O'zMU » Axborot soatlari » AXBOROT SOATLARI 2-2016 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealari (5-10 sentyabr kunlari) MIRZO ULUGBEK NOMIDAGI OZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI AXBOROT SOATLARI 2-2016 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealari (5-10 sentyabr kunlari)

“AXBOROT SOATLARI” 2-2016

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealari (5-10 sentyabr kunlari)

MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” 2-2016

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqealari (5-10 sentyabr kunlari)

 

TOSHKENT

O‘zMU – 2016

 

 

 

I. O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

2016 YIL 4 DEKABR PREZIDENT SAYLOVI KUNI

2016 yilning 9 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, siyosiy partiyalarning rahbarlari va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov xotirasini yod etib, hurmat bajo keltirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96, 117-moddalari hamda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunning 8-moddasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 9-moddalariga muvofiq 2016 yil 4 dekabr, yakshanba kunini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

SHu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning 9 sentyabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanganligini e’lon qildi.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi ham tasdiqlandi.

Majlisda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar Markaziy saylov komissiyasi, tuziladigan saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi Qonunga to‘liq muvofiq holda amalga oshirilishi ta’kidlandi.

SHuningdek, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazini tuzish haqida qaror qabul qildi. Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 16-uy manzili bo‘yicha joylashgan.

SHu kunning o‘zida mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

 

SHAVKAT MIRZIYOEVNING OLIY MAJLIS QO‘SHMA MAJLISIDA SO‘ZLAGAN NUTQIDAGI ASOSIY JIHATLAR  

Bugun biz xalqimizni ishontirib, baland ovoz bilan aytishimiz zarurki, buyuk ustozimizning siyosiy merosi, ya’ni, u kishi belgilab bergan taraqqiyotimizning asosiy tamoyillari, ustuvor yo‘nalishlar, maqsad va vazifalarni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Birinchidan, biz har doim Islom Abdug‘anievich Karimovning chuqur ma’noli o‘gitlarini, ayniqsa, “Bizga tinchlik va omonlik kerak!” degan so‘zlarini hech qachon esdan chiqarmasligimiz lozim.

Turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bugungi tahlikali vaziyatda bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek saqlashimiz, yurtimizdagi millatlar va dinlararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlashimiz kerak.

SHu bilan birga, jamiyatimizda qonun ustuvorligi, tartib-intizom, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashimiz zarur. Barchamizga ma’lumki, Islom Abdug‘anievich Karimov “Odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi”, deb ko‘p-ko‘p ta’kidlar edilar. Biz barpo etayotgan huquqiy davlatda adolatsizlikning hech qanday shaklda ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu hokimiyatning barcha tarmoqlari, eng avvalo, davlat boshqaruvi organlarining va ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlarining birinchi darajali vazifasidir. Biz xalqimizning, bugungi zamonning ana shu muhim talabi so‘zsiz bajarilishini ta’minlashimiz shart.

Ikkinchidan, davlatimiz xavfsizligini har tomonlama mustahkamlashimiz, har bir fuqaroning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashimiz lozim. Vaziyatni izdan chiqarish, nifoq solish, dushmanlik urug‘ini sepish, turli mojarolarni keltirib chiqarish va hatto qon to‘kilishini istayotgan kuchlar ham mavjudligi hech kimga sir emas.

Ochiq tan olish kerak, biz notinch zamonda, notinch bir mintaqada yashamoqdamiz. SHu sababli Vatanimiz himoyasini ishonchli kafolatlayotgan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlayotgan va davlat chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlayotgan tizimli chora-tadbirlar kompleksini joriy etishni qat’iyat bilan davom ettirishimiz zarur.

Biz Qurolli Kuchlarimiz va huquq-tartibot organlarimizni bundan keyin ham har tomonlama mustahkamlab boramiz. Hech kimda zarracha ham shubha bo‘lmasligi kerak – mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligiga xavf tug‘diradigan ichki va tashqi kuchlarning har qanday harakatlariga, har qanday urinishlariga qat’iy va munosib zarba beriladi.

Bizning yana bir eng muhim ustuvor vazifamiz – Islom Abdug‘anievich Karimov tomonidan ishlab chiqilgan “o‘zbek modeli”ning asosi bo‘lmish besh tamoyilni amalga oshirish asosida iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish va uning raqobatdoshligini ta’minlashdan iborat.

Mamlakatimizning kelgusi rivoji, xalqimiz farovonligi, uning turmush darajasi va sifatini yuksaltirish aynan shu masalaga bog‘liq.

Jahon iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari sekinlashib, eng muhim eksport tovarlarimizga tashqi talab kamayib, dunyo bozorida ularning narxi pasayib borayotgan sharoitda Islom Abdug‘anievich Karimov tomonidan iqtisodiyotimizni isloh qilishni chuqurlashtirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalarni bajarishga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz kerak.

SHu bilan birga, Oliy Majlis palatalarining 2015 yil yanvar oyidagi qo‘shma majlisida taklif etilgan Vazirlar Mahkamasining Harakat dasturini amalda bajarishni davom ettirish zarur. Bu borada iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishni davom ettirish, xususiy mulkni rivojlantirishni jadallashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirish va tarkibiy o‘zgartirishlarni jadallashtirishga qaratilgan ishlarni izchil amalga oshirish muhim ahamiyatga egadir.

YUqorida aytilgan fikrlardan kelib chiqqan holda, asosiy diqqat-e’tiborni quyidagi ustuvor vazifalarga qaratish zarur, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va keyingi yillardagi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish zarur. Milliy valyutamiz barqarorligini ta’minlash, bank tizimini mustahkamlash, mamlakatimizda va mahalliy darajada byudjet barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.

Bunda chetdan qarz olish bo‘yicha konservativ yondashuv siyosatini davom ettirish, davlatning tashqi qarzi haddan ziyod oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Bularning barchasi Islom Abdug‘anievich Karimovning avvalo o‘zimizning kuch va imkoniyatlarimizga tayanish zarurligi haqidagi uzoqni ko‘zlagan strategiyasini davom ettirish bilan bog‘liq.

Ikkinchidan, nodir va qimmatbaho metallarni chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat va kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirishimiz zarur.

Uchinchidan, tashqi bozorlarda raqobat va beqarorlik kuchayib borayotgan sharoitda iqtisodiyotning real tarmoqlari bilan bir qatorda mamlakatimiz hududlarida ham raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksport salohiyatini oshirish alohida ahamiyatga ega.

Ana shu maqsadda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklarining eksportda ishtirok etishini yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bu iqtisodiy o‘sish, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish, aholining mehnat bilan bandligini ta’minlash va moddiy farovonligini oshirishning asosiy lokomotivi bo‘lishi kerak.

To‘rtinchidan, Islom Abdug‘anievich Karimovning xususiy tadbirkorlik va kichik biznes sub’ektlari manfaatlarini mustahkam himoya qilish to‘g‘risidagi talab va topshiriqlari ijrosini izchil davom ettirish darkor. Turli byurokratik to‘siqlar va asossiz tekshiruvlarni bundan keyin ham qat’iyat bilan cheklash zarur.

Beshinchidan, eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifa – Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan Aholining mehnat bilan bandligini oshirish dasturini bajarishdan iborat. Yil oxiriga qadar bir milliondan ziyod yangi ish o‘rinlarini tashkil etishimiz zarur. Kasb-hunar kollejlarining 480 ming nafar bitiruvchisini ishga joylashtirish masalasi alohida nazoratni talab qiladi.

Biz jamiyatning ijtimoiy tabaqalanish darajasini pasaytirish, mamlakatimizda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmasligi bo‘yicha Islom Abdug‘anievich tomonidan belgilab berilgan siyosatni qat’iy davom ettiramiz.

Oltinchidan, xalqaro kommunikatsiya tarmoqlariga ulangan zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik infratuzilmasini shakllantirish, shuningdek, milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan puxta o‘ylangan va ishlab chiqilgan strategiyani amalga oshirishni davom ettiramiz.

Bugungi sharoitda eng ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu sohada qabul qilingan Milliy dasturga muvofiq, telekommunikatsiya texnologiyalarini, aloqa tizimlari va infratuzilmasini yanada rivojlantirish, informatsion tizimlar komplekslari va “Elektron hukumat” axborot bazasini shakllantirishimiz kerak.

Mamlakatimiz hududlarini kompleks rivojlantirish sohasidagi ishlarni davom ettirib, Qarshi, SHahrisabz, Toshkent, Termiz, Namangan va Urganch shaharlarini obodonlashtirish bo‘yicha mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlarning amalda bajarilishini ta’minlash kerak.

Qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi vazifa – ko‘p tarmoqli fermerlikni rivojlantirish, har bir fermer xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi va moliyaviy barqarorligini ta’minlashdir. Bu masalani biz mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning garovi deb hisoblaymiz.

Islom Abdug‘anievich Karimov tashabbuskori bo‘lgan qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qishloq aholisi uchun shahar darajasidagi turmush sharoitini ta’minlaydigan namunaviy uy-joylarni va tegishli infratuzilmani qurish bo‘yicha dasturni faol davom ettiramiz.

Ta’lim va tarbiya, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sportni rivojlantirish masalalari, yoshlarimizning chuqur bilimga ega bo‘lishi, chet tillarini va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta egallashini ta’minlash doimiy ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Eng muhim yo‘nalishlardan yana biri – jamiyatimizda demokratik jarayonlarni chuqurlashtirish, fuqarolik institutlari rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, siyosiy partiyalarning obro‘-e’tibori va ta’sirini oshirish, saylovchilarning ovozi uchun raqobatni kuchaytirishdan iborat.

Biz bundan buyon ham barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligimizni davom ettiramiz. Hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning harbiy bazalari va ob’ektlari O‘zbekiston hududida joylashishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ilgarigidek, davlatimizning qat’iy siyosiy pozitsiyasi bo‘lib qoladi.

Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz o‘zimizning yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz.

Tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bu – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan aloqalarimizni mustahkamlashdan iborat. Birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi bilan Strategik sheriklik, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar va boshqa muhim kelishuvlar asosida do‘stona aloqalarni izchil rivojlantirish va kuchaytirish ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi va mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Amerika Qo‘shma SHtatlari bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish bizning tashqi siyosatimizda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston mintaqadagi yaqin qo‘shnimiz hamda global va mintaqaviy muammolarni echishda muhim rol o‘ynaydigan Xitoy Xalq Respublikasibilan har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdordir.

Osiyo va Tinch okeani mintaqasida biz YAponiya, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiyot, investitsiyalar, fan va texnologiyalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga ustuvor darajada ahamiyat beramiz.

O‘zbekiston uchun Evropaning etakchi davlatlari, avvalambor Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya, Markaziy va SHarqiy Evropa davlatlaribilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Biz Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa davlatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan an’anaviy ravishda yaqin qo‘shnichilik va do‘stona siyosat olib boradi. Biz YAqin va O‘rta SHarq davlatlari bilan o‘zaro manfaatli va keng qirrali munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettiramiz. Lotin Amerikasi va Karib mintaqasi, Afrika qit’asining etakchi davlatlari bilan aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, SHanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan faol munosabatlar va hamkorlik olib borish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.

Biz Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar bilan davlatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.

 

VLADIMIR PUTIN ISLOM KARIMOV XOTIRASIGA HURMAT BAJO KELTIRDI  

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasini yod etish marosimlari davom etmoqda.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 6 sentyabr kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SHavkat Mirziyoev kutib oldi.

Vladimir Putin va SHavkat Mirziyoev O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydilar va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi va uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Rossiya Federatsiyasi rahbari Samarqand shahridagi Forumlar majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillaevaga chuqur hamdardlik izhor etdi.

Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SHavkat Mirziyoev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, 2005 yil 14 noyabrda imzolangan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma asosida izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zaro hamkorlik keng ko‘lamli va samarali bo‘lib, hukumatlararo va idoralararo aloqalar oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Mamlakatlarimiz BMT, SHHT, MDH kabi xalqaro tuzilmalar doirasida ham samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SHavkat Mirziyoev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga xalqimizning ardoqli farzandi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini yod etish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashrif Vladimir Putinning Islom Karimovga, O‘zbekiston xalqiga yuksak hurmatidan dalolat berishini qayd etdi. O‘zbekiston Islom Karimov va Vladimir Putin asos solgan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini davom ettirishi va yanada mustahkamlashini alohida ta’kidladi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston uchun, o‘z xalqining farovonligi uchun ulkan ishlar qilgani, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlagani, bu mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilganini alohida ta’kidladi. Rossiya davlatlarimizning o‘zaro hamkorligini davom ettirish va rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

SHu bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga etdi.

 

SHAVKAT MIRZIYOEV «BOING – FUQARO SAMOLYOTLARI» KOMPANIYASI PREZIDENTI BILAN UCHRASHDI  

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri SHavkat Mirziyoev 7 sentyabr kuni «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov vafoti munosabati bilan Reymond Konner «Boeing» kompaniyasi nomidan O‘zbekiston hukumati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.

«Boeing» kompaniyasi bilan fuqaro aviatsiyasi sohasida erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov qo‘shma loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani samarasi ekani ta’kidlandi.

Bugun «Boeing» kompaniyasi O‘zbekistonning yo‘lovchi tashiydigan zamonaviy samolyotlar etkazib berish, ulardan foydalanish va xizmat ko‘rsatish borasidagi ishonchli hamkori hisoblanadi. «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15ta «Boeing» samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniya tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko‘pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va bu aviakompaniyamizning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida milliy aviakompaniya samolyotlari safiga eng zamonaviy va shinam «Boeing 787 Dreamliner» havo kemasi ham qo‘shildi. Mazkur layner shu yilning 5 sentyabridan Urganch, Buxoro va Nukus shaharlariga dastlabki parvozlarni amalga oshirgan bo‘lsa, kelgusi haftadan xalqaro aviayo‘nalishlarga qatnay boshlaydi. Joriy yilning noyabr oyida esa O‘zbekistonga ikkinchi «Dreamliner» keltiriladi.

O‘zbekistonda, jumladan, milliy aviakompaniya o‘quv-mashg‘ulot markazini kompleks trenajyor uskunalari bilan ta’minlash orqali uchuvchi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikda samarali ishlar olib borilmoqda. SHu yilning yanvar oyida yangi qo‘shma loyiha – «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi bazasida zamonaviy samolyotlar konstruksiyasining yirik kompozit materiallarini ta’mirlash bo‘yicha mintaqaviy markaz ishga tushirildi. Reymond Konner qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va u rahbarlik qilayotgan kompaniya o‘zbekistonlik hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

 

II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

PAN GI MUN: KXDRNING YADRO SINOVI SURIYA INQIROZIDAN JIDDIYROQDIR

BMT bosh kotibi Pan Gi Munning bayonot berishicha, KXDRning yadro sinovlari jahon hamjamiyati duch kelayotgan jiddiy muammolardan biridir, deb xabar qilmoqda Associated Press agentligi. Bosh kotibning qayd etishicha, SHimoliy Koreyaning yadro qurolini qo‘llashi oqibatlari Suriya inqirozi va boshqa mojarolarning oqibatlaridan ham ayanchliroq bo‘lishi mumkin. «Men ular nima uchun o‘zlarini shunday tutayotganini tushuna olmayapman. Albatta, oddiy koreys fuqarosi hamda Bosh kotib sifatida bunday vaziyatdan judayam tashvishdaman», — degan Pan Gi Mun.

KXDR 9 sentyabr kun yadro sinovi o‘tkazgani xabar qilingan edi.

 

AQSH O‘ZI QILAYOTGAN ISHLARDA BOSHQA DAVLATLARNI AYBLAMOQDA  

P PhotoAQSH Rossiya va boshqa davlatlarni fitnalarda ayblayotgan bo‘lsa-da, aslida uning hatti-harakatlari fitnalidir, deb yozmoqda The National Interest nashri. Maqola muallifi Ted Galen Karpenter o‘z maqolasida turli xil vaziyatlarni tahlil qilib, AQSH qurolli kuchlarining ayblovi, ularning harakatlariga tamoman zidligini ta’kidlaydi. YA’ni, Amerika qurolli kuchlari o‘z hududlaridan uzoqda bo‘lishi hamda boshqa davlatlarning milliy manfaatlari doirasida harakatlanganiga qaramay, aynan o‘sha davlatlarni fitnalarda ayblamoqda.

"Bu mavzu, bizlar eng ko‘p duch kelayotgan masaladir: go‘yo AQSHning xalqaro harbiy maydondagi barcha harakatlari nafaqat qarshilikka uchramasligi, balki bu borada savol yoki tanqidga o‘rin qoldirmasligi kerak",— deb yozadi muallif.

Karpenter o‘z fikrining isboti sifatida Rossiya bilan Suriya, Boltiqbo‘yida, Eron bilan Fors ko‘rfazida, Xitoy bilan Janubiy Xitoy dengizida yuz bergan vaziyatlarni yodga oladi.

Xususan, Vashington va Amerika OAV Moskvani Suriya mojarosiga harbiy aralashuvini qoralar ekan, o‘zining undagi ishtirokini nafaqat normal holat, aksincha zarurat nuqta-i nazaridan baholagandi.

"Amerika lochinlari, Suriya Rossiya chegaralaridan ming kilometrdan ham kamroq uzoqlikda joylashganiga e’tibor ham bermay, Rossiyaning harakatlaridan g‘azablanmoqda. Buning ustiga, hukmron Asad oilasi qachonlardan beri Moskvaning "siyosiy mijozi" hisoblanadi", — deya izohlaydi Karpenter.

AQSH Boltiqbo‘yida ham xuddi shunday ikki xil standartlar siyosatini qo‘llayapti. Rasmiy Vashington, bir necha marta Rossiya harbiy kemasi yoki samolyoti Amerika harbiy kemalariga noqulaylik yaratganidan kuyinib shikoyat qildi. Ammo, nahotki, hukumat vakillarining miyasiga, rasmiy Moskva, Rossiya chegaralarining bevosita yaqinida harakatlanayotgan amerikaliklarni tahdid sifatida ko‘rishga to‘la haqli, degan fikr kelmagan bo‘lsa. 

"AQSH qurolli kuchlarining har qanday harakati, hatto ular boshqa yirik davlatlarning yaqinida amalga oshirilganida ham fitnaga sabab bo‘la olmaydi, degan pozitsiya tobora kuchayib borayapti". Muallifning yozishicha, Vashington o‘z hududidan minglab kilometr uzoqlikdagi Janubiy Xitoy dengizida ham xuddi shunday yo‘l tutmoqda. Albatta, AQSH bu holatda o‘zining emas, balki Xitoy HHK va HDFning amaliyotlarini "xavfli, fitnali va nomaqbul" deya jar solgan, garchi bu mintaqa AQSHdan ko‘ra XXRga yaqinroq bo‘la ham. Avgust oyida Fors ko‘rfazida AQSH va Eron kemalari xavfli masofada yaqinlashdi. Islom respublikasining uncha katta bo‘lmagan patrul kemasi Amerikaning minonosetsini quvib etib, uni kuzatib qo‘ydi. Oq uy shu ondayoq, bu hodisani "dahshatli finta" deya baholadi. "Aftidan, hech kim bu voqeani AQSH fitnasi deb hisoblamagan ko‘rinadi. Axir, og‘ir qurollangan minonosetsni boshqa harbiy kemalar hamrohligida o‘z hududidan 6 ming mil uzoqlikda, Eron sohillarining bir necha mil yaqinida boshqarish fitnadan boshqa narsa emas-ku", — deya kuyinadi maqola muallifi. Karpenterning so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati va OAV, boshqa mamlakatlar AQSHning bu kabi hatti-harakatlarini do‘stona qabul qilmasligi tabiiy hol ekanini anglab etishi kerak. "Biz yaxshi insonlarmiz, shuning uchun biz nima qilsak xato ham emas, fitna ham", degan, faqat o‘zini qoniqtiradigan fikr— bir vaktning o‘zida ham xavfli, ham xomxayoldir", — deb xulosa qilgan Ted Galen Karpenter.

 

JORJ BUSHNING 11 SENTYABRDAGI MULOQOTLARI E’LON QILINDI

AQSHning sobiq prezidenti Jorj Bushning 2001 yil 11 sentyabr qo‘poruvchiliklari chog‘ida, prezident samolyoti bortida olib borgan muzokaralarining to‘liq matni e’lon qilindi. Uni, Bushning matbuot kotibi Ari Fleysher oshkor qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Fleysher prezident og‘zidan chiqqan deyarli har bir so‘zni yozib olgan, deb izohlamoqda RIA Novosti.

«Men buni kim amalga oshirganini tezroq aniqlash uchun o‘zimni zo‘rg‘a tiya olayapman. Bu ancha vaqtni oladi, ammo jazosi engil bo‘lmaydi», — deya Bush so‘zlarini keltiradi agentlik. Fleysher yozuvlariga ko‘ra, sobiq prezident maxsus xizmatlarning taqiqiga ham qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rgan. Bush Vashingtonga qaytishni xohlaganida, uning yordamchisi poytaxtda notinchligini aytadi. Fleysher stenogrammasida shuningdek, prezident samolyoti bortida bo‘lib o‘tgan qandaydir suhbat ham yodga olinadi. Unda: «Navbatdagi — farishta» deyilgan. «Farishta» so‘zi prezident samolyotining kodlangan nomi bo‘lgani bois, havo laynerida bo‘lganlar, terrorchilarning navbatdagi nishoni bo‘lishdan xavotirlanishgan. Keyinroq aniqlanishicha, xabar xato bo‘lgan. SHu sabab, Amerikaning birinchi raqamli bortidagi aloqa tizimi butunlay yangilangan. SHuningdek, matbuot kotibi yozuvlarida Bushning o‘z oilasi va iti Berni hayotiga qayg‘urgani haqida so‘z boradi.

 

III. MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

MILLIY UNIVERSITETDA O‘ZBEKISTONNING BIRINCHI PREZIDENTI XOTIRASIGA BAG‘ISHLANGAN «XOTIRA DARSLARI» BO‘LIB O‘TDI  

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti bosh binosi foyesiga o‘rnatilgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov surati poyiga 4 sentyabr kuni erta tongdan minglab talaba-yoshlar va pedagog xodimlar gullar qo‘yishib, ta’zim bajo ayladilar.

SHundan so‘ng o‘quv zallarida, keng va shinam auditoriyalarda boshlangan “Xotira darslari”ni talabalar qunt bilan tingladilar.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Botir Usmonov, O‘zMU rektori Abdurahim Abdushukurov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov butun faoliyati davomida ta’lim sohasiga alohida e’tibor bilan qarab, uni davlat siyosati darajasiga ko‘targani, yosh avlod kamoloti yo‘lida muntazam g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini alohida ta’kidladilar.

Aytish joizki, Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga SHarqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda. Bu tarixiy Farmonda, Vatan va millat taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan jadid ziyolilarimizning buyuk xizmatlarini e’tirof etish, tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlar qalbida istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini tarbiyalash, umuminsoniy va milliy ilm-fan qadriyatlarini avlodlar ongiga teran singdirish, Toshkent Davlat universitetining azaliy yuksak mavqeini o‘z joyiga qo‘yish, Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 9 apreldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan bu o‘quv dargohining yubileyi katta tantanalar bilan nishonlangani tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish vazifalari ham belgilangan.

SHuni alohida ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari Islom Karimov o‘z faoliyati davomida bir necha bor “YOshlik” talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, bu maskanning qiyofasini tubdan o‘zgartirishga, qator inshootlar bunyod etilishiga rahnamolik qilganlarini, talabalar bilan o‘tkazgan suhbatlarida yoshlar qalbida kelajakka yanada umid va ishonch uyg‘otganini bugun barchamiz entikib eslaymiz.

YUrtboshimiz Milliy universitetimizga alohida ehtirom bilan qarar ekan, uni – mamlakatimizda Karvonboshi universitet, deya ta’riflagani professor-o‘qituvchilarimiz, olimlarimizga ruhan qanot baxsh etgan.

Qariyb bir asr mobaynida respublikamizdagi o‘nlab universitetlar va institutlar mana shu oliy ta’lim muassasasi zaminida paydo bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 13 may kuni qabul qilingan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra o‘z faoliyatini boshlayotgan yangi universitet ham O‘zMUning o‘zbek filologiyasi fakulteti va boshqa ta’lim muassasalari negizida vujudga kelgan.

Bugungi talaba-yoshlar Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qolayotganini teran anglaydilar.

“Xotira darslari” davomida maxsus monitorda namoyish etilgan “Marra – bizniki” deb nomlangan film talabalarda katta taassurot qoldirdi.

 

MILLIY UNIVERSITET KENGASHIDA

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining navbatdagi Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish avvalida universitet rektori Abdurahim Abdushukurov Biologiya fakulteti “Biotexnologiya” kafedrasi mudiri Dilbar Mirzarahmetovaga Texnika fanlari doktori diplomini tantanali ravishda topshirib, ilmiy-pedagogik ishlariga omadlar tiladi. Aytish o‘rinliki, Milliy universitetimizda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilayotgan katta ilmiy xodim izlanuvchilar va mustaqil tadqiqotchilar soni tobora ortib bormoqda.

Kengash raisi, universitet rektori Abdurahim Abdushukurovning “O‘zbekiston Milliy universitetida mustaqillik davrida amalga oshirilgan ishlar va oldimizda turgan muhim vazifalar to‘g‘risida”gi ma’ruzasini yig‘ilish ishtirokchilari katta qiziqish bilan tingladilar.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, yurtimiz mustaqilligi yillarida ta’lim sohasiga, xususan, universitetimizga alohida e’tibor bilan qaraldi. Davlatimiz rahbari Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga SHarqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish vazifalari ham belgilangan.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘z faoliyati davomida bir necha bor “YOshlik” talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, bu maskanning qiyofasini tubdan o‘zgartirishga, qator inshootlar bunyod etilishiga rahnamolik qilganlarini, talabalar bilan o‘tkazgan suhbatlarida yoshlar qalbida kelajakka yanada umid va ishonch uyg‘otganini bugun barchamiz entikib eslaymiz. YUrtboshimiz Milliy universitetimizga alohida ehtirom bilan qarar ekan, uni – mamlakatimizda Karvonboshi universitet, deya ta’riflagani professor-o‘qituvchilarimiz, olimlarimizga ruhan qanot baxsh etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini barcha ziyolilari qatori Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi ham cheksiz quvonch va hayajon bilan kutib oldilar. Ushbu Farmonga binoan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy g‘oyani rivojlantirish, ma’naviyatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash yo‘lida katta hissa qo‘shgan, yorqin iste’dodi va ijodi, ilmiy faoliyati, halol xizmati, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Fotonika” kafedrasi professori Valiev Uyg‘un Vohidovich “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan 27 avgust kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi katta majlislar zalida vazirlik huzuridagi markazlar hamda oliy ta’lim muassasalarining 140 nafar xodimini “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy universitetining o‘n nafar professor-o‘qituvchilari ham borligi bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Universitet rektori galdagi vazifalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

Kengash kun tartibiga binoan O‘zMU O‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Zafarjon Jabborov, Moliya va iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektor Otabek Jumaev, O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Fayzulla Agzamov, Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Akrom Toshpo‘latov va boshqalar 2015-2016 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda 2016-2017 o‘quv yili rejalari, O‘zMU elektron jurnalini tashkil etish va boshqa muhim masalalar haqida so‘z yuritdilar.

Kengash ishida O‘zMUning o‘quv-uslubiy, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, moliya va iqtisod, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan ishlash bo‘yicha 2016-2017 o‘quv yili ish rejalari tasdiqlandi.

 

GERMANIYALIK OLIMLAR BILAN UCHRASHUV  

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dunyodagi eng rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirmoqda. O‘zMU Xorijiy filologiya fakulteti Nemis filologiyasi kafedrasi 1994 yildan buyon Germaniyaning Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti bilan ilmiy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu boradagi o‘zaro manfaatlar tobora takomillashib, 2003 yildan buyon talabalar, ilmiy tadqiqotchilar almashinuvi amalga oshirilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ko‘plab darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar va badiiy asarlar nemis tilidan o‘zbek tiliga va o‘zbek tilidan nemis tiliga bevosita tarjima qilindi va bu jarayon hamon davom ettirilmoqda. O‘zMUning o‘nlab talabalari va tadqiqotchilari Germaniyada bilim va malakalarini oshirgan bo‘lsalar, germaniyalik mutaxassislar va talabalar Milliy universitetda ta’lim hamda tadqiqot ishlarini davom ettirdilar.

SHu yil 8 sentyabr kuni O‘zMU rektori Abdurahim Abdushukurov bilan Germaniyaning Vilgelm nomidagi Vestfaliya universiteti professori Kordula Schulze o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatda asosiy e’tibor ana shu hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishga qaratildi.

Kordula Schulze xonim O‘zbekiston Milliy universiteti bilan ilmiy hamkorliklar ijobiy samarasini ko‘rsatayotganini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, universitetlarimiz o‘rtasida amalga oshirilayotgan talabalar almashinuvi yoshlar o‘rtasida do‘stlik, mehr rishtalarini mustahkamlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etayotganini e’tirof etdi. Albatta, bu yoshlar bir kun ulg‘ayib, etuk mutaxassis bo‘lib etishganlarida ana shu do‘stlik aloqalarini har tomonlama davom ettirishlariga umid qilsa bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu yil 5 nafar germaniyalik talabalar Milliy universitetimizda o‘qishni davom ettirishsa, O‘zMU talabalaridan Faridjon Usmonov va Sabina Gaynutdinovalar Germaniyada tahsil oladilar. Suhbat davomida universitetlararo ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu boradagi yangi loyihalar xususida fikrlashib olindi.

 

QALBLARGA MUHRLANGAN “XOTIRA DARSI”

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov xotirasiga bag‘ishlangan darslar qalblarga muhrlanib qolmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Tarmoq markazida 4 sentyabr kuni o‘tkazilgan “Xotira darsi” ham tinglovchilarda chuqur taassurot qoldirdi.

Dars avvalida tinglovchilar bir daqiqa sukut saqlab, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov xotirasini yodga oldilar. Tarmoq (mintaqaviy) markazi direktori Bahodir Xolboev, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Uyg‘un Valiev, dotsentlar Rahima SHirinova, Muzaffar Ortiqov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov faoliyati davomida amalga oshirgan dono siyosati, beqiyos ezgu ishlari, ayniqsa, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va uning malaka oshirish tizimini mustaqkamlash borasidagi ulug‘vor sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladilar.

– SHu kungacha davlatimiz rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan Islom Karimov ta’lim sohasiga, ayniqsa, Milliy universitetimizga alohida e’tibor bilan qarardi,– dedi Tarmoq (mintaqaviy) markazi direktori Bahodir Xolboev.– 1995 yil 14 sentyabr kuni Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomi va 2000 yil 28 yanvarda “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomi berilishi tarix zarvaraqlariga zarhal harflar bilan bitilgandir. Prezidentimizning 2008 yil 9 apreldagi “Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 90 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan bu o‘quv dargohining yubileyi katta tantanalar bilan nishonlanganini hamisha g‘urur va iftixor bilan eslaymiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 11 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy ta’lim rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash darajasi va sifatini tubdan oshirish, Milliy universitetning ilmiy salohiyatini yanada mustahkamlash, o‘quv jarayonining ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan uzviy aloqasini kuchaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarni fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazishga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu vazifalarni sharaf bilan ado etamiz albatta.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 24 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat va ma’rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonini barcha ziyolilari qatori Milliy universitetimiz jamoasi ham cheksiz quvonch va hayajon bilan kutib oldilar,– dedi O‘zMUning “Fotonika” kafedrasi professori Uyg‘un Valiev.– Ushbu Farmonga binoan, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy g‘oyani rivojlantirish, ma’naviyatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash yo‘lida katta hissa qo‘shgan, yorqin iste’dodi va ijodi, ilmiy faoliyati, halol xizmati, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun degan ilhombaxsh so‘zlar bilan menga ham “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoni berilgani hayotimdagi eng yorqin sahifa bo‘lib qoladi. SHu bilan bir qatorda O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Abdurahim Abdushukurov, Tarix fakulteti professori Rahbarxon Murtazaeva, Ijtimoiy fanlar fakulteti professori Ma’rifat G‘anieva, Xorijiy filologiya fakulteti kafedra mudiri Rahima SHirinova, Biologiya fakulteti dotsenti Boqijon Mo‘minov, Geologiya va geografiya fakulteti dotsenti Mirali Mirakmalov, Matematika fakulteti katta o‘qituvchisi Abdug‘afur Jamirzaev, Ijtimoiy fanlar fakulteti kafedra mudiri Bahodir Husanov, Tarix fakulteti katta o‘qituvchisi, O‘zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, Fizika fakulteti laFizika fakulteti laboratoriya mudiri SHarifa O‘tamurodova kabi fidoyi hamkasblarimizning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlangani ham barchamizning qalbimizda faxr va iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirgan edi. Milliy universitetimizga ko‘rsatilgan bu sharafli va g‘oyat yuksak ehtiromni barchamiz yanada faol mehnat qilish, munosib kadrlar tayyorlash bilan oqlayveramiz.

Tinglovchilar va boshqa so‘zga chiqqanlar Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda “o‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qolayotganini eslab o‘tdilar.

 

Materiallar O‘zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.