O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 31-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (4-9 aprel kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 31-16

“AXBOROT SOATLARI” № 31-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (4-9 aprel kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 31-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (4-9 aprel kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      XALQIMIZ DAHOSINING BUYUK TIMSOLI  

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Amir Temurning nomi, boy merosi tiklandi. 1996 yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e’lon qilindi, Sohibqiron tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda muhtasham haykallari qad rostladi. Ulug’ bobomiz sharafiga orden ta’sis etildi. 2011 yili davlatimiz rahbari so’zboshisi bilan “Temur tuzuklari” mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etildi.

Bu yil ulug’ bobokalonimizning 680 yilligi keng nishonlanmoqda. An’anaga ko’ra 9 aprel kuni poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida Sohibqiron tavalludi kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo’lib o’tdi. Unda senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi Nozim Habibullayev, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov, Fransiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jak-Anri Ols va boshqalar Amir Temur shaxsi, buyuk xizmatlari, jahon tarixidagi o’rni qadr topgani, Sohibqiron siymosi O’zbekiston sha’n-shavkati timsoliga aylanganini ta’kidladi. Bu xalqimizni ulug’ maqsadlarga safarbar etish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Amir Temur merosi shijoat, mardlik va adolat timsoli sifatida yuksak qadr va e’zozga loyiq. Sohibqiron o’z davrining eng qudratli davlati asoschisi, ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat homiysi, dunyo sivilizasiyasiga beqiyos hissa qo’shgan buyuk bunyodkordir. Mamlakatimizda milliy davlatchilikni shakllantirish, farzandlarimiz uchun hyech kimdan kam bo’lmagan hayot barpo etish, yoshlarni jismonan, aqlan va ma’nan yuksaltirish borasidagi barcha islohotlar Amir Temur bobomizning dunyoqarashi va tutumlariga mohiyatan uyg’un. Zotan, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Amir Temurni anglash – o’zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug’lash – tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir. Ulug’ ajdodimiz o’z tuzuklarida “...amr etdimki, kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog’ ko’kartirsa, yoxud biron xarob bo’lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hyech nima olmasinlar, ikkinchi yili raiyat o’z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili (oliq-soliq) qonun-qoidasiga muvofiq xiroj yig’sinlar”, deb yozadi. Bugun mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlarga keng imtiyozlar berilayotgani Sohibqiron tutumi avlodlari tomonidan hayotga joriy etilayotganining yorqin ifodasidir. Xalqqa doim mehr-muruvvatli bo’lgan Amir Temur adolat va haqiqat uchun kurashgan, saltanatni ham ana shu mustahkam asosga qurgan. Amir Temur davrida fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, darhol kerakli uskunalar yetkazilib, yordam berilgan. Bugun mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarga yordam ko’rsatish, iste’mol kreditlari ajratish keng yo’lga qo’yilgan. Bu bilan qanchadan-qancha ro’zg’orlar butlanib, xalqimiz turmush madaniyati, dunyoqarashi va didi yuksalmoqda.

Bu boradagi islohotlar Sog’lom ona va bola yilida yanada kengaymoqda. Sog’lom va mustahkam oila qurish, mehnat bilan turmushini obod etish, farzandlarining yorug’ kelajagini ta’minlash yurtdoshlarimizning oliy maqsadiga aylangan.

Tadbir qatnashchilari Amir Temur haykali poyiga gullar qo’ydi. Marosimda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Xayriddin .Sultonov ishtirok etdi.

* * *

Shu kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyida “Amir Temur va Temuriylar davridagi ilm-fan va madaniyat rivojining jahon tamaddunidagi o’rni” mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo’lib o’tdi. Tadbirda Temuriylar tarixiga oid eng yaxshi tasviriy va publisistik asarlar tanlovi g’oliblari taqdirlandi. Temuriylarga oid durdonalar, nodir qo’lyozmalar, istiqlol yillarida Amir Temur va temuriylar tarixi haqidagi kitoblar ko’rgazmasi tashkil etildi. Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag’ishlangan tadbirlar Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda davom etmoqda.

 

      AMIR TEMUR HAQIDA YANGI KITOB

O’zbekistonda buyuk sarkarda va davlat arbobi sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan “Amir Temur g’arb adiblari nigohida” deb nomlangan noyob kitob chop etildi. O’zbek tilida yozilgan kitob “Davr Press” nashriyot-matbaa ijodiy uyida 1000 nusxada chop etildi. Unda Yevropaning o’tgan va hozirgi kunlardagi yozuvchilari va adiblarining buyuk sohibqiron haqidagi fikr-mulohazalari to’plangan. Kitobda Kristofer Marlo, Volfgang Gyote, Edgar Po, Xorxe Borxes, Ivan Bunin, Lyusen Keren kabi atoqli xorijiy adiblarning Amir Temur haqidagi so’zlari keltirilgan. Mulohazalar mualliflari Amir Temurning ko’p qirrali shaxsini yoritganlar hamda uning davlat va millatlar hayotida tutgan tarixiy o’rni haqida fikrlarini bildirganlar. Ulardan ba’zilari sohibqironning hayotidan avval keng jamoatchilikka noma’lum bo’lgan qiziqarli voqyea va dalillarni keltiradilar.

Loyiha tashabbuskori, taniqli huquqshunos Akmal Saidovga bu kitobni 20 yilda tuzgan.

 

      SHANXAY HAMKORLIK TASHKILOTI MINTAQAVIY AKSILTERROR TUZILMASI KENGASHINING YIGIRMA SAKKIZINCHI MAJLISI TO’G’RISIDA AXBOROT

Toshkent shahrida 2016 yil 8 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi majlisi bo’lib o’tdi. Qozog’iston Respublikasi raisligida o’tgan majlisda Qozog’iston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirg’iziston Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Tojikiston Respublikasi va O’zbekiston Respublikasi vakillari ishtirok etdi. Majlisda ShHTga a’zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo’yicha 2013-2015 yillarga mo’ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish yakunlari va ShHT MATT Kengashi qarorlari ijrosi muhokama qilindi. ShHT Davlat rahbarlari kengashiga ko’rib chiqish uchun taqdim etiladigan ShHT MATT Kengashining mazkur xalqaro tuzilmaning 2015 yildagi faoliyati to’g’risidagi ma’ruzasi loyihasi ma’qullandi. ShHT MATT faoliyati terrorizm, separatizm va ekstremizm kabi hozirgi kundagi tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasidagi talablarga javob berishi ta’kidlandi. ShHTga a’zo davlatlar vakolatli organlarining internet tarmog’idan terrorizm, separatizm va ekstremizm maqsadlarida foydalanish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo’yicha Xitoy Xalq Respublikasida o’tkazilgan “Syamin – 2015” birgalikdagi o’quv mashqlari yakunlariga yuqori baho berildi. Majlis ishtirokchilari hozirgi kundagi tahdid va xavf-xatarlar, jumladan, xalqaro terroristik tashkilotlar tomonidan bo’layotgan xurujlarga qarshi kurashish bo’yicha qo’shma chora-tadbirlar yuzasidan kelishib oldi. Shuningdek, aholi o’rtasida diniy-ekstremistik g’oyalarga qarshi immunitetni kuchaytirishga yo’naltirilgan ishlarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. 2016 yilning IV choragida ShHTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar delegasiyalari ishtirokida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag’ishlangan to’rtinchi ilmiy-amaliy konferensiyani o’tkazishga kelishildi.

 

      TOBIAS ELLVUD: O’ZBEKISTON – BUYUK BRITANIYA HAMKORLIGI KO’PLAB SOHALARDA IZCHIL RIVOJLANMOQDA

Buyuk Britaniya O’zbekistonning Yevropadagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biridir. Mamlakatlarimiz o’rtasida imzolangan qator hujjatlar, jumladan, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo’l qo’ymaslik, daromad va kapital soliqlarini to’lashdan bosh tortishni bartaraf etishga, investisiyalarni o’zaro rag’batlantirish hamda himoya qilishga, iqtisodiyot, ta’lim, fan va madaniyat, havo transporti, sayyohlik sohalariga oid bitimlar o’zaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim asos bo’lib xizmat qilmoqda.

O’zA muxbiri mamlakatimizda mehmon bo’lib turgan Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining tashqi ishlar va hamdo’stlik ishlari bo’yicha vaziri o’rinbosari Tobias Ellvud bilan mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari haqida suhbatlashdi.

– O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi hamkorlik ko’plab yo’nalishlarda izchil rivojlanmoqda,– dedi Tobias Ellvud.– Mamlakatingizga tashrifimdan asosiy maqsad o’zaro munosabatlarni yanada faollashtirish va mustahkamlash masalalarini muhokama etishdan iborat. Tashrif doirasida qator vazirlik va idoralarda mintaqaviy xavfsizlik va boshqa masalalar yuzasidan muzokaralar o’tkazdik. O’zbekiston parlamenti faoliyati bilan tanishuv menda katta qiziqish uyg’otdi. Uchrashuvlar chog’ida savdo-iqtisodiy imkoniyatlar, Britaniya Kengashi hamda “Chevening” stipendiya dasturining ta’lim sohasiga ko’magi ham muhokama qilindi. Mamlakatingizda ish yuritayotgan britaniyalik biznes vakillari faoliyati bilan tanishganimdan, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti talabalari, “Chevening” stipendiyasi sohiblari bilan muloqot qilganimdan mamnunman. O’zbekiston kelajagi bo’lgan iste’dodli yoshlar kishining havasini keltiradi. O’zbekiston bilan Buyuk Britaniyaning o’zaro hamkorligini yanada rivojlantirish imkoniyatlari keng. O’ylaymanki, o’tkazilgan uchrashuvlar ikki tomonlama munosabatlarning yangi qirralarini kashf etish, o’zaro hamkorlik ko’lamini yanada kengaytirishga hissa bo’lib qo’shiladi.

– O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi hamkorlikning, jumladan, savdo-iqtisodiy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida fikrlaringizni bayon qilsangiz.

– O’zbekistonda Buyuk Britaniyaning qator kompaniyalari ish yuritayotgani quvonarlidir. Ular safini ko’paytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligida bu masala bo’yicha fikr almashdik.

2015 yilda O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasida o’zaro tovar ayirboshlash hajmi 105,7 million dollarni tashkil etdi. O’zbekistondan Buyuk Britaniyaga 32,8 million dollarlik mahsulot eksport qilindi, Buyuk Britaniyadan O’zbekistonga 72,9 million dollarlik tovarlar import qilindi. O’zbekiston bozorining salohiyati mazkur ko’rsatkichlarni yanada oshirish imkoniyati katta ekanidan dalolat beradi. Savdo va sanoat bo’yicha O’zbekiston – Buyuk Britaniya kengashi a’zolari ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish yo’lida samarali faoliyat olib bormoqda. 1994 yili tashkil etilgan mazkur kengash mamlakatlarimiz ishbilarmonlari hamkorligini yanada kengaytirishda muhim rol o’ynamoqda. Kengash majlislari Buyuk Britaniya kompaniyalariga O’zbekiston bozori taklif etayotgan imkoniyatlar va keng ko’lamli iqtisodiy islohotlar bilan yaqindan tanishish, foydali muloqot va uchrashuvlar o’tkazish, o’zaro tajriba almashish imkonini bermoqda. Savdo va sanoat bo’yicha O’zbekiston – Buyuk Britaniya kengashining so’nggi majlisi Londonda 2015 yil noyabr oyida bo’lib o’tdi. Ushbu anjuman savdo, iqtisodiyot va sanoat sohalarida qator istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo’yicha kelishuvlarga erishish, o’zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish imkonini berdi. O’zbekistonda iqtisodiyot sohasini izchil rivojlantirish yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlarni muntazam kuzatib boraman. Buyuk Britaniya kompaniyalari O’zbekiston taraqqiyotini bundan keyin ham qo’llab-quvvatlashda o’zining munosib o’rniga ega bo’lishiga ishonaman.

– Sizningcha, O’zbekiston bilan Buyuk Britaniya o’rtasidagi madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik qanday samaralar bermoqda?

– Britaniya Kengashining O’zbekistondagi vakolatxonasi mamlakatlarimiz o’rtasida ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bu boradagi ilg’or tajribalarni ommalashtirishga faol hissa qo’shmoqda. Uilyam Shekspir tavalludining 450 yilligi munosabati bilan “Hamlet” spektakli O’zbekistonda britaniyalik ijodkorlar tomonidan namoyish etildi. O’zbek Milliy akademik drama teatrida tashkil etilgan “Shekspir O’zbekistonda”, britaniyalik rassom va haykaltarosh Genri Mur ko’rgazmalari o’zbekistonlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg’otgani quvonarlidir. Britaniya Kengashi Prezident Islom Karimov rahnamoligida O’zbekistonda ingliz tilini o’qitish tizimini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo’llab-quvvatlab kelmoqda. Hamkorlikda o’tkazilayotgan tadbirlar xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi, ikki davlat o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

      O’ZARO MANFAATLI HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH YO’LIDA

Xalqaro kasaba uyushmalari konfederasiyasi bosh kotibi Sharan Barrou rahbarligidagi delegasiya a’zolari mamlakatimizda bo’lib, ishchi-xodimlarning manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy sheriklik va muloqotni rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar samaralari bilan tanishdi. Uchrashuvda mamlakatimizda fuqarolarning o’z bilim va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgani qayd etildi.

 

      “ELEKTRON HUKUMAT” RIVOJLANMOQDA

Toshkent shahar hokimligida O’zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to’g’risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini tushuntirish, ushbu tizimni joriy qilish va rivojlantirish bo’yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ustuvor vazifalariga bag’ishlangan seminar o’tkazildi. Seminar qatnashchilari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko’rsatayotgan “Bir darcha” markazlarining faoliyati bilan tanishtirildi.

O’zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to’g’risida”gi qonuni shu yilning iyun oyidan kuchga kiradi.

 

      O’ZBEKISTON TIVDA AQSH DAVLAT KOTIBI YORDAMCHISI O’RINBOSARI BILAN UCHRASHUV BO’LIB O’TDI

2016 yilning 9 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo’yicha AQSh Davlat kotibi yordamchisi o’rinbosari Daniyel Rozenblumni qabul qildi. Muzokaralar chog’ida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holatlari va istiqbollari, jumladan, O’zbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlari va O’zbekiston delegasiyasining 2016 yil yanvar oyida Vashington shahrida o’tkazgan muzokaralari natijalari muhokama qilindi. Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investision, gumanitar va boshqa sohalarda O’zbekiston va AQSh o’rtasidagi munosabatlarni barqaror rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Suhbatda AQSh elchisi Pamela Leora Spratlen ishtirok etdi.

 

      ABDULAZIZ KOMILOV LAVROV BILAN UCHRASHUVDA ISLOM KARIMOVNING MOSKVAGA TASHRIFIGA TAYYORLANISH MASALASINI MUHOKAMA QILDI

2016 yilning 8 aprel kuni Moskva shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi Tashqi ishlar vazirlari Kengashida qatnashayotgan O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Bo’lib o’tgan suhbat davomida tomonlar O’zbekiston va Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalari, MDH kun tartibi, bazi xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashishdi. Ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlari oliy darajadagi O’zbekiston-Rossiya uchrashuvlariga tayyorgarlikning borishini ham muhokama qilishdi.

 

      QOZOG’ISTONNING O’ZBEKISTONDAGI YANGI ELCHISI ISHONCH YORLIQLARINI TOPSHIRDI

2016 yilning 7 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qozog’iston Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembayevni qabul qildi. Elchi ishonch yorlig’ining nusxasini topshirdi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolli yo’nalishlari muhokama qilindi. Davlatlararo aloqalarning barcha sohalaridagi bosqichma-bosqich va izchil rivojlanishi O’zbekiston-Qozog’iston oliy darajadagi muntazam muloqotiga asoslanishi ta’kidlandi. Qozog’iston O’zbekistonning muhim iqtisodiy hamkorlaridan biridir. 2015 yil yakunlariga ko’ra, o’zaro savdo aylanmasi 3 mlrd AQSh dollaridan oshganligini ko’rsatdi. Tomonlar transport, kommunikasiya va tranzit sohasida yaqindan hamkorlik qilishadi. O’zbekiston va Qozog’iston xalqlarining ruhiy yaqinligi va ko’p asrlik tarixiga asoslangan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ikki tomon kun tartibida muhim o’rin tutadi. Shuningdek, uchrashuvda bo’lajak ikki tomonlama siyosiy uchrashuvlarning amaliy jihatlari ko’rib chiqildi.

 

      VAZIFALAR VA REJALAR MUHOKAMASI

Davlatimiz rahbarining 2002 yil 24 oktyabrdagi “O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasini tuzish to’g’risida”gi va 2004 yil 29 avgustdagi “O’zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmonlari soha rivojida muhim dasturilamal bo’lmoqda. O’g’il-qizlarda sportga qiziqishni oshirishda joylarda o’tkaziladigan sport musobaqalarining ahamiyati katta. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ta’lim tizimida joriy qilingan uch bosqichli uzluksiz sport o’yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Jamg’armaning mintaqaviy filiallari tomonidan ham turli musobaqalar, sport festivallari muntazam tashkil etilmoqda. Ana shunday musobaqalarda tajriba va mahoratini oshirgan mamlakatimiz yoshlari xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda ishtirok etib, g’olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda. 2016 yilda jamg’arma mablag’lari hisobidan 251 bolalar sporti inshooti, 18 musiqa va san’at maktabi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 2004-2015 yillarda foydalanishga topshirilgan sport inshootlari va umumta’lim maktablari sport zallarini qayta jihozlash bo’yicha manzilli dasturga kiritilgan 212 sport inshooti va 6892 umumta’lim maktabining sport zallari 28,3 milliard so’mlik 93 nomdagi sport anjomlari bilan jihozlanadi. 2016-2020 yillarga mo’ljallangan dastur asosida viloyat markazlari va Toshkent shahrida 14 yangi ixtisoslashtirilgan oliy mahorat sport maktabi, zamonaviy, zarur uskunalar bilan jihozlangan 225 bolalar-o’smirlar sport maktabi, viloyat markazlarida sportning 4 yo’nalishi bo’yicha 56 ixtisoslashtirilgan bolalar-o’smirlar sport maktabi tashkil etish, barcha dahalarda sport zonalarini (ko’cha trenajyorlari, basketbol xalqasi, futbol uchun mini maydon) o’z ichiga oluvchi bolalar maydonchalari qurish rejalashtirilgan.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      ROSSIYADA 417,3 MING DONA NEXIA AVTOMOBILI RO’YXATGA OLINGAN

Rossiyaning "Avtostat" tahliliy agentligi talqiniga ko’ra, O’zbekistonda ishlab chiqariluvchi Nexia avtomobili Rossiyadagi eng ommabop xorijiy avtomobil markalari reytingida 7-o’rinni egalladi. Agentlik 2016 yil 1 yanvar holatiga ko’ra, Rossiyadagi yengil avtomobillar parkini tadqiq qildi va eng ommabop xorijiy markalar reytingini tuzdi. "Avtostat" ma’lumotlariga ko’ra, Rossiyada 417,3 ming dona Nexia avtomobili ro’yxatga olingan. Tadqiqot natijalariga ko’ra, Rossiyada eng ommabop marka Toyota Corolla hisoblanadi, Rossiyada bu modeldan 685,2 ming dona bor. Shuningdek, Ford Focus modeli 670,8 dona va Renault Logan 576,5 ming dona bilan mos ravishda 2- va 3-o’rinni egallamoqda.

 

      AVSTRIYA HUKUMATI XAVFSIZLIK MAQSADIDA GITLERNING UYINI EGASIDAN TORTIB OLISHGA QAROR QILDI

Avstriya ichki ishlar vazirligi Adolf Gitler tug’ilgan uyni yana egasidan tortib olmoqchi. Bu haqida Oberösterreichische Nachrichten gazetasi ma’lum qildi. "Vazirlik qonun doirasida binoning ekspropriasiyasi imkoniyatlarini o’rganib chiqmoqda",— dedi vazirlikning rasmiy vakili Karl-Xans Grundbok. Uning so’zlariga ko’ra, uyni tortib olish — undan ekstremistlar foydalanmasligi uchun yagona to’g’ri yo’l. Hukumat vakili uy egasi davlat tomonidan kompensasiya olishini ta’kidlab o’tdi. Braunau-am-Inn shahridagi uch qavatli binoning egasi Gerlinda Pommer hisoblanadi. 1972 yildagi kelishuvga muvofiq, 1889 yilda Gitler dunyoga kelgan va uch yil yashagan uy faqat ijtimoiy ta’lim va davlat muassasasi faoliyati uchun foydalanishga beriladi. Ko’p yillar mobaynida bu yer nogironlar uchun ish joyi bo’lib xizmat qildi, ammo oxirgi uch yil u bo’m-bo’sh turdi. Har oy 4,8 ming yevro to’lashga tayyor ijarachini topishning esa iloji bo’lmadi.

 

      ISTAMBUL MARKAZIDAGI PORTLASH OQIBATIDA UCH NAFAR INSON JABRLANDI

Istambulning markaziy Mejidiyekoy hududidagi piyodalar o’tish joyi yaqinida portlash sodir bo’ldi. Voqyea natijasida uch nafar inson jarohat olgan.

Ma’lum bo’lishicha, portlatuvchi qurilma o’tish yo’lidan uncha uzoq bo’lmagan joyda neylonli sumka ichiga tashlab ketilgan. Avvalroq, “Islom davlati” terroristik guruhining jangarilari Ozarbayjon va Turkiyada qator teraktlarni amalga oshirishni rejalashtirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

      OZARBAYJON PREZIDENTI TOG’LI QORABOG’ MOJAROSINI BARTARAF ETISH BORASIDAGI SHARTINI MA’LUM QILDI

Ozarbayjon prezidenti Ilxom Aliyev Qorabog’ mojarosini bartaraf etish borasidagi o’z fikrini bildirdi. “Muammoni hal etish juda oddiy: birinchi navbatda, arman qurolli guruhi ular tomonidan bosib olingan hududni tark etadi, ozarbayjon fuqarolari o’z yerlariga qaytishi lozim. Shundan so’ng mintaqada tinchlik va xavfsizlik o’rnatilishi mumkin”,- deya ta’kidlagan Ozarbayjon prezidenti mamlakatning birinchi chorak ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag’ishlangan hukumat yig’ilishida. “Ozarbayjon o’z yerini himoya qilmoqda. Biz boshqa davlat yeriga ko’z olaytirmaymiz. Va o’z yerimizni birovga berib qo’ymaymiz. Va hyech kimga ozarbayjon yerlarida ikkinchi arman davlati tashkil etishlariga yo’l qo’ymaymiz”, deya fikrini davom ettirgan prezident.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      AMIR TEMUR DAVRIDA ILM-FAN, SAN’AT VA MADANIYAT RIVOJI

 

Ulug’ bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgani yoshlar qalbida g’urur va iftixor tuyg’ularini yanada jo’sh urdirmoqda.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da bo’lib o’tgan “Amir Temur davrida ilm-fan, san’at va madaniyat rivoji” mavzuidagi davra suhbati ham talabalarda katta qiziqish uyg’otdi.

Унда Мирзо Улуғбек номидаги Ўзбекистон Миллий университети Маънавий-маърифий ишлар бўйича проректори Давлатёр Жумабоев, Тарих факультети декани Муродулла Ҳайдаров ва бошқалар Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Amir Temurning ulug’ nomi tiklanib, 1996 yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e’lon qilingani, Sohibqiron tavalludining 660 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangani, Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda bu ajdodimizning muhtasham haykallari qad rostlagani, 2011 yili davlatimiz rahbari so’zboshisi bilan “Temur tuzuklari” mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etilgani xalqimizning g’ururi hamda iftixoniga aylangani haqida atroflicha so’z yuritdilar.

Bobokalonimiz Amir Temurning tavalludining 680 yilligi ayni kunlarda yurtimizda va xalqaro miqyosda nishonlanayotgani bugungi avlodlar qalbida ham cheksiz iftixor tuyg’usini jo’sh urdirmoqda.

Давра суҳбатида тарихчи олимлар Жумабой Раҳимовнинг “Sohibqiron Amir Temur – adolat va qudrat timsoli”, Аброр Хидировнинг “Amir Temur tarixiy portretiga chizgilar”, “Amir Temur va temuriylar davrida ta’lim tizimi”, филология фанлари номзоди, доцент Тўлқин Эшбекнинг “Адабиётларда Amir Temur siymosining aks etishi” мавзуидаги маърузалари тингловчиларда катта қизиқиш уйғотди.

 

      AMIR TEMUR HIKMATLARI – JAHON E’TIROFIDA

Buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludi oldidan o’tkazilayotgan anjumanlar yoshlarda katta qiziqish uyg’otmoqda.

2016 yil 7 aprel kuni Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da “Sohibqiron Amir Temur hikmatlari – jahon e’tirofida” mavzuidagi ma’rifiy tadbir o’tkazildi.

Unda ishtirok etishgan Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Davlatyor Jumabayev, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, Xalqaro Amir Temur jamg’armasi o’rinbosari To’lqin Hayit, yozuvchi Baxtiyor Haydarov va boshqalar talaba-yoshlarga buyuk sarkarda va davlat arbobi Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatiga oid sermazmun ma’ruzalar qildilar.

Tavalludiga 680 yil to’lgan buyuk ajdodimizning “Temur tuzuklari” asarini teran nigoh bilan o’rganish yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg’ularini jo’sh urdirishi alohida ta’kidlandi. Darhaqiqat, mazkur kitobda Sohibqiron o’gitlarining ilmiy asosi, badiiy tasviri bilan bog’liq jihatlar o’z aksini topgan.

Davra suhbatida “Sohibqiron Amir Temurning jahon sivilizasiyasida tutgan o’rni”, “Sohibqiron o’gitlarining insonparvarlik mohiyati”, “Amir Temur davridagi ijtimoiy-axloqiy hayot”, “Mustaqillik yillari o’zbek adabiyotida Amir Temur siymosining yaratilish jarayonlari”, “Sohibqiron Amir Temur o’gitlarining insonparvarlik mohiyati” mavzulari talaba-yoshlarda katta qiziqish uyg’otdi.

Iqtidorli talabalar “Temur tuzuklari” asaridagi hikmatlardan namunalar o’qidilar. Toshkent madaniyat kolleji o’qituvchilari va talabalari ijro etishgan mumtoz kuy-qo’shiqlar davraga yanada fayz kiritdi.

 

      TALABALAR BELLASHUVI

Buyuk ajdodimiz Amir Temur tavalludining 680 yilligi munosabati bilan o’tkazilayotgan tadbirlar talabalar ma’naviy olamini ham boyitmoqda.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Ma’naviyat asoslari va dinshunoslik” kafedrasi tomonidan 5-talabalar turar-joyida “Amir Temur va Temuriylar davri madaniy merosi” mavzuida zakovat bellashuvi o’tkazildi.

Unda zukko talabalar “Ziyo”, “Piramida”, “Lochin”, “Besh yulduz” jamoalariga birlashib, Amir Temur ijodi va merosiga oid savollarga javob izladilar. Istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda bunyod etilgan haykallar, inshootlarga sharh berish berish bo’yicha o’zaro bellashdilar.

Bellashuv so’nggida barcha jamoalarda ishtirok etgan talabalar faxriy yorliqlar, “Ma’naviy tarbiya” xrestomatiya kitobi va boshqa esdalik sovg’alar bilan taqdirlandilar.

 

      “UNIVERSIADA – 2016” SPORT O’YINLARI SARALASH MUSOBAQALARI

Poytaxtimizda “Universiada – 2016” sport o’yinlari dasturidagi futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi va boks bo’yicha mintaqaviy saralash musobaqalari boshlandi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining «Universiada» sport musobaqalari avvalo yoshlarning ma’naviy yetuk bo’lib ulg’ayishlari uchun g’oyat muhimdir. Bugun mamlakatimizning turli oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar hademay kamolga yetishib, turli sohalarning sohiblariga aylanadilar. Ertaga yurtimiz taraqqiyotini yanada yuksakroq darajalarga olib chiqadigan kadrlar ham mana shu avloddir. O’ylaymizki, respublikamiz miqyosida o’tkaziladigan bu anjuman yigit-qizlarimiz qalblarida nafaqat o’chmas qoldiradi, balki, ularni yanada jipslashtirib, ma’nan yetuk insonlar bo’lib ulg’ayishlariga ham xizmat qiladi.

Bugungi kunda Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari terma jamoalari musobaqaning final bosqichiga chiqish uchun bahs olib bormoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli sport o’yinlari – «Umid nihollari», «Barkamol avlod» va Universiada musobaqalari yurtimiz kelajagi bo’lgan yosh avlodni har jihatdan sog’lom va barkamol etib voyaga yetkazish yo’lida ko’rsatilayotgan ulkan e’tibor va g’amxo’rlikning yorqin namunasidir. Bu tizimning yuqori bo’g’ini – Universiada oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlar o’rtasida sportni yanada ommalashtirish, xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Musobaqalar O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent temir yo’l transporti muhandislari instituti, Ixtisoslashtirilgan bolalar va o’smirlar boks maktabi hamda «Paxtakor» futbol klubi qoshidagi 16-bolalar va o’smirlar sport maktabida bo’lib o’tmoqda.

Yurtimiz dovrug’ini dunyoga taratayotgan sportchilarimiz avvalo oddiy maktablarda, so’ng oliy o’quv yurtlarida tahsil olish bilan bir qatorda sport bilan ham muntazam shug’ullanib kelganlar. Bunda avvalo har bir oliy o’quv yurtida talabalarning sport bilan muntazam shug’ullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar muhim o’rin tutganini izohlashga hojat yo’q.

 

      O’ZBEKISTONDA TA’LIM, FAN VA BARQAROR RIVOJLANISHNING E’TIROFI

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida 2016 yil 6-8 aprel kunlari “ta’lim va fan – barqaror rivojlanish manfaatlari yo’lida” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi. Unda YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi, O’zbekiston Ekologik harakati, O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi, mamlakatimizning barcha ilmiy va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, Belorus Respublikasi, Germaniya, Latviya, Litva, Polsha, Shvesiya, Qozog’iston, Janubiy Koreya kabi chet mamlakatlar olimlari va mutaxassilari ishtirok etdilar.

Ta’lim va fan jamiyat, iqtisodiyot va davlatni modernizasiyalashda asosiy harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Chunki, har qanday jamiyat yoki davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda uning bilimdon fuqarolarining o’rni juda muhimdir. XXI asr arafasida jahondagi qator mamlakatlar duch kelgan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz holatidan chiqish yo’llaridan biri ham barqaror taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish bo’ldi. Ma’lumki, ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimida barqaror taraqqiyot g’oyalarini integrasiyalashga qaratilgan dastlabki harakatlar o’tgan asrning 90-yillarida YuNESKO tomonidan boshlangan. Xuddi shu yillardan boshlab dunyoning qator malakatlarida ta’lim jarayoniga “Ming yillik rivojlanish maqsadlari” dasturi kiritila boshlandi.

Ushbu dasturda jamoatchilikning asosiy diqqat-e’tibori atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish muammolariga qaratildi. Bu muammolar insoniyatning kelajakdagi barqaror taraqiyoti bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liqligi ko’rsatib berildi. Dasturda insoniyat oldida ko’ndalang bo’lib turgan o’ta murakkab va ayni paytda dolzarb muammolarni hal qila oladigan yosh mutaxassislarni tayyorlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Bir so’z bilan aytganda, bugungi kunda tabiat-jamiyat-iqtisodiyot tizimidagi muammolarni hal qilishda har tomonlama bilimli, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlar rivojlanishini tabiiy muhit muvozanatini buzmay boshqara oladigan mutaxassislarga ehtiyoj juda katta ekanligini izohlashga hojat yo’q. Suv manbalari mamlakatimiz va butun Markaziy Osiyo mintaqasi rivojlanishi uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Yevropa Ittifoqining TEMPUS dasturi doirasida Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bajarilayotgan “UZWATER” loyihasi kelajakda yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni amalga oshiradigan yosh mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Mazkur loyiha mamlakatimizdagi (Qoraqalpoq Davlat universiteti, TIMI, TDTU, SamAQI, BuxDU va boshqalar) hamda chet davlatlardagi (Germaniya, Latviya, Litva, Polsha, Shvesiya va boshqalar) oliy o’quv yurtlari olimlari va mutaxassislari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi magistratura bosqichi uchun tabiatdan oqilona foydalanish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga oid barcha masalalarni o’z ichiga oladigan yangi o’quv dasturlari va materiallarini yaratishga qaratilgan.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining o’rinbosari Botir Usmanov anjumanni ochilish marosimida ta’kidlaganidek, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, yer-suv va energetika resurslaridan foydalanish sohalarida faoliyat olib boradigan magistrlar tayyorlash dasturlarini jahon standarlariga moslashtirish g’oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Bu mamlakatimizda magistratura ta’limi tizimini yanada takomillashtirishda o’ziga xos hissa bo’lib qo’shiladi.

Ilmiy anjuman ochilishining yalpi majlisida O’zbekiston Ekologik harakati ijroya qo’mitasi raisi, Oliy Majlis spikeri o’rinbosari Boriy Alixonov respublikamizda tabiatni muhofaza qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada qonunchilikni takomillashtirish bo’yicha erishilgan natijalar to’g’risida atroflicha ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, turli korxonalar faoliyati ta’sirida atrof-muhitga keltirilgan zararning salbiy oqibatlari bilan kurashishdan ko’ra, uni keltirib chiqaradigan sabablarning oldini olish ham ma’naviy, ham iqtisodiy jihatdan juda muhimdir. Chunki, atrof-muhit muhofazasi borasida yuzaga kelgan salbiy oqibatlar bilan kurashadiganlar, vaqt nuqtai-nazaridan doim orqada qoladilar. Natijada, qulay fursatni boy beradilar. Masalan, korxonaning chiqindi va oqova suvlarini shu yerning o’zida tozalash, ularning tabiiy suv havzalariga oqizilishi natijasida ifloslangan millionlab metr kub hajmdagi suvni tozalashdan ko’ra ancha arzonga tushadi. O’zbekiston hozirgi kunda atrof muhit va tabiiy resurslar muhofazasini tashkil etishda xuddi mana shu yo’ldan bormoqda.

Anjuman ishida Shvesiyaning Upsala universiteti professori, UZWATER loyihasining koordinatori Lars Riden o’z ma’ruzasida “Ta’lim – barqaror taraqqiyot manfaatlari yo’lida” tamoyiliga amal qilgan holda, bu borada ta’lim sohasi mutaxassislariga tavsiyalar taqdim etdi.

Varshavaning (Polsha) “Hayot haqidagi fanlar” universiteti professori Jozef Mosesh esa suv resurslarini barqaror boshqarish indikatorlari masalalari ustida to’xtalib, kelajakda magistrlar tayyorlashda o’qitilishi ko’zda tutilayotgan fanlar dasturlarini tuzishda ulardan foydalanish bo’yicha ilmiy-uslubiy tavsiyalar berdi.

Germaniyaning Branderburgdagi Texnologiyalar va innovasiyalarni rivojlantirishni qo’llab quvvatlash intstituti professori Edgar Kloze “Tabiat rivojlanishi – jamiyatning barqaror taraqqiyoti uchun namuna va andoza” deb nomlangan ma’ruzasida tabiat va jamiyat taraqqiyotidagi rivojlanishlarning o’ziga xosligi haqidagi fikrlarini bayon etdi. Uning fikricha, hozirgi kunda tabiat rivojlanishi bilan jamiyat rivojlanishi o’rtasida nomutanosiblik mavjud. Ushbu nomutanosibliklar tabiiy, jumladan, yer, suv, o’rmon, energiya va boshqa resurslardan foydalanishda yaqqol aks etadi. Ma’ruzada dunyo bo’yicha sug’oriladigan yerlar degradasiyasi, suv manbalarida kuzatilayotgan salbiy miqdoriy va sifat o’zgarishlari, o’rmonlar egallagan maydonlarning keskin kamayib borayotganligi va boshqa jaryonlar haqida aniq raqamlarni qayd etib o’tdi. Ushbu salbiy holatlarni chuqur ilmiy va nazariy tahlil qilib, magistraturada o’qitiladigan fanlar dasturlarida hisobga olish lozimligini alohida ta’kidladi.

Ayni paytda ma’ruzachi yuqorida bayon etilgan, ya’ni tabiatda ruy berayotgan salbiy o’zgarishlarni hozirgi kunda dunyo miqyosida kechayotgan notinchliklar bilan bog’liq holda izohladi. Anjuman ishtirokchilari diqqatini Yevropa (Fransiya va Belgiyadagi voqyealar), Afrikadagi davlatlar (Liviya, Misr), Yaqin Sharq (Iroq, Suriya)da bo’lib o’tgan dahshatli voqyealar yoki Tog’li Qorabog’da hozirgi kunda ro’y berayotgan notinchliklarga qaratdi. Shular haqida gapira turib, professor Edgar Kloze mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surayotganligiga va o’zining O’zbekistonga havasi kelayotganligini ochiq-oydin bayon etdi va ma’ruzasini quyidagi so’zlar bilan yakunladi: “Anjuman qatnashchilaridan biri, adashmasam, Polshalik hamkasbim Josef Mosesh, o’z ma’ruzasida “Yoshlar bizdan nimani kutmoqda?” degan savolni o’rtaga qo’ydi va o’zi unga javob ham berib o’tdi. Men ushbu savolga “Yoshlar bizdan birgina narsa, u ham bo’lsa, tinchlikni, barqarorlikni kutadi”, deb javob bergan bulur edim. Shundagina ta’lim tizimi va fan rivojlanadi, jamiyat barqaror taraqqiy etadi”.

Anjuman ishida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlarining yosh olimlari va mutaxassislari ham faol ishtirok etdilar. Ular yaqindagina magistratura bosqichini tugallagan yosh mutaxassislar sifatida ushbu tizimni yanada takomillashtirish va jahon andozalariga moslashtirish bo’yicha o’z fikrlarini bayon etdilar.

O’z-o’zidan ravshanki, anjuman qarorlarida keltirilgan, mamlakatimizda magistratura ta’limini yanada rivojlantirishga oid fikr-mulohazalar va tavsiyalarni kelajakda amaliyotga joriy qilish mamlakatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan kompleks bilimli va amaliy ko’nikmalarga ega bo’lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash imkonini beradi. Yuqoridagilarga xulosa qilib aytganda, anjuman jarayonida erishilgan natijalar mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida o’quv jarayonini jahon standartlari darajasida tashkil etish tajribalari amalga oshirilayotgan hozirgi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

 

      TURAR-JOY KERAKMI, TALABA?

O’zMU talabalari kuzda (yangi o’quv yilida) turar-joyga ega bo’lish uchun hozirdan harakat qilishlari talab etilmoqda. Talabalar turar-joyi – ikkinchi uyimiz, degan gap turli viloyatlardan kelgan yigit-qizlarning hayotiy “shiori”ga aylanganini izohlashga hojat yo’q. Aytsa-aytmasa, poytaxtimizdagi “Yoshlik” Talabalar shaharchasi so’nggi yillarda havas qilsa arzigulik maskanga aylangan. Bu yerda ko’zni quvontiradigan bejirim binolar – Talabalar turar-joylaridan 9 tasi Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetiga qarashli bo’lib, ularda 2290 ga yaqin yigit-qizlar istiqomat qiladilar. (Bu yerda yashashga da’vogar talabalar soni esa ancha ko’pligini yashirishga hojat yo’q…)

Hamma joyda, har bir sohada ozmi-ko’pmi muammo paydo bo’lishi bor gap. Bu maskanlardagi muammolar – ayrim talabalarning kiyinish madaniyati, tarbiyasi, odobi, tegishli tartib-qoidalarga rioya etishi bilan bog’liqdir. Aytaylik, ba’zi “erkatoy”lar yengil-yelpi kiyinishi tarbiyali va odobli oilalarda ulg’aygan yigit-qizlarning haqli e’tirozlariga sabab bo’layotganini ham yashirishga hojat yo’q.

Talabalar turar-joylari direksiyasi direktori Mirkomil Otavullayevning aytishicha, “Axir, o’z uyingda bunaqa kiyinmaysan-ku, opa-singillaring oldida shortikda yurish uyat emasmi?!” degan tanbehiga “Qaysi hujjatda shunaqa kiyinish mumkin emas, deb yozib qo’yibdi?” deydiganlar ham topilar ekan…

O’zMU Ma’naviyat va ma’rifat kengashining navbatdagi yig’ilishida bu kabi muammolar haqida ochiq-oshkora aytildi.

Bunday muammolarni ijobiy hal etishning samarali yo’li topildi: ya’ni, yangi o’quv yilidan boshlab (kuzda) Talabalar turar-joyida istiqomat qilishni istaganlarga hozirdanoq tegishli talabnomalar qo’yilishi e’lon qilindi.

Endilikda qaysiki talaba kiyinish madaniyatidan tortib, tarbiyasi hamda odobi bilan o’rnak bo’lsa, tegishli tartib-qoidalarga qat’iy rioya etgan holda jamoat ishlarida faollik ko’rsatsa, o’qish tamom bo’lgach, yangi o’quv yilida (kuzda) qaysi xonadan o’rin egallashigacha bilib (ko’ngilni to’q qilib!) ketadi va uyidan to’ppa-to’g’ri o’z xonasiga kelib joylashaveradi!

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.