O'zMU » Axborot soatlari » Axborot soatlari

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI LAVOZIMIGA KIRIShISh TANTANALI MAROSIMIGA BAG’IShLANGAN OLIY MAJLIS PALATALARINING QO’ShMA MAJLISI TO’G’RISIDA AXBOROT

Toshkentda 2016 yil 14 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag’ishlangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisi bo’lib o’tdi.

Tantanali marosimda O’zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, mamlakatimizdagi xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qo’shma majlisni O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi M. Abdusalomov ochdi. U yurtdoshlarimiz o’zining yuksak siyosiy madaniyati, Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg’usini namoyon etib, 2016 yil 4 dekabr kuni bo’lib o’tgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol qatnashganini ta’kidladi. Saylov jarayonini 5 xalqaro tashkilot va 46 davlatdan 600 ga yaqin kuzatuvchilar kuzatib bordi. Bu O’zbekiston Prezidenti saylovi demokratik talablarga to’la mos tarzda, milliy saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar doirasida, ochiq va oshkora o’tganining yorqin dalilidir.

Yuksak saviyada o’tgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Miromonovich Mirziyoev saylovchilar umumiy sonining 88,61 foiz ovozini olib g’olib bo’ldi.

Markaziy saylov komissiyasi Raisi zalda hozir bo’lganlar va saylovchilar nomidan Shavkat Mirziyoevni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangani bilan samimiy tabrikladi va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini, O’zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirdi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitustiyasining 92-moddasiga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoev qasamyod qildi: “O’zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitustiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.

O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Tantanali marosimda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so’zladi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimi yakunlandi.

Tanaffusdan so’ng Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash masalasi ko’rib chiqildi.

Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N. Ismoilov boshqardi.

Mamlakatimiz Konstitustiyasining 98-moddasiga asosan, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko’p deputatlik o’rnini olgan siyosiy partiya tomonidan ko’rib chiqish uchun O’zbekiston Respublikasi Prezidentiga tavsiya etiladi. Shunga muvofiq, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining yaqinda bo’lib o’tgan yig’ilishida Bosh vazir lavozimiga nomzod ko’rsatildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga mamlakatimiz Bosh vazirining o’rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Abdulla Nig’matovich Aripov nomzodini tavsiya etdi.

— Biz bu masala bo’yicha juda ko’p o’ylab, tegishli maslahatlar qildik. O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashdik,— dedi Shavkat Mirziyoev.— O’tkazilgan muhokamalarda bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni e’tiborga olgan holda, men ushbu lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko’p yillik boshqaruv tajribasiga ega bo’lgan, 11 yil davomida Bosh vazirning o’rinbosari bo’lib ishlagan Abdulla Nig’matovich Aripov nomzodini tavsiya etaman.

Davlatimiz rahbari yig’ilganlarni A. Aripovning tarjimai holi bilan tanishtirdi. Nomzodning kasb malakasi, bilim va tajribasi, insoniy fazilatlari haqida gapirdi.

Barchamiz yaxshi bilamiz, hozirgi paytda butun dunyoda axborot-kommunikastiya texnologiyalari davri, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu soha soat sayin shiddat bilan rivojlanmoqda. Hozirgi kunimiz va kelajagimizni, bu soha rivojisiz tasavvur qilish mumkin emas.

Bugungi kunda mamlakatimizda “Elektron hukumat” tizimiga o’tish borasida juda katta ishlar boshlangan va ularni bosqichma-bosqich mantiqiy davom ettirish muhim vazifa sifatida kun tartibida doimiy tarzda turadi.

Axborot-kommunikastiya texnologiyalari sohasi qanchalik rivoj topgani sari, uning afzalligi va qulayliklaridan foydalanish bilan bir qatorda, butun mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Shu bilan bir qatorda, keyingi ikki oy davomida Bosh vazirning elektron portaliga tushgan 270 mingdan ortiq murojaatlar, shuningdek, yangi tashkil etilayotgan “Xalq qabulxonalari”ga bo’ladigan murojaatlarning echimi bo’yicha ham aniq va tezkor ish tizimini yaratish talab etiladi. Bu ishlarga hukumat rahbarining shaxsan o’zi bosh-qosh bo’lishi zarur, dedi Prezidentimiz.

Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo’shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko’p marotaba har tomonlama sinovdan o’tkazganman. Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo ob’ektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko’rgan joyidagi masalani o’zi mustaqil hal qiladi, agar o’zi echolmasa, aniq taklif beradi.

Davlatimiz rahbari A. Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga etib, uning echimi bo’yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta’kidladi.

A. Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta masalalarni hal etishda, ya’ni mamlakatimizni modernizastiya qilish va yangilashni yangi bosqichga ko’tarish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash bo’yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali asosda tashkil etish, Bosh vazir o’rinbosarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo’lib ishlash salohiyatiga ega. U o’ziga yuklatilgan har qanday topshiriqqa, katta yoki kichik demasdan, bir xil mas’uliyat bilan yondashadi, so’zsiz bajarish va mantiqiy yakuniga etkazish choralarini ko’radi.

Yana bir olijanob xislati — halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo’lishga intilishi, Vatanimiz va xalqimizga sadoqatidir.

Siz, hurmatli deputat va senatorlardan, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilayotgan Abdulla Nig’matovich Aripov nomzodini qo’llab-quvvatlashingizni so’rayman, dedi davlatimiz rahbari.

A. Aripov O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin va o’rta istiqbolga mo’ljallangan Harakat dasturi haqida nutq so’zladi.

Majlisda so’zga chiqqanlar Prezidentimizning ma’ruzasida bayon etilgan ustuvor yo’nalishlarni qo’llab-quvvatladi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan A. Aripov nomzodini ma’qulladi. Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to’g’risida qaror qabul qildi.

Shu bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisi yakunlandi.

 

PREZIDENT BUYuK BRITANIYa TAShQI IShLAR VAZIRI O’RINBOSARINI QABUL QILDI  

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 dekabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Alan Dunkanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, O’zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgan qayg’uli kunlarda O’zbekiston xalqiga chuqur hamdarlik bildirgani va qo’llab-quvvatlagani uchun Britaniya hukumatiga samimiy minnatdorlik izhor etdi. Alan Dunkan Samarqandga tashrifi chog’ida Buyuk Britaniya rahbariyati nomidan Birinchi Prezidentimiz qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirgani O’zbekistonda yuksak qadrlanadi.

O’zbekiston Buyuk Britaniyani jahon siyosati va iqtisodiyotida muhim o’rin tutadigan davlat, deb biladi va siyosiy, iqtisodiy, investistiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ushbu mamlakat bilan o’zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, xalqaro maydonda, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo’yicha hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi.

Alan Dunkan, o’z navbatida, Shavkat Mirziyoevni Prezident saylovida ishonchli g’alaba qozongani bilan muborakbod etdi. Buyuk Britaniya davlatimiz rahbari boshlagan islohotlar dasturini qo’llab-quvvatlashi va O’zbekistonning yangi rahbariyati bilan O’zbekiston – Britaniya o’rtasidagi serqirra hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda O’zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligining barcha yo’nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Suhbat chog’ida bugungi kunda ulkan imkoniyatlar mavjud bo’lgan savdo-iqtisodiy va investistiya sohalaridagi hamkorlikni faollashtirish yanada muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Ayni paytda O’zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida Buyuk Britaniya kapitali ishtirokida tuzilgan 544 korxona faoliyat yuritmoqda.

Joriy yil 17 noyabr kuni Britaniyaning 30 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokidagi O’zbekiston – Buyuk Britaniya savdo va sanoat kengashining 23-majlisi samarali o’tdi. Uning yakunlari mamlakatimizda barcha jabhalarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko’lamli islohotlar, xususan, so’nggi yillarda biznes muhitni yaxshilash va xususiy tadbirkorlik rolini kengaytirishga qaratilgan qarorlar samarasida ushbu mamlakat etakchi kompaniyalarining jadal rivojlanib borayotgan O’zbekiston bozoriga qiziqishi ortayotganidan dalolat beradi.

Tomonlar madaniy-gumanitar hamkorlikning bugungi holatini, jumladan, Xalqaro Vestminster universiteti, Kembrij universiteti ishtirokidagi Yuqori texnologiyalar markazi hamda Britaniya kengashi vakolatxonasining mamlakatimizdagi faoliyatini yuqori baholadilar. O’zbekistonda, ayniqsa, yoshlar o’rtasida ingliz tilini o’rganishga qiziqish ortib borayotgani inobatga olinib, ushbu yo’nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.

Suhbatda O’zbekiston – Buyuk Britaniya hamkorligiga doir boshqa masalalar ham muhokama etildi.

 

QOZOG’ISTON PREZIDENTI BILAN TELEFON ORQALI MULOQOT  

2016 yil 15 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan Qozog’iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev o’rtasida telefon orqali muloqot bo’lib o’tdi.

Shavkat Mirziyoev Nursulton Nazarboev va qardosh Qozog’iston xalqini tarixiy sana – Qozog’iston Respublikasi davlat mustaqilligining 25 yilligi bilan samimiy tabrikladi.

O’z navbatida Qozog’iston Prezidenti O’zbekiston rahbarini O’zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgani  bilan muborakbod etdi.

O’zbekiston va Qozog’iston rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda O’zbekiston–Qozog’iston hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan qator mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Davlat rahbarlari o’zaro hamkorlikning barcha sohalari bo’yicha amaliy, ishonchli va ochiq muloqotni davom ettirishga qat’iy ishonch bildirdilar.

Nursulton Nazarboev Shavkat Mirziyoevni o’ziga qulay vaqtda Qozog’istonga davlat tashrifi bilan kelishni taklif etdi.

Taklif mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Suhbat an’anaviy do’stlik, hamfikrlik, o’zaro hurmat va samimiyat ruhida o’tdi.

 

XALQARO TA’LIM LOYIHALARI

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligida «Oliy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim loyihalarining amalga oshirilishi: erishilgan natijalar va istiqboldagi vazifalar» mavzuida matbuot anjumani o’tkazildi.

Tadbirda mamlakatimizda ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Ko’plab nufuzli xalqaro ta’lim muassasalari bilan yo’lga qo’yilgan hamkorlik o’z samarasini bermoqda.

Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida Evropa ta’lim dasturlari doirasida Evropa oliy ta’lim maskanlari bilan har tomonlama aloqalar o’rnatilgan. Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Franstiya, Chexiya, Slovakiya, Grestiya, Ispaniya, Belgiya, Niderlandiya va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda o’quv kurslari, seminarlar tashkil qilinmoqda, professor-o’qituvchilarning malaka oshirish kurslari, magistratura va doktoranturada ta’lim olishi amalga oshirilayotir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 10 Tempus loyihasi yakunlanish arafasida, shuningdek, 18 Erasmus+ loyihasi va 80 kredit mobilligi bo’yicha universitetlararo hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. O’zbekistonning 40 ga yaqin universitet va instituti Evropa oliy ta’lim muassasalari bilan turli loyihalarda ishtirok etmoqda. Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Rossiya Federastiyasi va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan fan va ta’limning deyarli barcha sohalari: texnik, muhandislik, ijtimoiy, iqtisodiy va tibbiyot fanlari doirasida ham aloqalar o’rnatilgan.

Bundan tashqari, qator oliy ta’lim muassasalarida elchixonalar ko’magida tashkil qilingan chet tillarni o’rganish markazlari faoliyat ko’rsatmoqda.

Anjumanda sohadagi istiqbolli vazifalar belgilab olindi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

 

TA’LIM SOHASIDA YaNGI QO’ShMA LOYIHA

Toshkent shahrida YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi va Germaniya Xalq universitetlari uyushmasi – DVV International tashkiloti bilan hamkorlikda «Hayot davomidagi ta’lim» mavzuida anjuman bo’lib o’tdi. Unda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijlik ekspertlar ishtirok etdi.

Mazkur tadbir 2015-2030 yillarga tasdiqlangan BMT Barqaror rivojlanish dasturining «Barchaga inklyuziv va sifatli ta’lim berish hamda hayot davomida ta’lim olish imkoniyatini yaratish» maqsadini mamlakatimizda amalga oshirish, 2016-2020 yillar uchun O’zbekiston Respublikasi hukumati va BMTning O’zbekistondagi vakolatxonasi o’rtasida imzolangan YuNDAF dasturining navbatdagi loyihalarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida tashkil qilindi.

O’zbekiston Katta yoshlilar ta’limi uyushmasi ijrochi direktori M.Xadaev, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat, DVV International tashkilotining O’zbekistondagi vakili L.Kvachadze va boshqalar O’zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko’lamli islohotlar o’zining yuksak samaralarini berayotganini alohida ta’kidladi. Mamlakatimiz ta’lim tizimining afzalliklari, 12 yillik (9+3) majburiy bepul ta’limning joriy etilgani, har kimning ta’lim olish bo’yicha huquq va manfaatlari ta’minlanayotgani, qiziqishi va layoqatiga mos kasb-hunar egallashiga doimiy e’tibor qaratilayotgani hamda hayot davomidagi ta’limning dolzarbligi qayd etildi.

– Ta’lim barqaror rivojlanishning asosi hisoblanadi, – dedi YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat. – «Ta’lim-2030 – barchani qamrab oluvchi sifatli ta’lim tizimi va hayot davomidagi ta’lim sari» deb nomlangan Incheon Bayonoti YuNESKOning ta’limga oid 4-Barqaror rivojlanish g’oyasini qo’llab-quvvatlaydi. Barqaror rivojlanishga erishishning yagona yo’li tarmoqlararo o’zaro muvofiq kelishuv va sohaga oid islohotlarni hayotga izchil tatbiq etishdir. Bu islohotlar atrof-muhit, iqtisodiyot va jamiyatdagi muammolarni hal etishga qaratilgan bo’lib, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi sifatli va hayot davomidagi ta’lim tizimidan boshlanadi. Shu munosabat bilan biz Germaniyaning DVV International tashkiloti bilan hamkorlikda milliy va xorijiy mutaxassislarni O’zbekistonda hayot davomidagi ta’lim bo’yicha milliy strategiyani ishlab chiqish jarayoniga jalb etdik.

Tadbirda taklif etilayotgan mazkur ta’lim siyosati bo’yicha O’zbekistondagi imkoniyatlar va ulardan foydalanish shart-sharoitlari xususida so’z bordi. Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun xizmat qiluvchi hayot davomidagi ta’lim tushunchasi bo’yicha xabardorlikni oshirish va kerakli muhitni yaratish borasida ilg’or tajribalar yuzasidan fikr almashildi.

 

II. JAHON MIQYoSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

MOSKVAGA KIRISh PULLIK BO’LADI

Rossiya Federastiyasi Davlat dumasi “Yo’l harakatini tashkil qilish to’g’risida”gi qonun loyihasini birinchi o’qishda qabul qildi. U shaharga pullik kirishni nazarda tutadi. Hujjatga ko’ra, mahalliy va hududiy hukumatga shaharning ma’lum bir qismida transport harakatini cheklash yoki butunlay taqiqlash huquqi beriladi. Shuningdek, bu hududga kirib kelayotgan avtomobil haydovchilaridan kirish haqi ham olinishi mumkin.

Hukumat bunday qonun loyihasini qabul qilish yo’l harakatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, degan fikrda. Taxminlarga ko’ra, shaharning ma’lum bir hududlariga kirish haqi belgilangan soat yoki kunlarda olinishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, jamoat transportining maxsus yo’nalishlarini ochish ham rejalashtirilmoqda.

 

QOZOG’ISTONDAGI INTERNET UZILIShLARIGA NIMA SABAB BO’LGANI MA’LUM QILINDI  

Qozog’istonda ayrim saytlar va ba’zi ijtimoiy tarmoqlarga ulanishdagi uzilishlarga operatorlar tarmog’ida yuz bergan avariya holatlari sabab bo’lgan. Qozog’istondagi internet-foydalanuvchilari 16 dekabr kuni kechqurun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga kirishda muammolarga duch kelgan. Stastionar va mobil qurilmalarda Facebook, Instagram, Twitter, Vkontakte, YouTube kabi xizmatlar yuklanmagani xabar qilingan edi. Internetga ulanishdagi nosozliklar respublikaning turli hududlarida kuzatilgan. Mamlakatdagi yirik aloqa operatorlari internetga ulanishda nuqsonlar mavjudligini tasdiqlagan va bu holatni texnik ishlar bilan izohlagan. 17 dekabrga kelib, barchasi tiklangani ma’lum qilingan. "Kecha telekommunikastiya aloqa operatorlari tarmog’ida avariyali uzilishlar ro’y berdi, u tunda bir necha soat ichida bartaraf etildi", — degan Bektasov.

 

XITOYDA YIRIK MOLIYaVIY PIRAMIDA FAOLIYaTIGA ChEK QO’YILDI

Xitoy huquqni muhofaza qilish organlari Stzyansi viloyatida yirik moliyaviy piramida faoliyatiga chek qo’yishdi. Uning tashkilotchilari 200 mingdan ortiq kishini 14,3 million dollarga chuv tushirishgan. Xitoy Xalqaro radiosining xabar berishicha, “Yunshumao” moliyaviy piramidasining faoliyati Xitoy jamoat xavfsizligi vazirligi tomonidan tekshiruvdan o’tkazilmoqda. Moliyaviy piramida tashkil etish ishi bo’yicha etti kishi qo’lga olingan. Piramida ishtirokchilariga maxsus tashkil etilgan tashkilotning akstiyalarini olish uchun pul to’lash taklif etilgan. Shundan so’ng har bir kishi olingan elektron mablag’lar yordamida ro’yxatdan o’tib, tashkilot a’zosiga aylanishi mumkin bo’lgan. U sxemaga yana ikki nafar insonni olib kelganida esa qo’shimcha elektron pullarni qo’lga kiritgan.

Tashkilotchilar piramidaga ko’proq kishilarni jalb etish uchun Xitoyning turli hududlarida maxsus tadbirlar ham o’tkazishgani aytilmoqda.

 

TURKIYaDAGI PORTLAShDA 13 NAFAR HARBIY QURBON BO’LDI

Turkiyaning markaziy hududida joylashgan Kaysari shahrida harbiylarni olib ketayotgan avtobusning portlashi oqibatida 13 kishi hayotdan ko’z yumgan. Mamlakat Bosh shtabi ma’lumotlariga ko’ra, yana 48 nafar odam jarohatlangan.

«Ertalab, 08:45da sodir etilgan teraktda, avtomobilning zaxiradagi harbiylarni olib ketayotgan avtobusga kelib urilishi oqibatida bizning 13 jangovar safdoshimiz halok bo’ldi, 48 nafari yaralandi. Jarohatlanganlar zudlik bilan shifoxonaga olib borildi. Jabrlanganlar orasida oddiy fuqarolar ham bo’lishi mumkin», — deyiladi xabarda. Hozircha, ushbu hodisa yuzasidan javobgarlikni hech kim o’z zimmasiga olgani yo’q. Bir hafta muqaddam, 10 dekabrda ham Istanbulda kuchli portlash sodir etilgan, natijada 40 dan ortiq inson halok bo’lgan, 150 dan ortig’i yaralangan edi. Istanbul portlashini kurd isyonchilari o’z zimmasiga olgandi.

 

BARAK OBAMA: ROSSIYaDA "NEFT, GAZ VA QUROL"DAN BOShQA NARSA IShLAB ChIQARILMAYDI

Amerikaning amaldagi davlat rahbari Barak Obama Rossiya iqtisodiyoti xususida keskin fikrlarini bildirdi. Uning fikricha, Rossiyada "neft, gaz va qurol"dan boshqa narsa ishlab chiqarilmaydi. AQShning o’z lavozimini tark etishga hozirlik ko’rayotgan prezidenti o’zining joriy yildagi so’nggi matbuot anjumanida aytishicha, Rossiya Qo’shma Shtatlarni o’zgartira olmaydi, unga ta’sir ko’rsata olmaydi. “Ruslar bizlarni o’zgartira olmaydi, zaiflashtira olmaydi ham. Ularning mamlakati kichik va zaifroqdir. Ularda neft, gaz va quroldan boshqa narsa ishlab chiqarilmaydi. Ammo, ular, biz o’z nazoratimizni, qadriyatlarimizni qo’ldan boy bersak, ta’sir etishlari mumkin”, — deb qayd etgan Oq uy rahbari.

 

PENTAGON XITOYDAN EGALLAB OLINGAN SUVOSTI DRONINI QAYTARIShNI TALAB QILDI  

Pentagon Xitoydan Janubi-Xitoy dengizida razvedka maqsadida bo’lgan hamda egallab olingan suvosti dronini qaytarishni talab qildi. «Biz Xitoyni bizning suvosti uskunamizni darhol qaytarib berishga va xalqaro huquq bo’yicha majburiyatlarni bajarishga chaqiramiz», - deya ma’lum qildi Pentagon matbuot kotibi Piter Kuk. Amerika mudofaa vazirligi vakilining ta’kidlashicha, bu AQShning suveren mulki bo’lib, uni egallab olish noqonuniydir. Shuningdek, Pentagonda bunday holatlar boshqa qaytarilmasligiga umid bildirilgan.

Ma’lumot uchun, AQSh suvosti droni xitoylik harbiylar tomonidan 15 dekabr kuni egallab olindi. U Janubi-Xitoy dengizida maxsus topshiriqni bajarayotgan bo’lgan. AQSh harbiy dengiz kuchlari vakilining so’zlariga ko’ra, egallab olingan qurilma ochiq okeanografik tadqiqot dasturi doirasida harakat qilgan: tuz, harorat va suv tozaligi darajasini o’lchagan. Hodisa AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp tomonidan Xitoy iqtisodiy siyosati va mamlakatning Janubi-Xitoy dengizidagi faolligini tanqid qilinishi fonida yuz berdi.

 

TURKIYa, ERON VA ROSSIYa TAShQI IShLAR VAZIRLARI YaQIN ORADA UChRAShUV O’TKAZIShGA KELIShIB OLDILAR

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Mavlud Chovusho’g’lu va Javad Zarif bilan telefon orqali muloqot o’tkazdi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligida ma’lum qilindi. "Vazirlar Halabning sharqiy qismi ozod qilingani va shahardan tinch aholining evakuastiya qilingani kontekstida Suriyadagi vaziyatni va uning boshqa hududlaridagi tinch aholining ahvolini engillashtirish vazifalarini muhokama qildilar", deb aytildi vazirlik xabarida. Uch davlat tashqi ishlar vazirlari Suriyadagi barcha muhtojlarga gumanitar yordam ko’rsatish bo’yicha xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini davom ettirish va Suriyada keng ko’lamli siyosiy tartibga solishga o’tishda ko’mak ko’rsatish muhimligini aytishdi. Bundan tashqari, Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari yaqin orada uchrashishga kelishib olganlar.

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

ERKIN VOHIDOV IJODI VA MILLIY MA’NAVIYaT  

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan “Erkin Vohidov ijodi va milliy ma’naviyat” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir o’tkazildi. Unda universitet professor-o’qituvchilar, shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari, talabalar va Erkin Vohidovning farzandlari ishtirok etdilar.

O’zMU rektori Avazjon Marahimov, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o’rinbosari Sirojiddin Sayyid va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2016 yil 7 dekabrdagi “O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to’g’risida”gi qarorini barcha kitobxonlar, adabiyot muxlislari g’oyat mamnuniyat, ko’tarinki ruh bilan kutib olganlarini, bu qaror mamlakatimizda adabiyotga, ma’naviyatga bo’lgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo’lganini ta’kidladilar.

Erkin Vohidov 1936 yilda Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanida ziyoli oilasida tug’ildi. O’rta maktabni tugallab, ToshDU (hozirgi O’zMU) filologiya fakultetida tahsil oldi. 1960 yilda universitetni bitirgach, "Yosh gvardiya" nashriyotida bosh muharrir, keyinchalik Fafur Fulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir va direktor bo’lib ishladi. 1982-1985 yillarda "Yoshlik" jurnali bosh muharriri vazifasida faoliyat ko’rsatdi.
1990 yildan Erkin Vohidov davlat-jamoatchilik faoliyati bilan shug’ullandi. 1990-1995 yilarda O’zbekiston Oliy Kengashi qo’mitasi raisi, 1995-2005 yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi raisi, 2005-2008 yillarda Oliy Majlis Senatining madaniyat va sport, fan, ta’lim masalalari qo’mitasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi. Erkin Vohidovga O’zbekiston Qahramoni, O’zbekiston xalq shoiri unvonlari berilgan.

Ulug’ shoirning "Tong nafasi", "Aql va yurak", "Mening yulduzim", "Zangori shu’lalar", "Biz ishlayapmiz", "Manfaat falsafasi", "Unutish qo’shig’i", "Temirtan daholar", "Nido", "Ruhlar isyoni", "Hozirgi yoshlar", "Bedorlik", "Sharqiy qirg’oq", "Tirik sayyoralar", "Muhabbatnoma", "Sadoqatnoma", "O’zbegim" kabi she’rlari, dostonlari, to’plamlari va boshqa o’nlab asarlari kitobxonlar ko’ngil mulkining ma’naviy xazinasiga aylangan. Uning 1969 yilda nashr qilingan "Yoshlik devoni" mumtoz o’zbek adabiyoti g’azal janri merosini bebaho durdonalar bilan boyitdi va shoirga katta shuhrat keltirdi. Shoir ijodida uning hajviy va komediya janridagi asarlari ham alohida o’rin tutadi. Jumladan, "Donish qishloq latifalari", "Matmusaning hangomalari" turkum quvnoq hajviy she’rlari, "Oltin devor" pesasida hayotimizda uchraydigan salbiy holatlar, kulgili voqealar, hangomalar beg’ubor yumor bilan qalamga olinadi.

– Bugun biz sevimli shoirimiz, O’zbekiston Qahramoni, xalq shoiri, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash arafasida uchrashib turibmiz,– dedi Avazjon Marahimov.– Bu yil mamlakatimizda yuz bergan katta judoliklardan biri – ulug’ shoirimizni so’nggi manzilga kuzatgan edik... Biroq, ulug’ shoir o’zining o’nlab kitoblari bilan umriboqiy, qalbimizda barhayotdir. Bugun atoqli shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida sermazmun xotiralardan tinglaymiz, albatta.

Erkin Vohidov mana shu dargohda tahsil olganini g’urur bilan eslaymiz. U O’zbekiston Qahramoni darajasiga etib, qator yillar Oliy Majlis deputati, Senat a’zosidek yuksak lavozimlarda faoliyat ko’rsatsa-da Milliy universitetimizdan uzoqlashmagan edi. Ulug’ shoirimizning 50, 60, 70 yillik yubileylarini shu dargohda munosib nishonlaganimiz o’sha davrda o’qigan talaba-yoshlar qalbida ham bir umrga muhrlanib qolgan. Erkin Vohidovning muborak 70 yilligi munosabati bilan unga Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti faxriy fan doktori degan sharafli unvon ham berilgan!

Har bir davrning o’z adabiy-madaniy muhiti bo’ladi. Biz o’tgan asrning 80-yillarida talaba bo’lgan avlod uchun Erkin Vohidov nomi o’zgacha jaranglab eshitiladi. Uning “Sadoqatnoma”, “Muhabbatnoma” kabi mo’’jaz kitoblarini talabalarning yostiqlari tagidan topish mumkin edi. Ulug’ shoirning har bir she’ri o’quvchilarni ulug’vorlikka chorlaydi. E’tibor bering:

 

Men she’r yozsam,

O’qisam uni.

Tinglaganlar qarsak chalmasa.

Biror kimsa biror so’zini,

Yodida ham saqlab qolmasa.

Faqat bittagina bo’z o’g’lon,

Uyga qaytgach, yig’lasa to’lib.

Yig’lab-yig’lab tong bo’zargan on,

Uyg’onsa u Alpomish bo’lib.

 

Qarang, bu she’r bugungi Alpomishlarimizni ham kamolga etishiga undagani sezilib turibdi. Vatan himoyachilaridan tortib xalqaro sport maydonlarida O’zbekiston bayrog’ini baland ko’tarayotgan Alpomishlar ham shu she’rdan ruhiy quvvat olganiga ishonaman. Erkin Vohidov asarlari talabalarimiz uchun ham ulkan saboqdir.

Umid qilamanki, bugungi anjumanimizda talaba-yoshlarimiz qanchalik ilhom va ulug’ shoirimizning hayot yo’lidan ibrat olsalar, Erkin Vohidov ruhlari ham shu qadar shod bo’ladi!

O’zMU prorektori Davlatboy Jumaboev, shoir Sirojiddin Sayyid, adabiyotshunos olimlar Hamidulla Boltaboev, Nurboy Jabborov, Jurnalistika fakulteti dostenti To’lqin Eshbek, shoirning o’g’li Xurshid Vohidov o’z so’zlarida Erkin Vohidov ijodiy faoliyati haqidagi xotiralarini o’rtoqlashdilar.

Tadbirda O’zMU talabalari atoqli shoirning she’rlaridan namunalar rus, ingliz, franstuz, nemis va boshqa xorijiy tillarda ham o’qidilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.

 

Fakultet dekanining Ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha o’rinbosari diqqatiga!

“Axborot soatlari” ma’lumotlari yuzasidan savol paydo bo’lsa O’zMU Axborot xizmati rahbari To’lqin Eshbekovga murojaat qilishingiz mumkin.

Telefon: 2271542; +99890 9120963.

Elektron pochta: tueshbek@mail.ru