O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 33-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 aprel kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 33-16

“AXBOROT SOATLARI” № 33-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 aprel kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 33-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 aprel kunlari)

TOSHKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI

      IKKINCHI JAHON URUSHI QATNASHCHILARINI RAG’BATLANTIRISH TO’G’RISIDA

9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o’tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G’alabaning 71 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag’batlantirish maqsadida:

1. 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 800 000 (sakkiz yuz ming) so’m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bog’liq sarf-xarajatlar respublika byudjeti mablag’lari hisobidan amalga oshirilsin.

3. O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 1941-1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali va bayramona vaziyatda topshirilishini ta’minlasin.

4. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Xotin-qizlar qo’mitasi, “Kamolot” O’zbekiston yoshlar ijtimoiy harakati, Badiiy akademiya, Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg’armalari, boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Vatanimiz ozodligi va sha’nu sharafi himoyachilariga bag’ishlangan maxsus uchrashuvlar va ma’rifiy-badiiy kechalar o’tkazsin.

5. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri, 2016 yil 18 aprel

 

      PARLAMENTNING NAZORAT FUNKSIYASI SIFAT JIHATIDAN YANGI BOSQICHGA KO’TARILMOQDA  

Yaqinda kuchga kirgan “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonun parlamentning nazorat funksiyasini sifat jihatidan yangi asosda qurish va ta’minlash bo’yicha samarali tizim yaratilishiga salmoqli poydevor bo’ladi. Yurtboshimiz g’oyasi asosida qabul qilingan “Parlament nazorati to’g’risida”gi Qonun ochiq demokratik huquqiy davlat qurish yo’lida qo’yilgan navbatdagi muhim qadam bo’lib, hokimiyatlar bo’linishi konstitusiyaviy prinsipi asosida parlamentning rolini oshirish, uning faoliyatini takomillashtirish, ijro etuvchi hokimiyat ustidan parlament nazorati samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan demokratik o’zgarishlarni ro’yobga chiqarishga xizmat qiladi. Uzoqni ko’zlab hayotga tatbiq etilayotgan konstitusiyaviy islohotlar sharoitida Oliy Majlis palatalari hamda eng avvalo, fraksiyalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim davlat dasturlarining ijrosini so’zsiz ta’minlash borasidagi faoliyatini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishga huquqiy shart-sharoitlar yaratib beradi.

 

      YIRIK GAZNI QAYTA ISHLASH MAJMUASI QURILISHI BOSHLANDI

 “LUKOYL” kompaniyasi O’zbekistonda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi (GQIM) qurilishini boshlagani haqida ma’lum qilmoqda. Ushbu obyekt Qandim gaz kondensati konlari guruhini o’zlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo’lib, u mamlakatning janubiy-g’arbida, Buxoro viloyatida joylashgan. Qandim GQIMga tamal toshini qo’yishga bag’ishlangan tantanali ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev, “LUKOYL” OAJ Prezidenti Vagit Alekperov, mahalliy hokimiyat va asosiy pudratchi tashkilotlarning vakillari ishtirok etishdi. Qandim GQIM qurilishi doirasida yillik quvvati 8,1 mlrd. kubometr gazga teng bo’lgan gazni qayta ishlash zavodi hamda tabiiy gazni yig’ish tizimi barpo etiladi. Ushbu gazni yig’ish tizimi to’liq quvvatda ishlashni boshlaganda o’z ichiga 114 ta gazni qazib olish qudug’i, 11 ta kust maydonchasi va 4 ta yig’ish punktini oladi. 370 km uzunlikdagi gaz quvuri va 160 km uzunlikdagi avtomobil yo’llari yotqiziladi. Majmua va infratuzilma obyektlari qurilishining avj pallasida taxminan 7 000 nafar odamni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. LUKOYL «O’zbekneftgaz» MXK bilan hamkorlikda, «Qandim-Xauzak-Shodi-Qo’ng’irot» MTB doirasida Qandim konlari guruhini o’zlashtirish loyihasini amalga oshirmoqda. Qandim konlari guruhi 6 ta gaz kondensati konlaridan iborat, ya’ni bular – Qandim, Quvachi-Olot, Oqqum, Parsanko’l, Xoji va G’arbiy Xoji konlaridir.

 

      ABDULAZIZ KAMILOV AVSTRIYA TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI DEPARTAMENT DIREKTORI HAYDEMARIYA GURERNI QABUL QILDI

2016 yilning 19 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Avstriya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi G’arbiy Bolqon, Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo va Markaziy Yevropa tashubbusi Departamenti direktori Haydemariya Gurerni qabul qildi. Suhbat chog’ida O’zbekiston-Avstriya kun tartibining dolzarb masalalari ko’rib chiqildi. Ikki tomonlama shaklda va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishdan ikki taraf ham birdek manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasida muntazam muloqotlar ikki davlat o’rtasidagi ko’p tarmoqli hamkorlikning muhim vositasi ekanligi qayd etildi.

Uchrashuvda turli darajadagi bo’lajak uchrashuvlar jadvali yuzasidan fikr almashildi. Shu kunning o’zida Tashqi ishlar vazirliklari o’rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi bo’lib o’tdi. Ushbu maslahatlashuvlar davomida siyosiy, savdo, ivestisiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o’zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi. Muloqot chog’ida iqtisodiy sohadagi munosabatlarni mustahkamlashning ustuvor yo’nalishlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu o’rinda ta’kidlandiki, ikki tomonlama muzokaralar o’tkazish va qo’shma biznes-forumda ishtirok etish uchun kelgan Avstriya yetakchi kompaniyalari nufuzli delegasiyasining shu kunlardagi Toshkentga tashrifi O’zbekiston va Avstriya ishbilarmon doiralarining o’zaro manfaatli munosabatlarni yo’lga qo’yish, qo’shma loyihalarni amalga oshirishga bo’lgan qiziqishi oshayotganini tasdiqlaydi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy siyosatning ba’zi muammolari ham muhokama qilindi.

 

      OTTAVADA O’ZBEKISTON VA KANADA TIV O’RTASIDA SIYOSIY MASLAHATLASHUVLARNING 5-RAUNDI O’TKAZILDI

21 aprel kuni Ottava shahrida O’zbekiston-Kanada siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo’lib o’tdi. Kanada Tashqi ishlar va xalqaro savdo vazirligi delegasiyasiga Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo’yicha byuro Bosh direktori Metyu Levin rahbarlik qildi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning barcha jihatlari yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Shuningdek, 2015 yil boshida Toshkent shahrida bo’lib o’tgan siyosiy maslahatlashuvlarning beshinchi raundi chog’ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni atroflicha muhokama qilindi. Suhbat davomida turli sohalardagi hamkorlikni bosqichma bosqich rivojlanishidan O’zbekiston va Kanada birdek manfaatdor ekanligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investision, sayyohlik va boshqa sohalarda mavjud bo’lgan hamkorlikning ulkan salohiyatini amalda qo’llash istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy dolzarb muammolar, jumladan Afg’onistondagi holat muhokama qilindi.

 

      TEMIR YO’L STANSIYALARIDAN TASHILGAN YUKLAR

Milliy matbuot markazida “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2016 yil birinchi chorak yakunlariga bag’ishlangan matbuot anjumani bo’lib o’tdi. Joriy yilning 27 fevralida Qamchiq dovoni orqali o’tadigan 19 kilometrlik tunnelda burg’ulash, kovlash ishlari to’liq tugallangan. Hozir so’nggi pardozlash va po’lat izlarni yotqizish, elektrlashtirish ishlari olib borilmoqda. Temir yo’l stansiyalaridan tashilgan yuk hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 100 ming tonnaga ortgan. 4,9 million yo’lovchiga xizmat ko’rsatilgan. Eksport xizmatlari hajmi 81,4 million dollarni tashkil etgan. 85,2 milliard so’mlik sanoat mahsulotlari, jumladan, mahalliylashtirish dasturi doirasida 12,6 milliard so’mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Temir yo’llarni reabilitasiya qilish, lokomotivlarni qayta tiklash, yuk vagonlarining xizmat muddatini uzaytirish ishlari amalga oshirilgan.

 

      KORXONALAR SONI 20546 TAGA YETDI  

2016 yilning yanvar-mart oylarida yangi ro’yxatga olingan korxonalar va tashkilotlar soni 20546tani tashkil etib, shundan 8480tasi kichik tadbirkorlik (fermer va dehqon xo’jaliklarisiz) sub’ektlaridir. Hududlar kesimida yangi tashkil etilgan korxonalar va tashkilotlarning 2141tasi Toshkent shahri, 2783tasi Jizzax, 2446tasi Farg’ona, 2340tasi Toshkent, 1727tasi Qashqadaryo, 1649tasi Samarqand, 1266tasi Namangan, 1218tasi Surxondaryo, 1048tasi Andijon, 807tasi Sirdaryo, 775tasi Buxoro, 700tasi Xorazm, 609tasi Navoiy viloyatlari va 1048tasi Qoraqalpog’iston Respublikasiga to’g’ri keladi.

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida yangi tashkil etilgan korxonalar va tashkilotlarning 12786tasi qishloq, o’rmon va baliq xo’jaligi, 2614tasi sanoat va qurilish, 2076tasi savdo hamda 3070tasi boshqa faoliyat turlarida tashkil etildi. 2016 yil 1 aprel holatiga faoliyat ko’rsatayotgan korxonalar va tashkilotlarning (fermer va dexqon xo’jaliklarisiz) umumiy soni 261,9 mingtani tashkil etib, shundan 211,4 mingtasi kichik tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanadi.

 

      “TOSHKENT” XALQARO AEROPORTIDA YANGI BUSINESS LOUNGE “UZBEKISTAN AIRWAYS” ISHGA TUSHIRILDI

“Toshkent” xalqaro aeroportida amalga oshirilgan ta’mirlash ishlaridan so’ng “O’zbekiston havo yo’llari” MAK va boshqa aviakompaniyalarning biznes sinfda uchuvchi yo’lovchilar uchun yangi Business Lounge “Uzbekistan airways” ishga tushirildi. Yangi Business Lounge “Uzbekistan airways”ni loyihalashtirishda zamonaviy axitektura texnologiyalaridan foydalanildi. Bu yer yo’lovchilar va yuklarni ro’yxatdan o’tkazish uchun jahon standartlariga javob beradigan texnika qurilmalari bilan ta’minlandi. Kutish zali 350 kv.m. bo’lib, 160 o’ringa mo’ljallangan. Yo’lovchilar uchun esa turli qulayliklar yaratilingan. Bunga misol qilib, o’yingohdan iborat ona va bola xonasi, yuvinish xonasi, tibbiyot punkti va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Yo’lovchilar xizmatida turli xil taom va ichimliklardan iborat kafe-bar ishlamoqda. Bundan tashqari, o’z parvozlarini kutayotgan yo’lovchilar qulay mebellarda katta hajmli teleekranlardan, tekin Wi-Fi xizmatidan va matbuot nashrlaridan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratildi. Yangi Business Lounge “Uzbekistan airways”da imkoniyati cheklangan yo’lovchilar uchun alohida sharoitlar qilindi.

 

      TOSHKENTDA YANGI BOG’ ISHGA TUSHDI  

23 aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida «Nurafshon» nomli yana bir madaniyat va istirohat bog’i ishga tushdi. Ushbu bog’ ancha yillar oldin qurilgan bo’lib, uni “Oymoma” nomi bilan xotirlashadi. 2000-yillarga kelib bog’ tashlandiq holatga kelib qolgan edi. attraksionli, yozgi kinoteatrga ega ulkan maydonda yastanib yotgan bog’ 20 yil qarovsiz qoldirilgan edi. Ayni damda bog’ ta’mirlashdan chiqqan bo’lib, atraksionlar yangilangan, o’rindiqlar o’rnatilgan hamda yo’laklar va alleyalar barpo etilgan. Unda Yevropa va milliy tamolar oshxonasi ham ishlab turibdi. Toshkent va mehmonlar allaqachon bog’ning yangi ochilgan chiroyidan bahramand bo’lishmoqda.

 

BYUDJET ASOSIDA TA’LIM OLUVCHILAR 3 YIL ISHLAB BERISH TARTIBI  

Byudjet asosida o’qiganlar 3 yil majburiy ishlab beradi va keyin diplomini oladi, degan gap bor. Magistraturada o’qishni davom ettirmoqchi bo’lganlarga ishlab berish muddati cho’ziladimi yoki shu uch yil muddat ichida ish joyini o’zgartirsa, berilgan muddat qaytadan hisoblanadimi? Ushbu jarayon 2005-2006 o’quv yilidan boshlab amaliyotga tadbiq etib kelinmoqda. Agar Oliy ta’lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavriatini tamomlagan bitiruvchilar magistratura to’lov-kontrakt asosida o’qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlaganidan so’ng amalga oshiriladi. Oliy ta’lim muassasalarini to’lov-kontrakt asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga davlat grantlari asosida o’qishga qabul qilingan taqdirda kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlaganidan so’ng amalga oshiriladi.

Shuningdek, ta’lim muassasasi, korxona yoki tashkilotga turli lavozimlarda ishlagan muddat hamda ta’lim muassasasi, korxonasi yoki tashkilotga mansub bo’lgan tizimdagi (vazirlik, idora yoki boshqa xo’jalik boshqaruv organi) boshqa ta’lim muassasalarida, korxona va tashkilotlarda ish beruvchining roziligiga ko’ra ishlagan muddat bitiruvchi tomonidan majburiy ishlab berilishi lozim bo’lgan uch yillik muddatga ham kiradi.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      VASHINGTONDAGI KOSMONAVTIKA MUZEYIDA GAGARIN BYUSTI O’RNATILDI

Vashingtondagi aviasiya va kosmonavtika muzeyi o’zining kolleksiyasiga insoniyat tarixidagi birinchi fazogir Yuriy Gagarinning shlem va skafandrdagi bronzadan ishlangan byustini oldi. Haykalning tantanali topshirilish marosimi 1961 yil 12 aprelda fazogirning "Vostok-1" koinot kemasidagi tarixiy parvozining 55 yilligiga bag’ishlandi. Byust muzeyning Vashington chetidagi shahardagi filialida doimiy ekspozisiyaning bir qismi bo’ladi. Haykalni ukrainalik haykaltarosh Aleksey Leonov yasagan. Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak Rossiya va AQShning birgalikda ish tajribasi "koinotni tadqiq qilish, bir-biriga yordam berish uchun birgalikdagi missiya va dasturlarni gohida o’z hayotini xavf ostiga qo’yib amalga oshirishdagi yutuqlarni ko’rsatishini" ta’kidlab o’tdi. "Bu yosh avlodlarga birgalikda qancha ko’p ishni qilish mumkinligini ko’rsatadi", deb aytdi Kislyak va bunga koinot borasidagi hamkorlikni misol qilib ko’rsatdi. U "munosabatlarni ayiruvchi emas, balki birlashtiruvchi narsa atrofida qurishga" chaqirdi. Muzey direktori o’rinbosari Rojer Lounis byustni "ajoyib sovg’a" deb atadi va "uni qo’z qorachig’idek saqlash"ga va’da berdi hamda bu buyust "muzey kolleksiyasini yanada boyroq qilishiga" ishonch bildirdi. Aviasii va kosmonavtika milliy muzeyi Vashingtondagi eng yirik muzeylardan hisoblanadi. Byust muzeydagi Yuriy Gagarin bilan bog’liq birinchi eksponat emas. Muzeyda Rossiya va Sobiq ittifoq kosmonavtikasining 400 ta rariteti orasida insoniyatning koinotga birinchi parvozi mashg’ulotlarida foydalanilgan skafandr, pochta markalari, 1975 yilda AQSh va Sobiq ittifoqning koinot kemalari tutashgandan keyin chiqarilgan "Soyuz-Apollon" sigareti pachkasi, rossiyalik fazogirlarning suratlari, ko’plab hujjatlar va fotosuratlar bor.

 

      NATO BOSH KOTIBI: ROSSIYA BILAN AVVALGI ALOQALAR TIKLANMAYDI  

NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning bayonot berishicha, Rossiya va harbiy alyans, tomonlar o’rtasidagi siyosiy muloqot qanchalik muhim bo’lmasin, oddiy munosabatlar davriga qaytmaydi, deb xabar qilmoqda RIA «Novosti» agentligi. «Yevroatlantika mintaqasi ajratib turuvchi mamlakatlar o’rtasidagi siyosiy muzokaralar zarur va foydali, bu ayniqsa, biz boshimizdan kechirayotgan, manfaatlar to’qnash kelgan vaziyatda juda muhim. Shunga qaramasdan, bu avvalgi munosabatlarni tiklashimizni anglatmaydi», — degan bosh kotib Stoltenberg.

Uning qayd etishicha, siyosiy muloqot uchun mavjud aloqalarni saqlab qolish, barcha tomon manfaatlariga mos keladi.

 

      LAVROV: SURIYADAGI URUSHNI HYECH KIM YUTA OLMAYDI

Ba’zi tashqi o’yinchilar Suriyadagi tuzumni kuch bilan ag’darishni orzu qilmoqdalar, deb aytdi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov. "Bashar Asad urushni yuta oladimi degan savolga kelsak, uni hyech kim yuta olmaydi. Bu barcha ekspertlar tomonidan tan olinmoqda. Biroq, tuzumni kuch bilan ag’darib tashlamoqchi bo’lgan tashqi frontda bir nechta alohida o’yinchilar bor, ular buning uchun barcha narsani, jumladan Jenevadagi muzokaralarni barbod qilishga ham harakat qilmoqda. Fikrimcha, AQSh va Fransiya bunday harakatlarga qat’iy qarshilar", deb aytdi Lavrov. Lavrov Rossiya Suriyaga kuch bilan ta’sir qilish ro’yobga chiqmasligi uchun barcha narsani qilishini aytdi, chunki bu yana bitta davlatning barbod bo’lishiga olib keladi. "Biz harbiy qaror, kuch bilan ta’sir qilish ustun bo’lmasligi uchun barchasini qilamiz. Chunki bu mintaqadagi yakuniy tartibsizlikka, Iroq va Liviyadan keyin yana bitta davlatning barbod bo’lishiga yo’ldir. Yamanni ham yaxshi ko’rinishda deb bo’lmaydi", deb aytdi Lavrov.

"Bunday rejalarni tuzuvchilarni javobgarlikka tortish kerak", deb qo’shimcha qildi Lavrov. U, shuningdek, Rossiya va Fransiya "yarashuv tartibiga amal qilishga erishish, uning buzilishining oldini olish, mamlakatdagi muhtojlarga insonparvarlik yordamining yetib borishini kengaytirishda yordam berishni davom ettirish" zarur deb hisoblashlarini ta’kidlab o’tdi.

 

      OBAMA VA PUTIN O’RTASIDAGI TELEFON SO’ZLASHUVIDA SURIYA, UKRAINA MASALALARI MUHOKAMA ETILDI  

AQSh tomoni tashabbusi bilan kuni kecha Barak Obama va Vladimir Putin o’rtasida telefon so’zlashuvi bo’lib o’tgan. O’zaro muloqot davomida davlat rahbarlari Suriyadagi o’t ochishlarni to’xtatish, gumanitar yordamga sharoit yaratish hamda Ukrainadagi vaziyat borasida o’zaro fikr almashgan. Xususan, Barak Obama Suriya hukumat qo’shinlarining muxolifatga qarshi yurishlarini to’xtatish lozimligini va bunda Rossiya hukumati Bashar Asadga bosim o’tkazishi kerakligini ta’kidlab o’tgan. Shu bilan birga o’t ochishlarni to’xtatish masalasi bilan parallel ravishda siyosiy o’zgarishlarni ham amalga oshirish jarayonini boshlash ta’kidlangan. O’z o’rnida Putin, “mo’tadil” muxolifatni DAISh va “Jabxat an-Nusra” terrorchi guruhlaridan farqini tezroq aniqlik kiritish lozimligini hamda Suriyaning Turkiya bilan chegarasini yopish lozimligini ta’kidlab o’tgan. Obama o’z so’zida Putinga Suriyadagi AQSh fuqarosini ozod qilishdagi yordami uchun minnatdorchilik bildirgan. Bundan tashqari ikki davlat rahbarlari o’rtasida Ukrainadagi vaziyat ham muhokama qilingan bo’lib, AQSh prezidenti Moskvani Ukraina sharqidagi to’qnashuvlarni to’xtatish borasida aniq choralar ko’rishga chaqirgan. Minsk kelishuvini amalga oshirish zarurligi aytilgan.

 

      BARAK OBAMA SAUDIYA ARABISTONIGA TASHRIF BUYURDI  

AQSh prezidenti Barak Obama Saudiya Arabistoni podshohligiga tashrif buyurdi. Obamaning bugun Saudiya podshohi Salman ibn Abdul-Aziz Al Saud va uning o’g’li, valiahd shahzoda Muxammad ibn Naif Al Saud bilan muzokaralar olib borishi kutilmoqda. Payshanba kuni esa, Ar-Riyodda AQSh prezidenti fors ko’rfazidagi 6 ta arab davlatlari monarxlari bilan uchrashadi. Mazkur tashrif davomida Obamaning so’nggi vaqtlarda arab davlatlarining AQShga bo’lgan munosabatidagi ba’zi tushunmovchiliklarni hal etish va Erondan xavfsirashini bartaraf etish borasidagi takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.

 

      LUKASHENKO: ROSSIYA YUGURDAGI BO’LISHNI ISTAMAYMIZ

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning bayonotiga ko’ra, Rossiyadagilar, belaruslar ruslarning yugurdagi bo’lishni xohlamayotganlarini to’g’ri tushunishlari lozim. Buni Minsk Moskvadan yuz o’girish niyatida, deya tushunmaslik kerak, deb qayd etgan Lukashenko. Bu haqda davlat rahbari Aleksandr Lukashenko Milliy kengashga murojaatida ma’lum qilgan.

«Men rossiyaliklar, ayniqsa Rossiya rahbariyati, biz ularning yugurdagi bo’lmasligimizni yaxshi tushunishlarini xohlardim. Biz — siz bilan bir uyda, ammo alohida xonadonda istiqomat qilayotgan mustaqil, suveren davlatmiz. Katta bo’lmagan, kichkina, ammo o’zimizning xonadonda. Aslida, bu so’zlarni Rossiyaning hozirgi prezidenti ham ta’kidlaydi», — deya Lukashenko so’zlaridan iqtibos keltiradi «Interfaks» agentligi.

«Qayoqqa ham burilamiz? Biz, og’a-inilarmiz, — deb davom etgan prezident. — Bu tarix belgilab bergan voqyelikdir». Milliy kengashga murojaat qilgan Belarus prezidenti inqiroz mavzusiga ham to’xtalib, 2016 yili mamlakat iqtisodiyotiga ancha qiyin bo’lishidan ogohlantirgan. Lukashenko shuningdek, 2002 yildan pensiya yoshini 63 yoshga o’zgartirish to’g’risidagi qarorga xotirjam yondashishga chaqirgan.

 

      POROSHENKO ROSSIYA FILMLARINI KO’RISHNI TAQIQLOVCHI QONUNGA IMZO CHEKDI

Ukraina prezidenti Petro Poroshenko Rossiyada 2014 yil 1 yanvardan keyin yaratilgan filmlarning namoyishini taqiqlovchi qonunni imzoladi. "Mazkur qonun loyihasi Ukraina milliy xavfsizligining himoyasini ko’tarish, jamiyatda ayirmachilik kayfiyatning pasayishi va davlat avtoritetining mustahkamlanishiga qaratilgan", - deb ta’kidlanadi hujjatdagi tushuntirish xatida. Bundan avvalroq, Ukraina milliy kengashining teleradio masalalari bo’yicha rahbari Yuriy Artemenko madaniyat vaziriga Rossiya madaniyat xodimlarining qora ro’yxatini qayta ko’rib chiqish talabi bilan chiqqan.

Ukrainada shuningdek Rossiyaning 13ta telekanali va aktyor Yuriy Galsev va xonanda Grigoriy Leps ishtirokidagi filmlar ham taqiqlangan.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      DUNYOGA BO’Y KO’RSATAYOTGAN TALABALAR

Dunyoga dong taratgan allomalarning bugungi vorislari ham tom ma’noda o’zligini namoyon qilmoqda.

Yaqinda Kipr davlatida matematika fani bo’yicha o’tkazilgan 10-xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasida Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimov g’oliblik shohsupasidan munosib o’rin egallab, 2 ta oltin medalni qo’lga kiritgan edilar.

Navbatdagi xushxabar Moskva shahridan keldi. Bu yerda bo’lib o’tgan “Ochiq internet xalqaro olimpiadasi”da O’zMU Kimyo fakulteti talabalari Jaloliddin Xushvaqtov kumush va Muzaffar Maxsumov bronza medallarini qo’lga kiritdilar!

Mustaqil davlatlar hamdo’stligi (MDH) respublikalarining 97 ta oliy ta’lim muassasalaridan kimyo yo’nalishi bo’yicha 497 nafar talaba ishtirok etgan mazkur olimpiadada yosh tadqiqotchilarimiz rus tilida “Maxsus ixtisoslashtirilgan kimyo kurslari” yo’nalishi bo’yicha 12 tadan masala yechishib, shunday muvaffaqiyatga sazovor bo’ldilar.

– Milliy universitetimizda fan sirlarini chuqur o’rganish uchun yaratilgan sharoitlar, xususan, internetdan emin-erkin foydalanish, axborot-resurs markazida, Kimyo fakulteti laboratoriyalaridagi imkoniyatlar bizga qanot baxsh etadi,– deydi Kimyo fakulteti 1-bosqich talabasi, kumush medali sohibi Jaloliddin Xushvaqtov.– Kelgusi olimpiadalarda albatta oltin medalni ham qo’lga kiritishga harakat qilamiz.

– O’z davrida dunyoga dovruq solgan kimyogar olimlarimizning ilmiy maktablariga hamma havas bilan qaraydi,– deydi 2-bosqich talabasi, bronza medali sohibi Muzaffar Maxsumov.– Ana shunday ulug’ ajdodlarga munosib voris bo’lish uchun biz izlanishda davom etaveramiz. Puxta bilim egallashimiz, amaliyot sirlarini chuqur o’zlashtirishimiz uchun universitetimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ustozlar ishonchini oqaymiz.

Yoshlarimiz dunyoda hyech kimdan kam bo’lmagan va hyech kimdan kam bo’lmaydi, degan ulug’vor fikrlar zamirida olamcha ma’no mujassam. Jahonni hayratga solgan buyuk kimyogar allomalarimizning bugungi izdoshlariga endi o’zgalar havas qilsa arziydi.

 

      ONA YER ARDOG’IDA  

22 aprel – xalqaro Yer kuni kuni sifatida keng nishonlanishi o’ziga xos an’anaga aylangan.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti biolog va tuproqshunos olimlari hamda tadqiqotchilari tomonidan har yili ushbu sanaga bag’ishlab anjumanlar, davra suhbatlari o’tkazilmoqda, ilmiy-ommabop kitob, risola, buklet va maqolalar to’plamlari chop etilmoqda.

O’zMU jamoasi yaqinda “Atrof-muhit o’zgarishi sharoitida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish masalalari” mavzuiga bag’ishlangan navbatdagi ilmiy-amaliy seminarini O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo’mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo’mitasi, Oliy va o’rta maxsus vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etdi.

Unda ekoharakat deputatlar guruhi, soha mutaxassislari, olimlar, pedagog xodimlar va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o’rinbosari, Ekoharakat deputatlar guruhi rahbari Boriy Alixonov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo’mitasi bo’lim boshlig’i Ashraf Muhammadiyev, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari Botir Usmonov va boshqalar davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda Yerga bo’lgan munosabat tubdan o’zgargani, bu borada qator qonunlar, hukumat qarorlari, tegishli davlat dasturlari qabul qilingani hamda ularning mohiyati haqida atroflicha so’z yuritdilar.

Anjumanda soha mutaxassislarining Yer resurslarini boshqarishda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integrasiyasiga hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda innovasion texnologiyalar, tuproq unumdorligini oshirishda eng yaxshi tajribalarga oid ma’ruzalari tinglandi.

Tadbir doirasida bir guruh iqtidorli yoshlarning ushbu mavzuga bag’ishlangan “Eng yaxshi ilmiy ishlari” munosib taqdirlandi.

Ilmiy-amaliy seminarga taqdim etilgan ma’ruzalardan iborat “Atrof muhit o’zgarishi sharoitida yer resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish masalalari” to’plami anjuman ishtirokchilariga taqdim etildi. Mazkur to’plamda O’zbekistonning Yer resurslari, ulardan oqilona foydalanish va muhofaza qilishning eng ilg’or tajribalariga yo’naltirilgan tadqiqot va texnologiyalarga doir fundamental, ilmiy-amaliy va innovasion tadqiqotlar natijalari o’z aksini topgan.

Ma’lumot o’rnida aytish joizki, jahonning umumiy yer maydoni, Antarktida va Arktika muzliklarini hisobga olmaganda, 13,1-14,9 milliard gektargacha bo’lgan hududni tashkil etadi. Shundan ishlov beriladigan yer maydonlari 11 foiz, yaylov va o’tloqlar 23-25 foiz, o’rmon va bo’tazorlar 31 foiz, aholi yashaydigan yerlar esa bor-yo’g’i 2 foizni tashkil etadi. Qolgan yer maydonlari kam mahsuldor yerlar, tog’lar, doimiy muzliklar, cho’llar va botqoqliklardan iborat.

Yer necha million yillardan beri odamzod uchun qulay yashash manzili hisoblanadi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga qaraganda, keyingi yarim asr mobaynida sayyoramizdagi aholi soni salkam 3 barobar ortgan. Neft mahsulotlari, gaz va toshko’mirga bo’lgan ehtiyoj mos ravishda 7, 15, 3,6 marotabaga oshgan. Elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatlari 21 barobar, alyuminiy ishlab chiqarish 15, po’lat ishlab chiqarish 4 barobardan ortgan. Bu esa Yerdagi zaxiralar inson ehtiyojini qondirish uchun yetarli bo’lmay borayotganidan dalolat beradi.

1970 yildan buyon har yili 22 aprel kuni jahondagi barcha mamlakatlarda Yer sayyorasini asrash, dunyo ahlini uning bag’rida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga chaqirish maqsadida jahonning ilg’or mamlakatlarida turli tadbir va aksiyalar o’tkazib kelinadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2009 yilda 22 aprel sanasini “Xalqaro Yer sayyorasi kuni” deb e’lon qilib, uni alohida sana sifatida nishonlashga qaror qilgan. Shu kuni turli mamlakatlarda Tinchlik qo’ng’iroqlari jaranglaydi. O’zini shu Yer uchun, kelajak avlod hayoti uchun javobgar deb his qilgan har bir odamni bu kun befarq qoldirmaydi. Yer yuzi bo’ylab turli mintaqalarda tashkil etiladigan aksiyalarda daraxt ekish, atrof-muhitni ozoda saqlash, o’zi yashab turgan hududni obodonlashtirish ishlari birgalikda amalga oshiriladi. O’tkaziladigan turli uchrashuv va yig’inlarda ekologlar, olim va mutaxassislar odamlarga Yer sayyorasi, undagi hayot bardavomligini ta’minlash yuzasidan atroflicha bilim va tushuncha berishga intiladilar.

Mazkur anjumanda ham bu borada turfa fikrlar o’rtaga tashlandi va tegishli xulosalar chiqarildi.

Bu mavzuda yosh tadqiqotchilar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

      MILLIY UNIVERSITETDA YAPON OLIMASINING MA’RUZASI TINGLANDI  

Yapon mo’jizasiga dunyoda lol qolmagan kishi topilmasa kerak. Ana shu mo’jizalar ijodkorlari endilikda O’zbekiston Milliy universitetiga tez-tez tashrif buyurishib, ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga o’z hissalarini qo’shmoqdalar.

22 aprel kuni Yaponiyaning Jikey va Juntendo universitetlari professori Momo Chiba bilan uchrashuv ham g’oyat qiziqarli o’tdi.

Unda Milliy universitet yosh tadqiqotchilari, talabalari hamda O’zMU huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazi tinglovchilari ishtirok etdilar.

Yapon olimasining ekologiya va farmasevtika sohasiga oid ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg’otdi. O’zbekiston va Yaponiyada ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar mohiyatan bir-biriga uyg’unligi soha mutaxassislarining maqsadlari mushtarak ekanligini ko’rsatadi. Demak, o’zbek-yapon olimlarining hamkorligi bunday global masalalarni ijobiy hal etishda muhim ahamiyatga egadir.

     

      JURNALISTIKA FAKULTETIDA TA’LIM TIZIMI TAKOMILLASHMOQDA

Jurnalistika sohasida nazariy bilimlar poydevori qanchalik mustahkam bo’lsa, amaliyotda u shunga yarasha samarasini ko’rsataveradi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetida ayni paytda o’quv dasturlariga xalqaro andozalar keng tadbiq etilmoqda. Bu borada rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari o’quv rejalari, darsliklari, o’quv qo’llanmalaridan keng foydalanilmoqda.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da jurnalistlar-olimlar bilan o’tkazilgan davra suhbatida bu haqda atroflicha fikr yuritildi.

O’zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov fan va texnika taraqqiyoti naqadar jadal tus olayotgan bugungi kunda qator fanlar qatori jurnalistika sohasida ham nazariy bilimlarni mustahkamlash, bu yo’nalishda ham ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish g’oyat muhim ahamiyat kasb etayotgani, bu borada Vazirlar Mahkamasi hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan berilayotgan tavsiyalar, ayni paytda Jurnalistika fakultetida amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so’z yuritdi. U jahon andozalariga mos o’quv dasturlari va ma’ruza matnlarini tayyorlash hamda ta’lim jarayoniga tatbiq etishda katta tajribaga ega ustozlarning ham madadi, qimmatli maslahatlari zarurligini ta’kidladi.

Davra suhbatida taniqli ijodkor-olimlar va amaliyotchilardan Xurshid Do’stmuhammad, Ibrohim G’afurov, Abdulla A’zamov, Saydi Umirov, Ahmadjon Meliboyev, Shuhrat Jabborov, Murod Abdullayev, Gulchehra Umarova, Faxriddin Karimov, Muhiddin Mirzo, O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev, O’quv-uslubiy boshqarmasi boshlig’i Zafarjon Jabborov, Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatovalar yetuk jurnalist-kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilishi zarur bo’lgan vazifalar haqida o’z fikr-mulohazalarini o’rtoqlashdilar.

 

      O’ZMUDA POLSHALIK OLIMLAR BILAN DAVRA SUHBATI BO’LIB O’TDI  

Xalqaro ilmiy hamkorlik ta’lim taraqqiyotining eng muhim omillaridan biri hisoblanadi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida Polsha Fan va oliy ta’lim vazirligi hamda qator ta’lim muassasalari vakillari bilan ochiq muloqot o’tkazildi.

O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev o’quv dargohimizda amalga oshirilgan ishlar, xususan, elektron ta’lim tizimi yo’lga qo’yilgani, xalqaro Til markazi tashkil etilgani va istiqbollari, ayni paytda dunyodagi eng ilg’or mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining o’quv dasturlaridan andoza olinayotgani, kelgusida o’sha davlatlar universitetlari bilan talabalar almashinuvi yo’lga qo’yilishiga tayyorgarlik ko’rilayotgani haqida atroflicha so’z yuritdi.

Justyna Kulpa Polsha Fan va oliy ta’lim vazirligi ekspertlari Olha Vyshnevska, Michal Sobczyk, Polsha ekologiya va menejment universiteti vakili Irina Lapanovska, Jagiellonian universiteti vakili Alina Ozerianskalar O’zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilayotgan ishlar katta qiziqish uyg’otganini ta’kidladilar.

Ular Polsha oliy ta’lim muassasalari va O’zbekiston Milliy universiteti o’rtasida o’zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, yosh tadqiqotchilar va talabalarning o’zaro tajriba almashishlarini doimiy ravishda yo’lga qo’yish yuzasidan o’z taklif hamda mulohazalarini bayon etdilar.

  Davra suhbatida xalqaro aloqalar, ilmiy hamkorlik istiqbollarini yanada takomillashtirish borasida istiqbol rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi.

 

      O`ZMU “ISTIQBOL” JAMOASI “TAFAKKUR SINOVLARI” TANLOVI SARALASH BOSQICHI G`OLIBI  

O`zbekiston Milliy universiteti tom ma’noda – iste’dodli va iqtidorli talabalar maskani, desak aslo mubolag`a bo`lmaydi. Buni intellektual salohiyati yuksak talaba-yoshlardan iborat “Istiqbol” jamoasi faoliyati misolida ham ko`rish mumkin.

Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o`rtasida o`tkazilayotgan “Tafakkur sinovlari” tanlovida faol ishtirok etishayotgan mazkur jamoamiz yoshlari dastlabki saralash bosqichidayoq o`z iste'dodlarini namoyon etdilar.

Tanlovning saralsh bosqichi 19-aprel kuni Toshkent Temir yo`llar muhandislik institutida bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Milliy universitetining “Istiqbol”, Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutining “Sharq nuri”, O`zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining “Liderlar”, Toshkent Davlat Texnika universitetining “Beruniy izdoshlari” jamoalari ishtirok etdilar.

Tanlov shartiga ko`ra jamoalar 5 ta yo`nalishda o`z iqtidorlarini namoyon qildilar.

Birinchi shartga ko`ra, jamoalar o`zi tahsil olayotgan oliy ta`lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, ilmiy va malakaviy izlanishlar uchun mavjud imkoniyatlar, O`zbekistonning eng yangi davri taraqqiyoti, so`nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari, shuningdek, yuksak ma`naviyatli barkamol avlodni tarbiyalash hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yulsaltirishga qaratilgan takliflarini ko`rgazmali vositalar orqali namoyish etishdi.

Ikkinchi shartga ko`ra, O`zbekistonning eng yangi tarixi davri, so`nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan istilohotlar yuzasidan o`n beshtadan savol berildi. Ushbu shart jamoalar o`rtasida “Blits” (tezkor javob) tarzida o`tkazildi. Savollarni o`ylash va javob berish uchun 2 daqiqa vaqt ajratildi.

Uchinchi shartga ko`ra, tashkiliy-ishchi guruh tomonidan tayyorlangan O`zbekistonning eng yangi tarixi davrida erishilgan yutuqlari aks etgan ijtimoiy rolik namoyish etildi. Barcha guruhlar ekranda namoyish etilgan 6 daqiqalik videorolik mavzusidan kelib chiqqan holda o`z fikr-mulohazalarini plakatda tasvirlash barobarida izohlab berdilar.

To`rtinchi shartga ko`ra, jamoa a`zolari tomonidan tayyorlangan sahna ko`rinishi orqali talabalar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekishning zararli oqibatlari, shuningdek odam savdosi, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalariga oid muammoli vaziyatlar va ularni bartaraf etish hamda oldini olishda jamoatchilik bilan hamkorlikdagi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan iqtidorlarini namoyon etishdi.

Beshinchi shartga ko`ra, jamoalar o`zi tahsil olayotgan oliy ta`lim muassasida “Yoshlar dasturi”ning ijrosi va natijalarini sahna ko`rinishlari orqali namoyish etdilar. Shuningdek, mazkur Dasturni takomillashtirish bo`yicha talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflar taqdimot shaklida namoyish etildi.

Tanlov natijasiga ko`ra, O`zbekiston Milliy universitetining “Istiqbol” jamoasi 1-, Toshkent Davlat Texnika universitetining “Beruniy izdoshlari” 2-, O`zbekiston Davlat Jahon Tillari universitetining “Liderlar” jamoasi 3-o`rinni egalladilar.

G`olib jamoalar diplom bilan taqdirlandilar.

Universitetimiz “Istiqbol” jamoasi 17 may kuni bo`lib o`tadigan tanlovning hududiy bosqichida ishtirok etadi.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.