O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 36-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (9-14 may kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 36-16

“AXBOROT SOATLARI” № 36-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (9-14 may kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 36-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (9-14 may kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

ALIShER NAVOIY NOMIDAGI TOShKENT DAVLAT O’ZBEK TILI VA ADABIYoTI UNIVERSITETINI TASHKIL ETISH TO’G’RISIDA

 

Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o’zligining, madaniy-ma’rifiy olami, milliy g’oyasining asosi hisoblanadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borlig’ini ko’rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo’qotmak – millatning ruhini yo’qotmakdur” degan hikmatli so’zlari ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Shuning uchun ham qachonki bosqinchi va istilochi kuchlar el-yurtimizni o’ziga qaram qilmoqchi bo’lsa, avvalo, uni o’z tili va dinidan, tarixi va madaniyatidan, milliy g’ururidan judo etishga uringan. O’lkamiz qaramlik changaliga tushib qolgan istibdod davrlarida ona tilimizning rivojlanish imkoniyatlari cheklab qo’yilgani hyech kimga sir emas.

O’zbek tili qadimiy va boy tarixga ega bo’lib, uning shakllanishida miloddan oldingi va miloddan keyingi dastlabki asrlarda mintaqamiz hududida yashagan baqtriylar, so’g’diylar, xorazmiylar va boshqa elat va millatlar o’z ta’sirini ko’rsatgani haqida mavjud ilmiy manbalar dalolat beradi.

O’zbek tilining har tomonlama taraqqiy topishi va adabiy til sifatida maydonga chiqishida qadimiy turkiy til katta hissa qo’shganini alohida ta’kidlash tabiiydir.

Shu borada Mahmud Koshg’ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy kabi ilmu fan va adabiyot namoyandalarining xizmati va qoldirgan merosi muhim o’rin egallaganini qayd etish joiz.

O’zbek adabiy tili ayniqsa XIV-XV asrlarda – Amir Temur va temuriylar davrida rivojlanishning yangi, yuksak bosqichiga ko’tarildi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariyat madaniy xazinasidan munosib o’rin olgan o’lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi.

Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammadrizo Ogahiy, Boborahim Mashrab, Muqimiy, Furqat kabi o’nlab mumtoz adib va allomalarimizning ijodida ona tilimizning lug’at boyligi, badiiy imkoniyatlari, uning go’zalligi va nafosati yanada yorqin namoyon bo’lganini ta’kidlash lozim.

Mustamlaka tuzumining tazyiqlariga qaramasdan, o’z hayotini xalqimizning ma’naviy kamolotiga, ona tilimizning ravnaq topishiga bag’ishlagan Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho’lpon, Abdulla Qodiriy kabi ulug’ ma’rifatparvarlarning ulkan xizmatlarini, bu yo’lda haqiqiy vatanparvar, yurtparvar, millatparvar sifatida iz qoldirgan ziyoli insonlarning nomlarini el-yurtimiz doimo hurmat bilan eslaydi.

Biz ajdodlardan avlodlarga o’tib kelayotgan bebaho boylikning vorislari sifatida ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitish, nufuzini oshirishni o’zimiz uchun eng ustuvor, uzviy davom etadigan yuksak maqsad deb bilishimiz va bu masalaning ahamiyati hyech qachon e’tiborimizdan chetda qolmasligi zarur.

Bu borada 1989 yili yurtimizda “Davlat tili to’g’risida”gi qonun qabul qilinib, o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ushbu huquqiy norma Konstitusiyamizda muhrlab qo’yilganini alohida ta’kidlash lozim.

Shuningdek, 1990 yili Vazirlar Mahkamasining “Davlat tili to’g’risida”gi qonunni amalga oshirish davlat dasturi to’g’risida”gi qarori, 1993 yilda “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi qonun, 1995 yili “Davlat tili haqida”gi qonunning yangi tahriri, 1996 yili ushbu qonunni amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturiga tegishli o’zgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori va shu kabi boshqa hujjatlar qabul qilingani bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Ushbu sohada yaratilgan normativ-huquqiy baza o’zbek tili bilan birga mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elatlarning o’z ona tilini rivojlantirish va uni erkin qo’llashdan iborat konstitusiyaviy huquqlaridan foydalanishni kafolatlab kelayotgani alohida e’tiborga sazovordir.

Ayni shu asnoda O’zbekistonda milliy tillarni rivojlantirish uchun keng sharoit yaratilgani, bugungi kunda yurtimizda ta’lim-tarbiya muassasalari va ommaviy axborot vositalari yetti tilda faoliyat olib borayotgani jamiyatimiz hayotida millatlararo ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim omil bo’lmoqda.

Keyingi yillarda O’zbekistonda mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga yanada chuqur integrasiyalashuvini ta’minlash maqsadida chet tillarni, xususan, ingliz tilini o’qitishning kompleks tizimi yaratilib, amalda keng joriy etilmoqda.

Ana shunday ishlar qatorida o’zbek tili va adabiyotining xalqimiz, jamiyatimizning ma’naviy rivojida, zamonaviy ilm-fan taraqqiyotida tutgan o’rni va roli bilan bog’liq dolzarb mavzularda muhim ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda, ko’plab lug’at va qomuslar, risola va darsliklar nashr etilmoqda. O’zbek tili va adabiyoti bo’yicha mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, mazkur yo’nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalariga katta e’tibor berilmoqda.

Ayni vaqtda bu sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo’yicha hali ko’p ishlarni amalga oshirishimiz darkor. Eng avvalo, ona tilimizning qo’llanish doirasini kengaytirish, uning tarixiy ildizlarini chuqur o’rganish va ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish bugungi kunda o’ta dolzarb masalaga aylanmoqda.

Bu haqda gapirganda, birinchi navbatda, fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikasiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi o’ta muhim tarmoqlarda o’zbek tili o’zining haqiqiy o’rnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, etimologik va qiyosiy lug’atlar yaratish, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish oldimizda muhim vazifa bo’lib turganini qayd etish lozim.

Hozirgi tez o’zgarayotgan globallashuv davrida o’zbek tili va adabiyotining o’ziga xos betakror xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, uning bugungi holati va istiqboli bilan bog’liq masalalarni chuqur o’rganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari samaradorligini kuchaytirish, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo’g’inlarida o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishning hamda ushbu soha bo’yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish maqsadida:

1. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o’zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti negizida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti (keyingi o’rinlarda – Universitet deb yuritiladi) tashkil etilsin.

Universitet tarkibida 3 ta fakultet: o’zbek filologiyasi, o’zbek tili va adabiyotini o’qitish, o’zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O’zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsin. Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi Universitet tarkibiga o’tkazilib, uning negizida O’zbek tili va adabiyoti muzeyi tashkil etilsin.

2. Belgilab qo’yilsinki, Universitet o’zbek tili va adabiyoti bo’yicha filolog mutaxassislar, ilmiy-pedagog kadrlar, yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayni shu yo’nalishlarda ilmiy va o’quv-metodik materiallarni ishlab chiqish bo’yicha tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

3. Universitetning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

o’zbek tili va adabiyotini, uning o’ziga xos xususiyatlari, ilmiy-nazariy, falsafiy-estetik asoslarini, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini chuqur o’zlashtirgan, davr talablariga javob beradigan yuksak malakali ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlash;

ilmiy, badiiy va boshqa sohalardagi adabiyotlarni o’zbek tilidan ingliz va boshqa xorijiy tillarga, shuningdek, jahon tillaridan ona tilimizga yuksak sifat va mahorat bilan tarjima qiladigan tarjimonlar tayyorlash;

talaba yoshlarni, o’zbek tili va adabiyotining boy imkoniyatlaridan foydalangan holda, Vatanga muhabbat va sadoqat, umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida, keng dunyoqarashga ega bo’lgan va mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy yetuk insonlar etib tarbiyalash;

o’zbek tili va adabiyoti, folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta’limotlarini, mumtoz va zamonaviy metodlarini, buyuk ajdodlarimizning o’zbek va jahon tilshunosligi rivojiga qo’shgan hissasi, ularning ilmiy merosi, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi o’rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari, o’zbek tili va adabiyotining rivojlanish istiqbollari bilan bog’liq ilmiy muammolarni tadqiq etish;

o’zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to’la aks ettiradigan mukammal akademik va o’quv grammatikalarini yaratish, uning tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishi, joriy imlo qoidalarini takomillashtirish bo’yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash, turli mavzu va yo’nalishlar bo’yicha lug’at va qomuslar, risola va darsliklar yaratish;

umumta’lim maktablari, akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalarida o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishning yangi va samarali metodlari bo’yicha ilmiy izlanishlar olib borish, ilg’or pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish;

ona tilimizning Internet jahon axborot tarmog’ida munosib o’rin egallashini ta’minlash, uning kompyuter uslubini, o’zbek tili va dunyodagi yetakchi xorijiy tillar asosida tarjima dasturlari va lug’atlar, elektron darsliklar yaratish bilan bog’liq ilmiy-metodik ishlanmalar, amaliy tavsiyalar tayyorlash va bu borada erishilgan natijalarni amaliyotga keng tatbiq etish.

4. Universitet faoliyatini tashkil qilish bilan bog’liq barcha masalalarni hal etish uchun ilovaga muvofiq tarkibda respublika komissiyasi tuzilsin.

Respublika komissiyasi (Sh.Mirziyoyev)ga:

Universitet faoliyatini yo’lga qo’yish bo’yicha Vazirlar Mahkamasining qarorini tayyorlash vazifasi topshirilsin.

Ushbu qarorda Universitetning tarkibiy tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash, Universitetni belgilangan tartibda davlat ro’yxatidan o’tkazish bo’yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish, ustav hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

Universitetni vaqtincha joylashtirish uchun tegishli bino bilan ta’minlash;

Universitetni yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, shu maqsadda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining tugatilayotgan o’zbek filologiyasi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining o’zbek tili va adabiyoti fakultetlari hamda Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutining rahbar va ilmiy xodimlari, professor-o’qituvchilarini belgilangan tartibda attestasiyadan o’tkazish;

Universitet oldiga qo’yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zamonaviy talablarga javob beradigan o’quv rejalari va dasturlar, o’quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr etish;

Universitet uchun quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan tegishli binolar, uning hududidagi maydon va xiyobonlarni rekonstruksiya qilish maqsadida qurilish-montaj ishlarini tashkil etish, xususan, bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni, istisno tariqasida, tender savdolari o’tkazmasdan tanlash, qurilish-montaj ishlarini loyiha-qidiruv ishlari bilan bir vaqtda olib borish va ularning belgilangan muddatda moliyalashtirilishini ta’minlash, qurilish-montaj va jihozlash ishlarini 2017 yilning 1 avgustiga qadar yakuniga yetkazish bilan bog’liq chora-tadbirlar ko’zda tutilsin.

5. Universitetda o’quv jarayoni 2016/2017 o’quv yilidan boshlab tashkil etilsin va 1-kursga qabul ko’rsatkichlari bo’yicha takliflar o’rnatilgan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etilsin.

6. O’zbekiston Badiiy akademiyasi bir oy muddatda:

Universitetning bosh binosi oldidagi maydonda ulug’ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini o’rnatish bo’yicha tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ijodiy tanlov e’lon qilsin va uni belgilangan tartibda o’tkazsin;

haykalni yaratish va o’rnatish bilan bog’liq xarajatlarning hisob-kitobini O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga taqdim etsin.

7. Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxatlar bo’yicha mamlakatimiz hududiga olib kiriladigan kompyuter texnikasi, maxsus asbob-uskuna va inventarlar, istisno tariqasida, 2020 yilning 1 yanvarigacha bojxona to’lovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yig’imlari bundan mustasno) to’lashdan ozod qilinsin.

8. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Fanlar akademiyasi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. O’zbekiston Milliy axborot agentligi, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur Farmonni keng yoritish tavsiya etilsin.

10. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti


I.Karimov

Toshkent shahri,

2016 yil 13 may

 

      VATANNI ShARAFLAR BUYuK YuRT FARZANDLARI

Andijonda Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali bo’lib o’tdi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi hamda viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash yo’lida yaratilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar ularning ijodiy-intellektual salohiyatini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim dasturilamal bo’lmoqda.

 

      INNOVASIYaLAR – IQTISODIY VA IJTIMOIY TARAQQIYoTNING MUHIM OMILI

Toshkentda IX Innovasion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi o’tkazildi. An’anaviy innovasion yarmarka Prezidentimiz Islom Karimovning 2015 yil 4 martdagi «2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o’zgartirish, modernizasiya va diversifikasiya qilishni ta’minlash bo’yicha chora-tadbirlar dasturi to’g’risida»gi farmonida ishlab chiqarishni modernizasiya qilish, texnik hamda texnologik qayta jihozlash bo’yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida o’tkazildi. Innovasion faoliyatni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, milliy innovasiya tizimini rivojlantirish, yuqori samarali texnologiyalarni joriy etishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, ilm-fan hamda texnikaning ustuvor yo’nalishlarini jadal rivojlantirish mamlakatimizda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko’lamli iqtisodiy islohotlarning muhim yo’nalishlaridandir. Davlatimiz rahbarining 2008 yil 15 iyuldagi “Innovasion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qaroriga muvofiq o’tkazib kelinayotgan Innovasion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi davlat, ilm-fan, ishlab chiqarish va biznesning bu boradagi sa’y-harakatlarini samarali birlashtirish, innovasiya jarayoni ishtirokchilarini qo’llab-quvvatlash hamda ularning barcha darajadagi o’zaro hamkorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Yarmarka oliy o’quv yurtlarining ilm-fan sohasidagi innovasion salohiyati ham yil sayin yuksalib borayotganini ko’rsatdi. Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida o’tkazilayotgan tadqiqotlar tarmoq va korxonalarning muayyan ehtiyojlariga xizmat qiladigan va ahamiyatga molik ko’plab vazifalarni hal etishga qaratilgani bilan g’oyat muhimdir. Yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va ularni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlar bunga yaqqol misol bo’la oladi.

Xususan, yarmarkada faol ishtirok etgan Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti bunday hamkorlik samarasida yangiliklarni hayotga tatbiq etish bo’yicha qariyb 300 million so’mlik shartnoma tuzdi. Oliy o’quv yurtining o’qituvchi-professorlari va talabalari birgalikda ishlab chiqqan elektron namlikni o’lchash asbobi va pereferik ko’ktomirlarni ko’rish uchun mo’ljallangan moslama katta taassurot qoldirdi.

IX Innovasion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarishni integrasiyalashtirish mexanizmini yanada mustahkamlash bo’yicha amalga oshirilayotgan ilmiy hamda innovasion faoliyatni har tomonlama qo’llab-quvvatlash o’z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi. Olimlarimiz tomonidan yaratilgan ilg’or texnologiya va ishlanmalarning joriy etilishi natijasida import o’rnini bosadigan hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda, yangi ish o’rinlari tashkil etilmoqda. Bularning barchasi innovasion faoliyat mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotida muhim omil bo’layotgani ifodasidir.

 

      MEVA-SABZAVOT EKSPORTI MUTTASIL OShMOQDA

Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 12 apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida sohani yanada rivojlantirish istiqbollari aniq belgilab berildi.

O’tgan yili 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 2 million 731 ming tonna meva, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum yetishtirildi. So’nggi yillarda qariyb 100 ming gektarda mevali bog’ va tokzorlar barpo etildi. Keyingi uch yilda 22 ming gektardan ziyod maydonda ilmiy asoslangan intensiv bog’ tashkil qilindi. Seleksionerlarimiz yaratgan iqlim sharoitimizga mos, qurg’oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq navi, meva va rezavor ekinlar va uzumning 175 navi parvarishlanmoqda. Bunda paxta maydonlari qisqarib, meva-sabzavot, poliz va uzum yetishtirishga ixtisoslashgan maydonlarning kengayishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yetishtirilgan mahsulotni sifatli saqlash va bozorlarimizga uzluksiz yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2015 yilda 77 ming 800 tonna sig’imga ega bo’lgan 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizasiya qilindi. Bu 830 ming tonnadan ziyod meva-sabzavotni saqlash, bozorlarimizda narxning bir me’yorda bo’lishida muhim o’rin tutdi.

Bozorlarimizdan qishin-yozin meva-sabzavot uzilmaydi. 2015 yilda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishgani uchun BMT tomonidan mukofotlangan 14 davlatdan biri bo’lgani ham bejiz emas.

O’zbekiston qishloq xo’jaligi mahsulotlari eksporti bo’yicha dunyo bozorida yetakchi mavqyega ega. Xususan, o’rik, olxo’ri, uzum, yong’oq, karam va boshqa ko’plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo’yicha dunyodagi yetakchi o’n davlat qatorida turadi. Xalqimiz ehtiyojidan ortiqcha 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar AQSh, Yaponiya, Tailand, Indoneziya, Mo’g’uliston, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Slovakiya singari 80 dan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda.

2020 yilga borib kartoshka yetishtirish 35 foizga, sabzavot 30, meva va uzum 21,5 foizga oshishi kutilmoqda.

 

      O’ZBEKISTON IQTISODIYoTI 2016 YILDA 6,5 FOIZGA O’SADI

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O’zbekistonning 2016 yilgi YaIM o’sishi sur’atlariga oid prognozlarini 7,2 foizdan 6,5 foizga pasaytirdi. «YeTTB mamlakatlarida mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar» hisobotida shu haqda so’z yuritilgan. Bank ekspertlari taxminlariga ko’ra, joriy yilda O’zbekiston iqtisodiyoti 6,2 foizga o’sadi. Bankning qayd etishicha, O’zbekiston YaIM 2015 yilda 8 foizga o’sgan. Moliya muassasasi ma’lumotlariga ko’ra, prognozning pasaytirilishiga pul o’tkazmalarining qisqarishi, jahon bozorlaridagi narxlarning arzonlashuvi hamda milliy tuzilmalardagi muammolar asos bo’lgan.

YeTTB 2016 yilda O’zbekistonda inflyasiya darajasi 9 foizni tashkil etishini taxmin qilmoqda. Bu holat 2017 yilda ham saqlanib qoladi.

 

      270 MILLION DOLLARLIK MAHSULOT EKSPORT QILINDI

2016 yil boshidan buyon O’zbekiston eksport faoliyatiga 583 ta yangi korxona jalb etildi. Ular 270 million dollardan ortiq mablag’da eksportni amalga oshirdi, eksportga 95 ta yangi mahsulot turlari taqdim etildi, 20 ta yangi bozor nuqtalariga eksport mahsulotlar yetkazib berildi. “O’ztadbirkoreksport” tashqi savdo kompaniyasi orqali kichik biznes subyektlari va xususiy tadbirkorlar 150 million dollardan ortiq miqdorda mahsulot eksportini amalga oshirdi.

 

      ABDULAZIZ KOMILOV AQSh ELChISI BILAN UChRAShUV O’TKAZDI

11 may kuni O’zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh elchisi Pamela Leora Spratlenni qabul qildi. Suhbat davomida turli sohalardagi O’zbekiston-AQSh kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

 

      TIVDA O’ZBEKISTON-BELGIYa VAZIRLIKLARARO SIYoSIY MASLAHATLAShUVLARI O’TKAZILDI

2016 yilning 10 may kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O’zbekiston-Belgiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo’lib o’tdi. Maslahatlashuvlarda ishtirok etish uchun O’zbekistonga Belgiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama munosabatlar bo’yicha bosh direktori Geyert Muylle boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurgan. Muzokaralar chog’ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim jihatlari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, turli darajalardagi O’zbekiston-Belgiya muntazam muloqoti nafaqat tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi aloqalar holatini aniqlash, balki xalqaro tashkilotlar doirasidagi va boshqa jabhalardagi hamkorlikning ustuvor yo’nalishlarini belgilash va rivojlantirish imkonini yaratadi. Uchrashuvda ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Belgiya delegasiyasining Toshkentda bo’lishi chog’ida Oliy Majlis va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligida uchrashuvlar va muzokaralar o’tkazish rejalashtirilgan.

 

      O’ZBEKISTON TIVDA XITOY ELChISI BILAN IKKI TOMONLAMA MUNOSABATLAR HOLATI KO’RIB ChIQILDI

2016 yilning 10 may kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Sun Lijie bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Suhbat davomida Toshkentda bo’lib o’tadigan ikki tomonlama tadbirlar hamda hozirgi kunda O’zbekiston raislik qilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi uchrashuvlar nuqtai nazaridan O’zbekiston-Xitoy kun tartibining dolzarb masalalari ko’rib chiqildi.

 

      O’ZBEKISTON TAShQI IShLAR VAZIRLIGIDA GERMANIYaNING MAShHUR JAMOATChILIK VA SIYoSAT ARBOBI BILAN UChRAShUV BO’LIB O’TDI

2016 yilning 12 may kuni O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniyaning mashhur jamoatchilik va siyosat arbobi Lotar de Mezerni qabul qildi. L. de Mezer mamlakatimizga «Birlashgan Germaniyada transformasion jarayonlarning va O’zbekiston yangi tarixi boshlang’ich bosqichining 25 yilligi» mavzusidagi ekspertlar uchrashuvida ishtirok etish uchun keldi. Mazkur tadbir Toshkent shahrida K.Adenauer nomidagi jamg’armaning Markaziy Osiyo bo’yicha Mintaqaviy vakolatxonasi va O’zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan tashkillashtirilgan. Suhbat chog’ida O’zbekiston va GFR o’rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollari hamda K.Adenauer nomidagi jamg’armaning ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishdagi ishtiroki muhokama qilindi. L. de Mezer O’zbekistonda bo’lishi chog’idagi ko’rganlari haqida so’zlar ekan, mamlakatimizdagi tarixiy o’zgarishlar, arxitektura va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hamda o’zbek xalqining boy tarixiy merosini asrab-avaylash bo’yicha olib borilayotgan keng ko’lamli ishlar unda iliq taassurot qoldirganini ta’kidladi.

Uchrashuvda K.Adenauer nomidagi jamg’armaning Markaziy Osiyo bo’yicha mintaqaviy vakolatli vakili Tomas Kutse ishtirok etdi.

 

      NUKUS VA NAVOIYDAN MOSKVAGA REYSLAR YO’LGA QO’YILDI  

“O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi 16 maydan boshlab, Nukus shahridan Moskvaga uchadigan to’g’ridan-to’g’ri reysni yo’lga qo’ydi. Shuningdek, Navoiy shahridagi reysni qayta tikladi. Reyslar haftada bir kun – dushanba kuni A320 avialaynerida amalga oshiriladi. Parvoz ikki soat atrofida kechadi.

 

      O’ZBEKISTONLIK DZYuDOChILAR KUChLILAR REYTINGIGA KIRITILDI

Xalqaro dzyudo federasiyasi Ozarbayjonda bo’lib o’tgan “Katta dubulg’a” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirdan so’ng sportchilarning yangi Olimpiya reyting jadvalini e’lon qildi. Jadvalda 60 kilogrammgacha vazn toifasida Diyorbek O’rozboyev 7, Sharofiddin Lutfullayev 11, vazni 66 kilogrammgacha dzyudochilar o’rtasida Rishod Sobirov 9, 73 kilogrammgacha vazn toifasida Mirali Sharipov 10 o’rinni egallagan. XXXI yozgi Olimpiya o’yinlari yo’llanmalari uchun reyting ochkolar beruvchi musobaqalar 29 mayga qadar davom etadi. Qoidaga ko’ra, erkaklar o’rtasida reyting jadvalida har bir vazn toifasida 1-22 o’rinlarni band etgan polvonlar Olimpiada yo’llanmasiga ega bo’ladi.

 

      O’ZBEKISTONLIK BOKSChILAR OSIYo ChEMPIONATIDA UMUMJAMOA HISOBIDA IKKINChI O’RINNI EGALLADI

Boks bo’yicha O’zbekiston yoshlar terma jamoasi Qozog’istonda o’tkazilgan yoshlar o’rtasidagi Osiyo chempionatida uchtadan oltin, kumush va bronza medalni qo’lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o’rinni egalladi. Mazkur chempionatda Osiyo qit’asining yigirmaga yaqin davlatidan yuzdan ortiq sportchi bahs olib bordi. Boks bo’yicha o’smirlar o’rtasida jahon va Osiyo chempioni Bilolbek Mirzarahimov chempionatning vazni 60 kilogrammgacha charm qo’lqop ustalari bellashuvida oltin medalga sazovor bo’ldi. Mustahkam himoya, aniq va kuchli zarbaga ega bokschimiz finalda hindistonlik Ankush Dahiyani katta ustunlik bilan mag’lubiyatga uchratdi. Osiyo boks konfederasiyasi veb-saytida (boxingasia.org) yosh sportchimizning g’alabasi yuksak baholandi: “O’zbekistonlik 17 yoshli ulkan iqtidor egasi birinchi raundda ritmni yetarlicha yaxshi his qilib, boshqacha taktika qo’lladi, bu esa bellashuv oxirida unga omad keltirdi. Bugun Bilolbek Mirzarahimov hindistonlik raqibiga nisbatan yuqori darajada edi va u o’z faoliyatida yana bir oltin medalni naqd qilib qo’ydi”. 69 kilogrammgacha vazndagi bokschilar o’rtasida ringga chiqib, Xitoy Taypeyi, Yaponiya va qozog’istonlik sportchilarni yenggan Ulug’bek Sobirov ham Osiyo chempioni bo’ldi.

Og’irligi 81 kilogrammgacha bokschilar bahsida Sanjar Tursunov tengsiz ekanini isbotladi. U turkmanistonlik Mustapa Chariyevni uchinchi raundda, xitoylik Maimaiti Maiyerdanni birinchi raundda texnik nokautga uchratib, final bellashuvida hindistonlik Reyal Puri ustidan g’alaba qozondi va shohsupaning eng yuqori pog’onasidan joy oldi.

 

      II. JAHON MIQYoSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      ROSSIYa QUROLLANISh POYGASIGA QO’ShILMAYDI

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonot berishicha, uning mamlakati qurollanish poygasiga qo’shilish o’rniga o’z rejalariga aniq amal qiladi. "Ijis" tizimining dengizda, aniqrog’i, O’rta yer dengizida joylashtirilgani, Ruminiyada radiolokasion stansiyasining joylanishi, bundan so’ngra Polsha pozision hududining barpo etilishi, bularning bari xalqaro xavfsizlik tizimini izdan chiqaruvchi va yangi qurollanish poygasini keltirib chiqaruvchi omillardir. Biz esa avval ham aytganimizdek, bunday poygalarga qo’shilmaymiz, biz bir necha yillar oldin ishlab chiqilgan armiya va flotimizni qayta qurollantirishni moliyalash rejasidan chetga chiqmagan holda aniq ishlaymiz", — deb ta’kidlagan prezident. Uning qayd etishicha, Rossiya o’z xavfsizligiga nisbatan paydo bo’ladigan tahdidlardan kelib chiqib, rejalariga tuzatishlar kiritib borishi mumkin. Bundan avval, Vladimir Putin AQSh raketalarga qarshi mudofaa tizimi majmuasining Ruminiyaga joylashtirilishi munosabati bilan afsusini bildirgan edi.

 

      MOSKVADAGI QABRISTONDA OMMAVIY MUShTLAShUV YuZ BERDI

Moskvaning Xovan qabristonidagi ommaviy mushtlashuv bir necha kishining o’limi va ommaviy hisbga olishlar bilan yakunlandi. Tergovchilar voqyea tafsilotlarini o’rnatgunlaricha, jurnalistlar kim va nima uchun kuppa-kunduz kuni ko’plab guvohlarning oldida otishma bilan kechgan mushtlashuvni sodir etganini aniqlab bo’ldilar. To’polonda tojikistonlik gastarbayterlar va chechenistonlik etnik guruh vakillari ishtirok etgan. Ba’zi OAV guvohlarga iqtibos keltirgan holda guruh qabristonda qora ishni bajargan tojiklardan qilingan ishlar uchun olingan pullardan foiz talab qilgan. Tojiklar "o’lpon"ni berishni kechiktirganlarida ularning oldiga guruh "kallakesarlari" kelib, ulardan pullarni undirib olib yurishgan. Qabristondagi ishchilar pulni berishni bir oyga kechiktirishgandan keyin bir necha o’nlab qurollangan kishilar kelgan. Qabristonda, shuningdek, ko’plab noqonuniy muxojirlar Federal migrasiya xizmati tekshiruvlaridan yashirinib yurishgan.

"20 yildan beri qabristonda tojiklar ishlaydi. Ular qabr kovlaydilar, mavjud qabrlarga qarab yuradilar. Barcha qora ishni bajaradilar. Oxirgi vaqtda bu yerga qandaydir chechenlar kelib, bu yerdagi ishchilarga bosim o’tkazib, ulardan o’lpon talab qila boshlagan. Chechenlar tojiklar xizmatlari uchun olgan pullardan foiz olmoqchi bo’lganlar. Tojiklar chechenlarga qat’iyan pul berishdan bosh tortganlaridan keyin bu yerga qurollangan katta guruh kelgan", deb aytdi OAV muxbirlaridan biri. Oqibatda tojiklar va chechenlar o’rtasida "devorga devor" tarzida mushtlashuv kelib chiqqan. Chechenlarda o’q otar qurollar bo’lgan, tojiklar esa armatura, bita, belkurak va hattoki supurgilar bilan qurollanib olganlar. Dastlab, mushtlashuvda 400 dan 500 gacha odam ishtirok etgani ma’lum qilingandi, biroq rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ularning soni 200 atrofida bo’lgan. 3 kishi halok bo’lgan, yana 20 ga yaqin kishi jarohat olgan, 50 kishi maxsus vazifalarni bajaruvchi otryad tomonidan ushlangan. Keyinroq ma’lum bo’lishicha, chechenlardan uch nafari Lada Priora mashinasida polisiyadan qochayotganda yo’lda 2 kishini urib ketgan. Oqibatda jabrdiydalar halok bo’lganlar. Jinoyatchilar qo’lga olingan, ularning avtomobilidan 2 ta to’ppponcha topilgan. Dastlabki so’roqda tojiklar nima uchun chechenlar ularga bosim o’tkazishni boshlashgandan keyin biror marta polisiyaga murojaat qilmaganliklari so’ralganda, ular shikoyatlar o’rinsiz bo’lardi, deb javob berishgan, chunki jarohatlanganlardan ko’pchiligi noqonuniy muxojirlar bo’lgan.

 

      SAMSUNG EKRANDA SODIR BO’LAYoTGAN HODISAGA QARAB BURILUVChI TELEVIZORLAR IShLAB ChIQARADI

Amerikaning savdo markalari va patentlarni ro’yxatdan o’tkazish byurosi Samsung kompaniyasining patent uchun arizasini chop etdi. Arizada o’yin jarayonlarini ko’proq qamrab olishga mo’ljallangan televizorni ishlab chiqarish qayd etilgan. Hujjatda televizor ekrandagi tezlik va obyekt harakatining yo’nalishini boshqarishga qodirligi qo’rsatib o’tilgan. Ma’lumotlarga ko’ra, ekran film yoki o’yindan yaxshiroq taassurot olish uchun o’z egriligini o’zgartira oladi. Bunday texnologiyalarga poygali videoo’yinlar eng yaxshi misol bo’la oladi.

 

      NASA MERKURIYNING BATAFSIL XARITASINI NAMOYISh ETDI

Amerikaning fazoviy agentligi NASA Quyosh tizimidagi birinchi sayyora Merkuriyning batafsil topografik xaritasi va shimoliy qutbiga oid yuqori sifatli xaritani namoyish qildi. NASA tomonidan taqdim etilgan animasion xaritada sayyoraning eng yuqori nuqtalari mallarang bilan bo’yalgan, quyiroq hududlari esa qizil va sariq rangda. Pasttekisliklar ko’k va binafsharangga bo’yalgan. Sayyoraning eng yuqori nuqtasi 4,48 kilometrni tashkil etib, ekvatordan janubda joylashgan. Eng chuqur nuqtasi esa Raxmaninov havzasida joylashgan bo’lib, chuqurligi 5,38 kilometrdan iborat. Yangi xarita Merkuriy relyefining xususiyatlarini to’liq ko’rish imkonini beradi. Uni ishlab chiqishda MESSENGER (MErcury Surface, Space ENvironment, GEochemistry, and Ranging) avtomatik stansiyasi ma’lumotlaridan foydalanilgan. Yangi xarita uskunaning salkam 100 ming suratini birlashtirish bilan hosil qilingan. Mendelson havzasidagi shimoliy qutb suratida ulkan krater zarbasini ko’rish mumkin. Uning diametri 291 kilometrni tashkil etadi. U lava bilan to’lgani ehtimol. Umuman, MESSENGERning aniqlik kiritishicha, avvallari sayyoraning shimoliy qismi butunlay lava bilan qoplangan bo’lgan. Uning maydoni AQSh hududining 60 foizini tashkil etadi. Stansiya 4 yil davomida Merkuriy yuzasini, ekvator va shimoliy qutb tumanlarini batafsil o’rgangan. MESSENGERning sayyora atrofidagi trayektoriyasi kuchli cho’zilgani sabab, uning janubiy qutbini o’rganishning imkoni bo’lmagan. Umuman, MESSENGER Yerga 10 terabayt ma’lumotlarni yuborgan, ularning orasida 300 ming tasvir ham bor.

MESSENGER 2004 yil 3 avgust kuni Kanaveral burni kosmodromidan Delta II vositasida fazoga olib chiqilgan edi. Qurilma Merkuriy orbitasiga 2011 yil 18 martida yetib borgandi. MESSENGER 7,9 milliard kilometrni ortda qoldirish uchun Quyosh atrofida 15 marta aylanishiga to’g’ri kelgan. Shu bilan birga, Merkuriy atrofida 3marta, Venera atrofida 2 va bir marta Yer atrofida aylangan. Apparat 2015 yil aprelida ishini to’xtatgan. Merkuriy — Quyosh tizimining eng mitti va yengil sayyorasidir. U Yerdan deyarli 20 marta yengilroq. Ammo o’rtacha zichligi Yerniki kabidir. Sayyorada bir yil Yerning 88 kuniga teng. Uning yo’ldoshlari yo’q.

 

      YaPONIYaNING DAVLAT QARZI HAR BIR FUQARO BOShIGA 76 MING DOLLARDAN TO’G’RI KELADI  

7 yildan buyon birinchi marta Yaponiyaning davlat qarzi qisqardi. Bu miqdor 2015 yilgi moliviy yil yakuniga ko’ra (2016 yil mart oyida yakunlangan), 1049 trillion iyenni (taxminan 9,67 trillion dollar) tashkil etdi. Vazirlik ma’lumotiga ko’ra, har bir yaponiyalikka 8,26 million iyendan (taxminan 76 ming dollar) davlat qarzi to’g’ri keladi. Avvalgi moliyaviy yilda Yaponiyaning davlat qarzi 1053 trillion iyendan (taxminan 9,7 trillion dollar) iborat bo’lgan. Ushbu yilda davlat qarzi ko’rsatkichi pasayganiga qaramasdan, mamlakatning davlat qarzi Yaponiya ichki yalpi mahsulot hajmidan deyarli ikki barobar ortiq. Bu yettilik mamlakatlari orasida eng baland ko’rsatkich hisoblanadi. Hukumat statistikasi bo’yicha, Yaponiya aholisi soni 127,1 million kishini tashkil etadi. 2014 yilning mart oyi yakuniga ko’ra, mamlakat aholisi jami kapitali 1707,5 trillion iyendan (deyarli 15,7 trillion dollar) iborat bo’ldi. Bu mablag’ning yarmidan ortig’i banklardagi naqd pul hissasiga to’g’ri keladi.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      FAXRIM, ZIYo MASKANIM – MILLIY UNIVERSITET  

12 may – Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti tashkil topgan kun! Shu qutlug’ sana munosabati bilan universitet Madaniyat saroyida “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” deb nomlangan katta anjuman bo’lib o’tdi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida ta’lim sohasiga bo’lgan e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarilgani, muhtaram Yurtboshimizning “Yoshlik” Talabalar shaharchasiga, Milliy univeritetimizga bir necha bor tashrif buyurib, bu maskanda ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishiga bosh-qosh bo’lganlari barchamizga g’urur baxsh etadi.

Aytish joizki, bu universitet 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan. U 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923-1960 yillarda O’rta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent Davlat universiteti deb atalgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug’bek nomini berish to’g’risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug’bek (Muhammad Tarag’ay Ulug’bek) nomi berilgan. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O’zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to’g’risida”gi Farmoni bilan bu o’quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo’lgan va u Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.

Milliy universitet xodimlari, talabalari, professor-o’qituvchilari bugun bu oliy ta’lim dargohi bilan haqli ravishda faxrlanadilar. Salkam bir asr davomida minglab ahli ilm darg’alarini tarbiya etib kelayotgan, nafaqat O’zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda ta’lim dargohlarining shakllanishiga asos bo’lgan O’zMU shu davr orasida ilm-fanning turli sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Xorijda ham tan olindi. Matematika, kimyo, fizika, geografiya va geologiya, biologiya, tarix, o’zbek tilshunosligi kabi o’nlab fanlar bo’yicha ilmiy maktablar shakllantirildi. Xalq xo’jaligining turli sohalari uchun o’n minglab malakali mutaxassislar, ilm-fan, madaniyat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Markaziy Osiyodagi o’nlab ilmiy tashkilotlar, Fanlar akademiyalari, oliy o’quv yurtlarining shakllanishida universitet asos bo’lib xizmat qildi. Buning zamirida, albatta, tinimsiz mehnat va izlanish yotadi.

Ayni paytda universitetimiz 11 ta fakultetida 66 ta kafedra faoliyat ko’rsatmoqda. Shuningdek, 2 ta ilmiy tadqiqot institutlari, 1 ta ilmiy-tadqiqot markazi, 1 ta ilmiy markaz, 4 ta o’quv-ilmiy kompleks, 18 ta laboratoriya (Funksional polimerlar kimyosi, Makrosiklik birikmalar kimyosi, Tabiiy birikmalar kimyosi, Polimerlar kimyosi, Kukunsimon polimer materiallar, Membranalar biofizikasi, Stratigrafiya va cho’kindi jinslar litologiyasi, Magmatizm va geodinamika, Paxta genetikasi, Biotexnologiya, Eksperimental va tatbiqiy geofizika, Filtrasiya, Sosiologik tadqiqotlar, Kompyuter lingvistikasi, Fizik-ximik metodlar) hamda ilmiy maktablar faoliyati samarali davom etmoqda.

Ayni paytda universitetimizda 3 ta TEMPUS, 2 ta Erasmus Mundus, 2 ta ilmiy hamda 2 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida ko’plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda universitetimiz olimlari Yevropa komissiyasining yangi Erasmus+ loyihalari tanlovida qatnashib 3 ta (2 tasi milliy, 1 tasi mintaqaviy) loyihani qo’lga kiritdi.

Milliy universitetda xalqaro talablarga mos fundamental tadqiqotlar olib borish, nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ilm-fan va ta’lim sohasida manfaatli hamkorlikni yo’lga qo’yish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda universitetimiz professor-o’qituvchilari Yaponiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Hindiston, Italiya, Turkiya, Isroil va Malayziya kabi dunyoning 35 ta davlatidan 71 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy fondlar bilan hamkorlik qilmoqda.

Dunyo bilan bo’ylashayotgan universitetimiz qator memonrandumlar asosida AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstriya, Polsha, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarning nomdor oliy ta’lim muassasalari bilan talaba, magistrantlar almashinuvi bo’yicha dasturlar, hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Milliy universitetimizning qator fakultetlaridan talaba, doktorant, ilmiy xodim va professor-o’qituvchilari xorijiy mamlakatlarda o’qimoqda, malaka oshirmoqda, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda va ilmiy amaliy anjumanlarda ishtirok etmoqda. Xalqaro akademik va ilmiy sohadagi fondlar va tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

Milliy universitetimizda bu yil Til markazi tashkil etildi. Mazkur markazda talabalar-u tadqiqotchilardan tortib pedagog xodimlarigacha ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy va boshqa tillarni mukammal o’rganish imkoniyatiga ega bo’ladilar. Shu bilan bir qatorda o’zbek tilini o’rganish ishtiyoqida bo’lgan xorijliklar va boshqa millat vakillari ham bu maskanda mukammal saboq olishlari mumkin.

 

      PREZIDENT ASARLARI BILIMDONLARI TAQDIRLANDI

O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti hamkorligida o’tkazilgan “Prezident asarlari bilimdoni” mavzuidagi esselar tanlovi g’oliblari taqdirlandi. Unda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Toshkent shahar kengashi faollari, “Ayollar qanoti” yetakchilari, oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi.

O’zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari S.Otamurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov asarlari yoshlarning bilim va tafakkurini boyitadigan, dunyoqarashini kengaytiradigan, vatanparvarlik hissini kuchaytiradigan ulkan ma’naviy boylik ekanini ta’kidladi. Tanlovda ishtirok etish asnosida yoshlar mustaqillikka erishish yo’lidagi kurashlar, uni har tomonlama mustahkamlash va mamlakatimizni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar tarixi va ahamiyatini tushunib yetmoqda. O’z mustaqil fikriga, fuqarolik pozisiyasiga ega bo’lib ulg’aymoqda.

An’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan “Prezident asarlari bilimdoni” esselar tanloviga yoshlarning qiziqishi yildan-yilga ortib borayotir. Bu yilgi tanlovning Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida 1 ming 300 dan ziyod kitobsevar yosh ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Ular Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “O’zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” asarlaridan olgan taassurotlari haqida esselar yozdi. Tanlovda har bir hududdan g’olib bo’lgan yoshlar taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi notiq”, “Eng yaxshi ijodiy yondashuv uchun”, “Eng faol ishtirokchi” kabi nominasiyalarda g’olib bo’lgan yigit-qizlarga esdalik sovg’alari hamda diplomlar topshirildi. 

 

      SAN’ATKOR BILAN UChRAShUV

Yosh avlodning ma’nan yetuk bo’lib kamol topishida san’atning o’rni beqiyos.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” shiori ostida davom etayotgan talaba-yoshlar festivali doirasida O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ra’no Yarasheva bilan “Kim edigu kim bo’ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” mavzusida ijodiy uchrashuv o’tkazildi.

– Bugungi kunda talaba-yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalash, ular ongi va qalbini mafkuraviy tahdidlaridan himoya qilish, ularda g’oyaviy immunitet va faol fuqarolik pozisiyasini shakllantirish dolzarb masalaga aylanganini ortiqcha izohlashga hojat yo’q,– dedi Milliy universitet prorektori Davlatboy Jumaboyev tadbirni kirish so’zi bilan ochar ekan.– Bu ijodiy uchrashuv ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Taniqli aktyor Ra’no Yarasheva mamlakatimizda san’atga berilayotgan e’tibor soha xodimlariga tuganmas ilhom baxsh etayotgani, ayni paytda ular zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklayotganini ta’kidladi. U san’at sohasiga kirib kelishi va bu borada erishgan yutuqlari haqida so’zlar ekan, bugungi kunda yurtimizda yosh iste’dod sohiblariga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini izohlab berdi.

– “Kim edigu kim bo’ldik, ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz kerak?” degan so’zlar zamirida olamcha ma’no mujassam,– dedi san’atkor.– Yurtimiz istiqloli xalqimizning farovon turmush kechirishiga beqiyos zamin yaratgan, shu bilan bir qatorda yosh avlodning har tomonlama barkamol, yurt ravnaqiga munosib hissa qo’sha oladigan yetuk insonlar bo’lib ulg’ayishi uchun keng imkoniyatlarni yaratayotganini teran nigoh bilan anglamoq lozim.

Jonli muloqot tarzida o’tgan ijodiy uchrashuvda talaba-yoshlar o’zlarini qiziqtirgan ko’plab savollariga javoblar oldilar.

 

      KINOAKTYoRLAR TALABALAR DAVRASIDA

Kinomuxlislar qalbidan joy olayotgan aktyorlar bilan ijodiy uchrashuvlar barchaga olam-olam zavq bag’ishlaydi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bunday uchrashuv va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar talabalarda katta qiziqish uyg’otmoqda. Yaqinda “Faxrim, ziyo maskanim – Milliy universitet” shiori ostida o’tkazilgan talaba-yoshlar festivali doirasida bir guruh taniqli kinoaktrisalar bilan davra suhbati ham juda hayajonli bo’ldi.

O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev, Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov va boshqalar yurtimiz mustaqilligi yillarida yaratilgan qator filmlar yoshlar dunyoqarashini munosib shakllantirishga xizmat qilayotganini, ularni “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan asrashda milliy kino san’atimiz g’oyat muhim o’rin tutishini alohida ta’kidladilar.

Ko’psonli muxlislari qalbidan joy olayotgan kinoaktrisalar Gulxumor Abdullayeva, So’g’diyona Azimova va Sitora Olimjonova yangi-yangi filmlar yaratish yo’lida amalga oshirayotgan ishlari, bu borada erishilgan yutuqlari va yechimini kutayotgan muammolar haqida so’zlab berdilar. Hayajonli o’tgan davra suhbatida talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.