O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 32-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (11-16 aprel kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 32-16

“AXBOROT SOATLARI” № 32-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (11-16 aprel kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 32-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (11-16 aprel kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      YAXSHI QO’SHNICHILIK VA AZALIY DO’STLIKKA ASOSLANGAN HAMKORLIK IZCHIL RIVOJLANMOQDA  

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 14 aprel kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 15 aprel kuni Ko’ksaroyda bo’lib o’tdi.

Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev muzokaralar chog’ida O’zbekiston va Qozog’istonning turli sohalardagi hamkorligining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezidentimiz Qozog’iston Prezidentini yurtimizga ushbu tashrifi bilan qutlab, bu oliy darajadagi muloqotlarning izchil davomi ekanini ta’kidladi.

– Sizni O’zbekistonda ko’rishdan har doim xursandmiz. O’zbek va qozoq xalqlari azaldan yaxshi qo’shni, do’st bo’lib yashab kelgan. Bugun mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik ana shu tamoyillar asosida rivojlanmoqda. Xalqaro vaziyat tez o’zgarib, tobora murakkablashib borayotgan hozirgi kunda bunday do’stlik, o’zaro anglashuv yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tashrifingiz tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyatdir,– dedi Islom Karimov.

Qozog’iston Prezidenti O’zbekiston Prezidentiga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanayotganini qayd etdi.

– To’g’ri ta’kidlaganingizdek, xalqlarimiz asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda. Mustaqillik yillarida biz bu munosabatlarni yanada mustahkamladik. Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlari bo’lgan mamlakatlarimiz hamkorligi butun mintaqa uchun muhim ahamiyat kasb etadi. O’zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlash va izchil davom ettirishdan manfaatdormiz,– dedi Nursulton Nazarboyev.

Mamlakatlarimiz o’rtasidagi hamkorlik 1998 yilda Toshkentda imzolangan O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston Respublikasi o’rtasida Abadiy do’stlik to’g’risidagi shartnoma, 2013 yilda poytaxtimizda imzolangan O’zbekiston Respublikasi bilan Qozog’iston Respublikasi o’rtasida Strategik sheriklik to’g’risidagi shartnoma asosida taraqqiy etmoqda.

O’zaro hurmat, ishonch va manfaatdorlikka asoslangan hamkorlik davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo izchil rivojlanmoqda. Ikki mamlakat parlamentlari o’rtasida amaliy muloqot yo’lga qo’yilgan. Tashqi siyosat mahkamalari o’rtasidagi maslahatlashuvlar muntazamlik kasb etgan.

Mamlakatlarimiz BMT, ShHT, MDH, Islom hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik ko’plab masalalar bo’yicha tomonlarning pozisiyalari o’xshash yoki yaqindir.

Ikki davlat rahbarlari Afg’onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashar ekan, ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi va iqtisodiyot tiklanishidan manfaatdor ekanini ta’kidladilar. Afg’onistonda harbiy kuch ishlatish yo’li bilan tinchlik o’rnatib bo’lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o’rtasida siyosiy muzokaralar o’tkazish va o’zaro kelishuvga erishish eng to’g’ri va yagona yo’l ekanligi qayd etildi.

Prezidentlar Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslari mintaqamizning umumiy boyligi bo’lib, xalqlarimiz farovonligi ko’p jihatdan ulardan oqilona va samarali foydalanishga bog’liq ekanligini ta’kidladilar. Transchegaraviy daryolarda gidroenergetika inshootlari qurish masalasida BMT konvensiyalari va boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga qat’iy rioya qilish zarurligi qayd etildi. Ta’kidlanganidek, Orolni qutqarish xalqaro jamg’armasi Orolbo’yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash hamda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirishda muhim platforma bo’lib xizmat qilmoqda. Muzokarada savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Qozog’iston mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi muhim sheriklaridan biridir. O’zbekiston Qozog’istonga meva-sabzavotlar, transport vositalari, mineral o’g’itlar, qurilish materiallari va boshqa mahsulotlar, turli xizmatlar eksport qiladi. Qozog’istondan yurtimizga qora va rangli metallar, yog’-moy mahsulotlari keltiriladi. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o’sib bormoqda. 2015 yil yakunlariga ko’ra, bu ko’rsatkich 3 milliard dollardan ziyodni tashkil qilgan. Qozog’istonda mamlakatimiz ishbilarmonlari ishtirokida tashkil etilgan 151 korxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda Qozog’iston kapitali ishtirokida 206 korxona, shu jumladan, 171 qo’shma korxona ochilgan. O’zbekiston Respublikasi va Qozog’iston Respublikasi o’rtasidagi hamkorlik bo’yicha hukumatlararo komissiya o’zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Joriy yil 10-11 mart kunlari Ostona shahrida mazkur komissiyaning 15-majlisi bo’lib o’tdi. 2007-2016 yillarga mo’ljallangan Iqtisodiy hamkorlik strategiyasiga muvofiq savdo, sarmoya, transport, kommunikasiyalar, bojxona, suv-energetika va innovasiya yo’nalishlarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar samarasi o’zaro aloqalarga qo’shimcha sur’at bag’ishlamoqda. Transport kommunikasiyalari sohasi hamkorlikning ustuvor yo’nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimizning avtomobil va temir yo’llari o’zaro integrasiyalashgan. Bu muhim kommunikasiya tarmog’i uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o’tamoqda. Muzokarada O’zbekiston va Qozog’istonning foydalanilmagan resurslarini ishga solish o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berishi ta’kidlandi. Hamon davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida tovar ayirboshlashning o’suvchan dinamikasini saqlab qolgan holda uning hajmini yanada ko’paytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikasiya qilish, eksport-import nomenklaturasini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Qo’shma korxonalarni ko’paytirish, tadbirkorlar hamkorligini rivojlantirish mamlakatlarimiz manfaatlariga xizmat qilishi qayd etildi.

 

      SHHTGA A’ZO DAVLATLAR DELEGASIYALARI RAHBARLARI BILAN UCHRASHUV

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 14 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari rahbarlari, shuningdek, ShHT Bosh kotibi va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo’mitasi direktori bilan uchrashdi. Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Shanxay hamkorlik tashkiloti o’zining o’n besh yillik faoliyati davomida nufuzli va samarali xalqaro tashkilot sifatida mustahkam qaror topganini, uning faoliyati tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, ShHTga a’zo davlatlarning izchil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash sohasida ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlar oldida turgan umumiy vazifalarni hal etishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

O’zbekistonning tashkilotga joriy raisligi davrida a’zo davlatlarning birgalikdagi harakatlari bilan ShHT doirasida, avvalambor, hozirgi kundagi xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida ko’p qirrali o’zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o’tadigan navbatdagi yubiley yig’ilishi har tomonlama mazmunli va samarali bo’lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O’zbekiston tashabbusi bilan 2004 yilda tashkil etilgan, ShHTning muhim va samarali instituti bo’lgan Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig’ilishi tashkilot organlari va mexanizmlari tizimining ajralmas qismi bo’lib, tashkilot hududida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo’yicha tomonlar faoliyatini muvofiqlashtirib borishda muhim vazifani bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari hududida terrorizm, ekstremizm va separatizm ko’rinishlari, shuningdek, boshqa tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish borasida muhim qarorlar ishlab chiqish va amalga oshirishda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ham alohida o’rin tutayotganini ta’kidladi.

Qozog’iston, Xitoy, Qirg’iziston, Rossiya va Tojikiston delegasiyalari rahbarlari Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining Toshkentda o’tkazilgan o’n birinchi yig’ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan fikr bildirdi, samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi. O’zbekistonning ShHTga raisligi jarayonida ko’plab sohalarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda tashkilot faoliyatini yanada faollashtirish bo’yicha mamlakatimiz amalga oshirayotgan ishlar katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

 

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING MAJLISI TO’G’RISIDA AXBOROT

2016 yil 15 aprelda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning I choragida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini muhokama qilishga va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yilning 15 yanvarida respublika Hukumati majlisida belgilab berilgan 2016 yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo’nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini baholashga bag’ishlangan majlisi bo’lib o’tdi.

Majlisda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan mamlakatni rivojlantirishning asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari hamda iqtisodiyotni va uning tarmoqlarini, eng avvalo, sanoat va qishloq xo’jaligini yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o’zgartirish va modernizasiyalash, muhandislik-kommunikasiya va yo’l-transport infratuzilmasini jadal rivojlantirish va yangilash, xususiy mulkni, tadbirkorlik va kichik biznesni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, shuningdek, aholi bandligi va farovonligi darajasini oshirishning o’rtacha muddatli dasturlarini amalga oshirishning natijalari ko’rib chiqildi va har tomonlama tahlil qilindi.

2016 yil uchun qabul qilingan iqtisodiy dasturning eng muhim vazifalari va ustuvor yo’nalishlarini tizimli va izchil amalga oshirish tufayli global iqtisodiyotda davom etayotgan inqirozli hodisalarga va uning rivojlanishi sur’atlari sekinlashganligiga qaramay, O’zbekistonda iqtisodiyot o’sishining barqaror sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosiblik ta’minlanayotganligi qayd etildi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 7,5 foizga o’sdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7 foizga, qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi – 6,7 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi 12,8 foizga ko’paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profisit bilan ijro etildi. Inflyasiya darajasi prognoz parametrlardan oshmadi. Xizmatlarning zamonaviy turlarini, eng avvalo, axborot-kommunikasiya texnologiyalariga asoslangan turlarini jadal rivojlantirish yuzasidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar xizmatlar hajmlarining 12,1 foizga o’sishini va ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2015 yilning birinchi choragidagi 59,3 foizdan 59,5 foizgacha ko’payishini ta’minladi.

Kichik biznesni rag’batlantirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish shart-sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish joriy yilning birinchi choragida kichik biznesning 8,4 mingta yoki 2015 yilning shu davridagiga qaraganda 5,5 foiz ko’p yangi subyekti tashkil etilishiga ko’maklashdi. Yil boshidan boshlab kichik biznes subyektlariga 3,6 trillion so’m bank kreditlari berildi, o’sish 2015 yilning 1-choragidagiga qaraganda 1,3 baravarni tashkil etdi. 2016 yilda ish o’rinlari tashkil etish va aholi bandligini oshirish dasturi doirasida 167,4 mingta yangi ish o’rinlari tashkil etildi, ulardan 57,7 foizi qishloq joylarda tashkil etildi. Oilani, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlashga, onalar va bolalarni tibbiy parvarish qilish darajasi va sifatini oshirishga yo’naltirilgan “Sog’lom ona va bola yili” Davlat dasturi tadbirlarini faol amalga oshirish boshlandi. Dastur tadbirlarini moliyalashtirishga joriy yilning birinchi choragida qariyb 1,3 trillion so’m miqdoridagi mablag’ yo’naltirildi.

O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosarlari, vazirliklar, idoralar, xo’jalik birlashmalari rahbarlarining e’tibori xomashyoni jahon bozorida talab etilgan tayyor mahsulotga chuqur qayta ishlashning 3-4 bosqichli sikllariga o’tishni nazarga tutuvchi 2020, 2025 va 2030 yillarga hisoblab chiqilgan sanoatning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish dasturlari loyihalarini ishlab chiqishni tugallashni jadallashtirish va tasdiqlash uchun kiritish zarurligiga qaratildi.

Respublikaning bir qancha xo’jalik birlashmalari, yirik korxonalari, viloyatlari va tumanlari hokimliklari rahbarlari oldiga 2016-2020 yillarda meva-sabzavot, go’sht-sut mahsulotlarini, rangli va nodir metallarni chuqur qayta ishlash tadbirlari o’z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini so’zsiz ta’minlash va qabul qilingan maqsadli parametrlarga erishish bo’yicha aniq vazifalar qo’yildi.

Farg’ona vodiysi viloyatlarini respublikaning qolgan hududi bilan to’g’ridan-to’g’ri temir yo’l qatnovi bilan birlashtiradigan yangi elektrlashtirilgan Angren-Pop temir yo’li qurilishi tugallanmoqda. Samarqand-Buxoro temir yo’lini, yo’lovchilar tashish poyezdlarining yuqori tezlikda harakatlanishini tashkil etgan holda, elektrlashtirish loyihasi jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiya bo’yicha keng polosali foydalanishning 500 kilometrdan ortiq optik-tolali tarmoqlarini qurish va zaxiraga qo’yish amalga oshirildi. Qishloq turar joy massivlarida 13 mingta yangi shinam uylar, ushbu massivlarda ijtimoiy va bozor infratuzilmasining zamonaviy obyektlarini qurish boshlandi.

 

      VEB-SAYTLAR OMMALASHMOQDA

Bugungi kunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 114 ta veb-sayti mavjud bo’lib, ularning 90 tasi foydalanishda qulaylik yaratish va zamonaviy texnologik talablarni inobatga olgan holda o’zlarining mobil shakllarini joriy etgan. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, ko’rsatilayotgan xizmatlar tezkorligini ta’minlash yo’lida amalga oshirilayotgan ishlarning huquqiy asosi “Elektron hukumat to’g’risida”gi qonunda mustahkamlab qo’yilgan. Davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko’rsatilayotgan elektron davlat xizmatlarining soni ayni paytda 1244 taga yetgan.

 

      XITOY XALQ RESPUBLIKASI JAMOAT XAVFSIZLIGI VAZIRI BILAN UCHRASHUV BO’LIB O’TDI

O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Ahmadboyev ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig’ilishida qatnashish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkun bilan uchrashdi. Muloqot chog’ida o’zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan O’zbekiston – Xitoy munosabatlari turli yo’nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Tadbirda terrorizm, ekstremizm va giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan bog’liq jinoyatlarga qarshi kurashishda o’zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi o’rtasida 2016-2017 yillarda hamkorlikni yanada rivojlantirish to’g’risida Protokol imzolandi.

 

      ShHT BOSh KOTIBI RAShID ALIMOV BILAN UChRAShUV

13 aprel kuni Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig’ilishi doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ShHTga a’zo davlatlarning xavfsizlik sohasidagi hamkorligini rivojlantirish masalalari, 2016 yilning iyun oyida Toshkent shahrida bo’lib o’tadigan davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisiga tayyorgarlik jarayoni va tashkilotning joriy yilda o’tkaziladigan boshqa tadbirlari muhokama qilindi.

ShHT bosh kotibi O’zbekistonning joriy raisligi va Toshkentda davlat rahbarlari Kengashining bo’lajak majlisi chog’ida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar tashkilotning 15 yillik tarixida muhim bosqich bo’lishi va ko’p tomonlama o’zaro hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishi kerakligini ta’kidladi.

 

      XAVFSIZLIK KENGASHLARI KOTIBLARI O’RTASIDA UCHRASHUV

13 aprel, chorshanba kuni Toshkentda Xavfsizlik kengashlari kotiblarining 11-uchrashuvi doirasida O’zbekiston respublikasi prezidenti qoshidagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Maxmudov Qozog’iston respublikasi prezidenti yordamchisi — Xavfsizlik kengashi kotibi N. Ermekbayev bilan bilan uchrashdi. Suhbat davomida ikki tomonlama hamkorlik hamda xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvda tomonlar O’zbekistonning hozirgi raisligi va Toshkent shahrida ShHT davlat rahbarlari kengashining bo’lajak yig’ilishi davomida imzolanishi rejalashtirilgan hujjatlar ko’p tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishi kutilayotganligini ta’kidlab o’tdi.

 

      AQSH ELCHISI NAMANGANGA TASHRIF BUYURDI

AQShning O’zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Namanganga tashrif buyurdi. Viloyat hokimligida viloyat hokimi X.Bozorov Pamela Spratlen xonim bilan o’zaro muloqot olib bordi. Suhbat avvalida viloyat rahbari Namanganning boy tarixi va bugungi taraqqiyot yo’li, iqtisodiy salohiyati, madaniy obidalari hamda aholi farovonligini yanada yuksaltirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, yoshlarga berilayotgan e’tibor to’g’risida gapirib berdi.

Spratlen xonim O’zbekistonda, xususan Namangandagi bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari tahsinga sazovorligini ta’kidlab, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga qaratilayotgan e’tiborni alohida e’tirof etdi.

Muloqot so’ngida X.Bozorov mehmonga esdalik sovg’alari topshirdi.

Shuningdek, tashrif doirasida martabali mehmon viloyatning diqqatga sazovor joylari, Namangan shahridagi «Do’stlik» akademik liseyida «Access» loyihasi bo’yicha ingliz tilini o’rganish kursida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdi va Chust shahridagi «Mavlono Lutfullo Chustiy» nomli madaniyat va istirohat bog’ida milliy xunarmandchilik (pichoqchilik, do’ppido’zlik, milliy liboslar va hokazo) ko’rgazmalari, dorbozlik o’yinlari namoyishi bilan yaqindan tanishdi.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      KOBULDA ALISHER NAVOIYNING 575 YILLIK YUBILEYI NISHONLANDI

11 aprel kuni Afg’oniston poytaxti Kobul shahrida mamlakat prezidenti Ashraf G’ani Ahmadzayning "Arg" nomli saroyida atoqli shoir, olim va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan xalqaro simpozium tashkil etildi. Simpoziumda siyosat olamining yuqori martabali namoyondalari, Navoiy ijodiy merosini o’rganib kelayotgan bir qator olimlar ishtirok etgan. Tadbirda Ashraf G’ani Ahmadzay chiqish qilgan va ushbu sana munosabati bilan Alisher Navoiy sharafiga yangi rasmiy davlat mukofoti ta’sis etilishi to’g’risidagi farmonni imzolaganini ma’lum qilgan.

"Adolatga yo’lni Navoiy kabi buyuk shaxslar ochishadi. Bizning hukumat sifatidagi maqsadimiz Navoiy o’z hayoti davomida qaror toptirishga erishgan odil hukmdorlikni joriy qilishlik. Burchimiz esa eski ilm-fan hamda madaniyat vakillarining kitob va maqolalaridan tegishli xulosalar qilish va ularning xotirasini yod etish",— degan Ashraf G’ani o’z chiqishida.

Ashraf G’ani tez orada Alisher Navoiy sharafiga yangi rasmiy davlat mukofoti ta’sis etilishiga va’da qilgan. O’z navbatida, Afg’oniston prezidenti o’rinbosari, mamlakatdagi o’zbek jamoasi yetakchisi general Abdulrashid Do’stum buning uchun prezidentga minnatdorchilik bildirgan.

 

      YAPONIYA JANUBIDA IKKI KUN YER SILKINISHI KUZATILDI

Yaponiya janubida payshanbadan buyon 230 dan ortiq yer qimirlashi kuzatilgani haqida mamlakat meteoroligiya boshqarmasi xabar bermoqda. “Kyusyu orolidagi asosiy faollik uch tumanda – Kumamoto, Aso va Oita markaziy qismida kuzatilgan. Bu yerda jami 236 yer silkinishi qayd etilgan”,— deydi boshqarma vakili. Payshanba kuni Kumamoto prefekturasida birinchi 6,5 balli zilzila qayd etildi. Yaponiyadagi zilzila qurbonlari soni 31 kishiga yetdi. Berilgan ma’lumotlarga ko’ra, 2 mingdan ortiq kishi shifoxonaga yetkazilgan, ulardan 170 nafari og’ir ahvolda. O’tgan tunda Yaponiyaning janubi-g’arbiy qismida ketma-ket zilzilalar ro’y berdi, ularning magnitudasi 7,3 ballni tashkil qildi. Bu tabiiy ofat ko’plab vayronagarchiliklarga sabab bo’ldi. Kyusyu janubi-g’arbiy oroli mana ikkinchi kundirki, kuchli yer silkinishlaridan azob chekmoqda. Yaponiya meteorologik markazining ma’lumotlariga ko’ra, aftershok holatlari yana bir necha kun davom etishi mumkin. Kyusyu orolida qutqaruvchilar ishlashmoqda. Meteorologlarning prognoz qilishlaricha, shanba kuni kechqurun Yaponiyaning janubi-g’arbiga sel keladi, bu qutqaruv operasiyasini yanada qiyinlashtiradi.

 

      PUTIN ROSSIYANING BOSHQA DAVLATLARDAN USTUNLIKLARIGA IZOH BERDI

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, «Vesti v subbotu» dasturiga bergan intervyusida bayonot berishicha, Rossiya mavjud muammolarga qaramay, boshqa davlatlarga nisbatan ustun jihatlarga ega, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti».

«Rossiya o’zgarmoqda, Yevropa o’zgarmoqda, butun dunyo o’zgarmoqda. Bizda muammolar ko’p, ammo boshqa davlatlarga nisbatan ustunliklarimiz ham bor. Buni hayotning o’zi ko’rsatib turibdi»,— degan davlat rahbari. U, 14 aprel kuni o’tkazgan "bevosita muloqot"ida Tomsk universitetida tahsil oladigan litvalik talaba qizning ishtirok etganini izohlab shunday fikrlarni bildirgan.

Putinning qayd etishicha, 1990 yillarda Litvada o’tkazilgan aholini ro’yxatga olish chog’ida 3,5 milliondan ortiq kishi istiqomat qilishi ma’lum bo’lgan edi. Hozirgi vaqtda, aholi soni uchdan birga qisqargan. «Latviyadagi vaziyat bundan ayanchli. Estoniyada birmuncha yaxshiroq. Ammo, aholining chiqib ketishi juda jiddiy», — deb ta’kidlagan prezident.

Bu borada Rossiyaga to’xtalgan prezident, mamlakatga ko’chib kelayotganlar soni va aholining tabiiy ko’payishi ko’rsatkichlari ortib borayotganiga e’tiborni qaratib, ba’zi yo’nalishlar bo’yicha grantlar ajratilayotgani yosh tadqiqotchilar diqqatini tortayotganini qayd etgan.

 

      "JONLI MULOQOT" OLDINDAN REPETISIYa QILINGAN

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan "jonli muloqot" vaqtida Putindan qishloqlarda ko’plab maktablar, shifoxonalar va bolalar bog’chasining qisqartirilishi haqida so’ragan urallik fermer Vladimir Melnichenko "jonli muloqot" avvaldan rejalangan ssenariy bo’yicha o’tganini ta’kidlamoqda. "Menga omad kulib boqdi. Menga savol berishga imkon berilishiga hyech qanday ishora ham yo’q edi. Jonli muloqot oldidan tadbirda bevosita ishtirok etuvchilarni zalda joylashtirish-o’tqazish bo’yicha ikki kun repetisiya o’tkazildi. U yerda mikrofonlar bilan yurgan qizlarda kimning yoniga borish oldindan yozib qo’yilgandi. Men u yerda dekorasiya sifatida o’tirgandim. Ssenariy bo’yicha, prezident umuman zalga murojaat etmasligi kerak edi. U yerda kim savol berishi, kim bermasligi oldindan belgilab qo’yilgandi. Agar men "Qishloqqa ham aytishga bering!" demaganimda hyech kim menga mikrofonni bermasdi ham. Biroq, intizom biroz izdan chiqqandan keyin, men darhol savol berish uchun imkoniyatdan foydalanib qoldim", deb aytmoqda Melnichenko. Fermerning aytishicha, "jonli muloqot" rejalashtirilgan shaklda bo’lgan bo’lsa ham, Putinning o’zi ba’zida "yuguruvchi qatordan" savollarni tanladi, boshlovchilar esa bu vaqtda "alahlab" qolishdi. Avvalroq Putinning 2016 yilgi "jonli muloqoti" televizion namoyishi 6,4 punktga, ya’ni 58,4 foizgacha tushib ketgani ma’lum qilingandi. Bir yil avvalgi muloqotda rekord ko’rsatkich – 63,8 foiz televizion namoyish qayd qilingan edi. 2016 yilgi Putin bilan "jonli muloqot" 3 soatu 40 daqiqa davom etdi.

 

      YAMANDAGI ZIDDIYATLAR OQIBATIDA 6,4 MING KISHI HALOK BO’LDI

Yamanda yuzaga kelgan qarama-qarshilik oqibatida halok bo’lganlar soni 6,4 ming kishiga yetdi, jabrlanganlar soni esa 30,5 ming kishini tashkil qilmoqda. Bu haqda BMT tashkiloti vakili Kyung-va Kang ma’lum qilgan. "6400 nafardan ziyod kishi halok bo’ldi va 30500 nafar kishi jarohat oldi. O’z yashash manzilini o’zgartirgan odamlar soni keskin oshib ketdi. 2,8 mln.ga yaqin kishi o’z uyini tashlab ketishga majbur bo’ldi",— dedi u. Kyung-va Kangning so’zlariga ko’ra, 14,1 mln.ga yaqin kishi tibbiy yordamga muhtoj. Ammo mamlakatdagi shifoxonalarning aksariyati yoki vayron etilgan yoki o’z ishini to’xtatgan. Bosh kotib yordamchisining so’zlariga ko’ra, gumanitar tashkilotlar yamanliklarga yordam berishga ojizlik qilmoqda. 2016 yilda BMT tomonidan tasdiqlagan 1,8 mlrd dollar miqdoridagi yordam pulidan 296 mln dollari mamlakatga ajratilgan.

 

      TERRORCHILAR SURIYANING YAXLITLIGINI BUZA OLISHMADI

Suriya prezidenti Bashar Asad parlament uchun saylovlar o’tkazilgan kunda mamlakatda ro’y bergan fuqarolar urushi oqibatlari haqida gapirdi. "Jangarilar mamlakatdagi infratuzilmaning katta qismini yo’q qilishdi va ko’p qon to’kishdi. Lekin ular asosiy maqsadi – Suriyaning yaxlitligini, suriyaliklarning milliy birdamligini yo’q qila olishmadi", deydi Asad davlat telekanallaridan biriga bergan intervyusida. 13 aprel kuni Suriyada 7 mingta saylov uchastkalari ochildi. Parlamentning yangi tarkibini aniqlab olish uchun ovoz berish jarayonini yoritish maqsadida Damashqda media-markaz faoliyati yo’lga qo’yildi.

 

      11 SENTYABRDAGI TERAKTLAR HAQIDA

AQSh prezidenti Barak Obama keyingi 60 kun ichida 2001 yil 11 sentyabrda AQShda sodir etilgan teraktlar tergovi haqidagi hisobotning 28 sahifasidan "mutlaq maxfiy" ustxatini (grifini) olishga buyruq beradi. Hujjatlarda Saudiya Arabistonida teraktlar bilan aloqalar borligi haqida ma’lumotlar bo’lishi mumkin. Bu haqda 13 aprelda Fox news telekanali xabar berdi. Telekanal bu tergovni olib borgan AQSh kongressi vakillar palatasi va senati komissiyasi tarkibiga kirgan sobiq gubernator Bob Gremga iqtibos keltirmoqda. Gremning aytishicha, Oq uyda uni 1-2 oy ichida hujjatlar oshkor qilinishiga tayyorgarlik ko’rilayotgani haqida xabardor qilishgan. "Mening ikki yillik iltimoslarimdan keyin bu masala prezidentning yakuniy ko’rib chiqishiga olib chiqilmoqda", deb aytdi Grem. Gremni senator Kersten Jillibrend (Nyu-York shtati demokrati) va kongressning vakillar palatasidagi ozchilik yetakchisi (Demokratik partiya fraksiyasi) Nensi Pelosi qo’llab-quvvatlagan. "Men vakillar palatasining razvedka bo’yicha qo’mitasining sobiq a’zosi va kongress 11 sentyabrdagi teraktlar bo’yicha o’tkazgan tergovdagi eng yuqori darajadagi demokratman. Men sobiq senator Bob Grem bilan bu hujjatlarni oshkor qilish va ommaga tanishtirish kerakligi borasida hamfikrman. Kichik Jorj Bush ma’muriyatining buni qilishdan bosh tortishi katta xato bo’lgan", deb aytdi Pelosi rasmiy bayonotda. Oq uy matbuot xizmati mart oyida ma’lum qilganidek, Obama Saudiya Arabistoniga 21 aprelda tashrif buyuradi. Obama u yerda qirol Salmon ibn Abdulaziz al-Suad bilan uchrashadi va Fors ko’rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etadi. 2001 yil 11 sentyabrda jangari-xudkushlar yo’lovchi samolyotlarni qo’lga olib, ularda Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining ikkita minorasi va Pentagonning Virjiniya shtatidagi binosiga borib urilgan. Yana bitta qo’lga olingan layner Shanksvill shahri yaqinida qulagan. Dunyodagi eng yirik terakt oqibatida 2996 kishi halok bo’lgan, 6 mingdan ko’proq odam jarohat olgan. Terakt tashkilotchisi deb "Al-Qoida" terrorchilik guruhi topilgan.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      MINTAQAVIY BOSQICH YAKUNLANDI

Poytaxtimizda “Universiada – 2016” sport o’yinlarining futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi va boks bo’yicha mintaqaviy saralash musobaqalari bo’lib o’tdi. O’zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent temir yo’l transporti muhandislari instituti, Ixtisoslashtirilgan bolalar va o’smirlar boks maktabi hamda «Paxtakor» futbol klubi qoshidagi 16-bolalar va o’smirlar sport maktabida o’tkazilgan bahslarda Toshkent shahri, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari terma jamoalari ishtirok etdi.

Futbol, voleybol, basketbol, qo’l to’pi bo’yicha Toshkent shahrining erkaklar va qizlar terma jamoalari g’olib bo’ldi. Boks bo’yicha Toshkent shahri jamoasining to’qqiz a’zosi, Jizzax viloyatidan bir bokschi final bosqichiga yo’llanmani qo’lga kiritdi.

G’oliblar Farg’ona shahrida bo’lib o’tadigan “Universiada – 2016” sport o’yinlarining final bosqichida ishtirok etadi.

 

      YANGI O’QUV DASTURLARI USTIDA ISHLAR QIZG’IN

Yangilik yaratish va unga erishish juda ko’p izlanish va ishlashni talab qiladi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinovning 10 yillik istiqbolli taraqqiyot dasturida “dunyodagi eng rivojlangan davlatlardagi oliy ta’lim muassasalar qatoridan o’rin egallashi uchun ularning o’quv dasturlari va ma’ruza matnlarini o’rganib, andoza olish”ga qaratilgan rejalar ham belgilangan edi.

Bu vazifalarni amalga oshirish yo’lida barcha pedagog-xodimlar o’z vazifalariga ulkan mas’uliyat bilan yondashmoqdalar.

Bir necha oydirki, universitetimiz pedagog-xodimlari andoza sifatida tanlangan shunday o’quv dasturlari va ma’ruza matnlari ustida tinmay izlanmoqdalar.

Ayni paytda O’zMU huzuridagi Pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazida ishlar rosa qizg’in. Universitetimiz pedagog-xodimlari tayyorlashgan jahon andolariga mos o’quv dasturlari va ma’ruza matnlarini topshirmoqdalar.

Ularni O’zMU O’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Fayzulla Agzamov va O’quv-uslubiy boshqarmasi boshlig’i Zafarjon Jabborovlar sinchkovlik bilan o’rgangan holda qabul qilmoqdalar.

Galdagi vazifa – o’quv jarayoniga ushbu yangi dasturlar joriy etiladi!

Umid bilan suqulgan tayoq, bir kun meva-yu yaproq, deganlaridek, O’zMU talabalari ham dunyodagi eng rivojlangan davlatlardagi tengdoshlari bilan bir xilda tahsil olishda davom etadilar va shu tariqa ular bilan bo’ylashib boraveradilar!

Shu tariqa xorij universitetlari bilan talabalar almashinuvi amalga oshiriladi. Aytaylik, yevropalik talabalar O’zbekiston Milliy universitetida jahon andozalariga mos o’quv jarayonlaridan bahramand bo’lsalar, o’zbek yigit-qizlari chet el universitetlarida xuddi shunday ta’lim olishni emin-erkin davom ettirish imkoniga ega bo’ladilar!

 

      AMIR TEMUR SIYMOSI TALABALAR SAHNASIDA

Ulug’ bobokalonimiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag’ishlangan ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda. Bugun Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da “Sohibqiron Amir Temur jasorati” deb nomlangan sahna asari namoyish etildi.

O’zbekiston Milliy universiteti Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Davlatyor Jumaboyev ma’rifiiy tadbir kirish so’zi bilan boshlar ekan, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Amir Temurning ulug’ nomi tiklanib, 1996 yil mamlakatimizda Amir Temur yili, deb e’lon qilingani, Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda bu ajdodimizning muhtasham haykallari qad rostlagani, 2011 yili davlatimiz rahbari so’zboshisi bilan “Temur tuzuklari” mukammal holda, yuksak sifat bilan yangidan chop etilgani xalqimizning g’ururi hamda iftixoniga aylanganini alohida ta’kidladi.

Bugungi avlodlar buyuk ajdodlarini ko’plab adabiyotlar, sahna asarlari orqali kengroq tasavvur etadilar. O’zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti talabalari atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Amir Temur siymosi”, O’zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning «Sohibqiron» hamda O’zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Ulug’ saltanat” asarlari asosida Sohibqiron siymosini sahnalashtirganlar.

— «Ajdodlar o’giti avlodlar talqinida» mavzuiga bag’ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirimizda talabalarimiz buyuk bobokalonlarimizning durdona o’gitlaridan ham bahramand bo’ldilar,- deydi tadbir tashkilotchisi, falsafa fanlari doktori, professor Nigina Shermuhamedova.- Bu yoshlarning yanada kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Buyuk bobomiz saltanati va saroyiga xos bezaklar bilan jihozlangan sahnada iste’dodli talabalar ijro etishayotgan rollar bir daf’a bo’lsa-da tomoshabinlarni o’sha davr hamda ulug’ siymolar bilan oshno etdi go’yo.

Sohibqiron Amir Temur bobomizning barhayot siymosi yosh avlod qalbida cheksiz iftixor tuyg’usini jo’sh urdirmoqda.

 

      “ZAMONAVIY TILSHUNOSLIK VA TARJIMASHUNOSLIKNING DOLZARB MUAMMOLARI”

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy tilshunoslik va tarjimashunoslikning dolzarb muammolari” mavzuiga bag’ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo’lib o’tdi.

Unda respublikamiz oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, tilshunos olimlar, tarjimashunoslar, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar. Anjumanni kirish so’zi bilan ochgan O’zMU O’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Fayzulla Agzamov mamlakatimizda chet tillarini o’rganishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash g’oyat muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.

Aytish joizki, mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi qonunini hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida chet tillarga o’qitishning kompleks tizimi, ya’ni uyg’un kamol topgan, o’qimishli, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni shakllantirishga, respublikaning jahon hamjamiyatiga yanada integrasiyalashuviga yo’naltirilgan tizim yaratildi. Ayni paytda chet tillarni o’rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko’rsatmoqdaki, ta’lim standartlari, o’quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg’or axborot va media-texnologiyalardan foydalanishni takomillashtirish borasida qator vazifalar amalga oshirilmoqda. Xususan, bu yil O’zMU tashkil etilgan “Til markazi” ham ta’lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillarni uzluksiz o’rganishni tashkil qilish, shuningdek, o’qituvchilar malakasini oshirish hamda zamonaviy o’quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlash, talaba-yoshlarning ingliz va boshqa tillarni, xorijlik yoshlar o’zbek tilini mukammal o’rganishlariga xizmat qiladi.

Ilmiy-amaliy anjumanda O’zMU Xorijiy filologiya fakulteti Ingliz filologiyasi kafedrasi professori O’tkir Yusupov, Samarqand davlat universiteti professori Shahriyor Safarov, Urganch davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti kafedrasi o’qituvchisi Rebekka Mirtin, Jizzax davlat universiteti professori Muhammadjon Xolbekov, Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomchilik va dizayn instituti dosenti Laylo Raupovalarning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda o’qitishning ilg’or uslublarini joriy etish, o’sib kelayotgan yosh avlodni chet tillarga o’qitish, shu tillarda erkin so’zlasha oladigan mutaxassislarni tayyorlash, ularning jahon sivilizasiyasi yutuqlari hamda dunyo axborot resurslaridan keng ko’lamda foydalanishlari, xalqaro hamkorlik va muloqotni rivojlantirishga oid ma’ruzalari tinglovchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

Anjumanda talabalar bu mavzuda o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.