O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 28-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (14-19 mart kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 28-16

“AXBOROT SOATLARI” № 28-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (14-19 mart kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 28-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (14-19 mart kunlari)

TOSHKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      PREZIDENT ISLOM KARIMOVNING NAVRO’Z BAYRAMIGA BAG’ISHLANGAN TANTANALI MAROSIMDAGI SO’ZI

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Tabiat uyg’onib, gul-chechaklar ochilib, atrof yashil libosga burkanib borayotgan shu kunlarda yasharish va yangilanish fasli bo’lmish Navro’zi olam yurtimizga kirib kelishi bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklash, barchangizga o’zimning chuqur hurmat va samimiy tilaklarimni izhor etish – men uchun katta baxtdir.

Navro’zi olam barchamiz uchun necha ming yillik tarixga ega, ildizlari “Avesto” davrida paydo bo’lgan, qadimiy, asl milliy, har qanday siyosatdan yiroq, kecha va kunduz teng keladigan sharqona yangi yil bo’lib, el-yurtimiz tabiatiga, ongu tafakkuri, qalbi-shuuriga chuqur singib ketgan eng sevimli, eng go’zal bahor bayramidir.

Ayni shu betakror va dilbar faslda ko’klam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek bo’ladi. Barchamiz o’zimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, g’ayrat va shijoatga to’lgandek sezamiz, o’zimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz.

Ayni shu fayzli, shodiyona damlarda yurtimizning barcha go’shalarida, qir-adirlar, bog’u rog’larda yurtdoshlarimiz sumalak va halim, ko’ksomsa va go’ja kabi tansiq taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida to’planib, bu bahor ne’matlarini o’z oilasi, yaqinlari, do’stu birodarlari bilan baham ko’rishga intiladi.

Hyech shubhasiz, bunday xursandchilik va sayil-tomoshalarni ko’pchilik xonadon va mahallalarda, markazda, uzoq va chekka qishloqlarda ko’rish, kuzatish qiyin emas.

Aholimiz, qaysi millat va elat vakili bo’lishidan qat’i nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan o’tkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bag’riga bosib, sog’lik, baxtu saodat va omad tilashi hyech kimni befarq qoldirmaydi, desam, haqiqatni aytgan bo’laman.

Men ham ayni shu daqiqalardan foydalanib, mana shu muazzam va go’zal maydonda to’plangan siz, azizlarga, butun xalqimizga qarata Alisher Navoiy bobomizning tabarruk so’zlari bilan aytmoqchiman: “Barchangizga Navro’z bayrami muborak bo’lsin, har kuningiz Navro’z bo’lsin!” degan samimiy tilaklarimni, mehr-izzatimni qabul qilishingizni so’rayman.

Qadrli do’stlar!

Navro’zning o’lmas ruhi va qadriyatlari avlodlardan-avlodlarga bezavol o’tib kelmoqda, oradan qancha yillar, zamonlar o’tmasin, bu g’oya va odatlar bugungi kunlarda ham xalqimizning ongu tafakkurida chuqur iz qoldirib, kuchayib bormoqda.

Shu o’rinda ba’zi bir misollarni olib kelmoqchiman.

Necha ming yillik tariximizdan ma’lum: Navro’z faslida turli nizo va adovatlar, gina va arazlar unutilib, odamlar, millat va elatlar o’rtasida mehr-oqibat, shafqat va muruvvat, hamjihatlik kabi insoniy tuyg’ular yanada kuchayadi.

Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon to’kishlarning oldini olish, paydo bo’layotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yo’li bilan hal qilishga qaytsak, xalqimiz iborasi bilan aytganda, olam guliston bo’lardi.

Ishonchim komil, agarki shu kunlarda ko’pni ko’rgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining to’rida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb so’rasa, xalqimiz, hyech ikkilanmasdan, bizga tinchlik va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar.

Bunday yakdillikning sababi va ildizlarini avvalo bizning qadimiy tariximiz, ko’p qirrali buyuk madaniyatimizda, umumbashariy taraqqiyotga o’chmas hissa qo’shgan ulug’ olim va mutafakkirlarimiz qoldirgan bebaho merosda, ona yurtimiz ko’p zamonlar davomida bilim, ma’naviyat va ma’rifat markazi bo’lib kelganida ko’rish darkor.

Buning ustiga, azal-azaldan xalqimizga mansub bo’lgan olijanoblik, bag’rikenglik, odamiylik va mehribonlik, muhtoj bo’lganlarni qo’llab-quvvatlash, keksalarning duosini olish, yetim-yesirlarning boshini silash kabi savob ishlarni bajo keltirishda bunday xususiyat va alomatlar aholimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgani hyech kimga sir emas.

Bularning barchasi asrlar mobaynida avloddan-avlodga o’tib, boyitilib, oxir-oqibatda ezgu insoniy tushunchalarga aylanib, xalqimizning ma’naviy va amaliy dunyoqarashi uchun mustahkam poydevor bo’lgan.

Tabiiyki, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega bo’lgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, o’zi uchun tinchlik va omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hyech shubhasiz, yaqin va uzoq qo’shnilari bilan o’z munosabatlarini o’zaro hurmat, do’stlik, hamjihatlik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi. Va yurtimizni, aholimizni har qanday balo-qazolardan omon saqlashni o’zining ustuvor vazifasi deb biladi.

Mana shunday quvonchli damlarda bugun bizga katta hurmat va ehtirom bildirib, shu go’zal maydonda Navro’z shodiyonalarimizda ishtirok etayotgan chet mamlakatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini, xorijiy sherik va hamkorlarimizni, barcha muhtaram mehmonlarimizni sizlarning nomingizdan, butun xalqimiz nomidan Navro’z bayrami bilan qutlashga, ularga qizg’in hurmat va salomimizni yo’llashga ruxsat bergaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun mana shu fayzli maydonda jamuljam bo’lgan siz, azizlarni qutlab, sizlarning timsolingizda avvalo O’zbekistonimizni yanada obod va farovon qilish yo’lida o’zining mardona mehnati va matonati bilan ulkan hissa qo’shayotgan, erishayotgan yutuq va marralari bilan barchani qoyil qoldirayotgan, yovuz kuchlarga bosh egmaydigan, o’z qadr-qimmatini, mustaqilligini yuksak baholaydigan, bag’rikeng xalqimizni ko’raman. Va shu yuksak minbardan turib, shunday olijanob fazilatlar sohibi bo’lgan xalqimiz oldida ta’zim qilaman.

Bizning tayanchimiz va suyanchimiz bo’lmish O’zbekiston yoshlariga qarata aytmoqchiman: boshimizdan kechirayotgan, shiddat bilan o’zgarib, tobora murakkablashib borayotgan davr barchamizning, birinchi navbatda, siz, aziz farzandlarimizning oldiga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, intellektual boyliklarni chuqur egallash, shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini yangi bosqichga ko’tarish, iqtisodiyotimizni yangilash, modernizasiya va diversifikasiya qilish, bularni taraqqiyotimizning lokomotiviga aylantirish kabi vazifalarni qo’ymoqda.

Ayni shu ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yo’lida siz, azizlarning xalqimiz, Vatanimizning ishonchini oqlashga qodir ekaningizga ishonaman va barchangizni doimo qo’llab-quvvatlashga tayyorman.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Mana shu nurafshon va go’zal ayyomda barchangizni kirib kelayotgan Navro’z bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.

Navro’z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, mehru oqibat, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Barcha-barcha orzu-niyatlarimiz ushalsin!

Navro’zi olam barchamizga muborak bo’lsin!

 

 

      BAXTLI ODAMLAR MAMLAKATI

O’zbekiston dunyodagi eng baxtli mamlakatlar reytingida 49- va Markaziy Osiyo davlatlari orasida 1-pog’onadan joy oldi.

SDSN tashkiloti va Kolumbiya universiteti (AQSh) dunyoning eng baxtli mamlakatlar reytingi «World Happiness Report 2016»ni tuzdi.

Bunda mamlakat aholisi o’rtasida o’tkazilgan so’rovlar asosiy mezon sifatida olindi. Shuningdek, 2013-2015 yillardagi makroiqtisodiy ko’rsatkichlar, fuqarolarni ijtimoiy ta’minlanish darajasi, sog’liqni saqlash, aholi jon boshiga YaIM hisobga olindi.

Ushbu reytingda O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarini ortda qoldirib, 49-o’rinni band etdi. Bundan tashqari, mamlakatimiz Italiya (50) Yaponiya (53), Rossiya (56) Janubiy Koreya (58) va boshqa mamlakatlardan yuqori pog’onada qayd etildi.

Daniya mazkur reytingda yetakchilik qilgan bo’lsa, undan keyingi o’rinni Shveysariya band etdi. Uchinchi o’rinda Islandiya qayd etildi.

Natijalarga ko’ra, Afg’oniston, Suriya va Togoda yashaydigan insonlar o’zlarini baxtsiz his qilishadi.

 

      35 MILLION DOLLAR INVESTISIYA

Coca-Cola kompaniyasi keyingi 4 yil davomida O’zbekistondagi zavodlarini rivojlantirish maqsadida 35 mln dollardan ortiq investisiya kiritishni rejalashtirgan. Bugungi kunda amerikalik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda O’zbekistonning Toshkent, Urganch va Namangan shaharlarida Coca-Cola zavodlari faoliyat ko’rsatmoqda. Bu zavodlarda turli qadoqlardagi 6 turdagi ichimliklar tayyorlanadi. Coca-Cola 2019 yilning oxirigacha Urganch va Namangandagi zavodlarini modernizasiya qilishni, shuningdek Toshkentdagi markaziy zavodda yangi liniya o’rnatishni rejalashtirgan. Rejaga ko’ra, bu orqali soatiga 48 shisha ichimlik chiqarish imkoniyati paydo bo’ladi va kunlik ish hajmi 2 barobar ortadi. Texnik jihozlash ishlari bilan Germaniyaning Krones kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bunday texnologiyalar hali Markaziy Osiyodagi zavodlarning hyech biriga o’rnatilmagan. Zavodlarning ish hajmini oshirish ichki bozorda talabning oshgani va tahlilchilarning ijobiy prognozlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. 2015 yilda O’zbekistondagi zavodlar qo’shni mamlakatlarga 2,5 mln dollar miqdoridagi mahsulotlarini eksport qilgan. Kompaniya faqatgina ishlab chiqarish hajmini oshirishni emas, yangi turdagi mahsulotlar tayyorlashni yo’lga qo’yishni rejalashtirgan. Masalan, sharbat va alyumin idishlarda qadoqlanadigan gazli ichimliklar. Yangi loyihalarning yo’lga qo’yilishi orqali O’zbekistonda yoz oylarida kuzatiladigan Coca-Cola ichimliklari tanqisligiga barham berishga erishish ko’zda tutilgan. Coca-Cola kompaniyasining O’zbekistondagi birinchi zavodi 1994 yilda Toshkenda ochilgan. Urganch va Namangandagi zavodlar faoliyati 1997 yilda yo’lga qo’yilgan.

 

      diniy bag’rikenglikka bag’ishlangan tadbir

Poytaxtimizda “Millatlararo totuvlik – barqarorlik omili” mavzuida o’tkazilgan tadbirda shular haqida so’z bordi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda millatlararo totuvlik, bag’rikenglik muhiti qaror topgan. Bu taraqqiyotimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda 130 dan ortiq millat vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotini ravnaq toptirish yo’lida samarali mehnat qilayotir. Qariyb 140 milliy-madaniy markaz faoliyat ko’rsatmoqda. Tadbirda O’zbekistondagi millatlararo ahillik, do’stlik va bag’rikenglik muhiti insonga eng oliy qadriyat deb qarash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo’layotgani ta’kidlandi. Turli tillarda kuylangan qo’shiqlar yig’ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

 

      NNTLARNI QO’LLAB-QUVVATLASHGA 11 MILLIARD SO’M

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi mablag’larini boshqarish bo’yicha Parlament komissiyasi yig’ilishi bo’lib o’tdi. 2016 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlashga 11 milliard so’m mablag’ ajratildi. Bu 2015 yilga nisbatan 10 foiz ko’p demakdir.

Prezidentimizning shu yil 9 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Sog’lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishini ta’minlashga e’tibor qaratildi. Bu yo’nalishda sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga ko’maklashish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, xalqimizning madaniy merosini ommalashtirish, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 2,3 milliard so’mlik mablag’ ajratildi. Ushbu loyihalar doirasida tug’ma va irsiy kasalliklarni aniqlash, erta nikoh va qarindoshlar o’rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan ogohlantirishga qaratilgan axborot va ma’rifiy materiallar, teledasturlar tayyorlanadi. Kam ta’minlangan oilalarning tug’ma yurak nuqsoni bor farzandlariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga ijtimoiy, ruhiy-pedagogik, huquqiy va ma’rifiy yordam ko’rsatish uchun qo’shimcha shart-sharoit yaratiladi.

 

      XALQARO KO’RGAZMALAR

“O’zekspomarkaz”da oziq-ovqat sanoati va qishloq xo’jaligi sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2016” va “AgroWorld Uzbekistan – 2016” xalqaro ko’rgazmalari ochildi. Ko’rgazmalar O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirliklari, Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi, “O’zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko’rgazma kompaniyaci hamkorligida tashkil etildi. Ko’rgazmalarda Xitoy, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Niderlandiya, Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Daniya, Polsha, Shvesiya, Slovakiya, Litva, Indoneziya, Malayziya, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari kabi 28 mamlakatdan bir yuz oltmishdan ziyod kompaniya ishtirok etmoqda. “WorldFood Uzbekistan” va “AgroWorld Uzbekistan” ko’rgazmalari oziq-ovqat sanoati va qishloq xo’jaligi sohasining barcha zamonaviy yo’nalishlarini o’zida mujassam etgan. Unda oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, sovutish hamda restoran uskunalari, qadoqlar va qadoqlash texnologiyalari, parrandachilik, chorvachilik, veterinariya, donni qayta ishlash va saqlash, omixta yem ishlab chiqarish uchun uskunalar, qishloq xo’jaligi texnikasiga oid ko’plab bo’limlar ishlab turibdi. Ushbu ko’rgazmalar mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o’rtasida muzokaralar o’tkazish, tajriba almashish, o’zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy investisiyalarni jalb etish hamda O’zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

      20 DAN ORTIQ KO’P QAVATLI AVTOTURARGOHLAR QURILADI

Yaqin kunlarda Toshkent aeroporti yonida qariyb 800 ta avtomobilga mo’ljallangan ko’p qavatli avtoturargoh barpo etiladi. 530 ta avtomobilga xizmat ko’rsatishga mo’ljallangan avtoturargohlar, shuningdek Toshkent markaziy vokzali va Ippodrom bozori yonida ham quriladi. Umumiy hisobda Toshkent shahri hududida 20 ta ko’p qavatli avtoturargohlar barpo etish loyihasi ishlab chiqilgan. Ularning har biri yarim millionta avtomobilni o’z ichiga oladi. Avtoturargohlarda shuningdek, texnik xizmat ko’rsatish majmualari ham joylashadi. Ko’p qavatli avtoturargohlar hozirda poytaxtning Chorsu bozorida va “Samarqand darvoza” savdo-ko’ngilochar markazida mavjud.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      YAPONIYADA NAVRO’Z BAYRAMINI YUQORI KAYFIYATDA NISHONLASHDI

Yaponiyaning Tokio shahrida 2016 yilning 19 mart kuni Navro’z bayramiga bag’ishlangan bayramona kecha bo’lib o’tdi. Bayram tashkilotchilari bo’lgan O’zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi va “Ipak Yo’li” madaniyat va raqs ansambli, Yaponiya davlatida ish va o’qish yuzasidan istiqomat qilib kelayotgan O’zbekiston va O’rta Osiyo xalqalari, shu bilan birga, yapon millati bo’lgan mehmonlar uchun ajoyib bayram kayfiyati ulashdilar. O’zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi xodimlari tabrik nutqida barchani Navro’z ayyomi bilan butun O’zbekiston nomidan qizg’in muborakbod etib, bayramni yuqori shukuh bilan ochib berdilar. Tokio Xorijiy tillar universitetining talabalari bayramni yapon va o’zbek tillarida olib borishdi. Bayram dasturi davomida Aiko Takeuchi boshchiligidagi «Ipak Yo’li» madaniyat va raqs ansambli o’zbekona raqslar va qo’shiqlar bilan bayram tadbirini maroqli o’tishiga o’z xissalarini qo’shdilar. Yaponiyada har yilgi ana’naviy o’tkizib kelinayotgan Navro’z bayrami Yapon va O’rta Osiyo millatlari o’rtasidagi Xalqaro do’stlik aloqalarini yanada mustahkamlab, O’zbekiston va Yapon milliy urf-odatlari va madaniyatini kengroq yoyilishiga yana bir karra xizmat qilmoqda.

 

      FALOKATGA UCHRAGAN “BOING” SAMOLYOTI HAQIDA

19 mart, shanba kuni FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri Rossiyaning Rostov-Don shahri aeroportiga qo’nish vaqtida halokatga uchradi. Hodisa oqibatida samolyot bortida bo’lgan barcha yo’lovchilar (55 kishi) va ekipaj a’zolari (7 kishi) halok bo’lgan. Qo’nishga bir necha daqiqa qolganda uchuvchi noma’lum sababga ko’ra qo’nish o’rniga navbatdagi davraga ketishga qaror qilgan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan. Samolyot 900 metr balandlikdan 300 km/soatdan kattaroq tezlik bilan yerga tushgan. Ekipaj fojia oldidan falokat signali bermagan va nosozliklar haqida xabar bermagan. Samolyot tik qulagan va deyarli tumshug’i bilan yerga kirib ketgan. “Boing” balandlikka ko’tarilish vaqtida qulagan. Bundan tashqari, ob-havo mutaxassislarining ta’kidlashicha, fojia vaqtida kamdan-kam uchraydigan tabiiy hodisa – shamolning purkovchi oqimi kuzatilgan. BAAning FlyDubai aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737-800 layneri qo’nish uchun birinchi urinish muvaffaqiyatsiz chiqqach, yana 2 soatdan ortiq vaqt davomida havoda bo’lgan va qo’nishga uringan.

 

      SURIYADAN ROSSIYA AVIASIYA GURUHI OLIB CHIQIB KETILADI

Rossiya Prezidentining aytishicha, operasiya oldidan qo’yilgan asosiy maqsadlarga ershilgan: “Mudofaa vazirligi hamda qurolli kuchlar oldiga qo’yilgan aosiy vazifaga erishildi deb hisoblayman, shu sababli mudofaa vaziriga ertadan boshlab Suriya Arab Respublikasidan qo’shinlarimizning asosiy qismini olib chiqib ketishni buyuraman”. Shu bilan birga Putin Suriyaning Tartus hamda Xmeymim bazalarida bir necha yillardan beri faoliyat yuritayotgan harbiy punktlar faoliyati davom ettirilishi lozimligini ta’kidladi. Aynan mana shu qo’shinlar guruhiga o’t ochishni tugatishni nazorat ostiga olish hamda tinchlik jarayoni uchun sharoitlar yaratish vazifasi topshirildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya HKK Suriyadagi harbiy operasiyalarga umumiy hisobda 33 mlrd rubl miqdorida pul sarflanganini ma’lum qildi.

 

      GERMANIYA ANQARADAGI ELCHIXONASINI YOPADI

Germaniya hukumati 18 martdan Anqaradagi elchixonasini yopishga qaror qilgan. Bu qaror qabul qilinishiga Turkiyada "teraktlarning oxiri yo’qligi" sabab bo’lgan. Shuningdek, Turkiyadagi nemis maktablari va bog’chalari faoliyati ham to’xtatilishi aytilgan. Bundan oldinroq, Germaniya TIV Anqaradagi savdo markazlarida teraktlar uyushtirishga tayyorgarlik ko’rilayotgani haqida ogohlantirilgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o’tamiz, 13 mart kuni Anqaradagi xiyobon oldida avtobus yoniga kelgan avtomobil portlatildi va natijada 37 kishi halok bo’lib, 125 kishi jarohatlandi. "Kurdiston ozodligi lochinlari" guruhi bu terakt uchun javobgarlikni o’z zimmasiga oldi.

 

      TURKIYADA XAVFSIZLIK CHORALARI KUCHAYTIRILADI

13 mart, yakshanba kuni Anqarada portlash sodir bo’ldi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, terakt natijasida 37 kishi qurbon bo’ldi, 120 dan ortiq kishi yaralandi. Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo’g’li 13 mart kuni Anqarada sodir etilgan terakt tufayli xavfsizlikni ta’minlash choralari kuchaytirilishi haqida ma’lum qildi. Istanbul va Anqara shaharlarida hamda boshqa yirik shaharlarda xavfsizlikni ta’minlash choralari kuchaytiriladi.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      FRANKOFONIYA-2016

Har yili mart oyida Fransiyaning O’zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan “Frankofoniya” deb nomlangan anjuman o’tkazilishi an’anaga aylangan.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida Xalqaro frankofoniya kuni o’tkazildi. 20 mart – Xalqaro frankofoniya tashkilotiga (XFT) asos solingan kunga bag’ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda professor-o’qituvchilar, talabalar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jak-Anri Ols va boshqalar O’zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur o’rganishi uchun barcha sharoit yaratilganini, bu borada xalqaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar zamon talablariga mos, mustaqil va sog’lom tafakkurli, xorijiy tillarda erkin so’zlasha oladigan yoshlarni kamol toptirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Yoshlarimiz xorijiy davlatlarda bilimini mustahkamlash, o’qituvchilar malakasini oshirish, o’zaro tajriba almashish imkoniga ega bo’lmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo’layotir.

Mazkur tadbirdan maqsad mamlakatimizda fransuz tilini o’qitish sifatini oshirish, talabalarda ushbu tilda erkin so’zlashish qobiliyatini rivojlantirish, madaniyatlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.

Xalqaro frankofoniya tashkilotining asosiy maqsadi fransuz tilida so’zlashuvchi xalqlar va mamlakatlar urf-odati va madaniyatini keng targ’ib etish, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.

Tadbir doirasida Fransiya, Shveysariya, Bolgariya, Gruziya, Chexiya, Ruminiya, Misr, Ukraina kabi XFTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari tomonidan ilmiy-madaniy ko’rgazma, fransuz tili bo’yicha tanlovlar o’tkazildi. G’oliblar esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi hamda Fransiyaga bir oylik sayohat yo’llanmasini qo’lga kiritdi.

– O’zbekiston bilan Shveysariya o’rtasidagi aloqalar ko’plab sohalar qatori fan-ta’lim yo’nalishida ham izchil rivojlanmoqda, – dedi Shveysariyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shtefan Klyosli. – Hamkorlikda kadrlar malakasi, kasb mahoratini oshirishga qaratilgan qator qo’shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Mamlakatingizda ta’limning barcha bosqichini yuksak darajada rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor. Ayniqsa, yurtingizda chet tillarini o’rganishga qaratilayotgan e’tibor tufayli yoshlar ko’plab xorijiy tillarda erkin so’zlayotganiga havas qilsa arziydi.

 

      ILMIY IZLANISHLAR SAMARALI BO’LADI

 

Ilm muttasil izlanishni talab etadi. Bugungi kunda ilmiy izlanish jarayonlari ham o’ziga xos ravishda globallashib bormoqda. Ya’ni, tanlangan mavzu dunyo miqyosida o’rganilmoqda. Xo’sh, ushbu mavzuda biror mamlakatning oliy ta’lim muassasasida ilmiy tadqiqot olib borilganmi? Bu masalada ulardan o’rganiladigan jihatlar bormi? Agar o’rganiladigan jihatlari bor bo’lsa, u holda qanday yo’l tutmoq zarur?

Shu kabi masalalarni izchil o’rganib borish, bu borada rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, eng muhimi ilmiy ishlarini belgilangan muddatlarda takomiliga yetkazishga ko’maklashish maqsadida Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar hamda mustaqil tadqiqotchilar uchun doimiy ravishda (har oyda ikki marotaba) ilmiy seminarlar o’tkazib borish yo’lga qo’yildi.

Shuni aytish joizki, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, zarur adabiyotlardan samarali foydalanishlari uchun universitet axborot-resurs markazidan alohida xonalar ajratilgan. Bu yerda ular muntazam o’tirib ishlari, izlanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Bulardan ko’zlangan asosiy maqsad – tadqiqotchilar doktorlik dissertasiyalari mavzularining vazifalari, o’rganilganlik darajasi, yangiligi bilan yaqindan tanishib borish, ularga tegishli maslahatlar berish, zarurat paydo bo’lganida xorijga borib, dunyo tajribasini o’rganishlariga ko’maklashishdan iborat.

Dissertasiyani himoya qilish uchun izlanuvchidan faqatgina o’z soxasi bo’yicha mustahkam bilimgina emas, balki omma orasida gapira olish, ya’ni notiqlik mahorati, dissertasiyasi bo’yicha berilgan savollarga aniq javob berishga ham tayyor bo’lish talab etiladi.

Mazkur ilmiy seminarlarga taniqli akademiklar, turli soha olimlari jalb etilib, ularning ilmiy maktablari, tajribalari puxta o’rganilmoqda.

Ma’lumki, Milliy universitetimizda tegishli memonrandumlar asosida AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstriya, Polsha, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarning nomdor oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xalqaro akademik va ilmiy sohadagi fondlar va tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

2016 yil 11 mart kuni o’tkazilgan navbatdagi ilmiy seminarda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, Ilmiy ishlar bo’yicha prorektori Alisher Hayitboyev, ilmiy-tadqiqot bo’limi boshlig’i Akrom Toshpo’latov va boshqalar katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning shu kunga qadar amalga oshirgan ishlari bilan tanishdilar. Unda 3-bosqich katta ilmiy xodim-izlanuvchilaridan bir guruhining hisobotlari tinglandi.

Iqtisodiyot fakultetidan Guljahon Mahmudova “Iqtisodiyotning “quvib yetadigan modernizasiyalash” modeli nazariy asoslarini takomillashtirish”, Geologiya-geografiya fakultetidan Rustam Xolmatov “Chotqol-Qurama tog’larining oltin-kumush ma’dan konlari va dayka aksessorlarining mikro-nanomineralogiyasi”, Fizika fakultetidan Nigora Akbarova “O’lchashlarni standartlashtirishda raqamli golografik interferometirya va spekl-interferometriya” mavzularidagi doktorlik dissertasiyalari natijalari bilan tanishtirdilar. Tegishli slaydlar vositasida taqdim etilgan mavzular yuzasidan berilgan savollarga tadqiqotchilar atroflicha javob berdilar.

Ilmiy seminar davomida tadqiqotchilarga tegishli maslahatlar va tavsiyalar berildi.

 

      YAPON OLIMLARI BILAN UCHRASHUV

 

Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida 2005 yildan e’tiboran boshlangan ta’lim sifati bosqichi davrida pedagog-o’qituvchilarni ilg’or pedtexnologiyalar va xalqaro ta’lim talablari asosida zamonaviy bilimlarni berish, malakasini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 20 avgustdagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarorida belgilangan vazifalar respublikamiz OTMlarida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan isloh etishga qaratilgan.

Bugungi davrda mamlakatimizdagi 15 tayanch oliy ta’lim muassasasida 71 ta yo’nalish bo’yicha xalqaro standardlarga uyg’unlashtirilgan o’quv reja va fan dasturlari qayta ko’rib chiqilib, yanada takomillashtirilmoqda.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida Yaponiya ta’lim ekspertlari bilan bo’lgan uchrashuvda tarix va arxeologiya fanlari bo’yicha davlat ta’lim standartlari, o’quv reja va fan dasturlarining yangi variantlari bo’yicha fikr almashildi. Unda Yaponiyaning Rishsho universiteti professorlari Kyudzo Kato, Ikegami Satoru Shimizu Sachiyo va Otaki Katsunorilar hamda O’zMU professor-o’qituvchilari, yosh tadqiqotchilari ishtirok etdilar.

Xalqaro ekspertlar O’zMU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadilar.

Uchrashuvda xalqaro ekspertlarning galdagi hamkorliklari va keyingi o’quv yilidan Milliy universitetga taklif etilishi rejalashtirilayotgan yapon professorlari tarkibi haqida kelishib olindi.

 

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.