O'zMU » Ma'lumotlar » Universitet tarixi

 

MILLIY UNIVERSITETNING TASHKIL TOPISHI VA ILK QADAMLARI



Oliy ta`lim muassasalari ilk bor madrasa shaklida Sharqda paydo bo`lgan, keyinchalik ulardan andoza olinib G`arbda universitetlar tashkil etildi. Bu madrasa va universitetlar umuminsoniy taraqqiyot mezoni sifatida asrlar osha oliy ta`lim, ilm-fan va texnika, madaniyat va ma`rifat o`chog`i, olim-u ulamolar, kashfiyotu yangiliklar maskani bo`lib keldi.
Prezident Islom Karimovning o`tmish tariximizga yuksak baho berib: "Bizda buyuk tarix va buyuk ma`naviyat bor" , - deb aytishi bejiz emas, albatta. Haqiqatan ham buyuk tariximiz buyuk o`tmishimizdan dalolat berib turibdi. Bundan to`la bahramand bo`lish imkoniyatiga istiqlol tufayligina ega bo`ldik. Buyuk o`tmishimiz mobaynida jahon tan olgan uchta buyuk Uyg`onish (Renessans) davri bo`lganligi endigina to`la tan olindi. Birinchi uyg`onish qadim Turkistonda ilk bor IX-XII asrlarda yuz berdi.
Xalifa Ma`mun davrida (IX asrning birinchi yarmi) Xorazm davlatida oliy ta`lim, ilm-fan va madaniyat rivojlandi, u olimlarga katta izzat-hurmat ko`rsatib, homiylik qildi. U Abu Rayhon Beruniy taklifiga ko`ra, Xorazm poytaxti Gurganch (hozirgi Ko`hna Urganch) sharida yangi qurilgan koshonalardan birini olimlar ixtiyoriga berib, uni "Bayt ul-hikma" ("Donishmandlar uyi") deb nomlaydi. Bu erda 70 dan ortiq olim va tolibi ilmlar, ustoz-u shogirdlar ilm bilan mashg`ul bo`ladilar. Bular: Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Abu Sahl Masihiy va boshqalar edilar. Bu olimlarning sa`y-harakatlari bilan falsafa, tarix, adabiyot, riyoziyot, falakiyot, handasa, mantiq, jug`rofiya, tibbiyot fanlari rivojlanib, insoniyat uchun eng zarur ilmiy masalalar yechimiga behisob hissa qo`shildi. Ibn Sino yaratgan tibbiyot ilmi bilan Xorazmiy tomonidan cheksiz sanoq soni "Al-jabr"ga asos solinishi shular jumlasidandir. "Ma`mun akademiyasi" hozirgi yerdagi dastlabki uyg`onish - Turkiston Uyg`onish davrining yorqin namunalaridan hisoblanadi. Bu davr butun dunyoni, ayniqsa, Yevropani o`ziga qaratgani va keyinchalik uning uyg`onishiga asos solganligi jahon tarixiga ma`lum.
Abdurauf Fitrat 1912-yilda yozgan "Hind sayyohi bayonoti" nomli asarida mazkur sayyoh nomidan Fransiya universiteti olimi Sharl Sanivyusning ushbu so`zlarini keltirdi: "Ovro`paliklar musulmonlar taraqqiyotini xolis niyat bilan qabul qilib, kasb va ilm o`rganish niyatida islom shaharlarida tahsil oldilar. Ovro`pa musulmonlar bilan aloqa va munosabat o`rnatish orqali taraqqiy qilgan. Ovro`paliklarning islom olamidan qabul qilgan ishlari tubandagilar: Ziroat, sanoat, ilm-fan: al-jabr va al-muhobala (algebra va ehtimollar nazariyasi), handasa, chizmachilik, kimyo, hisob va hokazo..."
Keyingi ilmiy-madaniy taraqqiyot, ya`ni ikkinchi uyg`onish davri Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida yuz berdi. Ilm-fan, madaniyat va ma`rifat homiysi buyuk Temur ulkan saltanat yaratish bilan birga, o`z yurtining oqillari atrofiga yetti iqlimda tanilgan ilm va hunar egalarini to`plab, Samarqandni yer yuzining sayqaliga aylantirdi.
Sohibqironning nabirasi Mirzo Ulug`bek o`z "Zij"i bilan ilm-fan tarixida yangi sahifa ochdi. Uning XV asr mo`jizasi bo`lgan mashhur rasadxonasi, Hazrat Navoiy ta`birlari bilan aytganda, "Jahonning chiroyi" bo`lib qoldi. Falakiyot ilmini rivojlantirgan Ulug`bek shu ilmning eng yorug` yulduziga aylandi. O`zi qurdirgan madrasalaridan birining peshtoqiga "Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolning muqaddas burchidir", - degan hadisni yozdirib, hamma musulmonlarni diniy va dunyoviy ilmli bo`lishga da`vat etdi. Tarixning guvohlik berishicha, din bilan dunyoviylik o`rtasida mo`tadil munosabat o`rnatilgan davrda jamiyat taraqqiyoti, millat ravnaqi, ilm-fan va texnika rivoji yuz bergan.
Madaniy taraqqiyotning yana bir to`lqini Shayboniyxon va shayboniylar davri bilan bog`liq. Uning tarixdagi xizmatlarini yuksak darajada baholab, Islom Karimov shunday deydi: "Shayboniyxon Buxoro madrasalarida tahsil ko`rgan, o`qimishli odam bo`lgan. Buxoroda olgan ilm-ma`rifatini hokimiyat tepasiga kelgach, yana yurtiga qaytarib bergan" .
Ona tariximizda milliy madaniy hayot yuksak darajada taraqqiy etgan davrlar ko`p bo`lgan. Dunyo sayqali Samarqand, Buxoroi sharif, buyuk alloma va shayxlar makoni Termiz, Toshkenti azim, Qo`qondi latif va boshqa shaharlarda oliy hamda o`rta toifadagi tabarruk ilm maskanlari - madrasalar keng tarmoq otgan. Birgina Buxoroda dunyoga mashhur 400 ta olim va ulamolar tarbiya topgani ma`lum. 1912 yilda shaharda oliy, o`rta va quyi toifalardagi ikki yuzga yaqin madrasa bo`lgan. O`tmishdagi madrasalarda ta`lim va tahsil olib, o`z ilmi, aql-zakovoti, tafakkuri va kashfiyotlari bilan dunyoni lol qoldirgan olimu fuzalolarimizning ilmiy-ijodiy merosidan butun dunyo bahramand bo`lib kelgan va kelmoqda. Buni atoqli qirg`iz adibi Chingiz Aytmatovning ushbu so`zlari isbotlab turibdi: "Qadim Gretsiya Yevropada sivilizatsiya o`chog`i sifatida qanday o`rin tutgan bo`lsa, O`zbekiston va o`zbek xalqi Osiyoda, butun turkiy o`lkalar va barcha turkiy xalqlar tarixida xuddi shunday o`rin egallagan".
Agar G`arb mamlakatlarida birinchi akademiya 1162-yili (Rossiyada 1724-yili), universitet 1293-yili Ispaniyada (Rossiyada 1755-yili) tashkil topganligi e`tiborga olinsa, moziyda ajdodlarimiz ancha oldin oliy ta`limga asos solib, fan taraqqiyotiga erishganligiga yana bir bor ishonch hosil qilinadi.
Vatanimiz tarixidagi birinchi Uyg`onish bilan ikkinchi Uyg`onish o`rtasida bir yarim asrlik oraliq bo`lgan bo`lsa, ikkinchi Uyg`onish bilan uchinchi Uyg`onish oralig`i to`rt asr davom etdi.
Turkistondagi uchinchi uyg`onish davri XIX asr oxiri, XX asr boshlarida voqe bo`ldi. U oldingi ikki uyg`onishning tarixiy davomi bo`lsa-da, ulardan tubdan farqlanuvchi Milliy uyg`onish bo`ldi. Bu tarixiy hodisa bevosita mana shu davrdagi milliy islohotchilik, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy, g`oyaviy-mafkuraviy harakat - jadidchilikning samarasi sifatida yuz berdi. Millatning oydinlari o`zligini anglash, takomillashish zarurligini tushunib yetdi. Millatning ongu-shuuri, tafakkuri va dunyoqarashi o`zgardi. Unda Rossiya mustamlakachiligi va mahalliy zulmga qarshi milliy mustaqillik hamda taraqqiyotga intilish, ozodlik, tenglik va adolat uchun kurash olib borishga layoqat va jasorat paydo bo`ldi.
Jadid ziyolilari millat va jamiyat taraqqiyotida tub burilish yasab yangi, ya`ni jadid madaniyatini qaror toptirdi. Mumtoz adabiyot yangilanib, ijtimoiy-siyosiy mazmun kasb etdi. Milliy teatr va matbuot, xilma-xil madaniy-ma`rifiy, ijtimoiy-siyosiy uyushma, tashkilot va partiyalar paydo bo`lib, o`ta ta`sirli faoliyat yuritdi. Mana shularning samarasi o`laroq jadidlar millatni qayta tarbiyalash va ijtimoiy g`aflat uyqusidan uyg`otishga muvaffaq bo`ldi. Millatdagi milliy uyg`onish alomatlari paydo bo`lganligini ilk bor e`tirof etganlar ham jadidlar bo`ldi. Bunga Mirmulla va Mirmuhsin Shermuhammedovlarning maqolalari, Laziz Azizzodaning "Turkistonning milliy uyg`onish tarixi" asari misol bo`la oladi. Jadidlarning bu yutug`ini Islom Karimov alohida ta`kidlab, shunday dedi: "XX asr boshida, mustamlakachilik zulmiga qaramay, xalqimiz yangi ufqlarga - milliy uyg`onish va erkinlik sari intilib yashagan bir davrda buyuk ajdodlarimiz - jadidlar tomonidan amalga oshirilgan bu ulkan ish, bu harakatni o`ziga xos ma`naviy jasorat namunasi, deb atash mumkin" .
Jadidlar milliy, dunyoviy Oliy ta`lim g`oyasini olg`a surish bilan birga Oliy o`quv yurti tashkil etish uchun jiddiy tayyorgarlik va amaliy-tashkiliy ishlar ham olib bordilar. Bu jadid maktablarida matematika, geografiya, tarix, ona tili va adabiyot, rus tili kabi dunyoviy ilmlarni o`qitishdan boshlandi. Jadid maktablari ikki bosqichli to`rt yillik boshlang`ich va yetti yillik o`rta ta`lim tizimidan iborat bo`ldi. O`qish pullik bo`lib, hozirgi ta`lim marketingiga o`sha paytlarda asos solingandi. Kambag`allarning bolalari esa tekin o`qitildi. Bundan tashqari jadidlar Toshkentda "Ko`mak"(1909) va "Doril ojizin" (1923), Buxoroda "Tarbiyai atfol" (1910) deb nomlangan maxsus xayriya jamiyatlarini tashkil etib, millat farzandlarini Rossiya, Ozarbayjon, Tatariston, Turkiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarga o`qishga yuborib, ularning dunyoviy oliy ta`lim olishlariga xomiylik qildilar.
Jadidlar har bir imkoniyatdan foydalanib, Rossiya imperiyasining amaldorlari oldiga milliy Oliy o`quv yurti tashkil etish masalasini ko`ndalang qo`yib bordilar. Masalan, 1917-yil arafasida Turkiston bosib olinganligining 50 yilligini nishonlash harakati boshlanishi bilanoq, Ubaydullaxo`ja Asadullaxo`jaev "Sadoi Turkiston" gazetasida maqola bilan chiqib, o`lka harbiy ma`muriyati oldiga "ellik yillik sadoqat" evaziga Toshkentda musulmonlarga bir Oliy dorilmuallimin (o`qituvchilar instituti) va bir madrasai Oliya (universitet) ochib berish masalasini qo`yadi. Bundan tashqari 1916-yildagi xalq qo`zg`oloni ayovsiz bostirilishi va qo`zg`olon qatnashchilariga qilingan nohaqliklarga qarshi ish olib borgan jadidlar guruhi talabiga ko`ra Turkistonga A. F. Kerenskiy boshchiligida kelgan Rossiya davlat Dumasining maxsus komissiyasi oldiga ham Ubaydullaxo`ja Asadullaxo`jayev musulmonlar uchun universitet ochish talabini qo`yadi.
Rossiya imperiyasida 1917-yilning fevralida yuz bergan inqilobga qadar jadidchilik harakati vakillari dunyoviy oliy maktab (universitet) g`oyasini kun tartibiga qo`ydi. Bu esa o`sha paytda dunyoviy Oliy ta`lim millat ehtiyojiga aylanganligidan dalolat bo`ldi.

 

ga asos solinishi shular jumlasidandir.