O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 20-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 yanvar kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 20-16

“AXBOROT SOATLARI” № 20-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 yanvar kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 20-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (18-23 yanvar kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

QONUN IJODKORLARI TAJRIBA ALMASHDI  

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 21 yanvar kuni “Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda parlamentning roli: O’zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzuida davra suhbati bo’lib o’tdi.

O’zbekiston va Germaniya hamkorligi keng ko’lamli. Mamlakatlarimiz o’rtasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumantar aloqalar izchil rivojlanmoqda. Yurtimizda Germaniya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 100 dan ortiq korxona, ushbu mamlakatning 40 ga yaqin firma va kompaniyasi vakolatxonasi faoliyat ko’rsatmoqda.

Prezidentimizning 2015 yil 28 apreldagi «Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori hamda 2015 yil 15 maydagi «Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida»gi farmoni xususiy mulk va mulkdorlar huquqi himoyasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada keng sharoit va kafolatlar yaratdi.

2015 yilda Jahon banki tomonidan e’lon qilingan «Biznes yuritish» reytingida O’zbekiston bir yilning o’zida 16 pog’onaga ko’tarilib, 87-o’rinni egalladi. Mamlakatimiz keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan o’nta davlat qatoridan joy oldi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, korporativ boshqaruvni rivojlantirishga alohida ahamiyat berilayotir. Germaniyadagi Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi ishtirokida tashkil etilgan Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markazi aksiyadorlik jamiyatlarining rahbar xodim va mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirishda muhim rol o’ynamoqda. O’tgan yili yurtimiz aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va yirik korxonalarning saksondan ortiq rahbar xodimi korporativ boshqaruv sohasida Germaniya korxonalarida tajriba orttirdi.

 

ISHONCHLI PARVOZ – TARAQQIYOT OMILI

Prezidentimiz rahnamoligida mustaqilligimizning dastlabki yillaridan aviasiya sohasiga alohida e’tibor qaratilib, yo’lovchi va yuk tashish tizimini takomillashtirish, xizmat ko’rsatishni zamon talablari darajasida yo’lga qo’yish bo’yicha keng ko’lamli ishlar amalga oshirildi. Zamonaviy havo laynerlari bilan ta’minlangan “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi tizimidagi ulkan o’zgarish va yangiliklarni xalqaro talab va andozalarga to’liq javob beradigan Nukus xalqaro aeroporti misolida ham ko’rish mumkin. Har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarning bemalol uchib-qo’nishini ta’minlash maqsadida Nukus xalqaro aeroportida 2010-2011 yillarda Finlyandiyaning “Vaysala” kompaniyasi meteouskunalari o’rnatilgach, imkoniyatlar yanada kengaydi. Bugungi kunda aeroport Boing-767, Boing-757, A-320, Il-114 kabi yirik va zamonaviy havo laynerlarini ham uzluksiz qabul qilmoqda.

 

POYABZAL MAHSULOTLARI MOSKVADA NAMOYISH QILINDI

“O’zbekcharmpoyabzali” uyushmasi o’zbekistonlik poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning sara mahsulotlarini Moskvada bo’lib o’tadigan MOSSHUZ-2016 ko’rgazmasida namoyish qiladi. Ko’rgazma 19-22 yanvar kunlari Rossiyaning eng zamonaviy ko’rgazma maydonchasi hisoblanuvchi “Krokus Ekspo” xalqaro ko’ragzma markazida bo’lib o’tdi. Ayni paytda “O’zbekcharmpoyabzali” uyushmasi ushbu sohada faoliyat yurituvchi 252 ta korxonani birlashtiradi. Uyushmaning asosiy vazifasi teri xom ashyosini tayyorlash va qayta ishlash, raqobatbardosh charm mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarish faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yagona texnik va investision siyosatni yuritish, xorijiy investisiyalarni keng jalb qilish, ilg’or texnologiyalarni joriy qilish, soha korxonalarini modernizasiya qilish va texnik qayta jihozlashdan iborat. O’zbekistonda 2005-2015 yillar davomida charm, poyabzal va charm attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni modernizasiyalash va kengaytirishga qaratilgan investision dastur amalga oshirildi. Natijada 10 yil ichida O’zbekiston charm-poyabzal korxonalarining eksporti hajmi 12 martaga oshdi. Bugungi kunda O’zbekistonda ushbu sohada 300 dan ko’proq korxona faoliyat yuritadi. Ulardan 73 tasi teri xom ashyosini tayyorlash, 45 tasi terini qayta ishlash, 130 tasi poyabzal ishlab chiqarish, 50 tasi charm attorlik va 5 tasi sun’iy charm ishlab chiqarish bilan shug’ullanadi. Ayni paytda ushbu sohada 26 mingdan ko’proq malakali xodimlar faoliyat yuritadi. MOSShUZ ko’rgazmasi Sharqiy Yevropadagi eng yirik poyabzal ko’rgazmasi hisoblanib, bir yilda 4 marta o’tkaziladi. Birinchi marta 1997 yilda o’tkazilgan. Ushbu ko’rgazmada 27 davlatdan, jumladan Italiya, Germaniya, Turkiya, Polsha, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Portugaliya, Finlyandiya, Avstriya, Braziliya, Vyetnam, Xitoy, Sloveniya va MDH davlatlaridan poyabzal, sumka va aksessuarlar ishlab chiqaruvchi 500 dan ko’proq yetakchi kompaniya muntazam ravishda ishtirok etib keladi.

 

HAMKORLIK YO’LIDA

O’zbekiston va Bangladesh 1999 yildan 2004 yilgacha amal qilgan ikki davlat o’rtasida to’g’ridan-to’g’ri aviaaloqani tiklash bo’yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Bangladeshning O’zbekistondagi elchisi Ma’sud Mannon ma’lum qildi. Uning aytishicha, joriy yilda davlatlar ikki tomonlama aloqalarni jiddiy jadallashtirmoqchi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Bu borada aviaaloqani tiklash bo’yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi olg’a intilishga yaxshi asos bo’ladi.

“Men bu masala yaqin orada hal bo’lishiga umid qilaman. Bizning davlatlar o’rtasida parvozlarni tiklash bo’yicha dastlabki kelishuv bor va bu ijobiy holatdir”, deb aytdi Mannon. Ikki davlat o’rtasidagi oliy darajadagi aloqalar xususida gapiriladigan bo’lsa, joriy yilda O’zbekistonga Bangladesh savdo vaziri tashrif buyurmoqchi. Shuningdek, davlatlar o’rtasida tashqi ishlar vazirliklari darajasida maslahatlashuvlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar dastlabki ma’lumotlarga ko’ra yilning birinchi yarmida bo’lib o’tadi, ikkinchi yarmida esa Toshkentga Bangladesh tashqi ishlar vaziri Islom hamkorligi tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun keladi. Elchining fikricha, yaqin yillarda investision sohadagi hamkorlikda muvaffaqiyatga erishish kutilmoqda. Davlatlar O’zbekistonda yaqinda o’z faoliyatini boshlaydigan 10 ta farmasevtik korxona tashkil etish haqida kelishib oldilar. Bangladesh o’zbek paxtasining eng yirik xaridori hisoblanadi, 2015 yilda uning ulushiga jami o’zbek paxtasining 29 foizi to’g’ri kelgan. Bangladesh elchixonasi O’zbekistonga choy, farmasevtik mahsulotlar va jut eksport qilishni kengaytirish bo’yicha barcha kuchlarni safarbar qilmoqda. Ikki davlat o’rtasidagi hamkorlikning eng tez rivojlanayotgan tarmog’i sayyohlik hisoblanib, bugungi kunda davlatlar o’rtasida bu sohadagi munosabatlarni mustahkamlovchi maxsus hujjat yo’q, biroq Bangladesh bu borada ish olib bormoqda. Ikki davlat o’rtasidagi sayyohlikni rivojlantirishga to’sqinliq qiluvchi eng katta muammo to’g’ridan-to’g’ri aviaaloqaning yo’qligi bo’lmoqda. Bangladeshliklar O’zbekistonga sayohat qilishga, ayniqsa diniy sayyohlik doirasida tashrif buyurishga katta qiziqish bildirmoqdalar. “Ko’pchilik bangladeshliklar musulmon dunyosida dong’i ketgan yodgorliklar – Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, Naqshbandiy majmualariga tashrif buyurishni istaydilar”, deb aytmoqda Mannon. Uning ta’kidlashicha, O’zbekiston va Bangladesh bir necha sohalar – madaniyat, biznes va sayyohlikda katta ko’lamda almashinuv tashkil etish imkoniyatga ega.

 

YANGI YILDA MOBIL ALOQA QANDAY BO’LADI?

2016 yilning 1 yanvaridan O’zbekistondagi barcha mobil aloqa operatorlari daromad solig’ining “suzuvchi” stavkalariga ko’chdi. Ya’ni ular endilikda faoliyatining rentabelligidan kelib chiqqan holda soliq to’lashadi. Sputnik agentligi yangi yilda O’zbekistonda mazkur soha qanday ahvolda bo’lishini o’rganib chiqdi. Bir tomondan, global o’zgarishlar tufayli mobil xizmatlar narxi oshishi kutilmoqda, lekin kompaniyalar regulyatorning bosimi ostida narxlarni birdaniga ko’tarishga jur’at qilmaydi. Shunday bo’lsa-da, ta’kidlanishicha, narxlar oshishidan qochib bo’lmaydi. Kuchli raqobat sharoitida ichki bozorda yaqindan faoliyatini boshlagan UMS va Uzmobile kompaniyalari haliveri narxlarni tushirib, bozorning yetakchilari bo’lmish Beeline va Ucell bilan bellasha olmaydi, negaki tushumning katta qismi hozircha banklardan olingan kreditlarni yopishga ketmoqda. Bozorning asosiy o’yinchilari bo’lmish Beeline va Ucell o’tgan yil davomida qo’shimcha bazaviy stansiyalar o’rnatib, ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun muqobil energiya manbalarini yaratdi. Bu uzoq hududlarda aloqa sifatini ta’minlashga ko’mak beradi. Shu bilan birga, yangi soliq stavkalariga ko’ra, agarda faoliyat rentabelligi 20 foizni tashkil qilsa, u holda kompaniya soliqni eski stavka bo’yicha 7.5 foiz miqdorida to’lashda davom etadi. Agarda rentabellik darajasi 20 foizdan ortsa, u holda undan yuqori daromadning 50 foizi soliq sifatida olib qo’yiladi. Shu tariqa, kompaniyalar uchun ko’p daromad olish amalda zarar ko’rishga teng bo’lib qoldi.

 

YANGI KORXONALAR

O’zbekiston Davlat statistika qo’mitasi 20 yanvarda e’lon qilgan ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekistonda 2015 yilda Rossiya investisiyalari ishtirokida 91 ta korxona tashkil etildi, bu o’tgan yil yakunlariga ko’ra ikkinchi ko’rsatkich bo’ldi. 2014 yilda bu ro’yxatga 69 ta korxona kiritilgandi. Statistika qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistonda 2015 yilda xorijiy kapital ishtirokidagi 494 ta korxona ro’yxatdan o’tkazildi. 2014 yilda bunday korxona 433 tani tashkil qilgandi. Bu borada Xitoy investisiyalari ishtirokida tuzilgan korxonalar yetakchilik qilmoqda, bunday korxonalar 103 tani tashkil qilgan. Shuningdek, yetakchi uchtalikka Janubiy koreyalik hamkorlar ishtirokida tuzilgan korxonalar kirgan, ularning soni 53 tani tashkil qildi. Rossiya biznesi 2015 yilda O’zbekiston sanoatida 24 ta, savdoda 14 ta, qurilishda 11 ta, transport va aloqada 10 ta va ishlab chiqarish sohasida 32 ta yangi korxona yaratdi.

2016 yil 1 yanvar holatiga ko’ra, O’zbekistonda xorijiy kapital ishtirokida tuzilgan 4,8 mingdan ko’proq korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 900 ga yaqini Rossiya kapitali ishtirokida yaratilgan. Rossiya O’zbekistonning eng yirik investision hamkori bo’lib qolmoqda, Rossiya kompaniyalarining O’zbekiston iqtisodiyotiga investisiyalari oxirgi yillarda 6 mlrd dollardan oshib ketdi.

Rossiya elchixonasi ma’lumotlariga ko’ra, 2015 yilning 9 oyi davomida Rossiya va O’zbekiston o’rtasidagi savdo aylanmasi 29,2 foizga, ya’ni 2,14 mlrd dollargacha kamayib ketgan. Jahon bozorlaridagi noqulay sharoitlarga qaramasdan, Rossiya ulushiga O’zbekistonning tashqi savdo aylanmasining deyarli 25 foizi to’g’ri keladi.

 

HAVO YO’LLARI KELISHUV IMZOLANDI

“O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi “Uralskiye avialinii” bilan Namangan-Yekaterinburg-Namangan havo liniyasini birgalikda ekspluatasiya qilish borasida kelishuvga erishdi. Kod-shering borasidagi kelishuv doirasida 31 dekabrdan e’tiboran O’zbekiston milliy aviatashuvchisi Namangan-Yekaterinburg-Namangan yo’nalishi bo’yicha “Uralskiye avialinii” reyslari uchun chiptalar sotishni yo’lga qo’ygan. Parvozlar haftasiga bir marta payshanba kunlari Airbus 320 laynerlarida amalga oshiriladi.

 

KUCHLILAR SARALANMOQDA

Poytaxtimizda “Universiada – 2016” sport musobaqalarining saralash bahslari o’tkazilmoqda. Unda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar kuch va mahoratini namoyish etmoqda. Joriy yilda Farg’ona viloyatida o’tkaziladigan “Universiada – 2016” sport musobaqalari dasturiga kiritilgan 15 sport turi – erkin, yunon-rum kurashi, taekvondo (WTF), boks, dzyudo, yengil atletika, tennis, stol tennisi, suzish, og’ir atletika, basketbol, voleybol, futbol, shaxmat, qo’l to’pi bo’yicha saralash musobaqalari davom etmoqda.

 

HARBIY HARAKATLARDA ISHTIROK ETMAGAN MA’QUL...  

18 yanvar kuni O’zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tarqatgan xabarnomada ushbu mamlakatga kelib, harbiy harakatlarda ishtirok etish niyatida bo’lgan fuqarolarni mazkur xatti-harakat keltirib chiqaradigan oqibatlardan boxabar qildi. “Ukraina sharqida to’xtamayotgan harbiy harakatlar, shuningdek, Ukrainaning chet el fuqarolari hamda fuqaroligi yo’q shaxslar tomonidan Ukraina qurolli kuchlarida harbiy xizmat o’tashiga rasman ruxsat berishi fonida O’zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi ushbu mamlakatga harbiy harakatlarda ishtirok etish maqsadida kelmoqchi bo’lgan fuqarolarni tilga olingan jinoyatlarni amalga oshirmaslikka chaqirib, buning uchun jinoiy javobgarlik belgilanganini eslatib o’tadi”,- deyiladi xabarnomada.

Eslatilishicha, O’zbekiston JKning 154-moddasiga ko’ra, yollanma harbiylik boshqa davlatlar hududidagi harbiy harakatlarda noqonuniy ishtirok etganlik uchun hattoki yollanmalik belgilari bo’lmagan taqdirda ham javobgarlik yuklaydi. Bunday jinoyatni sodir etgan shaxslar 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

“O’zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi har qanday bu taxlit signallar huquq-tartibot hamda O’zbekistonning boshqa maxsus davlat organlari tomonidan sinchiklab tekshirilishidan, yuqorida modda bo’yicha jinoyat sodir etgani yoki etish niyatida ekanligi haqida xolis axborot bo’lgan har qanday fuqaro ta’qibga olinishidan ogohlantiradi”,- deb ta’kidlanadi hujjat matnida.

Shu bilan bog’liq ravishda o’zbekistonliklarga “ehtiyotkorlik” ko’rsatib, harbiy guruhlarda ishtirok etishdan bosh tortish tavsiya qilindi.

Shu masala bilan bog’liq ravishda murakkab vaziyatga tushib qolgan O’zbekiston fuqarolari Kiyevdagi elchixonaga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilsa bo’ladi: (+380) 44 501-50-00 va (+380) 44 501 41 83.

 

II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

O’ZBEKISTON SAYYOHLIK SALOHIYATI ISPANIYADA NAMOYISH ETILMOQDA

Mamlakatimiz turizm salohiyati Ispaniya poytaxti Madrid shahrida ochilgan “FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko’rgazmasida namoyish etilmoqda. Sayyohlik olamining eng yirik va nufuzli xalqaro anjumanlaridan biri bo’lgan mazkur ko’rgazmada qariyb 170 mamlakatdan o’n mingga yaqin sayyohlik kompaniya va agentliklari, yuzlab soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda. Har yili ushbu ko’rgazma bilan tanishish uchun 120 mingdan ziyod odam tashrif buyuradi. O’zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2015 yilgi yarmarkada mamlakatimiz milliy stendi “Eng yaxshi stend” maqomiga sazovor bo’lgan edi. Bu safar ham ona Vatanimizning fusunkor tabiati, betakror tarixiy obidalari aks ettirilgan, yorqin va rang-barang milliy matolarimiz bilan bezatilgan O’zbekiston milliy stendi o’ziga xosligi bilan ko’rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otmoqda. Mutaxassislar stendning yuksak did bilan tayyorlanganini alohida ta’kidlamoqda. “FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko’rgazmasida “O’zbekturizm” milliy kompaniyasi, “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi, “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati hamda mamlakatimizning «Orient Voyages», «Elmundo Tour», «Ulysse Tour», «C.A.T.I.A», «Olimpic Tour Service», «Central Asia Travel» kabi qator sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari o’z xizmatlari bilan ishtirok etayotir. Ko’rgazmada Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xiva kabi qadimiy va navqiron shaharlarimizdagi tarixiy yodgorliklar, sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berilmoqda. Rang-barang albomlar, buklet va broshyuralar anjuman ishtirokchilari e’tiboriga havola etilmoqda. Ko’rgazma mehmonlari, ayniqsa, o’zbek milliy taomlari va lazzatli shirinliklari xush ta’mini yuksak baholamoqda. “FITUR – 2016” xalqaro sayyohlik ko’rgazmasi mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini jahonda yanada keng targ’ib etish, bu yo’nalishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, jahon sayyohlik bozoridagi yangiliklar va o’zgarishlar bilan tanishish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko’paytirishga xizmat qiladi.

 

QIRG’IZISTON ROSSIYA BILAN GESLAR QURILISHI BO’YICHA SHARTNOMALARNI BEKOR QILDI

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya bilan Qambarota-1 GESi va Yuqori Norin GES kaskadi qurilishi bo’yicha shartnomalarni denonsasiya qilish to’g’risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda prezident ma’muriyatining axborot siyosati bo’limi ma’lumot berdi. Har ikki shartnoma 2012 yil 20 sentyabr kuni Bishkekda imzolangan edi. Denonsasiya qilish to’g’risidagi qonun Jo’qorg’i Kengash tomonidan 2016 yil 20 yanvar kuni qabul qilindi.

 

KERRI: ROSSIYAGA QARSHI SANKSIYALAR BEKOR QILINISHI MUMKIN  

AQSH davlat kotibi Jon Kerrining ta’kidlashicha, Minsk kelishuvlari bajarilgan taqdirda Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi mumkin. Bu haqda u Davosda o’tayotgan xalqaro iqtisodiy forumdagi chiqishida aytib o’tdi. “Yetarlicha harakat qilinsa, muammoni ikki tomondan ham halol va qonuniy yechimga harakat bo’lsa, yaqin bir necha oy mobaynida Minsk kelishuvlari bajarilishi mumkin va mana shunda Rossiyaga qarshi sanksiyalar ham bekor qilinadi”,- dedi u.

 

PUTIN INTERNET ORQALI NOLIYDIGANLARGA BERIYANI ESLATIB QO’YDI  

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, internetdagi davlat tashkilotlari ustidan shikoyatlar anonim bo’lmay, biror shaxs nomidan joylashtirilishi lozim. Uning so’zlarini Interfaks keltirmoqda. “Internetda yashirinib olib haqorat qilish, mazax qilish, shu bilan birga, o’ta so’l pozisiyani bayon qilish oson,– deb ta’kiladi Kreml rahbari.– Bu ishni kim qilgani esa noma’lum qoladi. Agar odamning pozisiyasi bo’lsa, e’tirozlari bo’lsa, aytsin, ismini ham aytsin. Aks holda bu shikoyat va ariza emas, bu maxfiyadir. Maxfiyalar bilan esa faqat bir tekshiruvchi – Lavrentiy Pavlovich Beriya yaxshi ishlardi”.

 

MUNOSABATLAR MURAKKAB BO’LSADA, O’ZARO HURMAT ASOSIGA QURILGAN

AQShning sobiq bosh kotibi va mamlakat prezidentligi uchun nomzod sanalgan Hillari Klinton Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan munosabatlari murakkab bo’lsada, bir-biriga hurmat bilan qarashlarini ta’kidlab o’tdi. «U bilan munosabatimiz… Bu juda qiziqarli… O’ylashimcha, bu hurmat. Ish bo’yicha bir-birimizni tushunishimiz qiyin kechgan. Men uni ishga doir munosabatlarda doim o’z fikrini himoya qilishi zarur deb hisoblashini bilaman», — deya tan olgan Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligi uchun nomzodini ko’rsatgan Klinton. U AQShning Yevropa mamlakatlari bilan hamjihatlikda ish ko’rishi kerakligini ta’kidlagan. U Yevropa Ittifoqining Qrim va Donbassdagi voqyealar sabab Rossiyaga qo’llagan sanksiyalaridan mamnun bo’lganini ta’kidlagan. «Biz birgalikda harakat qilishimiz va Putinning yana bir marta Yevropa va yaqin Sharq hududlariga agressiv munosabatda bo’lishiga yo’l qo’ymasligimiz zarur»,— deya qo’shimcha qilgan Klinton. Ma’lumot uchun, Klinton Bosh kotib lavozimida 2009 yildan 2013 yilga qadar faoliyat olib borgan.

 

BMT: ISHID TO’DASI 3500 NAFARGACHA KISHINI QULLIKDA SAQLAMOQDA

Aftidan IShID terroristik guruhi 3500 nafargacha kishini qullikda saqlab kelmoqda, ularning asosiy qismi ayollar va bolalardir. Ushbu so’zlar BMTning inson huquqlari bo’yicha oliy komissar boshqarmasi va BMTning Iroqqa yordam ko’rsatish missiyasi hamkorligida e’lon qilgan hisobotdan o’rin oldi. “ISHID ayollar va bolalar ustidan jinsiy tajovuzlarni amalga oshirmoqda, – deyiladi hisobotda. – Ayni paytda jinsiy qullik ostida saqlanayotganlar soni 3500 kishiga yaqinni tashkil etadi”. Hujjatda qayd etilishicha, qullikda saqlanayotgan ayollar va bolalarning asosiy qismi birinchi navbatda yezidlar jamiyatiga mansub. Shuningdek, mamlakatdagi kamchilik hisoblangan boshqa din va elatlar vakillari ham qullikda saqlanmoqda. Hisobotda keltirilishicha, ISHID tizimli ravishda va keng miqyosda zo’ravonlik aktlari hamda inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqlarni buzib kelmoqda. “Bunday harakatlar ayrim hollarda o’zida harbiy jinoyatlar, insoniyatga qarshi jinoyatlar va ehtimol, genosidni ham o’z ichiga oladi”, - deya qayd etib o’tishdi mutaxassislar. Bundan tashqari, kuzatuvlar jarayonida ISHID ko’plab tinch aholi vakillarini o’ldirishgan yoki o’g’irlab ketgan. Bu ishlarning asosiy qismi maqsadli ravishda amalga oshirilmoqda.

 

SAUDIYANING XAVFSIZLIGI

Saudiya Arabistoni yadroviy qurolning xarid qilinishi nihoyatda murakkab masala bo’lish barobarida Eron bilan keskinlikni bartaraf qilmasligini va jamiyat xavfsizligini ta’minlamasligini yaxshi tushunadi. Bu haqda AQSH davlat kotibi Jon Kerri aytib o’tdi.“Shunchaki bombani sotib olish, yoki uni yetkazib berish mumkin emas”, - dedi u CNN telekanaliga bergan intervyusida. Bundan tashqari, Kerri yadroviy qurolni tarqatmaslik prinsipini buzish o’z ketidan og’ir oqibatlarni olib kelishi mumkinligini eslatib o’tdi.

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

TALABA QIZLAR ZIYNATI

Qizlar tarbiyasida milliy qadriyatlar g’oyat muhim o’rin tutadi

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Madaniyat saroyi katta zalida “Diniy va milliy qadriyatlar: ularning o’zaro mutanosibligi” mavzuida o’tkazilgan ma’naviy-marifiy tadbirda bu borada atroflicha so’z yuritildi.

– Mamlakatimizda 2016 yil – Sog’lom ona va bola yili, deb e’lon qilindi. Aziz onalarga, opa-singillaru qizlarimizga ehtirom va e’zoz ko’rsatish muqaddas burchimizdir,– dedi O’zMU Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Bizning barcha ezgu niyatlarimiz, sa’y-harakatlarimiz ana shunday olijanob maqsadlarga qaratilgandir. Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, yurtimizda qiz bolalarning – bo’lg’usi onalarning ham jismoniy, ham ma’naviy sog’lom bo’lib voyaga yetishi, ularning o’rta maktabdan so’ng lisey va kollejlarda albatta ta’lim olishini ta’minlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan.

– Qiz bola, avvalo, kasb egallasin, o’z fikriga ega bo’lsin, hayotni anglasin,– dedi O’zMU Xotin-qizlar qo’mitasi raisi La’lixon Muhamadjonova.– Hayotda shu tajribaga ega bo’ldikki, o’qigan, puxta ta’lim-tarbiya olgan qizlar hayotda o’zining munosib o’rnini topadi, jamiyatimizning faol a’zosiga aylanadi, ertaga u quradigan oila ham mustahkam bo’ladi.

Toshkent shahar bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo’yicha yordamchisi Karomat Tillayeva kamolag yetayotgan qizlar tarbiyasida diniy va milliy qadriyatlar qanchalik muhim o’rin tutishini atroflicha so’z yuritdi.

va sermazmun o’tgan uchrashuvda talaba qizlar o’zlarini qiziqtirgan savollariga asosli javoblar oldilar.

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.