O'zMU » Ma'lumotlar » Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo'limi

“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”da ta'lim va tarbiyaning uzviy bog'liqligi hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta'limning eng yuqori darajasi, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish uzluksiz ta'limni tashkil etish va rivojlantirishning asosiy printsiplari sifatida alohida ko'rsatib o'tilgan. Shuning uchun ham, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 martdagi 07/02-1-6-sonli topshirig'i asosida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston milliy universitetida Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo'yicha prorektor lavozimi hamda “Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo'limi” tashkil etildi.

Bu tizimdan ko'zlangan asosiy maqsad – avvalo, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini takomillashtirish, uzluksiz ta'limning o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, oliy ta'lim, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim hamda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi amalda faoliyat ko'rsatadi. ta'lim-tarbiya, o'quv-uslubiy jarayonlari adabiyotlar axborot ta'minoti sifatini oshirish hamda pedagog kadrlar bilan ta'minlanishi va ularning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan. Bunda universitet o'z oldiga o'quv fanlarini mutaxasisligi va malakasiga xos o'qituvchilar bilan ta'minlash, o'quv adabiyotlari hamda kafedralarning o'quv uslubiy ishlanmalaridan o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limida foydalanish uchun imkoniyatlarni yaratish, hamkorlikda o'quv adabiyoti, uslubiy qo'llanmalar, pedagogik texnologiyalar yaratish hamda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim muassasalarida ta'lim sifatini oshirishga oliy ta'lim muassasalar professor-o'qituvchilarining salohiyatini jalb etish kabi vazifalarni belgilagan.

Bugungi kunda O'zbekiston milliy universiteti qoshida 2 ta o'rta maktab, 3 ta Akademik litsey faoliyat ko'rsatadi. Shuningdek, O'zMUga biriktirilgan  Toshkent shahridan 2 ta,  Toshkent viloyatidan  9 ta akademik litsey va Qashqadaryo viloyatidan 20 ta KHK bilan ham o'zaro yordam hamkorlik shartnomalari tuzilgan.  Mazkur ta'lim muassasalarida ta'limning uzviyligi va uzluksizligini ta'minlashga qaratilgan hamkorlik ishlari quyidagi yo'nalishlarda amalga oshiriladi:

- O'zMU qoshidagi akademik litseylar bilan hamkorlik;

- shartnoma asosida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik;

- shartnoma asosida o'rta maktablar bilan hamkorlik;

- O'MKHTM o'qituvchilarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash.

Jumladan, universitet qoshidagi akademik litseylar bilan hamkorlik ishlari quyidagi yo'nalishlar bo'yicha amalga oshiriladi:

Tashkiliy-boshqaruv ishlar bo'yicha – Akademik litseyning o'quv jarayoniga universitetning 46 ta professor-o'qituvchilari jalb qilindi. Bu ko'rsatkich oldingi o'quv yiliga nisbatan 52 foizga oshgan. Shuningdek, universitetning 24 professor-o'qituvchilari o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limida Davlat bitiruv imtihonlarida ishtirok etdilar.

O'quv-metodik ishlar bo'yicha – Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan 2009-2010 o'quv yilida 47 ta, 2010-2011 o'quv yilida 83 ta shartnoma qayd etilgan bo'lsa, bu ko'rsatkich joriy o'quv yiliga kelib 147 ta tashkil etdi. Bugungi kunda universitet 22 ta o'rta maktab hamkorlik shartnomasi imzolagan. Ularda universitetning bakalavr ta'lim yo'nalishida tahsil oladigan  4-bosqich talabalari  pedagogik amaliyotni o'tadi.

Bundan tashqari, O'zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi o'quv adabiyotlarni yaratish bo'yicha Hukumat komissiyasining bayonnomasiga binoan 2012 yil O'zMUga kasb-hunar kollejlariga mo'ljallangan maxsus fanlardan jami 38 ta nomdagi o'quv adabiyoti yaratilgan bo'lib, 2011-2012 o'quv yiliga 5ta o'quv adabiyoti tayyorlanib o'rta maxsus tizimiga etkazilib berildi va hozirgi kunda ulardan 4 tasi Muvofiqlashtiruvchi kengashga topshirilish arafasida. Kollejlar uchun maxsus fanlardan 17 ta namunaviy dastur ishlab chiqildi. Rejadan tashqari 13 turdagi o'quv-metodik adabiyotlar o'rta maxsus, kasb-hunar o'quv yurtlariga topshirildi. Akademik litsey o'qituvchilarini malakasini oshirish rejasi ishlab chiqildi va amalga tadbiq qilinmoqda.

Universitet axborot texnologiyalari markazi tomonidan akademik litsey pedagoglarining o'quv fanlaridan elektron ta'lim resurslarini va prezentatsiya materiallarini yaratishlarida amaliy yordam ko'rsatish ishlari amalga oshirildi.

Ilmiy-tadqiqot ishlar bo'yicha – universitet professor-o'qituvchilariga 20 nafar akademik litsey o'qituvchilari ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun biriktirilgan. Joriy o'quv yilida O'zMU professor-o'qituvchilari bilan hamkorlikda 150 dan ortiq ilmiy ishlar amalga oshirilgan, jumladan; ilmiy maqolalar 96 tani, tezislar 11tani, taqrizlar 50tani tashkil etgan.

2011-2012 o'quv yilida respublikamiz akademik litseylarida tahsil olayotgan talabalar o'rtasida olimpiada tashkil etilib, unda 5 nafar o'quvchimiz sovrindorlar qatoridan joy olishdi. 2011- yilda Sirojiddinov nomli akademik litsey talabasi Berdikobilov Jasur Gollandiyada bo'lib o'tgan halqaro olimpiadada 1 - sovrinli o'rin egalladi. 2012 – yilda xalqaro miqyosida kimyo fanidan Qozog'istonning Almati  shahrida o'tkazilgan  olimpiadada ham S.X.Sirojidinov nomli akademik litseyning talabalari quyidagi sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritishdi:  Olmosov Ravshan – kumush, Xolikova Azizi – bronza, Safarova Zebiniso – 4- o'rin. Barcha olimpiada qatnashchilari O'zMU rahbariyati tomonidan  fahriy yorliq va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Shu bilan birgalikda akademik litsey talabalari orasidan iqtidorlilari saralanib olingan holda universitet negizida “Yosh ilmiy markaz” tashkil etildi.

Keyingi besh yilda O'zbekiston Milliy universiteti bilan O'MKHTMning 30 dan ziyod muassasalari ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari tuzildi, 2 ta akademik litseyda universitet kafedralarining filiallari tashkil etildi, 8 ta darslik yaratildi; 44 ta o'quv qo'llanmalar tayyorlandi; 18 ta elektron darslik va qo'llanmalar ishlab chiqildi; 101 ta professor-o'qituvchi Akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga jalb etildi; o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limining  38 ta o'qituvchisi ilmiy tadqiqot ishlariga jalb etildi; 24 ta Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari universitet kafedralari laboratoriya bazalaridan foydalanmoqda

Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha – o'tgan 2011-2012 o'quv yilida O'zMU va uning qoshidagi akdemik litseylar bilan 130 dan ziyod tadbirlar o'tkazildi. Ularda O'zMUning rahbariyati hamda professor-o'qituvchilari faol ishtirok etdilar.

Misol tariqasida, 2012 yil 13 dekabrda universitet professor-o'qituvchilari hamkorligida Zangiota  AL 3-bosqich talabalarini ona-tili, adabiyot, matematika, ingliz tili va tarix fanlaridan bilim samaradorligi hamda o'zlashtirish ko'rsatkichlarini aniqlash maqsadida test tashkil etildi.

2012 yil 18 dekabrda soat 14-00da O'zMU Madaniyat saroyida O'zMU qoshidagi akademik litsey talabalari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-yilligiga bag'ishlangan “Siz konstitutsiyani bilasizmi?” mavzuida akademik litseylar o'rtasida musobaqa bo'lib o'tadi.

2012-2013 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 28 maydagi “Malakali pedagog kadrlar tayyorlash hamda o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini shunday kadrlar bilan ta'minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida” gi PK-1761-son qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari pedagog kadrlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarini qo'llash asosida ilg'or pedagogik texnologiyalarni egallashlari uchun sharoitlar yaratish, ularda interfaol ta'lim uslublarini o'quv jarayoniga joriy etish bo'yicha to'plangan ilg'or tajribalarni ommalashtirish rejalashtirilgan.