O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 21-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (25-30 yanvar kunlari) TOSHKENT O’zMU – 2016

 “AXBOROT SOATLARI” № 21-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (25-30 yanvar kunlari)

TOSHKENT

O’zMU – 2016

 

 

I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

HOKIMLAR HISOBOTLARI TAHLILIY-TANQIDIY RUHDA KO’RIB CHIQILMOQDA  

Joylarda viloyat hokimlari tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim hamda dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etmoqda. Hokim hisobotini eshitish amaliyotining hayotga tatbiq qilingani xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishining samarali tashkil etilishida muhim ahamiyatga egadir. Bu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim masalalarini ko’rib chiqishda uzviylikni, yuqori turuvchi organlar tomonidan belgilangan baholarni hisobga olgan holda, samarali muhokamalar tashkil etilishi hamda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirishga xizmat qiladi. Binobarin, hisobot muhokamasi yakunlari bo’yicha qabul qilingan qarorda majlisda ko’tarilgan masalalar, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo’yicha strategik vazifalar, bu sohada amalga oshirilayotgan ulkan ishlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida aniq chora-tadbirlar ko’zda tutilayotgani diqqatga sazovordir. Majlisda deputatlar tomonidan hisobot davrida sanoatda va qishloq xo’jaligida islohotlarni izchil davom ettirish, makroiqtisodiy muvozanatni mustahkamlash, xususiy mulk, tadbirkorlik hamda kichik biznesni rivojlantirish va manfaatini himoyalash borasida yo’l qo’yilgan kamchilik, nuqsonlar ko’rsatib o’tildi hamda ularni bartaraf etish bo’yicha aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.

 

TASHQI ISHLAR VAZIRLIGIDA

27 yanvar kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida bir qator davlatlarning elchilari hamda Yevropa Ittifoqi delegasiyasi rahbari qabul qilindi. Vazirlikda Germaniya Federativ Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Naythart Hofer, Fransiya Respublikasi Favqulodda va muxtor elchisi Vissing Jak-Anri Els, Yevropa Ittifoqi delegasiyasi rahbari, elchi Yuriy Shterk, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Muvaqqat ishlar vakili Fiona Makston bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.

Suhbat davomida mintaqaga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.

 

YURTIMIZGA YANA IKKITA POYEZD KELTIRILADI

Ispaniyaning Talgo kompaniyasi tomonidan “O’zbekiston temir yo’llari” AJga ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar yetkazib berilishining dastlabki muddatlari ma’lum bo’ldi. Talgo poyezdlarni 2016 yilning sentyabrigacha yetkazib berishni yakunlashni rejalashtirmoqda. Shartnomada 4 ta bosh va 20 ta yo’lovchi vagonlari hamda 2 ta vagon-restoranlarning sotib olinishi ko’zda tutilgan. Bu vagonlardan ikkita tarkib shakllantiriladi, ulardan har biri 287 nafargacha yo’lovchi tashiy oladi. “O’zbekiston temir yo’llari” poyezdlar uchun 30 foizlik avans to’lovini o’tkazgan, ispaniyaliklar esa poyezdlarning asosiy konstruksiyasini yasash bo’yicha ishlarni boshlab yuborishgan. Poyezdlar muddatidan avval yetkazib berilishi mumkin. Chunki ispanlar poyezdlar uchun butlovchi qismlarni tayyorlash uchun buyurtmani o’zining bir nechta zavodiga berishi hisobiga vaqtni tejaydi. Poyezdlarning yetkazib berilishi bo’yicha shartnoma 2015 yilning dekabrida imzolangandi. Yangi poyezdlar Toshkent-Buxoro yuqori tezlikdagi liniyada ishlatilishi rejalashtirilmoqda. Bu liniya joriy yilning avgust oyi oxiriga qadar foydalanishga kiritiladi. Liniyani qurishning umumiy qiymati 400 mln dollardan ko’proqni tashkil qiladi. Harakatlanish ishga tushirilgach, yo’lovchilar va yuklarni yetkazib berish 2 soatga, ekspluatasion xarajatlar 30 foizga qisqaradi.

O’zbekistonda Talgo kompaniyasining 4 ta bosh va 18 ta yo’lovchi vagonidan iborat ikkita tarkibdan 5 yildan beri foydalanilmoqda. Ular O’zbekiston hududida mavjud bo’lgan qadimiy shahar sharafiga “Afrosiyob” deb atalgan va Toshkent-Qarshi yo’nalishi bo’yicha yo’lovchilarga xizmat ko’rsatadi. Ayni paytgacha bu poyezdlarda 750 mingdan ko’proq yo’lovchi tashilgan.

 

AFROSIYOB TEZYURAR POYEZDI NAVOIY SHAHRIGA QATNAY BOSHLAYDI

2016 yilda Navoiy viloyatida 70 kilometr uzunlikdagi temir yo’l liniyasi quriladi. Bu yo’lovchilarning Toshkentdan Navoiy shahriga Afrosiyob tezyurar poyezdida qatnashlariga imkon tug’diradi.

 

YANGI TEMIR YO’L LINIYASI QURILISHI BOSHLANDI

Yurtimizda yangi «Navoiy-Konimex-Misken» liniyasini qurish bo’yicha loyihaning amalga oshirilishi boshlandi. Yangi liniyaning uzunligi 396,9 kmni tashkil qiladi. Yangi qism “Misken” stansiyasida “Navoiy-Uchquduq-Sultonuizdag-Nukus” temir yo’l liniyasi bilan birlashadi, bu O’zbekistondan shimoliy yo’nalishda, xususan Qozog’iston va Rossiyaga yuk tashishni amalga oshirishga imkon beradi. Loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Loyihaning birinchi bosqichi 2016-2017 yillarda amalga oshiriladi va temir yo’l tarkiblarining teplovozlarda harakatlanishi uchun “Navoiy-Konimex-Misken” temir yo’l liniyasining qurilishini ko’zda tutadi. Loyihaning bu bosqichi 283,1 mln dollarni tashkil qiladi hamda ichki manbalar hisobiga moliyalashtiriladi.

Ikkinchi bosqichda liniyani elektrifikasiyalash rejalashtirilmoqda. Ushbu bosqichning amalga oshirilishi muddatlari va qiymati keyinroq belgilanadi.

 

TOSHKENTDAN NYU-YORKKA QO’NISHLARSIZ UCHISH MUMKIN BO’LADI

“O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi 2016 yilning kuzida ikki dona Boeing-787 Dreamliner samolyotiga ega bo’ladi. Mazkur samolyotlar Toshkent-Nyu-York reysida parvozlarni amalga oshiradi. Boeing samolyotlari 2016 yilning sentyabr-noyabr oylarida O’zbekistonga yetkaziladi. Yangi samolyotlar uzoq va o’ta uzoq xalqaro yo’nalishlarda foydalanishga mo’ljallangan. Samolyotlar yetib kelsa, Tashkent — Nyu-York yo’nalishi bo’ylab qo’nishsiz parvozlarni amalga oshirishga jalb etilishi mumkin.

“O’zbekiston havo yo’llari” Amerika korporasiyasi bilan ikki dona Boeing-787-800 Dreamliner va zaxira dvigatelini sotib olish bo’yicha 2008 yilda shartnoma imzolagan edi. Bitta Dreamliner`ning katologdagi bahosi modifikasiyasiga bog’liq ravishda 150-180 million dollarni tashkil etadi.

 

TOSHKENTDA SAMOLYOTLARNI TA’MIRLASH MARKAZI TASHKIL QILINDI

28 yanvar kuni «O’zbekiston havo yo’llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil topganiga 24 yil to’lishi hamda Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi samolyotlarning kompozit materiallarini ta’mirlash markazining ochilishi munosabati bilan tadbir o’tkazildi. Uzbekistan Airways AQShning Boeing kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkentda MDHdagi birinchi samolyotlarning kompozision qismlarini ta’mirlash va xizmat ko’rsatish markazini tashkil qildi. Markaz Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasi negizida ishlaydi. Boeing kompaniyasi yangi tuzilmaga yarim million dollar beg’araz investisiya kiritdi. Bu mablag’ evaziga markaz uchun titanli qotishmalarni ishlashda va boshqa jarayonlarda qo’llaniladigan maxsus pechlar xarid qilindi. Markaz barcha turdagi samolyotlarga xizmat ko’rsata oladi. Aviakompaniya xodimlari Boeing havo kemalarining kompozitli detallarini ta’mirlash bo’yicha maxsus o’quv kurslaridan o’tdi. Mexaniklar Singapurda Basic Composites Repair and Metal Bond kursi bo’yicha amaliy va nazariy bilimlar olib qaytdi, muhandislar esa Sietlda tayyorgarlik o’tadi. Shuningdek, joriy yilda Uzbekistan Airways Technics mutaxassislari bevosita Boeing-787 Dreamliner laynerlarini ta’mirlash bo’yicha o’qitiladi. Shu yilning sentyabr va oktyabr oylarida O’zbekiston havo yo’llarining aviaparki ikkita Boeing-787 Dreamliner layneriga ega bo’ladi.

Ma’lumot uchun, «O’zbekiston havo yo’llari» Milliy aviakompaniyasi 1992 yil 28 yanvarda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan tashkil etilgan.

 

2016 YILDA 65 TA YANGI YO’LOVCHI TASHISH YO’NALISHLARI OCHILADI

Yurtimizda 2016 yilda qo’shimcha 65 ta yangi yo’lovchi tashish yo’nalishlari ochiladi. Toshkent-Samarqand yo’nalishida yangi va zamonaviy avtobuslar ko’paytiriladi. Farg’ona vodiysi shaharlari va Toshkentni bog’lovchi yo’nalishlar ustida ham qator loyihalar amalga oshiriladi. 2015 yil davomida respublika bo’yicha jami 133 ta ochiq tender o’tkazilgan. Ularda 1116 ta yo’lovchi tashish yo’nalishlari joylashtirilgan. Shundan 205 ta shahar ichidagi yo’nalishlarini joylashtirish bo’yicha 33 ta tender, 799 ta shahar atrofi va 47 ta shaharlararo-viloyatlar ichidagi yo’nalishlarni joylashtirish bo’yicha 92 ta tender, 65 ta shaharlararo-viloyatlararo yo’nalishlarni joylashtirish bo’yicha 8 ta tender o’tkazilgan. 2015 yil davomida tashuvchilar tomonidan Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan “ISUZU” rusumli avtobuslardan Qashqadaryo viloyatida 78 ta, Toshkent viloyatida 64 ta, Sirdaryoda 59 ta, Samarqandda 47 ta, Buxoroda 35 ta, Xorazmda 27 ta, Qoraqalpog’iston Respublikasida 21 ta, Surxondaryoda 19 ta, Farg’onada 18 ta, Toshkent shahri va Andijonda 13 tadan, Jizzaxda 11 ta va Navoiy viloyatida 8 ta, jami 413 ta yangi avtobuslar lizing va bank kreditlari asosida sotib olinib, shahar va shahar atrofi yo’nalishlarida xizmat ko’rsatilishi yo’lga qo’yilgan.

2015 yil davomida tashuvchilar tomonidan tijorat asosida foydalanish maqsadida 587 ta yuk avtomobili, 85 ta mikroavtobus va 445 ta (shundan 138 tasi “Damas” rusumli) yengil avtomobillari sotib olingan.

2015 yil davomida agentlik va uning hududiy bo’limlari tomonidan xo’jalik yurituvchi subyektlarga 2785 ta lisenziya va 182190 ta lisenziya varaqalari berilib, 2016 yilning 1 yanvar holatiga lisenziyalangan avtomobillar soni 90024 tani tashkil etdi. Keyingi 15 yil ichida yo’lovchi tashish yo’nalishlari soni 2 barobar oshgan – 4346 ta. Shundan 997 tasi shahar ichidagi, 2732 tasi shaharlar atrofidagi hududlar bo’ylab, 617 tasi esa shaharlararo yo’nalishlar.

 

YOSHLAR TASHABBUSLARI QO’LLAB-QUVVATLANADI

BMTTD va O’zbekiston Savdo-sanoat palatasining "O’zbekiston biznes-forumi (III bosqich)” loyihasi poytaxtimizning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda startap tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash dasturini boshlab yubordi. Startap tashabbuslarni yaqindan qo’llab-quvvatlash dasturi talabalar va yosh olimlar uchun o’z startaplarini amalga oshirish va tadbirkorlik sohasida o’z salohiyatini ro’yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar yaratadi.

Bugungi kunda O’zbekistonda 73 oliy ta’lim muassasasi, shu jumladan 66 davlat oliy ta’lim muassasasi va 7 nufuzli xorijiy universitetining filiallari faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalari jamiyat rivojlanishi uchun innovasion loyihalarni ishlab chiqaradigan g’oyalar va texnologiyalar “o’chog’i” hisoblanadi. Shu bilan bir vaqtda, hali ishga solinmagan salohiyat ham mavjud. Bu ma’noda ko’p oliy ta’lim muassasalarida talabalar va yosh olimlarning erta bosqichlardagi kichik innovasion startap loyihalarni rag’batlantirish va rivojlantirishga ko’maklashuvchi samarali mexanizmlar ishga solinmayapti. Ushbu masalaning yechimini yanada takomillashtirish uchun startap tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash dasturi ishga tushirildi. Tajribaviy loyiha tariqasida boshlangan dastur Toshkentning 15 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yosh olimlar va talabalarni innovasion tadbirkorlikni rivojlantirishda faol ishtirok etishga jalb qiladi.

 

QORAQALPOG’ISTONDA SEMENT ZAVODINI QURILADI

Buyuk Britaniyaning Chief Corporate Solutions LP kompaniyasi Qoraqalpog’iston Respublikasida yangi sement zavodini qurishni rejalashtirmoqda. Zavod qurilishi loyihasi 2016 yilgi investision dasturga kiritildi. Qoraqalpog’iston eksport bozorlari, birinchi navbatda Qozog’iston, Rossiya va Turkmanistonga chiqish uchun istiqbolli hudud hisoblanadi. Zavod loyihasining joriy qiymati 17 mln dollarga baholanmoqda. Birinchi bosqichda u yiliga 400 ming tonna sement ishlab chiqarishga mo’ljallanadi.

 

TOSHKENTDA HTC KOMPANIYASINING SERVIS MARKAZI OCHILDI

Toshkent shahrida HTC kompaniyasining yangi servis markazining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Endi tayvanlik mobil vositalari ishlab chiqaruvchisi hisoblangan HTC kompaniyasining qurilma va gadjetlari foydalanuvchilari ulardagi nosozlik bilan bog’liq muammolarni mazkur xizmat ko’rsatish markazida hal qilishlari mumkin bo’ldi. HTC Care xizmat ko’rsatish markazida O’zbekistonda sotib olingan, ishlab chiqaruvchining P60124-150051 raqamli yillik xizmat ko’rsatish kafolatiga ega qurilmalar ta’mirlanadi. Xizmat ko’rsatish markazi Toshkent shahri, Chilonzor tumani, «Bunyodkor» xiyoboni, 52-uy – Integro savdo markazining 1-qavati, 24-do’konida joylashgan. Mo’ljal: Metroning «Chilonzor» bekati. HTC brendi qurilmalari foydalanuvchilari 2016 yilning 1 fevralidan boshlab xizmat ko’rsatish markaziga murojaat qilishlari mumkin.

HTC korporasiyasiga 1997 yilning 15 mayida Buyuk Britaniya va Tayvan Respublikasi ishlab chiqaruvchilari tomonidan asos solingan. Korporasiya bosh qarorgohi Tayvanning Sinbey shahrida joylashgan. Kompaniya smartfon va planshetlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

 

NEFT-GAZ SOHASIDAGI INVESTISIYALAR 8 FOIZGA KO’PAYADI

2016 yilda neft-gaz sohasi modernizasiyasi va rivojlanishiga yo’naltiriladigan investisiyalar hajmi 2015 yilga nisbatan 8 foizga oshib, 2.798 mlrd dollarni tashkil qiladi. Kapital kiritmalari strukturasida chet el investisiyalari va kreditlari 2.104 mlrd dollarni, “O’zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi mablag’lari 216.3 mln dollarni, O’zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi kreditlari 303.5 mln dollarni, mahalliy banklar kreditlari 172.4 mln dollarni tashkil qiladi.

 

QANCHA STIPENDIYA OLASIZ?

Eng nomdor stipendiya O’zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stependiyasi 829.480 so’m; Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Ulug’bek va Imom al Buxoriy nomidagi davlat stipendiyalari esa 574.948 so’mni tashkil qiladi.

Shuningdek, reyting nazorati natijalari bo’yicha stependiyalar miqdori: “5” (86-100 ball) baho uchun 439,372 so’mni, “4” (71-85ball) baho uchun 329,529 so’mni, “3” (56-70 ball) baho uchun 219,686 so’mni tashkil qiladi. Ushbu summalar odatiy stependiyalar hisoblanib, yetim bolalar hisobidan bo’lgan va ota-ona qarovisiz qolgan talabalarning, harbiy xizmatchilar hisobidan bo’lgan, baynalmilal burchini bajarishda yaralanish oqibatida nogiron, kontuziya, kasal bo’lgan talabalarning, harbiy-baynalmilal hisobidan bo’lgan talabalarning, eshitish, gapirish qobiliyatidan mahrum va ko’zi ojiz talabalarning stipendiyalari miqdori odatdagi stipendiyadan ma’lum ravishda ko’proq summani tashkil qiladi.

 

ERKIN SAVDO ZONASI YARATILADI

Ukraina Oliy Radasi O’zbekiston bilan erkin savdo zonasi to’g’risidagi kelishuvni qo’llash bo’yicha bayonnomani ratifikasiya qildi. Tegishli qaror yig’ilishda muhokama qilinib, 234 deputat uni qo’llab-quvvatladi. Qonunning qabul qilinishi 2011 yil 18 oktyabridagi erkin savdo zonasi to’g’risidagi kelishuvni qo’llash bo’yicha bayonnoma holatlarini realizasiya qilishga yordam beradi. Hujjatda ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi O’zbekiston bilan kelishuvning kuchga kirishi uchun asosiy shart hisoblanadi. Ukraina va O’zbekiston o’rtasidagi 1994 yilgi erkin savdo zonasi bo’yicha kelishuv bekor qilinmaydi, O’zbekiston Ukrainaga nisbatan eksport va import bojini qo’llamaydi. MDH doirasida erkin savdo zonasi bo’yicha kelishuv 2011 yil 18 oktyabrida 8 davlat o’rtasida imzolangan edi. Bular: Ukraina, O’zbekiston, Armaniston, Rossiya, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Moldova, Tojikiston.

 

INGLIZ TILI O’QITUVCHILARI BUYUK BRITANIYADA MALAKA OSHIRDILAR

O’zbekistonlik 42 nafar “Yilning eng yaxshi chet tili o’qituvchisi” ko’rik-tanlovi g’olibi shu yilning 8-22 yanvar kunlari Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o’quv yurtida malaka oshirib qaytdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarini o’rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, chet tili o’qituvchilari uchun til muhitini yaratish, xorijiy tillarni egallashning umumevropa kompetensiyasi tizimi talablari asosida o’qitishning zamonaviy uslublarini o’rganishi uchun 42 nafar “Yilning eng yaxshi chet tili o’qituvchisi” ko’rik-tanlovi g’olibi 2016 yilning 8-22 yanvar kunlari Buyuk Britaniyaning “St. Mark & St. John” universitetida xizmat safarida bo’lishdi.

 

TEKSTILCHILAR UCHUN TRENING MARKAZI YARATILADI

Shveysariyaning “Riter AG” kompaniyasi o’zbekistonlik sheriklari bilan hamkorlikda mahalliy mutaxassislarni tekstil sanoatining texnologik va mexanik qurilmalari bilan ishlashga o’rgatish bo’yicha innovasion trening markazi yaratish loyihasini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur loyiha davlat rahbarining o’tgan yil oxirida qabul qilingan qarorida ko’zda tutilgan.

 

MAMLAKATIMIZ SAYYOHLIK SALOHIYATI BELGIYADA TAQDIM ETILDI

Belgiyaning Lyuven shahridagi “Brabant Hall” ko’rgazmalar markazida an’anaviy sayyohlik ko’rgazmasi bo’lib o’tdi. Mamlakatdagi yetakchi turoperatorlardan biri — “Hobo Ryeisen” kompaniyasi tashkil etgan mazkur xalqaro tadbirda dunyoning 40 dan ziyod davlati o’z sayyohlik salohiyatini namoyish qildi. Ular qatorida O’zbekiston ham bor edi. Mamlakatimizning Belgiya Qirolligidagi diplomatiya missiyasi tomonidan yurtimizda joylashgan tarixiy shaharlar suratlari ekspozisiyasi hamda o’zbek xalq amaliy san’ati ustalari tayyorlagan rang-barang mahsulotlar namoyish etildi. Ular ko’rgazma ishtirokchilari va mehmonlarida katta qiziqish uyg’otdi. Shuningdek, xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, ko’hna me’morchiligi hamda respublikamizning zamonaviy rivojlanishi haqidagi hujjatli film ularda unutilmas taassurot qoldirdi.

 

ERON ORQALI TRANZIT AMALGA OSHIRILADI

Toshkentga Eron delegasiyasi tashrif buyurdi. O’zbekiston va Eron temir yo’l boshqarmalari temir yo’l tashishlarini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdalar. Erondan sanksiyalarning olinishi O’zbekiston yuk tashuvchilariga yangi imkoniyatlar ochadi. Bugungi kunda Eronning Bender-Abbos portiga Turkmaniston orqali boriluvchi temir yo’l koridori O’zbekistonning dengizga chiqadigan eng qisqa yo’li hisoblanadi. O’zbekistonlik tashuvchilar 320 km masofalik Tejen–Seraxs–Mashhad temir yo’l magistralidan faol foydalanadilar. Bu magistral Markaziy Osiyo davlatlari uchun Eron va Turkiya orqali jahon bozoriga chiqish koridori hisoblanadi. Yaqin yillarda O’zbekiston va Eron yuk tashishlarni birinchi navbatda o’zbek paxtasi va o’g’itlarni tashish hisobiga ikki barobarga oshirmoqchi.

 

II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

24 MILLION BOLA MAKTABGA BORA OLMAYDI

BMTning Bolalar fondi tomonidan 22 ta davlatda o’tkazilgan tadqiqot natijalariga ko’ra, hozirda 24 million nafar bola maktabda saboq olish imkoniyatiga ega emas. Janubiy Sudandagi bolalarning 51 % foizi, Nigeriyada 47 % foizi, Sudanda 41 % foizi ta’lim olish huquqidan mahrum. 40% foizlik ko’rsatkich bilan Afg’oniston mazkur ro’yxatda to’rtinchi o’rinni band etgan. “Qurolli to’qnashuvlar mintaqasida yashovchi bolalar o’z uylari, oila a’zolari, do’stlari va xavfsizligidan mosivo bo’lmoqda. Hatto ular o’qish va yozishdan, kelajakdan mahrum”,—deydi BMTning Bolalar fondi ta’lim Departamenti boshlig’i Jo Born.

 

NIDERLANDIYA SURIYAGA ISHIDGA QARSHI KURASHISH UCHUN QIRUVCHI SAMOLYOTLAR YUBORADI

Niderlandiya hukumati Suriyaga ISHIDga qarshi kurashish uchun qiruvchi samolyotlar yuborishga qaror qildi. Niderlandiya avvalroq Iroqqa 6 ta F-16 qiruvchi samolyotini yuborgan. Biroq Suriyaga yuboriladigan samolyotlar soni bo’yicha aniqlik kiritilmagan. AQSH hukumati avvalroq Niderlandiyadan ISHID jangarilariga qarshi kurashga qo’shilishini so’ragan.

 

TURKIYA TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI TURKIYA HAVO HUDUDI ROSSIYA SAMOLYOTI TOMONIDAN BUZILGANI SABABLI ROSSIYA ELCHISINI CHAQIRTIRDI

Turkiya tashqi ishlar vazirligi Turkiya havo hududi go’yoki Rossiyaning Su-34 samolyoti tomonidan buzilgani haqidagi bayonoti sababli Rossiya elchisini chaqirtirdi. Reuters axborot agentligining ma’lum qilishicha, Turkiya Rossiyani o’z havo hududini buzmaslikka chaqirgan hamda "nomaqbul oqibatlar" uchun javobgarlik Rossiya tomoniga yuklanishini aytgan. Turkiya tashqi ishlar vazirligi bayonotida bu qoidabuzarlik Rossiyaning "ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarda keskinlikni kuchaytirish" istagi borligiga ishora ekanligi aytildi.

Erdo’g’an Rossiya samolyoti Turkiya havo hududini buzgani haqidagi xabardan keyin Putin bilan uchrashish istagini bildirdi. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo’g’an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni istayapti. Erdo’g’an bu haqda go’yoki Rossiyaning Su-34 samolyoti Turkiya havo hududini buzgani haqidagi xabardan keyin aytdi. Avvalroq Turkiya tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini ushbu holat yuzasidan chaqirtirgan edi.

Rossiyaning Anqaradagi elchixonasida elchi Andrey Karlovning Turkiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgani taqsdiqlandi.

 

AQSHNING YEVROPADAGI USTUVOR MAQSADI – ROSSIYANI TUTIB TURISH

AQSHning Yevropadagi ustuvor maqsadi – Rossiyani tutib turish. Bu haqda AQSH qurolli kuchlarining Yevropa qo’mondonligi chop etgan yangi harbiy strategiya matnida aytildi. Deutsche Welle nashrining keltirishicha, hujjatda yaqin 3-5 yil uchun 6 ustuvor yo’nalish e’lon qilingan. Ularning asosiysi Rossiya agressiyasini to’xtatib qolishdir. Keyingi tahdid sifatida ISHID ko’rsatilgan. Shuningdek, terrorchilik va migrasion inqiroz tilga olingan.

 

AVSTRALIYA BRITANIYA TOJIDAN VOZ KECHISHI MUMKIN

Avstraliyadagi 8 shtatning 7 tasi mamlakatni respublikaga aylantirish taklifi bilan chiqdi. Bu eski bahslar milliy bayram arafasida qaytadan boshlanib ketgan. Avstraliya konstitusion monarxiya hisoblanib, uning rasmiy rahbari qirolicha Yelizaveta II dir. Garchi bu quruq rasmiyatchilik hisoblansa-da, monarx parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega va bu huquqdan 1975 yili foydalanib ulgurgan. Avstraliyani respublikaga aylantirish masalasi uzoq yillardan buyon muhokama qilib kelinmoqda. Odatda bahslar Avstraliya kuni (26 yanvar kuni qit’ada Britaniyaning birinchi koloniyasi tashkil qilinishi munosabati bilan nishonlanadi) arafasida avj oladi. “Avstraliya allaqachonlar suveren davlatga aylanishni o’ylashi lozim, - dedi Janubiy Avstraliya shtati bosh vaziri Jey Vezerill. – O’zini hurmat qilgan har qanday mustaqil davlat o’z yetakchisi o’z fuqarosi bo’lishini istaydi”. Ayni paytda tegishli deklarasiya shtatlar rahbarlari tomonidan imzolandi.

 

AQSHDAGI HAR BIR OILANING QARZI 70 MING DOLLARGA OSHDI

Barak Obama prezidentlik qilgan 7 yil davomida AQShning davlat qarzi 8.3 trln dollarga o’sib, 18.9 trln dollarni tashkil qildi. Har bir uy xo’jaligiga hisoblaganda, har bir oilaning qarzi 70 ming dollarga o’sgan bo’lib chiqmoqda. Jorj Bush davrida ushbu ko’rsatkichlar tegishli ravishda 4.9 trln va 44 ming dollarga ko’paygan edi. Oxirgi 15 yil mobaynida AQShning milliy qarzi 13.2 trln dollarga o’sgan bo’lib, har bir oila gardaniga 112 ming dollardan to’g’ri kelmoqda.

 

ERON AQSHDAN UMMON BO’G’OZIDAGI AVIATASHUVCHISINI OLIB KETISHNI TALAB QILDI

Eron Harbiy-dengiz kuchlari AQSHdan Ummon bo’g’ozidagi aviatashuvchisini olib chiqib ketishni talab qildi. Eron bu hududda harbiy-o’quv mashg’ulotlarni o’tkazishni boshlagan. Amerikaliklar ogohlantirish olishgach, kema bo’g’ozdan chiqib ketgan. Yanvar oyi o’rtasida Eron harbiylari AQSH Harbiy dengiz kuchlarining ikkita katerini ichidagi 10 nafar dengizchisi bilan qo’lga olgandi. Bu qayiqlar Bahrayndan Kuvayt tomon harakatlanayotganida Eron hududiy suvlariga kirib qolgani uchun qo’lga olingan, bir kundan keyin qo’yib yuborilgandi.

 

XITOY SANOATI 2015 YILDA TRILLION DOLLAR YO’QOTDI

Xitoyning yetakchi sanoat korxonalarining 2015 yildagi umumiy daromadi 6,4 trln yuan yoki 973 mlrd dollarga kamayib ketdi. Daromadning kamayishiga sanoat mahsulotlariga talabning pastligi sabab bo’lgan. Bu kompaniyalarni ishlab chiqarishni qisqartirish va narxlarni tushirishga majbur qilgan. Statistikaga ko’ra, Xitoy sanoatining 29 ta sohasi yilni daromadning oshishi, 12 tasi pasayishi bilan yakunladilar. Ko’mir qazib olish, neft-gaz va metallurgiya sektorlari sezilarli pasayish namoyish qilgan. Aksincha, qishloq xo’jaligi, elektronika, to’qimachilik va neft mahsulotlari sohalarida eng katta o’sish qayd qilingan.

 

III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

TALABANING RUHIY OLAMI

Yoshlar tarbiyasi, kiyinish madaniyati, orzu-intilishlari ularning ruhiyati bilan bog’liqdir. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Murabbiylar Kengashi yig’ilishida shu masalada atroflicha so’z yuritildi.

– Ta’lim va tarbiya yoshlar kamoloti uchun bamisoli bir qushning ikki qanoti misol g’oyat muhim ahamiyat kasb etadi,– deydi universitet Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha prorektori Davlatboy Jumaboyev.– Guruh murabbiylari har bir talabaning tarbiyasi, odob-axloqidan tortib kiyinish madaniyatigacha e’tibor bilan qarashi zarur. Murabbiy o’z ishiga mas’suliyat bilan qarasagina barkamol avlodni komil inson ruhida tarbiyalashdek ezgu ishga munosib hissasini qo’shgan bo’ladi.

Psixologiya fanlari nomzodi, dosent Gulchehra To’laganovaning “Ekstrimal vaziyatlardan chiqishning psixologik korreksiyasi” mavzuidagi ma’ruzasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

– Inson hamisha yorug’ kelajakka intilib yashagan,– dedi ma’ruzachi.– Ilmiy-texnika inqilobi natijasida odamlar tabiatning ko’plab sir-asrorlarini bilib oldi. Taraqqiyot bilan bog’liq hodisalarning salbiy oqibatlari ham yo’q emas. Masalan, transport shovqinlari, jismoniy toliqish, kam harakatda bo’lish, turli ziddiyatli vaziyatlar, ruhiy-ma’naviy nomukammallik, surunkali asabiyliklar ruhiy zo’riqishlarga sabab bo’lmoqda. Xastaliklarning kelib chiqish sabablari xilma-xil. Ulardan eng asosiysi insonning ruhiy muammolaridan biri – stress holatidir.

Mutaxassislar fikricha, stress (inglizcha, Stress – so’zidan olingan bo’lib) taranglik, zo’riqish, degan ma’noni anglatadi. Unda taranglikning kuchayishi (xavotirlik), stress holati (qarshilik ko’rsatish), ichki taranglikning susayishi (toliqish) holatlari kuzatiladi. Bu bosqichda inson organizmi mobilizasiyasi boshlanadi. Nafas olish tezlashuvi, qon bosimi oshishi, psixik holatning qo’zg’alishi namoyon bo’ladi. Inson e’tibori to’liq qo’zg’atuvchiga yo’naltiriladi. Shu paytning o’zida inson o’zini o’zi, xatti-harakatlarini, xulqini, so’zlarini boshqara olmay qolishi hyech gapmas. Organizm stressdan himoyalash mexanizmlarini ishga tushurishni boshlaydi. Bu bosqichda inson uzoq tura olmaydi. Organizm bu bosqichni yengib o’tsa, xavotirlik bosqichi asta-sekin so’na boshlaydi. Agar, aksincha bo’lsa, stressning keyingi bosqichi ishga tushadi.

Stressning ikkinchi bosqichida organizm rezerv kuchlarni safarbar qiladi. Organizmning barcha faoliyati katta kuch bilan ishlashni boshlaydi. Bu bosqichda vaziyat ikki xil yo’nalishda rivojlanishi mumkin: inson o’ta faollashib, o’zida yangi harakatlarga va g’oyalarga kuch topadi. Organizm mobilizasiyasi namoyon bo’ladi yo aksincha, organizm tormozlashib, passivlashadi, inson o’zini yo’qotib qo’yishi ham mumkin. Stress holatida inson xatti-harakatlari uning individual psixik xususiyatlariga bog’liq. Agar stressning avvalgi bosqichlari bo’lib o’tsa-yu, lekin organizmning moslashuvchanligi sust bo’lsa, stressning uchinchi bosqichi – toliqish yuzaga keladi. Ushbu bosqich stress ta’siri uzoq bo’lganda kuzatiladi. Bu bosqichda organizm zahirasining so’nib borishi, zaiflashuvi kuzatiladi. Bunday jarayonlar kuchli depressiyaga yoki organizmning kasallanishiga zamin yaratadi.

Kasalliklarning 70 foizi emosional buzilishlar, ya’ni stress holatlari bilan bog’liq. Yevropa mamlakatlarida yiliga millionga yaqin inson stressogen vaziyatlar tufayli, yurak faoliyati buzilishidan olamdan o’tar ekan.

Atrofdagilarga nisbatan ortiqcha talabchan bo’lmang, deb ta’kidladi psixolog olima. Atrofdagilarga ortiqcha talabchan bo’lish sizda ruhiy zo’riqishni yuzaga keltiradi. Agar siz yaqinlaringizning doimiy ravishda kamchiliklarini tanqid ostiga olib, ularni o’zgartirishga kirishgan bo’lsangiz – katta xatoga yo’l qo’ygan bo’lasiz. Donolardan biri “Agar sen vaziyatni o’zgartira olmasang, vaziyatga nibatan o’z munosabatingni o’zgartir”, deb ta’kidlagan. Demak, atrofdagilarni shundayligicha qabul qiling, vaqti kelib ular haqiqatan ham o’zgarganining guvohi bo’lasiz. Har birimizda paydo bo’layotgan fikr o’z-o’zidan shu fikrga doir emosional holatni uyg’otadi, bu holat esa shu holatga mos bo’lgan xatti-harakatlarni yuzaga keltiradi. Shuningdek, har qanday ijobiy harakat — yuzdagi tabassum, bosh va yelkani tik tutish kabilar miyada ham o’z-o’zidan shu harakatlarga mos keladigan fikrni uyg’otadi. Demak, odamda ruhiyat va kayfiyat, fikr va harakat o’zaro mutanosiblik kasb etgan. Shuning uchun siz ham doimo o’zingizga ishoning, bu ishonch esa kayfiyatingiz orqali harakatlaringizda, yuzingizda, yurish-turishingizda aks etib tursin.

– Murabbiy talabalar bilan hamnafas bo’lishi, ota-onadek mehr ko’rsatishi zarur,– dedi O’zMU Xotin-qizlar qo’mitasi raisi La’lixon Muxammadjonova.– Talabalar turar-joylaridagi va ijaradagi yigit-qizlarning yashash sharoiti, ijtimoiy hayoti, odob-axloqi, kiyinish madaniyati, o’zlashtirish darajasiga bee’tibor bo’lmaslik kerak. Talabalar qalbiga yo’l topish lozim.

– Bugun tarbiya – hayot-mamot masalasiga aylanganini izohlashga hojat yo’q,– dedi O’zMU Murabbiylar Kengashi raisi Abror Xidirov.– Har bir talabasini shaxsan tanimagan odam murabbiy bo’la olmaydi. Tanish, deganimiz, uning ruhiy olamidan tortib shaxsiy hayotigacha bilishi, kerak bo’lsa, hamnafas, sirdosh do’sti bo’lishi lozim. Tarbiya – shunchaki aytiladigan yoki qog’ozda qolib ketadigan narsa emas. U murabbiy ish faoliyatining o’zagi, yosh avlod hayoti mazmuniga aylanganidagina o’zining samarasini beradi.

 

“BIZ – BUYUK YURT FARZANDLARIMIZ!”

Taniqli san’atkor Yodgor Sa’diyev bilan bo’lgan ijodiy uchrashuvda talabalar qalbida shunday iftixor tuyg’usi yanada jo’sh urdi.

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi va Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti tomonidan tashkil etilgan “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir Tarix fakulteti talabalari qalbida muhrlanib qolgan bo’lsa ajabmas.

Respublika Ma’naviyat targ’ibot markazi bo’lim mudiri Barno O’ngboyeva har bir talaba kelgusida yetuk inson bo’lib kamol topishi lozimligi haqida so’z yuritar ekan, bugungi globallashuv davrida internet orqali tarqatilayotgan har xil buzg’unchi g’oyalarga aldanib qolmaslikka chaqirdi.

O’zMU Murabbiylar Kengashi raisi Abror Xidirov O’zbekiston Respublikasi xalq artisti Yodgor Sa’diyevning o’zbek san’ati rivojiga qo’shgan benazir hissasi, u yaratgan betakror rollar haqida atroflicha so’z yuritdi.

Taniqli aktyor Yodgor Sa’diyev talabalar bilan suhbatni hazil-mutoyiba bilan boshladi.

– Talabalik – oltin davr, deb sizning hayotingizni aytsak to’g’riroq bo’ladi,– dedi san’atkor.– Bugungi talabalarga chindan ham havas bilan qaraymiz. Payti kelib siz ham o’z sohangizning yetuk namoyandalari bo’lganingizda talaba-yoshlarga o’zgacha havas bilan qaraysiz. Hozir universitetga ilm istab keldingizmi, puxta ilm egallang, albatta.

Talabalar bilan dildan suhbatlashar ekan, taniqli aktyor respublikamiz bo’ylab ko’p safarlarda yurishini, filmlarida har bir viloyatning fusunkor manzaralari, saxovatpesha odamlari o’z aksini topayotganini maroq bilan so’zlab berdi.

 

TUPROQSHUNOSLIK MAKTABI

Ilmiy-amaliy seminar

Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti Tuproqshunoslik va agrokimyo kafedrasi tomonidan shu dargohda umrini ilmu ma’rifatga baxshida etgan professor-o’qituvchilar xotirasiga bag’ishlab “Tuproqshunoslikdagi zamonaviy muammolar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o’tkazildi.

Kafedra qoshidagi “Yosh tuproqshunos” to’garagi tomonidan tashkil etilgan seminarda universitet O’quv bo’limi boshlig’i, dosent Zafar Jabborov, magistratura bo’limi boshlig’i Akmal To’raboyev, fakultet dekani Vohid Fayziyev, kafedra mudiri Saidjon Siddiqov, professorlar Hamza Tursunov, Sa’dulla Abdullayev, dosent To’xtasin Abdrahmonov va boshqalar so’nggi yillarda hukumatimiz tomonidan oliy ta’lim tizimini isloh qilish borasida chiqarilgan qarorlarda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotgani, binobarin, yosh avlodga berilayotgan ta’lim-tarbiya jarayonini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar va galdagi vazifalar haqida atroflicha so’z yuritdilar. Buning uchun avvalo takomillashgan fan dasturlarini ishlab chiqish, o’quv adabiyotlarini yaratish bilan bir vaqtda zamonaviy madaniy texnik bazaga ham ega bo’lish zarurligi qayd etildi.

“Yosh tuproqshunos” to’garagi faol talabalari o’ziga xos maktab yaratib ketgan professor Latif Tursunov kabi ustozlarining ilmiy meroslarini teran nigoh bilan o’rganib, ularning ezgu ishlarini izchil davom ettirishlarini bayon etdilar.

Shu kuni fakultetda professor Latif Tursunov xotirasiga bag’ishlab tishkil etilgan zamonaviy tuproqshunoslik ilmiy laboratoriyasi ochilish marosimi ham o’tkazildi.

– Biz o’quv jarayonida Tuproqshunoslik fani, uning asoschilari haqida yanada ko’proq ma’lumotlarga ega bo’ldik,– dedi 1-kurs talabasi Xumora To’laganova.– Tuproq fizikasi ilmiy maktabining asoschisi Latif Tursunovning ilmiy merosi biz uchun o’ziga xos ilmiy maktab bo’ladi. Kelgusida albatta shunday ustozlar izidan boramiz.

 

BIOLOG-TUPROQSHUNOSLAR ANJUMANI

Biologiya, ekologiya va tuproqshunoslik sohalaridagi har qanday muammo faqat ilmiy asoslangan yo’llar bilan hal etiladi. Yaqinda Mirzo Ulug’bek nomidagi Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti Zoologiya kafedrasi tomonidan “Biologiya, ekologiya va tuproqshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida o’tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda shunday xulosaga kelindi.

Professor Zarif Norboyevning 80 yilligiga bag’ishlangan ushbu anjumanda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi ilmiy tadqiqot institutlari yetakchi olimlari, qator turdosh oliy ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari, yosh tadqiqotchilar, katta ilmiy xodim izlanuvchilar, magistrlar ishtirok etdilar.

O’zMU Ma’naviyat va marifat ishlari bo’yicha prorektori Davlatboy Jumaboyev seminar kirish so’zi bilan ochar ekan, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo’shgan olimlar tavallud kuni munosabati bilan o’tkazilayotgan anjumanlarda ham shu sohaga oid ma’ruzalar tinglanishi, o’zaro fikr almashishlar talabalar dunyoqarashiga ijobiy ta’sir etib, ularda fan sirlarini chuqur egallashga bo’lgan ishtiyoqi yanada ortishiga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

– Bugungi anjumanda mamlakatimizda biologiya, ekologiya va tuproqshunoslik sohalarida hal etilishi zarur bo’lgan muammolar va ularning yechimlari, bu borada erishilayotgan yutuqlar haqida atroflicha fikr almashildi,– deydi Biologiya-tuproqshunoslik fakulteti dekani Vohid Fayziyev.– Ular asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqilib, o’quv jarayonlariga tadbiq etiladi.

“Organik dunyoning zamonaviy sistemasi”, “O’zbekistonning qurg’oqchil hududi fitonematodalari va ularning yashayotgan muhit sharoitiga moslashish xususiyatlari”, “Farg’ona vodiysi turli tipdagi suv havzalari zooplanktoni” mavzuidagi ilmiy ma’ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi.

Ilmiy-amaliy seminarga taqdim etilgan materiallar asosida “Biologiya, ekologiya va tuproqshunoslikning dolzarb muammolari” deb nomlangan to’plam chop etildi hamda uning elektron varianti disklarda seminar ishtirokchilariga taqdim etildi.

 

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.