O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 35-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (2-7 may kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 35-16

“AXBOROT SOATLARI” № 35-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (2-7 may kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 35-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (2-7 may kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      YON-ATROFIMIZDA BO’LAYOTGAN VOQYEALARGA DAXLDORLIK HISSI BILAN YASHASH, BUGUNGI KUNNING ENG DOLZARB MASALASIDIR

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. 

Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, yurtimiz tinchligi va ravnaqi yo’lida xizmat qilgan keksalarga alohida hurmat-e’tibor ko’rsatish mamlakatimizda milliy qadriyat darajasiga ko’tarilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ham ana shunday ezgu tamoyillar o’z ifodasini topgan. 

Bu ayyomda bugungi tinch-osoyishta hayot, to’kinlik va farovonlikka qanday og’ir sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o’tadi. Shu yo’lda qurbon bo’lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qilamiz. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini yanada teran anglaymiz. 

Keksa avlod vakillarining ko’nglini ko’tarish, salomatligini mustahkamlash, ular uchun qo’shimcha qulayliklar yaratish davlatimizning doimiy e’tiborida. Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 18 apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida»gi farmoni faxriylarimizga ehtiromning yana bir ifodasi bo’ldi. Mazkur farmonga muvofiq urush qatnashchilariga pul mukofotlari va bayram sovg’alari tantanali ravishda topshirildi. Ularning holidan xabar olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatildi. 

8 may. Poytaxtimizdagi Xotira maydoni har qachongidan gavjum. Bu yerga urush va mehnat faxriylari, senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, harbiylar, jamoatchilik vakillari tashrif buyurgan. 

Maydon uzra mahzun musiqa taraladi. 

Soat 9:00. Maydonga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi. 

Davlatimiz rahbari harbiy orkestr sadolari ostida Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo’ydi. 

Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

– Shu kunlarda yurtimizda, qishloq va shaharlarimizda, har bir oila va xonadonda kattayu kichik – barcha vatandoshlarimiz 9 may – Xotira va qadrlash kunini, Ulug’ Vatan urushida fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning 71 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi Islom Karimov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda. – Ana shu buyuk g’alabani qo’lga kiritishda mardlik va jasorat ko’rsatgan faxriylarimizni, front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizni tabriklash, ularga sihat-salomatlik, uzoq umr tilash men uchun katta sharafdir. 

Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo’lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib ta’zim qilish barchamiz uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman. 

Bugun muqaddas maskanga aylanib qolgan mana shu Xotira maydonida turib, jahon tarixidagi eng qonli, mislsiz qurbonlar, musibat va ofatlar olib kelgan urushda erishgan g’alaba kunini nishonlar ekanmiz, oradan shuncha yillar o’tganiga qaramay mamlakatimizda bironta odam yo’qki, o’sha dahshatli urushni, uning asoratlarini esidan, xayolidan chiqargan bo’lsa. 

Shuning uchun ham bu qutlug’ ayyomni, bir tomondan, katta g’urur va iftixor bilan, ikkinchi tomondan, ko’zimizda yosh bilan kutib olamiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz, dedi davlatimiz rahbari. 

Tarixda buyuk sana bo’lib qoladigan bu voqyea, ya’ni fashizm ustidan g’alaba qozonishda mardlik va matonat ko’rsatgan ko’pmillatli ming-minglab insonlar qatorida 338 nafar yurtdoshimiz yuksak qahramonlik unvoniga sazovor bo’lgani, qancha-qancha otalarimiz, bobolarimiz o’z jonini fido qilib, jangovar orden va medallar bilan mukofotlangani qalbimizga haqiqatan ham faxr tuyg’usini bag’ishlashi tabiiydir. 

Lekin fashizm balosiga qarshi kurashda xalqimizning qo’shgan eng katta hissasi haqida gapirganda, yuragimizda umrbod bitmaydigan yara, asorat bo’lib qoladigan og’ir yo’qotishlar yana va yana xayolimizdan o’tadi. 

Bu borada quyidagi raqamlarni olib kelish o’rinli bo’ladi, deb o’ylayman. 

Urush boshlangan paytda O’zbekistonimiz aholisi 6,5 million kishiga yaqin bo’lgan bo’lsa, shundan 1,5 million kishi, ya’ni qurol ko’tarishga qurbi yetadigan odamlar urushda qatnashgan. Ularning orasidan 500 mingdan ko’prog’i jang maydonlarida halok bo’lganini, yana qancha-qanchasi mayib-majruh bo’lib qaytgani, qanchasi bedarak yo’qolganini hisobga oladigan bo’lsak, bu g’alaba bizga naqadar qimmatga tushgani o’z-o’zidan ayon bo’ladi, deb ta’kidladi Prezidentimiz. 

O’ylaymanki, har qaysi xalqning bag’rikengligi va olijanobligi, kerak bo’lsa, odamiyligi va insonparvarligi nafaqat o’z yaqinlari, balki begona odamlarning boshiga musibat tushganda ulardan o’z mehri va yordamini ayamasligida yaqqol ko’rinadi, sinovdan o’tadi. 

Mehr-oqibat – xalqimizning eng oliy, noyob fazilati. Yurtdoshlarimiz front hududlaridan ko’chirib keltirilgan bir millionga yaqin bolalar, ayollar va qariyalarni qabul qilgani, ularga boshpana bergani, hatto oxirgi burda nonini ham ular bilan baham ko’rgani, “Sen yetim emassan” deb, ularni o’z bag’riga olib, mehr-muruvvat ko’rsatgani xalqimizning odamiylik fazilatlari, olijanobligining amaliy namoyoni bo’ldi, desak, hyech qanday xato bo’lmaydi. 

Hyech shubhasiz, inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg’usi bilan tirik va barhayotdir, dedi Islom Karimov. O’tganlarning xotirasini esga olish, ularning xotirasi oldida hurmat bajo keltirish xalqimizga xos azaliy qadriyat bo’lib kelmoqda. Jang maydonlarida Vatan uchun, bugungi va ertangi avlodlarning yorug’ kunlarga yetishi uchun jon bergan, o’zini fido etgan insonlar xotirasini yodga olsak, bugun hayot bo’lgan faxriylarimizga qancha hurmat-ehtirom va e’tibor ko’rsatsak, hyech qachon kam bo’lmaymiz. 

Aslida, sodda qilib aytganda, tarix – bu xotira degani, o’tgan ajdodlarning shonli ishlari, qahramonliklarini eslash, o’tmish voqyealaridan to’g’ri xulosa chiqarib yashash deganidir. 

Shularning barchasini inobatga olib, biz bundan 17 yil oldin mamlakatimizda 9 may sanasini Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilib, poytaxtimiz Toshkent, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarda Xotira maydonlari barpo etib, bu maydonlarda Motamsaro ona haykalini o’rnatdik. Boshqacha aytganda, xotira va qadrlash degan, bir-birini to’ldiradigan, o’zaro bog’langan ikkita ezgu tushuncha ayni shu nomda o’zining yorqin ifodasini topdi. 

Vaqt o’tishi bilan, qabul qilgan bu qarorimiz naqadar to’g’ri bo’lganini hayotning o’zi tasdiqlab bermoqda. Xalqimizning bu maskanlarga kelib, o’tganlarga hurmat-ehtirom ko’rsatishi yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Bu maydonlar haqiqatan ham muqaddas ziyoratgohlarga aylanib, ma’naviy hayotimizni chuqur ma’no-mazmun bilan to’ldirmoqda, dedi Yurtboshimiz. 

Insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat, behisob yo’qotishlarga olib kelgan urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bitta fikr bilan yashaydi: bunday yovuz ofat hyech qachon qaytmasin, ostonamizga yaqin kelmasin. Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak. Odamlarimiz har qanday davralarda, to’y-ma’rakalarda Yaratgandan avvalo shuni so’raydi. 

Bunday qat’iy qarashlar ko’pni ko’rgan xalqimizning ongu tafakkuriga juda chuqur kirib borgan va yoshu qari barcha odamlarimiz tinchlikning mohiyati va ahamiyatini, qadr-qimmatini teran anglab yetgani hammamizga ayon. 

Buning ustiga, dunyoda tobora keskinlashib borayotgan qarama-qarshiliklarni, yaqin va uzoq atrofimizda qonli to’qnashuvlar kuchayib borayotganini, bir so’z bilan aytganda, bunday ofatlar tinchlik va barqarorlikka nisbatan o’ta jiddiy xavf va tahdid solayotganini aholimiz juda katta xavotir bilan kuzatmoqda. 

Bizga qo’shni Afg’onistonda 35 yildan buyon beqaror vaziyat hukm surmoqda va hali-beri uning oxiri ko’rinmayapti. Ekstremizm, terrorizm deb nom olgan, tobora kengayib borayotgan xatarlar, fashizm degan balo yana maydonga chiqayotgani barcha-barcha yurtdoshlarimizda tashvish uyg’otmoqda. 

Bunday murakkab va tahlikali vaziyat, boshimizdan kechirayotgan shiddatli zamon, so’zsiz, barchamizdan doimo sezgir, ogoh va hushyor bo’lib yashashimizni talab qilmoqda, dedi Prezidentimiz. “O’z uyingni o’zing asra!” degan shior yurtimizda yashayotgan har qaysi insondan hamon uchrab turadigan loqaydlik va beparvolik kayfiyatlaridan xalos bo’lishni, eng muhimi, yon-atrofimizda bo’layotgan voqyealarga daxldorlik hissi bilan yashashni bugungi kunda eng dolzarb masala sifatida oldimizga qo’ymoqda. 

Ana shunday keskin vaziyat davlatimizdan, jamiyatimizdan xavfsizlikni mustahkamlash, har qanday balo-qazolarning yurtimizga kirib kelishining oldini olish, chegaralarimizning daxlsizligini, xalqimizning tinch-osoyishta hayotini himoya qilish maqsadida zamon talab qiladigan, zarur choralarni amalga oshirishni taqozo etmoqda. 

Shular qatorida: 

O’zbekiston Qurolli Kuchlarining salohiyatini yanada oshirishga e’tiborimizni kuchaytirish; 

O’zbekistonimizning hyech qanday harbiy blokka qo’shilmasligi va mamlakatimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashuviga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo’lishiga yo’l qo’ymaslik siyosatini qonun bilan mustahkamlab qo’yganimizni bugungi murakkab vaziyatda o’zimiz uchun eng ma’qul va to’g’ri yo’l, deb bilamiz, deya ta’kidladi Prezidentimiz. 

Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligini katta xursandchilik bilan nishonlashga ozgina vaqt qoldi. 

O’zbekistonimiz ana shu tarixan qisqa davrda, qanday og’ir va mashaqqatli sinovlarni boshidan o’tkazmasin, uning bosib o’tgan yo’li, o’sish sur’atlari, qo’lga kiritgan yutuq va marralari jahon miqyosida tan olingani va ko’pchilikning havasini tortayotgani barchamizni quvontirmoqda, qalbimizda g’urur-iftixor uyg’otmoqda. 

Xalqaro maydonda O’zbekistonimizning obro’-e’tibori oshib borayotganining hal qiluvchi mezoni va omili avvalo, mehnatsevar, mard va matonatli xalqimizning yuksalib borayotgan dunyoqarashi, ongu tafakkuri, siyosiy va ijtimoiy faolligi, hayotga qarashi tobora o’zgarib borayotganida, desak, hyech qanday xato bo’lmaydi. 

Qishloq joylarda qurilayotgan namunaviy uy-joylar xalqimiz hayot sifatini yanada yuksaltirmoqda. Bu harakat samarasida qishloqqa taraqqiyot kirib bormoqda, zamonaviy axborot texnologiyalari odamlar turmush tarzidan mustahkam o’rin egallamoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari izchil davom ettiriladi. 

Men yosh avlodimizga, mening bolalarimga qarata bo’sh kelmanglar, ertangi kun bizniki, marra bizniki, deb bejiz, asossiz aytmayman. Buning chuqur ma’no-mazmuni shundaki, vaqt, yillar o’tishi bilan bizning safimizni kim to’ldirmoqda? Avvalo, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega bo’lgan, yangicha, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimizning ertangi kuni uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga, o’zini namoyish etishga qodir bo’lgan navqiron o’g’il-qizlarimiz. Ko’zlari yonib turgan bunday yoshlarimizni yana qayerda – qaysi davlat, qaysi yurtda topish mumkin, deb ta’kidladi Islom Karimov. 

Bugungi kunda uzoqni ko’zlagan maqsadlarimiz, vazifa va rejalarimizni ham aniqlab olganimiz, shu jumladan, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti hajmi 2030 yilga borib ikki karradan ziyod ko’payishi barchamizda ertangi kunimizga katta ishonch bag’ishlaydi. Va yurtimizni yanada obod qilish, hayotimizni yuksaltirish bo’yicha dunyodagi eng taraqqiy topgan davlatlardan, erkin va ozod yashayotgan xalqlardan aslo kam bo’lmaymiz, inshoollo. 

Fursatdan foydalanib, muhtaram faxriylarimizni, butun xalqimizni ushbu qutlug’ bayram bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin, balo-qazolardan Yaratganning o’zi asrasin, dedi pirovardida Prezidentimiz. 

 

      URUSh HYeCh QAChON, HYeCh QANDAY ShAKLDA QAYTARILMASIN

Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushida halok bo’lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og’ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o’zligini yo’qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko’rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi. 1999 yil 2 mart kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov urush faxriylari, ishtirokchilari va urushda qurbon bo’lganlarning oilalaridan tushayotgan ko’plab iltimosnomalarni, xalqimizning, jamoat tashkilotlarining bildirayotgan xohish-irodasini inobatga olib, Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo’lganlarning, mamlakatimiz ozodligi va mustaqilligi uchun jon bergan O’zbekistonning barcha o’g’lonlari xotirasini abadiylashtirish muhimligini nazarda tutgan holda, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro’-e’tiborini yuksaltirishga yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo’shayotgan barcha kishilarning hurmatini joyiga qo’yish maqsadida “9 May Xotira va Qadrlash kuni deb e’lon qilish to’g’risida farmon qabul qildi.

Shunisi e’tiborliki, O’zbekistonda qabul qilingan tarixiy farmondan besh yil o’tib, 2004 yil 24 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasiya qabul qilib, unda Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasi uchun 8 va 9 may kunlarini Xotira va Yarash kuni sifatida e’lon qilish belgilandi. BMT Bosh Assambleyasi 2004 yilning 24 noyabrida 8 yoki 9 mayni Xotira va Yarash kuni sifatida nishonlash borasida № A/RES/59/26 qabul qilgan rezolyusiyada BMTga azo mamlakatlarning bu kunlardan birini o’z xohishlariga ko’ra nomlashlari mumkinligi ham ta’kidlangan. Bosh Assambleya sana qanday nomlanishidan qatiy nazar 8 may yoki 9 maydan birida ikkinchi jaxon urushi qurbonlarining xotirasi yodga olinishi kerak degan xulosaga keldi. Bayramdan ko’zlangan asosiy maqsad yosh avlod qalbida g’alabaga ulkan hissa qo’shgan, insoniyatni qullik iskanjasidan qutqargan ota-bobolaridan faxrlanish tuyg’usini uyg’otish, g’alaba yo’lida qurbon bo’lganlarning xotirasini yodga olishdan iborat.

 

      O’ZBEKISTONDA 5 TA YANGI TELEKANAL OCHILADI

O’zbekistonda joriy yilda yana 5ta xususiy telekanal ochilishi borasida ishlar boshlanadi. Bugungi kunda O’zbekistonning 68,8 foiz aholisi raqamli televideniyedan foydalanish imkoniyatiga ega. Bu orqali aholi O’zbekistondagi 12ta raqamli telekanallarni («O’zbekiston», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Oilaviy», «Bolajon», «Navo», «Madaniyat va ma’rifat», «Diyor», «Dunyo bo’ylab», «Kinoteatr» va «Mahalla») kuzatishi mumkin.

O’zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy Assosiasiyasi (O’zEOAVMA) nodavlat ommaviy axborot vositalarini qo’llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida 2003 yilda tashkil etilgan bo’lib, bugungi kunda o’z atrofiga 100dan ortiq nodavlat elektron OAVni birlashtirgan. O’zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha ommaviy axborot vositalari qatorida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko’lamdagi demokratik islohotlar jarayonlarini, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining “Kuchli davlatdan – kuchli jamiyat” qurilishi yo’lidagi ishtirokini yoritishda faol qatnashib kelmoqda. O’zEOAVMA tomonidan a’zo nodavlat teleradiostansiyalar ishtirokida har yili an’anaviy tarzda ishlab chiqiladigan Nodavlat teleradiouzatuvchilarning Rivojlanish dasturlari doirasida turli yo’nalishlarda jami 80 dan ortiq loyihalar amalga tatbiq etildi.

 

      2016 YILDA PAXTA MAYDONLARI 30,5 MING GEKTARGA QISQARTIRILDI

O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Davlat statistika qo’mitasi O’zbekiston Respublikasini 2016 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini e’lon qildi. Qishloq xo’jaligini yanada isloh etish va rivojlantirish dasturiga muvofiq, joriy yilda paxta maydonlari 30,5 ming gektarga qisqartirildi. Paxtadan bo’shagan yerlar hisobga olingan holda, asosiy ekin maydonlariga, 172,6 ming gektarga sabzavot, 86,3 ming gektarga kartoshka va 26,3 ming gektarga poliz ekinlari ekildi. 5,2 ming gektar maydonda yangi intensiv bog’lar barpo etildi, 5,7 ming gektar maydondagi bog’ va 3,2 ming gektar tokzor rekonstruksiya qilindi, 163 gektar maydonda 4264 issiqxona tashkil etildi. Meva-sabzavotlarni saqlash bo’yicha moddiy-texnik bazani yanada mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida 10,5 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash uchun 16 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi.

Natijada shu yilning birinchi choragida 53,1 ming tonna sabzavot (2015 yilning shu davriga nisbatan 110,6 foiz) yetishtirildi. Yil boshidan buyon 95,1 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi.

 

      II. JAHON MIQYoSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      ShHT TAShKIL TOPGANIGA 15 YIL TO’LIShI MUNOSABATI BILAN A’ZO DAVLATLARNING ELChILARI ShANXAYDA UChRAShDI

2016 yilning 4-5 may kunlari Shanxay shahrida, ya’ni mazkur shaharda Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solinganiga 15 yil to’lishi munosabati bilan tashkilotga a’zo davlatlar elchilari uchrashuvi bo’lib o’tdi. Unda Qozog’istondan Sh.Nurishev, Qirg’izistondan K.Baktigulova, Rossiyadan A.Denisov, Tojikistondan P.Davlatzoda, O’zbekistondan D.Kurbanov, XXR TIV Markaziy Osiyo va Yevropa departamenti direktori o’rinbosari Szyan Yan hamda ShHT Bosh kotibi R.Alimov ishtirok etdi. Diplomatik missiyalar rahbarlari Shanxay shahri meri Yan Syun bilan uchrashishdi. Elchilar ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining 2001 yil 15 iyunda birinchi sammiti bo’lib o’tgan joyga tashrif buyurishdi. Dastlabki hujjatlar imzolangan zalni ko’zdan kechirishdi.

Shanxay shahridagi Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasida shaharning ilmiy va ekspertlar vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi va unda ShHT Bosh kotibi R.Alimov “ShHTga 15 yil: erishilgan yutuqlar va istiqbollar” mavzusida ma’ruza qildi.

 

      BMT: YEVROPA ITTIFOQI HUDUDIDAGI 400 MING NAFARDAN ZIYOD BOLANING HUQUQIY MAQOMI YO’Q

Yevropa Ittifoqidan boshpana so’rab, ariza topshirgan 400 mingdan ziyod bola huquqiy maqomga ega emas. Bu haqda BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qilgan. Uning so’zlariga ko’ra, BMTning bolalar fondi (YuNISEF) Yevropa mamlakatlarini qochqin va muhojirlar, ayniqsa, ular orasidagi voyana yetmaganlarga boshpana berishning yangi tartib-qoidalarini ishlab chiqishga chaqirdi. "YuNISEF ma’lumotlariga ko’ra, 2015 yilning yanvaridan noyabriga qadar Yevropa mamlakatlaridan boshpana so’ragan 400 ming nafardan ziyod bola ayni damda huquqiy vakuum ostida qolmoqa", - dedi Dyujarrik. U YuNISEF nomidan YeIga murojaat qilar ekan, “o’z vaqtida kerakli qarorlarni chiqarishga, bolalarni xatarli vaziyatlardan asrashga, Ittifoq davlatlari orasida tezkor ma’lumot almashishni yo’lga qo’yishga” chaqirdi.

Mavjud qonunlarga ko’ra, bolaning YeI hududida bo’lishidan uning arizasi o’rganilgunga qadar bo’lgan oradan 11 oycha vaqt o’tmoqda. Bu uzoq muddatli jarayon bolani ota-onasi va yoki oilasi bilan birga bo’lishiga halaqit qilmoqda, uning hayotini xatarga qo’ymoqda.

 

      5 MAY KUNI YER ORBITASI YAQINIDAN 500 METRLI ASTEROID UCHIB O’TDI

5 may kunining ikkinchi yarmida Yer sayyorasiga nomsiz, 388945 indeksli ulkan asteroid yaqinlashib uchgan. Kichik osmon jismlari Xalqaro astronomik ittifoqi ma’lumotiga ko’ra, bu osmon jismi Yer sayyorasidan 5 mln km masofadan uchib o’tgan. Ma’lumotlarga ko’ra, bu osmon jismi Apollon asteroidlari guruhiga kiradi. Bu asteroid Santa-Katalin tog’idagi Maunt-Lemmon observatoriyasida kashf qilingandi. Uning diametri 160 dan 490 metrgacha bo’lib, u Yer uchun xavfli obyektlar sirasiga kiritilgan. Bunday ro’yxatgan kelajakda Yerga 0,05 astronomik birlikda (7,5 mln km) yaqinlashishi mumkin bo’lgan osmon jismlari kiritilgan. Ro’yxatga hajmi kamida 150 m va undan katta hajmga ega bo’lgan osmon jismlari kiritilgan. 5 may kuni Yer yaqinidan uchib o’tgan 388945 indeksli asteroid 13 soatu 8 daqiqa davomida Oy va Yer orasida sayyora uchun yaqin masofadan uchgan. Kelajakda u "insoniyat beshigi"ga yanada yaqinroq kelishi mumkin.

 

      2050 YIL SSENARIYSI: ODAMSIZ QOLADIGAN YAQIN SHARQ VA SHIMOLIY AFRIKA

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning bir qismi 2050 yilga kelib, insonsiz qolishi mumkin. Iqlimning o’zgarishi bu yerdan odamlarning ommaviy ravishda ko’chishiga olib kelmoqda. Bu haqda germaniyalik hamda kiprlik olimlar olib borgan tadqiqotlar natijasida ma’lum qilingan. 2016 yilning aprel oyi so’nggida 175 mamlakat havoga zararli gazlar chiqarishni kamaytirish borasidagi shartnomani imzoladi. Olimlarning fikricha, bu chora-tadbirlar havo haroratining yanada qizib ketmasligiga sababchi bo’ladi. Ammo tadqiqotchilarning ko’rsatib berishicha, bu xatti-harakatlar Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi tabiiy fojialarning oldini ololmaydi. 2050 yilga kelib bu yerdagi yozning tunlari 46 daraja issiqqacha, o’rtacha kunlarning tuni esa 30 daraja issiqqacha chiqishi mumkin. Mintaqada favqulodda isish holati bugungi kunga qaraganda besh baravar yuqori darajani ko’rsatadi. Yuz yillik so’ngiga borib, havo harorati 50 darajaga chiqishi va bu issiqlik bir yilda 118 kundan 200 kungacha davom etishi mumkin. Hayotning og’irlashuvi havoning ifloslanishidan ham yomonlashadi. Chunki shamol cho’ldan qum zarralarini olib keladi. Olimlar bu xulosalariga 1986-2005 yillardagi kuzatuvlari natijasi o’laroq kelishgan. Ular kelajakda ikkita ssenariy ko’rishmoqda: RCP4.5 (2040 yilga kelib havo tarkibida bug’ gazi miqdori kamayadi) va RCP8.5 (havo tarkibidagi bug’ gazi miqdori oshadi).

Agar birinchi ssenariy sodir bo’ladigan bo’lsa, yuz yillik so’ngiga kelib, yer yuzining ustki qatlamidagi har kvadrat metri 4,5 vatt miqdorida quyosh tig’i ostida qoladi. Bu bugungi kundagi havo haroratidan ikki darajaga issiq bo’ladi, deganidir. Agar ikkinchi ssenariy sodir bo’ladigan bo’lsa, havo haroratining darajasi 2100 yilga kelib, bugungi kundagiga qaraganda 4 darajaga issiq bo’ladi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada ayni damda 500 million odam yashaydi. Bu yerdagi issiq harorat darajasi 1970 yilga taqqoslaganda ikki karraga oshganligini ko’rsatmoqda. XX asr boshlariga kelib, Saudiya Arabistoni, Iroq va Suriya atmosferasi 70 foizga changlangan. Buni mintaqadagi changli shamollar va qurg’oqchiliklar bilan bog’lashmoqda.

 

      KANADADAGI O’RMON YONG’INLARI OQIBATIDA 600 TA XONADON YONIB KETDI

Kanada rasmiylari Britaniya Kolumbiyasi viloyatida kuzatilayotgan o’rmon yong’inlari bois maxaliy aholini xavfsiz joyga olib chiqa boshladi. O’rmon yong’inlari minglab kishilarning xayotini izdan chiqaprib yubordi. Viloyat shimoliy-sharqidagi Fort-Sent-Djon shahridan 500dan ortiq kishi olib chiqildi. Blyuberri-River aholi punktidan ham shuncha aholi olib chiqilgani aytilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, bundan avval o’tgan yakshanbadan boshlab mamlakat g’arbidagi Alberta viloyatida o’rmon yong’inlari boshlangani xaqida xabar tarqatilgan edi. Mazkur viloyatning asosan hindular istiqomat qiladigan Fort-Mak-Myurrey shahri yaqinida yong’inlar hamon bartaraf etilganicha yo’q. Viloyat rasmiylari shahar atrofida favqulotda holat joriy qilishga majbur bo’ldi. Shaharda istiqomat qilayotgan 80 mingdan ortiq kishi xavfsiz joyga olib chiqildi. Odamlar Fort-Makmyurrey shahridan 300 kilometr uzoqlikdagi Lak la-Bish shahriga yetib keldi. Fort-Makmyurrey shahridagi aeroportga samolyotlar qo’nmayapti. Uchish-qo’nish maydonchalaridan odamlarni xavfsiz joyga olib chiqishda foydalanilmoqda.

Ma’lumotlarga ko’ra, shahardagi bir ming 600 dan ortiq xonadon yonib kulga aylangan. Qurbonlar hamda jarohat olganlar haqida hozircha xabar tarqatilmadi. Alberta viloyatida kuzatilayotgan 49ta yong’in o’chog’ini bartaraf etishga 1 ming 110 nafar o’t o’chiruvchi, 145 ta vertolyot, 138 dona og’ir texnika va 22 ta samolyot-sisterna jalb qilindi. Tarqatilayotgan xabarlarga ko’ra o’t o’chiruvchilar 7 ta yong’in o’chog’i ustidan nazoratni yo’qotgan.

O’rmon yong’inlari Alberta viloyatining 100 ming gektar xududini qamrab oldi. Bundan avval 85 ming gektar xudud alanga ichida qolgani aytilgan edi.

Mutaxassislarning fikricha, o’rmon yong’inlari sug’urta kompaniyalari uchun qimmatga tushadi. Hozircha bu raqam 7 milliard 800 million AQSh dollari miqdorida ko’rilmoqda. Shu tariqa mamlakat tarixida eng qimmatga tushgan tabiiy ofat Alberta viloyatida qayd qilindi. Eslatib o’tamiz, 2011 yil Alberta viloyatining Sleyv-Leyk shahrida yuz bergan yong’in oqibatida 374 ta bino yonib kulga aylangan, 19 mingta uy qisman vayron bo’lgan edi. O’shanda sug’urta kompaniyalari jabrdiydalarga 500 million dollardan ortiq pul bergan edi. Ayni damda yong’in kuzatilayotgan Fort-Mak-Myurrey shahri esa Sleyv-Leyk shahridan o’n barobar katta bo’lib, ko’riladigan zarar ham ancha ko’p bo’ladi. Tahlilchilar bu galgi yong’in Kanada tarixidagi eng yirik tabiiy ofat bo’lib qolishini aytishmoqda.

Alberta viloyatidagi yong’inlar mamlakatdagi neft qazib oluvchi quvvatlarning uchdan bir qismini ishdan chiqardi. Ayrim quvurlar berkitildi. Tahlilchilarning so’zlariga qaraganda, Alberta viloyatida Kanadadagi asosiy neft konlari joylashgan. Mutaxassislarning aytishicha, alanga keng tarqalayotgani bois payshanba kuni bir kechayu kunduzda 640 ming barrelni tashkil qiluvchi loyixalar to’xtatilgan. Ayrim neft konlari yong’in kuzatilayotgan xududlarda joylashmagan bo’lishiga qaramay, yettita kompaniya va ikkita operator o’z xodimlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida faoliyatini to’xtatishga qaror qildi. Jumladan, ConocoPhillips faoliyatini to’xtatib, xodimlarini xavfsiz joyga olib chiqdi. Xitoyning CNOOC kompaniyasiga tegishli Nexen Energy ham neft qazib olish borasidagi Long Lake loyihasini to’xtatdi. Bir kunda 350 ming barrel neft qazib oladigan Suncor Energy ham Fort-Makmyurrey yaqinidagi kondagi faoliyatini to’xtatishga qaror qildi.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      O’ZMUDA TINCHLIK DARSLARI O’TKAZILDI

Yurtimizda insonlar mudom qadrli, o’tganlar xotirasi esa abadiydir.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida Tinchlik darslari o’tkazilmoqda.

Bu darslarda ikkinchi jahon urushida qatnashgan va front ortida mehnat qilgan nuroniylar, faxriylar ham ishtirok etmoqdalar. 6 may kuni universitetning Fizika va Biologiya-tuproqshunoslik fakultetlarida o’tkazilgan darslarda “Qadriyat, e’tibor va e’zoz”, “Vatan erkinligi uchun o’z jonini qurbon qilganlar xotirasi hamisha barhayot”, “Xotira muqaddas, inson qadri aziz”, “Tinchlik qadri” kabi mavzular talabalarda katta qiziqish uyg’otdi.

– Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanayotgani yurtimizda inson xotirasi qanchalik muqaddas, qadr-qimmati aziz ekanligini ko’rsatadi,– dedi universitet prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Bu sana urushlarda qurbon bo’lgan millionlab yurtdoshlarimiz xotirasiga ta’zim qiladigan, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo’lida xizmat qilgan nuroniylarga yuksak hurmat-ehtirom ko’rsatiladigan ezgu marosimdir. Bunday kunlarda bugungi tinch va osuda hayot, musaffo osmon, to’kinlik va farovonlikka qanday og’ir yo’qotishlar, sinov va mashaqqatlar evaziga erishilgani xayolimizdan o’tadi. Bizga nasib etgan mustaqillik, tinchlik va osoyishtalikning ahamiyatini teranroq anglaymiz. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, inson, xalq, millat tarixiy xotira bilan tirik va barhayotdir. Hyech shubhasiz, bu urushda xalqimiz ko’rsatgan matonat, mardlik va qahramonlik namunalarini avlodlarimiz aslo unutmaydi, jang maydonlarida bizning o’g’lonlarimiz nimaga qodir ekanini doimo g’urur va iftixor bilan eslaydi. Biz avvalo urushda qatnashgan, mardlik va jasorat ko’rsatgan faxriylarini, shular qatorida front ortida mehnat qilgan yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni tabriklash bilan bir qatorda, urushdan qaytmagan vatandoshlar xotirasi oldida bosh egish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Tinchlik darslarida ishtirok etgan veteranlar Ravshan Oxunov va Shuhrat Shonazarov Afg’onistonda baynalmilal janglarida ko’rgan-kechirganlarini so’zlab berdilar.

Darhaqiqat, xotira – o’tganlarni eslatib turadi, o’zlikni anglatadi. Qadr – insonni ulug’laydi, jamiyatni bezaydi. Xotira va qadrlash kuni mazmun-mohiyatida ana shunday ezgu tamoyillar mujassam. Yurtimiz mustaqilligi yillarida mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, hamjihatlik va bag’rikenglik mustahkam qaror topdi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mehr-oqibat tuyg’ulari odamlar qalbi va shuuridan chuqur joy oldi. Ajdodlar xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, elu yurt tinchligi va ravnaqi yo’lida xizmat qilgan keksalarni e’zozlash ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, istiqlol davrida tug’ilib voyaga yetgan, mustaqil va yangicha fikrlaydigan, buyuk maqsadlar sari intilayotgan farzandlarimiz ota-bobolaridan meros bo’lib qolgan o’z yurtini, tug’ilgan tuprog’ini muqaddas deb bilishi, uning ertangi yorug’ kuni uchun butun borlig’ini bag’ishlashga, kerak bo’lsa, jonini fido qilishga tayyor bo’lishi – bularning barchasi bugun hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlarimiz hayotining uzviy bir qismiga aylangani hammamizga ishonch va kuch-quvvat bag’ishlaydi.

 

      TINCH VA OSOYISHTA HAYOT GASHTI

Tinch va osoyishta hayot qanchalik gashtli ekanini ortiqcha izohlashga hojat bo’lmasa kerak. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan har yili Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o’tkazilishi o’ziga xos an’anaga aylangan.

Aytish joizki, umrini ilm-ma’rifat va murabbiylikka baxshida etgan o’nlab ustozlar ikkinchi jahon urushida va front ortida xizmat qilganlar. Bugun bu tabarruk insonlarning diltortar suhbatlaridan bahramand bo’lish kishiga olam-olam zavq bag’ishlaydi. Ana shunday aziz otaxon ustozlar bilan 7 may kuni to’kin dasturxon atrofida o’tkazilgan ma’rifiy tadbir “Tinch va osoyishta hayot gashti” deb nomlandi.

– Ikkinchi jahon urushida va baynalmilal janglarda jasorat ko’rsatgan otalar xotirasini yod etib, ularning ezgu ishlarini davom ettirish, bugun saflarimizda yurgan, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo’lida xizmat qilgan nuroniylarni e’zozlash muqaddas burchimizdir,– dedi O’zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov.– Davlatimiz rahbarining “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida”gi Farmoni urushda halok bo’lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og’ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan momolarimizga ko’rsatilayotgan ehtiromning yorqin ifodasidir. Biz o’sha olovli janggohlarda jasorat ko’rsatib qaytgach, uzoq yillar universitetimizda faoliyat ko’rsatgan otaxon ustozlar bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Aytish o’rinliki, O’zMU murabbiylari va talabalari bayram oldidan ana shunday tabarruk ustozlarning xonadonlariga borishib, holidan xabar oldilar va qutlug’ sana munosabati bilan sovg’alar ulashdilar. Bugun to’kin dasturxon atrofida davom etgan ma’rifiy tadbir ham nuroniy ustozlarga olam-olam zavq baxsh etdi.

– Shu ulug’ ayyomda biz avvalo Vatan, kelgusi avlodlar hayoti uchun jonini qurbon qilgan mard va jasur quroldoshlarimiz ruhi oldida bosh egamiz,– deydi bu yil 90 bahorini qarshilagan urush nogironi, Jurnalistika fakultetida uzoq yillar dekan va boshqa lavozimlarda faoliyat ko’rsatgan dosent Anvar Shomaqsudov.– Buyuk g’alabaga erishganimizga 71 yil bo’lishiga qaramasdan xalqimiz o’sha mudhish kunlarni alam, armon, iztirob bilan eslashi bejiz emas. Bugungidek yodimda, urushdan oldin O’zbekistonda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo’lsa, shundan 1,5 million yigitlar qo’llariga qurol olib, qirg’inbarot janglarga ketgan. Ulardan 500 mingga yaqini urushdan qaytmagan... Tirik qaytganlarining ham qanchasi mayib-majruh, qo’lsiz yoki oyoqsiz edi... Toleimizda jonajon O’zbekistonimizni mustaqil davlat sifatida ko’rish ham bor ekan, bu qanchalik beqiyos baxt ekanini ta’riflashga til ojizlik qiladi. Shunday ekan, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetib, har lahzamizni ezgulikka, bunyodkorlikka, ijodga va boshqa yaxshi ishlarga baxshida etishimiz ham farz, ham qarzdir.

Bu yil 94 bahorini qarshi olgan O’zMU professori, taniqli faylasuf olim Abdulla Ayupovning sochlari aynan ikkinchi jahon urushida oqarib ketgani haqida tengdosh do’stlari va shogirdlari yaxshi biladilar. 24 yoshida olovli janglarda tankni boshqarib borayotgan yigitlar dahshatli portlashga duch keladi. Olov ichida qolgan jasur o’zbek o’g’loni tashqariga chiqqanida ham fashist-gazandalari bilan mardlarcha olishishga to’g’ri keladi. Bir nechta gazandani yer bilan yakson qilgach, u boshidan kaskasini olganida safdoshlari qotib qoladilar. Negaki, Abdullaning sochlari o’sha lahzalarda oppoq bo’lib qolgandi...

– Bugungi dorilomon kunlarimizga harqancha shukronalar qilsak arziydi,– deydi urush veterani Abdulla Ayupov.– Tinch va osoyishta hayotimizda men aziz Yurtboshimiz Islom Karimovning g’amxo’rliklarini hamisha dildan his etaman. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, hayotning o’zi bir haqiqatni takror va takror isbotlab bermoqda. Ya’ni tarixni bilmagan, tarixni unutgan, tarixdan xulosa chiqarmagan har qanday inson, har qanday xalq o’z yo’lidan adashishi, bir vaqtlar yo’l qo’ygan xatolarini yana takrorlashi mumkin. Biz bugun qanday shiddat bilan o’zgarib, yon-atrofimizda qarama-qarshilik, xavf-xatarlar kuchayib borayotgan notinch zamonda yashayotganimizni kuzatish va anglash qiyin emas. Endi O’zbekistonimiz mustaqil taraqqiyot yo’lida qanday ulkan, boshqalarning havasini tortadigan yutuq va marralarga erishgan bo’lsa, bularning barchasining negizi — yurtimizda tinch va osuda hayot, millatlar va fuqarolararo totuvlik, o’zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni asrab-avaylab kelayotganimizda. Albatta, tinch va osoyishta hayot, barqarorlik o’z-o’zidan bo’lmaydi. Buning uchun barchamiz shu musaffo osmonni saqlash, asrash uchun kurashishimiz, fidoyilik ko’rsatishimiz darkor.

Ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so’zga chiqqan boshqa veterenlar ham tinchlik va osoyishta hayotimiz abadiy bo’lishi uchun barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz mudom ogoh hamda sergak bo’lishlari lozimligini ta’kidladilar.

Tadbir davomida dilrabo kuy-qo’shiqlar davraga yanada fayz kiritdi.

 

      ITALIYANING PISA UNIVERSITETI PROFESSORI E’TIROFI

Xalqaro aloqalar, ilmiy hamkorliklar ta’lim tizimi taraqqiyotida g’oyat muhim o’rin tutadi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bunday xalqaro aloqalar tobora takomillashib bormoqda.

Navbatdagi shunday ilmiy-amaliy uchrashuv 7 may kuni universitetning namunali dakanat tadbirlar zalida o’tkazildi. Unda Italiyaning Pisa universiteti professori Marco Abate Italiya va Yevropaning bir nechta universitetlarida amaldagi ta’lim tizimi, professor-o’qituvchilarning dars o’tish usullari va amaliy dars jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shu bilan bir qatorda xorijlik olim yurtimizda mustaqillik yillarida ta’lim tizimida olib borilgan ulkan islohotlar natijalari bilan tanishgani, sohadagi o’zgarishlar xalqaro standartlarga mos kelishi va bugun davom etayotgan amaliy tadbirlar uning mantiqiy davomi ekanligini alohida takidladi.

U O’zbekistonda milliy ta’lim tizimidagi birqancha jihatlarni, xususan “Ustoz-shogird” an’anasini yuksak baholadi. Zero, u yurtiga qaytgach, bu an’anani o’zbekona tajriba sifatida o’zlarining ta’lim tizimiga joriy qilishini va undan samarali natija kutishini etirof etdi.

Ilmiy-amaliy uchrashuvda ishtirok etishgan O’zMU professor-o’qituvchilari, kafedra mudirlari va fakultetlar dekanlari bu mavzuda o’zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar oldilar.

 

      UCH AVLOD UCHRASHUVI

Ajdodlar jasorati – avlodlar uchun bebaho ma’naviy merosdir.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining qariyb bir asrlik tarixi mobaynida o’nlab akademiklar va professorlardan bebaho ilmiy meroslar qolgan. Birgina ilmiy maktablarning o’zi asrlarga tatigulik meros hisoblanadi. Undan tashqari qanchadan-qancha darsliklar, o’quv qo’llarmalar va ishlanmalardan bugungi hamda kelgusi avlodlar samarali foydalanadilar.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Biologiya-tuproqshunoslik fakultetida o’tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan hamda urushdan keyingi yillarda samarali faoliyat ko’rsatishgan ustozlar xotirasi yodga olindi.

Darhaqiqat, Ahror To’laganov, Tesha Zohidov, Yorqin To’laganov, Jo’ra Musayev kabi akademiklarning ilmiy maktablaridan bugungi fakultet tadqiqotchilari va talabalari saboq olayotganlari bilan faxrlanadilar.

Shunday ustozlar xotirasiga bag’ishlab tayyorlangan “Mehr abadiy, xotira muqaddas!” deb nomlangan videorolik tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.

Uchrashuvda birinchi avlod haqida videorolik orqali ma’lumot olingan bo’lsa, ikkinchi avlodga mansub murabbiylar o’sha ustozlar haqidagi xotiralarini so’zlab berdilar.

Bundan o’zlariga tegishli xulosalar chiqarishgan uchinchi avlod vakillari hisoblanmish talabalar va yosh tadqiqotchilar ulug’ ustozlarning ana shu ezgu ishlarini izchil davom ettirishlari ham farz, ham qarzdir.

 

      “QUVNOQLAR VA ZUKKOLAR” ISTE’DODLARNI KASHF ETADI

Quvnoq talabalar zukko ham bo’lishi kerak! Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bunday yoshlar ko’pchilikni tashkil etishadi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining O’zMU boshlang’ich tashkiloti tomonidan 29 aprel kuni tashkil etilgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko’rik-tanlovi ana shunday talabalar uchun o’ziga xos imkoniyat maydoniga aylandi. Tanlovda Biologiya-tuproqshunoslik fakultetining “Biokvadrat”, Tarix fakultetining “Uddaburonlar”, Iqtisodiyot fakultetining “Tadbirkor”, Mexanika-matematika fakultetining “Maksimum” hamda Xorijiy filologiya fakultetining “Xorijiy bo’lalar” jamoalari o’zaro bellashdilar.

Ular 3 ta shart bo’yicha o’z iste’dodlarini namoyish etdilar. Ya’ni, tanishuv sharti bo’yicha “Yangi mavsum muborak”, savol-javob sharti bo’yicha “Internetda yozilishicha…”, musiqiy chiqish sharti bo’yicha “So’nggi yangiliklar” mavzulari chinakam iste’dodlarni kashf etdi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Unda har bir jamoaning hazil-mutoyibalarga boy chiqishlari muxlislarda katta qiziqish uyg’otdi.

– Bu sahna ko’rinishlari zamirida yoshlarni vatanparvarlik, insoniylik, tinchlik va do’stlikka chorlovchi g’oyalar mujassamdir,– deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O’zMU boshlang’ich tashkiloti yetakchisi Shukurillo Anvarov.– Ularni teran nigoh bilan kuzatgan yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat tuyg’ulari jo’sh urishi tabiiy. Ayni paytda yigit-qizlar orasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, chetdan kirib kelayotgan “ommaviy madaniyat”ning oldini olishga qaratilgan sa’y-harakatlar ham o’z ifodasini topgan.

Qiziqarli o’tgan ko’rik-tanlovda “Uddaburonlar” 1-, “Tadbirkor” 2-, “Maksimum” va “Xorijiy bo’lalar” jamoalari 3-o’rinni qo’lga kiritdilar.

 

      ZAKOVAT SOHIBLARI

Bugun “Kamolot zakovatchilari” sifatida o’zaro bellashayotgan yoshlar bir kun kamolga yetganlarida chinakam zakovat, ilmu ma’rifat sohiblariga aylanadilar.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti tom ma’nodagi zakovatchilar maskani, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. Bu dargohda tez-tez ana shunday yosh tafakkur sohiblari ishtirokida turli tadbirlar o’tazilishi odatiy holga aylangan.

12 may – O’zMU tashkil etilgan kunga 98 yil to’lishi munosabati bilan bu yerda “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” shiori ostida o’tkazilayotgan talaba-yoshlar festivali barchada katta qiziqish uyg’otmoqda.

Ana shu festival doirasida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining O’zMU boshlang’ich tashkiloti tomonidan “Kamolot zakovatchilari” ochiq turniri bo’lib o’tdi. Unda 17 ta oliy ta’lim muassasasi hamda O’zMUning 11 ta fakulteti jamoalari o’zaro bellashdilar.

Qiziqarli o’tgan bellashuvlarda O’zMUning “Yorqin yulduz” va “Fortuna” jamoalari 1- va 3-, O’zDJTUning “Diplomat” jamoasi 2-o’rinni qo’lga kiritdi.

– Ilmu ma’rifatga intilgan yigit yo qiz kelgusida albatta yetuk inson bo’lib voyaga yetishi shubhasizdir,– deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O’zMU boshlang’ich tashkiloti yetakchisi Shukurillo Anvarov.– Bugun zakovat yo tafakkur maydonida o’zligini namoyon etayotgan talabalar avvalo sog’lom fikrli yoshlar ekanligini izohlashga hojat yo’q. Ular bilimlari va ma’naviy olamiga yarasha ezgu maqsadlar sari intiladilar. Umid bilan suqulgan tayoq, bir kun berar meva-yu yaproq, deganlaridek, yosh zakovat sohiblari kelgusida albatta ulug’ orzulariga erishadilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.