O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 39-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (30 may-4 iyun kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 39-16

“AXBOROT SOATLARI” № 39-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (30 may-4 iyun kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 39-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (30 may-4 iyun kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUSTAQILLIGINING YIGIRMA BESH YILLIK BAYRAMIGA TAYYORGARLIK KO’RISH VA UNI O’TKAZISH TO’G’RISIDA

Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning ko’p asrlik shonli tarixida mutlaqo yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish yo’lini ochib bergan buyuk tarixiy voqyea – O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish va tantanali ravishda nishonlash uchun har tomonlama qizg’in tayyorgarlik ko’rmoqda.

Biz uchun haqiqatan ham eng ulug’, eng aziz ayyom bo’lgan bu qutlug’ sana o’tgan tarixan qisqa davrda bosib o’tgan g’oyat og’ir va murakkab, shu bilan birga, sharafli yo’limizni, amalga oshirgan keng ko’lamli islohotlarimiz samarasini, qo’lga kiritgan ulkan marra va yutuqlarimizni tanqidiy ko’z bilan sarhisob qilish, oldimizga qo’ygan oliy maqsad – eng taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda, hyech shubhasiz, muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz bundan 25 yil oldin o’z mustaqilligimizni qo’lga kiritib, avvalo milliy davlatchiligimizni tiklaganimiz, jahondagi mustaqil va suveren davlatlar qatoridan munosib o’rin egallaganimiz, o’zini oqlamagan eski, mustabid tuzumdan butunlay voz kechib, chuqur o’ylangan, milliy manfaatlarimizga to’la javob beradigan islohotlarga asoslangan, butun dunyoda “o’zbek modeli” degan nom bilan tan olingan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirganimiz bugungi kunda biz tanlagan, o’zimizga xos va o’zimizga mos rivojlanish yo’lining naqadar to’g’ri va hayotiy ekanini tasdiqlab bermoqda.

Buning amaliy isbotini mamlakatimizning qudrati va iqtisodiy salohiyati tobora ortib, yalpi ichki mahsulotimizning o’sish sur’atlari oxirgi 11 yil davomida jahondagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo’lmasdan kelayotganida, aholimizning hayot darajasi va sifati yuksalib borayotganida yaqqol ko’rish mumkin.

Ko’pni ko’rgan, mehnatkash va olijanob xalqimizning mardligi va matonati evaziga erishayotgan bunday marra va natijalar Vatanimizning obro’sini yanada yuksaltirib, ko’pchilik mamlakatlarni qoyil qoldirayotgani va ularning havasini uyg’otayotganini kuzatish qiyin emas.

Oldin tasavvur qilish ham qiyin bo’lgan bunday olamshumul natijalarning asosiy omilini avvalambor taraqqiyot yo’limizda to’siq bo’lgan turli qiyinchilik, yetishmovchilik, og’ir va mashaqqatli sinovlarni yengib o’tishda odamlarimiz, butun xalqimizning dunyoqarashi, mehnatga, hayotga munosabati o’zgarib, ularning siyosiy ongi, ijtimoiy faolligi, yon-atrofdagi voqyealarga daxldorlik hissi tobora kuchayib borayotganida ko’rish darkor.

Eng muhimi, ertangi kunimizning tayanchi va suyanchi bo’lmish yosh avlodimizning yangicha, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallagan, shu yurtning haqiqiy egasi, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga olishga qodir insonlar bo’lib voyaga yetayotganini alohida ta’kidlash zarur. Ayni shunday yoshlarni, aytish mumkinki, hal qiluvchi kuch sifatida tayyorlashni o’zimizning ustuvor vazifamiz deb kun tartibiga qo’yganimiz vaqt o’tishi bilan naqadar uzoqni ko’zlagan tarixiy qadam bo’lgani tobora ayon bo’lmoqda.

Mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochgan O’zbekistonimiz mustaqilligining 25 yilligini munosib kutib olish, o’tgan davr mobaynida ona yurtimiz, barcha viloyat, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora ochilib, go’zal bo’lib borayotganini, shu zaminda yashayotgan insonlarning kayfiyati, bugungi hayotdan roziligini, ertangi kunga ishonchini, barcha sohalarda amalga oshirayotgan keng ko’lamli ishlarimizning mohiyati va ahamiyatini yurtimiz va jahon jamoatchiligiga yetkazish, vatandoshlarimizni yangi marralar sari ruhlantirish maqsadida:

1. O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha respublika komissiyasining tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Go’zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O’zbekistonim!” degan bosh g’oyani o’zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ’ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqsin.

3. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi ustuvor yo’nalishlarga alohida e’tibor qaratish tavsiya etilsin:

mustaqillik hayotimizning ma’no-mazmunini tubdan o’zgartirib, xalqimizni qaramlik kishanlaridan ozod qilgani, toptalgan qadriyatlarimiz, dinu diyonatimiz, oru nomusimizni tiklash, o’zligimizni anglash, farovon hayot va yorug’ kelajagimizni o’z qo’limiz bilan qurish yo’lida beqiyos imkoniyatlar ochib berganini keng yoritish;

mamlakatimiz suverenitetining iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan eng muhim strategik dasturlar, jumladan, O’zbekistonning g’alla mustaqilligi, yoqilg’i-energetika, transport-kommunikasiya sohasidagi mustaqilligini ta’minlash, iqtisodiyotimizda tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish, zamonaviy korxonalar barpo etish va ularni ilg’or texnika va texnologiyalar bilan jihozlash borasidagi ulkan ishlarning ma’no-mazmunini aniq misollar orqali ko’rsatib berish;

yurtimizning ilgarigi qoloq, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar o’lkadan bugungi kunda izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylanganini chuqur tahliliy asosda talqin qilish. Bu borada iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizga yetgani, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan ziyodni tashkil etayotgani ko’p narsadan dalolat beradi. Bugungi kunda iqtisodiyotimizda yetakchi o’rinni egallab kelayotgan neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, zamonaviy qurilish materiallari sanoati, temir yo’l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmasevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to’qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlarning jadal rivojlanayotgani bilan bog’liq fakt va raqamlarga alohida urg’u berish;

mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real daromadlar 12 barobardan ziyod oshgani, oltin-valyuta zaxiralarimiz barqaror sur’atlar bilan ko’payib borayotgani misolida keng ko’lamli iqtisodiy islohotlarimizning amaliy samarasini ko’rsatish;

oldimizga qo’ygan yuksak marralarga erishish yo’lida mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini oshirish, iqtisodiyotimizni yanada modernizasiya va diversifikasiya qilish hisobidan taraqqiyotimizning lokomotivi bo’lgan yetakchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, iqtisodiyotimizda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirib borish, Konstitusiyamizda ko’zda tutilgan xususiy mulkning ustuvorligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasining samarasini yanada kuchaytirish kabi o’ta muhim yo’nalishlarning ahamiyatini jamoatchiligimizga, xalqimizga sodda va ta’sirchan usullarda yetkazish. Jumladan, 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko’paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo’yicha belgilab olingan aniq reja va dasturlarni amalga oshirish uchun, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy ta’sirlariga qaramasdan, qat’iyat bilan ilgarilab borishimizga asos bo’layotgan mezon va omillarning mohiyatini ochib berish;

qishloq xo’jaligi sohasida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakati uchun katta imkoniyatlar yaratilgani, hozirgi kunda fermer xo’jaliklari qishloq xo’jaligi mahsulotlarining 90-92 foizini yetkazib berish bilan birga, qishloq taraqqiyotida hal qiluvchi ijtimoiy-siyosiy harakatga va yetakchi kuchga aylanib borayotganini keng yoritish;

yurtimiz aholisining asosiy oziq-ovqat tovarlari, avvalo don, kartoshka, go’sht, sut va qandolat mahsulotlariga bo’lgan ehtiyoji 1990 yilda import hisobidan qoplangan bo’lsa, hozirgi vaqtda ularning 96 foizi mamlakatimizda ishlab chiqarilayotganini;

o’tgan davr mobaynida aholi jon boshiga go’sht iste’moli 1,4 barobar, sut va sut mahsulotlari – 1,5 karra, kartoshka – 1,9 marta, sabzavot – 2,6 barobardan ortiq, meva 6,3 marta ko’paygani va boshqa hayotiy misollarni mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning mustahkam poydevori sifatida aks ettirish;

mustaqillikka qadar yurtimizda umuman mavjud bo’lmagan, bugungi kunda esa jamiyatimizning qudratli tayanchiga aylanib borayotgan o’rta sinf – mulkdorlar sinfining jadal rivojlanib, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56,5 foizga yetgani, ayni shu tarmoqda ish bilan band aholining 77,9 foizi mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo’shayotganini tahliliy asosda ko’rsatish;

jamiyatimiz hayotini butunlay o’zgartirgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Maktab ta’limini rivojlantirish va boshqa umummilliy dasturlarimizni amalga oshirish natijasida mamlakatimizda o’n ikki yillik majburiy va bepul, umumiy va o’rta maxsus ta’lim tizimiga, ikki bosqichli oliy ta’lim tizimiga asos solinib, zamonaviy yangi avlod kadrlarini tarbiyalash uchun mustahkam poydevor yaratilgani O’zbekistonimizning jahon maydonida raqobatdoshligini ta’minlashning ishonchli zamini bo’lib xizmat qilayotganini teran ifoda etish;

biz uchun o’ta muhim bo’lgan sog’liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g’amxo’rlik ko’rsatish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ulkan ishlarga alohida ahamiyat berish. Jumladan, davlat byudjetimizning sosial sohalarga yo’naltirilgan yillik xarajatlari izchil oshib borayotganini, birgina 2015 yilda ushbu raqam 60 foizdan ortganini bu boradagi keng ko’lamli islohotlarning mantiqiy natijasi sifatida ko’rsatish;

yosh avlodimizni sog’lom va barkamol insonlar etib tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining mohiyatini, xususan, Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi mablag’lari hisobidan barcha viloyat, shahar va tumanlarimizda 300 ga yaqin musiqa va san’at maktablari, 1 ming 900 dan ziyod sport inshootlari bunyod etilgani, so’nggi o’n yilda bolalar va o’smirlar o’rtasida sport bilan muntazam shug’ullanish darajasi 30 foizdan 57 foizga, qizlar o’rtasida 24 foizdan 47 foizga yetgani va boshqa misollar asosida ana shunday amaliy ishlarimizning ahamiyatini atroflicha yoritib berish;

yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati bo’lgan Qurolli Kuchlarni isloh qilish va milliy armiyamizning salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan, ko’lami va miqyosiga ko’ra ulkan o’zgarishlar bo’yicha keng tushuntirish ishlarini olib borish;

bugun biz boshimizdan kechirayotgan o’ta tahlikali zamonda, yon-atrofimizda turli tahdid va xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz bo’lgan tinchlik va osoyishtalikni ko’z qorachig’idek asrash, millatlar va fuqarolararo do’stlik va hamjihatlik, o’zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, doimo hushyor va ogoh bo’lib, tinchlik uchun kurashib yashash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini chuqur ochib berish;

O’zbekistonning xalqaro maydonda olib borayotgan, yaqin va uzoq qo’shni mamlakatlar bilan do’stona aloqalar, o’zaro hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosatini, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan qarama-qarshilik va to’qnashuvlarni faqatgina siyosiy muzokaralar, tinchlik yo’li bilan hal etish haqidagi yondashuv va qarashlarining mazmun-mohiyatini atroflicha yoritish. Xususan, mamlakatimizning hyech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmasligi, yurtimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga, harbiylarimizning xorijiy mamlakatlardagi jangovar operasiyalarda qatnashishiga yo’l qo’ymaslik bo’yicha qonuniy asosda belgilab olingan qat’iy pozisiyasini keng jamoatchilikka yetkazish.

4. O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag’ishlab aholining keng qatlamlari o’rtasida uchrashuv va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, madaniy tadbirlar o’tkazish maqsadida taniqli olimlar, adiblar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

5. Bayram tantanalari arafasida foydalanishga topshiriladigan ishlab chiqarish, ijtimoiy-madaniy obyektlarni o’z vaqtida ishga tushirish choralari ko’rilsin.

6. Respublika komissiyasi o’z yig’ilishlarida belgilangan chora-tadbirlar markazda va joylarda qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlari hisobotini muntazam ravishda eshitib borsin.

7. Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi “O’zbeknavo” estrada birlashmasi, “O’zbekkino” milliy agentligi, O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy g’oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, “Tasviriy oyina”, Yozuvchilar va Bastakorlar uyushmalari, Badiiy akademiya va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda “Istiqlol farzandlari” va “Kelajak bizniki, marra bizniki!” deb nomlangan yoshlar festivallarini, “O’zbekiston – umumiy uyimiz” respublika do’stlik va madaniyat festivalini, “Milliy g’oya – bizning g’oya” ilmiy-amaliy anjumanini, shuningdek, yurtimiz mustaqilligini tarannum etadigan eng yaxshi qo’shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini hamda “Eng ulug’, eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Ranglar jilosida – ona diyor madhi”, “Seni kuylaymiz, zamondosh!”, “Istiqlol solnomasi”, “Bu – mening Vatanim” kabi an’anaviy ko’rik-tanlovlarning yuqori darajada o’tkazilishini ta’minlasin.

8. Belgilab qo’yilsinki, o’tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda xayriya mablag’lari hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag’lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

9. O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O’zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mustaqillikning yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi

Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,

2016 yil 2 iyun

 

      “ELEKTRON HUKUMAT TO’G’RISIDA”GI 10 IYUNDAN QONUN KUCHGA KIRADI

Poytaxtimizda O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 10 iyundan kuchga kiradigan “Elektron hukumat to’g’risida”gi qonuni ijrosini ta’minlashda talab etiladigan qonunosti hujjatlari mavzuiga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi. Tadbir O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikasiya texnologiyalari masalalari qo’mitasi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

“Elektron hukumat to’g’risida”gi qonunning qabul qilingani davlat boshqaruvi tizimidagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Qonun davlat va jamiyat qurilishi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng jalb etib, fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanishida zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi.

Tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, axborot sohasi mutaxassislari “Elektron hukumat to’g’risida”gi qonunning zarur qonunosti hujjatlar bilan ta’minlanganlik darajasini muhokama qildi. Qonunni amaliyotga tatbiq etish doirasida elektron hukumatning yagona identifikatorlari ro’yxati, uni shakllantirish, yuritish va foydalanish, shuningdek, ish beruvchining o’zi taqdim etgan identifikatorga muvofiqligini aniqlash, elektron hukumatning markaziy ma’lumotlar bazalarini yaratish, ulardan foydalanish va saqlash, idoralararo elektron hamkorlik qilish, elektron davlat xizmatlarining yagona reyestrini yuritish tartiblarini belgilash muhim ahamiyatga ega. Mazkur yo’nalishlarda ayrim normativ hujjatlar qabul qilingan, qolganlarini qabul qilish bo’yicha ekspertlar guruhi ish olib bormoqda. Davra suhbatida yangi qonunni amaliyotga tatbiq etish doirasida qabul qilingan elektron davlat xizmatlarini baholash metodikasiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu metodika elektron hukumatning asosiy prinsiplaridan biri bo’lgan elektron davlat xizmatlari ko’rsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish, fuqarolarning elektron davlat xizmatlaridan foydalanishini baholash jarayoni va mexanizmini belgilab beradi.

 

      KOREYA RESPUBLIKASINING O’ZBEKISTONDAGI YANGI ELCHISI

2016 yilning 31 may kuni O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasining yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Kvon Yon Uni qabul qildi. Elchi ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi. Muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va ularni chuqurlashtirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi hamda muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi O’zbekiston-Janubiy Koreya muloqoti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.

Eslatib o’tamiz, o’tgan oyda Koreya Respublikasining avvalgi elchisi Li Uk Xyok o’z missiyasini yakunlagandi.

 

      BIOLOGLAR YURAK QARISHINI TO’XTATISH USULINI ANIQLASHDI

Yurak-qon tomir kasalliklarini tadqiq qiluvchi Milliy markaz biologlari telomerlar – xromosomalarning himoya qatlamlari – sichqon miokard hujayralarida yosh o’tgan sari tez qisqarib, yurak faoliyatini yomonlashtirishini aniqlashdi. Olimlar oqsillardan birining faolligiga bosim o’tkazib, yurak qarishining oldini olishga muvaffaq bo’lishdi. Yangi tug’ilgan sichqonlar shikast yetgan yurak mushagini samarali qayta tiklashi mumkin, biroq katta yoshli kemiruvchilarda yurak xurujlari davolab bo’lmaydigan buzilishlar - yurak yetishmovchiligi va hattoki o’limga olib keladi. Yosh o’tgan sayin kardiomisitlar, ya’ni yurakning mushak hujayralari - hujayra siklidan chiqib ketadi, bu ularning ko’payishini hamda regenerativ funksiyasini cheklaydi. Olimlar telomer uzunligining kardiomisitlar qarishi bilan bog’liq yoki bog’liq emasligini tekshirib ko’rishga qaror qilishdi. Tadqiqotchilar xromosoma uchlari sichqonlar tug’ilganidan keyingi birinchi haftada tez qisqarishini aniqlashdi. Bu esa telomerlarni qayta tiklovchi ferment - telomeraz sintezining kamayishiga to’g’ri keldi. Oxir-oqibat hujayralarning o’sishi va ko’payishiga bosim o’tkazish orqali DNK shikastlanishiga to’sqinlik qiluvchi hujayra tizimi ishga kirishadi. Tizimning bosh komponenti r21 ingibator-oqsili hisoblanadi.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      PEKINDA SHHT EKSPERTLARI UCHRASHUVI O’TKAZILDI  

2016 yilning 30-31 may kunlari Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar ekspertlari uchrashuvi bo’lib o’tdi. Yig’ilishda Qirg’iziston, Qozog’iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O’zbekiston vakillari ShHT Taraqqiyot banki va Taraqqiyot jamg’armasining tashkil etilishi va faoliyat yuritishi istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

 

      IDLIBDA HAVO ZARBALARI OQIBATIDA 23 KISHI HALOK BO’LDI

Suriyaning Idlib shahri yaqinida Rossiya Harbiy havo kuchlari samolyotlari tomonidan berilgan havo zarbalari natijasida tinch aholi vakillaridan 23 kishi halok bo’lgan. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatgan. Havo zarbalari nishonlaridan biri shifoxona yonida bo’lgan. Inson huquqlari himoyachilari tashkiloti direktori Rami Abdulrahmonning ma’lumotiga ko’ra, halok bo’lganlar orasida 7 bola bor. Qurbonlar soni ortishi mumkinligi aytilgan. Idlib – Suriyadagi "Al-Qoida" bilan aloqador "Front an-Nusra" tashkiloti jangarilari tasarrufidagi yirik shaharlardan biri hisoblanadi. Rossiya Suriyada IShID jangarilariga qarshi 2015 yilning kuzida harbiy harakatlarga kirishgandi. AQSh va uning ittifoqchilari ma’lumotiga ko’ra, Rossiya Suriyada IShIDga qarshi emas, Bashar Asad tuzumi muxoliflariga qarshi kurash olib bormoqda.

 

      YEVROPA ITTIFOQI ROSSIYANI "STRATEGIK MUAMMO" DEB HISOBLAYDI

Yevropa diplomatiyasi rahbari Federiko Mogerini ma’muriyati tomonidan tayyorlangan, YeI tashqi siyosatining o’rtamuddatli istiqboliga oid strategiyasida, YeIning Rossiya bilan munosabatlari "strategik muammo" deb baholangan. "Hamkor ham, dushman ham emas, balki strategik muammo, bu fikrimcha eng yaxshi diplomatik iboradir", — deya Yevropa bosh diplomati so’zlaridan iqtibos keltiradi OAV. Bundan tashqari, hujjat loyihasida, YeIning Rossiya bilan xalqaro maydondagi o’zaro aloqasi "cheklangan hamkorlik", deb ta’riflangan. Bunda, Mogerinining tan olishicha, Ittifoqning ayrim mamlakatlari bunday talqin qilish o’ta keskin kayfiyatni bildiradi, deb hisoblaydi va ularni yumshatishni xohlashadi. Ammo, YeIning boshqa a’zolari Rossiya "Ukrainadagi agressor davlat" sifatida baholanishini istashadi.

Shu yilning 28-29 iyun kunlari YeIga a’zo 28 davlat va hukumat rahbarlari mazkur loyihani muhokama etib, uni qabul qilishi kutilmoqda.

 

      ROSSIYA IROQDAN TURK QO’SHINLARI OLIB CHIQILISHINI TALAB QILMOQDA

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning fikricha, rasmiy Anqara Iroq hududiga o’z qo’shinlarini olib kirib, juda nomaqbul ishga qo’l urdi. Shu sabab Turkiya darhol Iroqdan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishi zarur. “Biz Turkiya Iroq hududidan o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishini talab etamiz. Bir paytlar sobiq bosh vazir bu Iroq suverenitetini ta’minlaydi, deb aytgan edi. Bu mutlaqo nomaqbul pozisiya”, - dedi Lavrov kp.ru saytiga bergan onlayn intervyusida.

 

      LAVROV: ROSSIYA DONBASSNI TASHLAB QO’YMAYDI

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya Ukrainaning janubi-sharqini tashlab qo’ymasligi hamda har tomonlama uni qo’llab-quvvatlayotgani ma’lum qildi. Bu haqida u «Komsomolskaya pravda» saytidagi jonli efirda xabar qildi. "Birinchidan, biz Ukrainaning janubi-sharqini tashlab qo’ymaymiz, u haqida unutganimizcha yo’q, aksincha biz bu mintaqani nafaqat siyosiy jihatdan, balki boshqa tomonlardan ham qo’llab-quvvatlayapmiz", - ta’kidladi vazir.

Lavrov Rossiya Donbassni qaysi sohalarda qo’llayotganiga alohida to’xtaldi: gumanitar yordam, joriy iqtisodiy masalalar, shuningdek mintaqadagi yashash tarziga doir muammolar yechimi. Shu bilan bir qatorda u Rossiya Federasiyasi Angliya, Fransiya va Germaniya hal qilishni zimmasiga olgan muammolar yechimi bilan ham shug’ullanayotganini qo’shimcha qildi.

"Biz yuqorida qayd etilgan barcha muammolarni hal qilmoqdamiz va bundan keyin ham yordamimizni ayamaymiz", - deya ta’kidladi Rossiya TIV rahbari.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      TOSHKENT SHAHRI JAMOASI “UNIVERSIADA – 2016” G’OLIBI!

Unda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti sportchi talabalarining munosib ulushi bor! Mamlakatimizda yettinchi bor o’tkazilgan Universiada tom ma’noda sport, yoshlik va go’zallik bayramiga aylandi. Mazkur musobaqalarda sportchi-talabalar basketbol, boks, voleybol, gandbol, dzyudo, yengil atletika, og’ir atletika, stol tennisi, suzish, tayekvondo (VTF), tennis, futbol, shaxmat, erkin va yunon-rum kurashi kabi sportning 15 turi bo’yicha o’zaro bellashdilar. Turfa maydonlarda yigit-qizlar nainki bellashdilar, shu bilan bir qatorda ular rosmana do’stlashdilar!

Go’zal Farg’ona shahrida g’oyat hayajonli o’tgan “Universiada – 2016” sport o’yinlari nihoyasiga yetgach, 28 may kuni g’oliblarni taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Unda Toshkent shahri jamoasi birinchi o’rinni egallagani e’lon qilindi!

G’olib jamoa yuksak mukofot – O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigining asl nusxasi va Prezident sovg’asi – “Damas” avtomobili bilan taqdirlandilar.

Bo’ynilarida shoda-shoda medallar, diplom-u sertifikatlar bilan qaytgan g’olib jamoa a’zolaridan bo’lmish O’zMU talaba-sportchilarining dil so’zlarini qog’ozga tushurdik.

Rustam Sobirjonov, Geologiya-geografiya fakulteti 2-kurs talabasi:

– Farg’onada menga avvalo muhtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning “Universiada – 2016” sport o’yinlari ishtirokchilariga tabrigi ko’tarinki ruh va kuch-qudrat baxsh etdi. Davlatimiz rahbarining biz yoshlarga e’tiborini, mehrini har qadamda his etdim. Buni O’zbekiston Milliy universitetida yaratilgan shart-sharoitlar misolida ham ko’rishimiz mumkin. Shunga yarasha nainki sport, kerak bo’lsa, barcha sohalarda hyech kimdan kam emasligimizni namoyon etishimiz shart, deb bilaman. Jamoamiz yutug’i poytaxt shahrimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning g’alabasidir. Biz shu ko’tarinki ruh bilan o’qishni davom ettirib, aziz Yurtboshimiz, ustozlarimiz va ota-onalarimizning ishonchlarini oqlashda davom etaveramiz.

Iroda Valijonova, Jurnalistika fakulteti 1-kurs talabasi:

– Bu sport o’yinlari hayotimdagi eng yorqin sahifalardan biriga aylandi. Gandboll o’yinida Andijon, Samarqand viloyatlari qizlari jamoalari bilan o’tkazgan bellashuvlarimiz juda hayajonli bo’ldi. Qo’sha-qo’sha mukofotlar orasida mening qalbimga to abad muhrlangani O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari, Xotin-qizlar qo’mitasi raisi E.Bositxonovaning ota-onam nomiga yo’llangan “Tashakkurnoma”si bo’lganini alohida ta’kidlamoqchiman. Unda bitilgan quyidagi so’zlar menga qanot baxsh etdi, desam mubolag’a bo’lmaydi:

“Aziz farzandingiz Farg’onada bo’lib o’tgan “Universiada – 2016” musobaqalarida faol qatnashib o’zining jismonan yetukligi, mahoratini namoyish etib, yoshlar kamoloti, kelajagi uchun cheksiz imkoniyatlar, istiqbol eshigini ochayotgan Yurtboshimizning, ustozlarining ishonchini oqladi.

Buning uchun Sizga farzandingizni baxtu rohatini ko’rish saodatini tilayman!

Vatanimiz istiqboli, buyuk kelajagiga xizmat qiladigan shunday farzandni kamolga yetkazganingiz uchun tashakkur bildiraman!”

Bobur Sattorov, Mexanika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi:

– Milliy universitetimizda tahsil olib, shaxmat bo’yicha jahon chempioni darajasiga chiqqan Rustam Qosimjonovga juda havas qilganman. “Universiada – 2016” sport o’yinlari ana shu orzu-havaslarim ro’yobga chiqishida imkoniyatlar maydoni bo’ldi. Kelgusida ona Vatanim bayrog’i ostida dunyoga chiqish uchun faqat olg’a intilaveraman.

Ma’lumot o’rnida ta’kidlash joizki, mazkur musobaqalarda ikkinchi va uchinchi o’rinlarni egallagan Farg’ona va Samarqand viloyatlari jamoalariga ham O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg’asi – “Damas” avtomobillari topshirildi.

 

      IJTIMOIY FANLAR VA TA’LIM MASALALARI

Ta’lim sohasida ijtimoiy fanlarning o’rni alohida. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida “Ijtimoiy fanlar: holati, tutash manzillari va ta’lim masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi.

Unda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti “Yetakchi” Yoshlar markazi, respublika oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.

– Prezidentimiz Islom Karimovning “Bilimli va aql-zakovatli yetuk avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror rivojlantirish va modernizasiyalashning muhim sharti” sarlavhali ma’ruzasida qator vazifalar belgilangan,– dedi anjumanni kirish so’zi bilan ochgan O’zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov.– Bu istiqbolli dastur asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning ezgu maqsadlaridan biri – hyech kimdan kam bo’lmagan, o’zining mustahkam fuqarolik pozisiyasiga ega, yuqori intellektual qudrat va zamonaviy kasb sohibi bo’lgan yosh avlodni tarbiyalashdan iborat. Bu ezgu yo’lda faylasuf va sosiolog olimlarimiz zamon talablariga mos ko’p vazifalarni amalga oshirishlariga umid qilamiz.

Ilmiy-amaliy konferensiyada O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix instituti direktori Ravshan Abdullayev, professor Dilorom Alimova, Jizzax davlat pedagogika instituti rektori Abdug’ani Xolbekov, Toshkent davlat texnika universiteti professori Baxtiyor Karimov, O’zbekiston Milliy unversiteti professorlari Ma’rifat G’aniyeva, Shahnoza Madayeva va boshqalar mamlakatimizda ijtimoiy fanlarning holati hamda rivojlanishining istiqbolli yo’nalishlari, innovasion salohiyatini oshirish, sosial sohada keng qamrovli empirik tadqiqotlar o’tkazishni kengaytirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy metodik yondashuvlarni joriy etishning dolzarb masalalari haqida so’z yuritdilar.

Konferensiyada “Ijtimoiy fanlardagi innovasiyalar: kecha, bugun va istiqbolda”, “Ijtimoiy fanlarda empirik tadqiqotlar: nazariyadan amaliyotga”, “Ta’lim tizimini isloh etishda zamonaviy yondashuvlar”, “Yoshlar tarbiyasida ta’lim va ijtimoiy fanlar uyg’unligi” mavzulari yuzasidan qilingan ma’ruzalar tinglovchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

Anjumanda jahon ta’lim tizimining ilg’or an’analari asosida o’quv jarayonini yanada takomillashtirish, ijtimoiy fanlarni o’qitishda zamonaviy axborot va pedagogik texnologiyalarni qo’llash, yangi turkumdagi darslik va o’quv qo’llanmalarni yaratish borasida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

      “INTELLEKTUAL SALOHIYAT – TARAQQIYOT MEZONI”

Yosh tadqiqotchining qay darajada iqtidorli ekanligi birinchi galda – ilmiy maqolalarida namoyon bo’ladi. Matbuotda, ilmiy to’plam va boshqa nashrlarda yoritilgan maqolalar o’sha muallifning salohiyatini ko’rsatadi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida yaqinda ikkita ilmiy maqolalar to’plami nashr etildi. Birinchisi, “Professor-o’qituvchi, katta ilmiy xodim, mustaqil izlanuvchi hamda iqtidorli talabalarning ilmiy maqolalari va dars ishlanmalari” deb nomlangan. Ikkinchisi, “Intellektual salohiyat – taraqqiyot mezoni” ilmiy maqolalar to’plamidir.

Mazkur to’plamlarda turli yo’nalishlarda izlanishlar olib borishayotgan bir guruh yosh tadqiqotchilarning ilmiy maqolalari o’rin olgan.

To’plamlarni yosh tadqiqotchi Muhammadsodiq Sayfullayev nashrga tayyorlagan. Ularga Yoqutxon Mamatova, Zoir Tohirov, Mahliyo Mirsoatova kabi jurnalist-olimlar mas’ul muharrirlik qilganlar.

 

      SARHISOB

O’quv yili boshida belgilangan rejalar amalga oshirilgach, albatta sarhisob qilinadi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetining navbatdagi Kengashida avvalo Farg’ona shahrida o’tkazilgan “Universiada – 2016” sport o’yinlarida birinchi o’rinni egallagan Toshkent shahri jamoasi tarkibida faol harakatlari bilan sovrinli o’rinlarni egallab kumush va bronza medallari sohibiga aylanishgan Geologiya-geografiya fakulteti 2-kurs talabasi Rustam Sobirjonov, Jurnalistika fakulteti 1-kurs talabasi Iroda Valijonova va Mexanika-matematika fakulteti 3-kurs talabasi Bobur Sattorovlar “Diplom” hamda esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil may oyida qabul qilingan “O’zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va “2016/2017 o’quv yilida O’zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish to’g’risida”gi Qarorlarida har bir mutasaddi va professor-o’qituvchi zimmasiga qator vazifalar yuklatilgan.

– Jahonning rivojlangan mamlakatlaridagi yetakchi universitetlar va oliy o’quv yurtlari bilan qalin hamkorlik doirasida keng ko’lamda ishtirok etgan holda universitetimizda 2016/2017 o’quv yili boshlangunga qadar barcha o’quv rejalari va dasturlarini tubdan qayta ishlab chiqilishini nihoyasiga yetkazishni ta’minlashimiz lozim,– dedi O’zMU birinchi prorektori Fayzulla Agzamov.– Bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim vazifalar shundan iboratki, fanlarni o’qitishning eskirgan, umrini o’tab bo’lgan yondashuv va uslublaridan batamom voz kechishimiz, bakalavriat va magistraturada jahon fani va ilg’or pedagogik texnologiyalarning zamonaviy yutuqlariga asoslangan yangi o’quv rejalari va dasturlarini joriy etishimiz zarur.

Kengashda Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, Harbiy kafedra boshlig’i Shavkat O’rinov, O’zMU qoshidagi professor-o’qituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish Mintaqaviy markazi direktori Faxriddin Esonboboyev, Xotin-qizlar kengashi raisi La’lixon Muhammadjonova, Tibbiy tayyorgarlik bo’limi boshlig’i Ra’no Rustamovalarning o’quv yili davomida amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Aytish joizki, yakuniga yetayotgan o’quv yilida Milliy universitetimizda ta’lim sifatini oshirish bilan bir qatorda tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etilgan Murabbiylar kengashi samarali faoliyat ko’rsatmoqda. Talabalarni yetuk ma’naviyatli, komil inson qilib tarbiyalashda murabbiylarning o’rni beqiyos. Yil boshidan har bir fakultet kesimida Murabbiylar kengashi tashkil etilib, reja asosida ish yuritilmoqda. Har hafta murabbiylar tomonidan “Axborot va ma’naviyat soatlari” mashg’ulotlari o’tkazib kelindi. Barcha fakultetlarda “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan!” shiori ostida “Mustaqillik darslari”, “Jasorat darslari”, “Tinchlik darslari” yuqori saviyada tashkil etildi.

“Axborot soatlari” materiallari www.nuu.uz va www.uchildiz.uz saytlari orqali talabalar e’tiboriga havola etib borilmoqda. O’quv yili mobaynida o’tkazilgan turli ma’naviy tadbirlar haqidagi maqola va xabarlar “Ma’naviyat va axborot saboqlari” to’plamida chop etildi.

O’zMU Madaniyat saroyida, O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat markazi”da, Talabalar turar-joylarida qiziqarli uchrashuvlar tashkil etildi. “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” mavzui doirasida O’zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi Muhammad Ali, xalq artisti Yodgor Sa’diyev kabi taniqli ijodkorlar va san’atkorlar bilan o’tkazilgan ijodiy uchrashuvlar talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Bu yildan talabalar o’rtasida tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish maqsadida yangi tizim joriy etilmoqda. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Yoshlar siyosati, ta’lim, madaniyat, sport masalalari kompleksining 2016 yil 12 yanvardagi “Mamlakatimiz Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya maslahatchilari maktabi tizimini joriy etish to’g’risida”gi 8-son majlis bayoni e’lon qilingan. Ushbu hujjatda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida “Universitetning ta’lim-tarbiya maslahatchilari maktabi xususidagi Nizomi” tasdiqlandi. Unga ko’ra universitet ta’lim-tarbiya maslahatchilari lavozimiga tajribali o’qituvchilar jalb etilmoqda. Tarbiya – har bir murabbiy ish faoliyatining o’zagi, yosh avlod hayoti mazmuniga aylangandagina o’z samarasini beradi.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.