O'zMU » Ma'lumotlar » Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-son qaroriga 1-ILOVA

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limga qo'yiladigan

DAVLAT TALABLARI

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limga qo'yiladigan davlat talablari (keyingi o'rinlarda Davlat talablari deb ataladi) «Ta'lim to'g'risida»gi va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o'tkazish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida» 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-son Farmoniga hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Uzluksiz ta'lim tizimi uchun davlat ta'lim standartlarini ishlab chiqish va joriy etish to'g'risida» 1998 yil 5 yanvardagi 5-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan va oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim tizimiga majburiy talablarni belgilaydi.

2. Davlat talablari barcha oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun majburiydir.

3. Davlat talablariga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollaridan, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor istiqbolli yo'nalishlaridan, yangi axborot va pedagogika texnologiyalarini joriy etishdan, shuningdek oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasidagi jahon yutuqlari va tendentsiyalaridan kelib chiqqan holda tuzatishlar kiritilishi va qo'shimchalar qo'shilishi mumkin.

4. Ushbu Davlat talablarida quyidagi ta'riflar qo'llaniladi:

oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim — jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashga yo'naltirilgan uzluksiz ta'lim turi;

katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti — ishlab chiqarishdan bo'shagan holda mutaxassislikni chuqur o'rganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo'yicha fan doktori darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklar bo'yicha oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim shakli;

mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan bo'shamagan holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o'rganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar bo'yicha fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar bo'yicha oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim shakli;

katta ilmiy xodim-izlanuvchi — oliy ta'lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimiga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;

mustaqil izlanuvchi — oliy ta'lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs.

II. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlarida o'qitish shakllari va muddatlari, ularga qabul qilish

5. Oliy o'quv yurtidan keyingi uch yilgacha davom etadigan o'qish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti;

mustaqil izlanuvchilik.

6. Davlat byudjeti mablag'lari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlariga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar lavozimiga qabul qilish oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkil etadigan maxsus komissiyalar tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlarida o'qishga talabgorlarni tanlab olish kirish imtihonlari natijalariga ko'ra, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

7. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlariga xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni qabul qilish qonun hujjatlariga va (yoki) O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq to'lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

III. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlariga kiruvchi talabgorlarga qo'yiladigan talablar

8. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutiga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar sifatida kiruvchi shaxslar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

kamida ikki yillik ilmiy yoki ilmiy-pedagogik ish stajiga ega bo'lish;

oliy ta'lim muassasasi magistraturasi diplomiga yoki unga teng bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi va O'zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati oliy ta'lim muassasalari diplomiga yoxud fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki magistr darajasi joriy etilgungacha olingan oliy ma'lumot to'g'risidagi diplomga ega bo'lish;

ilmiy izlanishlar va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish layoqatiga ega bo'lish;

muayyan ilmiy natijalarga, shu jumladan ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga va ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to'plamlarida, tegishli ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ilmiy ishlar to'plamlarida fan doktori ilmiy darajasi olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo'lgan ikkita tezisga ega bo'lish;

xorijiy tilni magistratura bitiruvchisining tegishli darajasida bilish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Internetdan foydalana olish.

9. Mustaqil izlanuvchilar sifatida rasmiylashtiriladigan shaxslar quyidagi talablarga muvofiq bo'lishi kerak:

kamida besh yillik amaliy ish stajiga ega bo'lish;

bakalavr yoki magistr diplomiga yoxud O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasi yoki Milliy xavfsizlik xizmati oliy harbiy ta'lim muassasalari diplomiga yoxud fan nomzodi ilmiy darajasiga yoki magistr darajasi joriy etilgungacha olingan oliy ma'lumot to'g'risidagi diplomga ega bo'lish;

ilmiy izlanishlar va ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish layoqatiga ega bo'lish;

muayyan ilmiy yutuqlarga, fan doktori darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil etishi mumkin bo'lgan (ilmiy jurnallar va nashrlarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga, ilmiy, ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to'plamlarida, tegishli ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ilmiy ishlar to'plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo'lish, va/yoki tegishli ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ixtiroga yoki selektsiya yutug'iga bitta yoki undan ko'p patentga muallif (hammuallif) bo'lish va/yoki tegishli ilmiy yo'nalishlar bo'yicha ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashganlik;

xorijiy tilni magistratura bitiruvchisining tegishli darajasida bilish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, shu jumladan Internetdan foydalana olish.

10. Oliy o'quv yurtlaridan keyingi ta'lim institutiga qabul qilinadigan bakalavr, magistr va fan nomzodi ixtisosligi yo'nalishi oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim ixtisosligi mansub bo'lgan fan sohasiga muvofiq bo'lishi kerak. Ixtisosliklar muvofiq bo'lmaganda yoki oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limni fanning turdosh sohalarida olish rejalashtirilgan hollarda talabgorlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi hamda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi tomonidan belgilanadigan tartibda qo'shimcha imtihonlar topshirishi kerak.

IV. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlarida o'qishni tashkil etish

11. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar o'qishning birinchi yilida tanlangan mutaxassislik bo'yicha nazariy va metodologik dasturni o'zlashtiradilar.

Mutaxassisliklar bo'yicha nazariy-metodik dasturlar katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning ilmiy maslahatchilari tomonidan ishlab chiqiladi hamda oliy ta'lim muassasalari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Nazariy-metodik dastur umumiy kontseptsiyani va metodologiya masalalarini, nazariy asoslarni hamda ushbu fan bo'yicha ilmiy tadqiqotlar usullarini o'z ichiga olishi shart.

O'qishning keyingi yillarida katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning maxsus bilimlarini oshirish maqsadida oliy ta'lim muassasalari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy kengashlari tomonidan fan sohalariga ko'ra Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan belgilanadigan fanlar bo'yicha malaka o'quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Malaka o'quv dasturlari katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar tomonidan mustaqil ravishda o'zlashtiriladi.

Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar uchun nazariy va ilmiy-tadqiqot ishlari bo'yicha yuklama hajmi haftasiga 36 soatni tashkil qiladi, ulardan 12 soatdan ortiq bo'lmagan yuklama auditoriya mashg'ulotlariga ajratiladi. Mustaqil izlanuvchilar uchun o'quv yuklamasi hajmi haftasiga 12 soatni tashkil qiladi, ulardan — 4 soatdan ortiq bo'lmagan yuklama auditoriya mashg'ulotlari uchun ajratiladi.

12. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning va mustaqil izlanuvchilarning sifatli tayyorlanishini ta'minlash, shuningdek ularga ilmiy va o'quv-metodik yordam ko'rsatish maqsadida ular faol ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib boruvchi, shu jumladan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirishda qatnashuvchi fan doktorlari jumlasidan konsultantlarga birkitiladi.

13. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgungacha:

O'zbekistonning yangi tarixi, chet tili, shuningdek fan sohalariga ko'ra Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan aniqlanadigan fanlar bo'yicha imtihon topshirishi;

dissertatsiya natijalarining xalqaro va respublika ilmiy va ilmiy-amaliy konferentsiyalarida, seminarlarida va davra suhbatlarida aprobatsiya (muhokama) qilinishini ta'minlashi, shuningdek dissertatsiyasining asosiy natijalarini aks ettiradigan, soni Oliy attestatsiya komissiyasi talablariga muvofiq bo'lgan chop etilgan ilmiy maqolalarga ega bo'lishi kerak.

katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilgungacha, shuningdek o'qishning butun davri davomida ta'lim muassasalarida kamida 300 soat hajmida pedagogik ish tajribasiga ega bo'lishi kerak.

14. Dissertatsiyani rasmiylashtirish va uni himoya qilish katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchi tanlovi bo'yicha o'zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoxud Oliy attestatsiya komissiyasi bilan kelishgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.

V. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga qo'yiladigan umumiy malaka talablari

15. Quyidagilar oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar (fan doktorlari) tayyorgarligining zarur va etarli darajasini ta'minlaydigan asosiy talablar hisoblanadi:

fan va texnika rivojlanishiga, muhim ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo'lgan ilmiy muammoni hal etishga yoxud fanning tegishli tarmog'ida istiqbolli yo'nalishni rivojlantirishda yangi yirik yutuq, joriy etilishi fan va texnika rivojlanishiga muhim hissa qo'shadigan ilmiy asoslangan texnik, iqtisodiy yoki texnologik echimlarga ulushni ta'minlaydigan ixtirolarga va selektsiya yutuqlariga muallif (hammuallif) bo'lish;

fanning tegishli sohasi rivojlanishi kontseptsiyasining mohiyati va mazmunini chuqur bilish, mutaxassislik bo'yicha asosiy bilimlarni puxta egallash, maqsad va vazifalarni, fan va texnikani rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlarini bilish va tushunish;

tadqiqotlarning umumilmiy va aniq tarmoq metodologiyasini egallash, muammoni malakali aniqlash va asoslash, ilmiy ma'lumotlar va materiallarni tahlil qilish, tizimlashtirish va umumlashtirish, zaruriyat bo'lganda eksperimental tadqiqotlar olib borish qobiliyatiga ega bo'lish;

tadqiqotlar natijalariga asoslanib muammoning mohiyatini bilimdonlik bilan bayon qilish, ilmiy xulosalar va tavsiyalarni aniq va lo'nda shakllantirish;

ilmiy natijalarni amaliyotga joriy etish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida jahon fan va texnikasi rivojlanishining zamonaviy tendentsiyalari to'g'risidagi axborotlarni maqsadli izlash va ularning natijalarini puxta ishlash qobiliyatiga ega bo'lish;

tegishli davlat, tarmoq ilmiy-texnika dasturlari va boshqa tadbirlar loyihalarini ishlab chiqishda, ularning monitoringini olib borishda va ularni amalga oshirishda faol qatnashish;

bakalavrlar va magistrlar tayyorlash bo'yicha pedagogik faoliyatda faol qatnashish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini o'quv jarayoniga joriy etishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish.

16. Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya yuqori malakali ilmiy ish bo'lishi, unda muallif tomonidan o'tkazilgan tadqiqotlar va yaratilgan ishlanmalar asosida muhim ijtimoiy-iqtisodiy va dolzarb ilmiy yoki amaliy muammolar hal etilishi yoki ilm-fan tegishli tarmog'ining istiqbolli yo'nalishini rivojlantirish uchun muayyan yutuq sifatida baholanadigan yangi nazariy qoidalar kompleksi ishlab chiqilgan bo'lishi yoki joriy etilishi ilm-fanning, texnikaning, ijtimoiy-siyosiy sohaning yoki iqtisodiyot tarmog'ining rivojlanishiga salmoqli hissa qo'shadigan echimlar ishlab chiqilgan bo'lishi kerak.

 

Manba: lex.uz