O'zMU » Axborot soatlari » AXBOROT SOATLARI

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

XITOY XALQ RESPUBLIKASI TAShQI IShLAR VAZIRI BILAN UChRAShUV

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi

Shavkat Mirziyoev 12 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.

Shavkat Mirziyoev mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan O’zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgani va qo’llab-quvvatlagani uchun Xitoy Xalq Respublikasi rahbariyatiga, shaxsan XXR Raisi Si Stzinpinga samimiy minnatdorlik bildirdi. Xitoy tashqi ishlar vazirining Samarqandda bo’lib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgani Birinchi Prezidentimizga yuksak ehtirom ifodasidir.

Samimiy va xayrixohlik ruhida o’tgan suhbat davomida O’zbekiston bilan Xitoy o’rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.

Tomonlar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015 yilda Xitoyga hamda XXR Raisi Si Stzinpinning 2016 yilda O’zbekistonga tashriflari o’zaro anglashuv va ishonchga asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlagani, ikki taraflama manfaatli hamkorlikka yangi sur’at bag’ishlaganini alohida qayd etdilar.

Mamlakatlarimiz muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlarga alohida ahamiyat qaratadi. Bu amaliyotni kelgusida ham davom ettirish, 2017 yilda navbatdagi uchrashuvlarni o’tkazishga kelishib olindi.

Van I joriy yil iyun oyida Toshkentda bo’lib o’tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi va uning natijalariga yana bir bor yuksak baho berdi. Mamlakatlarimizning ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi yaqin hamkorligini davom ettirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekani ta’kidlandi.

O’zbekiston – Xitoy hukumatlararo hamkorlik qo’mitasi va uning tarkibida faoliyat yuritayotgan ettita ixtisoslashgan quyi qo’mitalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralari qayd etildi.

Ikki tomonlama, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko’plab masalalar bo’yicha fikr almashishning samarali mexanizmiga aylangan tashqi siyosat mahkamalari o’rtasidagi yillik siyosiy maslahatlashuvlar o’zaro hamkorlikning muhim bo’g’ini hisoblanadi.

Muloqot chog’ida savdo-iqtisodiy, investistiyaviy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Xitoy Xalq Respublikasi O’zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sheriklaridan biridir. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard AQSh dollaridan, O’zbekistondagi ustuvor loyihalarga jalb qilingan Xitoy investistiyalari va kreditlari hajmi 6,5 milliard dollardan oshadi.

Xitoy kompaniyalari va banklari ishtirokida mamlakatimizda Qamchiq dovoni orqali 19 kilometrlik temir yo’l tunnelini ishga tushirish, Dehqonobod kaliyli o’g’itlar zavodi va Qo’ng’irot soda zavodini qurish, Xorazm viloyatida zamonaviy ekskavator va buldozerlar ishlab chiqarish, telekommunikastiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirish singari sanoat va infratuzilma rivoji uchun muhim loyihalar, shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida investistiyaviy loyihalar amalga oshirilgan.

Bugungi kunda “Angren” erkin iqtisodiy zonasida avtomobil va qishloq xo’jaligi texnikasi shinalari va konveyer lentasi ishlab chiqarish zavodini hamda “Navoiyazot” akstiyadorlik jamiyati negizida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasini qurish kabi muhim investistiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Energetika, neft-gaz, irrigastiya va meliorastiya sohalarida, infratuzilmalarni modernizastiya qilish borasida va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo’shma loyihalar tayyorlanmoqda.

Xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik va hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgan O’zbekiston – Xitoy madaniy-gumanitar aloqalariga ham yuqori baho berildi.

XXR tashqi ishlar vaziri Van I samimiy qabul uchun Shavkat Mirziyoevga minnatdorlik bildirdi. Xitoy rahbariyati O’zbekiston bilan mamlakatlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan barcha istiqbolli yo’nalishlar bo’yicha sheriklikni bundan buyon ham faol rivojlantirish va mustahkamlashdan, O’zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining barqarorligi, xavfsizligi, izchil ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo’lidagi hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Stzinpinga mustahkam sog’lik va ulkan muvaffaqiyatlar, Xitoy xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

TURKIYa RESPUBLIKASI PREZIDENTI O’ZBEKISTONGA KELDI  

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’on 17 noyabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari A.Ikromov kutib oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 18 noyabrga mo’ljallangan.

Turkiya Respublikasi Prezidenti O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’on uchrashuvi chog’ida O’zbekiston – Turkiya hamkorligining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

 

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’on 18 noyabr kuni Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.

Shundan so’ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’on o’rtasida muzokara bo’lib o’tdi.

Shavkat Mirziyoev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo’llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Rejep Erdo’g’on Samarqandga tashrif buyurib, Yurtboshimizning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O’zbekiston xalqiga yuksak ehtirom ifodasidir.

Ushbu tashrif Turkiyada O’zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi.

Ta’kidlash joizki, Turkiya O’zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan.

O’zbek va turk xalqlari ko’p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o’xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog’langan.

Shavkat Mirziyoev O’zbekiston Turkiyaga o’zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlarimiz o’rtasidagi do’stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o’zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Rejep Erdo’g’on Turkiya O’zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta’kidladi.

Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O’zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi.

Muzokarada O’zbekiston bilan Turkiya o’rtasidagi o’zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o’rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo’llab-quvvatlash to’g’risida fikr almashildi.

O’zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti faoliyati doirasida Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazini ta’sis etish taklifini ilgari surdi. Tomonlar IHTning Turkiyadagi Islom tarixi, san’ati va madaniyati tadqiqotlari markazi bu tashabbusni qo’llab-quvvatlaganidan mamnuniyat izhor qildilar.

Suhbat chog’ida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Turkiya O’zbekistonning an’anaviy va muhim savdo sheriklaridan biridir. 2015 yilda o’zaro savdo hajmi 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Bu boradagi o’sish sur’atlari joriy yilda ham saqlanib qolishi kutilmoqda. Lekin tomonlar qayd qilganidek, bu raqamlar mamlakatlarimiz salohiyatini aks ettirmaydi. Bu miqdorni yaqin yillar ichida 2-3 marta oshirish uchun etarli imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi.

Hozirgi kunda O’zbekistonda Turkiyaning 500 ga yaqin firma va kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan Turkiya sarmoyasi hajmi 1 milliard dollardan oshadi.

Suhbat chog’ida ushbu tashrif ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur’at baxsh etishiga ishonch bildirildi.

Tomonlar qishloq xo’jaligi mahsulotlarini etishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo’yicha majmualar barpo etishga, to’qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo’shma korxonalar yaratishga, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo’lga qo’yish, farmastevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalarini ko’rib chiqdilar.

Turkiyaning etakchi turistik kompaniyalarini jalb etgan holda O’zbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, Samarqand, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlarida xalqaro talablarga mos zamonaviy sayyohlik majmualari barpo etish masalalari muhokama qilindi.

Transport kommunikastiyalariga ham alohida e’tibor qaratildi. “Boku – Axalkalaki – Qars” temir yo’lining ishga tushirilishi ikki mamlakatni bir-biri bilan bog’laydigan to’g’ridan-to’g’ri transport yo’lagini yaratishdek strategik ahamiyatga ega masalani hal etishda, binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo’lishi qayd etildi.

Muhokama qilingan masalalardan kelib chiqqan holda, O’zbekiston va Turkiyaning o’z oldiga qo’yayotgan maqsadlariga erishish uchun kelasi yil boshida Toshkent shahrida Hukumatlararo qo’shma komissiyaning navbatdagi majlisini o’tkazishga, uning doirasida O’zbekiston – Turkiya sarmoyaviy forumini tashkil qilishga kelishib olindi.

Davlatlararo munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o’rin tutadi. Tomonlar bu boradagi sheriklikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoev va Rejep Erdo’g’on ushbu uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko’tarib, o’zaro manfaatli sohalarda hamkorlikning yangi sahifasini ochishga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirdilar.

Kunning ikkinchi yarmida oliy martabali mehmon Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualari, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi, Registon maydonini ko’zdan kechirdi.

Rejep Erdo’g’on istiqlol yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida bu ezgu maskanlar tubdan qayta ta’mirlanib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etganini alohida ta’kidladi. O’zbekiston ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tiklash, o’rganish va dunyoga tanitishda yuksak natijalarga erishayotganini qayd etdi.

Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’onning mamlakatimizga tashrifi yakuniga etdi.

 

O’ZBEKISTON TO’QIMAChILIK VA ChARM MAHSULOTLARI IShLAB ChIQARISh SOHALARIDA HAM O’SIShGA ERIShMOQDA

O’zbekiston Davlat statistika qo’mitasi respublika iqtisodiyotining 2016 yil yanvar-sentyabr oyida erishgan natijalariga doir raqamlarni e’lon qildi. Unga ko’ra, joriy yilning to’qqiz oyi mobaynida 12353,5 mlrd. so’mlik yoki 2015 yilning tegishli davriga nisbatan 114,8 foiz miqdorida to’qimachilik mahsulotlari, kiyimlar, charm mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Ushbu mahsulotlar turlari bo’yicha ishlab chiqarish hajmi umumiy sanoat hajmining 15,8 foizini tashkil etdi, deb xabar qiladi qo’mita matbuot xizmati.

To’qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish hajmi o’tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga, kiyimlar – 22,3, charm mahsulotlari ishlab chiqarish – 35,1 foizga oshgan.

Ushbu tovar turlarini ishlab chiqarish bo’yicha respublikaning umumiy hajmidagi eng ko’p ulush asosan Andijon viloyati (12,2 foiz), Toshkent shahri (11,9), Farg’ona (11,8), Samarqand (10,3) va Toshkent (8,4) viloyatlaridagi korxonalar hissasiga to’g’ri keladi.

Kichik tadbirkorlik faoliyatini har tomonlama qo’llab-quvvatlash bo’yicha ko’rilayotgan chora-tadbirlar, aynan shu faoliyat turi bilan shug’ullanuvchi korxonalarga ham barqaror rivojlanish imkonini berib, ularning ko’rsatkichlari o’tgan yilning tegishli davriga nisbatan 19,4 foizga oshgan, bunda to’qimachilik mahsulotlari, kiyimlar, charm mahsulotlari ishlab chiqarish umumiy hajmida tadbirkorlik sub’ektlarining ulushi 66,1 foizni tashkil etgan.

Hozirgi kunda respublikada 3047 ta to’qimachilik korxonasi, 4774 ta tikuvchilik korxonasi, 691 ta charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona faoliyat yuritmoqda. 2016 yil 9 oyi davomida ushbu faoliyat turlari bo’yicha 966 ta korxona yangidan tashkil etilgan.

 

II. JAHON MIQYoSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

TRAMP INAUGURAЦIYaSIDAN SO’NG RAFIQASI VA O’G’LI NYu-YORKDA YaShAShDA DAVOM ETIShLARINI TASDIQLADI

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp uning oilasi kenja o’g’li Berron Nyu-Yorkdagi o’qishini tashlab, uni boshqa erda davom ettirishiga qarshi chiqayotganligini ma’lum qildi. Shuning uchun uning rafiqasi Melanya va o’g’li Berron Donald Tramp inaugurastiyasidan keyin ham Nyu-Yorkda yashashda davom etishadi va o’quv yili tugagandan keyingina Tramp bilan birga Oq uyda bo’la olishadi. Avvalroq OAV AQShning bo’lg’usi birinchi xonimi o’g’li Berron Nyu-Yorkdagi xususiy maktabda o’qishi tugamaguncha, Oq uyga ko’chib o’tmay, o’g’li bilan birga Trump Tower binosining pentxausida qolishlarini ma’lum qilgandi.

 

LIVIYa JANUBIDA DAVOM ETAYoTGAN HARBIY ZIDDIYaT SABABI ANIQLANDI  

Liviya janubidagi Sabha shahrida 4 kundan beri davom etayotgan qurolli to’qnashuvda kamida 16 kishi halok bo’lgan, 50 kishi tan jarohati olgan. Mahalliy qabilalar o’rtasidagi kelishmovchilikka esa qo’lga o’rgatilgan maymun sabab bo’lgani aytilmoqda. Gap shundaki, G’addodfa qabilasidan savdo do’koni sohibining maymuni Sulaymon avlodi qabilasining maktab o’quvchisi boshidagi ro’molni olib qochgan. Bunga javoban, Sulaymon avlodi maymunni va do’kon egasi oilasining uch a’zosini o’ldirgan. Shundan so’ng, shaharda tanklar, minomyotlar va boshqa turdagi og’ir texnikalardan foydalangan holda haqiqiy urush boshlanib ketgan. G’addodfa va Sulaymon avlodi – mintaqadagi eng obro’li va eng kuchli qurollangan qabilalar hisoblanishadi. Bundan tashqari, Sabha qurol-yarog’lar kontrabandasi markazidir. Muammar Qozzofiy o’ldirilgach, shaharda tez-tez shu kabi tartibsizliklar yuz berib turadi.

 

HALAB ShARQIDA ZIYoN ETMAGAN BIRORTA ShIFOXONA QOLMADI

Havodan berilgan ketma-ket zarbalardan keyin Sharqiy Halabdagi barcha shifoxonalarga ziyon etgan. Bu haqda Daily Sabah nashri xabar berdi. Bashar Asad va uning ittifoqdoshlari bir necha haftalik tanaffusdan keyin, seshanba kunidan boshlab shaharning sharqiy qismiga havodan zarbalar bera boshlashdi. Juma kuni ular muxolifat pozistiyaga qarshi er usti hujumlariga ham start berishdi. Asad tarafdorlari Halabdagi muxolifat kuchlarga qarshi kampaniyasini ishga tushirganda Suriyadagi davomli urushda tinch aholi jabr ko’rmoqda. Yakshanba kungi bombardimon natijasida olti kishidan iborat oila halok bo’lgan. Tibbiy xodimlarning so’zlariga ko’ra, Sakhurga tushgan bomba tarkibida gazsimon xlor bo’lgan. Urishni kuzatib borayotgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi bombada gazsimon xlorning borligini tasdiqlamagan. 

Suriya Inson huquqlari observatoriyasining urush monitoringiga ko’ra, shanba kuni Sharqiy Halabda 48 nafar kishi halok bo’lgan, ularning kamida 5 nafari bolalar ekanligi ta’kidlandi. Bu so’nggi kunlarda bombardimon natijasida halok bo’lganlar sonini taxminan 180 kishiga oshiradi. Manbaga ko’ra, shanba kuni harbiy samolyotlar, artilleriya va vertolyotlar Sharqiy Halabni bombardimon qilishda davom etgan, hujum uyushtirilgan hududlar orasida aholi zich joylashgan tumanlar ham bo’lgan. Shu jumladan, Bo’ston-al-Basha tumanida intensiv to’qnashuvlar yuz bergan. "Bu hujumlar muxolifat bilan birga bolalar, qariyalar va ayollar uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega bo’lgan tibbiy muassasalarni ham yo’q qildi", - deb yozgan Halab sog’liqni saqlash ma’muriyati Reuters agentligiga. Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallimning so’zlariga ko’ra, sharqiy hududlardagi muxolifat kuchlar haydalishi bilanoq shahar "qayta tiklanadi".

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI  

Ilmiy hamkorlik – ta’lim taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti dunyodagi qator rivojlangan davlatlar oliy ta’lim markazlari va ilmiy muassasalari bilan hamkorlikni tabora rivojlantirmoqda.

Navbatdagi hamkorlik Milliy universitetimizning Bavariya tabiiy va ijtimoiy fanlar akademiyasi o’rtasida memorandum qabul qilinishi bilan davom ettirildi.

Mazkur memorandumni imzolagan O’zMU rektori Avazjon Marahimov va Germaniyaning mazkur akademiyasi prezidenti Karl Hoffman bu hujjat kelgusida ikki tomonlama ilmiy hamda ta’lim sohalaridagi aloqalarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladilar.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti rektori Avazjon Marahimov Osiyo-Tinch okeani nazariy fizika markazi prezidenti Bum Hoon Li hamda Milan davlat universiteti professori Grastiya Gambarini bilan o’tkazgan suhbatida oliy ta’lim muassasalarimiz o’rtasida o’zaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, akademik almashinuv masalalarini amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi. Bu borada tegishli hujjatlar imzolandi.

 

O’ZMUDA PARALIMPIYa O’YINLARI G’OLIBLARI BILAN UChRAShUV  

Shu yil Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo’lib o’tgan XV yozgi Paralimpiya o’yinlari g’olib va sovrindorlari yurtimiz faxriga aylanib qoldilar. Unda yurtimiz sportchilarining munosib ishtiroki, jasorat, matonat va mardlik namunasini ko’rsatib, O’zbekistonning xalqaro maydondagi obro’-e’tibori va nufuzini yanada yuksaltirishga qo’shgan salmoqli hissalari ko’pchilikka ibratdir. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida bir guruh Paralimpiya o’yinlari g’oliblari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

O’zMU rektori Avazjon Marahimov, dzyudo bo’yicha terma jamoa murabbiysi Shuhrat To’raev va boshqalar XV yozgi Paralimpiya o’yinlari g’olib va sovrindorlarini samimiy qutlar ekan, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu borada amalga oshirgan ishlarini alohida ta’kidladilar. Sportchilarimiz Paralimpiya o’yinlarining 31 medalini ( 8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 bronza) qo’lga kiritib, umumjamoa hisobida 200 yaqin ishtirok etgan davlatlar o’rtasida 15-o’rinni (medallar soni bo’yicha 12-o’rin), Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida 1-o’rinni, MDH davlatlari o’rtasida 2- o’rin (1-o’rin Ukraina, 171 sportchi bilan ishtirok etgan), Osiyo davlatlari o’rtasida 2-o’rin (1-o’rin Xitoy, 326 sportchi bilan ishtirok etgan) qo’lga kiritgani, dzyudo sport turi bo’yicha umumjamoa hisobida 1-o’rinni egallashgani har bir yurtdoshimiz qalbiga cheksiz g’urur baxsh etadi.

– Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o’yinlari, 12 ta Osiyo rekordi o’rnatilgani talabalarimizni ham to’lqinlantirib yubordi,– deydi O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev.– Shu vaqtga qadar birorta davlat vakillari, ya’ni ishtirokchilar soni va qo’lga kiritilgan medallar soni bo’yicha bunday natija qayd etishmagan. Qayd etish lozim bo’ladiki, juda ko’p davlat delegastiyalari O’zbekiston erishgan yutuqlarga hayrat va havas bilan qarashmoqda. Bu yutuqlar zamirida xalqimizning qo’llab-quvvatlashi, duosi, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga bo’lgan ishonch hamda sportchilarimiz va ularning murabbiylarining tinimsiz mehnati yotibdi. O’zbekiston va uning xalqining shunday Vatanni sevguvchi farzandlari bor ekan O’zbekiston bayrog’i doimo baland ko’tarilaveradi.

Uchrashuvda ishtirok etishgan engil atletika bo’yicha terma jamoa a’zolari Safiya Burxonova, Doniyor Soliev Aleksandr Svechnikov, Miran Saxatovlar o’sha kezlarda butun dunyo nigohida bo’lgan Rio-de-Janeyro maydonlarida erishgan yutuqlari, hayajonli onlari haqida so’zlab berdilar.

Samimiy muloqot tarzida o’tgan uchrashuv talabalarda katta taassurot qoldirdi.

 

FAN VA TA’LIM UYG’UNLIGI – ILG’OR IZLANIShLAR ASOSI  

Bugungi shiddatli hayotimizni ilm-fanning eng zamonaviy yutuqlari, jumladan, polimerlar kimyosi fanisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Mazkur soha rivojida yurtimiz va xorijiy davlatlar ilmiy jamoalari, olimlar, etakchi mutaxassislarining o’zaro muloqoti va tajriba almashishi muhim o’rin tutadi.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazida bo’lib o’tgan xalqaro anjumanda polimerlar haqidagi fanning dolzarb masalalari yurtimiz va xorijlik olimlar ishtirokida muhokama etildi. Unda yurtimiz olimlari bilan birga AQSh, Rossiya, Belarus, Qozog’iston, Tojikiston kabi mamlakatlardan mutaxassislar ishtirok etdi. Polimerlar kimyosi va fizikasi ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sayyora Rashidova va boshqalar mamlakatimizda ilm-fan, ta’limning barcha yo’nalishlarini jadal ravnaq toptirish, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalar uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, fan, ta’lim, ishlab chiqarish jarayoni o’rtasidagi uzviylik, integrastiyani ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi ezgu intilishlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog’liq ekanini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimizning 2014 yil 8 iyuldagi «O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tuzilmasini yanada maqbullashtirish hamda respublika akademik ilm-fani va oliy ta’limining integrastiyasini mustahkamlash chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori ilmiy muassasalar, innovastion markazlar faoliyati samaradorligini oshirish, oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilar tarkibi va talabalarini ilmiy-tadqiqotga keng jalb etish, ilmiy-tadqiqot va innovastiya ishlanmalari natijalaridan faol foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mamlakatimizdagi etakchi ilmiy muassasalardan biri bo’lgan mazkur markaz olimlari tomonidan yaratilgan yangi materiallar va nanotexnologiyalarga oid ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar agrar soha, tibbiyot, farmakologiya, poligrafiya, engil sanoat va to’qimachilik, avtomobilsozlik, ishlab chiqarish, sanoatning ko’plab yo’nalishlarida keng joriy etilmoqda.

Fanning bir necha sohalarini o’zida uyg’unlashtirgan polimerlar kimyosi bo’yicha tadqiqotlarni rivojlantirish jarayonida ilk bor o’simliklarni kimyoviy himoyalashda polimer preparativ vositalarni qo’llashga oid fundamental va amaliy tavsifli g’oyalarga asos solindi. Ushbu texnologiyalar xavfsizligi, ishonchliligi, ekologik jihatdan tozaligi bilan xalqaro miqyosda ham alohida e’tirof etilgan. Uzxitan preparati o’simliklar o’sishini jadallashtirsa, polidef preparati paxta hosilining ortishi, ekin maydonining ekologik holati yaxshilanishida alohida ahamiyat kasb etadi. Mahalliy xomashyo asosidagi interferon vositasi gripp va o’tkir virusli respirator kasalliklarining oldini olish va davolashda qo’l kelmoqda. Sanoatning turli sohalari uchun termoplastlar va qatlamli silikatlar asosidagi qiyin yonuvchan, o’ta yuqori haroratga chidamli, termobarqaror nanokompozitlar sintezi va tadqiqotlari maxsus xossali polimer materiallar olish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

– Polimer materiallaridan asab tizimida uchrovchi turli kasalliklarni davolash bo’yicha tadqiqot olib boryapmiz,– deydi AQShning Shimoliy Karolina universiteti dori vositalari etkazib berish bo’yicha nanotexnologiyalar markazi direktori, professor Aleksandr Kabanov.– Ushbu markazning zamonaviy tibbiyot, farmakologiya sohalarida tatbiq etilayotgan ishlanmalari samaradorligi, polimerlar kimyosi fanidagi eng ilg’or texnologiyalarga asoslangani bilan diqqatga sazovordir.

– O’zbekistonda ilm-fan rivoji innovastion taraqqiyot yo’liga asoslangani bilan diqqatga sazovor,– deydi Grodno universiteti professori Vasiliy Struk (Belarus).– Bunda fan, ta’lim, ishlab chiqarishning o’zaro uyg’unligi, ilg’or ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish, akademik olimlarning yosh tadqiqotchilar bilan birgalikda ilmiy ishlanmalar ustida ish olib borishi fandagi istiqbolli loyihalarni amaliyotga kengroq joriy etish imkonini berayotir.

– Markazimizda yosh olimlar uchun ikki yillik fundamental va amaliy grantlar ajratilmoqda,– deydi markaz ilmiy kotibi Abdumutolib Otaxonov.– Bu loyihalar qishloq xo’jaligi, tibbiyot, farmastevtika va sohalardagi izlanishlarga yo’naltirilmoqda. Shu bilan birga Milliy universitetning fizika, kimyo, biologiya fakultetlarining talabalaridan iborat guruh tashkil etilgan. Ular ishtirokida oliy ta’limning barcha bo’g’inlarida ilmiy ishlarni tayyorlab, dissertastiyalarni himoyalash uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.

Anjumanda polimerlar kimyosi sohasining rivojlanish tendenstiyalari, bunda milliy va xalqaro tajribaning eng afzal jihatlari, ta’lim, fan va ishlab chiqarish o’rtasidagi o’zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, yosh olimlarning ilmiy ishlanmalariga e’tiborni kuchaytirish, innovastion ishlanmalarni amaliyotga kengroq joriy etish kabi masalalar muhokama etildi.

 

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI VA QONUNChILIK  

2016 yil 4 dekabr kuni mamlakatimizda bo’lib o’tadigan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida ham puxta hozirlik ko’rilmoqda. Bugun universitetda “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va qonunchilik” mavzuida davra suhbati o’tkazildi. Unda O’zMU professor-o’qituvchilari va xodimlari ishtirok etdilar.

O’zMU Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig’i Qodirjon Abdurahimov, Ijtimoiy fanlar fakulteti Demokratik davlat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Akbar O’tamurodov va boshqalar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni haqida atroflicha so’z yuritdilar.

Shuni ta’kidlash joizki, Markaziy saylov komissiyasi O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasining 96 va 117-moddalari, “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunning 8-moddasi, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi Qonunning 5 va 9-moddalariga muvofiq, 2016 yil 4 dekabr kunini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi va 9 sentyabrdan saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilindi.

Saylov “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi, “O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to’g’risida”gi Qonunlari va boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasining 117-moddasi hamda O’zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi Qonuning 4-moddasiga asosan O’zbekiston Respublikasining 18 yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo’yicha ovoz berish yashirin bo’lib, fuqarolar tomonidan bevosita amalga oshiriladi. Fuqarolarning xohish-iroda bildirishlari ustidan nazorat etilishiga yo’l qo’yilmaydi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sudning hukmiga muvofiq ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashmaydilar.

O’zbekiston Respublikasi fuqarosining O’zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash va Prezidentlikka saylanish, saylovoldi tashviqoti olib borish huquqlarini erkin ravishda amalga oshirishiga zo’ravonlik, aldash, tahdid qilish yoki boshqa yo’l bilan qarshilik ko’rsatuvchi shaxslar, shuningdek soxta saylov hujjatlari tuzgan, ovozlarni atayin noto’g’ri sanab chiqqan, ovoz berish yashirinligini buzgan yoki ushbu Qonun boshqacha tarzda buzilishiga yo’l qo’ygan saylov komissiyalarining a’zolari, davlat va jamoat organlarining mansabdor shaxslari qonunda belgilangan yo’sinda javobgar bo’ladilar. Nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga dog’ tushiradigan soxta ma’lumotlarni e’lon qilgan yoki boshqa yo’sinda tarqatgan, saylov komissiyalari a’zolariga nisbatan haqoratomuz munosabatga yo’l qo’ygan shaxslar ham javobgarlikka tortiladilar.

O’zbekiston Respublikasining O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadirlar. Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro’yxatga olingan taqdirdagina O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko’rsatishi mumkin.

O’ttiz besh yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan hamda bevosita saylovgacha kamida o’n yil O’zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanish huquqiga ega.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bilan bog’liq xarajatlar O’zbekiston Respublikasining davlat mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni boshqa mablag’lar hisobidan moliyaviy ta’minlash va o’zga tarzda moddiy jihatdan qo’llab-quvvatlash ta’qiqlanadi.

Xalqaro kuzatuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari majlislarida, saylov uchastkasida hozir bo’lish, saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarga saylov byulletenlarining berilishini kuzatish, ovozlarni sanab chiqishda va uchastka saylov komissiyasining bayonnomasini tuzishda hozir bo’lish, saylov natijalari to’g’risidagi hujjatlarning nusxasini so’rab olish huquqiga egadir. 2015 yilda o’tkazilgan Prezident saylovidan keyin “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi Qonunning takomillashtirilgani ham muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Qonunda siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishida engillik berildi. Ya’ni O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko’rsatilgan nomzodni qo’llab-quvvatlovchi imzo varaqalari jami saylovchilarning umumiy soni kamida bir foizining, kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo’lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo’lishi kerak. Ilgari bu ko’rsatkich besh foiz edi. Taraqqiy etgan davlatlar qonunchiligida mavjud bo’lgan saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganda saylovoldi tashviqotiga yo’l qo’yilmasligiga doir norma ham qonunchiligimizga kiritildi. «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida»gi Qonunning 31-moddasiga ko’ra muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganda boshlanadi va saylovga bir kun qolganda tugallanadi. Muddatidan oldin ovoz berishni o’tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanib, saylovchilar, kuzatuvchilar hamda OAV vakillarining e’tiboriga etkaziladi.

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida qamoqda saqlash joylarida sud hukmi chiqarilmagan shaxslarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratildi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o’tkazuvchi 14 saylov okrugi tuzildi, okrug saylov komissiyalari tomonidan 9 ming 378 saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida 44 saylov uchastkasi tuzildi. Uchastka saylov komissiyalari tarkibi shakllantirilib, ularning faoliyatiga 98 mingdan ziyod kishi jalb qilingan. Okrug saylov komissiyalari a’zolarining 56 nafari xotin-qizlardir, ularning 12 nafari saylov komissiyalarining rahbariyatidan joy egallagan. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida xotin-qizlar soni 47,4 foizni tashkil etadi. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 26,7 foizi xotin-qizlardir.

Ushbu mavzudagi davra suhbati O’zMU fakultetlarida ham davom ettiriladi.

 

MILLIY IQTISODIYoTIMIZ RIVOJLANIShI YO’LIDA  

Iqtisodiyot – har qanday davlatning asosiy poydevori hisoblanadi.

O’zbekiston mustaqil davlat sifatida jahonga bo’y ko’rsatganidan buyon iqtisodiyot borasida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritib kelmoqda. Bunda iqtisodchi olimlarning ham o’rni beqiyosdir. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Iqtisodiyot fakulteti tashkil etilganligining 25 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan “Milliy iqtisodiyotni modernizastiyalash va tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirishning jahon tajribasi va undan O’zbekiston amaliyotida foydalanish imkoniyatlari” mavzusida o’tkazilgan respublika ilmiy-amaliy konferenstiyasida bu haqda atroflicha so’z yuritildi.

O’zMU Ilmiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori Ilyos Rahmatullaev, O’zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasi raisi o’rinbosari Abdisamat Himmatov, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni Ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish bo’yicha xizmat bosh konsultanti Avazbek Sodiqov va boshqalar mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi hamda sa’y-harakatlari bilan mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz barqaror rivojlangani, bu borada erishilgan muvaffaqiyatlar haqida atroflicha so’z yuritdilar.

Anjumanda iqtisodchi olimlar va tadqiqotchilar 5 ta sho’’bada o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

 

IFTIXORIM BAYROG’IM!  

O’zMU Jurnalistika fakultetida 18 noyabr – O’zbekiston Respublikasi davlat bayrog’i qabul qilingan kun munosabati bilan «Iftixorim bayrog’im!» mavzusida davra suhbati o’tkazildi.

«Davra suhbati»ni kirish so’zi bilan ochgan Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova milliy bayrog’imiz har bir fuqaromiz, talaba-yoshlarimiz qalbiga iftixor tuyg’ularini baxsh etishi haqida so’z yuritar ekan, jumladan shunday dedi:

-  O’zida juda katta ma’no-mazmunni mujassam etgan, yuksak did va mahorat bilan puxta ishlangan, butun O’zbekiston ahlining asriy orzu-istaklarini, g’ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo’stlikni, ajdodlar yodi hamda millat g’ururini mujassam etgan bayrog’imiz sayyoramizdagi barcha mamlakatlarning davlat ramzlari orasida alohida hurmat va ehtiromga sazovordir.

Jamoatchilik bilan aloqalar nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dostenti, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Oltin qalam» mukofoti sovrindori To’lqin Eshbek yurtimiz mustaqillikka erishgan yili yuz bergan voqealar hamda davlatimiz bayrog’i haqida atroflicha so’z yuritdi:

— 1991 yil 18 noyabr kuni O’zbekiston Respublikasining «O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida»gi qonuni qabul qilingan. Shu bilan Davlat bayrog’imiz huquqiy maqomga ega bo’lgan. Davlat ramzlari har bir mamlakatning suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi muqaddas timsollardir. O’zbekistonning davlat ramzlari xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o’zida mujassam etib, shu yurtda yashovchi har bir fuqaroga g’urur, faxr va iftixor bag’ishlaydi. Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, ozod O’zbekiston fuqarolari uchun mustaqillikning muqaddas ramzlari – Davlat gerbi, Davlat bayrog’i, Davlat madhiyasi azizdir. Ular ma’naviyatning eng muhim timsollaridir. Shu bois, bayrog’imiz yoki gerbimizga nazar solganimizda yoki madhiyamiz yangraganda biz ruxan jo’shqinlikni, azmu shijoatimiz oshganini, qalbimizda g’urur va buyuk istiqbolga ishonch tuyg’usini his etamiz. O’zbekiston Respublikasi Davlat bayrog’ining yuqori qismidagi moviy rangli enning yuz tomoni va orqa tomonida dastaga yaqin joyida oq rangli yangi oy va uning yonida o’n ikkita oq rangdagi besh qirrali yulduz tasvirlangan. Oq rangli yangi oy va o’n ikkita oq rangli besh qirrali yulduzning tasviri moviy rangli yuqori enning o’rtasidan 70×30 santimetrga teng to’g’ri to’rtburchakka sig’adigan qilib joylashtirilgan. Oq rangli yangi oy vertikal holatda do’ng tomoni dastaga qaratilgan, dastadan 20 santimetr masofada joylashtirilgan bo’lib, diametri 30 santimetrli doiraga sig’adi. O’n ikkita oq rangli besh qirrali yulduz diametri 6 santimetrli doiraga sig’adi. Doiralar orasidagi masofa 6 santimetr. Yulduzlar uzunasiga va tikkasiga quyidagi tartibda joylashadi: yuqori qatorda uchta, o’rta qatorda to’rtta va quyi qatorda beshta yulduz. Quyi qatordagi yulduzlar yangi oyning pastki uchidan 3,5 santimetr masofada joylashadi. Bugun milliy bayrog’imiz davlat idora va muassasalari, o’quv yurtlari, O’zbekiston a’zo bo’lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz a’zolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrog’imiz Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g’ururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida g’alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog’i baland ko’tarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan g’ururlanamiz. Xulosa o’rnida aytish lozimki, davlatimiz bayrog’i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug’ kelajagimizga bo’lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz, ayniqsa, yosh avlod yodda tutishi maqsadga muvofiqdir.

Bo’lg’usi jurnalistlar milliy iftixorimiz ramzlaridan biri bo’lgan bayrog’imiz haqidagi dil so’zlarini bayon etdilar.

 

SAYLOV UChASTKASIDA SEMINAR O’TKAZILDI 

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Bosh binosida joylashgan 243-saylov uchastkasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada o’tkazishni ta’minlash yuzasidan seminar o’tkazildi.

Uchastka saylov komissiyasi raisi Davlatboy Jumaboev shu kunga qadar bu erda amalga oshirilgan ishlar, saylovchilar uchun barcha shart-sharoitlar etarli darajada muhayyo etilayotgani hamda galdagi vazifalar haqida so’z yuritdi.

Aytish joizki, mazkur saylov uchastkasi davlat ramzlari, zamonaviy axborot-kommunikastiya texnologiyalari, zarur adabiyot va qo’llanmalar, ovoz berish kabina va qutilari, tibbiyot xonalari zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Saylovchilar O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning plakatlari, nomzodlar dasturi, yo’riqnoma, nizom va qonunlar jamlanmasi bilan tanishishlari uchun imkoniyatlar yaratilgan.

243-saylov uchastkasida saylovga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha tegishli tartibda reja ishlab chiqilib, komissiya a’zolari o’rtasida vazifalar taqsimlangan. Komissiyasi a’zolari reja asosida o’z faoliyatlarini davom ettirmoqdalar.

Olmazor tumanidagi Mirzo G’olib, Farobiy ko’chalari, “Yoshlik” Talabalar shaharchasi hududidagi ayrim aholi turar joylarida istiqomat qiluvchi saylovchilar ushbu saylov uchastkasida o’z konstitustiyaviy huquq va burchidan emin-erkin foydalanadilar.

 

ABDULLA ORIPOV XOTIRA KEChASI

O’zbekiston qahramoni, xalq shoiri, O’zMU faxriy professori Abdulla Oripov bilan vidolashgan bo’lsak-da, buyuk shoir o’lmas she’rlari, dostonlari va boshqa asarlari bilan hamisha barhayotdir.

Atoqli shoirning «Mitti yulduz» (1965), «Ko’zlarim yo’lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O’zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003) singari she’riy kitoblari, «Jannatga yo’l» (1978), «Hakim va ajal» (1980), «Ranjkom» (1988) kabi dostonlari, «Sohibqiron» she’riy dramasi (1998) yurtimizda kirib bormagan xonadon topilmasa kerak. Shoirning betakror she’rlari allaqachon she’riyat shaydolarining qalblariga muhrlangan.

Abdulla Oripov O’zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasining matni muallifi ekani bilan ham xotiralarda saqlanib qoladi. U Navro’z va Mustaqillik bayramlarini o’tkazish bo’yicha yozilgan aksariyat sstenariylar muallifidir.

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq (mintaqaviy) markazida mamlakatimizning turli oliy ta’lim muassasalaridan kelib malaka oshirayotgan pedagog xodimlar tomonidan tashkil etilgan xotira kechasida buyuk shoirning ibratli faoliyati, o’lmas merosi haqida so’z yuritildi.

Mintaqaviy markaz direktori Bahodir Xolboev, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Abdulxay Sobirov, O’zMU Murabbiylar kengashi raisi Abror Xidirov, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri, shoir Sirojiddin Rauf, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi mas’ul kotibi, shoir Muhiddin Abdusamat, adabiyotshunos Uzoqboy Jo’raqulov, yozuvchi Baxtiyor Ollomurod va boshqalar ustoz shoir hayoti va ijodi, turli ijodiy muassasalarda qilgan hamkorliklari haqida so’zlab berdilar.

She’riyat shaydolari atoqli shoirning diltortar she’rlaridan o’qidilar.

Xotira kechasi barchada katta taassurot qoldirdi.