O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 38-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (23-28 may kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 38-16

“AXBOROT SOATLARI” № 38-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (23-28 may kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 38-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (23-28 may kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

      2016/2017 O’QUV YILIDA O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA O’QISHGA QABUL QILISH TO’G’RISIDA

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va mintaqalarida talab etiladigan ixtisosliklar bo’yicha yuqori malakali kadrlarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda ish beruvchilarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga bo’lgan talab-ehtiyojlarini, shuningdek, iqtisodiyotda tarkibiy o’zgartirishlarning maqsadli o’rta muddatli dasturlarini amalga oshirish, tarmoqlarni modernizasiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikasiyalashni, mamlakat mintaqalarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni hisobga olgan holda o’zaro bog’liqligi va mutanosibligini kuchaytirish maqsadida:

1. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Mehnat vazirligi, Moliya vazirligi, o’z tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda, aksiyadorlik kompaniyalari, xo’jalik birlashmalari va korxonalar, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishtirokida:

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 23 iyundagi “Respublika oliy o’quv yurtlariga qabul qilish parametrlarini shakllantirish mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-2360-sonli qaroriga muvofiq oliy o’quv yurtlariga qabul qilish parametrlari va yangi qurilayotgan korxonalarning hududiy joylashuvi, iqtisodiyotdagi tarkibiy o’zgartirishlar bo’yicha dasturiy chora-tadbirlarni, ishlab chiqarishni modernizasiyalash, texnik qayta jihozlash va diversifikasiyalash, yo’l-transport va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish bo’yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish omillarini tahlil qilishni hisobga olgan holda oliy o’quv yurtlarining bitiruvchilariga nisbatan ish beruvchilarning talab-ehtiyoji balans hisob-kitoblari ishlab chiqildi;

iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarining oliy ma’lumotli mutaxassislar bilan amalda ta’minlanganligini ekspertizadan o’tkazib baholash natijalariga ko’ra bakalavriat tayyorlashning 18 ta yangi mutaxassisligi joriy etilishini nazarda tutuvchi oliy ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari ro’yxatiga tegishli o’zgartirishlar kiritildi;

oliy o’quv yurtlarining aniq yo’nalishlar va mutaxassisliklar bo’yicha bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga mo’ljallangan talab-ehtiyojga, shuningdek, bitiruvchilarning tanlangan mutaxassislik bo’yicha ishga joylashuvi monitoringi asosida 2016/2017 o’quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish kvotalari shakllantirildi.

2. 2016/2017 o’quv yili uchun:

bakalavrlarni 57907 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo’yicha – 19120 va to’lov-kontrakt asosida – 38787 nafar miqdorida 1-ilovaga muvofiq;

magistrlarni 5000 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo’yicha – 1548 va to’lov-kontrakt asosida – 3452 nafar miqdorida 2-ilovaga muvofiq;

Toshkent kimyo-texnologiya instituti (Qo’ng’irot bo’limi)ning maxsus sirtqi bo’limida bakalavrlarni tayyorlash davlat grantlari bo’yicha 65 nafar va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo’limida – 50 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo’yicha – 15 nafar va to’lov-kontrakt asosida – 35 nafar qabul qilish umumiy kvotalari 3-ilovaga muvofiq belgilansin.

3. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasining 2016/2017 o’quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filialiga o’qishga qabul qilishni to’xtatish to’g’risidagi taklifi qabul qilinsin.

4. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar va oliy o’quv yurtlari bilan qalin hamkorlik doirasida keng ko’lamda ishtirok etgan holda 2016/2017 o’quv yili boshlangunga qadar barcha o’quv rejalari va dasturlari tubdan qayta ishlab chiqilishini nihoyasiga yetkazishni ta’minlasin, fanlarni o’qitishning eskirgan, umrini o’tab bo’lgan yondashuv va uslublaridan batamom voz kechishni, bakalavriat va magistraturada jahon fani va ilg’or pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yangi o’quv rejalari va dasturlarini joriy etishni, shuningdek, ta’lim jarayonida ularni amalga oshirish hamda oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish uchun birinchi navbatda fundamental va texnik mutaxassisliklar bo’yicha yetakchi xorijiy olimlar va o’qituvchilarni jalb etishni nazarda tutsin;

oliy o’quv yurtlarining professor-o’qituvchilari faoliyatiga baho berishda va moddiy rag’batlantirishda ularning xorijiy tillarni qay darajada egallaganligiga hamda zamonaviy pedagogik, multimedia va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini o’quv jarayonida qo’llay olish saviyasiga ahamiyat bersin;

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 12 iyundagi PF-4732-sonli Farmoniga binoan tashkil qilingan mamlakat oliy o’quv yurtlarining 15 ta tayanch markazlarida oliy ta’lim muassasalarining rahbar va professor-o’qituvchilar tarkibini yangi o’quv dasturlari va ta’lim uslublari bo’yicha qayta tayyorlash va malakasini oshirishni 2016 yilning 1 iyulidan tashkil qilishni ta’minlasin, shu maqsadda chet ellardagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining olimlari va professorlarini keng jalb qilsin.

5. 2016/2017 o’quv yilida O’zbekiston Respublikasining ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish bo’yicha Davlat komissiyasi (keyingi o’rinlarda – Davlat komissiyasi)ning tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Davlat komissiyasiga bakalavriat tayyorlashning yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish chog’ida abituriyentlar to’plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda bakalavriat va magistraturaga qabul qilishning belgilangan umumiy kvotalari doirasida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish parametrlariga o’zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

6. O’z tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirlik va idoralar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda bir hafta muddatda o’zlariga qarashli oliy ta’lim muassasalari doirasida bakalavriat va magistratura bo’yicha davlat granti hamda to’lov-kontrakt asosida o’rinlar kvotasini ta’lim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

7. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda:

Oliy ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklar klassifikatoriga yangi kiritilayotgan bakalavriat yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha belgilangan tartibda o’zgartish va qo’shimchalar kiritsin;

shu yilning 1 avgustiga qadar yangi kiritilayotgan bakalavriat yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo’yicha o’quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin.

8. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2016/2017 o’quv yilida davlat grantlari asosida bakalavriat va magistraturaga qabul qilish bo’yicha belgilangan kvotalarni hisobga olgan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablag’lar ajratilishini ta’minlasin.

9. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi o’z tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirliklar va idoralar, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda:

bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartish va qo’shimchalar to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o’zlarining idoraviy me’yoriy-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi

Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,

2016 yil 26 may

 

      “UNIVERSIADA – 2016” SPORT O’YINLARI ISHTIROKCHILARIGA

Qadrli farzandlarim!

Hurmatli ota-onalar, ustoz-murabbiylar va sport muxlislari!

Avvalambor, siz, azizlarni bugun barcha-barcha yoshlarimizning, qolaversa, butun xalqimizning e’tiborini o’ziga tortayotgan talaba yoshlarning sport bayrami bo’lmish Universiada o’yinlarining tantanali ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.

O’zining go’zalligi va betakrorligi bilan «oltin vodiy» deb nom olgan so’lim diyorda alohida ajralib turadigan Farg’ona shahrida yangitdan qurilgan mana shu muazzam stadionni birinchi bor bayramona kayfiyatda to’ldirib o’tirgan siz, aziz yurtdoshlarimga, sizlarning timsolingizda butun Farg’ona ahliga chin qalbimdan hurmat-ehtiromimni va ezgu tilaklarimni bildirish – men uchun haqiqatan ham katta sharafdir.

Hyech shubhasiz, bugun boshlanayotgan Universiada bellashuvlari Vatanimiz mustaqilligining qutlug’ 25 yillik bayrami arafasida bo’lib o’tayotgani unga chuqur mazmun va ko’tarinki ruh bag’ishlamoqda.

Albatta, bugungi nufuzli musobaqalarga yetib kelish sizlarga oson bo’lmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. Saralash bosqichlarida ishtirok etgan 165 mingdan ziyod o’g’il-qizlarimiz orasidan faqat 900 nafar qatnashchiga bunday yuksak baxt nasib etgani bu bellashuvlarning naqadar keskin va murosasiz o’tganidan, sizlarning tinimsiz kurash, baquvvat iroda va mahorat hisobidan bugungi marralarga yetib kelganingizdan dalolat beradi.

Mamlakatimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o’yinlarini o’z ichiga olgan, uch pog’onadan iborat noyob tizimning yuqori bosqichi bo’lmish Universiada o’yinlarida qatnashish sharafiga erishish va mahoratingizni namoyon etishning o’zi, hyech shubhasiz, ulkan g’alabadir, desam, aslo xato bo’lmaydi. Barchangizni ana shunday katta yutuq bilan qizg’in tabriklab, sizlarga o’zimning samimiy mehrim va ishonchimni bildirib, bo’lg’usi bellashuvlarda omad va zafarlar tilayman.

Aziz bolalarim!

Hammamizga xursandchilik yetkazadigan mana shunday shukuhli kunda mustaqillik yillarida ozod va farovon hayot barpo etish, mamlakatimiz salohiyati va qudratini yuksaltirish, farzandlarimizni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash yo’lida qanday ulug’vor ishlarni amalga oshirganimiz beixtiyor xayolimizga keladi.

Bu haqda gapirganda, avvalo, keyingi o’n yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasining 744 milliard so’mlik mablag’i hisobidan barcha viloyat, shahar va qishloqlarimizda 1 ming 700 dan ziyod zamonaviy sport inshootlari bunyod etilganini ta’kidlash o’rinlidir. Eng muhimi, jondan aziz bolalarimizni yoshlikdan boshlab sport bilan shug’ullanishga jalb etish, navqiron avlodimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan barkamol bo’lib, dunyoda hyech kimdan kam bo’lmasdan unib-o’sishi va yuksak cho’qqilarni egallashi uchun mustahkam zamin yaratishga erishdik.

Davlatimiz, jamiyatimiz tomonidan ko’rsatilayotgan, ilgari tasavvur ham qilib bo’lmaydigan bunday ulkan e’tibor tufayli tarixan qisqa davrda bu sohada qo’lga kiritgan yutuq va marralarimiz haqida ko’p gapirish mumkin. Men faqatgina ayrim misollarga diqqatingizni qaratmoqchiman.

Mamlakatimizda oxirgi o’n yil davomida sport bilan muntazam shug’ullanish darajasi bolalar va o’smirlar o’rtasida 30 foizdan 57 foizga, qiz bolalar o’rtasida 24 foizdan 47 foizga yetgani bizning bu borada qanday katta o’sishga erishganimizdan dalolat beradi.

Yana bir muhim tomoni shundaki, 2005 yilda farzandlarimiz sportning 43 ta turi bilan shug’ullangan bo’lsa, bugungi kunda bu raqam 59 tani tashkil etmoqda. Biz uchun mutlaqo yangi bo’lgan badiiy gimnastika, taekvondo, muaytay, suzish, sinxron suzish, tennis, vaterpol, eshkak eshish kabi sport turlari bo’yicha yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko’tarilmoqda. Ularning nomlari dunyo miqyosida mashhur bo’layotgani, hurmat bilan tilga olinayotgani O’zbekistonimizning obro’-e’tiborini jahon maydonida yuksaltirish va tarannum etishning yorqin ifodasi bo’lib, bundan har qancha g’ururlansak, faxrlansak, arziydi, albatta.

Ayniqsa, qizlarimizning yigitlardan qolishmasdan, kurash, dzyudo, karate, taekvondo kabi sohalarda salmoqli yutuqlarni qo’lga kiritayotgani yosh avlodimiz o’z oldiga qo’ygan maqsadlarga erishishda har tomonlama qat’iyat, mardlik va azmu shijoat ko’rsatishga qodir ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi kunda ana shunday yoshlarimiz qatorida Ruslan Nuriddinov, Svetlana Radzivil, Ixtiyor Navro’zov, Vadim Menkov, Gulnoza Matniyozova, Abbos Rahmonov, Nafisa Mo’minova, Bekzod Abdurahmonov, Bektemir Meliqo’ziyev, Sitora Hamidova, Hasanboy Do’smatov, Yekaterina Voronina, Jasur Boyqo’ziyev, Ra’noxon Omonova, Diyorbek O’rozboyev, Marina Xmelevskaya, Zohid Kenjayev singari mahoratli sportchilarimiz o’zlarining dastlabki zafarli qadamlarini aynan Universiada o’yinlarida boshlagani bu bellashuvlar o’g’il-qizlarimiz uchun haqiqatan ham “parvoz maydonchasi” bo’lib xizmat qilayotganidan dalolat beradi.

Men, siz, aziz farzandlarimning xalqaro maydonlarda – bu ilm-fan, madaniyat va san’at bo’ladimi, sport musobaqalari bo’ladimi, barcha sohalarda erishayotgan umidbaxsh yutuqlaringiz haqida qachonki eshitsam, xabar topsam, xursandchiligim, sizlarga bo’lgan mehrim va ishonchim yanada ziyoda bo’ladi, desam, qalbimda, yuragimda bo’lgan gapni aytgan bo’laman.

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, hozirgi vaqtda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida zamonaviy oliy mahorat sport maktablarini barpo etish bo’yicha qabul qilgan dasturimiz asosida katta amaliy ishlar olib borilmoqda. Uzoqni ko’zlab hayotga tatbiq etilayotgan bu dastur mamlakatimizda sport sohasini yanada rivojlantirish, uni yangi, yuksak bosqichga ko’tarishga munosib hissa qo’shishi shubhasizdir.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Bu yilgi Universiada musobaqalarida olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan boks, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo, og’ir atletika kabi beshta sport turi bo’yicha bellashuvlar bo’lib o’tishi, tabiiyki, bu o’yinlarning nufuzi va ahamiyatini yanada oshiradi.

Ushbu musobaqalarni yuksak saviyada o’tkazish uchun mamlakatimizda har tomonlama katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilganini alohida qayd etish lozim. Birgina Farg’ona shahrining o’zida 37 milliard 215 million so’m mablag’ sarflanib bunyod etilgan va eng yuqori talablar asosida jihozlangan o’nlab yangi sport inshootlari, stadionlar, tennis kortlari, suzish havzalari, sport zallari va boshqa obyektlar bugun sizlarga o’z eshiklarini ochmoqda.

Fursatdan foydalanib, mana shunday zamonaviy sport majmualarini barpo etgan quruvchilarga, me’mor va muhandislar, pudratchi va homiy tashkilotlarga, shu yo’lda sidqidildan xizmat qilgan barcha insonlarga,ko’pni ko’rgan, mehnatkash Farg’ona ahliga samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

Qadimiy va saxovatli Farg’ona zaminida o’zaro hurmat va do’stlik ruhida, qizg’in kurashlar bilan o’tadigan Universiada o’yinlari mamlakatimiz yoshlari hayotida, sportimiz tarixida yorqin sahifa bo’lib qoladi, deb ishonaman.

Aziz farzandlarim, qadrli yurtdoshlar!

Bugungi tez sur’atlar, shiddat bilan o’zgarib borayotgan zamon, xalqaro maydonda tobora keskin tus olayotgan raqobat ko’pchilik mamlakatlar qatorida bizdan, avvalambor, belini mahkam bog’lab, katta niyat va ishonch bilan hayotga kirayotgan siz, navqiron yoshlarimizdan yangicha fikrlashni, eng zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashni, Vatanimizning taqdiri va ertangi kuni uchun mas’uliyatni o’z zimmangizga olishga qodir bo’lishni talab etmoqda.

Bunday yuksak maqsadlarga yetish uchun har qaysi yigit-qiz o’z ustida tinimsiz ishlashi, irodasini chiniqtirishi, bu yo’ldagi qiyinchiliklar oldida bo’sh kelmay, g’alabaga erishish uchun o’zini ayamasdan, hal qiluvchi daqiqalarda butun borlig’ini safarbar etishga tayyor bo’lishi darkor.

Shu ma’noda, avvalo, o’ziga talabchanlikni oshirish, qat’iy intizomga rioya qilish, o’z oldiga qo’ygan maqsadlarga erishish uchun bor kuch-g’ayratini ishga solish, hayotda kurashchi bo’lib yashash, mardlik va matonat kabi xususiyat va alomatlarni faqat sportga yoshlikdan ixlos qo’yib, uning sir-asrorlarini chuqur o’rganish, mashaqqatli mashqlarda toblanish orqali tarbiyalash mumkinligini hyech qachon unutmasligimizni istardim.

Mening siz, aziz bolalarimga tilagim shuki, mana shunday olijanob fazilatlar bugun sport maydonlarida, ertaga hayot maydonlarida har biringizga hamisha yor bo’lsin!

Barchangizni bag’rimga bosib, bugungi yoshlik va sport bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan qutlar ekanman, sizlarga sihat-salomatlik, baxtu saodat va zafarlar tilayman.

Islom Karimov,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

      ISLOM KARIMOV OQSAROYDA LAVROVNI QABUL QILDI  

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 24 may kuni Oqsaroyda Rossiya Federasiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi. Uchrashuvda O’zbekiston bilan Rossiya o’rtasidagi ko’p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqboli, xalqaro siyosatga doir dolzarb masalalar muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari Rossiya tashqi ishlar vazirini qutlar ekan, joriy yilning aprel oyida Moskvada o’tgan oliy darajadagi O’zbekiston – Rossiya muzokaralari yakunlariga yuksak baho berdi va bu barcha yo’nalishlarda o’zaro munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Bugungi kunda oliy darajadagi uchrashuvlar chog’ida erishilgan, avvalo, savdo-iqtisodiy sohadagi kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Bu jahon iqtisodiyotida murakkab o’zgarishlar ro’y berayotganiga qaramasdan o’zaro savdo hajmini nafaqat saqlab qolish, balki ko’paytirish imkonini beradi.

Tomonlar 2015-2019 yillarda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishning asosiy yo’nalishlariga oid bitim doirasida raqobatbardosh va xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha yangi investisiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. 

Rossiya tashqi ishlar vaziri samimiy qabul va o’zaro munosabatlar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniyati uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. S.Lavrov Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi xususida o’z fikrini bildirar ekan, O’zbekistonning ShHTga samarali raisligi Toshkent sammitining muvaffaqiyatli o’tishini ta’minlashiga ishonch bildirdi.

Uchrashuvda O’zbekiston va Rossiya o’rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning boshqa istiqbolli yo’nalishlari bo’yicha ham fikr almashildi.

 

      TOSHKENTDA SHHT TIV RAHBARLARI KENGASHI YIG’ILISHI BO’LIB O’TDI

24 may kuni Toshkent shahrida o’tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti yig’ilishi bo’lib o’tdi. Yig’ilishda O’zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov, Qozog’iston TIV rahbari Yerlan Idrisov, Xitoy TIV rahbari Van I, Qirg’iziston TIV rahbari Erlan Abdillayev, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov, Tojikiston TIV rahbari Sirojiddin Aslov, ShHT bosh kotibi Rashid Alimov hamda ShHTning Hududiy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo’mitasi direktori Yevgeniy Sisoyev ishtirok etdi.

Ishchi yig’ilishda "ShHT tashkil topganining 15 yilligi munosabati bilan rasmiy Toshkent tayyorlagan deklarasiya loyihasi" hamda kun tartibidagi masalalarga bag’ishlangan bir qator hujjatlar imzolandi. Shuningdek, tashkilotga Hindiston va Pokistonni qabul qilish masalasini Davlat rahbarlari kengashiga ko’rib chiqish uchun taqdim etishga qaror qilindi.

Muloqot bo’yicha sherik maqomini berish to’g’risida Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja Qirolligi va Nepal bilan memorandumlar imzolanganligi vazirlar tomonidan ma’qullandi. Vazirlar tomonidan ta’kidlaganidek, ShHT Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlariga muvofiq ravishda terrorizm, separatizm, ekstremizm, narkotiklarni noqununiy ishlab chiqarish va tarqatish, transchegaraviy jinoyatchiliklar, zamonaviy axborot texnologiyalarini qo’llagan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar, noqununiy migrasiya va odam savdosi vositalariga qarshi umumiy kurashish bo’yicha tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish tashkilot doirasidagi hamkorlikning ustuvor vazifalaridan biri bo’lib qoladi. Shuningdek dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, ularning rivojlanish tendensiyalari, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkmalash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

ShHTning 15 yilligiga bag’ishlangan Toshkent deklarasiyasi va Toshkent shahrida bo’lib o’tadigan ShHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashi yig’ilishining yakunlari bo’yicha axborot loyihalar hamda Bosh kotib Rashid Alimov tomonidan taqdim etilgan o’tgan yilda tashkilot Kotibiyatining faoliyati to’g’risidagi hisobot tasdiqlandi.

Delegasiya rahbarlari tashkilot faoliyati va Toshkentda bo’lib o’tadigan ShHT Davlat rahbarlari kengashi yig’ilishiga oid qator masalalar bo’yicha ham qarorlar qabul qilishdi.

Vazirlar ShHTda raislik qilayotgan O’zbekiston tomonidan ShHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlari kengashining Toshkent shahrida o’tkaziladigan yig’ilishiga tayyorgarlik bo’yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berishdi.

Bu yig’ilish 23-24 iyun kunlari Toshkent shahrida o’tkaziladigan ShHT Sammitiga tayyorgarlik doirasidagi oxirgi yig’ilish bo’ldi.

 

      ZILZILA DARAKCHILARINI QAYD QILISH QURILMASI IXTIRO QILINDI

O’zbekiston Fanlar akademiyasi S.A.Azimov nomidagi "Fizika - Quyosh" ilmiy ishlab-chiqarish birlashmasi Fizika-texnika instituti olimlari zilzila darakchilarini qayd qilish qurilmasini yaratishdi. Mazkur model yadro fizikasida, jumladan texnikada kosmik nurlarining past energiyalar zarrachalarini tadqiq qilish va bir paytning o’zida neytronlar va zaryadlangan zarrachalar oqimining intensivligini qayd etish, zilzilalarni qisqa muddatli prognozlash va seysmik aktivlik ustidan nazorat qilish uchun mo’ljallangan.

 

      2016 YIL 470 MING NAFAR O’QUVCHI MAKTABNI TAMOMLAYDI  

2016 yil O’zbekistondagi umumiy o’rta ta’lim maktablarini 476 ming maktab o’quvchisi tamomlaydi. Bu ko’rsatkich 2015 yilda 483 ming, 2014 yilda esa 501 ming nafarni tashkil etgan edi. «So’nggi qo’ng’iroq» 25 may kuni maktablarning ochiq maydonida bo’lib o’tdi.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      ROSSIYA O’RTACHA MAOSHI 2015 YILDA 34 FOIZGA PASTLADI  

2015 yilda rossiyaliklarning o’rtacha maoshi Belorussiya va Qozog’iston darajasiga tushib qolgan. Bu ma’lumotlarni aholining ijtimoiy-iqtisodiy vaziyati hamda ijtimoiy kayfiyati may oyi Monitoringida Iqtisodiyot oliy maktabi (IOM) hisoboti tasdiqlaydi. IOM analitiklari o’rtacha maosh ko’rsatkichini valyuta kursi almashinuviga asoslanib belgiladi. 2015 yil Rossiyada o’rtacha maosh Amerika valyutasiga o’girganda 558 dollarni tashkil etdi. Bu esa  2014 yil ko’rsatkichi bilan taqqoslaganda 34 foizga past. Shunday qilib, Rossiya o’rtacha maoshi 2015 yilda Qozog’iston (549 dollar), Ozarbayjon (431 dollar) va Belorussiya (415 dollar) darajasiga tushib qoldi.

 

      BMT: DUNYONING TO’RTDAN UCH QISM DAVLATLARI TABIATGA QARSHI JINOYATLAR BILAN KURASHA OLMAYDI  

Dunyoning to’rtdan uch qism davlatiga yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlar bilan samarali kurashish uchun yetarlicha jihozlar, jumladan huquqiy sharoitlar sababli, yetishmaydi. Bu haqda jurnalistlarga BMTning giyohvand moddalar va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan birinchi marta tayyorlangan bunday qoidabuzarliklar hisoboti muallifi Anjela Mey ma’lum qildi.

"Hamma davlatlar ham yovvoyi tabiatga qarshi jinoyatlar oqibatida qo’lga kiritilgan obyektlarni noqonuniy tashishga qarshi to’laqonli kurashish uchun yetarlicha jihozlanmagan. Shu jumladan huquqiy sharoitlar sababli", deb aytdi Mey. Uning fikricha, dunyoning 75 foiz davlatlari bu jinoyatlarga qarshi kurashishga qodir emas. Meyning aytishicha, bu boradagi eng qaynoq hududlar Afrika davlatlari hisoblanadi, biroq bu noqonuniy industriya bilan barcha davlatlar darajasida kurashish lozim. Hisobotga ko’ra, Osiyo fil suyagi kabi obyektlar uchun eng yirik bozor hisoblanadi, biroq bu Yevropa davlatlariga ham taalluqlidir, chunki ular ko’pincha bunday obyektlarni tashishda tranzit davlatlar hisoblanadi. O’z navbatida BMT bosh kotibining o’rinbosari, giyohvand moddalar va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig’i Yuriy Fedotov davlatlarning bunday jinoyatlarda noqonuniy qo’lga kiritilgan obyektlarni saqlash va olib kelinishiga qarshi kurashishi lozimligini aytdi va xalqaro hamjamiyatni yangi qo’riqxonalar yaratishni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

Uning aytishicha, yovvoyi tabiatdagi hayvonlar va o’simliklarning 7 ming turi 120 ta davlatga noqonuniy ravishda olib kirilgan. Fedotovning ta’kidlashicha, tayyorlangan ma’ruza aniq-ravshan fikr – yovvoyi tabiat obyektlarini noqonuniy aylantirishga qarshi kurashishni qo’llab-quvvatlashda barcha kuchlarni birlashtirish lozimligiga uqtiradi.

 

      PUTINNING YORDAMCHISI MAMLAKATDA 5 MLN QASHSHOQ PAYDO BO’LGANI HAQIDA XABAR QILDI

Rossiya prezidenti yordamchisi Andrey Belousovning TASSga ma’lum qilishicha, mamlakatdagi iqtisodiy pasayish va rublning qadrsizlanishi tufayli yashash uchun zarur eng minimum miqdorda daromad qiladigan rossiyaliklar ortishi mamlakat iqtisodida jiddiy muammolarni paydo qiladi. "Yashash uchun zarur eng minimum miqdorda daromad qiladigan rossiyaliklar hozirda aholining 13 foizini tashkil qilmoqda. Inqirozgacha bu ko’rsatkich 10 foiz edi. Inqiroz tufayli Rossiyada deyarli 5 mln qashshoq paydo bo’ldi", degan u. Belousovning qayd etishicha, bu muammoni yengib o’tish, qashshoqlik darajasini inqirozdan oldingi davrga qaytarish uchun bir necha yil talab etilishi mumkin. Bundan oldinroq, Belousov Rossiya iqtisodi 2-3 yildan keyin 4 foizlik barqaror o’sishga ega bo’lishini aytib o’tgandi.

 

      ROSSIYADA MADHIYANI HAQORAT QILGANLIK UCHUN JINOIY JAVOBGARLIK KIRITILDI

Rossiya gimnini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish qonun loyihasi bir yilgacha ozodlikdan cheklash yoki mahrum qilishni ko’zda tutadi. Davlat ramzlaridan birini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritish loyihasi tashabbuschilari Rossiya Oliy sudining ma’qullovini olishdi. "Rossiya Oliy sudi senatorlar Vadim Tyulpanov, Andrey Klishas va Davlat dumasi  deputati Raziyet Natxoning Rossiya madhiyasini haqorat qilganlik uchun jinoiy javobgarlikni ko’zda tutuvchi qonunchilik tashabbusiga ijobiy xulosa berdi", deb xabar bermoqda Vadim Tyulpanov matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda "Interfaks" axborot agentligi. Ayni vaqtgacha Rossiya Jinoyat kodeksida ikkita davlat ramzi: geob va bayroq himoyalangandi. Bu ramzlarni haqorat qilganlik uchun bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish belgilangan. Madhiya esa Rossiya Federasiyasining Ma’muriy qoidabuzarliklar kodeksining 17-moddasi bilangina himolangandi. Madhiyani haqoratlagan fuqarolarga 3 ming rubl, amaldor shaxslarga 7 ming rubl, yuridik shaxslarga esa 150 ming rubl jarima solinardi. Biroq senatorlar tashabbusi bilan Rossiya madhiyasi endilikda Rossiya Jinoyat kodeksi bilan himoyalanadi. Endilikda madhiyani haqoratlagan shaxslar bir yilgacha ozodlikdan cheklanishi, yoki shu muddatga majburiy ishlarga jalb qilinishi, yoki 3 oydan 6 oygacha hibsga olinishi yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      TOSHKENT SHAHRI JAMOASI “UNIVERSIADA – 2016” G’OLIBI!  

Unda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti sportchi talabalarining munosib ulushi bor!

Mamlakatimizda yettinchi bor o’tkazilgan Universiada tom ma’noda sport, yoshlik va go’zallik bayramiga aylandi. Mazkur musobaqalarda sportchi-talabalar basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og’ir atletika, stol tennisi, suzish, tayekvondo (VTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi kabi sportning 15 turi bo’yicha o’zaro bellashdilar. Turfa maydonlarda yigit-qizlar nainki bellashdilar, shu bilan bir qatorda ular rosmana do’stlashdilar!

Go’zal Farg’ona shahrida g’oyat hayajonli o’tgan “Universiada – 2016” sport o’yinlari nihoyasiga yetgach, 28 may kuni g’oliblarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda Toshkent shahri jamoasi birinchi o’rinni egallagani e’lon qilindi!

G’olib jamoa yuksak mukofot – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg’asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandilar.

Bo’ynilarida shoda-shoda medallar, diplom-u sertifikatlar bilan qaytgan g’olib jamoa a’zolaridan bo’lmish O’zMU talaba-sportchilarining dil so’zlarini qog’ozga tushurdik.

 

      Rustam Sobirjonov, Geologiya-geografiya fakulteti 2-kurs talabasi:

– Farg’onada menga avvalo muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigi ko’tarinki ruh va kuch-qudrat baxsh etdi. Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga e’tiborini, mehrini har qadamda his etdim. Buni O’zbekiston Milliy universitetida yaratilgan shart-sharoitlar misolida ham ko’rishimiz mumkin. Shunga yarasha nainki sport, kerak bo’lsa, barcha sohalarda hyech kimdan kam emasligimizni namoyon etishimiz shart, deb bilaman. Jamoamiz yutug’i poytaxt shahrimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning g’alabasidir. Biz shu ko’tarinki ruh bilan o’qishni davom ettirib, aziz Yurtboshimiz, ustozlarimiz va ota-onalarimizning ishonchlarini oqlashda davom etaveramiz.

 

      Iroda Valijonova, Jurnalistika fakulteti 1-kurs talabasi:

– Bu sport o’yinlari hayotimdagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi. Gandboll o’yinida Andijon, Samarqand viloyatlari qizlari jamoalari bilan o’tkazgan bellashuvlarimiz juda hayajonli bo’ldi. Qo’sha-qo’sha mukofotlar orasida mening qalbimga to abad muhrlangani O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Xotin-qizlar qo’mitasi raisi E.Bositxonovaning ota-onam nomiga yo’llangan “Tashakkurnoma”si bo’lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Unda bitilgan quyidagi so’zlar menga qanot baxsh etdi, desam mubolag’a bo’lmaydi:

“Aziz farzandingiz Farg’onada bo’lib o’tgan “Universiada – 2016” musobaqalarida faol qatnashib o’zining jismonan yetukligi, mahoratini namoyish etib, yoshlar kamoloti, kelajagi uchun cheksiz imkoniyatlar, istiqbol eshigini ochayotgan Yurtboshimizning, ustozlarining ishonchini oqladi.

Buning uchun Sizga farzandingizni baxtu rohatini ko’rish saodatini tilayman!

Vatanimiz istiqboli, buyuk kelajagiga xizmat qiladigan shunday farzandni kamolga yetkazganingiz uchun tashakkur bildiraman!”

 

      Bobur Sattorov, Mexanika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi:

– Milliy universitetimizda tahsil olib, shaxmat bo’yicha jahon chempioni darajasiga chiqqan Rustam Qosimjonovga juda havas qilganman. “Universiada – 2016” sport o’yinlari ana shu orzu-havaslarim ro’yobga chiqishida imkoniyatlar maydoni bo’ldi. Kelgusida ona Vatanim bayrog’i ostida dunyoga chiqish uchun faqat olg’a intilaveraman.

Ma’lumot o’rnida ta’kidlash joizki, mazkur musobaqalarda ikkinchi va uchinchi o’rinlarni egallagan Farg’ona va Samarqand viloyatlari jamoalariga ham O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg’asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.

 

      “HUQUQBUZARLIK VA JINOYATCHILIK – UMR ZAVOLI”

 

Jinoyatga qarshi kurashdan ko’ra uning oldini olish ko’proq samara beradi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Fizika fakultetida o’tkazilgan “Huquqbuzarlik va jinoyatchilik – umr zavoli” mavzuidagi davra suhbatida bu haqda atroflicha so’z yuritildi.

Davra suhbatida Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar boshqarmasi “Yoshlik” talabalar shaharchasi bo’limi boshlig’i, podpolkovnik Shavkat Mirzajonov, fizika fakulteti ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha dekan muovini G’ofur Eshonqulov, fakultet murabbiylar kengashi raisi Faxriddin Boymurodov va boshqalar davlatimiz rahbarining “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash hamda talabalar o’rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so’z yuritdilar.

Ustoz otangdan ulug’, degan maqolga amal qilib, murabbiylarining pand-nasihatiga amal qilayotgan minglab talabalar hayotda munosib o’rnilarini topib ketishayotgani quvonarli holdir.

Ming afsuski, ayrim talabalar o’qishga kirgach, ota-onasining ishonchini oqlash u yoqda tursin, goho bosar-tusarini bilmay qolayotgani, hayotga yengil-yelpi ko’z bilan qarayotganidan ham ko’z yumib bo’lmaydi. Unaqalar bilib-bilmay qilgan qilmishi o’ziga qora dog’ bo’lib qolishi hyech gap emas.

Davra suhbatida talabalar bu borada o’zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldilar.

 

      YOZ MAVSUMIGA PUXTA HOZIRLIK KO’RILMOQDA  

Talabalar hayotida yoz mavsumi alohida o’rin tutadi.

Bu davrda ular o’quv yili mobaynida olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlaydilar, ta’tilni xushnudlik bilan o’tkazadilar. Qishda (yangi yilda) hamma bir yoshga ulg’aysa, talabalar yozda bir kurs (bosqich)ga ko’tariladilar. Ular bahorda o’lkamizga qaytgan qaldirg’ochlar singari kuzning ilk kunlaridanoq o’quv dargohimizga qaytib keladilar.

Qaldirg’ochlar uchib kelgani hamono in qurishga kirishgani kabi talabalar ham turar-joyga oshiqadilar. Bu yildan e’tiboran talabalar turar-joy uchun kuzda yugurmaydilar. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti prorektori Davlatboy Jumaboyev tashabbusi bilan har bir talaba hozirdanoq o’z xonasini ko’rib-bilib (ko’nglini to’q qilib!) ketishi mumkin.

Universitet Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori huzurida bo’lib o’tgan yig’ilishda talabalarning yoz mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi, bu borada qator vazifalar belgilab olindi.

O’zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig’i Qodirjon Abdurahimov, Talabalar turar-joylari direksiyasi direktori Mirkomil Atavullayev va boshqalar talabalarning yozgi mavsumini yuksak saviyada va ko’ngildagidek sermazmun o’tkazish borasida amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlar, rejalar haqida atroflicha so’z yuritdilar. Yig’ilishda bayon etilgan fikrlar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

      IQTISODIY BARQARORLIKKA ERISHISH YO’LIDA  

Avval iqtisod, deganlaridek, iqtisodchilar hamisha bir qadam olindga intiladilar. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakultetida yaqinda “Iqtisodiy barqarorlikka erishishda modernizasiyalash va iqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash muammolari” mavzuida ilmiy-amaliy konfrensiya bo’lib o’tdi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ijtimoiy tadqiqotlar instuti xodimlari, O’zMU professor-o’qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.

Iqtisod fanlari doktori, professor Tursun Ahmedov, O’zMU Makroiqtisodiyot kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor Abdurahim Vahobov, Iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori Hasan Abulqosimov va boshqalar mamlakatimizda milliy iqtisodiyotimizni modernizasiyalash hamda undagi mutanbosibliklarni ta’minlash, iqtisodni rivojlantirishga qaratilgan dolzarb muammolar haqida so’z yuritdilar.

Mutaxassislar fikricha, milliy iqtisodiyot o’ziga xos ijtimoiy organizm bo’lib, uning har tomonlama jadal rivojlanishini ta’minlash murakkab jarayon hisoblanadi. Chunki, yaxlit holdagi iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlash uchun uning turli tarkibiy tuzilmalari harakati va o’zaro ta’siri uyg’unligiga erishish taqozo etiladi. Shuning uchun milliy iqtisodiyot tarkibiy tuzilmasining samarali shakllanishi va rivojlanishi uchun uning turli tarmoqlari va qismlari o’rtasida mutanosiblik mavjud bo’lishi kerak.

Anjumanda bu mavzuda qator ma’ruzalar tinglanib, talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

 

      KITOB BAYRAMI

Donishmandlar hayotni bamisoli bir kitobga qiyos qiladilar.

Kitob – ma’naviyat, ezgulik sarchashmasidir.

Mamlakatimizda har yili “Kitob bayrami” o’tkazilishi o’ziga xos an’anaga aylanib qolgan. Poytaxtimiz Toshkentda 26 may kuni “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida navbatdagi respublika “Kitob bayrami” boshlandi.

Bayramning tantanali ochilish marosimi G’afur G’ulom nomidagi Madaniyat va istirohat bog’ida bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari S.Otamurodov, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O’zbekiston xalq shoirlari S.Sayyid, M.Toyir, O’zbekiston xalq artisti E.Komilov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida milliy adabiyotimizni ravnaq toptirish, buyuk ajdodlarimizning boy merosi va an’analarimizni asrab-avaylash, kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor xalqimiz tafakkurini yuksaltirish, yosh avlodni bilimli, sog’lom fikrli, ma’naviyatli insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo’layotganini ta’kidladilar.

Ma’lumotlarga ko’ra, respublikamizda bugungi kunda yuzdan ziyod nashriyot, ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlar huzurida ellikka yaqin noshirlik bo’limlari, bir ming yetti yuzdan ortiq matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2015 yili besh mingga yaqin nomda ellik million nusxada adabiyotlar chop etilgan.

Ma’rifatli kishilar hayotidagi eng katta baxti haqida so’z yuritganlarida albatta kitob mutolaasidan olgan ma’naviy boyliklarini e’tirof etadilar. Demak, bu “Kitob bayrami” ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati naqadar ulkandir. Mazkur tadbir ham kitobxonlarni adabiyot xazinasidan bahramand etishga xizmat qiladi. Yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ijodkorlar va kitobxonlar o’rtasida oshkora muloqotlarni yo’lga qo’yishda bunday tadbirlar g’oyat muhim o’rin tutadi. Bugun G’afur G’ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog’iga qadam ranjida qilgan kitobxonlar mutolaaga da’vat etuvchi xalq maqollari, hikmatli so’zlar bitilgan pannolarni ko’rib dili yayraydi.

Kitob nashriyotlari tomonidan tashkil etilgan ko’rgazmalardagi turfa kitob va boshqa nashrlar barchada katta qiziqish uyg’otdi.

– Talabaning birinchi vazifasi kitob o’qish ekan, ular qalbida avvalo ana shu nashrlarga qiziqish uyg’otishimiz zarur,– deydi Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov.– Bugungi “Kitob bayrami” Tarix fakulteti talabalari uchun o’ziga xos ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo’lmoqda. Ular O’zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, xalq shoirlari Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toyir, sevimli san’atkorimiz Erkin Komilovning diltortar so’zlarini hayajon bilan tingladilar. Kitobsevarlar uchun sevimli asarlarining mualliflari – o’sha yozuvchi-shoirlarning so’zlaridan bahramand bo’lish ham juda maroqli hisoblanadi. Bulardan tashqari bog’ sahnasida taniqli san’atkorlar, yosh ijrochilar tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar, “O’zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Respublika yosh tomoshabinlar, Qo’g’irchoq teatrlari jamoalari dasturlari, yosh rassomlar kitob grafikasi va miniatyura janridagi asarlari ko’rgazmasi, yosh ijodkorlar mushoirasi talabalarimizga olam-olam zavq baxsh etdi.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.