O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 34-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (25-30 aprel kunlari) MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 34-16

 

“AXBOROT SOATLARI” № 34-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (25-30 aprel kunlari)
MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
“AXBOROT SOATLARI” № 34-16
Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (25-30 aprel kunlari)
TOSHKENT
O‘zMU - 2016
      I. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR
      O‘ZBEKISTON - ROSSIYA: STRATEGIK SHERIKLIKNING YANGI BOSQICHI 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 25-26 aprel kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
25 aprel kuni Islom Karimov va Vladimir Putinning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlarning samimiy va sermazmun suhbati uzoq davom etdi. Tomonlar O‘zbekiston - Rossiya munosabatlari, jahonning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan voqyealar xususida atroflicha fikr almashdilar. 
Tashrifning asosiy tadbirlari 26 aprel kuni Kremlda bo‘lib o‘tdi. Islom Karimov va Vladimir Putinning uchrashuvida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. 
Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro aloqalar rivojiga yangi sur'at bag‘ishlashini, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan har tomonlama fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekanini alohida ta'kidladi. 
Vladimir Putin O‘zbekiston Rossiyaning strategik hamkori va ishonchli ittifoqchisi ekanini, bu munosabatlar yanada mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etdi. 
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik mustahkam shartnomaviy-huquqiy asosga ega. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma doirasida izchil rivojlanib bormoqda. Hukumatlararo va idoralararo aloqalar sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish, oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda. 
Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘oniston muammosi, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. 
Uchrashuvda O‘zbekistonning SHHTga raisligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e'tibor qaratildi. Mamlakatimizning tashkilot ishini yanada faollashtirish, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlari muhim ahamiyatga ega ekani ta'kidlandi. Vladimir Putin O‘zbekiston tomonidan SHHTning iyun oyida Toshkentda bo‘ladigan sammiti muhokamasiga kiritilishi mo‘ljallanayotgan tashabbuslarni Rossiya tomoni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi. O‘zbekiston - Rossiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik asosiy o‘rin tutadi. 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlariga oid hukumatlararo bitimga muvofiq bu sohadagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda. Rossiya O‘zbekistonning tashqi savdo sheriklari orasida ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekiston Rossiyaga transport vositalari, paxta tolasi, trikotaj, meva-sabzavotlar, qora va rangli metallar, turli xizmatlar eksport qiladi. Rossiya mamlakatimizga transport vositalari, kimyo va qog‘oz sanoati tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi. O‘zbekistonda rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tuzilgan 900 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Rossiyaning 85 firma va kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib bormoqda. Joriy yilning birinchi choragida bu boradagi ko‘rsatkich 7,9 foiz oshgan. Investitsiyaviy hamkorlik ham faol rivojlanmoqda. Keyingi yillarda Rossiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 6 milliard dollardan oshgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 2014 yilga nisbatan 40 foiz o‘sgan. O‘zbekiston ham, Rossiya ham yoqilg‘i-energetika sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirishda faol ishtirok etmoqda. Shu yil 19 aprel kuni Buxoro viloyatida «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi bilan «Lukoyl» kompaniyasi hamkorligida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi qurilishi boshlandi. O‘zbekiston avtomobillari Rossiyada doim xaridorgir. “Matiz”, “Neksiya” kabi mashinalarimiz bu yerda bir necha bor yilning eng yaxshi avtomobili deb topilgan. Joriy yilning birinchi choragida ushbu mamlakatda yangi brend ostidagi “Ravon Gentra” savdosi 7 foiz o‘sgan. Rossiyada qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab yuqori. O‘zbekiston bu sohada ulkan salohiyatga ega. Davlatimiz rahbarining shu yil 12 apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada yanada keng imkoniyatlar yaratdi. Muzokarada mamlakatimizda yetishtirilgan meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turini kengaytirishga kelishib olindi. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga doir masalalar muhokama qilindi. Mamlakatlarimizda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun hali to‘la foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘pligi, ularni ishga solish ikki tomon uchun ham manfaat keltirishi ta'kidlandi. Tomonlar madaniyat, ilm-fan, ta'lim, sport va turizm sohalari bo‘yicha o‘zaro aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida madaniy-gumanitar, tashqi siyosat, oliy ta'lim, jismoniy tarbiya va sport kabi qator sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar imzolandi. Islom Karimov va Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda muzokaralar ochiq va o‘zaro ishonch ruhida o‘tganini, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashilganini ta'kidladilar. Bu o‘zaro munosabatlarning bugungi holatini baholash, ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi. Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi bir xilligi yoki yaqinligi qayd etildi. Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning Rossiyaga rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Oliy darajadagi muloqotlarning uzviy davomi bo‘lgan ushbu muzokaralarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari va istiqbollari belgilab olindi. Bu O‘zbekiston va Rossiya xalqlari manfaatlariga xizmat qiladi.
TOSHKENTDA MEDIA KUNLARI 
25 apreldan 11 maygacha poytaxtimizda Jahon matbuot erkinligi kuniga bag‘ishlangan media kunlar bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, K.Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Har yili 3 mayda dunyoning yuzdan ortiq davlatida BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1993 yilda e'lon qilingan Jahon matbuot erkinligi kuni nishonlanadi. Tadbir doirasida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama etilib, bu boradagi tajriba o‘rganiladi. Bundan tashqari, Sog‘lom ona va bola yiliga bag‘ishlangan seminarlar, ijtimoiy loyihalar taqdimotlari, xalqaro va milliy ekspertlar, nodavlat tele va radiokompaniyalar xodimlari ishtirokida davra suhbatlari, mahorat saboqlari, turli festival hamda tanlovlar o‘tkaziladi. 
“OAV ijtimoiy muloqot, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashning muhim vositasi sifatida” mavzuida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya muhim tadbirlardan biridir. Konferensiyaning sho‘'ba yig‘ilishlarida fuqarolarning axborot olish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqini ta'minlash, hokimiyat va boshqaruv organlarining qabul qilinadigan qarorlar uchun mas'uliyatini oshirish, davlat organlari faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta'minlashga qaratilgan ijtimoiy media-kontentni shakllantirishda OAVni rag‘batlantirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi. SHo‘'balar ishi yakunida O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonunini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga doir takliflar ishlab chiqiladi. Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi nodavlat teleradiostansiyalarning raqamli ko‘rsatuv va eshittirishlarga o‘tishi bo‘yicha loyihani taqdim etadi. Shuningdek, «Jurnalistlar bahori» festivali ham bo‘lib o‘tadi.
      TASHQI ISHLAR VAZIRLIGIDA QABUL 
2016 yilning 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Maxsus vakili Piter Burianni qabul qildi. Suhbat davomida O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari hamda xalqaro va mintaqaga oid mavzular muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama shakldagi va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi hamkorlik Strategiyasi doirasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvda bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston neft va gazi - OGU-2016” xalqaro konferensiyasida Yevropa Ittifoqining yuqori darajadagi delegatsiyasi ishtirokining amaliy jihatlari hamda parlamentlararo va boshqa uchrashuvlar, O‘zbekiston va YEI tomonidan tashkil etilgan hamkorlik institutlari majlislari jadvali ham ko‘rib chiqildi. Muzokaralarda YEIning O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari, Elchi Yuriy Shterk ishtirok etdi.
      O‘ZBEKISTON-HINDISTON SIYOSIY MASLAHATLASHUVLARI 
Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sujata Mehta boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi. Delegatsiya 26 aprel kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Hindiston siyosiy maslahatlashuvlarining 12-raundida ishtirok etdi. Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi hamda ba'zi xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Hindiston muloqotidagi ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi, xususan Hindiston bosh vaziri Narendra Modining 2015 yil iyulidagi O‘zbekistonga tashrifi va oliy darajadagi muzokaralarning samarali yakunlari aloqalarni yangi bosqichga olib chiqqani ta'kidlandi.
Uchrashuvda Hindiston elchisi Vinod Kumar ishtirok etdi.
      JAHON BANKI OLIY TA'LIM SOHASINI YAXSHILASHGA KO‘MAKLASHADI 
2016 yil 27 aprel kuni Jahon banki ijrochi direktorlari kengashi "O‘zbekistonda oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish" loyihasini amalga oshirish uchun 42,2 mln. dollar miqdorida kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu kredit Xalqaro Taraqqiyot Assotsiatsiyasi (XTA) hisobidan moliyalashtiriladi. Loyiha 2016-2023 yillarda hayotga tatbiq etiladi. Uning ijrosini O‘zbekiston Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi nazorat qiladi.
Mazkur loyiha oliy ta'lim tizimida boshqaruv salohiyatini kuchaytirib, mehnat bozori talablaridan kelib chiqib, ba'zi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim berish muhitini mukammallashtirishga yordam beradi. "Loyiha Jahon bankining ikki asosiy maqsadi: o‘ta qashshoqlikka barham berish va barchaning barobar rivojlanishini ta'minlashga yordam beradi", - degan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Jungxun Cho. Loyiha doirasida Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligi qoshida Akademik innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. U, oliy ta'lim sohasida innovatsion loyihalarni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlaydi.
      INTERNET JURNALISTIKASI RIVOJLANMOQDA 
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekistonda internet jurnalistikasi rivojining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan talabalarning VII an'anaviy media konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, internet tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, blogerlar ishtirok etdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori A.Xo‘jayev, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori Davlatboy Jumaboyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yuksak ma'naviyatli avlodni tarbiyalash jarayonida yoshlarning internetdan foydalanish madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Tadbirda axborot sohasiga doir milliy qonunchilikni takomillashtirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, internet jurnalistikasi uchun kadrlar salohiyatini oshirish, onlayn-jurnalistikani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglandi. Bugun internet an'anaviy axborot vositalari - bosma matbuot, radio va televideniyening ustuvor jihatlarini o‘zida jamlagan yangi va ulkan axborot resursidir. Internet-nashr voqyea to‘g‘risidagi axborotni yangilash borasida cheklanmagan imkoniyatga, matn uchun keng maydonga ega. Shu bilan birga, ovoz, grafika va videoma'lumotni ham bir zumda uzata oladi. Onlayn- jurnalistikaning yana bir qulayligi unda “ikki tomonlama aloqa” imkoniyati borligidir. Har bir foydalanuvchi internetda chop etilgan materialga o‘zining munosabatini bildirishi, fikrini qoldirishi mumkin. Anjumanda ijtimoiy medianing yangicha shakllari - kraudsorsing va kraudfanding texnologiyalari haqida so‘z bordi.
Ishtirokchilar “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi spiker”, “Eng yaxshi taqdimot”, “Eng yaxshi moderator”, “Eng yaxshi savol”, “Eng yaxshi hamkor” kabi ko‘plab nominatsiyalarda esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Konferensiya talabalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha tajribali mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashishi, zamonaviy jurnalistika va media tizimining muammolari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.
      OLIMPIADAGA YO‘LLANMA OLGAN SPORTCHILAR 
Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan litsenzion musobaqada o‘zbekistonlik sportchi-qizlar jamoaviy bahslarda ham XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Badiiy gimnastika bo‘yicha jamoaviy bahslarda qatnashgan Samira Amirova, Valeriya Davidova, Luiza G‘aniyeva, Zarina Qurbonova va Marta Rastoburovadan iborat O‘zbekiston jamoasi ham Olimpiadada qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
      TOSHKENTDA DOIMIY PROPISKA MASALALARI 
“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, Toshkent shahrida yoki viloyatida propiskadan o‘tganining birinchi yili davomida ajrashish qayd etilsa, er yoki xotin doimiy propiskadan mahrum bo‘ladi. O‘zgartirish 25 aprel kuni O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolangan va 26 aprel kuni kuchga kirgan qonunda ko‘zda tutilgan. Ma'lumot uchun, poytaxt hududida propiskadan o‘tish to‘g‘risidagi qonun 2011 yilda qabul qilingan edi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga propiska qo‘yilishi mumkin bo‘lgan fuqarolarning 12 toifasi keltirib o‘tilgan, shu toifalardan biri Toshkent shahrida propiskaga ega shaxs bilan nikohdan o‘tganlar hisoblanadi.
      INTERNET-EKTREMISTLARGA 5 YILDAN 8 YILGACHA QAMOQ JAZOSI 
O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni imzoladi. Bu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 30 martda qabul qilingan, Senat tomonidan 2016 yil 31 martda ma'qullangan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston respublikasining Jinoyat Kodeksining Oltinchi bo‘lim (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar), 17-bob (Jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar), 244-1-moddasiga (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tayyorlash yoki tarqatish) o‘zgartirishlar kiritilgan. Modda nomidagi «tayyorlash yoki tarqatish» degan so‘zlar «tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish» degan so‘zlar bilan almashtirilgan. Birinchi qismning dispozitsiyasidagi «shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa» degan so‘zlar «shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash» degan so‘zlar bilan almashtirilgan. Ikkinchi qismning dispozitsiyasi «shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish» degan so‘zlar bilan to‘ldirilgan. Uchinchi qismi dispozitsiyasining «v» bandi quyidagi mazmundagi «v» va «g» bandlar bilan almashtirilgan: «v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib; g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon ­axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa»; Jinoyat Kodeksida bunday jinoyatlar uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ?o‘llanadi <http://www.lex.uz/mobileact/111453>. 
Modda qismlarining o‘zgartirishlargacha ko‘rinishi:
244-1-modda: Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da'vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma'lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi, shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish;
244-2-modda: Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish;
244-3-modda: Diniy mazmundagi materiallarni tar­qatish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki tarqatishda aybdor bo‘lgan shaxslar yuqorida ta'kidlanganidek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga asosan javobgarlikka tortiladilar.
      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA'LUMOTLAR 
      TOJIKISTONDA FAMILIYA VA OTALIK ISMI
Tojikiston Respublikasida fuqarolarning familiyasi va otasining ismi ruscha tugashiga rasman chek qo‘yildi. Ma'lumotlarga ko‘ra ushbu qaror Tojikiston Adliya Vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, fuqarolik holatini ro‘yhatga olish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Fuqarolik holatini ro‘yxatga olish boshqarmasi rahbari Jaloliddin Rahimovning aytishiga qaraganda, endi familiyalarning oxiri tojikcha, yordamchi «zod», «zoda», «ӣ», «iyon», «far» shakllar bilan tugaydi. Tojikiston Respublikasida istiqomat qilayotgan ayrim mahalliy aholi vakillari farzandlarining familiyasi oxiridagi «ov», «ova»,«ovich», «ovna», qo‘shimchalar saqlanib qolishini istashmoqda. 2007 yilda o‘z tavallud ayyomini nishonlagan Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Sharifovich Rahmonov o‘z ismini xalqqa ibrat sifatida Emomali Rahmon tarzida o‘zgartirgan edi.
      PUTIN JURNALISTLAR KASBI BORASIDA HAZIL QILDI 
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yoshkar-Oladagi Umumrossiya xalq fronti forumida jurnalistlar kasbi borasida hazil qildi. Forum ishtirokchilaridan biri Putinga ishini o‘zgartirgani, ya'ni o‘qituvchilik kasbini tashlab, OAVda ishlashni boshlaganini aytgan. Putin bunday kasb o‘zgartirishni "pastlash" deb atadi, biroq bu so‘zlari ketidan tezlik bilan bu hazil ekanligini qo‘shimcha qildi. "Siz o‘qituvchi bo‘lganmisiz? Keyin jurnalistmi? Qanday pastlash! Hazillashdim", deb kinoya bilan gapirdi Putin. Uchta inqilob shahri deb nomlanadigan Sankt-Peterburgdagi avvalgi forumda ham Putin jurnalistlar haqida kinoya bilan gapirib, jurnalistlarning ishi natijasi 4-inqilobga olib kelmasligiga umid qilishini aytgandi. Putin o‘sha forumda, shuningdek, hukumat erkin matbuot dushmani hisoblanmasligini aytgandi. "Erkin matbuot faqatgina qalloblar, davlat boyligini talovchilar va jinoyatchilar uchun dushman bo‘lishi mumkin, xalq uchun xizmat qiladigan hukumat uchun esa bunday vaziyat bo‘lishi mumkin emas", deb ta'kidlab o‘tgandi Putin. Umumrossiya xalq fronti hududlararo forumi 24 aprelda boshlandi. Tadbirda 20 mingga yaqin faollar qatnashgan so‘rovnomalar natijasi hamda prezidentning buyruq va topshiriqlari bajarilishi muhokama qilinmoqda.
      TO‘RTTA DAVLAT ISHIDGA QARSHI KURASHNI DAVOM ETTIRADI 
AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya yetakchilari Gannoverdagi uchrashuvda ISHIDga qarshi Suriya va Iroqda birgalikdagi kurashni davom ettirishga kelishib oldilar. Tomonlar ISHIDga qarshi jumladan "internetda aksilterrorchilik faoliyati yordamida" kurash sur'atlarini kamaytirmaslik zarurligiga rozi bo‘ldilar. 
      OBAMA ROSSIYAGA "HAQIQIY ULUG‘VORLIK"NI TAKLIF ETDI 
AQSH prezidenti Barak Obama Hannoverda Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya yetakchilari bilan uchrashuvidan avval, Rossiyaga nisbatan sanksiyalar Minsk kelishuvlari ijro etilgunga qadar amalda bo‘lishi, rasmiy Moskva esa jahon hamjamiyati bilan hamkorlik qilishi zarur, degan fikrlarni bildirib o‘tdi. «Rossiya haqiqiy buyuklik qo‘shnilarni qo‘rqitishda emas, balki dunyo davlatlari bilan hamkorlik qilishda ekanini anglab yetishiga ishonaman», - deb AQSH rahbari so‘zlaridan iqtibos keltiradi Euronews telekanali.
Rossiya bilan yaxshi aloqalarni olib borishga intilayotganini qayd etgan Obama, Minsk kelishuvlaridagi bandlar bajarilmaguncha Rossiyaga nisbatan jazo choralari o‘z kuchida qolishi kerakligini ta'kidlagan.
Obamaning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi «rus agressiyasi» NATOning sharqiy Yevropadagi ittifoqchilari asabiga tegmoqda va «sovuq urush davridan keyin erishilgan taraqqiyot»ni xavf ostiga qo‘ymoqda. Obamaning ta'kidlashicha, harbiy alyans bundan keyin ham Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va Ruminiyani qo‘llab-quvvatlaydi. O‘tgan haftada Kreml ma'muriyati «NATO bilan o‘zaro ishonchsizlik hukm surayotgani» haqida bayonot berib, rasmiy Moskva alyansning nodo‘stona hatti-harakatlarini, xususan Rossiya chegaralari yaqinida harbiy salohiyatini tobora kuchaytirayotganini qayd etgan edi. Hannoverda chiqish qilgan AQSH prezidenti Yevropa xavfsizligiga ham to‘xtalib, ba'zan «Yevropa o‘z xavfsizligi borasida yetarli darajada qayg‘urmasligini» iddao etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOning barcha mamlakatlari mudofaa sohasiga YAIMning 2foizini sarf etishga harakat qilishlari kerak. Amerika yetakchisining aytishicha, YEI global kollektiv xavfsizlikni ta'minlash majburiyatining bir ulushini zimmasiga olishi lozim. Obama, shunga binoan NATOning iyul oyida bo‘lajak sammitida, xavfsizlik bo‘yicha majburiyatni al'yansning barcha a'zolari teng bajarishi shart, degan taklifni ilgari surishini bildirdi.
      III. MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA
      ONA VA BOLA - JAMIYAT GULTOJI 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “Sog‘lom ona va bola yili”ga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. 
Navbatdagi anjuman “O‘zbekiston jamiyatini modernizatsiyalash sharoitida onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish” mavzuidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘ldi. 
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Xalq ta'limi vazirligi, respublika bolalar ijtimoiy moslashuv Markazi, O‘zbekiston SOS Bolalar shaharchasi Assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat Boshqaruv Akademiyasi vakillari, O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqqotchilar va talabalar ishtirok etdilar. 
- Prezidentimiz Islom Karimov taklifi bilan 2016 yil mamlakatimizda - “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilindi,- dedi anjumanin kirish so‘zi bilan ochgan O‘zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov- O‘tgan yillar davomida millat genofondini yaxshilash, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirish, aholining turmush farovonligini va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va uning tarbiyasi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilib, izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda 1998 yil Oila yili, 2000 yil Sog‘lom avlod yili, 2001 yil Ona va bola yili, 2008 yil Yoshlar yili, 2012 yil Mustahkam oila yili, 2014 yil Sog‘lom bola yili, deb e'lon qilingani hamda shu munosabat bilan tegishli davlat dasturlarining bajarilgani bu boradagi ezgu ishlarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. “Sog‘lom ona - sog‘lom bola” konsepsiyasi xalqaro miqyosda ham keng e'tirof etilmoqda. Ushbu konsepsiyaning izchil amalga oshirilayotgani tufayli O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishdi. “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida alohida qayd etilganidek: «Ona va bola sog‘lom bo‘lsa, oila baxtli, oila baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi». Bu hayotbaxsh g‘oya ilmiy jamoatchiligimiz uchun sermazmun mavzuga aylangan. Bugungi “O‘zbekiston jamiyatini modernizatsiyalash sharoitida onalar va bolalarni ijtimoiy himoyalash” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida mana shu g‘oyaga asoslangan ma'ruzalar, takliflar, fikrlar asosida tegishli xulosalar chiqariladi. Bu boradagi ishlar va yangi tashabbuslarni amalga oshirishni izchil davom ettirish, shubhasiz, mamlakatimizda shakllangan onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada mustahkamlash, barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi, degan umiddamiz. 
O‘zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani Alisher Mo‘minov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova, respublika bolalar ijtimoiy moslashuv Markazi direktorii Vasila Alimova va boshqalar davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mustaqillik yillarida onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasi davlat ijtimoiy siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri etib belgilanganini va bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasini alohida ta'kidladilar. 
Aytish joizki, 2016 yil 9 fevralda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida oila, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlar manfaatlarini ta'minlash, kuchli, barqaror va farovon davlat negizi sifatida oila institutini mustahkamlashga yo‘naltirilgan qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga alohida e'tibor qaratilgan. 
O‘zbekistondagi keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida ayollar huquqi va manfaatlarini ta'minlash, onalik va bolalikni tibbiy-ijtimoiy muhofazasi masalalariga doimiy ravishda e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu tariqa ayollar sog‘ligini muhofaza qilish choralari, tibbiy xizmat qamrovini kengaytirish, oilada sog‘lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiyalashni ta'minlash bo‘yicha tizimli ravishda qadama-qadam choralar amalga oshirilmoqda. Ushbu sohada belgilangan dasturlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi tufayli onalar hamda bolalarning o‘limi va kasallanishi soni sezilarli darajada kamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Muruvvat uylari, boshqa davlat va nodavlat ta'lim muassasalarida tarbiyalanayotgan nogiron bolalarga kunduzi qarash markazlari (guruhlari)ni tashkil etish ko‘zda tutilgan qarorini qabul qilish rejalashtirilmoqda.
Ma'ruzalarda qayd etilganidek, O‘zbekistonda onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilishni samarali ta'minlashga qaratilgan e'tiborni yaqqol namoyish etadi. Bir vaqtni o‘zida mamlakatning chuqur ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya doirasida onalik va bolalik ijtimoiy institutlarini islohoti sohasidagi amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarining muhim yo‘nalishini nazariy anglash zaruratini keltirib chiqaradi, sohaning amaldagi davlat siyosati mexanizmlarini ilmiy jihatdan ko‘rib chiqish va shu asosda uning keyingi rivojlanish konsepsiyasi bo‘yicha o‘z takliflarini kiritish kerak. 
Bu borada Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakultetining “Sotsiologiya va ijtimoiy ish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, “O‘zbekiston jamiyatini modernizatsiyalash sharoitida oila va bolalarni muhofaza qilish tizimidagi ijtimoiy hamkorlik" loyihasi doirasida oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish sohasida ijtimoiy hamkorlikning asosiy jihatlari o‘rganilmoqda. Mazkur loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. 
Anjuman ishtirokchilari “Onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish tizimidagi ijtimoiy hamkorlikning dolzarb masalalari”, “Ota-onalar qaromig‘isiz qolgan bolalar haqida institutsional g‘amxo‘rlik tizimini modernizatsiyalashda ijtimoiy hamkorlik”, “Alohida ehtiyojmand bolalarni ijtimoiy himoya qilish va jamiyatga integratsiyalash”, “Onalik va bolalikni ijtimoiy himoya qilish - ijtimoiy ish yo‘nalishi sifatida” deb nomlangan sho‘'balarda “Ona va bolalarni ijtimoiy ximoyalash borasida qonun ijodkorligi”, “Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi - majmuaviy amaliy ko‘rsatish maskani”, “Bola huquqlarini ta'minlashda davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy sheriklikning o‘rni”, “Detskiye Derevni Uzbekistana v obespechenii alternativnoy semeynoy opeke detyam, ostavshimsya bez popecheniya roditeley i profilaktike sotsialnogo sirotstva”, “Kachestvo podgotovki po sotsialnoy rabote kak faktor professionalizatsii”, “Ijtimoiy xizmat tushunchasining ilmiy talqini va tasnifi” mavzuidagi ma'ruzalarni katta qiziqish bilan tingladilar. 
Konferensiya ishida bu borada tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. 
      O‘ZMU TALABASINING MEDALLARI SONI 50 TAGA YETDI 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining epchil, chaqqon sportchi talabalari qator xalqaro musobaqalarda g‘oliblik shohsupalaridan munosib o‘rin egallamoqdalar. Iqtisodiyot fakulteti talabasi Doniyorbek Abdullayev 2013 yilda Italiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan! U o‘tgan yili noyabr oyida poytaxtimiz Toshkentda karate bo‘yicha o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatida navbatdagi oltin medal sohibiga aylandi. Shu yil fevral oyida Malayziyaning Kuala-lumpur shahrida 18-35 yoshgacha bo‘lgan erkak sportchilar o‘rtasida karate bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ayni paytda bu sportchimiz 29-30 aprel kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etish uchun astoydil hozirlik ko‘rmoqda.
- Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini 35 nafar sportchilar himoya qilamiz,- deydi qora belbog‘ sohibi Doniyorbek Abdullayev.- Har bir sportchi maydonga g‘alaba uchun tushadi, albatta. Bu gal qo‘lga kiritadigan yutuqlarimiz jonajon yurtimiz mustaqilligining 25 yillik bayramiga munosib tuhfamiz bo‘ladi, degan umiddamiz.
Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida tavallud topib, bolaligidan karate bilan shug‘ullana boshlagan Doniyorbek Abdullayevning shu kungacha turli musobaqalarda qo‘lga kiritgan oltin, kumush, bronza medallari soni 50 taga yetgan. U Janubiy Koreya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targan haqiqiy o‘zbek o‘g‘lonlaridan biridir.
      AQSHLIK PROFESSORLARNING MA'RUZALARI TINGLANMOQDA 
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy hamkorliklar tobora rivojlanib bormoqda. Shu yil 25-27 aprel kunlari Mexanika-matematika fakulteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi o‘quv rejasi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Florida universiteti “Biostatistika” kafedrasi professorlari Somnat DATTA (Somnath Datta) va Susmita DATTA (Susmita Datta)lar o‘z ilmiy ma'ruzalarini o‘qishlari rejalashtirilgan edi. “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasida AQSHlik olimlar bilan o‘zaro davra suhbati barchada katta qiziqish uyg‘otdi. 
Mehmonlar O‘zbekistonga tashrifidan naqadar mamnun ekanliklarini, Samarqand va Buxoroga sayohat qilganlari, bu tarixiy shaharlar katta taassurot qoldirganini ehtirom ila so‘zlab berdilar.
- Biz mo‘'jizakor O‘zbekiston diyori, bu zaminda yashab o‘tgan Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur kabi siymolar haqida o‘qigan edik,- deydi Susmita DATTA xonim.- Ming eshitgandan bir bora ko‘rgan afzal, deganlaridek, bu zotlar yashagan shaharni, uning serjilo obidalarini tomosha qilishning gashti o‘zgacha ekan. Ayniqsa, dunyoga dong taratgan Ulug‘bek observatoriyasi va muzeyining maftuni bo‘lib qoldik.
Bugun AQSHlik olimlar Milliy universitetning keng va shinam auditoriyasida dastlabki ma'ruzalarini boshladilar. Unda fakultet talabalari, yosh tadqiqotchilari hamda pedagog-xodimlari ishtirok etmoqdalar.
Professor Somnat DATTAning biostatistika nazariyasiga oid “A nonparametric analysis of waiting times from a multistate model using a novel linear hazards model approach” mavzuidagi ma'ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mashg‘ulotlar 27 aprel kuni davom ettiriladi.
Unda professor  Susmita DATTA “Improved protein inference from tandem mass spectrometry data” mavzuida ma'ruza qilishi kutilmoqda.
Mazkur dastur doirasida Florida universitetining “Biostatistika” bilan O‘zMU “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedralari o‘rtasida doimiy hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi haqida kelishib olinadi.
Materiallar O‘zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.
Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.