O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 30-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (28 mart-2 aprel kunlari) MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 30-16

 

“AXBOROT SOATLARI” № 30-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (28 mart-2 aprel kunlari)
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
“AXBOROT SOATLARI” № 30-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (28 mart-2 aprel kunlari)
TOSHKENT
O‘zMU - 2016
      I. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR
      ISLOM KARIMOV OQSAROYDA SHTAYNMAYERNI QABUL QILDI 
O‘zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov 30 mart kuni Oqsaroyda Germaniya federativ respublikasi federal tashqi ishlar vaziri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayerni qabul qildi. 
Islom Karimov mehmonni samimiy qutlab, ushbu uchrashuv o‘zaro hamkorlik bo‘yicha fikr almashish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lib, O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va doimiy aloqalarning uzviy qismi ekanini ta'kidladi.
O‘zbekiston rahbari Shtaynmayerning 2 kunlik safar davomida Samarqandga borish uchun vaqt ajratishi va bu tarixiy shahar bilan yaqindan tanishishi mumkinligiga umid bildirgan. O‘zbekistonda Germaniyani Yevropadagi yirik intellektual, iqtisodiy, texnik va texnologik salohiyatga ega, xalqaro maydonda nufuzli, global va mintaqaviy masalalarni hal qilishga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan yetakchi davlatlardan biri sifatida biladi.
O‘zbekiston mustaqilligi yillarida mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda barqaror hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 130 dan ortiq hujjatdan iborat mustahkam huquqiy baza yaratilgan va barcha darajadagi munosabatlar uchun ishonchli mexanizm mavjud.
Mamlakatimiz iqtisodiyotiga keyingi 15 yilda Germaniyaning 784 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari va kreditlari jalb etilgan. O‘zbekistonda Germaniya Federativ Respublikasi investitsiyasi ishtirokida 113 korxona, shundan 27 tasi to‘la Germaniya kapitali asosida faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda dunyoga mashhur nemis kompaniyalari O‘zbekiston bozorida mustahkam o‘rin egallab, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. “MAN” konserni bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida zamonaviy zavod barpo etilgan. Korxonada turli rusumdagi yuk avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. Ushbu avtomobillarga xorijda ham talab yuqori. Germaniya sanoatining yana bir yetakchisi - “CLAAS” konserni bilan tashkil etilgan qo‘shma korxonada zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili tashkil etilgan O‘zbekiston - Germaniya ishbilarmonlar kengashining ikkita majlisi o‘tgani savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonda ham qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu majlislar doirasida Germaniyadan 2,85 milliard dollarlik texnologiyalar va imtiyozli kreditlarni jalb etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish haqidagi hujjatlar imzolangan.
Uchrashuvda O‘zbekiston - Germaniya hamkorligiga doir boshqa masalalar, jumladan, madaniy-gumanitar aloqalarni izchil rivojlantirish, ta'limga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim masalalar ham muhokama qilindi.
GFR tashqi ishlar vaziri samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, Germaniya rahbariyati o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyor ekanini ta'kidladi.
      O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATINING BESHINCHI YALPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT 
2016 yil 1 aprel kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. 
Yalpi majlisning ikkinchi kunini senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqishdan boshladilar. Ta'kidlanganidek, Markaziy bankning o‘tgan yildagi faoliyati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq amalga oshirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 16 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan vazifalarni va Markaziy bankning avvalgi hisobotlari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Oliy Majlis Senatining tegishli qarorlarini bajarishga qaratildi. 
      YADRO SINOVLARI TO‘XTATILGANINING 25 YILLIGI 
Qozog‘iston rahbari yadrosiz mintaqani yaratish haqidagi kelishuvni imzolagan davlatlar - O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlarini Semipalatinsk yadroviy poligonining yopilishiga 25 yil to‘lgani munosabati bilan uyushtirilgan marosimga taklif etdi. 
Markaziy Osiyoda yadrosiz mintaqa tashkil qilish g‘oyasi O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan.
Nursulton Nazarboyev sammit ishtirokchilari e'tiborini aynan 25 yil avval shu poligonning yopilganidan so‘ng Amerikaning Nevada shtati va XXR da sinovlarga chek qo‘yilganiga qaratdi. Undan tashqari Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan birgalikda konferensiya o‘tkazish taklifi bilan chiqdi hamda sobiq Semipalatinsk yadroviy poligoni hududida yer va suv dezaktivatsiyasida tizimli xalqaro yordamning kengaytirilishi masalasini qo‘ydi. Prezident Nursulton Nazarboyev Vashingtondagi Yadroviy xavfsizlik bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi sessiyasida ishtirok etdi. Davlat rahbari shuningdek bu oddiy masala emasligini ta'kidladi, bunga G‘arbda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi birlamchi qabul qilinmasliginini sabab qilib ko‘rsatdi. Shu bilan birga davlat rahbari bugungi kunda terroristlarning ommaviy qirg‘in qurollaridan bemalol foydalanayotganliklarini va bu dunyo mamlakatlari rahbarlaridan aniq qarorlar qabul qilinishini talab etishini ta'kidladi.
      O‘ZBEKISTON TEKSTIL SANOATI BILAN TANISHUV 
AQSH Mehnat vaziri yordamchisi o‘rinbosari Erik Bil rahbarligidagi delegatsiya, O‘zbekistonga safari doirasida, 2016 yil 31 mart kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan “Yevroteks Global” tekstil kombinatiga tashrif buyurdi. Mehmonlar, korxonaning faoliyati bilan tanishib, mehnat sharoitlari va kadrlar tizimida hujjatlar yuritilishi bilan qiziqdilar. AQSH Mehnat vazirligi vakillari, kombinatdagi ish tartibi va ortiqcha ish soatlarining mavjudligi hamda mehnat muhofazasiga doir masalalarga e'tibor qaratganlar. Qayd etish lozimki, bugungi kunda ushbu korxonada 2500 kishi mehnat qiladi, ammo ishlab chiqarilayotgan mahsulotga bo‘lgan talab yuqoriligi va ishlab chiqarish hajmining kengaytirilishi sababli, ishchilar sonini oshirish rejalashtirilgan. Korxonaning malakali kadrlarga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, “Yevroteks Global” bilan Chirchiq sanoat va xizmat ko‘rsatish kolleji o‘rtasida, kollej bitiruvchilarini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. AQSHlik mehmonlar, korxonada yuqori malakali xodimlar faoliyat yuritayotganini e'tirof etib, kompaniya zamonaviy yuqoritexnologiyali uskunalar bilan jihozlangani, mehnat muhofazasi va xavfsizligiga oid masalalarga yuksak darajada rioya etilayotganini qayd etishgan.
      YALPI ICHKI MAHSULOT O‘SISHI 2016 YILDA 6,9 FOIZNI TASHKIL QILDI 
Tashqi bozorlardagi noqulay vaziyat tufayli O‘zbekistonda iqtisodiyot o‘sishi 2016 yilda 6,9 foizni tashkil qiladi, deyilmoqda Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) "Osiyo rivojlanish sharhi 2016" (Asian Development Outlook) deb nomlanuvchi hisobotida. OTB 2015 yil sentyabrda 2016 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 7 foizni tashkil qilishini prognoz qilgandi. O‘zbekiston hukumati bu ko‘rsatkichni 7,8 foiz darajasida prognoz qildi. OTB ekspertlari prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2017 yilda 7,3 foizni tashkil qiladi. 2015 yil sentyabrda bank bu ko‘rsatkich 7,2 foizni tashkil qilishini taxmin qilgandi. O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadigan davlatlardagi iqtisodiy vaziyat va ba'zi eksport mahsulotlariga narxlarning pasayishi O‘zbekiston YAIM o‘sishiga ta'sir ko‘rsatadi.
"Osiyo rivojlanish sharhi" va "Osiyo rivojlanishining yangilangan sharhi" - OTBning asosiy iqtisodiy nashrlari bo‘lib, ular o‘zida Osiyo va Tinch okeani mintaqasi davlatlari iqtisodiyotlari tahlili va ular uchun prognozlarni aks ettiradi.
      ZARUR ADABIYOTLAR UCHUN 10 MILLIARD SO‘M AJRATILDI
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarda kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1139 ta axborot-resurs markazi mavjud bo‘lib, shundan, 211 tasi, viloyat, tuman (shahar) ARMlari, hisoblanadi. 8648 ta umumta'lim maktablari kutubxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. ARM va umumta'lim maktablari kutubxonalarining kitob fondini 23 064 415 dona tashkil etmoqda. 2015 yilda respublika bo‘yicha 3,2 mlrd so‘m kitob sotib olishga ajratilgan. 2016 yil “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi doirasida 10 mlrd umumta'lim maktablarini lotin grafikasidagi badiiy adabiyotlar bilan boyitish uchun ajratildi. 237 087 dona kitoblarning elektron nusxalari yaratilib, uzedu.uz, eduportal.uz, kitob.uz saytlariga joylashtirildi. <http://uzedu.uz/Xtv/IndexBatafsil/71?ID1=511> 
      ABDULAZIZ KOMILOV SHTAYNMAYER BILAN UCHRASHDI 
30 mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ikki kunlik rasmiy tashrif bilan kelgan Germaniya Federativ Respublikasi Federal tashqi ishlar vaziri, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YXHT) amaldagi raisi Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashdi. Tashqi siyosiy idoralar rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning turli jihatlarini muhokama qilishdi hamda mintaqaviy va xalqaro siyosatga oid ayrim muammolar yuzasidan fikr almashishdi. Muloqot davomida ayni paytda Germaniya raisligidagi YXHT kun tartibining dolzarb masalalariga, shuningdek O‘zbekiston va Germaniyaning ushbu tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorligining hozirgi holati va istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi. Uchrashuvda Germaniya elchisi Naithart Xyofer-Vissing qatnashdi.
      XITOY ELCHISI BILAN HAMKORLIK MASALALARI MUHOKAMA ETILDI 
2016 yilning 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Sun Lijie bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi <http://mfa.uz/uz/press/news/2016/03/6978/>. Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekistonning SHHTda raisligi doirasidagi kelgusi tadbirlarda O‘zbekiston va Xitoyning o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘ldi. 
      O‘ZBEKISTON VA ISROIL O‘RTASIDA SIYOSIY MASLAHATLASHUV 
2016 yilning 30 mart, chorshanba kuni O‘zbekiston Respublikasi va Isroil Davlati tashqi ishlari vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning to‘rtinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar turli yo‘nalishlardagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalar, savdo-iqtisodiy va investitsion, ma'daniy-gumanitar hamkorlikni atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi. Isroil delegatsiyasiga TIV bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Jeremi Issaxarov rahbarlik qildi. Maslahatlashuvlarda Isroil elchisi Karmela Shamir ishtirok etdi.
      75,9 MILLIARD SO‘M DAVLAT FOYDASIGA UNDIRILDI 
Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida senatorlar konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Hisobot yilida Hisob palatasi tomonidan mamlakatning 90 ta muassasasida 30 ta nazorat yo‘nalishi bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Nazorat tadbirlari yakunlariga ko‘ra tekshirilgan vazirliklar va idoralar manziliga Hisob palatasining 28 ta ko‘rsatmasi yuborildi. Hisobot davrida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 75,9 milliard so‘m davlat foydasiga undirildi.
      PROKURATURA ORGANLARI FAOLIYATI USTIDAN NAZORAT 
Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasida belgilangan «prokuratura organlarining Oliy Majlis Senati oldida hisobdorligi»ni ta'minlash va ro‘yobga chiqarishda Bosh prokuratura va uning mahalliy organlari faoliyati ustidan parlament nazoratining ta'sirli mexanizmini yo‘lga qo‘yish zarur. Qarorda Komissiya a'zolari senatorlar orasidan ularning vakolatlari muddatiga respublikaning barcha mintaqalaridan vakil bo‘lgan o‘n besh kishilik tarkibda Senat tomonidan saylanishi belgilangan. Shu munosabat bilan batafsil va har tomonlama muhokamadan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tarkibini tuzdilar va tasdiqladilar.
      YO‘L TA'MINOTI YAXSHILANADI 
28 mart kuni Toshkent shahrida avtomobil yo‘llari va ko‘priklar qurilishi, ba'zi yo‘nalishlardagi tramvay yo‘llarining demontaj qilinishi bilan bog‘liq matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda shahar hokimi Rahmonbek Usmonov Jahongirovich ham ishtirok etdi. Hokimning tan olishicha, ta'mirtalab va harakatlanish noqulay bo‘lgan yo‘llar talaygina. Amalga oshirilishi boshlangan bu ulkan loyiha natijasida yo‘llarda sezilarli qulayliklar yaratiladi. Dalil sifatida, hokim yo‘llar ta'minoti bo‘yicha oxirgi besh yil ichida sarflangan mablag‘ miqdoridagi summa yaqin bir yil ichida yo‘llarni yaxshilashga sarflanadi.
"Toshkent shahrida har yilgi reja asosida 30-40ta mahallani butkul ta'mirlab chiqyapmiz. 2011 yildan buyon “Namunaviy mahalla” dasturi yo‘lga qo‘yilganda ishni yo‘laklarni ta'mirlashdan boshlagan edik. Keyin esa suv quvurlarini ta'mirladik. Mana, 3-4 yildirki, har bir mahallada bolalar maydonchalarini qurishga bel bog‘langan. Toshkent aholisining oldidagi eng katta qarzimiz - bu asfalt masalasi. O‘tgan yili 32 ta mahalla asfaltlangan bo‘lsa, bu yil 50 ta mahallani asfalt qilishni rejalashtirganmiz. Bu son yil sayin oshib boraveradi", deydi hokim.
      TO‘RT JANGDA TO‘RTTA OLTIN 
Xitoyning Kuinan shahrida o‘tkazilayotgan boks bo‘yicha Osiyo-Okeaniya Olimpiya saralash musobaqasining dastlabki kungi final bahslarida to‘rt bokschimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Vazni 49 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar bahsida Hasanboy Do‘smatov filippinlik Rogen Ladonni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. 52 kilogrammgacha og‘irlikdagi charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Shahobiddin Zoirov xitoylik Jianguan Xu ustidan g‘alaba qozondi. Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi final bellashuvida Shaxram G‘iyosov tailandlik Sailom Ardiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. 81 kilogrammgacha vazn toifasidagi bokschilar o‘rtasida qatnashgan tajribali sportchimiz Elshod Rasulov hal qiluvchi bahsda qozog‘istonlik Adilbek Niyazimbetovni yengib, birinchi o‘rinni egalladi.
Sportchilarimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.
      O‘ZBEKISTONLIK TAEKVONDOCHI OSIYO CHEMPIONI BO‘LDI 
26 martdan 30 martgacha Olmaotada taekvondo bo‘yicha 8-Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik sportchi Bexruz Saidov 85 kg vazn toifasida barcha raqiblarini yutib, Osiyo chempioni bo‘ldi. Tullar (asosiy hujum va himoyalanish harakatlaridan tashkil topgan majmua) bo‘yicha Lazizxon G‘ulomov, Shaxzodbek Mustafoyev, Oleg Shegay, Igor Kim, Zarguna Axrorqulova bronza medallarini qo‘lga kiritishdi. Sport tadbirida 12 ta davlatdan 600 sportchi ishtirok etdi. 
      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR
      YADROVIY TERRORIZMNI DUNYODAGI ENG KATTA XAVF 
Vashingtonda 31 mart 1 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan yadroviy xavfsizlik borasidagi to‘rtinchi sammit yakunida qabul qilingan bayonotda, yadroviy terrorizm dunyodagi eng asosiy xavf deya baholandi. AQSH prezidenti Barak Obama, yadroviy qurolning DAISH terrorchi guruhi qo‘liga tushib qolishi xalqaro inqirozga olib kelishi bilan ogohlantirdi. Obama “biror atom bombasi yoki yadroviy material bu jinnilar qo‘liga tushib qolguday bo‘lsa, ular qancha lozim bo‘lsa shuncha begunoh insonlarni o‘ldirish maqsadida foydalanishi ehtimoldan holi emas” deya fikr bildirgan. Yakuniy bayonotda yadroviy va boshqa radiaktiv materiallarning nodavlat tizimlar qo‘liga tushib qolishini oldini olish uchun yana ko‘plab ishlar amalga oshirilishi lozimligi ta'kidlanadi. Buning uchun xalqaro miqyosda o‘zaro ma'lumot almashishni keng yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, bayonotda mamlakatlarning tinchlik maqsadida yadroviy dasturlarni rivojlantirish huquqiga egaligi va buni faqat qat'iy tartibda olib borishi mumkinligi aytildi. O‘tgan to‘rtinchi sammit bu so‘nggisi ekanligi va xalqaro yadroviy xavfsizlik bo‘yicha mas'uliyatni MAGATE o‘z zimmasida davom ettirishi ta'kidlanadi. 
      TOG‘LI QORABOG‘DA HARBIY HARAKATLAR BOSHLANDI 
2 aprelga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon-Armaniston nizosi yana yangilandi. Ikki tomon o‘rtasidagi nizolarga sabab bo‘ladigan Tog‘li Qorabog‘ hududida harbiy harakatlar boshlangan. Ikki tomonda ham qurbonlar bor. Qorabog‘ mojarosi, aholisining asosiy qismi armanlardan tashkil topgan Tog‘li Qorabog‘ 1988 yilda Ozarbayjon tarkibidan chiqishini e'lon qilgach boshlangan. 1994 yil may oyida sulh tuzish haqidagi kelishuvlar kuchga kirdi. Hududlar chegarasida doimiy ravishda beqaror vaziyat saqlanib keladi. 
O‘zbekiston Qorabog‘ni Ozarboyjonning tarkibida deb biladi va bu masala xalqaro huquq talablari asosida hal qilinishi kerak, deb keladi.
*** 
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tog‘li Qorabog‘ hududida nizolar yangilangani haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini bildirdi. U tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish va vazminlik ko‘rsatishga chaqirdi. Ayni paytda Armaniston prezidentiga Tog‘li Qorabog‘ hududidagi vaziyat haqida ma'lumot yetkazilgani aytilgan. Bundan oldinroq, Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Rossiya tomoni Tog‘li Qorabog‘ hududidagi vaziyat sinchkovlik bilan kuzatib borilayotgani haqida aytib o‘tgandi.
*** 
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev 1 aprel kuni Vashingtonda AQSH bosh kotibining o‘rinbosari Tomas Shennon bilan uchrashdi. Uchrashuvda Ozarbayjon va AQSH o‘rtasidagi aloqalarning turli sohalardagi muvaffaqiyatli rivoji ta'kidlandi. Ozarbayjon prezidenti AQSHga qilgan safari yakunlari bilan o‘rtoqlashar ekan, undan o‘zining qoniqish hosil qilganligini va tashrif muavaffaqiyatli kechganini bildirdi. AQSH bosh kotibining o‘rinbosari Tomas Shennon davlat rahbari bilan kechgan uchrashuvni qiziqish bilan kuzatganini ma'lum qildi. U AQSH Ozarbayjon bilan munosabatlarining rivojiga muhim ahamiyat qaratishini aytdi, shuningdek ikki tomonning barcha sohalardagi aloqalari bundan buyon ham taraqqiy etishiga umid bildirdi. Suhbat chog‘ida arman-ozarbayjon, Tog‘li Qorabog‘ mojarolari hamda energetika, iqtisodiyot va savdo-sotiq sohalariga doir fikrlar almashildi. 
*** 
AQSH Davlat kotibi Jon Kerri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘dagi tinchlik tartibi buzilishini qoraladi va bu muammoni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘linmasligini ta'kidladi. "Biz barcha tomonlarni vazminlik namoyish qilishga va tinchlik sulhiga qattiq amal qilishga chaqiramiz... Biz yana bir takrorlaymiz, ixtilofning harbiy yechimi yo‘q. Qorabog‘ muammosini tartibga solish bo‘yicha YEXHT Minsk guruhiga raislik qiluvchi davlatlaridan biri sifatida AQSH mustahkam va bahamjihat tinchlikka erishish uchun tomonlar bilan ishlash tarafdori", deb aytdi Kerri.
*** 
Ozarbayjon tomoni Qorabog‘ tog‘li hududida yuzaga kelgan harbiy harakatlarni bir tomonlama to‘xtatish qaroriga keldi. Bu haqda Ozarbayjon mudofaa vazirligi matbuot xizmati rahbari Vagif Dyargaxli ma'lum qilgan.
«Tinchlikparvarlik hamda xalqaro tashkilotlarning taklifini inobatga olgan holda Ozarbayjon hukumati harbiy harakatlarni bir tomonlama to‘xtatishga qaror qiladi va yaqin vaqt ichida hududni tark etadi»,- dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, “agar Armaniston tomoni harbiy harakatlarni to‘xtatmay, o‘z bilganidan qolmasa, unda Ozarbayjonning javobi o‘ta qattiq bo‘ladi”.
      BOSHLANG‘ICH MAKTAB YODGORLIKKA AYLANTIRILDI
Yaponiyaning Miyagi prefekturasidagi Isinomaki shahrida joylashgan Okava boshlang‘ich maktabi yodgorlikka aylantirildi. Bu borada shahar ma'muriyati qaror qabul qildi. Bu haqda shahar meri Xirosi Kameyama bayonot berdi. Marhumlarning qarindoshlari maktab binosini buzib tashlanishini talab qilayotgan bo‘lishiga qaramay, shahar aholisi mazkur qarorni qo‘llab-quvvatladi. 2011 yil 11 mart kuni yuz bergan zilzila va sunami oqibatida mazkur maktabning 70 nafar o‘quvchisi va 14 nafar o‘qituvchisi xalok bo‘lgan edi. 
      AQSH UKRAINADAGI MOJAROGA BARHAM BERISHI MUMKIN 
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ishonch bildirishicha, AQSH ma'muriyati Ukrainadagi ziddiyatga chek qo‘yishi mumkin. Lukashenko 30 mart kuni AQSH mudofaa vaziri yordamchisining o‘rinbosari Maykl Karpenter bilan o‘tkazgan uchrashuvida shunday fikrni bildirgan. "AQSH Ukraina sharqidagi urush to‘xtashini xohlasa, ertaning o‘zida shu maqsadda bir necha qadam qo‘yadi, qarabsizki, jangovar amaliyotlar barham topib turibdi",- degan Lukashenko. Uning aytishicha, "normand to‘rtligi"ning Minskdagi sammitidan avvalroq, u muzokaralarga AQSHni ham jalb etish lozimligini bildirgan. Belarus rahbari shuningdek, bugungi kunda sharqiy Yevropada xavfsizlikni ta'minlash dolzarb vazifalardan biri ekanini ta'kidlab, "bu sohada Amerika ishtirokisiz yutuqqa erishish mumkin emas" degan fikrni ilgari surgan.
      SHIMOLIY KOREYA XALQI OCHLIKKA TAYYOR TURISHGA CHAQIRILDI 
Shimoliy Koreya xalqi yana bir bor ochlikni qarshi olishga tayyorlanmoqda. Ilgari, aniqrog‘i, 1990 yilda KXDRda to‘rt yillik ochlik kuzatilgan edi. Bu haqda Koreya Mehnat partiyasi nashri bo‘lmish “Nodon sinmun” gazetasi ma'lumotiga asoslanib, The Telegraph xabar bermoqda. “Inqilob yo‘li uzoq va mashaqqatli bo‘ladi,- deyiladi maqolada.- Biz balki, o‘tgan safarnikidek, ochlikka yo‘liqib, o‘simliklar tomiri bilan oziqlanishimizga to‘g‘ri kelar”. “Agar bizga hayot bilan vidolashuv to‘g‘ri kelsa ham, umrimiz so‘ngiga qadar rahnamoimiz Kim Chen Inga sodiq qolamiz”,- deb yozadi nashr. Gazetada chiqqan maqolada G‘arb mamlakatlarining KXDRga nisbatan qo‘llagan yangi sanksiyalari haqida gap boradi. Mart oyida AQSH prezidenti Barak Obama tomonidan KXDRga qo‘yilgan yangi cheklovlarga muvofiq AQSHning birorta kompaniyasi Shimoliy Korea bilan savdo-sotiq, moliya, transport, tog‘-konchilik sanoati va energetika sohasida hamkorlik qilmaydi. Bundan tashqari, 2 martdan boshlab BMT Xavfsizlik Kengashining yangi sanksiyalari ham ushbu mamlakatga qarshi qo‘llanildi. Unda Shimoliy Koreaga boradigan va undan kelayotgan yuk mashinalari majburiy tekshiruvdan o‘tkazilishi, o‘qotar qurol sotish va tashishning taqiqlovi kabilar joy olgan. 
      NAZARBOYEV ROSSIYAGA QARSHI SANKTSIYALARNI TEZROQ BEKOR QILISHGA CHAQIRDI 
Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Bryusselga uyushtirgan ishchi tashrifi chog‘ida Yevropa kengashi raisi Donald Tusk bilan uchrashdi <http://ria.ru/world/20160330/1399866739.html>. Nazarboyev muloqot chog‘ida YEIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bekor qilish masalasini ijobiy hal etish zarurligiga urg‘u bergan. «Biz mintaqadagi siyosat, xususan Ukraina muammosi va kuchli salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan Rossiyaga qarshi sanksiyalar borasida fikr almashib, Yevropa hamda Rossiya uchun ham va albatta sanksiyalar ta'siridan aziyat chekayotgan Qozog‘iston uchun ham foydali shartlarda ziddiyatga barham berish uchun hamkorlik qilishga kelishib oldik», - degan Nazarboyev Jan Klod Yunker bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng. Bundan tashqari, Nazarboyev Ostonada xalqaro moliya markazini tashkil etishda Yevropa ishtirok etishiga umid bildirgan. «Yevropa bizning islohotlarimiz, sarmoya va sanoatlashtirish siyosatimizni qo‘llab quvvatlashini hohlaymiz. Men ularni EKSPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etib, shundan so‘ng Ostonada xalqaro moliya markazini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdim», - deb aytgan Qozog‘iston rahbari.
      III. MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA
      RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI 
Yosh avlod ma'nan kamol topishida milliy qadriyatlar va madaniyatning o‘rni beqiyos. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Madaniyat saroyi kichik zalida “Milliy va umuminsoniy madaniyatlar uyg‘unligi: nazariya va amaliyot“ mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda respublikamiz oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar. 
Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ma'naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjuman “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida hamda “Ta'limda menejment va marketingning ijtimoiy-psixologik jihatlarini ishlab chiqish va milliy madaniyatni umuminsoniy madaniyat bilan uyg‘unlashtirish” mavzusidagi amaliy grant doirasida o‘tkazildi.
Konferensiya Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining ijodiy ishlaridan tashkil topgan “San'atda milliy qadriyatlar uyg‘unligi” mavzusidagi ko‘rgazma bilan ochildi.
Aytish joizki, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish tinchlik va barqarorlikni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, inson, uning xuquq va erkinliklarini oliy qadriyatga aylantirish, yangi avlodni sog‘lom va ma'naviy barkamol qilib voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Sog‘lom bola tarbiyasida oila, mahalla va ijtimoiy tuzilmalarning roli oshirish masalalarini ilmiy munozaralar asosida yoritish mazkur anjumanning asosiy maqsadlaridan biridir.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizda 2016 yil “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilishi yurtimizda sog‘lom ona va sog‘lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor masalasiga aylanganligini ko‘rsatadi. Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarimiz jahon miqyosida tan olinmoqda. Bu ezgu ishlar onalik va bolalikni himoya qilish, oilalarda sog‘lom muhitni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ma'naviy asoslarini mustahkamlash g‘oyasi mujassam. Sog‘lom bola deyilganda, nafaqat jismoniy, balki ma'naviy jihatdan ham sog‘lom va barkamol avlodni tasavvur qilamiz.
Yuksak milliy madaniyat, ma'naviyat har bir davrda jahon xalqlarini bir-biriga yaqinlashtiruvchi asosiy vosita bo‘lib kelgan va hozir ham shunday bo‘lib kelmokda. Milliy-ma'naviy madaniyatimizni mintaqaviy va umuminsoniy qadriyatlar bilan yaqinlashtirish g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining sermazmunligi va ko‘pqirraliligi bilan jamiyatimiz hayotida o‘z aksini topmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ilm-fan, adabiyot va san'at arboblarining ushbu sohadagi ishlari jahon xalqlari tomonidan hozirgi kunda e'tirof etilib, yuksak baholanmoqda. Milliy va umuminsoniy madaniyatni uyg‘unlashtirish, uning eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib qilish va ommalashtirish yosh avlodni ma'naviy tarbiyalashning asosi bo‘lmog‘i lozim. Anjuman doirasida “Ma'naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasining professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan yangi o‘quv-uslubiy adabiyotlar taqdimoti ham namoyish etildi. Shuningdek, anjumanga taqdim etilgan maqolalar to‘plami chop etildi. Sermazmun ma'ruzalar, interfaol suhbatlar, ko‘rgazmalar barchada katta taassurot qoldirdi.
      ILMNING UMIDBAXSH YO‘LLARI 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov bir guruh yosh iqtidor sohiblari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda ilm yo‘lini tanlagan bir guruh yosh iqtidor sohiblari - magistrantlar, tadqiqotchilar ishtirok etdilar. 
Universitet rektori so‘nggi oylarda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritar ekan, elektron ta'lim tizimi yo‘lga qo‘yilishi Milliy universitetimiz reytingini dunyo miqyosida ko‘tarishga xizmat qilishini alohida ta'kidladi. 
Dunyo yagona axborot makoniga aylangan hozirgi davrda internet tizimida zamon talabiga mos yangi portal ishga tushmoqda. Bu shuni anglatadiki, universitetimizdagi sifatli talim tizimi haqida dunyoning istalgan joyidan internet orqali to‘liq va yetarli malumot olish imkonidir. 
Universitetimizning o‘quv binolari xalqaro ta'lim standartlariga javob bera oladigan darajada ta'mirlanmoqda. Shunga hamohang ravishda xalqaro aloqalarni mustahkamlash - nafaqat professor-o‘qituvchilar orqali, balki talabalar orqali ham amalga oshirilishi zarurligi ham aytib o‘tildi. Buning uchun talabalar avvalo chet tillarini, xususan, ingliz tilini chuqur o‘rganishlari kerak. Shu sabab ham, O‘zMU Xorijiy filologiya fakultetida talabalarga o‘zbek, rus, ingliz tillarini mukammal va tizimli, muddatli o‘rgatish uchun “Xalqaro til markazi” ochildi. Markazning keyingi yillarida olib borishi kerak bo‘lgan asosiy maqsadlardan biri o‘rgatilayotgan chet tillar sonini ko‘paytirish hamda nafaqat chet tillarni, balki universitetimiz chet el talabalari uchun O‘zbek tilini ham o‘rgatish maqsadida o‘zbek tili kurslarini ochishni rejalashtirgan. 
Universitetimiz va chet el universitetlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, unga ko‘ra O‘zMU talabalari ularning o‘quv maskanlarida, chet el talabalari bizning universitetimizda o‘qishlari uchun ta'limda o‘zgartirishlar olib borilayotganligi aytib o‘tildi, xususan, dars jadvallariga yangi fanlar kiritilmoqda, kontakt soatlari joriy etildi. 
Xorijiy filologiya fakulteti 3 kurs talabasi Nurxon Ismoilova Xalqaro til markazi tashkil etilganidan talabalar juda ham xursand ekanligini, endi ular bunday imkoniyatdan unumli foydalanishlari kerakligini va albatta xorijiy tillarni puxta egallab universitetimiz dovrug‘ini butun dunyoga yoyishga tayyorligini bildirdi. 
Universitet talabalarining oldingi yillarga qaraganda axborot resurs markazi va kutubxonalardan foydalanish ko‘rsatkichi ham oshganligini o‘zidayoq talabalarning ilm-fanga qiziqishi ortganligini bilish mumkin.
Ochiq muloqotja talabalarning kiyinish madaniyatiga ham e'tibor qaratildi. Milliy universitet - muqaddas dargoh! Bu maskanda tahsil oluvchilar shunga munosib bo‘lishlari darkor. 
Universitet ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish borasida qator vazifalar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, O‘zMUda Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti bilan hamkorlikda zamonaviy yadrofizikasi laboratoriyasi ishga tushirildi. Universitetimiz magistrlari FAda ta'limning amaliyot bosqichida tajriba almashib kelmoqdalar. 
Kimyo fakultetining 2 ta kafedrasi Polimerlar institutida, Fizika fakultetining 2 ta kafedrasi esa Amaliy fizika institutida faoliyat olib bormoqda.  
Yosh olimlardan biri Muhammadbobur Yusupov 1 kurs talabasi bo‘lishiga qaramasdan kimyoviy laboratoriya tashkil etgan! U barcha tengdoshdarini kimyo ilmiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada orttirmoqda. 
Magistratura bosqichida qo‘yilayotgan talablar ham oshib bormoqda. Hozirgi kunda universitetimizda 925 nafar magistrant tahsil olmoqda. Ulardan 1-kursda 146 talaba davlat granti, 305 nafari to‘lov-shartnoma asosida talimni davom ettirmoqda. 2-kursda esa 148 talaba davlat granti, 327 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil olmoqda. 35 ta magistratura talabalari ushbu talim bosqichiga imtiyozli ravishda qabul qilingan. 
Universitet nashriyotini zamon talablariga javob beradigan texnik va texnologik yangilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Nashriyot uyining sifat darajasini oshirish, faoliyatini kengaytirish, bevosita Jurnalistika fakulteti talabalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Ochiq muloqotda bo‘lg‘usi yosh olimlar o‘z fikrlari va olib borayotgan ishlari haqida so‘z yuritdilar. 
Ijtimoiy gumanitar fanlarni o‘qitish metodikasi (ma'naviyat asoslari) magistratura ta'lim yo‘nalishi talabasi, Prezident stipendiati Shohruh Shodmonov o‘zining “Grant up” dasturi haqida ma'lumot berdi. U yaratayotgan dastur asosida talabalar O‘zbekiston va jahon mamlakatlari oliy o‘quv yurtlarida e'lon qilinayotgan grantlardan birinchilardan bo‘lib aniq va to‘liq ma'lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Dastur juda oddiy ko‘rinishda bo‘lib, zamonaviy mobil qurilmalar orqali oson va tezda foydalanish mumkin. 
Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti 1-kurs magistranti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Farhod Eshboyev hozirgi kunda virusologiya fanini chuqur o‘rganish bilan bir qatorda tadqiqot ishlarini ham boshlagani haqida so‘z yuritdi.
Ochiq muloqotda yosh tadqiqotchilar, magistrantlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar. 
Materiallar O‘zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.
Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.