchi bo'lib Sh.A.Ayupov Rivojlanayotgan Dunyo Fanlar Akademiyasi (TWAS)ga haqiqiy a'zo etib saylandi.

Kafedra professorlari Chilin V.I. G’anixo'jaev R.N.  Muminov Q.Q. va  Eshkabilov Yu.X. funktsional ustivor yo'nalishlari bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.  Chilin V.I. tamonidan  taritiblangan Ber involyutiv algebralar nazariyasi qurilgan.  G’anixo'jaev R.N.  kvadratik stoxastik operatorlar traektoriyalarini o'rganish metodlarini ishlab chiqdi.  Eshkabilov Yu.X. tomonidan o'z-o'ziga qo'shma xususiy integral operatorlar spektral xossalarini o'rganish metodlari ishlab chiqilgan.

 

Fizika-matematika fanlari doktori, Eshkabilov Yusup Xalbaevich  2012 yil 3 sentyabrdan algebra va funktsional analiz kafedrasi mudiri lavozimiga tayinlangan.

Eshkabilov Yusup Xalbaevich  , 1962 yil tug’ilgan, millati o'zbek.

1984 yil Toshkent Davlat Universitetining matematika fakultetini matematika ixtisosligi bo'yicha tamomlagan.

1997 yilda  01.01.03  «Matematik fizika» ixtisosligi bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan.

1989-1992 y.y. - Toshkent Davlat universiteti aspiranti.

2010 yilda 01.01.01  «Matematik analiz» ixtisosligi bo'yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.

1992-1994 y.y. - Toshent Davlat universiteti  mexanika-matematika fakulteti funktsional analiz kafedrasi assistenti.

1994-1997 yy. - Toshkent Davlat universiteti  mexanika-matematika fakulteti ilmiy xodimi.

1997-1998 yy. - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligi mexanizatsiyalash  injenerlari instituti  Hisoblash matematikasi va matematik modellashtirish  kafedrasi assistenti.

1998-2002 yy. - Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligi mexanizatsiyalash  injenerlari instituti   informatika  va axborot texnologiyalari kafedrasida dotsent vazifasini bajaruvchi.

002-2005 yy. - O'zbekiston Milliy universitetida matematik analiz mutaxassisligi bo'yicha kunduzgi bo'lim doktoranti.

2005-2006 yy. - O'zbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti algebra va fuktsional analiz kafedrasida dotsent vazifasini bajaruvchi.

2006-2008 yy. - O'zbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti o'quv ishlari bo'yicha dekan muovini.

2008 -2012 yy. - O'zbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti algebra va funktsional analiz kafedrasida dotsent.

2012 yildan hozirgi vaqtgacha O'zbekiston Milliy universiteti mexanika-matematika fakulteti algebra va funktsional analiz kafedrasi mudiri.

Yu.X. Eshkabilov bakalavriatning matematika ta'lim yo'nalishi talabalariga Funktsional analiz fanidan hamda  Chiziqli operatorlar spektral nazariyasi masus kursidan, magistrantlar uchun Funktsional analizning tanlangan boblari fanlaridan ma'ruzalar o'qib kelmoqda. Zamonaviy algebraning dolzarb muammolari (rahbar-akad.Sh.A.Ayupov)  va Funktsional analiz va uning tadbiqlari(rahbar prof. V.I. Chilin) ilmiy seminarlarning faol qatnashchisi.

Yu.X. Eshkabilov Fan va texnologiyalar markazi tomonidan mablag` bilan ta'minlangan grant mavzusi ilmiy guruxi a'zosi.

Yu.X. Eshkabilov mexanika-matematika fakulteti Ilmiy kengashining a'zosi.

Eshkabilov Yusup Xalbaevich tomonidan “Lebeg integrali”(2012 y.) o'quv qo'llanmasi chop etilgan.

Yu.X. Eshkabilov integral operatorlar spektral nazariyasi oid dolzarb masalalar bilan shug`ullanib kelmoqda. Yu.X. Eshkabilov tomonidan o'z-o'ziga ho'shma xususiy integral operatorlar spektral xossalarini o'rganish metodlari ishlab chiqilgan (qarang: Theor.   and  Math.  Phys.,  2006, 149(2) , pp. 1497-1511; Centr. Eur. J. of Math., 2008, v. 6,  № 1, rp. 149-157; Siberian Edvances  in Mathematics,  2009(19), num.4, pp. 233-244). Olingan ilmiy natijalar diskret Shredinger operatorlar diskret va muhim spektrlarini tadqiq etishga tadbiq etilmoqda (qarang: Theor. and Math.Phys., 2010, 164(1), pp.896-904; Theor. and Math. Phys., 170(3), pp. 341-353, 2012 ).