O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 37-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (16-21 may kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 37-16

“AXBOROT SOATLARI” № 37-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (16-21 may kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 37-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (16-21 may kunlari)

TOSHKENT

O’zMU – 2016

 

 

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

TOSHKENTDA KOREYA RESPUBLIKASI BOSH VAZIRI BILAN RASMIY UCHRASHUV TASHKIL ETILDI

20 may kuni Toshkent shahrida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An bilan rasmiy uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuvda O’zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligining bugungi holati va istiqboliga oid keng ko’lamli masalalar muhokama qilindi. Tomonlar o’zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, muzokaralarda ikki mamlakat o’rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib, o’zaro hamkorlik ko’lami barcha sohalarda kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An Janubiy Koreyada O’zbekiston bilan munosabatlarni kengaytirishga ustuvor yo’nalish sifatida qaralishini alohida qayd etdi.

Shu kuni O’zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bosh vazirlari Toshkentda Koreys madaniyati va san’ati uyi qurilishi ishlarining boshlanishiga bag’ishlangan marosimda ishtirok etdi.

Mazkur dargoh mamlakatlar o’rtasidagi hamkorlik aloqalari va o’zaro do’stona rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ko’zda tutilgan. 2017 yilda qurib bitkazilishi mo’ljallanayotgan Koreys madaniyati va san’ati uyi koreys xalqining boy madaniyati va o’ziga xos san’ati, urf-odatlari va an’analarini saqlash va targ’ib qilish uchun qulay zamin yaratadi.

– Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Toshkentda Koreys madaniyati va san’ati uyi barpo etilishi mamlakatingizda koreys millatiga mansub fuqarolarga ko’rsatilayotgan yuksak e’tibor va g’amxo’rlikning yorqin ifodasidir, – dedi Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo An.

Rasmiy tashrif chog’ida Xvan Gyo An Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo’lib, Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi noyob eksponatlar bilan tanishdi.

 

21 MAY KUNI USTYURT GAZ-KIMYO MAJMUASI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

O’zbekiston va Koreya Respublikasi bosh vazirlari Shavkat Mirziyoyev hamda Hvan Gyo An 21 may kuni Qoraqalpog’istondagi Surg’il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi yakunlanishi va uning ishga tushirilishiga bag’ishlangan marosimda ishtirok etdi. Ustyurtdagi marosimda so’zga chiqar ekan, O’zbekiston va Janubiy Koreya hukumatlari rahbarlari gaz-kimyo majmuasining muvaffaqiyatli ishga tushirilishini ikki mamlakat hamkorligida muhim bosqich deb atadi, qayd etdi Yonhap agentligi. «Loyiha o’zida hamkorlikning yangi modelini taqdim etib, xom ashyo resurslarini eksport qilishdan birgalikda ishlab chiqarish va tashqi bozorga yuqori qo’shimcha qiymatli mahsulotlarni yetkazib berishni ko’zda tutadi», — dedi Janubiy Koreya bosh vaziri.

Umumiy qiymati 4 milliard dollarlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz distillyati va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Qurilishi 2012 yilda boshlangan Ustyurt gaz-kimyo majmuasida gazni taqsimlaydigan, etilen, polietilen, polipropilen ishlab chiqaradigan va energiya manbalari bilan ta’minlaydigan jami beshta zavod, shuningdek, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilgan. Ular dunyodagi eng zamonaviy yuqori texnologiyalar bilan ta’minlangan, eng so’nggi rusumdagi uskunalar o’rnatilgan. Majmuada 1300 ga yaqin mutaxassis faoliyat ko’rsatmoqda.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasida mahsulot ishlab chiqarish jarayoni sinov tariqasida o’tgan yili boshlangan edi. 2015 yilda 54,9 ming tonnadan ziyod suyultirilgan uglevodorod gazi, 34 ming tonnadan ortiq gaz kondensati ishlab chiqarildi. Magistral gaz quvurlariga 1,8 milliard kub metrdan ortiq etan va gaz, «O’zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati energiya tizimiga 87,5 ming megavattdan ziyod elektr energiyasi yetkazib berildi. Ayni paytda piroliz distillyati Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga benzin tayyorlash uchun yuborilmoqda. Polietilen va polipropilen qator xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Shu kunga qadar qariyb 150 million dollarlik 186 ming tonnadan ortiq polietilen va polipropilen Markaziy va Sharqiy Osiyo, MDH va Yevropa mamlakatlariga jo’natildi. Ma’lumotlarga ko’ra, 2020 yilga borib polietilen ishlab chiqarish hajmi 4,1 barobar oshadi.

 

“UNIVERSIADA – 2016” SPORT MUSOBAQALARINING FINAL BOSQICHI 26 MAY KUNI START OLADI

2016 yil 26-29 may kunlari Farg’ona shahrida oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida – “Universiada – 2016” musobaqalarning final bosqichi bo’lib o’tadi. Unda Toshkent shahri, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlardan jamoalar sportning 15 ta turi bo’yicha bellashadi. Prezidentimiz Islom Karimov aytganlaridek, yurtimizda shakllangan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o’yinlarini o’z ichiga olgan uch bosqichli noyob tizimning bamisoli qudratli to’lqinga aylanib million-million bolalarimizni o’z safiga qamrab olayotgani, ularning ham jismoniy, ham ma’naviy sog’lom bo’lib ulg’ayishi uchun xizmat qilmoqda. Ayniqsa, bu tizimning yuqori bosqichi bo’lgan Universiada musobaqalari yoshlarimiz uchun tom ma’noda chiniqish va kamolot maktabiga aylangani e’tiborlidir.

Universiada o’yinlari 2000 yili Namangan viloyatida, 2002 yili Buxoro, 2004 yili Samarqand, 2007 yili Toshkent shahrida, 2010 yili Andijon, 2013 yili Buxoro viloyatida o’tkazildi. Dastlab Universiada musobaqalari 9 ta sport turi bo’yicha tashkil etilgan bo’lsa, bugungi kunga kelib sport turlari 15 taga yetdi. Bular sportning basketbol, voleybol, erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyu-do, taekvondo, yengil atletika, og’ir atletika, tennis, stol tennisi, futbol, gandbol, shaxmat, suzish va boks turlaridir. Joriy yilda Farg’onada yettinchi marotaba o’tkazilayotgan talabalar o’rtasidagi musobaqa tom ma’noda go’zallik va sport bayramiga aylandi. Sport musobaqalarida 1068 nafar sportchi va murabbiylar, 155 nafar hakamlar hamda yurtimizning mashhur sportchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashishi rejalashtirilgan. Sport musobaqalari 12 ta sport inshootlarida o’tkaziladi.

Ma’lumki, sport musobaqalari ochilishida yoqiladigan mash’ala Parkent tumanidagi Quyosh inshooti tabiiy nur quvvati bilan yoqiladi. Ayni kunlarda Universiada mash’alasi Parkentdan Farg’ona shahrigacha keladigan yo’l xaritasi tuzildi. Mash’ala marshruti masofasi 364,5 km bo’lib, shundan 338,5 km avtomobil va 26 km sportchilar estafetasi tashkil etadi. Toshkent, Namangan, Andijon viloyatlari va Farg’ona viloyati hududlarida mash’ala sharafiga keng jamoatchilik ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o’tkaziladi. Mash’alani eltadiganlar orasida sportchi yoshlar bilan bir qatorda Farg’onaning Dang’ara tumani, Qo’qon shahri, Uchko’prik, Bag’dod, Rishton, Oltiariq tumanlarida yashovchi taniqli insonlar, sport va mehnat faxriylari ham bor. Ko’ngillilar mash’ala o’tadigan ko’chalardagi aholini bu haqda xabardor qildilar.

Mamlakatimizda joriy etilgan uch bosqichli sport musobaqalarida qatnashib, keyinchalik xalqaro maydonlarda o’zini ko’rsatgan sportchilardan dzyudo bo’yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin hamda London Olimpia o’yinlari sovrindori Rishod Sobirov, jahon chempionati sovrindori Dilshod Choriyev, o’zbek sportchi qizlari orasida birinchi xalqaro grossmeyster Nafisa Mo’minova, Osiyo o’yinlari sovrindori, Xalqaro shaxmat federasiyasi ustasi Nodira Nodirjonova, belbog’li kurash bo’yicha uch karra jahon chempioni Rustam Umarov, yengil atletika bo’yicha yoshlar o’rtasida jahon chempioni Svetlana Radzivil, Osiyo o’yinlari g’olibasi Yuliya Tarasova, suzish bo’yicha ko’plab rekordlar sohibasi Rano Amonova, Yulduz Qo’chqorova, badiiy gimnastika bo’yicha o’smirlar o’rtasida xalqaro musobaqa g’olibasi Aziza Mamajonovalar bugun yoshlarimizning faxriga aylanishgan.

 

AMERIKA-O’ZBEKISTON HAMKORLIKDA SINTETIK YOQILG’I ISHLAB CHIQARADI

Amerikaning Jackco Technology Group kompaniyasi O’zbekistonda ko’mirdan sintetik syultirilgan yoqilg’i ishlab chiqarish bo’yicha loyihalarni tayyorlashda ishtirok etadi. Hujjat “O’zbekiston neft va gazi: OGU-2016” Xalqaro 20-forumi doirasida imzolandi. Eslatib o’tamiz, ko’rgazma Toshkentda 18-20 may kunlari bo’lib o’tmoqda. Manbaga ko’ra, ushbu loyiha yiliga 200 ming tonnagacha neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko’zda tutadi. 2012-2013 yillarda O’zbekiston Toshkent viloyati “Apartak” buroko’mir kesmasida 700 million dollar qiymatli CTL zavodi qurilishi ustida ishlashni boshlagandi. Reja bo’yicha, zavod yiliga 2,2 million tonna ko’mirni qayta ishlashi va 700 ming tonnagacha dizel yoqilg’isini ishlab chiqarishi nazarda tutilgan. Biroq qazib olish joyida zarur miqdordagi ko’mir bo’lmaganligi sababli keng miqyosdagi loyiha bekor qilingan edi. O’zbekiston ko’mir sohasini modernizasiya qilish hamda 2021 yilga kelib ko’mir qazib olishni 17,2 million tonnagacha oshirishni maqsad qilgan (2012 yil yakuniga ko’ra, 3,85 million tonna). Neft-gaz sohasining qator ekspertlari fikriga ko’ra, so’nggi sakkiz yil davomida uglevodorodlar qazib olish mo’tadil tizimda kamaygani evaziga O’zbekiston qo’shimcha manbalardan yoqilg’i qazib olish uchun qidiruvni kuchaytirdi.

 

TOSHKENTDA YANGILANGAN CHEVROLET CAPTIVA NAMOYISH ETILDI

“O’zavtosanoat” aksionerlik kompaniyasi Toshkent mexanika zavodi maydonida GM Uzbekistan tomonidan ishlab chiqilgan Chevrolet Captiva krossoverining qayta dizayn qilingan versiyasini birinchi marta namoyish etdi. Ushbu model shu kunlarda mashinasozlik, avtomobil hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari majmuasi bo’yicha Toshkentda bo’lib o’tayotgan sanoat yarmarkasi doirasida taqdim etildi. Bu model O’zbekistonda 2007 yil oktyabr oyidan boshlab ishlab chiqariladi. O’tgan yillar davomida u ikki marta o’zgarishga yuz tutdi – uchinchi o’zgarish esa uni xalqaro bozor namunalari darajasiga olib chiqadi. Asosan mashinaning tashqi eksteryeri o’zgardi – endi u ko’proq sport mashinasiga o’xshaydi. Kuzovning old qismiga muhim o’zgarish kiritilgan. Avto interyeri ham zamonaviy yangiliklardan bebahra qolmadi. Uch spisali audiotizim boshqaruv modulli rul chambaragi haydovchilarga ma’qul kelishi aniq.

 

ITALIYaNING NEFT-GAZ VA ENERGETIKA SOHASI VAKILLARINI O’ZBEKISTON BOZORI QIZIQTIRMOQDA

“O’zekspomarkaz”da “O’zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko’rgazmasi ochildi. Mazkur nufuzli forum “O’zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, O’zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “ITE Uzbekistan” xalqaro ko’rgazmalar kompaniyasi va “ITE” kompaniyalar guruhi hamkorligida tashkil etildi. Yigirmanchi bor o’tkazilayotgan mazkur xalqaro forumda O’zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveysariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog’iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o’z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

 

O’ZBEKISTON VA XITOY STRATEGIK HAMKORLIKNING ASOSIY YO’NALISHLARINI KENGAYTIRISHGA KELISHIB OLDI

Xitoy tijorat vaziri Gao Xuchen, O’zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investisiyalar va savdo vaziri Elyor G’aniyev bilan uchrashuvida qayd etishicha, Xitoy davlati 3 yildirki, O’zbekistonning ikkinchi savdo hamkori va respublikaga kiritgan sarmoyalari hajmi bo’yicha birinchi bo’lib kelmoqda. Ikki davlat vazirlari o’rtasidagi uchrashuv 2016 yil 3 may kunida bo’lib o’tgan edi. "2013 yildan e’tiboran, ikki davlat rahbarlari o’zaro tashriflar va ko’plab uchrashuvlar o’tkazib, Xitoy va O’zbekiston strategik hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishdi", - degan Gao Xuchen.

Bugungi kunda, turli sohalarda o’zaro ishonch kayfiyati hukm surmoqda. Tomonlar «Buyuk ipak yo’li iqtisodiy belbog’i»ni barpo etishda samarali hamkorlik qilmoqda. Ushbu dastur doirasida, Xitoy tomoni mamlakatlar o’rtasida ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni faol rivojlantirishni xohlamoqda. Bundan tashqari, davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari chog’ida erishilgan bitimlarni ijro etish va yangi sohalarda munosabatlarni yo’lga qo’yish, mavjudlarini yanada taraqqiy ettirish turtki berish niyatida.

 

"O’ZBEKNEFTGAZ" VA "LUKOYL" 2015-2019 YILLAR MOBAYNIDA 54 TA INVESTISIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRADI

O’zekspomarkazda "O’zbekiston neft va gazi -OGU-2016" nomli yigirmanchi xalqaro ko’rgazmasi doirasida "O’zbekistonning neft sohasi: texnologiyalar, investisiyalar va taraqqiyot" xalqaro konferensiyasi bo’lib o’tdi. "O’zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasining "ITE Uzbekistan" va "ITE" kompaniyalari guruhi bilan hamkorlikda tashkil etgan forumida deyarli o’ttizta mamlakatdan tashrif buyurgan to’rt yuzdan ortiq olim va mutaxassis ishtirok etishdi.

O’zbekiston uglevodorodlarning katta zahirasiga ega. Neft-gaz sanoatida yangi binolarning qurilishi, joriy korxonalarni rekonstruksiya va modernizasiya qilish dinamik suratda davom etmoqda. Yetakchi dunyo investorlari ishtirokida o’nlab yuksak texnologiyali loyihalar amalga oshirilmoqda. "O’zbekneftgaz" bir necha yil mobaynida "Lukoyl", "Gazprom", "Petromaruz" (Rossiya), "KNOC", "Kogas", "Lotte Chemical" (Koreya Respublikasi), CNODC (Xitoy), "PetroVietnam" (Vyetnam), "Sasol" (Janubiy Afrika Respublikasi) kabi ilg’or kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. "O’zbekneftgaz" MXK korxonasi Fanlar akademiyasi institutlari hamda mamlakatimizdagi oliy o’quv yurtlari bilan hamkorlikda yangi texnologiyalarni joriy etish bo’yicha ko’plab loyihalarni amalga oshirmoqda. 2015-2019 yillar davomida "O’zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi bilan hamkorlikda 54 ta investisiya loyihasini amalga oshirish ko’zda tutilgan. Joriy yilda 20,6 milliard dollarlik yana 38 ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

 

JANUBIY KOREYALIK INVESTORLAR O’ZBEK BANKLARI

HISSASINI XARID QILADI

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2016 yil 16 mayida «Koreya Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, investision va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjatni qabul qilishdan ko’zlangan bosh maqsad, istiqbolli investision loyihalarni o’z vaqtida va samarali hayotga tatbiq etish hamda yetakchi koreys kompaniyalarini o’zbek aksionerlik kompaniyalariga jalb etishni kengaytirishdir. Qarorda qayd etilishicha, joriy yil 27-29 aprel kunlari Seul shahrida bo’lib o’tgan o’zbek-koreys biznes-forumida istiqbolli sarmoyaviy loyihalar ishlab chiqish va Respublika aksionerlik jamiyatlaridagi davlat va xo’jalik boshqarmalari ulushlarini Koreya sarmoyadorlariga sotish bo’yicha kelishuvlarga erishilgan. Xususan, forumda "O’zsanoatqurilishbank" (63,6 mln dollar qiymatidagi 15 foiz aksiyalari), Asakabank (58 mln dollarlik 15 foiz aksiyasi) va Aloqabankning (42,7 mln dollar qiymatidagi 47,54 foizlik) qimmatbaho qog’ozlarini Koreyaning yirik kompaniyalariga sotish bo’yicha memorandum va protokollar imzolangan edi. Bundan tashqari, janubiy koreyalik sarmoyadorlar "Ravnaqbank"ning 0,5 mln dollarlik 15 foiz aksiyasini ham xarid qiladi.

 

ANGRENDA MOTOR MOYLARI ISHLAB CHIQARILADIGAN

YANGI ZAVOD ISHGA TUSHIRILDI

“OGU-2016” ko’rgazmasida ishtirok etish uchun O’zbekistonga tashrif buyurgan Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov va O’zbekiston hukumati vakili, bosh vazir o’rinbosari G’ulomjon Ibragimov ishtirokida bugun Toshkentda video-anjuman tartibida, “Uz-Prista Recycling” nomli O’zbekiston-Bolgariya qo’shma korxonasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. “Angren” maxsus industrial zonasida barpo etilgan mazkur korxona motor, tishli g’ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari va bitum ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Zavod yiliga 43 ming tonna ishlatilgan texnik moyni qayta ishlash orqali 30 ming tonnagacha moy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotning qariyb 40 foizi eksportga mo’ljallanmoqda. Loyihaga kiritilgan sarmoya — 30 million dollarni tashkil qildi. Korxona ochilish marosimida so’zga chiqqan Bolgariya bosh vaziri Boyko Borisov, O’zbekiston bilan hamkorlik va ushbu loyiha Bolgariya va Markaziy Osiyo o’rtasida o’ziga xos ko’prik bo’lishini ta’kidladi.

"Yaqin yillarda ushbu mintaqa bilan jadal hamkorlikni yo’lga qo’yish harakatidamiz, shu jumladan, mana shunday texnologik loyihalar evaziga ham. Yangi zavodda 100dan ortiq yangi ish o’rinlari yaratilgan. Umid qilamanki, bu ikki davlat hamkorligida ishga tushirilgan oxirgi loyiha bo’lib qolmaydi", — deb ta’kidladi Borisov. “O’zbekiston neft va gazi – OGU-2016” yigirmanchi xalqaro ko’rgazmasida O’zbekiston, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Singapur, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Chexiya, Norvegiya, Avstriya, Shveysariya, Rossiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Turkiya, Qozog’iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Umon, Indoneziya, Malta kabi davlatlardan 200 dan ortiq kompaniya o’z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

 

II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

STENFORD UNIVERSITETI BITIRUVCHILARI QO’LDA YOZILGAN MISOLLARNING YECHIMINI TOPUVCHI BEPUL ILOVA YARATISHDI

Nyu-Yorkning Mathpix kompaniyasi iOS uchun  qo’lda yozilgan tenglamalarning yechimini topuvchi va ularning grafigini tuzuvchi bepul ilova yaratishdi. Bu dasturga Motherboard portali diqqat qaratdi. Ishlab chiqaruvchilarning so’zlariga ko’ra, Mathpix - smartfon kamerasi yordamida qog’ozda yozilgan aksariyat matematik misollarning yechimini topa oluvchi ilk ilova. Barcha hisob-kitoblar Mathpix serverlarida amalga oshiriladi, shuning uchun sun’iy intellekt foydalanuvchilar ma’lumotlari asosida doimiy tarzda mukammallashib boradi. Murakkab masalalarni tahlil qilishda tizim hattoki matematik harakatlar ketma-ketligini ko’rsatib beradi, oddiy tenglamalarda esa biryo’la so’nggi javobni chiqaradi. "Matematik hisob-kitoblarni kompyuterga kiritish juda qiyin, shuning uchun men bu masalani yengillashtirishga qaror qildim. Nikolas Ximenes, Mathpix ilg’or ishlab chiqaruvchi". Tekshiruv paytida TJ dastur kasr va integralli matnni hyech qanday muammosiz topishga muvaffaq bo’ldi, biroq tenglama tizimini yecha olmadi. Mathpix mualliflari ishontirishlariga qaramasdan, ular yaratgan yangi ilovaning analogi mavjud - masalan, 2014 yilda chiqqan Photomath dasturi. Biroq u tashqi serverlarni qo’llamay ishlagan va ko’pincha masalalarni topish va yechishda xatolarga yo’l qo’ygan, shuningdek pulli funksiyalari ham bo’lgan.

 

PUTIN ROSSIYA TASHQI QARZINI DUNYODAGI

ENG PAST KO’RSATKICHLARDAN EKANINI BILDIRDI

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumat tomonidan inqirozga qarshi ko’rilgan chora-tadbirlar evaziga mamlakat tashqi qarzlari dunyo bo’yicha eng past ko’rsatkichlarni saqlab qolganini e’lon qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar qildi. “Alohida ta’kidlayman, bizning iqtisodiyotimiz salbiy tashqi kon’yunktura sharoitlarida o’z barqarorligini isbotladi. Shu munosabat bilan Rossiya Federasiyasi hukumatining inqirozga qarshi chora-tadbirlari iqtisodiyot asosiy sektorining qo’llab-quvvatlanishi hamda moliya bozorining barqarorligini ta’minladi. Ishsizlik darajasining past – 6 foizdan kam ko’rsatkichi, tashqi qarzning mo’tadil hajmi – jahon bo’yicha eng kam tashqi qarzlardan biri va savdo balansining profisiti saqlab qolindi – 2015 yilda 160 milliard dollar”, - ma’lum qildi prezident.

 

POLSHA PREZIDENTI NATO QO’SHINLARINI JOYLASHTIRISHNI SODDALASHTIRUVCHI QONUNNI IMZOLADI

Polsha prezidenti Anjey Duda Polshada xorijiy qo’shinlar, xususan NATOning o’ta tez javob beruvchi kuchlarining joylashishini tartibga soluvchi qonunni imzoladi. Bu haqda Dudaning matbuot xizmati ma’lum qildi. Qonun bilan "xorijiy qo’shinlar Polsha hududida tinchlik vaqtida o’quv mashg’ulotlaridan farq qiluvchi harbiy operasiyalarni o’tkaza olishiga imkon beradigan" yangi qonun me’yorlari kiritiladi. "Amaliyotda ular bizning mamlakatga zarur bo’lganda Polsha hududida yoki havo kengligida bartaraf etish yoki bostirib turish yoki tez javob berish kuchlaridan foydalanishda ko’mak ko’rsatishi mumkin", deb xabar bergandi avvalroq qonun loyihasini tayyorlagan hukumat matbuot xizmati. Loyihaga ko’ra, Polshada xorijiy qo’shinlarning bo’lishiga prezident bosh vazir ruxsat bergandan keyin mudofaa vaziri talabi bilan rozilik bildiradi. Bunda ittifoqdosh kuchlar Polsha armiyasi kabi huquq va imkoniyatlarga ega bo’ladilar. "Yangi me’yorlarning kiritilishi Polsha bilan qo’shni hamda Markaziy va Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlarida xavfsizlik darajasining yomonlashishi sababli zarur. O’zgarayotgan geosiyosiy vaziyat Polsha qurolli kuchlarining NATO tomonidan zudlik bilan qo’llab-quvvatlanishini talab qilishi mumkin", deb hisoblamoqda mamlakat hukumati.

 

AQSH HARBIY SAMOLYOTI ROSSIYA CHERAGASIGA YAQINLASHDI

AQSh harbiy samolyoti Rossiya cheragasiga yaqinlashdi. AQSh harbiy-havo kuchlarining RC-135 razvedkachi samolyoti Kaliningrad viloyati sohilbo’yiga yaqinlashdi. Buyuk Britaniya aviabazasidan havo ko’tarilgan samolyot ayni vaqtda Boltiq dengizining janubiy qismida topshiriq bajarmoqda. Ma’lum qilinishicha, samolyotni ushlash uchun Kaliningraddagi avivabazadan Su-27 samolyoti havoga ko’tarilgan. AQSh samolyoti yoqiq holdagi transponder bilan uchgan va uni radarda kuzatish mumkin bo’lgan.

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

MEN MAMLAKATIMDA TINCHLIKNI TA’MINLAYMAN

Bugungi saodatli kunlarimiz tinchlik va osoyishtalik bilan yanada totlidir.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari sektori va XDP “Yoshlik” Talabalar shaharchasi kengashi bilan hamkorlikda “Men mamlakatimda tinchlikni ta’minlayman” mavzusida o’tkazilgan davra suhbatida shu haqda atroflicha so’z yuritildi.

– Dunyoda tobora keskinlashib borayotgan qarama-qarshiliklar tinchlik va barqarorlikka nisbatan o’ta jiddiy xavf va tahdid solayotganini, bu barchamizdan ogohlik va hushyorlikni talab qilishini bugungi yoshlar ham yaxshi anglaydilar,– dedi O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Prezidentimiz Islom Karimov 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatida ta’kidlaganidek, insoniyat tarixidagi eng mudhish va beshafqat, behisob yo’qotishlarga olib kelgan urushni boshidan kechirgan xalqimiz doimo bitta fikr bilan yashaydi: bunday yovuz ofat hyech qachon qaytmasin, ostonamizga yaqin kelmasin. Bizga tinchlik kerak, omonlik kerak.

Davra suhbatida XDP Markaziy Kengashi Yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalalari sektori mudiri Umurbek Bektemirov, yuridik fanlari doktori, professor Jumanazar Xolmo’minov, XDP “Yoshlik” Talabalar shaharchasi kengashi raisi Muhabbat Abdullayeva va boshqalarning “Yoshlarni yot g’oyalar va turli qarashlar ta’siridan asrash – maqsadimiz” loyihasi dorasidagi ma’ruzalari katta qiziqish bilan tinglandi.

Talabalar bu mavzularda o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

MATEMATIKLAR OLIMPIADASI

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida matematika fani bo`yicha respublika fan olimpiadasi o`tkazildi.

Unda respublikamiz oliy ta’lim muassalaridan 24 nafar talaba ishtirok etdilar.

O`zbekiston Milliy universiteti Mexanika-matematika fakulteti 2-bosqich talabasi Hakimboy Egamberganov 1-o`rinni egalladi. 2-3-o`rinlar Samarqand va Urganch davlat universitetlari talabalariga nasib etdi.

 

MAQOLALAR TANLOVI G`OLIBI DILNOZA NISHONOVA

RESPUBLIKA BOSQICHIGA CHIQDI

Mirzo Ulig`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida “Kecha kim edig-u, bugun kim bo`ldik, ertaga qanday marralarni agallash kerak?” mavzuida maqolalar tanlovi o`tkazildi.

Unda birinchi (fakultet) bosqichida g`olib bo`lgan 12 nafar talaba ishtirok etdilar. Ular mavzuning mazmun-mohiyati to`laqonli ochib berilganli, ijodiy ishlarining grammatik jihatdan to`g`ri ekanligi, adabiyotlardan foydalanganligi, mustaqil fikrlarning aniq bildirilganligi, hayotiy misollardan foydalanligi, mavzu doirasida takliflar berilganligi bo`yicha baholandilar.

Tanlov shartlariga ko`ra Iqtisodiyot fakulteti 2-bosqich talabasi Dilnoza Nishonova, Xorijiy filologiya fakulteti 2-bosqich talabasi Nazira Q`ochqarova, Kimyo fakulteti 1-bosqich talabasi Muhammadbobur Yusubovlar 1-2-3-o`rinlarga munosib deb topildilar.

G`oliblik shohsupasini egallagan Dilnoza Nishonova iyun oyida tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.

 

KIMYOGARLAR ANJUMANI

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida kimyo fani bo’yicha yaratilgan ilmiy maktablarni dunyo olimlari tan olganlar. Bugungi kunda ham Kimyo fakultetida fanning yangi qirralari ustida ilmiy izlanishlar izchil davom ettirilmoqda. Bugun bu maskanda boshlangan “O’zbekistonda tabiiy birikmalar kimyosining rivoji va kelajagi” respublika ilmiy-amaliy anjumanida ana shunday izlanishlar o’z aksini topayotgandek.

– Mamlakatimizda kimyo sanoatini rivojlantirishda bu sohadagi ilmiy tadqiqotlarning o’rni alohida,– dedi O’zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov.– “O’zbekistonda tabiiy birikmalar kimyosining rivoji va kelajagi” mavzuiga bag’ishlangan anjumanga taqdim etilgan ilmiy maqolalarda ko’tarilgan masalalar, tadqiqotlar respublikamizda shu soha rivojiga xizmat qiladi. Bu ulug’vor yo’lda barcha olimlar va yosh tadqiqotchilarga omad tilaymiz.

Anjumanda Milliy universitet prorektori Alisher Hayitboyev, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Bioorganik kimyo instituti direktori Abbosjon To’rayev, Kimyo instituti laboratoriya mudiri Noil Sagdiyev, Namangan davlat universiteti professori Shavkat Abdullayev, Toshkent Tibbiyot akademiyasi Farg’ona filiali professori Parizod Egamberdiyeva, Kimyo fakulteti dekani Odiljon Muxtorov, Tabiiy birikmalar kimyosi kafedrasi mudiri Solihjon Mavlonov va boshqalar tabiiy birikmalar kimyosi yo’nalishida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi va galdagi vazifalar haqida so’z yuritdilar.

Konferensiyada taniqli olimlar bilan bir qatorda yosh tadqiqotchilar ham o’zaro fikr almashdilar.

 

YOSHLARNING IJTIMOIY-SIYOSIY FAOLLIGI OSHMOQDA

Dolzarb mavzudagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjuman va davra suhbatlari yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladi. Bunday yigit-qizlar ma’nan yetuk bo’lib kamolga yetadilar.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida tez-tez shunday tadbirlar o’tkazilmoqda. Navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir 4-Talabalar turar-joyida o’tkazildi. Unda barcha fakultetlar dekanlarining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosarlari, faol talabalar ishtirok etdilar.

– O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi (2016 yil 11 may) Qarori universitetimiz hayotida ulkan voqyea hisoblanadi,– dedi O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Qarorda Oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o’quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o’qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o’tkazishga keng jalb etish, shuningdek buning uchun zarur zamonaviy infratuzilma va moddiy-texnika bazasini yaratish borasida qator vazifalar belgilangan. Bu qarorni murabbiylar va talabalar teran nigoh bilan o’rganmoqdalar. Navbatdagi “Axborot soati”da shu masalaga jiddiy e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Muhimi, bu tarixiy hujjatda belgilangan vazifalarni to’laqonli amalga oshirishimiz lozim.

Tadbirda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasi, talabalar turar-joylarida amalga oshirilishi zarur bo’lgan eng muhim vazifalar haqida ham fikrlashib olindi.

 

O’ZMU TALABALARI “UNIVERSIADA – 2016”GA MUNOSIB

HOZIRLIK KO’RDILAR 

 

Talabalik – oltin davri bo’lgan yigit-qizlar uchun sport musobaqalari o’ziga xos bayramdir. Sport oilada, jamiyatda sog’lom muhit qaror topishi uchun o’ziga xos zamin bo’lib xizmat qiladi. Sport O’zbekistonning xalqaro maydondagi obro’yini yanada oshirish, nufuzini yanada yuksaltirish uchun imkoniyat yaratadi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek, “yurtimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o’yinlarini o’z ichiga olgan uch bosqichli noyob tizimning bamisoli qudratli to’lqinga aylanib, million-million bolalarimizni o’z safiga qamrab olayotgani, ularning ham jismoniy, ham ma’naviy sog’lom bo’lib ulg’ayishi uchun xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash lozim. Ayniqsa, bu tizimning yuqori bosqichi bo’lgan Universiada musobaqalari yoshlarimiz uchun tom ma’noda chiniqish va kamolot maktabiga aylangani e’tiborlidir”.

2007 yilda Toshkentda, jumladan, “Yoshlik” Talabalar shaharchasida oliy o’quv yurtlari talabalari o’rtasida o’tkazilgan Universiada o’yinlari Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti yosh sportchilari hayotida o’chmas iz qoldirgan edi. Shundan buyon O’zMU sportchi talabalari navbatdagi Universiadalarni o’zgacha ishtiyoq bilan kutib oladilar. Chunonchi, ular 2010 yili Andijonda, 2013 yili Buxoro viloyatida o’tkazilgan musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishganlari bilan faxrlanadilar.

26-29 may kunlari Farg’ona shahrida o’tkaziladigan navbatdagi “Universiada – 2016” musobaqalariga ham shunday qizg’in hozirlik ko’rildi. Avvalo bu sport bayrami haqida talaba-yoshlar o’rtasida keng targ’ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Unga tayyorgarlik asnosida sport musobaqalarining 1-bosqichi O’zMU fakultetlari o’rtasida o’tkazildi.

Qiziqarli o’tgan musobaqalarda qo’l to’pi (gandbol) bo’yicha o’g’il bolalar va qizlar jamoalarida 132 nafardan, basketbol bo’yicha o’g’il bolalar va qizlar jamoalarida 110 nafardan, futbol (o’g’il bolalar) bo’yicha 165 nafar, tennis bo’yicha 8 nafar, stol tennisi bo’yicha 22 o’g’il bola, 11 nafar qizlar, yengil atletika bo’yicha 132 nafar, yakka kurash bo’yicha 44 nafar, shaxmat bo’yicha 22 nafar o’g’il bolalar, 11 nafar qizlar, og’ir atletika bo’yicha 22 nafar, boks bo’yicha 15 nafar, taekvondo bo’yicha 15 nafar, suzish bo’yicha 15 nafar talabalar ishtirok etdilar.

Talabalarga g’oyat ko’tarinki ruh baxshida etgan sport musobaqalarining 2-bosqichi yanada qiziqarli va hayajonli tarzda o’tdi. Unda qo’l to’pi (gandbol) bo’yicha o’g’il 10 nafardan o’g’il bolalar va qizlar, basketbol bo’yicha 8 nafardan o’g’il bolalar va qizlar, futbol bo’yicha 22 nafar, tennis bo’yicha 2 nafar, stol tennisi bo’yicha 4 nafar, yengil atletika bo’yicha 20 nafar, erkin kurash bo’yicha 3 nafar, yunon-rum kurashi bo’yicha 3 nafar, shaxmat bo’yicha 4 nafar, og’ir atletika bo’yicha 5 nafar, dzyudo bo’yicha 4 nafar, boks bo’yicha 2 nafar, taekvondo bo’yicha 4 nafar, suzish bo’yicha 7 nafar sportchi talabalar ishtirok etdilar.

Mazkur musobaqalar natijalariga ko’ra Milliy universitet jamoalari quyidagi o’rinlarni egalladilar:

Gandbol (erkaklar) – II-o’rin;

Gandbol (ayollar) – II-o’rin;

Basketbol (erkaklar) – III-o’rin;

Basketbol (ayollar) – II-o’rin;

Voleybol (erkaklar) – VI-o’rin;

Voleybol (ayollar) – IX-o’rin;

Shaxmat bo’yicha Matematika fakulteti 3-bosqich talabasi Bobur Sattorov I-o’rin;

Taekvondo bo’yicha Geografiya va geologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Madina Hayitova (49 kg) III-o’rin;

Og’ir atletika bo’yicha Bekzod Hasanboyev (77 kg), Muhiddin Xoldorov (85 kg), Olmos Ortiqov (94 kg) III-o’rin;

Futbol – IX-o’rin;

Suzish – XIII-o’rin;

Stol tennisi – XI-o’rin;

Dzyudo – V-VIII-o’rinlar;

Erkin kurash – V-VIII-o’rinlar;

Yengil atletika – II-o’rin.

Shu tariqa Farg’ona viloyatida o’tkaziladigan “Universiada-2016” sport musobaqalarining final bosqichida O’zMU sportchi talabalaridan shaxmat bo’yicha Bobur Sattorov, gandbol bo’yicha Rustam Sobirjonov va Iroda Valijonova, basketbol bo’yicha Shahnoza Haydarova va Uchqun Aktamovlar Toshkent shahri terma jamoalari tarkibida qatnashish huquqini qo’lga kiritdilar.

Barcha sportchi talabalarimizga omad tilab qolamiz.

 

YOSH IQTISODCHI RESPUBLIKA FAN OLIMPIADASI G’OLIBI

Iqtisodchi avvalo chuqur bilim va tafakkurga, amaliyotda esa o’ziga xos mahoratga ega bo’lishi lozim. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida bo’lg’usi iqtisodchilarga soha sirlari qanchalik mukammal o’rgatilayotganini fan olimpiadalari va turli tanlovlarda ko’rishimiz mumkin.

Shu yil 16-17 may kunlari respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari o’rtasida “O’zbekiston iqtisodiyoti” fanidan o’tkazilgan olimpiadada O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti 2-bosqich talabasi Shohzod Hamdamboyev 1-o’rinni egalladi.

– Talabalarimiz avvalo fan sirlarini mukammal egallashlari uchun fakultetimizda barcha imkoniyatlar yaratilgan. Ona tilimizda iqtisodiyotga oid qator darsliklar, o’quv qo’llanmalar va ularning elektron manbalaridan istalgancha foydalanish mumkin,– deydi olimpiada g’olibi bo’lgan talaba ilmiy rahbari, Makroiqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Abdurahim Vahobov.– Shunga yarasha iqtidorli talabalarimizning intellektual salohiyatlari oshib borayotgani barchamizda umid uyg’otadi.

Olimpiada natijalariga ko’ra Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va  Toshkent moliya instituti talabalari 2-3-o’rinlarga munosib ko’rildilar.

Shuningdek, 11-12 may kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida, 13-14 mayda esa Toshkent moliya institutida “Makroiqtisodiyot va mikroiqtisodiyot”, “Moliya va kredit” fanlaridan o’tkazilgan respublika fan olimpiadalarida O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti 3-kurs talabalari Muqaddamxon Saidrasulova va Suhrob Sharipovlar faxrli 3-o’rinni egalladilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.