O'zMU » Axborot soatlari » AXBOROT SOATLARI 13-15 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (16-21 noyabr kunlari) MIRZO ULUGBEK NOMIDAGI OZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI AXBOROT SOATLARI 14-15

“AXBOROT SOATLARI” 14-15

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (23-28 noyabr kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” 14-15

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (23-28 noyabr kunlari)

TOSHKENT

O’zMU – 2015

 

  I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

  NAMANGAN VILOYATI KENGASHINING NAVBATDAN TASHQARI SESSIYASI

26 noyabr kuni xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so’zladi.

Sessiyada tashkiliy masala ko’rildi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko’ra, viloyatning Mingbuloq tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Xayrullo Bozorov Namangan viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Prezidentimiz rahbarning bugungi kundagi o’rni va mas’uliyati, kadrlarni rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish masalasi haqida atroflicha to’xtalib, jumladan, quyidagilarni bayon etdi.

Men ko’p marta aytgan bir fikrni bugun yana bir bor takrorlashni o’rinli deb bilaman. Mening mamlakat rahbari sifatida zimmamga yuklangan eng katta, eng og’ir, shu bilan birga, o’ta mas’uliyatli vazifa haqida gapirganda, bu avvalo kadrlarni rahbarlik lavozimlariga – bu vazirlik yoki tarmoq yetakchisi bo’ladimi, viloyat yoki tuman rahbarlari bo’ladimi – tanlash va tavsiya qilishdan iborat. Bu safar ham ana shunday og’ir mas’uliyatli ishni bajarishga to’g’ri kelganini o’zim uchun yana bir sinov deb bilaman. Lekin bu sinov, ochiq aytadigan bo’lsam, barchamizning zimmamizga tushadigan sinovdir. Nega deganda, hozirgina sizlar bilan saylab-tasdiqlab olgan rahbarni barchangiz yaxshi taniysiz, uning qanday oilada, qanday muhitda tarbiya topgani, yetakchilik xususiyatlari haqida u bilan birga ishlagan odamlar sifatida mendan ham chuqurroq bilasiz.

Shuning uchun, aziz do’stlarim, qadrdonlarim, bugun barchamiz katta bir mas’uliyatni zimmamizga olishimiz tabiiydir. Bugun hayotning o’zi oldimizga qo’yayotgan ulkan vazifalarni hal etishda sizlar yangi rahbar atrofida birlashib, unga tayanch va suyanch bo’lasiz, Namangan vohasining obro’-e’tiborini yangi bosqichga ko’tarasiz, deb ishonaman. Mehnatkash, ishning negizini biladigan, dinu diyonatli Namangan ahli shu borada o’zini ko’rsatib, ko’pchilikka o’rnak va namuna bo’ladi va ezgu maqsadlariga albatta yetadi, dedi Prezidentimiz o’z nutqining yakunida.

 

O’ZBEKISTON – JANUBIY KOREYA BIZNES-FORUMI

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 23 noyabr kuni O’zbekiston va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo’lib o’tdi. O’zaro savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan mazkur tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, neft-gaz, geologiya va mineral resurslar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, oziq-ovqat va kimyo sanoati, farmasevtika, transport va transport kommunikasiyalari, logistika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, kommunal xizmat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. Koreya Respublikasi O’zbekistonning ishonchli va uzoq muddatli strategik hamkorlaridan. Ikki davlat o’rtasida savdo aloqalari borasida eng ko’p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Mamlakatlarimiz o’rtasida imzolangan savdo, investisiyalarni o’zaro rag’batlantirish va himoya qilish, daromadlarning ikki tomonlama soliqqa tortilishiga yo’l qo’ymaslik hamda daromad soliqlarini to’lashdan bosh tortishni bartaraf qilishga oid bitimlar savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga xizmat qilmoqda. O’zbekistonda Koreya Respublikasining 72 yetakchi firma va kompaniyasi vakolatxonasi, ushbu mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida tuzilgan 439 korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Ular neft-gaz, neft-kimyo, tog’-kon metallurgiyasi, mashinasozlik, savdo, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati, sog’liqni saqlash, elektr texnikasi kabi qator sohalarda ish yuritadi. 2014 yilda o’zaro tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollarini, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 1,2 milliard dollarni tashkil etdi.

 

IBN SINO MEROSI: ZAMONAVIY TIBBIYOT VA AMALIYOT

Buxoroda “Ibn Sino ilmiy merosi va zamonaviy tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusidaxalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo’lib o’tdi. O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi, YuNESKO ishlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Ibn Sino jamoat fondi, Buxoro viloyati hokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o’quv yurtlari professor-o’qituvchilari, talabalar, tibbiyot muassasalari mas’ul xodimlari, Germaniya, Fransiya, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlardan mutaxassislar ishtirok etdi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini 16 yoshida boshlagan bu ulug’ zot tibbiyot, falsafa, mantiq, kimyo, fizika, astronomiya, matematika, musiqa, adabiyot va tilshunoslik sohalariga oid 450 dan ortiq asar yaratgan. Ularning 242 tasi bizgacha yetib kelgan.  Jahon ilm-fani rivojiga muhim hissa bo’lib qo’shilgan bu durdona asarlar hamon o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Abu Ali ibn Sino o’zining “Tib qonunlari” asarida tibbiyot taraqqiyotining asosiy yo’nalishlarini belgilab bergan. Ushbu asarda buyuk olim amaliy tibbiyot va farmakologiya sohalarining eng muhim usullariga asos solgan.

 

GIDRAVLIK EKSKVATORLAR ISHLAB CHIQARISH HAJMI OSHIRILADI

Xitoyning Xuzhou Construction Machinery Group (XCMG) kompaniyasi “O’zbekiston temir yo’llari” AJ bilan Urganchdagi UzXCMG qo’shma korxonasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo’yicha o’zaro hamfikrlik to’g’risidagi memorandumniimzoladi. 2014 yilning may oyida Urganchda gidravlik ekskvatorlar va qurilish texnikalarini ishlab chiqarish hamda ularga xizmat ko’rsatishga ixtisoslashgan UzXCMG o’zbek-xitoy qo’shma korxonasi ishga tushirilgan edi. Yangi qo’shma korxona Urganch ekskvator zavodi bazasida barpo etildi. O’rta Osiyoda yagona bo’lgan mazkur korxona 1974 yilda ishga tushirilgan bo’lib, unda meliorativ ishlar uchun foydalaniladigan trosli ekskvatorlar, zemsnaryad (zemlesos o’rnatilgan kemacha)lar, kultivatorlar va boshqa ko’plab metallokonstruksiyalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

  II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 ISHIDNING MINGTA BENZIN TASHUVCHISI YO’Q QILINDI

5 kun ichida Rossiya aviasiyasi IShIDning neft xom ashyosini olib ketayotgan mingta benzin tashuvchisini yo’q qildi. “Oxirgi 5 sutka mobaynida Rossiya samolyotlari tomonidan IShID terrorchi guruhlari nazorat qiladigan zavodlarga neft xom ashyosini olib ketayotgan mingdan ortiq benzin tashuvchisini yo’q qildi”, — dedi mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov. Terrorchilarga tegishli bir qator muhim neft obyektlari yo’q qilingan.

 

ROSSIYA ISHIDGA QARSHI KURASHDA ORTIQ DARAJADA KUCHLI QUROL QO’LLAMOQDA

IShIDga qarshi olib borilayotgan harbiy kampaniya Rossiya prezidenti Vladimir Putinga butun dunyoga o’z qo’li ostidagi kuchlarni namoyish etish imkoniyatini bermoqda. Jangarilarga qarshi u ortiq darajada qudratli qurollarni qo’llamoqda. Bunda birinchi navbatda uzoqqa uruvchi zenit-raketa tizimlari nazarda tutilmoqda. Bundan maqola muallifi shunday xulosa qiladiki, Rossiyaning asl maqsadi IShIDga qarshi jon-jahdi bilan kurashish emas, balki barchaga o’z qudratini ko’rsatib qo’yishdir. “2000 yili Putin prezident etib saylangan payti u hali tajribasiz bo’lib, o’ziga ishonmas edi. G’arb yetakchilari u bilan gaplashganidan xursand bo’lardi. Bugun esa u o’zini jahondagi eng tajribali yetakchi deb hisoblaydi va boshqalarga yordam berishni istaydi”, — dedi rossiyalik jurnalist Aleksandr Baunov. Shu bilan birga, Ukraina sharqidagi urushdan so’ng G’arb siyosatchilari Putinni fikriga qiziqmay qo’ydilar. Ular o’tgan yilgi G8 sammitida ham Putin bilan gaplashishmadi, uning Asadni saqlab qolish borasidagi fikrlarini eshitmadilar. Ammo ular Rossiya 30 sentyabr kuni boshlagan keng miqyosli harbiy kampaniyani sezmay qolishmadi. Baunovning ta’kidlashicha, Putin urush boshlash uchun juda to’g’ri vaqtni tanlagan. Shu tariqa, Rossiya biryo’la bir nechta maqsadlarga erisha oladi. U nafaqat harbiy kuchlarini ko’rsata oladi, balki uning xalqaro izolyasiyasi yakun topishi ham mumkin.

 

FRANSIYA ISHIDGA QARSHI ZARBALARNI KO’PAYTIRMOQDA

Fransiya Suriyadagi IShID pozisiyasi bo’ylab havo zarbalari yo’llashni oshiradi. Bu haqda 23 noyabr kuni Fransua Olland Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron bilan muzokaralari yakuni yuzasidan bergan bayonotida bildirgan. Fransiya prezidenti Suriya qirg’oqlariga “Sharl de Goll” avianosesi yaqinlashganini eslatib o’tgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron, Fransiya terrorchilarga qarshi kurashda Kiprdagi Britaniyaga qarashli harbiy bazadan foydalanishi mumkinligini ta’kidlagan. Kemeron Britaniya ham IShIDga qarshi havo zarbalari yo’llashda ishtirok etishi lozimligini va hafta o’rtalarida parlamentga Buyuk Britaniyaning Yaqin Sharqdagi harakat rejasini taqdim etishini aytib o’tgan.

 

 

ROSSIYA 2016 YILNING 1 YANVARIDAN TURKIYA BILAN VIZASIZ REJIMNI TO’XTATADI

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrovning ma’lum qilishicha, Rossiya 2016 yilning 1 yanvaridan Turkiya bilan vizasiz rejimni bekor qiladi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar tarqatgan. «Rossiya Federasiyasi hukumati qaroriga ko’ra, Rossiya va Turkiya o’rtasida amalda bo’lgan vizasiz rejim to’xtatiladi», deydi Lavrov. Vazirning so’zlariga ko’ra, rossiyaliklar uchun Turkiya tomonidan haqiqatda ham xavf mavjud. Turkiya jangarilar dunyoning turli tomonlariga tarqalish nuqtasiga aylangan. «Ming afsuski, yumshoq qilib aytganda Turkiya o’z hududlaridagi bizning fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlamaydi», deydi vazir. Qayd etish kerakki, Rossiya va Turkiya o’rtasidagi munosabatlar sovuqlashgandan sovuqlashib bormoqda.

 

 

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

PREZIDENT ASARI BILIMDONLARI ANIQLANDI

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida yoshlarni milliy istiqlol g’oyalariga sadoqat, ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, yosh iste’dodlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va rag’batlantirish maqsadida ko’rik-tanlov tashkil etildi. Unda universitet talabalari Prezidentimiz Islom Karimovning “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” kitobi mazmun-mohiyati, undagi bunyodkorlik g’oyalarining yoshlar kamolotidagi ahamiyati borasidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash jarayonida sog’lom va mustaqil tafakkurli, yuksak ma’naviyatli avlodni tarbiyalash, yoshlar ongu shuuriga Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g’oyalariga sadoqat, ibratli an’analarimizga hurmat ruhini singdirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining 2006 yil 25 avgustdagi “Milliy g’oya targ’iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish to’g’risida”gi va 2014 yil 6 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarorlari yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasiga oid ishlarni yangi bosqichga ko’tarishda muhim dasturilamal bo’layotir.

Universitetda o’tkazilgan taqdimotlar ko’rik-tanlovi Prezidentimiz asarini o’rganish va yoshlar orasida targ’ibot qilish, iqtidorli talabalarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishda ulkan ahamiyatga egadir.

Ko’rik-tanlov uch bosqichda tashkil etilib, unda mingga yaqin talaba ishtirok etdi. Yakuniy bosqichda o’z fakulteti miqyosida g’olib bo’lgan 12 talaba qatnashdi. Ishtirokchilar o’z chiqishlarida Prezidentimiz kitobida davlatimiz va jamiyatimizning yaqin va uzoq istiqbolga mo’ljallangan taraqqiyot strategiyasi aniq-ravshan belgilab berilganini, jumladan, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at, sport kabi ijtimoiy sohalarni barqaror rivojlantirish, yurtimizdagi har bir hudud va mintaqa taraqqiyotini yangi bosqichga ko’tarishga doir yangi reja va ustuvor loyihalar, O’zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasi har tomonlama puxta asoslangan holda bayon qilinganini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ko’rsatib berdi.

Jurnalistika fakulteti talabasi Azizbek Ramazonov birinchi, ijtimoiy fanlar fakulteti talabasi Shuhrat Ro’ziyev ikkinchi, xorijiy filologiya fakulteti talabasi Chaman Jonuzoqova uchinchi o’rinni egalladi.

Bundan tashqari, «Eng yaxshi notiq», «Eng yaxshi sharhlovchi», «Eng yaxshi taqdimot», «Eng zukko talaba» nominasiyalari bo’yicha g’oliblar aniqlandi.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.