O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 27-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (7-12 mart kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 27-16

“AXBOROT SOATLARI” № 27-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (7-12 mart kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 27-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (7-12 mart kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      XALQIMIZ G’URURI VA QUDRATINING TIMSOLI

Amir Temur tavalludining 680 yilligi Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi keng nishonlanadigan yilga to’g’ri kelganida ham ramziy ma’no bor. Zero, elni qaramlik iskanjasidan xalos etgan, kuchli markazlashgan davlatga asos solgan Sohibqiron bugun xalqimizning g’urur-iftixori, beqiyos qudrati timsoliga aylangan. Amir Temur xalqimiz dahosining yorqin timsolidir. Milliy davlatchiligimiz tarixini chuqur o’rganish va xolisona tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli ishlar samarasida Amir Temur shaxsi, uning jahon tarixidagi o’rni, xalqimiz, Vatanimiz oldidagi xizmatlari qadr topdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1993 yili poytaxtimizda Amir Temur haykali o’rnatildi. 1996 yilda Sohibqiron tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Amir Temur xiyoboniga tutash hududda Temuriylar tarixi davlat muzeyi barpo etildi. Shu yili Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi tashkil etildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, tariximizda Amir Temurday ulug’ siymo bor ekan, uning qoldirgan merosi, pandu o’gitlari bugungi hayotimizga hamohang ekan, oldimizda turgan muammolarni yechishda bizga qo’l kelayotgan ekan, bizning bu merosni o’rganmaslikka, ta’riflamaslikka, targ’ib qilmaslikka haqqimiz yo’q. Binobarin, ulug’ ajdodimizning o’zi yashagan zamonga, shu davrda Osiyo va Yevropa qit’alarida ro’y bergan, juda katta tarixiy ahamiyatga molik o’zgarishlarga olib kelgan voqyea-hodisalarga hal qiluvchi ta’siri, uning bu jarayonlardagi roli nainki tarixchi va siyosatchilar, harbiy ilm mutaxassislari, badiiy ijod ahli, balki keng jamoatchilikning diqqat-e’tiborini hali-hamon o’ziga jalb etib kelmoqda. Sobiq tuzum davrida buyuk Sohibqiron nomiga va uning faoliyatiga, fan, madaniyat, bunyodkorlik sohasidagi va boshqa jabhalardagi olamshumul ishlariga bir yoqlama baho berildi.

Shukrki, istiqlolga erishganimizdan keyin Prezidentimiz rahnamoligida jahon tamaddunida munosib iz qoldirgan ko’plab allomalarimiz qatori Amir Temur nomi, sha’nu shavkati va merosi ham qayta tiklandi.

...1996 yil 8-9 aprel kunlari “Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan o’rni” mavzuida Qarshi shahrida bo’lib o’tgan fondning birinchi konferensiyasi ishtirokchilarining yuzlaridagi mamnunlik, qalblaridagi hayajon hali ham ko’z o’ngimizda. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, Amir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash – o’zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug’lash – tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir. Mamlakatimiz hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar paytida Amir Temur va temuriylar davriga oid noyob ashyolar topilmoqda. Masalan, Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumanidan, Sirdaryo sohilidagi qadimiy Shohruhiya qal’asi vayronalaridan ko’plab kulolchilik, misgarlik, shishasozlik ashyolari topilgan. Ularning orasidagi po’lat sovut va dubulg’a bo’laklari temuriylar davri harbiy san’atini o’rganishda muhim o’rin tutadi.

 

      XITOY ADIBINING ASARI O’ZBEK TILIDA

Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasida mashhur xitoy yozuvchisi Lao Shening «Mushuklar shahri xotiralari» nomli asarining o’zbek tilidagi nashri taqdimoti bo’lib o’tdi. O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasida madaniy-gumanitar sohada ham yaqin hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Toshkent va Samarqandda Konfusiy instituti tashkil etilgani, Xitoy millatlar markaziy universitetida o’zbek tili bo’limi faoliyat yuritayotgani, Pekin xorijiy tillar universitetida o’zbek tilini o’qitish yo’lga qo’yilgani bu hamkorlik tobora rivojlanayotganidan hamda O’zbekistonda xitoy tili va adabiyotiga, Xitoyda o’zbek tili va adabiyoti, madaniyati va urf-odatlariga qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Ikki mamlakatning madaniyat va san’at namoyandalari O’zbekiston va Xitoyda o’tkazilayotgan turli ko’rgazmalar, anjumanlarda faol ishtirok etmoqda. «O’zbekiston – Xitoy» va «Xitoy Xalq Respublikasi – Markaziy Osiyo mamlakatlari» do’stlik jamiyatlari madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. O’zbekiston va Xitoy xalqlarining ko’p asrlik do’stlik rishtalarini yanada mustahkamlash yo’lida yurtdoshlarimizni ushbu mamlakatning taniqli yozuvchi va shoirlari ijodidan bahramand etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi va «Davr Press» nashriyot-matbaa uyi hamkorligida Xitoy zamonaviy adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo’shgan mashhur yozuvchi Lao Shening «Mushuklar shahri xotiralari» nomli asari o’zbek tilida chop etildi. 1899-1966 yillarda yashab ijod qilgan adibning mazkur asari chuqur falsafiy ma’noga ega. Ushbu roman-pamfletdagi voqyealar Mars sayyorasida sodir bo’lsa-da, yozuvchi XX asrning birinchi choragida ro’y bergan voqyealarni tasvirlagan. Kitobdan asarning yaratilish tarixi, Lao Shening hayoti va ijodiga oid ma’lumotlar, uning hikmatli so’zlari ham o’rin olgan.

 

      SHHT EZGU MAQSADLAR RO’YOBIGA XIZMAT QILMOQDA

Prezidentimiz Islom Karimovning 2016 yil 21 yanvardagi Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi yig’ilishi hamda O’zbekiston Respublikasining ShHTga raisligi doirasidagi boshqa tadbirlarga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risidagi qaroriga muvofiq mamlakatimizda ushbu yirik anjumanni yuqori saviyada o’tkazish uchun izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti hozirgi shiddat bilan o’zgarayotgan zamonda xalqlar farovonligini ta’minlashga munosib hissa qo’shayotgan nufuzli xalqaro tashkilotdir. Mana, 15 yildirki, ShHTga a’zo davlatlar o’zaro siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish borasida samarali loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jahon hamjamiyati e’tiborini butun dunyoga tahdid solib turgan xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik kabi xavf-xatarlarning oldini olishga da’vat etayotir. O’zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga uchinchi marotaba raislik qilmoqda. Mamlakatimiz ushbu tashkilotga ilk bor 2003-2004 yillarda raislik qilgan. 2004 yil 17 iyunda Toshkentda bo’lib o’tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining sammitida ShHT faoliyatining ikki asosiy yo’nalishi – xavfsizlik va savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan. Prezidentimiz Islom Karimov ushbu sammitda Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish, mintaqadagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo’yicha yuksak samarali g’oya va takliflarni ilgari surdi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyodagi vaziyatga baho berar ekan, butun dunyoda xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatar oshib borayotgan bir sharoitda bu mintaqa o’zining geosiyosiy va geostrategik ahamiyati hamda boy tabiiy-iqtisodiy, mineral-xomashyo va birinchi navbatda uglevodorod zaxiralari tufayli xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida bo’lib kelayotganini ta’kidladi. Afg’onistondagi tiklanish jarayoni bilan bog’liq masalalarga alohida e’tibor qaratdi.

ShHTning Toshkentda o’tgan sammitida Afg’onistondagi vaziyat muhokama etilgan dolzarb masalalardan biri bo’ldi. Ta’kidlash joizki, O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mazkur anjumanga Afg’onistonning o’sha paytdagi muvaqqat ma’muriyati rahbari Hamid Karzay mehmon sifatida ilk bor taklif qilindi va bu tashabbus keyinchalik an’anaga aylandi. Zero, Afg’oniston rahbarining bevosita muhokama jarayonida ishtirok etishi vaziyatni to’g’ri baholash va har tomonlama maqbul qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 

      DUNYO MAMLAKATLARIGA O’ZBEK AVTOMOBILLARI

«O’zavtosanoat» AK mamlakatimizda ishlab chiqarilgan avtomobillarni xorij bozorlariga yo’naltirish bo’yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Duyoning bir nechta davlatiga, jumladan, Gana, Gabon, JAR, Misr, Angola, Kabo-Verde, Madagaskar va Kot-d’Ivuarga O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar sinov tariqasida yetkazib berildi. Davlat Raqobat qo’mitasi: O’zbekistonda avtomobil oldi-sotdisi osonlashtiriladi. Davlat Raqobat qo’mitasi va "O’zavtosanoat" AJ GM Uzbekistan tomonidan ishlab-chiqariladigan avtomobillar oldi-sotdisi namunaviy shartnomasiga o’zgartirish kiritish masalasi ustida ishlashmoqda. Bugungi kunda O’zbekistonda shunday holat vujudga kelgan: GM Uzbekistan rasmiy dileridan avtomobil xarid qilmoqchi bo’lgan shaxs, narxning 85 foizini avans tariqasida to’lashi shart, qolgan pullar esa avtomobilni olib chiqish jarayonida to’lanadi.

GM Uzbekistan hozirgi kunda Asaka va Xorazmdagi zavodlarida 12 xil atvomobil ishlab chiqaradi: besh xil sedan — Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra va Malibu, ikki kichik avtomobil — Matiz va Spark, miniven Orlando, unversal Captiva, mikroavtobus Damas va uning yuk tashishga moslashgan ko’rinishi Labo.

GM Uzbekistan yiliga 200 mingdan ortiq avtomobil ishlab chiqarmoqda. 2014 yildagi ko’rsatkich 245,7 ming donani tashkil etgan. 2016 yilning 1 mart kuni holatiga ko’ra tarmoqda 27 ming nafardan ortiq kishi mehnat qilmoqda.

 

      KEMPING, MEHMONXONA VA PANSIONATLAR QURILADI

2016-2020 yillarda xizmat ko’rsatish sohasini rivojlantirish dasturi doirasida O’zbekistonning turli hududlarida jami 30 ta kemping, 50 ta mehmonxona va 20 ta pansionat barpo etiladi. Joriy yilda davlat strukturasida 15 ta, 2017 yilda 35 ta, 2018 yilda 35 ta va 2019 yilda yana 15 ta obyekt barpo etiladi. Qishloq mintaqalarida agroturizmni rivojlantirish maqsadida yuzlab kempinglar qurilishi ko’zda tutilgan.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON SAYYOHLIK SALOHIYATI BERLINDA NAMOYISH ETILMOQDA  

Germaniya poytaxti Berlin shahrida 9 mart kuni ochilgan “ITB Berlin – 2016” xalqaro turizm ko’rgazmasida O’zbekiston sayyohlik salohiyati keng namoyish qilinmoqda. Mamlakatimizda yaratilgan zamonaviy turizm infratuzilmasi, rang-barang marshrutlar va sifatli xizmatlar sayyohlar uchun keng qulayliklar yaratmoqda. “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi xalqaro sayyohlik yarmarkalarida yurtimizning bu boradagi imkoniyatlarini faol targ’ib etib kelmoqda. Joriy yilning o’zida Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Latviya kabi mamlakatlarda o’tkazilgan ko’rgazmalarda mamlakatimizning sayyohlik salohiyati keng namoyish etildi.

“ITB Berlin” turizm sohasidagi eng nufuzli ko’rgazmalardan biridir. Bu yil unda dunyoning turli mamlakatlaridan yuzlab firma va kompaniya ishtirok etmoqda. Mazkur forum sayyohlik sanoatining ko’plab zamonaviy yo’nalishlarini o’zida mujassam etgan bo’lib, unda oilaviy sayohat, yoshlar turizmi, sayyohlik texnologiyasi, ekoturizm, badiiy va madaniy sayyohlik, sayyohlik biznesi, axborot texnologiyalari, kruiz, mehmonxona va restoran servisi, aviatashuv kabi yo’nalishlarga oid o’nlab bo’limlar ishlab turibdi.

“O’zbekturizm” milliy kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur xalqaro yarmarkada “O’zbekturizm”, “O’zbekiston havo yo’llari”, “O’zbekiston temir yo’llari” hamda o’ndan ziyod xususiy kompaniya mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini namoyish etmoqda. Yarmarka ishtirokchilari mamlakatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlari, taklif etilayotgan xizmatlar, mehmonxonalar, sayyohlik operatorlari va agentlari faoliyatiga oid ko’plab ma’lumotlar bilan tanishmoqda.

Forumdan joy olgan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati hamkorligida tayyorlangan “O’zbekiston” milliy stendi o’ziga xos yangi dizayni, bezaklari va mazmunan boyligi bilan ko’rgazma ishtirokchilarining e’tiborini tortmoqda. Yurtimizning betakror tabiati va tarixiy obidalari aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari xorijliklarda katta qiziqish uyg’otmoqda. Hunarmandlarimiz tomonidan miniatyura chizish bo’yicha o’tkazilayotgan mahorat darslari, milliy kuy-qo’shiqlarimiz va rang-barang raqslar ijrosi, serquyosh zaminimizda yetishtirilgan sarxil mevalar hamda o’zbekona taomlar yig’ilganlarga g’oyat manzur bo’layotir. “ITB Berlin” ko’rgazmasi mamlakatimiz sayyohlik xizmatlarini xalqaro turizm bozorlariga taklif etish, xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni mustahkamlash, manfaatli shartnomalar tuzish, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar bilan yaqindan tanishish, o’zaro tajriba almashish imkonini beradi.

 

      UKRAINA VA TURKIYA O’RTASIDA ERKIN SAVDO ZONASI TUZILADI  

Turkiya prezidenti Redjep Tayip Erdo’g’on Ukraina bilan umumiy erkin savdo makonini yaratish bo’yicha muzokaralarni 2016 yilda yakunlash va bu borada o’zaro shartnoma imzolanishi lozimligini ma’lum qildi. Turkiya prezidenti bu haqda Anqara shahrida ikki davlat delegasiyalari a’zolari ishtirokida chorshanba kuni bo’lib o’tgan muzokaralardan so’ng Ukraina prezidenti Petr Poroshenko bilan birgalikda tashkil etilgan qo’shma matbuot konferensiyasi chog’ida ma’lum qilib, shunday ta’kidladi: “Biz erkin savdo zonasi to’g’risidagi bitim joriy yilda imzolanishiga katta ahamiyat va ustuvorlik beramiz”. Ukraina va Turkiya 2020 yilda o’zaro tovar ayrboshlash hajmini 20 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan bo’lib, buning uchun erkin savdo shartnomasi tezroq imzolanishi, ikkiyoqlama soliqqa tortishga yo’l qo’ymaslik va investisiyalar to’g’risidagi bitim esa yangilanishi lozim.

Ukraina va Turkiya o’rtasida erkin savdo zonasini barpo etish bo’yicha muzokaralarni 2016 yilda yakunlash vazifasi chorshanba kuni bo’lib o’tgan yuqori darajadagi Strategik Kengashning 5-yig’ilishi qo’shma bayonnomasidan o’rin oldi.

 

      ANQARA SHAHRI MARKAZIDA KUCHLI PORTLASH SODIR BO’LDI  

Turkiya poytaxti Anqara shahrida kuchli portlash sodir bo’ldi. NTV telekanali ma’lumotiga ko’ra, bu kuchli portlash tufayli jarohatlanganlar va halok bo’lganlar bor.

Ma’lum qilinishicha, portlash poytaxtning Qiziloy dahasidagi Guven-park xiyoboni hududida Toshkent vaqti bilan soat 21:45da ro’y bergan. Portlashdan keyin hududdagi bir qancha mashinalar yona boshlagan.

Hozirda polisiyachilar hududni o’rab olishgan.

Mahalliy OAV bu portlash terakt ekani haqida va qurbonlar soni ko’pligi haqida yozishmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, portlash avtomobilga o’rnatilgan portlovchi modda harakatga keltirilishi orqali sodir etilgan.

 

      ISHID 3 HAFTA ICHIDA SURIYADA KATTA TALOFATLAR KO’RDI  

AQSH Davlat kotibi Jon Kerri IShID terrorchilik guruhi oxirgi 3 hafta ichida Suriyada 3 ming kvadrat kilometr hududni yo’qotganini ma’lum qildi. Kerri bu haqda Liviya, Suriya, Yaman va Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan Parijdagi uchrashuvda ma’lum qildi. Kerri ko’rsatilgan davr ichida 600 nafar jangari yo’l qilinganini va IShID jangarilariga qarshi bosim yanada kuchaytirilishini aytib o’tdi.

 

      BAADA O’ZBEK AVTOMOBILLARI TAQDIMOTI O’TKAZILDI

2015 yilda BAAning Dubay shahrida O’zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillarning taqdimoti bo’lib o’tdi. Taqdimot marosimida dunyoning 20 ta mamlakatidan kelgan distribyutor ishtirok etgan. Taqdimotda, xususan, Misr, Jazoir, Ummon, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Livan, Iordaniya, BAA hamda Markaziy va Janubiy Afrika mamlakatlari vakillari qatnashdi.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      XALQARO TANLOV G’OLIBLARI TAQDIRLANDI  

Joriy yilning 1-6 mart kunlari Kiprning Protaras shahrida matematika fani bo’yicha “SEEMOUS” o’ninchi xalqaro olimpiadasi o’tkazildi. Unda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi ikkita oltin medalni qo’lga kiritdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodning har tomonlama sog’lom va barkamol ulg’ayishi, zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi va o’z iste’dodini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi. “Ta’lim to’g’risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida zamon talablariga to’la mos keladigan milliy ta’lim tizimi yaratildi.

Mamlakatimizda fan-ta’lim izchil rivojlanmoqda. Zamonaviy bilim maskanlarida jahon standartlari asosida ta’lim-tarbiya olayotgan yoshlarimiz xalqaro miqyosda tashkil etilayotgan nufuzli tanlovlar, fan olimpiadalari, musobaqa va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuksak intellektual salohiyati, keng tafakkuri va zehni bilan dunyo ahli havasini uyg’otmoqda. Kiprda bo’lib o’tgan xalqaro olimpiadada O’zbekiston yoshlari muvaffaqiyatli qatnashgani ham buning yorqin isbotidir.

Kipr ta’lim va madaniyat vazirligi, matematika jamiyati hamda Janubi-Sharqiy Yevropa matematika jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur intellektual bellashuvda yigirmadan ortiq mamlakatdan 43 universitet jamoasining 150 dan ziyod iqtidorli talabalari ishtirok etdi.

Tanlovda O’zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibrohimov bittadan oltin medal, Mirmuhsin Mahmudov maxsus diplom bilan taqdirlandi.

– Matematika faniga bolaligimdan qiziqaman,– dedi Shohruh Ibrohimov.– Xalqaro musobaqada Vatanimiz shon-shuhratini namoyish etganimiz ozod va obod O’zbekistonda biz, yoshlar uchun yaratilgan cheksiz imkoniyatlardan bahramand bo’lib voyaga yetayotganimiz ifodasidir. Davlatimiz rahbarining yosh avlod kamolotiga qaratayotgan yuksak e’tibori, ta’lim olishimiz uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar ilm-fanga mehrimizni yanada oshirmoqda, jahonda mamlakatimizning sharafini mustahkam himoya qilishimizga asos bo’lmoqda. Vatanimizning ilm-fan sohasidagi mavqyeini yanada yuksaltirishga o’z hissamni qo’shish niyatidaman. O’zbekistondek osmoni musaffo, farovon mamlakat farzandi ekanimdan faxrlanaman.

Tadbirda g’olib va sovrindorlarga diplomlar topshirildi. 

 

      "YOSHLIK" SHAHARCHASI HOKIMI TALABALAR BILAN UCHRASHDI  

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida "Yoshlik" talabalar shaharchasi hokimi Q.Shonazarov talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Unda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat va sport sohalaridagi yutuqlarini rag’batlantirish, iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratishga alohida ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlandi.

“Yoshlik” talabalar shaharchasida sakkiz mingdan ziyod yigit-qiz oliy o’quv yurtlarida tahsil olib, istiqomat qilmoqda. Yoshlarning qulay sharoitlarda yashashi uchun o’ttizdan ortiq talabalar turar joyi zamonaviy asosda jihozlangan. Madaniy-ma’rifiy inshoot, kutubxona, sport majmualari yoshlarni jismonan va ma’nan barkamol etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Ochiq muloqot tarzida o’tgan tadbirda bugungi globallashuv davrida doimo ogoh va sergak bo’lish, a’lo baholarga o’qish, ijtimoiy faol bo’lish bilan Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo’lida sidqidildan xizmat qilish zarurligi ta’kidlandi. Talabalarning tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlash, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish uchun shaharchada yaratilgan shart-sharoitlar, yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qilayotgan to’garaklar, sport mashg’ulotlari faoliyati tahlil etildi.

Tadbirda talabalarning bo’sh vaqtlarini foydali va sermazmun o’tkazish, ular tomonidan turli huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish bilan bog’liq chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish xususida fikr almashildi.

 

      FRANKOFONIYa BAYRAMIGA MARHAMAT!

O’zMUda Frankofoniya bayrami 18 mart kuni bo’lib o’tadi.

Xalqaro Frankofoniya tashkilotiga (XFT) a’zo va kuzatuvchi davlatlarning Toshkentdagi elchixona va vakolatxonalari joriy yilning 18 mart kuni birgalikda Frankofoniya bayramini nishonlashadi.

Bu haqda Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati ma’lum qilgan. O’zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan bayram universitetning fizika fakulteti binosida soat 14.00 da boshlanadi.

Shu munosabat bilan 17-18 mart kunlari Frankofoniyaga bag’ishlangan turli-tuman o’yinlar va tanlovlar tashkil etiladi.

Tadbir doirasida fransuz tili o’qituvchilari, talabalar va fransuz tiliga qiziquvchi barcha ixlosmandlar Bolgariya, Misr, Fransiya, Gruziya, Chexiya, Ruminiya, Shveysariya va Ukraina elchixonalari tomonidan tashkil etiladigan turli ko’rgazmalarni tomosha qilishlari mumkin bo’ladi.

 

Hashardan dillar yashnar

 

Mehnat – insonni ulug’laydi, degan hikmat bejiz aytilmagan.

Bugun Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti murabbiylaridan tortib talabalarigacha hamma birdek mehnatsevar, serg’ayratligini namoyon etayotganga o’xshaydi.

Milliy universitet tevarak-atrofini ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirishga ahli jamoa birdek bel bog’lagan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning shu yil 19 fevraldagi “2016 yilgi Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida”gi Qaroriga muvofiq bu boradagi chora-tadbirlar yanada kengaymoqda.

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 4 martdagi farmoyishi asosida yurtimizda mart-aprel oylari obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. Uning doirasida 12-13 mart kunlari o’tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari Navro’z bayramiga munosib taraddud ko’rish, hududlarni obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash, “Sog’lom ona va bola yili” Davlat dasturida ko’zda tutilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilayotir.

Shuni dildan his etgan Milliy universitet jamoasi shanba-yakshanba kunlari yeng shimarib ishga kirishdilar.

Ish boshida O’zMU rektori Shuhrat Sirojiddinovning o’zlari bosh-qosh bo’lib turdilar. Ilg’or g’oyalari, ezgulikka yo’g’rilgan rejalari bisyor ustoz universitet hududi bo’ylab qadam-baqadam ishlarni taqsimladi.

Pedagog-xodimlar ham tomoshabin bo’lib turishgani yo’q. Qo’lni-qo’lga bergancha ishga tushib ketdilar.

Qush inida ko’rganini qiladi, deganlaridek, turfa bog’larni yaratishda ishtirok etgan talabalar bu o’zlari tahsil olayotgan universitet bog’larini ham rosmana chamanzorga aylantirishga bel bog’laganlar.

Universitet turli bo’limlarining faol xodimlari ham jonbozlik ko’rsatdilar.

Ayniqsa, O’zbek filologiyasi, Jurnalistika, Tarix, Iqtisodiyot fakultetlari talabalari, Fizika, Kimyo, Biologiya-tuproqshunoslik, Mexanika-matematika, Geografiya-geologiya, Ijtimoiy fanlar, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari rejadagi barcha ishlarni risoladagidek uddaladilar.

Peshinga borib bog’-rog’lar uzra tomchilagan yomg’irdan nainki ona tabiat, shu bilan bir qatorda hasharni qoyil qilgancha osharga otlanayotgan yigit-qizlarning dillari ham birdek yayrab ketdi.

Yomg’ir – hasharga yarasha ona tabiat in’omi bo’ldi!

 

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.