O'zMU » Ma'lumotlar » Ma'naviyat-ma'rifat markazi

 

Mirzo Ulug'bek nomidagi O`zbekiston Milliy Universiteti
"Ma'naviyat va ma'rifat" markazining
N I Z O M I

 


Markaz universitetda olib boriladigan ma`naviy-ma`rifiy ishlarga rahbarlik qilish, sohaga tegishli me`yoriy hujjatlarda belgilangan ko`rsatmalarni muvofiqlashtirish, bo`limlar, jamoat tashkilotlari va kafedralarning ma`naviyat sohasidagi ilg'or tajribalarini ommalashtirish, zarur ilmiy-uslubiy tavsiyanomalar, adabiyotlar tayyorlash va chop ettirish, talabalarning ma`naviy dunyoqarashini yuksaltirishga qaratilgan turli tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tuziladi.

 

Umumiy qoidalar:

  • Markaz universitet rektorining buyrug'i asosida tuziladi;
  • Markazning ishchi tarkibi universitetning shu soha bo`yicha yetakchi mutaxassislar, professor-o`qituvchilar va xodimlaridan tashkil topadi;
  • Markaz ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha 1-prorektor rahbarligida faoliyat ko`rsatadi;
  • O`z faoliyatini yo`lga qo`yishda markaz fakultet dekanlari, bo`lim boshliqlari, kafedra mudirlari va kurs murabbiylari bilan hamkorlikda ish olib boradi;
  • Markaz Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi qoshidagi Ma`naviyat va ma`rifat markazining nizomi asosida ish olib boradi: joriy hamda istiqbol rejalariga ega bo`ladi.

Markazning maqsadi:

Talaba-yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning ma`naviy, estetik, axloqiy dunyoqarashini kengaytirish, tafakkurini turli xil g'ayriinsoniy g'oyalar ta`siridan himoya qilish hamda mustaqil O`zbekistonning chinakam fidoiysi bo`lib yetishtirishdan iborat.

 

Markazning vazifalari:

  • Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma`naviy, madaniy ishlarga doir tadbirlarni o`tkazish;
  • Talaba-yoshlar orasida axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, badiiy tarbiyani shakllantirish ishlarini yo`lga qo`yish;
  • Milliy urf-odatlar, qadriyatlar negizida olib borilayotgan anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlarni tashkil etish;
  • Talabalarning ma`naviy va jismoniy kamolotini yuksaltirish maqsadida qilinadigan ishlarni takomillashtirishga ko`maklashish;
  • Universitetda ma`naviy, ma`rifiy va tarbiyaviy ishlarning ustuvor yo`nalishlarini belgilash, bu borada zarur me`yoriy hujjatlar va tavsiyanomalarni ishlab chiqish;
  • Respublika "Ma`naviyat va ma`rifat" markazining shahar, tuman bo`limlari hamda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan jamg'armalar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda ma`naviy-ma`rifiy ishlarni takomillashtirishda ishtirok etish.

Markazning huquqlari:

  • Fakultetlardagi ma`naviy-ma`rifiy ishlarni nazorat qiladi;
  • Ma`naviy-ma`rifiy ishlarga doir vazirlik buyruqlari va ko`rsatmalarining fakultetlardagi ijrosini tekshiradi;
  • Dekanning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha muovinlarini tayinlash hamda vazifalaridan ozod qilishga doir yig'inlarda bevosita ishtirok etadi va o`z takliflari bilan qatnashadi;
  • Ma`naviy-ma`rifiy masalalar yuzasidan fakultet dekanlari va kafedra mudirlariga ko`rsatmalar, tavsiyalar beradi;
  • Professor-o`qituvchilarning yillik o`quv yuklamalaridagi "Ma`naviy-ma`rifiy ishlar" sohasiga tegishli bandning to`liq bajarilishini nazorat qiladi, baholaydi;
  • Ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha dekan muovinlari olib borgan ishlar yuzasidan har semestr yakunida markaz rahbariga hisobot beradilar;
  • Ma`naviy-ma`rifiy ishlarni takomillashtirishda yaxshi tashabbus ko`rsatgan fakultet, bo`lim va kafedra jamoalari faollarini moddiy, ma`naviy rag'batlantirishga doir takliflar, tavsiyalar beradi.