O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 29-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (21-26 mart kunlari) MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 29-16

 

“AXBOROT SOATLARI” № 29-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (21-26 mart kunlari)
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
“AXBOROT SOATLARI” № 29-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (21-26 mart kunlari)
TOSHKENT
O‘zMU - 2016
.
      I. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR
      O‘ZBEKISTON VA VENGRIYA OLIY TA'LIM TIZIMIDAGI HAMKORLIK 
23 mart kuni O‘zbekiston Respulikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligida oliy ta'lim tizimidagi hamkorlik masalalarini o‘zaro muhokama qilish uchun Vengriya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda vazir o‘rinbosari Laslo Sabo boshchiligidagi Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligining 6 nafar xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakillari ishtirok etdilar. Muloqot davomida Vengriya tomoni O‘zbekiston bilan oliy ta'lim sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi yo‘lida istalgan sohalar yo‘nalishida 30 ga yaqin stipendiyalar dasturi ajratishga tayyor ekanligini bildirdi. Ushbu dasturlar 3 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, bakalavariat, magistratura va doktarantura bosqichidagi kadrlarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Ta'kidlash kerakki, mazkur stipendiyalarda xalqaro aviachiptalardan tashqari barcha to‘lovlar Vengriya tomonidan qoplanadi. O‘zbekistonlik talabalar ushbu dasturlardan biri - BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha tashkiloti - FAO (Food and agriculture organization of the United Nations)ning stipendiya loyihasida qatnashishlari mumkin. O‘zbekiston va Vengriya davlatlari oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ham muhokama qilindi.
      “E-YOSHLAR”DA NAVRO‘Z” VIRTUAL AKTSIYASI 
Turli sohalarda faoliyat olib boruvchi, xorijda va mahalliy oliy ta'lim muassasalarida ta'lim oluvchi o‘zbekistonlik faol yoshlar ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan foydalangan holda Navro‘z bayramini o‘zgacha usulda nishonlashdi. e-yoshlar.uz saytining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozlaridan” biri hisoblangan #NavrUZ xesh-tegining ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi shahar va tuman markazlaridagi bayram tantanalari bilan hamohanglikda olib borildi.
Joylarda faoliyat yuritgan “MOBIL MUXBIRLAR” tomonidan “e-yoshlar”da Navro‘z” virtual aksiyasi doirasida on-layn foto, video reportajlar uzluksiz jo‘natib turildi va jahon ommasiga virtual tarzda havola etildi.
Aksiyaning muhim qismlaridan biri bo‘lgan - #NavrUZ xesh-tegini dunyo trendiga chiqarish maqsadi ham amalga oshirildi. Soat 12:00 dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt davomida 270 mingdan ortiq tvit yozilib, o‘zbekistonlik Tvitter foydalanuvchilari rekord natija bilan (Soat 16:00 dan 17:00gacha 115 mingga yaqin tvit) yana bir bor dunyo trendiga chiqishdi. “e-yoshlar”da Navro‘z” virtual aksiyasi qamrovi jihatidan 13 mln. 100 ming kishini o‘z ichiga oldi. Butun aksiya davomida 8 mln. ga yaqin nashr yozildi. 2 mln. 100 ming nafar kishi bayram tantanalari o‘tkazilayotgan maydonlar, turli istirohat bog‘larida o‘tkazilgan aksiyalar davomida “e-yoshlar”da Navro‘z” loyihasining bevosita ishtirokchisi yoki kuzatuvchisiga aylanishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda 3 mln. dan ziyod foydalanuvchi virtual aksiyada faol ishtirok etdi. Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, loyiha davomida hududlardan aksiyani o‘tkazish Shtabiga kelib tushgan materiallar soni 21 ming (video, audio, matn va fotosuratlar)dan ziyodroqni tashkil etdi.
To‘laqonli bayramona “veb-sayil”ga aylangan virtual aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad esa Navro‘z bayramini ham keng jamoatchilik, ham virtual olamda butun dunyo ahli bilan nishonlash va uning asosida “E-yoshlar.uz” sayti taqdimoti va targ‘ibotini tashkil etish, yoshlarimizni ushbu sayt imkoniyatlari va imtiyozlaridan xabardor qilish, yurtimizda ro‘y berayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaslikka chorlash, Milliy qadriyatlarimiz va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarda O‘zbekiston farzandi ekanligidan faxrlanish tuyg‘usini yanada oshirishdan iborat.
      O‘ZBEKISTON AHOLISI 31,5 MILLIONDAN OSHDI 
2016 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston doimiy aholisining soni 31 million 576,4 ming kishini tashkil qildi. Ushbu ma'lumot Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan e'lon ?ilindi <http://www.stat.uz/ezhekvartalnye-doklady/981-2015>. O‘tgan yil davomida mazkur ko‘rsatkich 553,9 ming kishiga yoki 1,8 foizga ko‘paydi. Shahar joylari aholisi yil boshida 15,964 millionga yetgan bo‘lsa (aholi umumiy sonining 50,6 foizi) qishloq joylarida - 15,612 millionni tashkil etdi (49,4 foiz). Tug‘ililishlar soni o‘tgan yilda 735,8 mingni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (718,0 ming kishi) nisbatan 17,8 mingga ko‘paydi. Tug‘ilish koeffitsiyenti mos ravishda 23,5 promilleni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (23,3 promille) nisbatan 0,3 promillega ko‘paydi. 
2015 yilda vafot etganlar soni 152,9 ming nafarni tashkil qildi va 2014 yilning shu davriga (149,8 ming kishi) nisbatan 3,1 ming nafarga ko‘paydi. Mos ravishda o‘lim koeffitsiyenti 4,9 promilleni tashkil qildi (2014 yilda - 4,9 promille).
O‘lganlar umumiy sonidan 58,9 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 8,6 foizi - o‘sma kasalliklaridan, 5,9 foizi - ovqat hazm qilish organlari kasalliklaridan, 5,4 foizi - nafas olish organlari kasalliklaridan, 6,6 foizi - baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlardan vafot etgan.
2015 yilda bir yoshga to‘lmagan 8,3 mingta bolalar o‘limi kuzatildi. Bolalar o‘limi koeffitsiyenti 11,4 promilleni tashkil qildi (2014 yilning yanvar-dekabrida-10,8 promille).
Bir yoshgacha olamdan o‘tgan bolalarning umumiy sonidan 59,0 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 23,2 foizi - nafas olish organlari kasalliklaridan, 9,1 foizi - tug‘ma anomaliyalardan va 3,4 foizi infeksiya va parazitlar bilan kasallanganligi sababli vafot etgan.
2015 yilning yanvar-dekabrida FHDYO organlarida 287,6 mingta nikoh va 29,6 mingta ajralishlar ro‘yxatga olindi. Ming aholiga nisbatan 9,2 ta nikoh (2014 yilda - 9,6 ta) va 0,9 ta ajralishlar (2014 yilda - 0,9 ta) to‘g‘ri keladi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 139,6 ming kishini, shu davr mobaynida ko‘chib ketganlar soni esa 168,6 ming kishini tashkil qildi. Migratsiya qoldig‘i minus 29,0 ming kishiga (2014 yilda - minus 38,5 ming kishi) teng bo‘ldi.
      TINCH HAYOT VA BOY MADANIY MEROS SAYYOHLAR OQIMI GAROVI
23-26 mart kunlari Moskvada eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri - MIIT-2016 o‘tkazilmo?da <http://ru.sputniknews-uz.com/tourism/20160324/2278772.html>. O‘zbekiston qisqa tanaffusdan so‘ng mazkur sayyohlik forumiga qo‘shildi va unda bizdan 14 ta sayyohlik kompaniyalari ishtirok etishmoqda. O‘zbekiston stendiga bo‘lgan qiziqish juda katta, shu bois Rossiya federatsiyasidan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi ko‘payishi muqarrar. 
YUqori mavqyega ega bo‘lgan bu sayyohlik forumida qatnashish uchun 180 ta mamlakatdan 1500 nafar kompaniya vakillari tashrif buyurishdi. Sobiq sovet ittifoqi mamlakatlari vakillari uchun alohida zal berildi. 8-pavilonga kirar ekansiz, o‘zingizni xuddi Sharq ertaklari olamiga tushib qolgandek his etasiz. Bu yerda Samarqand moviy gumbazli saroylari ruhida yaratilgan “O‘zbekturizm”ning milliy stendiga ko‘zingiz tushadi. Yuzlab mamlakatlar orasidan u o‘zining uslubi bilan ajralib turdi. “O‘zbekturizm” stendidan tashqari yana 14 nafar sayyohlik kompaniyalarimiz hamda O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyamiz ham u yerdan joy olgan. Yevropadagi beqaror vaziyat, shuningdek, Turkiya va Misr kurortalarining ta'qiqlanganidan so‘ng rossiyaliklarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Yurtimiz o‘zining madaniy-tarixiy merosi, ajoyib iqlimi bilan sayyohlarning e'tiborini jalb qilmoqda, bu yerda til muammosining yo‘qligi ham muhim o‘rin tutadi. Kompaniya vakili bugungi kunda dolzarb hisoblangan moliyaviy masalaga to‘xtalar ekan, bu ma'lum bir sayyohlik turi hamda sayohat vaqtiga bog‘liq ekanligini ta'kidladi. Mamlakatimizning madaniy-tarixiy markazlari bilan haftalik tanishuv sayohati rossiyaliklar uchun o‘rta hisobda 450 dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Biroq uchish xarajatlari bunga kirmaydi, alohida to‘lanadi. Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, YUNESKO obidalari hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi butun dunyo bo‘yicha 9-o‘rinda turadi. Shuning uchun yevropaliklar, xususan, fratsuzlar va nemislarni yurtimizga asosan madaniy-ma'rifiy qiziqishlar yetaklamoqda. Oxirgi yillarda mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar oqimi yiliga 2 milliondan ortiqni tashkil etdi. Rossiyalik sayyohlarni to‘xtatib turgan eng muhim omillardan biri - aviareys narxlari. Moskva-Toshkent yo‘nalishidagi ikki tomonli aviareys 25 ming rubl atrofida bo‘lib, hozirgi iqtisodiy sharoitda bu sayohlarga biroz noqulaylik keltirib chiqarmoqda. Shu muammoni bartaraf etish yuzasidan davlatlararo muzokaralar olib borilmoqda. 
      TOSHKENTDA BALIQ VA QO‘ZIQORIN KONSERVALARI ISHLAB CHIQARILADI 
“Euro Food Trade” MCHJ ushbu yilning avgust oyida Toshkent viloyatida baliq va qo‘ziqorin ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga ?o‘yadi <http://review.uz/index.php/novosti-main/item/7678-promyshlennoe-proizvodstvo-rybnykh-i-gribnykh-konservov-budet-nalazheno-v-stolichnoj-oblasti-uzbekistana>. Loyiha qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. Kompaniya yiliga o‘rtacha 3 million konserva banka ishlab chiqaradi. Bu yil uchun esa 1,2 million shartli bankalar ishlab chiqarish reja qilingan. “Euro Food Trade” MCHJ 2001 yildan buyon meva va sabzavotlar konservalarini ishlab chiqaradi. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, uning kuchlanishi 9 tonna konservalangan va boshqa oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat. 
2016 yilda O‘zbekiston oziq-ovqat xoldingi korxonasi yangi qurilish va ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga 10 million dollardan ortiq mablag‘ sarflashni reja qilgan.
      FARG‘ONA VILOYATIDA YANGI SEMENT ZAVODI ISHGA TUSHIRILDI 
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi “Turon eco cement” mas'uliyati cheklangan jamiyati qoshida yangi sement zavodi ochildi. Korxona kuniga 350 tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 1 million 938 ming dollar bo‘lgan ushbu korxona xitoylik mutaxassislar yordamida qurib bitkazildi. Korxona ish boshlashi bilan 100 dan ortiq yoshlar doimiy ish bilan ta'minlandi".
      AMERIKA KOMPANIYALARI ISH BOSHLASHI KUTILMOQDA 
O‘zbekistonda biznes yuritishga ko‘proq diqqat qaratish niyatida Toshkentga Amerika kompaniyalari delegatsiyasi keldi. Shu munosabat bilan 22 martdan 24 martgacha ishbilarmon guruhlar va O‘zbekiston hukumati vakillari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati O‘zbekiston Republikasi hukumati tomonidan AQSH elchixonasi, AQSH savdo vazirligi, Amerikaning O‘zbekistondagi savdo palatasi hamda Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda asosiy e'tibor sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi texnologiyalariga qaratilgan bo‘lsa ham, boshqa turli masalalar va O‘zbekistonda biznes imkoniyatlari xususida ham muhokama olib boriladi. 13 ta AQSH kompaniyasining 30 nafar vakili ushbu davra suhbatida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Ularning safiga O‘zbekistonga aloqador tashkilot vakillari ham qo‘shiladi. 
      TOSHKENTDA SANOAT FORUMI OCHILDI 
Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz»da 23-25 mart kunlari VIII xalqaro Uzbekistan Industrial Forum-2016 sanoat forumi bo‘lib o‘tdi <https://www.gazeta.uz/uz/2016/03/24/sanoat/>. IEG Uzbekistan tomonidan tashkillashtirilgan forum oltita sanoat ko‘rgazmasini o‘zida birlashtirdi. Ko‘rgazmalarda dunyoning 15 mamlakati, jumladan, Avstraliya, Armaniston, Germaniya, Eron, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina, Finlyandiya va Shveysariyaning 60dan ziyod kompaniyalari ishtirok etmoqda. Forumda xorijiy ishtirokchilarning ulushi 60 foizdan kam emas.
      ROSSIYADA MEVA VA SABZAVOT SAVDO UYLARI 
O‘zbekiston Rossiyada meva va sabzavot sotishga ixtisoslashgan savdo uylari tashkil qilishni rejalashtirgan. Bugungi kunda Rossiyada uchta shunday savdo uylari faoliyat ko‘rsatmoqda - Moskvada ikkita va Novosibirskda bitta. YAqin vaqt ichida Rossiyaning turli hududlarida yana bir nechta shunday savdo uylarini tashkil qilish rejalashtirilgan. 2014 yilda ikki mamlakat munosabatlarida uyg‘onish davri bo‘ldi. Sabzavot mahsulotlari hajmida o‘sish kuzatildi, ko‘plab muzokaralar o‘tkazildi va hamkorlar bir-birini o‘rganishdi. Rossiyaliklar O‘zbekistonga kelishdi va mahsulot sifatini bog‘ va dalalarda turib tekshirishdi. Shuningdek, vakillar mahsulotlarni saqlash va logistika tizimini o‘rganishdi. 2016 yilning birinchi oylarida esa Rossiyaga mahsulot yetkizib berish borasida yangi shartnomalar tuzildi. Sotib olinayotgan mahsulot hajmi 5 tonnadan 20 ming tonnagachani tashkil qilmoqda. Olma, olxo‘ri, olcha, gilos va boshqa mevalar eng ko‘p talabga ega bo‘lib turibdi. Qovunga ham alohida talab mavjud. Mijozlar talabiga javob berish uchun G‘uzorda 200 gektarlik alohida eksperimental plantatsiya ochildi. 
"O‘zulgurjisavdoinvest" bir vaqtning o‘zida Xitoy va Hindistonda ham shunday savdo uylari ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
O‘tgan yilda O‘zbekistonda 12,5 mln tonna sabzavot va kartoshka mahsulotlari, 1,8 mln tonna poliz mahsulotlari, 1,5 mln tonna uzum hamda 2,73 million tonna meva yetishtirilgandi.
      TOKIODA SIYOSIY MASLAHATLASHUV BO‘LIB O‘TDI 
2016 yil 24 mart kuni Tokio shahrida O‘zbekiston va Yaponiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 16-raundi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida 2015-yilning 24-26-oktyabr kunlari Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abening O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar va bitimlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, texnologik, moliyaviy va texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi hamda xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
      TOSHKENTDA «YAPON KINOSI KUNLARI» 
Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda 25-27-mart kunlari Respublika Kinochilar uyida yurtimizda 11-marotaba «Yapon kinosi kunlari»ni o‘tkazildi. Unda yaponiyalik kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan 5 ta badiiy va 2 ta animatsion filmning namoyish etilgan. «Yapon kinosi kunlari» Kendzi Nakanisining «Gullar mavsumidan so‘ng» nomli melodrama janridagi filmi bilan boshlandi. O‘rta asrlardagi samuraylar haqida suratga olingan mazkur film yapon madaniyatining yana bir qirrasini ayol muhabbati timsolida ochib bergan.
      INGLIZ TILIDA BIRINCHI XALQARO YOSHLAR SAMMITI 
Toshkentning “Yoshlar ijod saroyida” “Bizning qadriyatlar - kelajagimiz poydevori” mavzusidagi xalqaro yoshlar sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasining Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi - YLDP tomonidan 27 martga qadar “Yoshlar ijodiyot saroyi”da O‘zbekiston yoshlarining “Bizning qadriyatlar - kelajagimiz poydevori” mavzusida Xalqaro yoshlar sammiti doirasida o‘tkazildi. Ushbu yoshlar sammiti ingliz tilida o‘tkazilayotgan birinchi katta sammit hisoblanadi. Sammitning asosiy maqsadi - respublika yoshlarining milliy qadriyatlar va an'analarini asrashdagi o‘rni va rolini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi qoshidagi Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi - YLDP 2014 yilning fevral oyida tashkil etilgan. Shu kunga qadar loyiha tomonidan respublika insholar tanlovi, ingliz tilida ish hujjatlarini yuritish va yozma nutqni shakllantirishga qaratilgan “Yozma nutq haftaligi”, o‘nlab to‘garaklar yig‘ilishlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
      “Ye-MAKTAB” YANGI AXBOROT TIZIMI YARATILDI 
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazida “Ye-Maktab” yangi axborot tizimi yaratildi. Bu tizim o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini oqilona tashkil etish, ijodiy-intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirishga ko‘maklashadi. Musiqa va san'at, bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda “Barkamol avlod” bolalar markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, monitoringini olib borish imkonini beradi. Amaliyotga joriy etilgan mazkur tizim “Ye-MAKTAB” yagona axborot ta'lim makoni bazasi (www.e-maktab.uz)ga joylashtirildi. Dasturga ma'lumotlarni kiritish jarayoni davom etmoqda. Ushbu tizim orqali barcha maktabdan tashqari ta'lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq ma'lumotlarni jamlash va tegishli joyga uzatish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. “E-Maktab” bazasidan foydalanish juda qulay. Buning uchun kompyuter texnikasini mukammal bilish shart emas. Tizimga ma'lumotlarning to‘g‘ri, o‘z vaqtida kiritilib borilishi musiqa va san'at, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, “Barkamol avlod” bolalar markazlari direktorlarining o‘z mas'ulligini qanchalik his etishiga bog‘liq.
O‘ZBEK PARALIMPIYACHILARI 11 TA MEDALNI QO‘LGA KIRITISHDI 
2016 yilning 17-20 mart kunlari Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida Yengil atletika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Xalqaro Gran-pri musobaqasida o‘zbek sportchilari jami 6 oltin, 3 kumush va 2 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdilar. 
      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR
      BRYUSSEL AEROPORTIDA TERAKT SODIR ETILDI 
22 mart, seshanba kuni Belgiya poytaxtining aeroporti va metrosida qator portlashlar sodir etildi <http://daryo.uz/2016/03/22/bryusseldagi-portlashlar-belgiya-poytaxtiga-uyushtirilgan-hujum-haqida-nimalar-malum/>. Natijada, 36 kishi halok bo‘ldi, 230 kishi jarohat oldi. Bryussel aeroportidagi bombani aka-uka Bakraviylar portlatgani ma'lum bo‘ldi. Belgiya politsiyasi Bryussel aeroportidagi teraktning uchinchi ishtirokchisini qo‘lga oldi. Hujumdan bir necha soat o‘tib, chop etilgan videoda ko‘zga tashlangan «shlyapali erkak» mustaqil jurnalist Faysal Sheffu bo‘lib chiqdi. 25 mart, juma kuni Faysal Sheffu politsiya tomonidan qo‘lga olindi, 26 mart kuni esa u teraktlar uyushtirish, qotillik va qotillikka urinishda ayblandi. Belgiyaning Le Soir gazetasi bergan ma'lumotga ko‘ra, Sheffu hamda uning ikki sherigini aeroportga olib kelgan taksichining ko‘rsatmalari asosida uning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lingan. Gumondorning uyidan qurollar yoki portlovchi moddalar topilmagan. Faysal mustaqil jurnalist bo‘lib, xususan, Journal du Musulman nashrida maqolalar chiqarib borgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, aeroportdagi portlashga jami uch kishi aloqador bo‘lgan, ulardan ikki nafari halok bo‘lgan, uchinchisi aerovokzal binosidan qochib qolgan.
Bryusseldagi voqyealar mamlakat tarixidagi eng yirik terakt sifatida qayd etildi. Teraktlar uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga oldi.
      YADROVIY ZARBA BERILISHI MODELLASHTIRILGAN ROLIK 
Shimoliy Koreyaning DPRK Today portali o‘zining YouTube-kanalida AQSHga yadroviy zarba berilishi modellashtirilgan rolikni e'lon qildi. 4 daqiqayu 11 soniya davom etuvchi "Oxirgi imkoniyat" deb nomlangan rolikda Shimoliy Koreya armiyasi imkoniyatlari namoyish qilingan. Rolikning oxirida ballistik raketa Vashingtondagi Avraam Linkoln yodgorlik majmuasiga kelib urilgan lavhalar aks etgan. Rolikning o‘zi AQSHning alanga ichida qolgan bayrog‘i tasviri bilan yakunlanadi. "AQSH tomonidan ig‘vogarliklarga yo‘l qo‘yiladigan bo‘lsa, biz hech ikkilanishsiz ogohlantiruvchi yadroviy zarba beramiz. Amerika xalqi yorug‘ olamda yashash-yashamasligini hal qilish AQSHning o‘ziga havola", deb videoga izoh berilgan. Shimoliy Koreya mart oyi boshidan beri bir qator katta ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. 21 martda mamlakatning g‘arbiy sohilidan raketa uchirilgan. Pxenyan, shuningdek, 18 martda ham 22 daqiqalik farq bilan Yapon dengizi tomon 2 ta ballistik raketa yo‘naltirdi.
      IJTIMOIY TARMOQLARGA QARAMLIK... 
Inson qancha ko‘p vaqtini Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazsa, unda shunchalik ruhiy tushkunlikka tushish ehtimoli ko‘payadi. AQSHning Pittsburg universiteti ruhshunoslari 19 yoshdan 32 yoshgacha bo‘lgan 1,8 ming amerikaliklarni so‘roq qilib, shunday xulosaga kelishdi. Ijtimoiy tarmoqlardan muntazam foydalanuvchi yoshlar boshqalarga qaraganda 2,7 barobar ko‘p ruhiy xastaliklarga duchor bo‘ladilar. O‘rta hisobda internet faollari YouTube, Instagram, Snapchat, Reddit i Tumblr kabi saytlarga kuniga 61 daqiqadan sarf qiladilar, shunda ular haftasiga 30 marta ijtimoiy tarmoqlardan foydangan bo‘ladilar. Tadqiqot davomida 25% ishtirokchilarda depressiya belgilari kuzatilgan.
      MUXOLIFAT YETAKCHILARI QO‘LGA OLINDI 
Qirg‘iziston muxolifati rahbarlari Qirg‘iziston milliy xavfsizlik xizmati tomonidan davlat to‘ntarilishini amalga oshirishga uringani uchun tergov qilinmoqda. YouTube portalida uzun sochli kishilarning odamlarni hukumatni ag‘darish uchun ko‘chaga chiqishga da'vat etish haqida gaplashishgani videosi paydo bo‘lgan. Bu kishilar ovozlariga ko‘ra, Qirg‘iziston muxolifati yetakchisi Quvonchbek Qodirov, Jalolobod viloyatining sobiq hokimi Bektur Asanov va yana bir muxolif Davlatbek Turdunaliyev deya taxmin qilingan. Ular "Oq uy"ni egallash haqida gaplashishgani aytilgan. Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tekshiruvlardan keyin audioyozuvlarning haqiqiyligini tasdiqlagan. Muxolifat vakillari esa bu yozuvlar soxtaligi va o‘zlariga tuhmat uyushtirilayotganini iddao qilishgan. 
"2016 yilning 24 mart kuni MXDQda (Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi) fuqarolar K.K va B.Aga nisbatan avvalroq ochilgan №082-16-0054 raqamli jinoiy ish doirasida tegishlicha tergov ishlari olib borildi. Ular mamlakatdagi ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni izdan chiqarishga qaratilgan rejalar tuzib, qonuniy hukumatni ag‘darish masalasida muhokama o‘tkazganlikda gumon qilinishmoqda", deyiladi milliy xavfsizlik xizmati xabarida.
Tergov respublika bosh prokurori va sud ruxsati bilan olib borilmoqda.
Bundan oldinroq, mamlakat bosh vaziri hukumat qarorlarini tanqid qilishni taqiqlagani haqida xabar berilgandi. Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Qirg‘izistonda "lola inqilobi"ga 11 yil to‘ldi. 2015 yilning 24 martida Askar Akayev davlat to‘ntarilishi orqali hokimiyatdan chetlatilgandi. 2010 yilning 7 aprelida esa ikkinchi davlat to‘ntarilishi bo‘lib o‘tdi.
      NYU-YORKDA NAVRO‘Z TANTANALARI BO‘LIB O‘TDI 
AQSHning Nyu-York shtati, Bruklin shaharchasida "Navro‘z" ayyomiga bag‘ishlangan bayram kechasi bo‘lib o‘tdi. Bayram kechasiga okean ortida istiqomat qilayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz va shu bilan birga, mahalliy mehmonlar ham tashrif buyurishdi. Bayram avvalida, O‘zbekiston Respublikasining Nyu-York shahridagi bosh konsulxonasi konsuli Tojimatov Mavlonbek Maxamadjonovich tabrik nutqida barchani Navro‘z ayyomi bilan butun O‘zbekiston nomidan qizg‘in muborakbod etib, bayramni yuqori shukuh bilan ochib berdi. Bayramning badiiy dasturi davomida bugungi kunda AQSHda o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirayotgan bir qancha san'atkorlarimiz chiqishlari va kechaning asosiy mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Samandar Hamroqulov tomonidan ijro etilgan ko‘plab kuy-qo‘shiqlar kechaga tashrif buyurgan mehmonlarga haqiqiy bahoriy kayfiyat ulashdi. Qaynoqqina bahoriy taom bo‘lmish sumalak mehmonlar ko‘z o‘ngida ochildi va barchaga ulashildi.
      III. MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA
      O‘zMU REKTORINING INTERFAOL QABULXONASI
Universitet rektorining tashvishi ko‘p. 
Milliy universitetda keng ko‘lamda modernizatsiyalash ishlari olib borilmoqda. Rektorni kabinetda tutib bo‘lmaydi. Goh “Botanika bog‘i”da, goh talabalar turar-joyida, goh fakultetlarda uchratish mumkin.
Yangi g‘oyalar tinimsiz harakatni talab qiladi. Shuning uchun ham rektor qabulxonasida uni kutib o‘tirish ko‘p holatda natija bermaydi.
Murojaatchilarning arz-dodini eshitish uchun universitet veb-saytida tashkil etilgan virtual qabulxona bu muammoning yaxshi yechimidir. 
Siz info@nuu.uz <mailto:info@nuu.uz> pochtasi orqali murojaat qilishingiz va to‘g‘ridan-to‘g‘ri rektor bilan muloqot qilishingiz mumkin. Mabodo siz rektor qabulxonasiga shaxsiy masala yoki taklif bilan keldingiz-u u kishi bilan shaxsan uchrashishning imkoniyati topilmasa aslo xafa bo‘lmang. Buning ham yo‘li o‘ylab qo‘yilgan. Universitet rektori qabulxonasiga kirish joyida o‘rnatilgan kompyuterdan rektorning shaxsiy pochtasiga xabar qoldirishingiz mumkin. Ushbu pochta konfidensial bo‘lib, har kuni kechqurun rektorning shaxsan o‘zi o‘qib, siz qoldirgan telefon yoki elektron pochta orqali siz bilan aloqa o‘rnatadi.
      NAVRO‘Z SHODIYONALARI 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida bu yil Navro‘z bayramiga katta hozirlik ko‘rildi. Universitet o‘quv binolari, talabalar turar-joylari, sport inshootlari tevarak atroflarida keng miqyosda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. “Botanika bog‘i”dan tortib barcha xiyobonlar, yo‘laklar va boshqa hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga alohida e'tibor qaratildi. Barcha binolar va inshootlar bayramona bezatildi. 
Navro‘z sumalak sayli bilan yanada fayzli bayram hisoblanadi. Talabalar turar-joylari hovlisiga azamat yigitlar doshqozon o‘rnatdilar, epchil qizlar yeng shimarib ishga kirishdilar. 
Qozon boshida navbatma-navbat kafgir aylantirishning gashti boshqacha! 
Erta tongdan boshlangan kuy-qo‘shiqlar Sumalak sayliga, Navro‘z bayramiga o‘zgacha shukuh baxsh etadi. Bu milliy udumlar yoshlar qalbida iftixor tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. Ana shunday muhit talabalarni bir oila farzandlaridek ahil, inoq qilib qo‘yishi turgan gap. 
Navro‘zda qilingan tilaklar yilga tatiydi, degan gap bejiz aytilmagan. Bugun barchaning tilaklari - Yurtimiz tinch-osuda bo‘lsin, xalqimiz farovonligi ortib boraversin! 
Shanba kuni erta tongdanoq xushta'm sumalak dasturxonlarga fayz kiritdi! 
Bayram dasturxonini bezagan turfa tansiq taomlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi! 
Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov bayram tabrigini Ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari va murabbiylari davrasida boshladi: 
- Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda,- dedi universitet rektori barchani bayram bilan samimiy qutlab.- Muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimov ta'kidlalanidek, “Milliy ma'naviyatimizning azaldan qanday omil va mezonlar negizida shakllanib kelayotgani xalqimiz uchun eng aziz va eng milliy bayram - sharqona yangi yil bo‘lmish Navro‘z ayyomi misolida yorqin namoyon bo‘ladi”. Bahor nasimi ila kelgan, ona tabiat uyg‘onishi, kurrai zamindagi ajib manzara - teng kunlik bilan payvasta bo‘lgan Navro‘z bayramimiz sobiq mustabid tuzum davrida sun'iy ravishda yo‘qqa chiqarilgani ayanchli hol edi. O‘tgan asrning 80-yillarida bizning talabalik davrimiz ham shu yerlarda o‘tgan. U davrda bu ajoyib bayram “unutilgan” edi... Izlab-izlab topganim shul, deganlaridek, aynan go‘zal Navro‘z bayrami ham yurtimiz mustaqilligi yillarida chinakam hayotimiz voqyeligiga aylanib ketganidan baxtiyormiz! 
Kezi kelganda taassuf bilan aytish joizki, sobiq mustabid tuzum davrida ko‘plab toptalgan qadriyatlarimiz qatori Navro‘z ham ta'qiqlangani hali ko‘pchilikning yodidan chiqqani yo‘q. Shunday og‘ir damlarda davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi va qat'iy sa'y-harakatlari bilan 1990 yil 2 mayda “Navro‘z xalq bayramini o‘tkazish yakunlari to‘g‘risida“gi tarixiy hujjat imzolandi. Unda avvalo Navro‘zning tiklangani, buni yurtimizning butun aholisi mamnuniyat bilan ma'qullab, ko‘tarinki ruhda kutib olgani bayon qilingan. Shundan buyon mamlakatimizda har yili 21 mart - Navro‘z bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Demakki, Navro‘z bayrami ham yurtimizda istiqlol quyoshi porlagan onlardayoq qaytadan chiroy ochdi. U bugun hayotga muhabbat ramzi sifatida ardoqlanadi. Bahor chechaklarini qanotida olib kelgan Humo qushi misol yurt kezganida olam o‘zgacha munavvar bo‘lganini dildan his etmagan kishi topilmasa kerak. 
Navro‘z bayramida har bir fakultet talabalari bittadan viloyat udumlari va san'atini sahnalashtirishi o‘ziga xos an'anaga aylanib qolgan. 
Ijtimoiy fanlar fakultetining iste'dodli yigit-qizlari bu gal ko‘hna va navqiron Buxoro shahri hamda viloyati manzaralarini yuksak mahorat ila namoyon etishgan. 
Qadim Buxoroni ko‘z o‘ngingizda namoyon etuvchi hunarmandchilik, zardo‘zlik, patdo‘zlik va boshqa milliy an'analarni iste'dodli talabalar shu qoyilmaqom qilishganki, ularni kuzatgan kishi xayolan o‘sha afsonaviy shaharda yurgandek his etadi o‘zini. 
Shu on buyuk alloma Abu Rayhon Beruniyning “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida bitilgan tarixiy voqyea-hodisalar bir daf'a bo‘lsa-da ko‘z oldingizda namoyon bo‘lgandek tuyulaveradi. 
Bu tarixiy asarda yana shunday nodir fikrlar o‘qish mumkin: “Navro‘z kunida bir soat (payt) bor, shu soatda firuz (ya'ni, baxt) falaki ruhlarni maxluqotni yaratishga haydaydi... U kunning eng saodatli soatlari Quyosh soatlaridir. Uning tongida yorug‘lik imkoni boricha (yerga) yaqinlashadi, odamlar unga qarash bilan o‘zlarini baxtli sanaydilar”. 
Ba'zi manbalarda qayd etilishicha, Islom dini xayolda bo‘lmagan, Budda hali “tug‘ilmagan” davrlarda Ko‘histon deb atalgan hozirgi Markaziy Osiyo hududida mavjud bo‘lgan bitiklar - “Bundaxishi”da uning nomi Siyovaxsh, “Avesto”da esa Siyovarshan shaklida keltiriladi. Buxoroning Narshax qishlog‘ida tug‘ilgan Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik an-Narshaxiyning 943-944 yillarda arab tilida yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida qayd etishilicha, Siyovush bundan to‘rt ming yillar ilgari yashab o‘tgan ekan. Demak, xalqimiz Navro‘zni to‘rt ming yildan buyon nishonlayotganini izohashga hojat yo‘q. Xalq Siyovushni mangulikka, mangulikni esa Navro‘zga qiyos qiladi. Navro‘z xalq sevgan qahramonlarni mangu yodda qoldirgan bo‘lsa, o‘z navbatida, xalq qahramonlari Navro‘zni mangulikka daxldor bayramga aylantirdilar. 
Talabalar sahnasida o‘tmish va kelajak tutashganini his etasiz. Buxorolik mashhur Xo‘ja Nasriddin afandi va sahnalarni zabt etgan lo‘li Maryam obrazlari davragacha o‘zgacha fayz kiritdi. 
Buxorocha kuy-qo‘shiqlarga monand raqslardan barcha birdek sarmast bo‘ladi. Eng muhimi, bunday betakror an'analar talaba-yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdiradi! 
Jurnalistika fakulteti talabalari betakror ash'orlari ila avvalo ona yurtimiz O‘zbekiston xaritasini yaratishib, Navoiy viloyatiga xos urf-odatlarni o‘z sahna ko‘rinishlarida jonlantirdilar. 
Kimyo fakulteti talabalari Qashqadaryo viloyatining qadimiy urf-odatlarini, o‘ziga xos an'analarini namoyish etdilar. Mana shunday go‘zal viloyatning urf-odatlarini ko‘rsatib berish uchun sahnaga chiqqan baxshi yigit ashulasi tomoshabinlarni xayolan Qashqadaryoga olib ketdi. 
Qashqadaryo tog‘larida ruhan sayr qilar ekanmiz, to‘y tantanasi ustidan chiqib qoldik. Qashqadaryoliklarning to‘y marosimida amalga oshiradigan chiroyli odatlari bilan yaqindan tanishdik. Talabalar tomonidan Qashqadaryo haqidagi bir-biridan go‘zal she'r qo‘shiqlar ijro etildi, dilbar qizlar qashqadaryocha raqsga tushib, barchaga xushkayfiyat baxsh etdilar. 
O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari Namangan viloyatining o‘ziga xos urf-odatlarini shu qadar jonli bir tarzda namoyish etishdiki, bir daf'a barcha omoshabinlar o‘zlarini gullar shahrida yurgandek his etdilar. 
Mexanika-matematika fakulteti talabalari mo‘'jizakor Xorazm odatlari va san'atini shu qadar jonlantirdilarki, tomoshabinlar shu lahzada xayolan o‘sha zaminda parvoz qilgan bo‘lsalar ajabmas. 
Iqtisodiyot fakulteti talabalari sahnasida qadimiy Toshkent shahrining mashhur darvozalari “qad rostlagan”. Mashhur “Mahallada duv-duv gap” filmi asosida sahnalashtirilgan teatrda zamonaviy qahramonlar barchani hayratga soldi. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha filmda kelin bo‘lish Sayyoraxon to‘y kuni qochib ketadi va Umarjonning onasi boshqa kelin topishga majbur bo‘ladi. Bu sahnada esa “kelinlikka nomzod”lar Toshkent darvozalaridan birma-bir raqsga tushgancha kirib keladilar. 
Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti talabalari Qoraqalpog‘iston, Fizika fakulteti talabalari Farg‘ona, Xorijiy filologiya fakulteti talabalari Surxondaryo, Tarix fakulteti talabalari Samarqand, Geologiya va geografiya fakulteti talabalari Andijon viloyatiga xos an'analar va udumlarni biri-biridan sermazmun tarzda sahnalashtirganlari barchaga xushkayfiyat ulashganini ta'riflashga qalam ojizlik qiladi. 
Muxtasar qilib aytganda, bugun O‘zMU Talabalar turar-joylari atrofini kuzatgan kishi yurtimiz bo‘ylab sayohat qilgandek bo‘ladi! 
Bayram munosabati bilan shaxmat, tennis, arqon tortish, kuch sinashish kabi sport turlari, turfa tanlovlar ajvida. 
Ayniqsa, milliy taomimiz - Osh damlash bo‘yicha tashkil etilgan musobaqa barchani maftun qildi. 
Sumalak, halim kabi bahor ne'matlari bilan bezatilgan dasturxonlar bayramga o‘zgacha fayz kiritmoqda. 
Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar atrofida muxlislari parvona. 
Gul saylidan ko‘ngillar yashnaydi. 
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan umumxalq bayrami Navro‘z barcha talabalar qalbida o‘zining eng go‘zal va chiroyli xotiralari bilan muhrlanib qolgan bo‘lsa ajabmas! 
      XALQARO ALOQALAR KO‘PRIGI 
Til - dil kaliti, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa vositasidir.
Xalqaro tillarni qanchalik mukammal bilsang, jahon yo‘llari sen uchun shu qadar munavvar bo‘laveradi. Dunyo sari dadil odimlayotgan, jahondagi 50 dan ortiq ta'lim muassasalari va ilmiy markazlar bilan ilmiy hamkorlik qilayotgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida yana bir ezgu ish amalga oshirildi. Xalqaro Til markazi tashkil etildi! Mazkur markazda talabalar-u tadqiqotchilardan tortib pedagog xodimlarigacha ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy va boshqa tillarni mukammal o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan bir qatorda o‘zbek tilini o‘rganish ishtiyoqida bo‘lgan xorijliklar va boshqa millat vakillari ham bu maskanda mukammal saboq olishlari mumkin.
Zamon talablariga mos ravishda tashkil etilgan Til markazi uchun 5 ta o‘quv xonasi va 1 ta konferensiya zali ajratilgan. Auditoriyalar zamonaviy texnologiyalar, kompyuterlar, proyektorlar bilan jihozlangan, o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan ingliz, nemis, fransuz, xitoy, rus va o‘zbek tillaridagi darsliklar, lug‘atlar, ilmiy risolalar, gazeta-gazetalar bilan ta'minlangan.
Markazda Shahnoza Mustanova, Sayyora Sultonova, Ahror G‘aniyev, Akmal Abdiyev, Laylo Kazakova, Nargiza Inomiddinova kabi malakali pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatmoqdalar. Ular bilan bir qatorda malakali chet ellik professor-o‘qituvchilar ham mutaxassislik bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borishi ko‘zda tutilmoqda.
Ayni paytda bu dargohda 100 dan ortiq tinglovchilar xorijiy tillarni o‘rganishga kirishdilar. 3 nafar chet el fuqarosi rus va o‘zbek tillarini o‘rganish uchun markazga qatnamoqdalar.
Aytish joizki, shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy universitetining ko‘plab iqtidorli talabalari, magistrant va tadqiqotchilari Angliyaning Kembrij, Ochiq universitetlarida, Hindiston, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya Rossiya oliy ta'lim muassasalari, Germaniyadagi Vilgelm nomidagi Vestfal universitetida grant asosida malaka oshirmoqdalar. Shu bilan birga Berlin, Vilgelm-Myunster, Gyottingen universitetlari, Gyote instituti va Germaniya akademik almashuv xizmati bilan amaliy hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
Til markazida yozgi maktablar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda chet elliklar o‘zbek tili bilan bir qatorda madaniyatimiz, ma'naviyatimiz, urf-odatlar va boshqa milliy qadriyatlarimizni o‘rgansalar, talabalarimiz taraqqiyparvar dunyo sirlaridan bahramand bo‘ladilar. Shu tariqa milliy qadriyatlarimiz ham dunyo uzra ma'naviy nur bo‘lib taralishiga zamin yaraladi.
Asl milliy qadriyatlarimiz kurrai zaminning qay burchini munavvar etsa, u yerda bo‘lmag‘ur “g‘oya”larga, salbiy holat-u g‘ayriinsoniy illatlarga aslo o‘rin qolmaydi!
Yozgi maktab loyihasi doirasida O‘zMU talabalari xorijlik tengdoshlari bilan yaqindan do‘stlashadilar. Bunday rishtalar, hamkorliklar kelgusida rivojlangan mamlakatlar universitetlari bilan talabalar almashinuvini amalga oshirishga xizmat qiladi. Ya'ni, o‘zbekistonlik yigit-qizlar ularning o‘quv dargohlarida, chet ellik talabalar esa O‘zbekiston
Milliy universitetida ta'lim olishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Umid bilan suqulgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq, deganlaridek, O‘zbekiston havosidan, ma'naviy boyliklaridan, milliy qadriyatlaridan bahramand bo‘lgan xorijlik yoshlar o‘z yurtlariga qanchalik taassurotlar bilan qaytib borishlarini tasavvur etishning o‘zi maroqli. Shu tariqa ular o‘z yurtlarida jannatmakon O‘zbekiston haqida bor haqiqatni tarannum etishlariga umid qilsa bo‘ladi.
      YOSHLAR - BUZG‘UNCHI G‘OYALARGA QARSHI 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi tomonidan partiyaning “Vatan kelajagi yoshlar qo‘lida” ijtimoiy loyihasi doirasida “Biz buzg‘unchi g‘oyalarga qarshimiz” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. 
Universitet prorektori Davlatboy Jumaboyev, partiya siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari A.Rahmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismonan sog‘lom, yuksak ma'naviyatli va intellektual salohiyatli avlodni tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Hozirgi globallashuv davri ma'naviy tarbiyani yanada boyitish, yoshlarni g‘arazli g‘oyalar ta'siridan himoyalashni taqozo etmoqda. O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining 50 mingdan ortiq navqiron avlod vakillarini o‘z safiga jipslashtirgan “Yosh adolatchilar” qanoti shu maqsadda qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
- Ma'naviyatimiz, dunyoqarashimizga salbiy ta'sir ko‘rsatishga mo‘ljallangan axborot-psixologik xurujlar, tahdidlar soni tobora ortib borayotgani haqida tushuncha va bilimlarimizni yanada boyitdik,- deydi universitet talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Mahzuna Abdurasulova. - Bu axborot texnologiyalaridan maqsadli va samarali foydalanishimizda albatta asqotadi.
Tadbirda yoshlarni turli buzg‘unchi g‘oyalardan, ekstremistik guruhlarning aldovlaridan ogoh bo‘lishga, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetib, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishga undaydigan “Qiyomatga qolgan qarz” hujjatli filmi namoyish etildi. “Internet madaniyati va axborot xavfsizligi - muhim vazifamizdir” mavzuida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma yoshlarning ko‘tarilgan mavzuga munosabati va daxldorligini aniqlashda muhim omil bo‘ldi. Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 
Materiallar O‘zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.
Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.