O'zMU » Ma'lumotlar » Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi 365-son qaroriga 2-ILOVA

Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim to'g'risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o'tkazish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida» 2012 yil 24 iyuldagi PF–4456-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limni tashkil etish tartibini belgilaydi.

2. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim ushbu Nizomga muvofiq katta ilmiy xodimlar va uch yilgacha muddat mobaynida mustaqil izlanuvchilik instituti shaklida amalga oshiriladi.

3. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlari fan va texnikaning muhim tarmoqlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek fan va texnikaning ustuvor yo'nalishlarida fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish, davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish maqsadida etakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida ochiladi.

4. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlarida o'qish davlat byudjeti mablag'lari hisobiga va to'lov-kontrakt asosida (xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar uchun) amalga oshiriladi.

5. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutiga qabul qilinayotgan bakalavr mutaxassisligi yo'nalishi, magistr va fan nomzodi mutaxassisligi oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim mutaxassisligi tegishli bo'lgan fan sohasiga muvofiq bo'lishi kerak. Mutaxassisliklar mos kelmaganda yoki oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limni fanning turdosh sohalarida olish rejalashtirilgan hollarda talabgorlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ning ruxsatini olishlari kerak.

Doktorlik dissertatsiyasini rasmiylashtirish va uni himoya qilish katta ilmiy xodim-izlanuvchi yoki mustaqil izlanuvchining tanloviga ko'ra o'zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoxud OAK bilan kelishgan holda boshqa tilda amalga oshiriladi.

 

II. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limning tashkiliy asoslari

6. Oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligiga, Fanlar akademiyasiga yoki o'zlari tizimiga kiradigan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutini ochishning maqsadga muvofiqligi to'g'risida murojaat qiladi.

Murojaat bilan birgalikda oliy ta'lim muassasasi kengashining yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashining tegishli qarori, shuningdek ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl bo'yicha katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti ochilishi rejalashtirilgan mutaxassisliklar bo'yicha tadqiqot olib boruvchi fan doktorlari to'g'risidagi kadrlar bo'limi tomonidan tasdiqlangan ma'lumotlar taqdim etiladi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasi tasarrufida bo'lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar murojaat tushgan va barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutini ochish yoki ochishni rad etish to'g'risida qaror qabul qiladilar. Qabul qilingan qaror o'n kun muddatda tegishli oliy ta'lim muassasasiga va ilmiy-tadqiqot muassasasiga yuboriladi. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutini ochish to'g'risidagi ijobiy qarorning nusxasi axborot uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasiga ham yuboriladi.

Mustaqil izlanuvchilik instituti katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti ochilgan oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasi huzurida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, ushbu oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari tizimiga kiradigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning qarori bilan tashkil etiladi. Mustaqil izlanuvchilik institutlarini tashkil etish katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutini tashkil etish tartibi singari tartibda amalga oshiriladi (bunda tegishli mutaxassisliklar bo'yicha tadqiqot olib borayotgan fan doktorlari to'g'risidagi ma'lumotlarni takroran taqdim etish talab qilinmaydi).

7. Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi respublika oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi.

 

III. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni o'qitishni tashkil etish

8. Har yili 1 maygacha olimlar-faol ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan, shu jumladan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan fan doktorlari (keyingi o'rinlarda etakchi olimlar deb ataladi) tomonidan doktorlik dissertatsiyalarining tavsiya etiladigan mavzulari ishlab chiqiladi, mavzular oliy ta'lim muassasasi kengashida yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida ularning fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o'tkaziladi.

9. Tavsiya etiladigan doktorlik dissertatsiyalari mavzulari oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'zlari tizimiga kiradigan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishiladi, keyinchalik ushbu mavzular 15 maygacha bo'lgan muddatda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasiga taqdim etiladi.

Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi 1 iyungacha bo'lgan muddatda taqdim etilgan mavzularni ularning davlat ilmiy-texnik dasturlariga muvofiqligi yuzasidan ko'rib chiqadi, keyinchalik ularni doktorlik dissertatsiyalari mavzularining tavsiya etilayotgan ma'lumotlar bazasiga kiritadi. Tavsiya etilayotgan doktorlik dissertatsiyalari mavzularining ma'lumotlar bazasi har bir mavzu bo'yicha mavzuni ishlab chiqqan fan doktorining familiyasi, ismi, otasining ismi va ish joyi ko'rsatilgan holda Qo'mitaning Internet-sahifasida e'lon qilinadi.

Zaruriyat bo'lganda, Qo'mita bilan kelishilgan holda, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning takliflari asosida dissertatsiya ishlari mavzulari o'zgartirilishiga yo'l qo'yiladi.

10. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti shaklida oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim olish uchun talabgorlar ma'lumotlar bazasidan doktorlik dissertatsiyalari mavzularini tanlashlari, tadqiqot mavzusi bo'yicha ilmiy ma'ruzani tayyorlashlari va doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasini tayyorlashlari zarur.

Talabgorda doktorlik dissertatsiyasi mavzusi bo'yicha o'zining takliflari mavjud bo'lgan taqdirda, u tegishli oliy ta'lim muassasasi kengashiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashiga murojaat qiladi. Oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi mavzuni fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi yuzasidan bir oy muddatda ekspertizadan o'tkazadi, mavzuni tegishli ravishda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'zlari tizimiga kiradigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bilan kelishib oladi hamda katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutiga hujjatlar qabul qilish e'lon qilinishi muddatigacha kamida bir oydan kechikmasdan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasiga dissertatsiya ishi mavzusini ma'lumotlar bazasiga kiritish to'g'risida taklif yuboradilar.

11. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tasarrufida oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi bo'lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar har yili 1 iyungacha bo'lgan muddatda Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasiga keyingi yildan boshlab katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni davlat byudjet mablag'lari hisobiga o'qitish uchun qabul kvotasi bo'yicha asoslangan takliflar bilan murojaat qiladilar.

12. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar bo'yicha har yilgi qabul kvotasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi va 1 iyuldan kechikmasdan tegishli ravishda Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tasarrufida oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi bo'lgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuboriladi.

Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlar ajratilgan kvotalarni idoraviy mansub oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari va tegishli mutaxassisliklar bo'yicha taqsimlaydi. Taqsimlangan kvota tegishli oliy ta'lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot muassasalariga 1 avgustgacha bo'lgan muddatda etkaziladi.

Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi tasdiqlangan qabul kvotasi asosida O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga keyingi yilga byudjet buyurtmanomasini taqdim etadi.

13. Oliy ta'lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari qabul kvotalariga muvofiq har yili 1 sentyabrdan kechikmasdan, katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar sifatida o'qish uchun talabgorlarning hujjatlarini qabul qilish to'g'risida hujjatlarni qabul qilish muddatlarini, talab qilinadigan hujjatlar va topshiriladigan imtihonlar ro'yxatini, o'qitish haqini to'lash shartlarini (byudjetdan moliyalashtirish, to'lov-kontrakt asosida o'qitish) va boshqa zarur shartlarni ko'rsatgan holda ommaviy axborot vositalarida e'lon beradi.

Hujjatlar 15 oktyabr — 15 noyabr davrida qabul qilinadi.

14. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar sifatida o'qishga talabgorlar oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

ariza;

ma'lumotnoma;

mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;

oliy ta'lim muassasasi magistraturasi diplomi yoki O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi yoki Milliy xavfsizlik xizmati ta'lim muassasasining magistratura diplomiga tenglashtirilgan diplomi yoxud fan nomzodi diplomi yoki magistr darajasi joriy etilgunga qadar olingan oliy ma'lumot to'g'risidagi diplom nusxasi;

tadqiqot mavzusi bo'yicha e'lon qilingan ilmiy ma'ruza va doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;

ilmiy jurnallarda va nashrlarda e'lon qilingan ilmiy maqolalar (kamida uchta), ilmiy va ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar va davra suhbatlari to'plamlariga fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqotining asosini tashkil etishi mumkin bo'lgan tegishli ilmiy yo'nalishlar bo'yicha boshqa ilmiy ishlar to'plamlariga kiritilgan tezislar (kamida ikkita) ro'yxati, shuningdek ularning nusxalari;

talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyatga layoqatini aniqlash yuzasidan o'tkazilgan test sinovidan o'tganligini tasdiqlovchi OAK hujjatining nusxasi;

etakchi olimlardan birining uni ilmiy konsultant sifatida belgilash yuzasidan yozma roziligi. Bunda tavsiya etilgan mavzular bazasidan tanlab olingan mavzu bo'yicha, qoidaga ko'ra, ushbu Nizomning 8-bandiga muvofiq ushbu mavzuni taklif etgan etakchi olim ilmiy konsultant bo'lishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini taqdim etadilar.

15. Oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida rektor (direktor) raislik qiladigan qabul komissiyasi tashkil etiladi. Qabul komissiyasi a'zolari o'qitish mutaxassisliklari bo'yicha etakchi olimlardan rektor (direktor) tomonidan tayinlanadi.

16. Katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatida o'qish uchun kirayotgan shaxslar mutaxassislik, O'zbekiston tarixi, fanning bilish nazariyasi va metodologiyasi hamda falsafa, fan metodologiyasi, chet tili (ta'limning oldingi darajalarida o'rganilgan xorijiy til bo'yicha) va mutaxassislik bo'yicha kirish imtihonlari topshiradilar.

Kirish imtihonlari savollari qabul komissiyasi tomonidan mutaxassislikning mohiyatidan kelib chiqib tuziladi va ular oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Fanning tegishli yo'nalishi bo'yicha fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo'lgan talabgorlar kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadilar.

Kirish imtihonlari 1 — 20 dekabr davrida bo'lib o'tadi.

17. Qabul komissiyasi 22 dekabrgacha bo'lgan muddatda kirish imtihonlari natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib katta ilmiy xodimlar institutiga qabul qilinganlarni tanlaydi.

Bir necha talabgorlarning kirish imtihonlari natijalari bo'yicha ular tomonidan to'plangan yakuniy ballari teng bo'lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblariga;

tegishli mutaxassislik bo'yicha a'lo baholi diplomga ega bo'lganlarga;

mutaxassislik bo'yicha imtihon natijalariga ko'ra ko'p ball to'plaganlarga;

ixtiroga yoki selektsiya yutug'iga (shu jumladan hammualliflikda) patentga ega bo'lganlarga ustunlik beriladi.

18. Tanlash natijalari qabul komissiyasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va bir kun muddatda oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashining tasdiqlashi uchun kiritiladi. Bunda oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan bir vaqtning o'zida katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar institutiga kirganlarning doktorlik dissertatsiyasi mavzulari tasdiqlanadi.

Tasdiqlangan doktorlik dissertatsiyalari mavzulari «OAK Byulleteni» jurnalida e'lon qilinishi shart.

19. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni qabul qilish oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining tegishli kengashlarning tanlash natijalarini va doktorlik dessertatsiyalari mavzularini tasdiqlash to'g'risidagi qarori asosida 25 dekabrgacha chiqariladigan buyrug'i bilan amalga oshiriladi. Bunda yangidan qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar faoliyati ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq keyingi yilning 1 yanvaridan boshlanadi.

O'qishga qabul qilish to'g'risidagi buyruqda ilmiy konsultantlar ham belgilanadi.

Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni o'qishga qabul qilish va ularning tasdiqlangan mavzulari to'g'risidagi ma'lumot oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasiga, tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasiga joriy yilning 31 dekabrigacha taqdim etiladi.

20. Ilmiy konsultant bir vaqtning o'zida 3 nafardan ko'p bo'lgan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarga va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilishi mumkin emas.

21. Katta ilmiy xodim-izlanuvchi ilmiy konsultant bilan birgalikda dissertatsiya ishini tayyorlashning yakka tartibdagi rejasini ishlab chiqadi va u oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida katta ilmiy xodim-izlanuvchi o'qishga qabul qilingandan keyin bir oy muddatda tasdiqlanadi.

22. Ilmiy konsultant tanlangan mutaxassislik bo'yicha nazariy-metodologik kursning o'quv rejasini ishlab chiqadi va u ham oliy ta'lim muassasasi kengashida yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida katta ilmiy xodim-izlanuvchi o'qishga qabul qilingandan keyin bir oy muddatda tasdiqlanadi.

Nazariy-metodologik dastur metodologiyaning umumiy kontseptsiyasini va masalalarini, fan bo'yicha nazariy asoslarni va ilmiy tadqiqotlar usullarini o'z ichiga oladi. Nazariy-metodologik dastur katta ilmiy xodim-izlanuvchi tomonidan o'qishning birinchi yili mobaynida ilmiy konsultantning yordamida o'zlashtiriladi.

23. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilarning maxsus bilimlarini oshirish maqsadida o'qishning keyingi yillarida oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan fan sohalariga ko'ra OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo'yicha malaka o'quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Malaka o'quv dasturlari katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar tomonidan mustaqil o'zlashtiriladi.

24. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar uchun nazariy va ilmiy-tadqiqot ishlariga yuklama hajmi haftasiga 36 soatni tashkil etadi, undan — ko'pi bilan 12 soati auditoriya mashg'ulotlari uchun ajratilishi mumkin.

25. Katta ilmiy xodim-izlanuvchiga o'qishga qabul qilingan kundan boshlab fan nomzodi darajasiga ega bo'lgan katta ilmiy xodim lavozim maoshining bazaviy miqdoriga tenglashtirilgan miqdorda lavozim maoshi belgilanadi.

26. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish muvofiqlashtirish qo'mitasi tomonidan tasdiqlangan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarni o'qishga qabul qilish kvotalari asosida tayyorlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ta'lim tarmog'i bo'yicha oliy o'quv yurtida, fan tarmoqlari bo'yicha ilmiy-tadqiqot muassasasiga belgilangan tartibda tegishli mablag'larni ajratadi. Ushbu mablag'lar hisobiga ta'lim oluvchilarga belgilangan tartibda lavozim maoshlarining tegishli to'lovlari amalga oshiriladi.

O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo'mitasi va Milliy xavfsizlik xizmatining oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning moddiy ta'minoti harbiy xizmatchilar uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

27. O'qishga qabul qilingan katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarga davlat byudjeti mablag'lari hisobiga qonun hujjatlariga muvofiq haqi to'lanadigan mehnat ta'tili beriladi.

Tegishli hujjatlar mavjud bo'lgan taqdirda katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatida o'qish muddati uzoq vaqt kasal bo'lish, homiladorlik va tug'ish ta'tilida bo'lish davriga, shuningdek harbiy yig'inlarga chaqirilish munosabati bilan uzaytirilishi mumkin.

28. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar mutaxassislik, O'zbekistonning eng yangi tarixi, chet tili, shuningdek fan sohalariga qarab OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo'yicha mutaxassislikka muvofiq bo'lgan ikki fan bo'yicha imtihonlarni topshirganlaridan keyin doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilishga qo'yiladilar.

29. Doktorlik dissertatsiyani o'qish muddati tamom bo'lishidan kamida 6 oy muddatidan oldin himoya qilgan shaxslarga oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga eng kam oylik ish haqining o'n besh baravari miqdorida mukofot to'lanadi.

30. Ilmiy konsultantlar tomonidan oliy ta'lim muassasasida katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar bilan olib borilgan ish har bir katta ilmiy xodim-izlanuvchi uchun bir yilda 100 soat hajmida ularning umumiy o'quv soatlariga kiritiladi.

Ilmiy-tadqiqot muassasasida ilmiy konsultantlarning katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar bilan mehnatiga haq to'lash o'quv mashg'ulotlari o'tkazganlik uchun mehnatga soatbay haq to'lashning qonun hujjatlarida belgilangan tartibida har bir izlanuvchiga bir yilda 100 soat hisobidan kelib chiqib fan tarmog'i uchun ajratiladigan davlat byudjeti mablag'laridan har oylik asosida amalga oshiriladi.

Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar-xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bilan ilmiy konsultantlar mehnatiga haq to'lash o'qish uchun tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

31. Dissertatsiya ishini o'qish muddati tamom bo'lishidan kamida 6 oy muddatidan oldin himoya qilgan katta ilmiy xodim-izlanuvchining ilmiy konsultantiga oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobiga eng kam oylik ish haqining o'n besh baravari miqdorida mukofot to'lanadi.

32. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning o'qish muddati ular ishining umumiy stajiga qo'shiladi.

 

IV. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringini olib borish

33. Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tasarrufida oliy o'quv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasasiga ega bo'lgan vazirliklar va idoralar va tashkilotlar Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo'mitasi bilan birgalikda katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasidagi faoliyati samaradorligi monitoringini olib boradilar.

34. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringi quyidagi mezonlar bo'yicha amalga oshiriladi:

a) o'qishning birinchi yilida:

dissertatsiya mavzusi bo'yicha yakka tartibdagi rejaning mavjudligi va uning bajarilishi;

mutaxassislik bo'yicha nazariy kursdan o'tish;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha kamida bitta ilmiy maqola e'lon qilinganligi;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha ilmiy konferentsiyada yoki seminarda (davra suhbatida) ma'ruza bilan chiqish;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha ma'lumot;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha tahliliy umumlashtiruvchi qisqacha ma'lumot natijalari bo'yicha seminarda so'zga chiqish (rahbar bilan birgalikda);

b) o'qishning ikkinchi yilida:

mutaxassislik bo'yicha nazariy kursdan o'tish;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha kamida ikkita ilmiy maqola e'lon qilinganligi;

dissertatsiya ishi materiallari bo'yicha kamida ikkita tezis mavjudligi;

dissertatsiya ishining dastlabki natijalari bo'yicha seminar o'tkazish (mustaqil ravishda);

konferentsiya yoki seminarda ma'ruza bilan qatnashish (kamida bir marta);

dissertatsiya mavzusi bo'yicha yakka tartibdagi rejaning bajarilishi to'g'risida hisobot;

v) o'qishning uchinchi yilida:

mutaxassislik bo'yicha nazariy kursdan o'tish;

dissertatsiya mavzusi bo'yicha kamida to'rtta ilmiy maqola e'lon qilinganligi (ulardan ikkitasi — chet elda);

dissertatsiya ishi materiallari bo'yicha kamida ikkita tezis mavjudligi (ulardan biri — chet elda);

dissertatsiya ishi natijalari bo'yicha seminar o'tkazish (mustaqil ravishda);

dissertatsiya mavzusi bo'yicha konferentsiya yoki seminarda ma'ruza bilan qatnashish (kamida bir marta);

yakka tartibdagi rejaning bajarilishi to'g'risida hisobot;

OAK talablariga muvofiq tayyorlangan dissertatsiya ishi.

Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishgacha OAKning tegishli talablariga javob beradigan miqdorda e'lon qilingan ilmiy ishlarga ega bo'lishi kerak. Ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar bo'yicha dissertatsiya natijalari bo'yicha monografiya e'lon qilinishi kerak.

Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishgacha ta'lim muassasalarida o'qishning butun davrida kamida 300 soat hajmida pedagogik ish tajribasiga ega bo'lishlari kerak.

35. Katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar yakka tartibdagi rejalar bajarilmaganda, oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ichki tartibi va qoidalari buzilganda katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar lavozimidan ozod etilishlari mumkin. Ushbu sabablarga ko'ra o'qishdan chetlatilgan shaxslar o'qishga tiklanmaydi.

36 Muntazam ravishda (qatorasiga ikki marta) doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish bo'yicha tegishli kengashlarga katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar tomonidan dissertatsiya ishlari o'z vaqtida taqdim etilishini ta'minlamagan ilmiy konsultantlar oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashi qarori bilan uch yilgacha bo'lgan davrga ilmiy maslahat berishdan chetlatiladilar.

37. Monitoring yakunlari oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining tegishli ilmiy kengashlarida ko'rib chiqiladi. Kengashlarning tavsiyasi bo'yicha katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga o'zgartirishlar kiritilishi mumkin. Ilmiy konsultantlar faoliyatini nazorat qilish Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tasarrufida oliy ta'lim muassasasi va ilmiy tadqiqot muassasasiga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

 

V. Mustaqil izlanuvchilik tartibida ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash

38. Mustaqil izlanuvchilikka bakalavr yoki magistr darajasiga, yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga, yoki oliy harbiy ma'lumotga, yoki magistr darajasi joriy etilgunga qadar olingan oliy ta'lim to'g'risidagi diplomga, kamida besh yil amaliy ish stajiga ega bo'lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati bo'lgan va muayyan ilmiy yutuqlarga ega bo'lgan (ixtiro uchun patentlar, e'lon qilingan ilmiy materiallarga ega bo'lgan, ilmiy-texnologik ishlanmalarda ishtirok etgan va hokazo), belgilangan talablarga muvofiq bo'lgan shaxslar rasmiylashtiriladilar.

39. Oliy ta'lim muassasasi va ilmiy-tadqiqot muassasasi har yili 1 sentyabrdan kechikmay mustaqil izlanuvchilikka talabgorlar hujjatlarini qabul qilish boshlanishi to'g'risida ommaviy axborot vositalarida e'lon beradilar. Hujjatlar 15 oktyabr — 15 noyabr mobaynida qabul qilinadi.

Mustaqil izlanuvchilikda talabgor quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza bilan oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga murojaat qiladi:

ish joyidan tavsifnoma;

ma'lumotnoma;

oliy ta'lim yoki fan nomzodi to'g'risidagi diplomning nusxasi;

mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;

talabgorning ilmiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatga layoqati yuzasidan test sinovidan o'tganligini tasdiqlovchi OAK hujjatining nusxasi;

ilmiy ishlar va ilmiy hisobotlar (patentlar) ro'yxati.

40. Talabgorlar mustaqil izlanuvchilikka har yili 25 dekabrgacha, mutaxassislik bo'yicha suhbat natijalari va tegishli kafedra (bo'lim, laboratoriya)ning xulosasi bo'yicha oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbarining buyrug'i bilan, shuningdek ta'limning o'rganilgan oldingi darajasida chet tili bo'yicha imtihon natijasi bo'yicha rasmiylashtiriladi.

41. Mustaqil izlanuvchilarni sifatli tayyorlashni ta'minlash, shuningdek ularga ilmiy va o'quv-metodik yordam berish maqsadida mustaqil izlanuvchilarni qabul qilish to'g'risidagi buyruqda ularning etakchi olimlardan ilmiy konsultantlari belgilanadi.

42. Mustaqil izlanuvchilar ular rasmiylashtirilgandan keyin bir oy muddatda ilmiy rahbar bilan kelishgan holda oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashiga doktorlik dissertatsiyasini tayyorlashning yakka tartibdagi ish rejalarini tasdiqlash uchun taqdim etadilar.

43. Izlanuvchilarning dissertatsiyalari mavzulari ular rasmiylashtirilgandan keyin uch oy mobaynida oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining ilmiy kengashida tasdiqlanishi kerak.

44. Ilmiy konsultant tanlangan mutaxassislik bo'yicha nazariy-metodologik dasturining o'quv rejasini ishlab chiqadi. O'quv rejasi ham mustaqil izlanuvchi rasmiylashtirilgandan keyin bir oy muddatda oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashida tasdiqlanadi.

Nazariy-metodolik dastur ushbu fan bo'yicha umumiy kontseptsiyani hamda ilmiy-tadqiqotlarning metodologiyasi, nazariy asoslari va usullarini o'z ichiga oladi. Nazariy dastur mustaqil izlanuvchi tomonidan ilmiy konsultant yordamida o'qishning birinchi yili mobaynida o'zlashtiriladi.

Keyingi yillarida oliy ta'lim muassasasi kengashi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi ilmiy kengashi tomonidan fan sohalariga qarab OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo'yicha malaka o'quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Malaka o'quv dasturlari mustaqil izlanuvchilar tomonidan mustaqil o'zlashtiriladi.

45. Mustaqil izlanuvchilar uchun nazariy va ilmiy-tadqiqot ishlariga o'quv yuklamasi hajmi haftasiga 12 soatni tashkil etadi, undan — ko'pi bilan 4 soati auditoriya mashg'ulotlari uchun ajratilishi mumkin.

46. Mustaqil izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringini olib borish tartibi ushbu Nizomning 34-bandi talablariga o'xshash.

Monitoring yakunlari oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasining tegishli ilmiy kengashlarida ko'rib chiqiladi. Kengashlarning tavsiyasi bo'yicha mustaqil izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga o'zgartirishlar kiritilishi mumkin. Ilmiy konsultantlar faoliyatini nazorat qilish Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, o'z tasarrufida oliy ta'lim muassasasi va ilmiy tadqiqot muassasasiga ega vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi rejalarni muntazam ravishda bajarmaydigan va oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot ichki qoidalarini buzuvchi mustaqil izlanuvchilar izlanuvchilikdan chetlatilishi mumkin.

47. Yakka rejalarni muvaffaqiyatli bajargan va mutaxassislik, O'zbekistonning eng yangi tarixi, chet tili, shuningdek fan sohalariga qarab OAK tomonidan belgilanadigan fanlar bo'yicha malaka imtihonlarini topshirgan mustaqil izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishga qo'yiladilar.

Mustaqil izlanuvchilar dissertatsiyani himoya qilishgacha OAKning tegishli talablariga javob beradigan miqdorda e'lon qilingan ilmiy ishlarga ega bo'lishi kerak. Shu bilan birga, ijtimoiy-gumanitar va iqtisodiy fanlar bo'yicha dissertatsiya natijalari bo'yicha monografiya e'lon qilinishi kerak.

48. Ilmiy konsultantlar tomonidan oliy ta'lim muassasasida mustaqil izlanuvchilar bilan ishlash ularning o'quv yuklamasi umumiy hajmiga kiritiladi va har oylik asosida har bir izlanuvchi uchun bir yilga 50 soat hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu muassasalarning byudjetdan tashqari mablag'laridan haq to'lanadi.

Ilmiy tadqiqot muassasasida ilmiy konsultantlarning mustaqil izlanuvchilar bilan mehnatiga haq to'lash har oylik asosida o'quv mashg'ulotlari o'tkazilganligi uchun mehnatga soatbay haq to'lashning qonun hujjatlarida belgilangan tartibida har bir izlanuvchiga bir yilda 50 soat hisobidan ushbu muassasalarning byudjetdan tashqari mablag'laridan amalga oshiriladi.

Ilmiy konsultantlarning mustaqil izlanuvchilar — xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar bilan mehnatiga haq to'lash o'qishga tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

49. Katta ilmiy xodim-izlanuvchi sifatida o'qigan, biroq dissertatsiya himoya qilmagan shaxsga mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirishga ruxsat berilmaydi.

50. Bir necha oliy ta'lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot muassasasida bir vaqtning o'zida mustaqil izlanuvchilikka yo'l qo'yilmaydi.

 

VI. To'lov-kontrakt asosida oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limni tashkil etish

51. Xorijiy fuqarolarni va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarni oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim institutlariga qabul qilish qonun hujjatlariga va/yoki O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limga qabul kvotalaridan ortiqcha to'lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

52. To'lov-kontrakt asosida oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limni amalga oshirishda shu jumladan ilmiy konsultantlar mehnatiga haq to'lash, tadqiqotlar va eksperimentlar o'tkazish bilan bog'liq xarajatlarni hisobga oluvchi o'qish uchun haq to'lash miqdori, shuningdek uni to'lash tartibi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda manfaatdor tomonlar o'rtasida tuziladigan shartnoma bilan belgilanadi. Shartnomada, shuningdek katta ilmiy xodimlar-izlanuvchining lavozim maoshini va o'qish uchun haq to'lash miqdorini aniqlashda hisobga olinadigan ular bilan bog'liq ijtimoiy ajratmalar bilan birgalikda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa to'lovlarni to'lash nazarda tutilishi mumkin.

 

VII. Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim to'g'risidagi hujjat

53. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim talablarini bajargan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan shaxslarga belgilangan tartibda davlat namunasidagi fan doktori diplomi beriladi.

54. Fan doktorlarining ilmiy tadqiqotlar natijalarini o'quv jarayoniga joriy etgan holda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashdagi ishtiroki ularning ilmiy-pedagogik va jamoat faoliyatining muhim jihati sifatida qaraladi va hisobga olinadi.

 

Manba: lex.uz