O'zMU » Ma'lumotlar » Qaror

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o'tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida
(O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2013 y., 1-son, 5-modda)


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o'tkazish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida» 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini va Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Quyidagilar:

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limga qo'yiladigan davlat talablari 1-ilovaga muvofiq;

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim to'g'risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi apparatining xodimlarning cheklangan umumiy soni 20 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari soni 16 nafar bo'lgan tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi to'g'risidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;

oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim to'g'risidagi hujjatlarning — fan doktori diplomining, shuningdek professor, dotsent va katta ilmiy xodim attestatlarining davlat namunalari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Fan doktori ilmiy darajasini berish bo'yicha ilmiy kengash to'g'risidagi nizom, Fan doktori ilmiy darajasini berish tartibi to'g'risidagi nizom hamda Ilmiy unvonlar berish tartibi to'g'risidagi nizom ishlab chiqilganligi va belgilangan tartibda tasdiqlanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

3. Belgilab qo'yilsinki, ilmiy darajasi mavjudligi uchun lavozim maoshlariga qo'shimcha haq va boshqa ustamalar 2013 yil 1 yanvardan boshlab to'lanmaydi.

4. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosatining shaxsiy tarkibini tasdiqlasin.

5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirishlar va qo'shimchalar to'g'risida takliflar kiritsinlar.

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tarkibida oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o'z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoev zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh., 2012 yil 28 dekabr, 365-son

Manba: lex.uz