O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 24-25-2016 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (15-27 fevral kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 24-25-2016

“AXBOROT SOATLARI” № 24-25-2016

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (15-27 fevral kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 24-25-2016

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (15-27 fevral kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI 

      2016 yilgi Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida

Azal-azaldan xalqimizning ezgu va go’zal qadriyatlarini, uning olijanob orzu-intilishlarini o’zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o’lmas meros sifatida bezavol o’tib kelayotgan Navro’zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanib qoldi.

Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg’onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo’lmish Navro’zning odamzotning tabiat bilan uyg’un va hamohang bo’lib yashashida, jamiyatimizda mehr-oqibat va hamjihatlik, insoniylik, bag’rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o’rni va ta’siri tobora ortib borayotganini inobatga olib hamda bu qutlug’ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:

1. 2016 yilgi Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha tashkiliy qo’mita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo’mita Navro’z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog’iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o’tkazishga qaratilgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini o’n kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

2. Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

Navro’z kunlarida inson o’zini tabiat bilan uzviy bog’langanini, uning ajralmas bir qismi sifatida his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni ardoqlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg’usi bilan yashashga da’vat qiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirish;

barcha shahar va qishloqlarimizda bo’lib o’tadigan tadbirlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro’z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog’liq urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritish;

Navro’zning ruhi va falsafasida o’z aksini topgan mehr-muruvvat, ahillik va totuvlik, yoshi ulug’ insonlar, tabarruk otaxon va onaxonlarni har tomonlama e’zozlash, ko’makka muhtoj kishilarga beg’araz yordam berish bilan bog’liq xayriya tadbirlarini amalga oshirish;

yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo’lmish Navro’z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko’lamdagi obodonchilik va ko’kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo’lib o’tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshilar, shuningdek, professional va iste’dodli estrada ijrochilarini tanlov asosida jalb etish;

bayram dasturlarini tayyorlashda folklor san’atining eng yaxshi namunalarini, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan qadimiy urf-odatlar, ezgu insoniy tuyg’ularni tarannum etadigan mumtoz kuy va qo’shiqlar, o’lan va laparlarga keng o’rin berish.

3. Belgilab qo’yilsinki, o’tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriya mablag’lari hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag’lari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

4. O’zbekiston Milliy axborot agentligi, O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro’z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

5. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O’zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi

Prezidenti I.Karimov

Toshkent shahri,

2016 yil 19 fevral

 

      BUYuK KOMPOZITORNING G’URURBAXSh, UMRBOQIY ASARLARI

“Maftuningman” filmi qariyb oltmish yildirki, ekranlarimizdan tushmaydi. Filmning yashovchanligiga sabablardan biri undagi dilkash qo’shiqlardir. “Do’ppi tikdim”, “Maftun bo’ldim” singari ashulalar hammamizga yod bo’lib ketgan.

Bu qo’shiqlar kuyini xalqimizning buyuk kompozitori Mutal Burhonov yaratgan. Tabiatan oddiy va kamtarin bo’lgan kompozitor o’zbek musiqasi rivojiga salmoqli hissa qo’shgan, uni yangi janrlar bilan boyitgan. O’zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev bilan suhbatimiz Mutal Burhonov hayoti va ijodi haqida bo’ldi.

Rustam aka javonga terib qo’yilgan kitoblardan bir nechtasini olib qo’limga tutqazdi – bastakor yaratgan musiqalar jamlanmasi. O’zi deraza yonidagi fortepyanoda benazir iste’dod sohibining boy ijodiy merosidan namunalar ijro etishga kirishdi.

Bu musiqalarning aksariyati tanish. Juda ko’p eshitganmiz. Lekin har safar tinglaganimizda qalbimizda allaqanday tuyg’ular tug’yon qiladi. Ana shu ismsiz tuyg’ularga nom topishga urinamiz. Urinamiz-u... yuraklarimiz battar orziqib ketaveradi.

 

      BUYuKLIK, BUNYoDKORLIK, ULKAN SALOHIYaT IFODASI

Sohibqiron yaratgan mo’jizalar

Samarqandga kelgan mehmon, sayyoh borki, shaharning tarixiy obidalari, betakror me’morlik namunalarini tomosha qilish, ulardan zavq olishni istaydi. Sayohatdan so’ng ularning taassurotlari bilan qiziqsangiz, avvalo, o’rta asrlarda shunchalar ulug’vor, mahobatli bino va inshootlar qurgan ajdodlarimiz aql-zakovatiga tan berib, oradan necha yuz yillar o’tsa-da, ularning bezavol saqlanayotganidan hayratda ekanliklarini yashirmaydi.

Germaniyalik Kars Uits Samarqandga sayyoh sifatida emas, ish yuzasidan kelgan ekan. Kasbi arxitektura yoki tarixchilikdan yiroq, axborot texnologiyalari sohasida mehnat qiladi. Bo’sh vaqtida Registonni, Amir Temur maqbarasini ko’ribdi. Toshkent ko’chasi bo’ylab piyoda Bibixonim masjidi va Shohi Zinda yodgorlik majmualariga boribdi.

– Ko’pchilik dunyoning yetti mo’jizasini tilga oladi, – deydi u safar taassurotlari haqida gapirar ekan. – Lekin yer yuzida mo’jizalar juda ko’p. Samarqanddagi tarixiy binolarni ko’rib, bunga yana bir bor amin bo’ldim. Olisdan osmonning ustuni kabi ko’rinadigan minoralar va go’yo samoning aksidek ko’zga tashlanadigan moviy gumbaz, bir qarashda nafis bezak bo’lib ko’rinsa-da, olamjahon ma’no-mazmunga ega hikmat bitilgan yozuv, tosh yoki yog’ochga ishlangan betakror san’at durdonalari – bularning barchasi mo’jiza emasmi? Axir, bu o’z-o’zidan emas, inson aql-zakovati, mehnati bilan bunyod etilgan-ku! Bu inson kuch-qudratining namoyoni. Bu o’zbek xalqining boy madaniyati, ulug’vor tarixi, bunyodkorlik salohiyati timsoli…

Mehmonning hayrat va hayajon bilan aytayotgan so’zlarini tinglar ekanman, bir necha yil oldin hindistonlik sayyoh aytgan fikrlar xayolimga keldi: “Dunyoning yetti mo’jizasidan biri hisoblangan Tojmahalni Mirzo Bobur asos solgan saltanat hukmdorlaridan biri Shohjahon qurdirgan. Samarqandda esa Amir Temur va temuriylar bir necha yuz yillar oldin bunday inshootlardan bir nechtasini barpo etgan. Demak, temuriylarning bunyodkorlik fazilatlari ushbu avlod vakili bo’lgan Zahiriddin Muhammad Bobur va uning farzandu nabiralariga o’tgani shubhasiz”.

 

      YoShLARGA OID DAVLAT SIYoSATINING OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA IJRO ETILIShINING DOLZARB MASALALARI

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda"O’zbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatining oliy ta’lim muassasalarida ijro etilishining dolzarb masalalari" mavzusida davra suhbati o’tkazildi. Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputatlari, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligining mutassaddilari, Toshkent shahrida faoliyat ko’rsatayotgan Oliy o’quv yurtlarining prorektorlari, o’qituvchi va talaba yoshlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Mamlakatimizda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita rahnamoligida mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab, kelajagimiz bo’lmish yosh avlodni har tomonlama komil va barkamol insonlar qilib tarbiyalash masalalariga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Istiqlolimizning dastlabki yillarida qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasining Qonuni bu boradagi olib boriladigan ishlarimizning huquqiy asoslarini yaratib berdi. O’tgan yillar mobaynida yoshlarimizni bilim olishlari va jamiyatda o’zlarining munosib o’rinlarini egallashlari uchun barcha shart-sharoitlarga ega bo’lgan zamonaviy ta’lim muassasalari barpo etildi va mazkur ta’lim muassasalariga yoshlarimiz to’liq qamrab olindi.

Bugungi kunda ta’lim muassasalarida asosiy e’tibor, ularga chuqur ta’lim-tarbiya berishga, yot g’oyalarga qarshi kurasha oladigan hamda o’zining mustaqil fikriga ega bo’lgan, hyech kimdan kam bo’lmagan ma’nan yetuk va komil insonlar qilib tarbiyalashga qaratilgandir.

Mamlakatimiz yoshlarining jahon andozalari talablari asosida bilim olishlarini kafolatlaydigan “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy Dasturining qabul qilinishi ham kelajagimiz bo’lgan yoshlarga bo’lgan g’amxo’rlikning yorqin namunasidir.

Respublikamizda har yili byudjetning 60% ijtimoiy sohaga yo’naltirilayotganligi, bunda ta’lim tizimiga sarflanayotgan qismi 34 foizni tashkil qilishi, yiliga 1 millionga yaqin yangi ish o’rinlari yaratilayotganligi, mazkur ish o’rinlarining yarmidan ko’prog’i yoshlarimiz uchun yaratilayotganligi bu sohada olib borilayotgan ishlar salmog’i nechog’li katta ekanligini anglatadi.

Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov 2016 yilning 15 yanvar kuni bo’lib o’tgan Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan majlisida so’zlagan nutqida ham mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida islohotlarni yanada chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Yoshlarimizning jamiyatda munosib o’rinlarini egallashlari uchun davlatimiz tomonidan barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berildi va bu boradagi ishlarimiz izchillik va tizimli ravishda olib borilmoqda.

Ta’lim jarayonini isloh etish va mehnat bozorida talab qilinadigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashda oliy o’quv yurtlari muhim o’rin egallamoqda. Mamlakatimizda zamonaviy o’quv jihozlari bilan jihozlangan, yetuk malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan 58ta oliy o’quv yurtlari va ularning 11 ta filiallarida bugungi kunda 260 mingdan ko’proq talaba va magistirlarimiz tahsil olishmoqda.

Mamlakatimizdagi mavjud oliy o’quv yurtlari bilan bir qatorda Rossiyaning 3 ta nufuzli oliy o’quv yurtlarining, shuningdek, dunyodagi nufuzli ta’lim muassasalari biri Buyuk Britaniyaning Vestminster universiteti, Singapur Menejmentni rivojlantirish inistituti, Italiya davlatining Turin Politexnika universitetlarining poytaxtimizda filiallari faoliyat ko’rsatmoqda va mazkur ta’lim muassasalarida, mashinasozlik, neft-gaz ishi, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va biznes boshqaruvi, moliyaviy menejment, tijorat huquqi kabi mehnat bozorida yuqori talab bo’lgan mutaxassisliklar bo’yicha bakalavr va magistirlar tayyorlanmoqda va mazkur mutaxassislar bugungi kunda iqtisodiyotimizning turli sohalarida samarali faoliyat ko’rsatmoqda. Bularning safiga joriy yilning oktyabr oyidan boshlab o’z faoliyatini boshlaydigan Koreya davlatining Inxo universiteti qo’shildi.

Mamlakatimizda Yoshlarga oid davlat siyosati uzoqni ko’zlab amalga oshirilayotganligi bugungi kunda nafaqat vatandoshlarimiz, balki horijiy ekspertlar tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda.

Davra suhbatida so’zga chiqqanlar Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan mazkur sohada muayyan ishlar amalga oshirilayotganligi, ta’lim muassasalarida talabalarning o’qishlari va o’z iqtidorlarini namoyish etishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilganligi, talabalar uylaridagi sharoitlar, darsdan bo’sh vaqtlarini mazmunli va unumli tashkil etilganligi, ammo hali bu borada olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirilishi lozimligi, yoshlar ongini turli hil yot g’oyalardan himoya qilish, zamonaviy axborot vositalaridan maqsadli va o’rinli foydalanish lozimligi bo’yicha o’z takliflarini bildirdilar.

Tadbir yakunida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan dolzarb vazifalar belgilab olindi.

 

      TALABALAR TADQIQOTLARI IShLAB ChIQARIShGA

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligida oliy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish muassasalari o’rtasida innovasion hamkorlik masalalariga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi.

Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining o’rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyoti innovasion rivojlantirilayotgani, olimlar yaratgan ilmiy-texnikaviy ishlanmalar tegishli sohalarga tatbiq etilayotganini ta’kidladi.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining ixtisoslik kafedralari qoshida 1 ming 230 dan ortiq innovasion guruh faoliyat ko’rsatmoqda. Ularda muayyan yo’nalishga mos zamonaviy korxonalar to’g’risida ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Ilmiy-texnologik muammolar banki shakllantirilib, soha va ixtisosliklariga mos 4 ming 400 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlik aloqalari o’rnatilgan.

Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qariyb 27 milliard so’mga teng 465 loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihalar doirasida 116 ta patent, 44 ta kompyuter dasturiy mahsulotlariga guvohnomalar olindi. Ilmiy tadqiqot ishlari natijasida qishloq xo’jaligi, kimyo, neft-gaz, metallurgiya, mashinasozlik, farmasevtika sanoatlari uchun yangi ishlanmalar yaratilib, ishlab chiqarishga tatbiq etildi.

Yig’ilishda innovasion ishlanmalar samarasida yurtimizda tan olingan o’n bitta eng ilg’or texnologiyadan oltitasi oliy ta’lim muassasalari tomonidan yaratilganligi alohida qayd etildi.

 

      YaGONA INTERAKTIV DAVLAT XIZMATLARI PORTALIDA SOLIQ TO’LOVChILAR UChUN YaNGI XIZMAT IShGA TUShDI

O’zbekiton Respublikasi Vazir Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasi soliq to’lovchilarining identifikasiya raqamlarini berish va qo’llash tizimi to’g’risida” va boshqa normativ-huquqiy aktlarga muvofiq, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz saytida “Soliq to’lovchini ro’yxatdan o’tkazish”(STIR) xizmati yo’lga qo’yildi.

O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining yangi xizmati respublika fuqarolariga soliq to’lovchining identifikasiya raqami(STIR)ni olish imkoniyatini beradi.

Xizmat bepul bo’lib, u faqat jismoniy shaxslarga ko’rsatiladi.

 

      MO’L-KO’L VA SIFATLI

O’zbekiston Milliy matbuot markazida mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo’mitasi, Fermerlar kengashi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, olimlar, mutaxassislar, ishlab chiqaruvchilar va jurnalistlar ishtirok etdi.

O’zbekiston liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo’mitasi raisi o’rinbosari D.Shoumarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholini sifatli va keng turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashning zamonaviy tizimi yaratilganini alohida ta’kidladi.

O’zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, birgina 2015 yilda bu sohani rivojlantirishga yo’naltirilgan bir yarim mingdan ziyod hududiy dasturlar amalga oshirilgan. Bir yuz ellikdan ko’proq yangi korxona tashkil etilgan. Bir yuz yetmish beshta korxonada modernizasiya ishlari amalga oshirilgan.

 

      YoSh OLIMLAR QO’LLAB-QUVVATLANMOQDA

O’zbekiston Fanlar akademiyasida yosh olimlarni qo’llab-quvvatlash, rag’batlantirish masalalariga bag’ishlangan davra suhbati bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi,Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va boshqa muassasalar hamkorligida o’tkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh olimlar kengashi a’zolari, tadqiqotchilar, yoshlar ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi «O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarori navqiron avlodni har tomonlama qo’llab-quvvatlashda muhim huquqiy asos bo’layotir.

Davlat va nodavlat tashkilotlari o’zaro hamkorlikda bu boradagi ishlarga munosib hissa qo’shmoqda. Jumladan, O’zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashi tomonidan o’tkazib kelinayotgan «Yosh mutaxassis» respublika forumi ko’plab iqtidorli yoshlar orzusiga qanot bermoqda. Yoshlar tashabbuslarini hayotga tatbiq etish uchun grantlar ajratilayotir.

O’zbekiston Fanlar akademiyasining Genomika va bioinformatika markazi kichik ilmiy xodimi Mirzakamol Ayubov ham ushbu tanlovda faxrli o’rinni egalladi. U qishloq xo’jaligi sohasida yangi texnologiyalarni joriy etish orqali g’o’zaning yangi navlarini yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borayotir.

 

      O’ZBEKISTON FUTZALChILARI JAHON ChEMPIONATIGA YO’LLANMA OLDI

Poytaxtimizda mini-futbol bo’yicha davom etayotgan Osiyo chempionati chorak finalida O’zbekiston va Iroq terma jamoalari o’zaro kuch sinashdi.

Uchrashuv avvalida har ikkala jamoa ehtiyotkorlik bilan o’ynadi. Tez orada tashabbusni o’z tomoniga og’dirgan futbolchilarimiz 3:0 hisobida g’alaba qozondi. Bu muvaffaqiyat bilan terma jamoamiz chempionatning yarim finaliga chiqdi, shuningdek, Kolumbiyada o’tkaziladigan jahon chempionatiga yo’llanmani qo’lga kiritdi. Terma jamoamiz gollarini Dilshod Rahmatov (2 ta), Nodir Eliboyev kiritdi. Futzalchilarimiz yarim finalda Tailand terma jamoasi bilan bahslashadi.

 

      BOKSChILARIMIZNING DASTLABKI G’ALABALARI

Toshkentda boks bo’yicha WSV – Butunjahon boks seriyasi hamda ARV – yarimprofessional bokschilar yo’nalishida o’tayotgan musobaqani bokschilarimiz g’alaba bilan boshladi.

WSV yo’nalishi bo’yicha O’zbekistonning “Uzbek Tigers” va Puerto-Rikoning “Puerto Rico Hurricanes” jamoalari o’rtasidagi bahs 5:0 hisobida yakunlandi. Unda bokschilarimizdan Abror Qodirov Keybar Avillani, Elnur Abduraimov Stiven Ruidiazni, Doston Turdiyev Samuell Kedenoni, Shuhrat Abdullayev Xuan Karilloni, Sardor Abdullayev Valavikus Mantasni o’z vazn toifasida mag’lubiyatga uchratdi.

ARV yo’nalishida ringga ko’tarilgan bokschilar bellashuvining 52 kilogramm vazn toifasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Jasurbek Latipov mo’g’ilistonlik Murdum Engene Gandulamni texnik nokautga uchratdi. Shuningdek, 69 kilogramm vazn toifasida Dilshod Mahmudov ispaniyalik Yuba Ndiaye Sissoxoni yenggan bo’lsa, 75 kilogrammda bokschimiz Isroil Madrimov hindistonlik Krishan Vikash Yadav ustidan zafar quchdi.

 

      O’ZBEK OLIMI STOL USTI MOBIL MOLBERTI YaSADI

O’zbek olimi Naberayev Firdavs stol usti mobil molberti uchun patent oldi. U yaratgan mazkur qurilma tasvirlarni bajarish va eksponasiya qilish uchun mo’ljallangan. Qurilmaning vazifasi vazni yengil, tayyorlanishi va qo’llanishi sodda, yetarli darajada pishiq va mustahkam molbertni yaratish, taklif qilinayotgan qurilmaning yig’ilgan holatida oson ko’tarib yurilishi, ixchamligini ta’minlashdan iborat. "Muallifga ushbu ixtiro uchun patent berildi", deb xabar beradi Intellektual mulk agentligi.

 

      LATVIYa O’ZBEKISTONLIK MEBELSOZLAR BILAN MEBEL IShLAB ChIQARISh TAJRIBASI BILAN BO’LIShADI

Latviya ish beruvchilar konfederasiyasi O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kichik va o’rta biznes korxonalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish dasturi doirasida hamkorlik qilishni boshladi, deb xabar bermoqda konfederasiya matbuot xizmati. Dastur Yevropa Ittifoqi mablag’lari hisobiga amalga oshirilmoqda. 15 fevraldan 13 martgacha bir oy davomida O’zbekistonning mebel ishlab chiqarish sohasi vakili Farruh Usmonov Latviyadagi bir nechta mebel ishlab chiqaruvchi korxonalarga ularning tajribasini o’rganib, O’zbekistonda qo’llash uchun tashrif buyuradi.

Gap Latviyaning Riga shahridagi "Ripo", Livani shahridagi "Sencis", Ventspils o’lkasidagi "Dzintarkalni" hamda boshqa bir qator zavodlariga tashrif haqida ketmoqda. Bundan tashqari, hamkorlikka dizayner va duradgorlikka o’qituvchi Daugavpils qurilish texnikumi ham qo’shildi.

Keyingi haftada Usmonovning "Lama", "Metalserviss" va "Dailrade Koks" korxonalariga tashrif buyurishi va mashg’ulot o’tishi rejalashtirilgan.

 

      II. JAHON MIQYoSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      OLLAND ROSSIYa VA TURKIYa O’RTASIDA URUSh ChIQIShI XAVFI BORLIGINI AYTDI

Fransiya prezidenti Fransua Olland Suriya deb Rossiya va Turkiya o’rtasida urush chiqishi xavfi borligini aytdi. Olland bu haqda France Inter radiostansiyasi efirida aytib o’tdi. U ixtilofning avj olmasligi uchun barcha imkoni bor ishni amalga oshirish lozimligini ta’kidlab o’tdi.

Fransiya prezidenti "muzokaralar qayta boshlanishi, bombardimonlar to’xtatilishi, insonparvarlik yordami yetkazilishi zarurligini" ta’kidladi.

Avvalroq Olland Rossiya hukumatini Suriya prezidenti Bashar Asad ma’muriyatiga yordam berishdan voz kechishga chaqirgandi.

 

      SURIYaGA ROSSIYaNING ENG ZAMONAVIY RAZVEDKAChI SAMOLYoTI KELTIRILDI

Rossiya Suriyada eng yangi radiotexnik va optik-elektron razvedkachi samolyoti Tu-214R’dan foydalanmoqda. Bu samolyot AQSh samolyotlarini kuzata oladi. Bu haqda AQShlik nomi aytilmagan mansabdor shaxsga iqtibos keltirgan holda CNN telekanali xabar berdi. Manba ma’lumotlariga ko’ra, Tu-214R samolyoti yaqindagina Lataqiyadagi aviabazaga keltirilgan. Biroq telekanalda Rossiya tomonidan bu ma’lumotning rasmiy tasdig’i yo’q. Manbaning ta’kidlashicha, samolyotdagi kuzatuv tizimlari yuqori aniqlik darajasiga egaligi bilan farqlanadi. Manbaning aytishicha, gap anchagina ilg’or razvedkachi samolyot haqida ketmoqda, u "barcha ob-havo sharoitida ishlay oladigan radar tizimlari va elektron-optik sensorlar bilan jihozlangan". Bu qurilmalar katta hududlarning sifati bo’yicha fotosuratlarnikidan qolishmaydigan tasvirini olishga imkon beradi. Ta’kidlanishicha, samolyot dushman kuchlarining signallari va o’zaro suhbatlarini kuzata oladi. Bunday samolyot Suriyada AQSh samolyotlarini kuzatishda Rossiyaga ko’proq imkoniyatlar beradi.

 

      PUTIN VA OBAMA TELEFON ORQALI UKRAINA VA SURIYa MASALASINI MUHOKAMA QILDILAR

Ukrainadagi vaziyat, birinchi navbatda vaziyatni barqarorlashtirish bo’yicha ko’rilgan choralar natijasini yakshanba kuni Putin va Obama telefon orqali muhokama qildilar. Vladimir Putin Kiyev hukumatining nihoyat kelishuvga ko’ra o’z majburiyatlarini bajarishi va shu yo’ldi Donbass bilan to’g’ridan to’g’ri aloqa o’rnatishiga umid bildirishini ta’kidlagan. Muloqotning ochiq va ishchan ruhda o’tgani aytilmoqda. So’zlashuv AQSh tomoni tashabbusi bilan o’tkazilgan bo’lib, unda Suriyadagi vaziyat ham muhokama qilingan. Putin hududda terrorizmga qarshi kurashda ikki yoqlama stardrdlardan voz kechib, terrorizmga qarshi kurash bo’yicha yagona front tuzishni taklif qilgan. Suhbat davomida har ikki tomon Suriya masalasida 11-12 fevral kunlari o’tkazilgan Myunxen uchrashuvini samarali bo’lganini ta’kidlashgan.

 

      ROSSIYaDA O’TGAN YILDA 400DAN ORTIQ JOSUSLAR ANIQLANGAN

Xorij davlaatlari josuslari o’zlarining Rossiyadagi faoliyatini faollashtirayotgani haqqida RF prezidenti Federeal xavfsizlik xizmati (FXX) yig’ilishida ma’lum qilgan. “O’tgan yig’inda biz xorijlik josuslarning Rossiyada faollashayotganini aniqlagan edik va o’tgan yilda esa bu o’z tasdig’ini topdi”, - deydi Putin. “O’tgan vaqt davomida 400dan ortiq xorijlik razvedka xizmatlarining agentlari faoliyatiga chek qo’yildi. Ulardan 23 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi”, - deya qo’shimcha qildi prezident. U maxsus xizmatdan josuslardan Rossiyaning harbiy va strategik obyektlarini himoya qilishga chaqirdi.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      ALIShER NAVOIY NOMI BERLINDA JARANGLADI!

Berlinda Alisher Navoiy ijodiy merosiga bag’ishlangan xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. Germaniyadagi yirik ilmiy-madaniy markazlardan biri — Berlin davlat kutubxonasida buyuk o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag’ishlab, “Alisher Navoiy va uning jahon adabiyoti hamda madaniyatiga qo’shgan hissasi” mavzuida xalqaro konferensiya o’tkazildi.

Ushbu tadbir mamlakatimizning Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi tomonidan Gumboldt nomidagi Berlin universiteti, Berlin erkin universiteti va Berlin davlat kutubxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Germaniyaning yuzdan ziyod rasmiy, ijtimoiy-madaniy, ilmiy-akademik, ekspertlar va madaniy doiralari vakillari, jurnalistlar hamda O’zbekiston, AQSh, Fransiya, Vengriya, XXR singari davlatlardan sharqshunos olimlar, navoiyshunoslar qatnashdi.

Anjumanda Alisher Navoiy ijodini hamda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati va san’atini o’rganuvchi amerikalik, yevropalik va o’zbekistonlik taniqli olimlarning ilmiy ma’ruzalari tinglandi. Uch yo’nalishdagi chiqishlarga oid yig’ilishlar doirasidagi ilmiy ma’ruzalar chog’ida buyuk bobokalonimiz ijodining turli qirralari hamda O’rta asr Movarounnahrida ilmiy fikr va madaniyat rivojlanishining o’ziga xos jihatlari ochib berildi.
Konferensiyada so’z olgan O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi, O’zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, navoiyshunos olimlar Shuhrat Sirojiddinov va Aftondil Erkinov, Berlin davlat kutubxonasi bosh direktori Barbara Shnayder-Kempf, Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori Ingeborg Baldauf, Berlin erkin universiteti professorlari Elizabeta Ragagnin va Barbara Kellner-Xaynkele, Kaliforniya universiteti professori Mark Tuton, Budapesht universiteti professori Benedek Peri va boshqalar ulug’ bobokalonimiz jahon adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo’shganini ta’kidladilar. Ular hazrat Navoiyning nomi Homer va Dante, Shekspir hamda Gyote, Balzak va Pushkin, Nizomiy hamda Jomiy kabi buyuk mutafakkirlarning nomlari bilan bir qatorda turishini qayd etishdi.
Ma’ruzachilar Navoiy ijodi o’zbek hamda turkiy xalqlar adabiyoti taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko’rsatganini e’tirof etishdi. Shoirning ijodiy merosi qariyb 30 ta she’riy to’plamda, yirik dostonlar, nasriy va ilmiy  asarlarda o’z ifodasini topgan. Ilk marotaba turkiy tilda bitilgan “Xamsa” (Besh doston) asari Movarounnahr adabiy an’analarida yangi davrni boshlab berdi.
Shuningdek, so’zga chiqqan olimlar Alisher Navoiy nafaqat buyuk shoir va mutafakkir, balki Temuriylar davrining yirik davlat arbobi bo’lganini ham tilga oldilar. Buyuk shoir Xuroson ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etgan. Alisher Navoiy ma’naviy xazinasi o’zbek xalqining ulkan ilmiy-madaniy boyligi ekanligi O’zbekiston vakillarining chiqishlarida ta’kidlandi. Shu o’rinda, Navoiy hamda o’zbek zaminida yashab ijod qilgan boshqa buyuk alloma va mutafakkirlar merosini asrab-avaylashga hamda o’rganishga Prezident Islom Karimov tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1991 yil yurtimizda “Alisher Navoiy yili”, deb e’lon qilingandi. Mustaqil rivojlanish yillari davomida mamlakatimizda shoirning yigirma jilddan iborat to’la asarlari to’plami nashr qilindi, respublikada hamda xorijiy davlatlarda buyuk shoirga ehtirom ramzi sifatida ulug’vor haykallar qad rostladi.

Konferensiya doirasidagi munozaralar va o’zaro muloqotlar chog’ida Alisher Navoiy ijodi o’zbek tilining butun go’zalligini, uning boyligi hamda nazokatini dunyoga ochib bergani va u qoldirgan meros jahonda hamon katta qiziqish uyg’otayotgani yuzasidan tadbir ishtirokchilari yakdil fikr bildirdilar.

Shunisi ham diqqatga sazovorki, hozirgi paytda Berlin davlat kutubxonasida allomaning 30 ga yaqin turli asarlari qo’lyozmalari saqlanmoqda. Navoiy ijodidagi chuqur falsafa, poetik obrazlar turfa xilligi adabiyot muxlislarini o’ziga jalb etayotir. Muxtasar aytganda, Navoiy fenomeni O’rta asrlar Sharqidagi o’zbek xalqi hamda boshqa xalqlar madaniyati va ma’naviy hayotining ravnaqi hamda gullab-yashnashining tajassumidir.

Berlin davlat kutubxonasidagi mazkur anjuman doirasida Alisher Navoiy ijodi hamda Temuriylar davri madaniyati va san’ati, shuningdek, O’zbekistonning zamonaviy ma’naviy-madaniy hayotining turli qirralarini ochib beradigan kitoblar va O’rta asr qadimgi qo’lyozmalarining katta ko’rgazmasi ham tashkil etildi. O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan Berlin davlat kutubxonasi fondiga Navoiy asarlarining to’la to’plami hamda boshqa o’zbek ijodkorlarining asarlari taqdim qilindi.

Tadbirdan olgan taassurotlarini o’rtoqlashar ekan, Berlin erkin universiteti professori Klaus-Piter Xaaze Navoiyning ijodiy merosiga bag’ishlangan mazkur xalqaro konferensiya Germaniya poytaxtining ilmiy va madaniy hayotida muhim voqyea bo’lganini ta’kidladi. Nemis olimi dunyodagi yirik madaniy markazlardan biri sifatida O’zbekiston o’zining buyuk ajdodlari — shoirlari, olimlari, rassomlari va davlat arboblarini behad e’zozlashini yuqori baholadi.

— Shuni qayd etish joizki, Alisher Navoiyning jahon adabiyoti ravnaqiga qo’shgan hissasi madaniyatlararo hamkorlikning yorqin misoli hisoblanadi, — dedi olim. — Axir uning ijodida Sharqning barcha mavzu va adabiy an’analari o’z ifodasini topgan. Ishonchim komilki, bugungi xalqaro anjuman buyuk o’zbek shoirining ijodiy merosi jahonda yanada ommalashuviga xizmat qiladi.
Berlin erkin universiteti professori Elizabeta Ragagnin ham ushbu tadbir so’nggi 15 yil davomida Yevropada Navoiy ijodiga bag’ishlangan eng nufuzli ilmiy anjuman bo’lganini bildirdi. Ekspertning aytishicha, mazkur forum buyuk shoir va mutafakkir faoliyati yuzasidan fikr almashish va ularni baholash imkoniyatini yaratgani bilan birga, Navoiyning ulkan ma’naviy-madaniy merosini o’rganish sohasidagi xalqaro ilmiy almashuvlarga yangi turtki ham berdi.

— Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag’ishlangan bugungi konferensiyadan katta ma’naviy ozuqa oldim, — dedi Gumboldt nomidagi Berlin universiteti professori Ingeborg Baldauf. — Anjuman qatnashchilari shoir ijodi haqidagi o’z fikrlarini bayon etganlari barobarida, o’zbek madaniyatining rang-barangligidan ham bahramand bo’ldilar.
Bunday forumlarning o’tkazilishi o’zaro hamkorlikda jahondagi ilmiy va madaniy merosning avlodlardan avlodlarga o’tishiga hissa qo’shishga, O’zbekiston, Yevropa, Osiyo va Amerika olimlari o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga ko’maklashadi.

O’zbek kasbdoshlarimiz bilan hamkorligimiz davom etishiga va yanada rivojlanishiga umid qilamiz.

Fransiyada Temuriylar tarixi va san’atini  o’rganish assosiasiyasi raisi Frederik Bressan buyuk shoir va mutafakkirning Temuriylar davri ma’naviy hayotida tutgan o’rni juda katta ekanligiga e’tibor qaratdi. Dono siyosiy arbob va olim sifatida u dunyo adabiyoti, ilm-fani va san’ati taraqqiyotiga bebaho hissa qo’shdi.

F. Bressanning fikricha, Navoiyning hayoti va ijodi yoshlar tarbiyasida, xalqlar o’rtasida do’stlik, tinchlik, muhabbat va tolerantlik  g’oyalarini ilgari surish uchun ma’naviy manba bo’lib xizmat qiladi. Chunki u o’z asarlarida ana shunday ezguliklarni tarannum etgan.— Shuning uchun ham Navoiyning ijodiy merosi butun insoniyatning boyligi bo’lib qoldi, — dedi u. — Asrlar o’tgan bo’lishiga qaramasdan, uning ijodi ko’pgina xalqlarning xotirasidan joy olgan va bugungi kungacha barchamizga ilhom baxsh etib keladi.
O’z navbatida, F. Bressan o’zbek xalqining noyob tarixiy-madaniy merosini qo’llab-quvvatlash va targ’ib etishga O’zbekiston rahbariyati tomonidan yo’naltirilgan sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.

Taniqli nemis olimi Barbara Kellner-Xaynkele mazkur xalqaro tadbir navoiyshunos olimlar ishtirokida yuqori darajada tashkil etilganini aytdi. Uning fikr bildirishicha, taqdim qilingan ma’ruzalar, jumladan, o’zbekistonlik olimlarning chiqishlari axborotlarga boy va juda mazmunli bo’ldi. Taqdimotlar chog’ida Navoiy ijodining turli qirralari yuzasidan qator yangi fikr-mulohazalar, baholar va qarashlar bildirildi.

Kaliforniya universiteti (AQSh) professori Mark Tuton bir necha yillardan buyon Alisher Navoiyning ijodiy merosini o’rganish bilan shug’ullanayotganini ma’lum qildi. U o’zining 2014 yili yoqlagan doktorlik dissertasiyasida Alisher Navoiyning “Xamsa”sini o’rta asrlardagi boshqa mualliflarning turdosh asarlari bilan qiyosiy tahlil qilganini aytdi. “Shoir ijodini o’rganishni boshlaboq, uning naqadar buyuk daho ekanligini angladim”, deya ta’kidladi amerikalik olim.

Shunisi ham diqqatga sazovorki, konferensiya chog’ida M. Tuton o’zbek tilini qay darajada yaxshi bilishini ham namoyon qildi. U ilmiy-tadqiqot ishlari bilan O’zbekistonda o’tkazgan yillarini iliq so’zlar bilan yodga oldi.
O’zbekiston Milliy universiteti professori Aftondil Erkinov bildirganidek, Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligiga bag’ishlangan xalqaro konferensiyaning Germaniya poytaxtida o’tkazilishi jahon adabiyoti va madaniyati ravnaqiga bebaho hissa qo’shgan buyuk bobokalonimiz ijodiga nisbatan o’arbda katta e’tibor mavjudligidan dalolat beradi.

— Berlindagi ushbu konferensiya chog’ida O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahbarligida o’zbek xalqining bebaho ma’naviy va madaniy merosini qayta tiklash hamda asrab-avaylash bo’yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan AQSh, Yevropa va Osiyodan kelgan hamkasblarimizdan ko’p ijobiy fikrlarni eshitdik, — dedi o’zbek olimi.

Xalqaro anjuman buyuk shoir g’azallari kuylangan “Maqom kechasi” madaniy dasturi bilan yakunlandi. O’zbekiston elchixonasi binosida o’tkazilgan mazkur tadbirda ikki yuz nafardan ziyod adabiyot va san’at ixlosmandlari qatnashdi.
Nemis san’atshunos olimi, doktor Angelika Yung kecha ishtirokchilarini ko’p asrlik o’zbek mumtoz maqomchilik san’ati an’analari bilan tanishtirdi. O’zbekiston xalq artisti Munojat Yo’lchiyeva ijrosidagi mumtoz ashulalar esa kechaga alohida shukuh va mazmun bag’ishladi.

Bo’lib o’tgan xalqaro forum nemis ommaviy axborot vositalarining ham e’tiborini o’ziga tortdi — bu haqdagi xabar va maqolalar o’ndan ziyod elektron nashrlarning sahifalarida atroflicha yoritildi.

 

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.