O'zMU » Ma'lumotlar » Fizika fakulteti haqida

Universitet tashkil etilgan dastlabki yillardayoq fizika fanini o`rganishga asos solingan bo`lib, fizika-matematika fakulteti tarkibida fizika, astronomiya, mexanika, geofizika yo`nalishlarida talabalarga ta`limi bo`yicha tahsil berish bilan bir qatorda fizikaning turli sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilgan. O`rta Osiy Davlat universiteti rektorining 1959 yil 20 iyundagi 276-sonli buyrug`iga asosan fizika-matematika fakulteti ikkita alohida fakultetga ajralib, 1959 yildan boshlab, fizika fakulteti mustaqil faoliyat ko`rsata boshladi.

Fizika fakultetining hozirgi istiqbolida unga rahbarlik qilgan taniqli olim va mutaxassislarning mehnatlari beqiyosdir. Bular fakultet dekanlari: prof. V.A. Djordjio (1959-1964), dots. B.G. Smirnov (1964-1967), prof. R.X. Mallin (1967-1972), akad. A.A.Abdurazzakov (1972-1980), dots. A.A. Adilov (1980-1991), akad. K.M. Mukimov (1991-1992), prof. S.Z. Zaynobiddinov (1992-1996), prof. A.T. Mirzaev (1996-1997), dots. A.S. Raxmatov (1997-2004), prof. O.O. Mamatkarimov (2004-2009), dots. B.X.Eshchanov (2009 yildan).

Fizika fakultetida faoliyat ko`rsatgan taniqli olimlar akad. S.A. Azimov – yadro fizikasi va kosmik nurlar fizikasi; akad. U.O. Oripov – fizikaviy elektronika, prof. V.A. Djordjio – Atmosfera fizikasi, akad. P.K. Xabibullaev, dots. B.M. Nosenko - optika va spektroskopiya, prof. E.N. Nazirov - fizikani o`qitish uslubi va tarixi, akad. M.M. Musaxanov - nazariy fizika, prof. A.T.Teshaboev - yarimo`tkazgichlar fizikasi, akad. S.R. Rashidova - polimerlar fizikasi, prof. A.T. Mirzaev – kvant radiofizikasi, prof. S.N. Nuritdinov - Astronomiya va astrofizika sohalarida o`ziga xos ilmiy maktablarini yaratganlar.

Hozirgi kunda fizika fakultetida:

  • Astronomiya va atmosfera fizikasi;
  • Optika va lazerli fizika;
  • Umumiy fizika;
  • Fizikaviy elektronika;
  • Yadro va nazariy fizika;
  • Yarimo’tkazgichlar va polimerlar fizikasi kafedralari faoliyat korsatayotgan bo’lib, o’quv jarayoniga ushbu kafedralarning 63 nafar professor- o`qituvchilari, shu jumladan, 3 ta O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklari, 15 ta fan doktori va professorlar, 39 ta fan nomzodlari va dotsentlar jalb etilgan. Ayni paytda fakultetda 2 ta ta`lim yo`nalishida bakalavr va 8 ta mutaxassislik bo`yicha magistr tayyorlanmoqda. Bundan tashqari fakultetda katta illmiy xodim-izlanuvchilik instituti mavjud.

O`qyv jarayonini ko`rgazmali qurollar, yangi pedagogik va axborot texnologiyalari yordamida olib borishga katta e`tibor qaratilgan bo`lib, fakultetda zamonaviy texnika vositalari bilan jixozlangan maxsus ma`ruza zallari, “Ochiq ma`ruza” trening, seminar mashg`ulot xonasi tashkil etilgan.

Talabalar o`quv, malakaviy amaliyotlarni va magistrlik dissertatsiyalari hamda bitiruv malakaviy ishlarini bajarishni yuqori saviyada tashkil qilish maqsadida ular muntazam ravishda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Ion plazmali va lazerli yexnologoyalar instituti, Astronomiya instituti,  Yadro fizikasi instituti, “Fizika Quyosh” IIChB Fizika-texnika instituti, Polimerlar fizikasi va kimyosi instituti va Fanlar Akademiyasining boshqa tarmoq institutlari hamda “Foton”, “Fonon”, “Akademasbob” maxsus konstruktorlik byurosining zamonaviy moddiy-texnika bazalariga ega bo`lgan ilmiy laboratoriyalarga yuborilmoqdalar.

Fizika fakulteti axborot resurs markazi 100000 dan ziyod adabiyotlar fondiga ega bo`lib, bugungi kun talablaridan kelib chiqib jihozlangan. 80 o`rinli o`quv zali va jurnallarning “Ochiq fondi” tashkil etilgan. Mustaqillik yillarida fakultet professor-o`qituvchilari tomonidan 400 dan ortiq o`quv adabiyotlari, 50 ga yaqin yangi laboratoriya ishlari yaratilib, o`quv jarayonida foydalanilyapti.

Fakultetda ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkillashtirish va olib borish yuqori saviyada yo’lga qoyilgan. Keyingi besh yil mobaynida xalqaro va respublika miqyosida grantlar tanlovlarida ishtirok etish keskin ko`paydi. Fizika fakulteti professor-o`qituvchilar tomonidan 10 dan ziyod xalqaro va respublika miqyosidagi grant, ilmiy mavzu va xo`jalik shartnomalari bajarilmoqda. Bir qator oliy o`quv yurtlarining turdosh kafedralariga yuqori malakali kadrlar tayyorlash, o`qituvchilarning malakasini oshirish va o`quv adabiyotlar bilan ta`minlash borasida ham amaliy yordamlar berilmoqda. 1991-2012 yillar davomida fakultet bazasida va professor o`qituvchilari rahbarligida 21 ta fan doktori va 60 dan ortiq fan nomzodi tayyorlandi.

Bugungi kunda fakultet jamoasi xorijiy mamlakatlarning juda ko`plab universitet va institutlari bilan hamkorlikda ishlar olib bormoqda. Jumladan, Ukrainaning Kiev Milliy universiteti, Xarkov universiteti, Xarkov fizika instituti, Rossiyaning Sankt-Peterburg Optika va Mexanika universiteti, Janubiy Koreyaning Pusan universiteti va Chunxay Milliy universiteti, Germaniyaning Potsdam universiteti, Belgrad Astronomiya observatoriyasi va Radioastronomiya instituti, Moskva Davlat universiteti, Moskva viloyatining Dubna shahridagi xalqaro Birlashgan Yadro tadqiqot instituti (BYaTI), Germaniyaning Mayns, Bern universitetlari, Moskva Energetika instituti, A.F. Ioffe nomidagi fizika-texnika instituti (Sankt-Peterburg), Materialshunoslik muammolari instituti (Ukraina), Fizika va ximiya instituti (Urumchi, Xitoy) kabi yetakchi institut va universitetlar olimlari bilan o`quv uslubi, ilmiy-tadqiqot sohalarda hamkorlik qilinmoqda.

Fizika fakultetining bitiruvchi mutaxassislariga iste`molchilarda talab katta bo`lib, ularning ko`pchiligi O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining institutlarida, tibbiyot sohasining diagnostika markazlarida, Mudofaa vazirligiga tegishli tashkilotlarda, Markaziy geologiya laboratoriyalarida, Oliy o`quv yurtlarida, akademik litsey va kasb - hunar kollejlarida hamda xalq xo’jaligining tarmoq korxonalarida faoliyat ko`rsatmoqdalar.

 

Fakultet saytiga o'tish

 

2015-2016-yil talabalar  stipendiyasi miqdori

 

2015-2016-yil talabaning 1 yillik o'qitish miqdori