O'zMU » Axborot soatlari » “AXBOROT SOATLARI” № 26-16 Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (29 fevral-5 mart kunlari) MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI “AXBOROT SOATLARI” № 26-16

“AXBOROT SOATLARI” № 26-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (29 fevral-5 mart kunlari)

MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI

“AXBOROT SOATLARI” № 26-16

Haftaning muhim ijtimoiy-siyosiy voqyealari (29 fevral-5 mart kunlari)

TOShKENT

O’zMU – 2016

 

 

      I. O’ZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYoSIY VOQYeALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      O’ZBEKISTON XOTIN-QIZLARIGA BAYRAM TABRIGI

Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar, dilbar qizlarim!

Ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni, sizlarning timsolingizda butun O’zbekiston xotin-qizlarini 8 mart bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashni o’zim uchun katta baxt deb hisoblayman.

Mana shu bayram kunlarida biz – yurtimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o’g’lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo’jizasi bo’lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta’zim bajo keltiramiz.

Munis opa-singillarimiz, vafodor umr yo’ldoshlarimiz, dunyodagi eng chiroyli, latofatli qizlarimizni tabriklab, ularning sha’niga samimiy va ezgu tilaklarimizni, chuqur hurmatimizni izhor etamiz, jajji qizaloq nabiralarimizni bag’rimizga bosib, chin yurakdan qutlaymiz.

Shu kunlarda hammamizning tilimizda, dilimizda bo’lgan bir fikrni hyech ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman.

Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo’lib kelayotgan siz, go’zal va betakror, qadrdon ayollarimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz.

Chindan ham, o’zining beqiyos mehri va fidoyiligi, sabr-qanoati va chidamliligi bilan xonadonlarimizda, butun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini saqlab, hayotimizga fayzu tarovat bag’ishlaydigan, tunlari bedor bo’lib, bolalarimizni barkamol insonlar, Vatanimizning mard va jasur himoyachilari etib voyaga yetkazadigan kim?

Mehribon va oqila ayollarimiz emasmi?

Umr yo’llarimizda qanday og’ir sinov va mashaqqatlar duch kelmasin, ularni yengib o’tishda ruhimizni ko’tarib, kuchimizga – kuch, g’ayratimizga – g’ayrat qo’shadigan insonlar ham, hyech shubhasiz, dunyodagi eng mo’tabar zotlar, qalbi daryo ayollarimizdir.

Shu ma’noda, Alisher Navoiy bobomizning “Ayollar – farishtalarning opa-singillaridir” degan hikmatli so’zlarida qanday chuqur ma’no borligini, o’ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Biz o’z oldimizga qo’ygan oliy maqsadimizga erishish yo’lida, ya’ni jahondagi eng taraqqiy topgan, demokratik va erkin davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish, xalqaro maydonda mamlakatimizning obro’-e’tiborini yuksaltirishda, muxtasar qilib aytganda, bugun O’zbekistonimiz qo’lga kiritayotgan ulkan marralarda – bu qaysi soha, qaysi kasb-hunar bo’lmasin, ularning barchasida ayollarimizning munosib, buyuk hissasi borligini minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Bu haqda gapirganda, xotin-qizlarimizning nafaqat kundalik turmushda, balki davlat miqyosidagi eng muhim masalalarni hal qilishda o’rni va roli tobora ortib borayotganini alohida qayd etishni zarur deb bilaman.

Bugungi kunda yuzlab deputat ayollarimiz Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarda xalq vakillari bo’lib faoliyat ko’rsatayotgani, davlat va jamiyat boshqaruvida, siyosiy va ijtimoiy hayotimizda, fuqarolik institutlari va nodavlat tuzilmalarda qanchadan-qancha opa-singillarimiz el-yurt manfaati uchun jonbozlik bilan xizmat qilayotganini hurmat bilan e’tirof etamiz.

Biz uchun ustuvor ahamiyatga ega bo’lgan ta’lim-tarbiya, madaniyat va ilm-fan sohalarida mehnat qilayotgan xodimlarning 73 foizini, sog’liqni saqlash tizimida 75 foizini, ishlab chiqarish tarmoqlarida 42 foizini, qishloq xo’jaligida 43 foizini aynan ayollar tashkil etayotgani ularning haqiqatan ham biror-bir sohada hyech kimdan qolishmasligini ko’rsatadi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi kichik biznes subyektlarining 120 mingdan ziyodini, fermer xo’jaliklarining 4 ming 550 dan ortig’ini xotin-qizlar samarali boshqarib, barchaga o’rnak va namuna bo’lib kelmoqda.

Men joylarda bo’lib, mana shunday o’zining qadr-qimmatini, hayotning pastu balandini yaxshi biladigan, kelajakka katta ishonch bilan qarab, sidqidildan mehnat qilayotgan opa-singillarimiz bilan uchrashib, suhbat qurganda, ochig’ini aytishim kerak, o’zim uchun katta taassurot, ma’naviy-ruhiy quvvat olaman.

Jamiyatimiz taraqqiyotini bugungi yuksak bosqichga ko’tarishda dunyoda o’xshashi kam bo’lgan noyob tuzilma – mahalla faollarining, xususan, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlayotgan, ko’pni ko’rgan, jonkuyar opa-singillarimizning beqiyos hissasi borligi barchamizni albatta quvontiradi. Elu yurtimiz o’rtasida sog’lom muhitni mustahkamlash, xonadonlarda turli ginayu arazlarning oldini olish, yosh oilalarni qo’llab-quvvatlash borasida o’zini ayamasdan mehnat qilayotgan ana shunday ming-minglab ayollarimizga o’z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etishni o’zimning burchim, deb bilaman.

Aziz opa-singillar!

Biz Vatanimiz mustaqilligining birinchi kunlaridan boshlab yurtimizda oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyatdagi o’rni va nufuzini oshirish kabi muhim vazifalarni davlat siyosati darajasiga ko’targanimiz va bu sohada amalga oshirayotgan ishlarimiz bugungi kunda jahon miqyosida havas bilan tan olinmoqda.

Bu haqda ko’p gapirmasdan, birgina 2015 yilning o’zida tadbirkor ayollar uchun ajratilgan kreditlar 1 trillion 255 milliard so’mni yoki 2014 yilga nisbatan 130 foizni tashkil etganini aytish kifoya, deb o’ylayman.

Hyech shubhasiz, bunday ko’mak va yordam xotin-qizlarning qobiliyati va salohiyatini ro’yobga chiqarish, ularning jamiyatimiz hayotidagi munosib ishtirokini ta’minlashda muhim amaliy qadam bo’lmoqda.

O’tgan yili kasb-hunar kollejlarini bitirgan 230 mingdan ko’proq qiz bolalar ishga joylashtirilgani, tadbirkorlik sohasida o’z ishini boshlayotgan 6 mingdan ortiq yosh qizlarga 51 milliard so’mdan ziyod kreditlar ajratilgani ham opa-singillarimizning hayotiy manfaatlarini ta’minlash borasidagi salmoqli ishlarimiz qatoriga kiradi.

Shu bilan birga, keyingi ikki yilda 2 ming 80 ta xonadonga mo’ljallangan 57 ta ko’p qavatli “Kamolot” uylari barpo etilib, yosh oilalarga berilgani, minglab yoshlarimiz uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlari ajratilgani va bunday tadbirlar izchil davom ettirilayotganini qayd etish o’rinlidir.

Shular haqida so’z yuritar ekanmiz, 2015 yilda 1 ming 668 nafar sportchimiz, jumladan, 567 nafar qizimiz xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, 983 ta medalga erishgani, iqtidorli farzandlarimiz nufuzli xalqaro tanlovlarda 137 ta sovrinli o’rinni, jumladan, 76 ta gran-prini qo’lga kiritganini yurtimizda sog’lom va barkamol avlodni shakllantirishga qaratilgan keng ko’lamli ishlarimizning amaliy natijasi sifatida qabul qilamiz.

Ayni vaqtda xotin-qizlarimiz uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning og’irini yengil qilish, o’z bilim va professional malakasini amalda namoyon etishi uchun keng yo’l ochib berish bo’yicha hali ko’p ish qilishimiz kerak.

Ayniqsa, jondan aziz farzandlarimizni dunyoda hyech kimdan kam bo’lmaydigan insonlar qilib kamol toptirish, avvalo, qiz bolaning taqdiri haqida g’amxo’rlik qilish, uni bamisoli jamiyatimizning gulidek tarbiyalab, voyaga yetkazish, bo’lajak oilaning baxtli bekasi sifatida ko’rish vazifasi, yana va yana bir bor aytaman, barchamizning eng oliy maqsadimiz bo’lishi darkor.

Nega deganda, buning negizida xalqimiz, millatimizning hayoti, kelajagi bilan bog’liq oddiy va shu bilan birga, o’ta mas’uliyatli haqiqat mujassam bo’lib, uni hyech qachon unutmasligimizni istardim. Ya’ni, qizlarimiz timsolida biz avvalambor bo’lg’usi onalarni, ham jismoniy, ham ma’naviy sog’lom avlodni o’zimizga tasavvur qilamiz, naslimiz davomchilarini ko’ramiz. Hyech shubhasiz, qiz bola sog’lom, bilimli, zamonaviy kasb-hunar egasi bo’lsa, u quradigan oila ham, bu oilaning mevasi bo’lmish bola ham sog’lom va baxtli bo’ladi. Oila sog’lom va baxtli bo’lsa, butun jamiyat barqaror va farovon bo’ladi.

Hammamiz yaxshi tushunamizki, mamlakatimizda 2016 yilning Sog’lom ona va bola yili deb e’lon qilinishi avvalo ana shunday ezgu maqsadga xizmat qiladi. Ushbu dastur doirasida jami 7 trillion 483 milliard 300 million so’m va 194 million 400 ming dollar hajmidagi ishlarni amalga oshirish belgilanganining o’zi, o’ylaymanki, uning miqyosi va ko’lami qanday ulkan ekanidan dalolat beradi.

Dasturda belgilangan, kundalik hayotimizda eng muhim e’tibor qaratish zarur bo’lgan yo’nalishlar haqida gapirganda, birinchi navbatda, tibbiyot maskanlari, oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, akusher-ginekologlar, bolalar shifokorlarining malakasini yuksaltirish, ona va bolaning sog’lig’idan muntazam xabar olib, ularga tegishli yordam ko’rsatadigan patronaj hamshiralar sonini ko’paytirish kabi o’ta dolzarb masalalar bundan buyon ham diqqatimiz markazida bo’ladi.

Yurtimizda hukm surayotgan o’zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongi va qalbini bizga mutlaqo yot bo’lgan zararli oqim va ta’sirlardan, “ommaviy madaniyat” xurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yangi bosqichga ko’tarishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o’zi barchamizdan talab etmoqda.

Ana shunday o’tkir masalalarni yechishda men siz, muhtarama ayollarimizga, sizlarning aql-zakovatingiz, olijanob fazilatlaringizga tayanishimni, sizlarni o’zimning eng yaqin maslahatchilarim va safdoshlarim, deb bilishimni fursatdan foydalanib bugun yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman.

Aziz va qadrli opa-singillarim!

Bamisoli bahor elchisi bo’lib kelayotgan, o’zingizdek go’zal va dilbar mana shu qutlug’ ayyomda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Umringiz uzoq, iqbolingiz ziyoda bo’lsin!

Barcha ezgu orzu-niyatlaringiz amalga oshsin!

Doimo oilangiz va farzandlaringiz, elu yurtimiz ardog’ida bo’ling, azizlarim, mehribonlarim!

Islom Karimov,

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

      SOG’LOM ONA – BARKAMOL AVLOD

“Turkiston” saroyida 5 mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo’lib o’tdi

 

5 mart kuni Bosh maydonimiz har qachongidan jozibali, fayzli tus oldi. Go’zal ayyom munosabati bilan bir guruh opa-singillarimiz – xotin-qizlar tashkilotlari vakillari, iqtisodiyot, huquq, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan ayollar Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo’lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo’ydi. Bayram ishtirokchilari poytaxtimizda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Respublika ixtisoslashtirilgan suv sportini rivojlantirish markazida bo’ldi. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Davlat akademik katta teatrida "Sadoqat" spektaklini tomosha qildi. Shu kuni «Turkiston» saroyida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo’ldi. Unda turli sohalarda samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar, tabarruk onaxonlar, turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.

 

      EZGULIK VA ISTIQBOL IFODASI

«Sog’lom avlod uchun» ordeni ta’sis etilganiga 23 yil to’ldi.

Xalqimiz azaldan farzand tarbiyasiga alohida e’tibor va mas’uliyat bilan yondashib keladi. Ushbu olijanob fazilat istiqlol yillarida yuksak qadrlanib, bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar ko’lami yanada kengaydi. Sog’lom hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish jamiyatimizning muhim vazifasiga aylandi.

Bundan roppa-rosa 23 yil muqaddam, ya’ni 1993 yil 4 mart kuni Prezidentimiz Farmoni bilan ta’sis etilgan mustaqil yurtimizning ilk ordeni “Sog’lom avlod uchun” deb nomlanganida ham chuqur ma’no-mazmun mujassam.

Sog’lom avlod — mamlakatning kuch va qudrati, porloq istiqbolini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Shu bois respublikamizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yosh avlodni barkamol etib voyaga yetkazish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olingan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga izchil yo’naltirilgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi mazkur tizimda yangilanishlarni samarali amalga oshirishga mustahkam poydevor bo’ldi. Yurtimizda ko’rkam kasb-hunar kollejlari, akademik liseylar, maktablar qad rostladi. Bu boradagi chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda. Endilikda o’quvchilar darslarni zamonaviy o’quv jihozlari, kompyuterlar yordamida puxta o’zlashtirishayotir. Bu esa ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko’rsatayapti.

Farzandlarimizni ayni paytda jismonan yetuk etib tarbiyalash borasidagi ishlar ham diqqatga sazovor. Xususan, har yili respublikamiz hududlarida ko’rkam sport majmualari barpo qilinmoqda. Ularda millionlab yoshlar mashg’ulotlarda qatnashayotir.

O’z navbatida, an’anaviy tarzda o’tkazib kelinayotgan uch bosqichli musobaqalar tizimi o’g’il-qizlarimizni yangi marralar sari ruhlantirib, Vatan sha’nini xalqaro maydonlarda munosib himoyalaydigan sportchilar bo’lib yetishishlarida muhim o’rin tutayapti.

Aytish kerakki, respublikamizda olib borilayotgan barcha ezgu ishlar zamirida barkamol avlod orzusi mustahkam o’rin egallagan. 2016 yilning “Sog’lom ona va bola yili” deb e’lon qilingani ham ana shu ustuvor g’oyaga qaratilgan.

“Sog’lom avlod uchun” ordeni bilan onalik hamda bolalikni muhofaza qilish, o’sib kelayotgan yosh avlodning sog’lig’ini mustahkamlash, ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga alohida hissa qo’shayotgan, farzandlar salomatligini mustahkamlash bilan bir qatorda, ularni ma’naviy-intellektual jihatdan barkamol etib voyaga yetkazishda katta yutuqlarga erishayotgan yurtdoshlarimiz taqdirlanadi.

      TA’LIM SOHASIDAGI XALQARO HAMKORLIK RIVOJLANMOQDA

O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligida “Xalqaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishi” mavzuida onlayn-trening bo’lib o’tdi. Unda mamlakatimiz va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari vakillari, professor-o’qituvchilar, ilmiy xodimlar, talabalar ishtirok etdi.

O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vaziri o’rinbosari B.Usmonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oliy ta’lim tizimini izchil rivojlantirish, professor-o’qituvchilarning kasb darajasi va malakasini oshirish, ularni xalqaro andozalarga muvofiq qayta tayyorlash, bu borada samarali mexanizmni shakllantirish va amaliyotga tatbiq etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2015 yil 12 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada oshirishga xizmat qilayotir. Britaniya kengashining mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur onlayn-trening oliy ta’lim va undan keyingi ta’lim samaradorligini yanada yuksaltirish, oliy malakali pedagog kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlashda xorijiy mamlakatlar tajribasini o’rganishga bag’ishlandi. Mamlakatimizda bu yo’nalishda oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursi o’quv rejasining namunaviy tuzilmasi ishlab chiqilgan. Unga ko’ra, malaka oshirish jarayonida oliy ta’limning me’yoriy-huquqiy asoslari, ilg’or ta’lim texnologiyalari va pedagogik mahorat, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini ta’lim jarayonida qo’llash, xorijiy til kursi, tizimli tahlil va qarorlar qabul qilish asoslari, maxsus fanlar, pedagogik amaliyot, malakaviy attestasiya kabi yo’nalishlarga asosiy e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, zamonaviy ta’lim va innovasiya texnologiyalari, ilg’or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda oliy o’quv yurtlarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo’yicha malaka talablari, o’quv rejalari, dastur va uslublari tubdan yangilanadi.

Anjuman ishtirokchilari O’zbekistonda ta’lim tizimini isloh qilish bo’yicha uzoqni ko’zlagan dasturlar, xususan, Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan qabul qilingan “Ta’lim to’g’risida”gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi yoshlarning zamonaviy bilim olishi, yetuk mutaxassis bo’lib yetishishi, iqtidorini to’la namoyon etishi, jamiyatda o’z o’rnini topishida muhim omil bo’layotganini ta’kidladi. O’zbekiston yoshlarining jahon standartlari asosida tahsil olishi yo’lida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgani, mamlakatimizda dunyodagi ko’plab nufuzli universitetlarning filiallari tashkil etilib, muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

– O’zbekistonda ta’limning barcha bosqichini yuksak darajada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotir,– dedi Bat universiteti professori Ian Krouford (Buyuk Britaniya).– Mazkur tadbir xalqaro standartlarga mos ta’lim sifatini ta’minlash uchun oliy ta’lim muassasalarining o’quv dasturlarini modernizasiya qilish va takomillashtirish bo’yicha tajriba almashish imkonini berdi.

Anjumanda sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, zamonaviy o’quv dasturlari asosida oliy ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyatlardagi oliy o’quv yurtlari bilan xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, O’zbekiston va Buyuk Britaniya oliy ta’lim muassasalari o’rtasida hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Kadrlar tayyorlash yo’nalishida o’zaro aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, sohada tajriba va axborot almashuvini yanada faollashtirishga kelishib olindi.

      IJTIMOIY LOYIHALARGA DOIMIY KO’MAK

Milliy matbuot markazida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo’llab-quvvatlash jamoat fondi mablag’larini boshqarish bo’yicha Parlament komissiyasining 2015 yildagi faoliyati yakunlari va 2016 yilgi rejalariga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi. 2008 yildan beri faoliyat ko’rsatayotgan Jamoat fondi va komissiya har yili nodavlat notijorat tashkilotlari, media tuzilmalar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy ahamiyatga molik eng yaxshi loyihalarini hayotga tatbiq etishga ko’maklashmoqda. O’tgan yili davlat byudjetidan bu maqsadlarga 2008 yildagiga nisbatan 5 barobar ko’p mablag’ ajratilgan. 2015 yilda davlat tomonidan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiya shaklida moliyalashtirishga 10 milliard so’m mablag’ yo’naltirilgan.

Grant uchun mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti, ommaviy axborot vositasi va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari 1200 dan ortiq loyiha taqdim etgan. Qoraqalpog’iston Respublikasi, Farg’ona viloyati, Toshkent shahri eng ko’p loyiha bilan qatnashgan. Loyihalar doirasida nuroniylarni e’zozlash, sog’lom va barkamol avlodni tarbiyalash, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, hududlar rivojiga doir ko’plab ishlar amalga oshirilgan.

2016 yilda NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini moliyalashtirishga davlat byudjetidan 11 milliard so’m mablag’ ajratildi. «Sog’lom ona va bola yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga NNTlarni keng jalb etish, qonunchilikni mustahkamlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ijrosining ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritilishi, barkamol avlodni voyaga yetkazish, tabiat muhofazasiga oid tanlovlar jamoat tashkilotlari faolligini oshirishga xizmat qiladi.

 

      GRANT SHARTNOMALARI IMZOLANDI

Toshkentdagi O’zbekiston – Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazida 1 mart kuni Yaponiya hukumatining kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg’araz yordam dasturi doirasida grant shartnomalari imzolandi. O’zbekiston bilan Yaponiya o’rtasidagi munosabatlar ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar kabi ko’plab sohalar qatori moliyaviy-texnikaviy yo’nalishda ham izchil rivojlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari chog’ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo’lib xizmat qiladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yil fevral oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi, Yaponiya Bosh vaziri Shindzo Abening 2015 yil oktyabr oyida mamlakatimizga rasmiy tashrifi o’zaro munosabatlarga yangi sur’at baxsh etdi.

Yaponiya O’zbekistonning strategik hamkorlaridan. Mamlakatlarimiz o’rtasidagi o’zaro munosabatlar Do’stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to’g’risidagi qo’shma bayonot hamda O’zbekiston va Yaponiya o’rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirish to’g’risidagi qo’shma bayonot asosida izchil rivojlanmoqda. Yaponiya hukumati mamlakatimizda 1995 yildan buyon ta’lim, sog’liqni saqlash, qishloq xo’jaligi va boshqa sohalarni qamrab olgan kichik hajmdagi ijtimoiy loyihalarga beg’araz yordam dasturini amalga oshirib kelmoqda. O’tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida umumiy qiymati 23 million 380 ming AQSh dollaridan ortiq 352 loyiha hayotga tatbiq etildi. Navbatdagi grant shartnomalari umumiy qiymati 566 ming dollardan ziyod 11 loyihadan iborat. Unga ko’ra, mamlakatimizdagi bir qator ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ko’zda tutilgan.

 

      PENSIONERLAR UYUSHMASI TUZILDI

Milliy matbuot markazida yangi tashkil etilgan O’zbekiston Pensionerlar uyushmasining maqsad va vazifalariga bag’ishlangan matbuot anjumani o’tkazildi. 2016 yil 26 fevralda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yangi uyushmani davlat ro’yxatidan o’tkazgan. Bu Prezidentimiz rahnamoligida faxriylarni e’zozlash, ularga har tomonlama qulay sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir ifodasidir. Katta hayot tajribasiga ega faxriylarimiz bosib o’tgan yo’l yoshlar uchun ibrat maktabidir. Ayniqsa, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bunyodkorlik va obodonchilik ishlari jarayonida, yoshlar tarbiyasida ularning maslahatlari, yo’l-yo’riqlariga hamisha ehtiyoj seziladi. Pensionerlar uyushmasi keksa avlodning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy huquq va manfaatlarini himoya qilish, mahallalar, har bir oilada tinchlik-totuvlik, osoyishtalik, sog’lom muhitning barqaror bo’lishini ta’minlash, yordamga muhtoj keksalarga ijtimoiy ko’maklashish, pensionerlarning sog’lig’ini tiklashi uchun davolanishi, mazmunli dam olishini tashkil etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qo’shishni o’z oldiga vazifa qilib qo’ygan.

 

      II. JAHON MIQYOSIDAGI IQTISODIY, IJTIMOIY-SIYOSIY VOQYEALARGA DOIR MA’LUMOTLAR

 

      MAMLAKATIMIZ MOBIL ILOVALARI ISTIQBOLI

Ispaniyaning Barselona shahrida Jahon mobil aloqa kongressi doirasida o’tkazilgan “Global Mobile Challenge” tanlovi finalida O’zbekiston jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan «Stolik» mobil ilovasi mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi va joriy yilning eng yaxshi mobil ilovalari ro’yxatiga kiritildi. Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida bo’lib o’tgan matbuot anjumanida shu haqda so’z yuritildi. Unda O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari, mobil operatorlar, mobil ilova yaratuvchilar va jurnalistlar ishtirok etdi. Tadbirda yangi innovasion g’oyalarsiz axborot texnologiyalarini yanada rivojlantirish va keng joriy etib bo’lmasligi ta’kidlandi. Ko’pincha yangi tashkil etilgan kompaniyalar innovasion g’oyalarga mualliflik qiladi. Mavjud mahsulotlardan muvaffaqiyatli foydalanadigan yirik korporasiyalar yangi innovasion g’oya va mahsulotlar yaratish bilan deyarli shug’ullanmaydi. Yangi tashkil etilgan korxonalar – «start-ap»lar faoliyati aynan innovasion g’oya va mahsulotlar ishlab chiqishga qaratiladi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2012 yil 21 martdagi «Zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjat axborot texnologiyalari loyihalarini amalga oshirish, yosh dasturchi va mobil ilova yaratuvchilar o’z g’oya hamda xizmatlarini muvaffaqiyatli taqdim etishiga mustahkam asos bo’lib xizmat qilmoqda. Matbuot anjumanida jamiyat hayotining turli sohalariga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish istiqbollari, yosh dasturchilar va mobil ilova yaratuvchilarni qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasidagi eng yaxshi innovasion loyihalarni aniqlashga qaratilgan turli tanlovlar o’tkazishga doir masalalar muhokama qilindi.

 

      SHHT RIVOJLANISHIDA O’ZBEKISTON MUHIM O’RIN TUTADI

Hozirgi paytda O’zbekiston Respublikasi 2001 yil 15 iyunda Xitoyning Shanxay shahrida tuzilgan xalqaro tizimga - Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (ShHT) raislik qilmoqda. Ushbu nufuzli tashkilotga mamlakatimizning raislik qilayotgani jahon ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida turibdi. Masalan, yaqinda Xitoyda nashr etiladigan «Dunfan Szabao» (“Sharq tongi”) gazetasida ushbu mavzuga bag’ishlangan salmoqli maqola bosilib chiqdi. Unda muallifning – gazeta xalqaro yangiliklar departamenti direktori Vey Sinning qayd etishicha, O’zbekistonning tinchliksevar siyosati hamda mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo’yicha izchil sa’y-harakatlari tufayli mamlakatning xalqaro obro’-e’tibori yil sayin ortib bormoqda. Respublika nufuzli xalqaro tizimlar, shu jumladan, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda. Maqolada ShHT tashkil topishi va rivojlanishida O’zbekiston tutgan o’ringa yuqori baho berilgan. Ma’lum qilinganidek, ushbu tizimning asoschi mamlakatlaridan biri hisoblanadigan mamlakatimiz hozirgi paytga qadar tashkilotga ikki marotaba - 2003-2004 va 2009-2010 yillari raislik qilgan. Jurnalist ta’kidlaganidek, aynan O’zbekiston tashabbusi bilan ShHT faoliyatini takomillashtirish, turli yo’nalishlardagi o’zaro hamkorlikni yanada kengaytirish to’g’risidagi ko’pgina muhim hujjat va qarorlar qabul qilingan. “O’zbekiston raisligi davrida - 2010 yilning aprelida muhim tarixiy voqyea ro’y berdi: BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning Toshkentga buyurgan tashrifi chog’ida BMT va ShHT kotibiyatlari o’rtasida Hamkorlik to’g’risidagi Qo’shma deklarasiya imzolandi. Bu qaror dolzarb masalalarning hal etilishida birgalikdagi sa’y-harakatlar uchun mustahkam zamin yaratgani holda ikki tashkilotning rasmiy hamkorligini boshlab berdi”, deb yozadi Vey Sin.

Xitoylik sharhlovchi qayd etganidek, 2015 yil 11 iyul kuni  ShHT raisligi navbati yana O’zbekiston Respublikasiga o’tdi. Tashkil topganining 15 yilligi nishonlanadigan joriy yilda mazkur tashkilot o’z faoliyatida istiqbol uchun ko’zda tutgan rejalarini muvaffaqiyat bilan amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatni yanada oshiradi. “O’zbekiston amaldagi an’analarga ko’ra, tashkilotga a’zo davlatlarning konstruktiv hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish bo’yicha manfaatlariga javob beradigan, xalqaro maydonda ShHT nufuzi og’ishmay o’sishining ta’minlanishi  tamoyillariga qat’iy amal qilmoqda. Mamlakat xalqaro aloqalarni rivojlantirish bo’yicha tashabbuslarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ShHT Xartiyasida o’z ifodasini topgan maqsadlar, vazifalar va tamoyillarga muvofiq, me’yoriy-huquqiy zaminni mustahkamlash yo’li bilan mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga ko’maklashmoqda”, deb ta’kidlaydi nashr.

Vey Sin tashkilotga O’zbekiston raisligi doirasida Toshkentda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining Kengashi yig’ilishi va boshqa tadbirlar o’tkazilajagi xususida to’xtalar ekan, ularning yakuni bo’yicha qabul qilinadigan hujjatlar va qarorlar ShHT kelajagini belgilab berishi yuzasidan komil ishonch bildiradi.

 

      XITOY KEYINGI BESH YIL ICHIDA GENDER NOMUTANOSIBLIKNI KAMAYTIRISHNI MO’LJALLAMOQDA

2020 yilga kelib Xitoy aholisi 1,42 mlrd kishiga yetadi. Bu haqida 2016 yildan 2020 yilgacha mamlakatni rivojlantirishning yangi besh yilligi doirasida taqdim etilgan. XXR milliy statistika byurosi ma’lumotiga ko’ra, 2015 yilning oxirida mamlakat aholisi 1,37462 mlrd kishini tashkil etgan. Rejada hukumat har bir oilaga ikki nafardan farzand ko’rish chora-tadbirini hayotga to’la tatbiq etishni hamda gender nomutanosiblikni kamaytirishni mo’ljallamoqda.

 

      RAKETA-YO’LDOSHNING BIRINCHI BOSQICHI

“Raketa barjaga juda qattiq qo’ndi. Bu urinishimiz ish berishini kutmagandim. Raketa o’ta yuqori haroratda Yer atmosferasiga qaytib kira oldi”,-deb e’lon qildi kompaniya rahbari Ilon Mask. Kompaniya rahbari keyingi uchish amaliyotlarida sun’iy yo’ldosh muvaffaqiyatliroq qo’nishiga umid qilishini ham bildirdi.

 

      OBAMA VA AFG’ONISTON PREZIDENTI MUHOKAMASI

AQSh prezidenti Barak Obama Afg’oniston prezidenti Ashraf G’aniy bilan videokonferens aloqa vaqtida Afg’oniston prezidentining mintaqadagi hamkorlikni kuchaytirishda qo’shni davlatlar bilan ishdagi va "Tolibon" bilan bog’liq vaziyatni tartibga solishdagi rolini qayd qilib o’tdi. Obama "AQSh zo’ravonlik darajasini pasaytiradigan hamda Afg’oniston va mintaqada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydigan tinchlik jarayonini qo’llab-quvvatlashini" ta’kidlab o’tdi.

 

      XALQARO VALYUTA JAMG’ARMASI YUANNI XALQARO ZAXIRA VALYUTASI DEB RASMAN TAN OLDI

Xalqaro valyuta jamg’armasi Xitoy valyutasi – yuanni xalqaro zaxira valyutasi deb rasman tan oldi. Yuan 2016 yilning 3-choragidan hisobotlarda paydo bo’ladi, deb aytilmoqda. 2015 yil oxirida XVJ yuanni zaxira valyutalari qatoriga kiritgandi. XVJ zaxira valyutalari qatoriga, shuningdek, AQSh dollari, yevro, yapon iyenasi va britan funt sterlingi ham kiradi.

 

      ROSSIYA VA XITOY OSIYODA QUROL-YAROG’ POYGASIGA YO’L QO’YIB BO’LMASLIGINI TA’KIDLAMOQDA

Rossiya va Xitoy vakillari Shimoli-sharqiy Osiyoda qurol-yarog’ poygasiga yo’l qo’yib bo’lmasligi haqidagi fikrga kelishdi, deb aytilmoqda Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida. "Mintaqada qarama-qarshilikka borish va qurol-yarog’ poygasini avj oldirishga yo’l qo’yib bo’lmasligiga e’tibor qaratildi. Vujudga kelayotgan xavf va tahdidlarga Shimoli-sharqiy Osiyodagi xavfsizlikning samarali mexanizmlarini shakllantirish va ishonchni mustahkamlash orqali oqilona javob berish zarurligi ta’kidlab o’tildi", deyilmoqda xabarda. Tomonlar Shimoliy Koreya tomonidan o’tkazilgan yadroviy sinovlar ortida mintaqada xavfsizlik sohasidagi vaziyatning rivojlanishi borasida fikr almashishdi.

 

      ROSSIYA, FRANSIYA, BUYUK BRITANIYA, GERMANIYA VA ITALIYA SURIYADAGI MUAMMOLARNI BIRGA BARTARAF ETADI

Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Italiya davlat rahbarlari telefondagi muloqot orqali Suriyadagi muammolarni birgalikda muhokama qilishdi. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan qo’llab-quvvatlangan Rossiya-AQSh kelishuvlariga yuqori baho berildi. Jangovar harakatlarni to’xtatish tartibiga amal qilish o’zining birinchi natijalarini bermoqda va Suriyada mamlakat bo’ylab BMT shiori ostida siyosiy muloqotning tiklanishi ham boshlangani kuzatilmoqda”,- deyiladi xabarda. Bundan tashqari, yetakchilar tartibga solish xaritasini ham qo’llab-quvvatlashdi. Suriya hukumatining parlament saylovlarini o’tkazish bo’yicha qarori tinchlik o’rnatishdagi jarayonlarga xalaqit bermaydi. Shuningdek, tomonlar gumanitar hodisalar bo’yicha harakatlarni kuchaytirishga kelishib olishdi. “Ular mavjud bo’lgan muhim gumanitar muammolarni hal etish uchun hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni tezlashtirishga tayyor ekanligini bildirishdi”,- deyiladi bayonotda.

 

      DANIYA ISHIDGA QARSHI

Daniya Iroq va Suriyaga IShID terrorchilik guruhi bilan kurashda o’z hissasini qo’shadigan 400 harbiyni yuborishga tayyorligini bildirdi. 4 martda Daniya hukumati rahbari Lars Lekke Rasmussen devonxonasi tomonidan tarqatilgan rasmiy bayonotda gap F-16 va transport samolyotlari uchuvchilari, xizmat ko’rsatuvchi xodimlar va maxsus bo’linmalar jangchilari haqida. Hukumatning taklifi ko’pchilik parlament partiyalari tomonidan tashqi siyosat bo’yicha parlament qo’mitasining yig’ilishida ma’qukllandi. Bunda bir qator muhim masalalar, jumladan Daniya kuchlari aynan qaysi davlatda qo’llanishini hali hal qilish kerak bo’ladi.

 

      SURIYADA AQSH NAZORATIDAGI IKKINCHI AVIABAZA

AQSh Suriyaning kurdlar nazorat qiluvchi qismida aviabaza qurishni o’z yakuniga yetkazdi va ham fuqarolik, ham harbiy vazifalarni amalga oshiruvchi ikkinchi harbiy bazani qurishni boshlab yubordi. Al Xasaka viloyatining Rmeylan shahridagi uchish-qo’nish yo’lagi qurilishi nihoyaisga yetgan. Shu bois Turkiya bilan chegaradan janubi-sharqda joylashgan Kobani shahri hududida yangi aviabaza qurish boshlandi. Mazkur obyektning qurilishiga amerikalik o’nlab mutaxassis va texnikalar jalb etilgan. Suriyalik kurdlar bergan ma’lumotlarga ko’ra, Rmeylandagi uchish-qo’nish yo’lagidan vertolyotlar xizmat ko’rsatishi uchun foydalaniladi. Ular minataqadagi harbiy operasiyalarga zarur bo’ladigan texnik materiallar tashish bilan shug’ullanadi. Ma’lumot uchun, AQSh 2015 yilda IShID terrorchilik guruhiga qarshi kurashda o’nlab o’z mutaxassislarini Suriya shimoliga jo’natgan edi. Shuningdek, amerikaliklar o’zlarining mahalliy hamkorlarini qurol-yarog’ ta’minoti va havo himoyasi bilan ta’minlab turadi.

 

      XITOYDA PORNOGRAFIK MATERIALLAR TARQATGAN SAYTLAP YOPILDI

Xitoy hukumati pornografik yoki axloqsiz audio va videomateriallar tarqatishda fosh qilingan 15 mln publikasiyani o’chirib tashladi va 28 mingta internet saytni yopib qo’ydi. Bu haqda Xitoy pornografik va noqonuniy publikasiyani nazorat qilish milliy xizmati matbuot bayonotida aytilgan. "Pornografik va noqonuniy publikasiyaga qarshi kurash butun 2016 yil davom etadi. Tekshiruvlarning bir qismi ta’lim muassasalari yaqinidagi do’konlarda komiks ko’rinishida pornografik mahsulotlarni sotishning oldini olish maqsadida o’tkaziladi", deyilmoqda hujjatda. Milliy xizmat xodimlarining ta’kidlashicha, oxirgi vaqtda onlay-o’yinlar ko’rinishida pornografiya tarqatilishi holatlari ko’paygan. Jinoyatchilar axloqsiz kontentni joylashtirishda bulutli kontentlardan ko’proq foydalana boshlamoqdalar, bu uzoqlashgan serverda istalgan formatdagi fayllarni, jumladan musiqa, fotosurat va filmlarni saqlashga imkon beradi.

 

      JANUBIY AFRIKA DAVLATLARINING 16 MLN AHOLISIGA OCHARCHILIK XAVF SOLMOQDA

Janubiy Afrika davlatlarining 16 mln aholisiga ocharchilik xavf solmoqda, deb ma’lum qildi 4 martda BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi. Tashkilotning JARda tarqatilgan hisobotida ocharchilikka mintaqada uzoq davom etayotgan qurg’oqchilik va El-Nino tabiiy hodisasi oqibatlarining kuchli ta’siri sabab ekanligi  ko’rsatilgan. "El-Ninoning ta’siri shunchalik kattalashmoqdaki, bu mintadaqa favqulodda vaziyatni yaratish bilan tahdid qilmoqda. U bilan kurashish uchun ko’plab davlatlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari talab qilinadi", deyilmoqda hisobotda. Joriy yilning yanvarida Butunjahon oziq-ovqat dasturi Janubiy Afrikada ocharchilik xavf solayotgan odamlar sonini 14 mln kishi deb baholagandi. O’shanda tashkilot bu yili noqulay ob-havo sharoiti tufayli ekin ekish uchun qulay vaqt deyarli boy berilganidan ogohlantirgandi. O’tgan yili yetarlicha yog’ingarchilik bo’lmaganidan eng ko’p miqdorda Malavi (bu yerda ocharchilik 2,8 mln kishiga xavf solmoqda), Madagaskar (1,9 mln kishi), Zimbabve (1,5 mle kishi) aziyat chekkan. Lesotoda esa hukumat dekabrda qurg’oqchilik tufayli favqulodda vaziyat e’lon qilgan. Bu davlatda aholining uchdan bir qismi, ya’ni 650 ming kishi oziq-ovqat yetishmovchiligini boshdan kechirmoqda. Shuningdek, Angola, Mozambik va Svazilenddagi vaziyat ham xavotir uyg’otmoqda.

 

      III. MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETIDA

 

      ULUG’BEK IZDOSHLARINING OLTINLARI

Olis Kipr davlatidan xushxabar keldi: O’zMU talabalari xalqaro olimpiada g’olibi bo’ldilar, 2 ta oltin medal qo’lga kiritildi!

Bu yilgi bahor nainki ona yurtimizga, balki butun kurrai zaminga o’zgacha tarovat olib keldi. Betakror tarovat ila o’ziga xos fayz-baraka kelayotganini har lahzada his etib turibmiz. Bahor faqat dehqonchilikka, ona tabiatgagina emas, shu bilan bir qatorda turli sohalarga, ilm-fanimizga ham fayz kiritayotgandek. Buni shu yil 1-6 mart kunlari Protaras shahrida dunyodagi qator mamlakatlarning universitetlari talabalari o’rtasida matematika fani bo’yicha o’tkazilgan 10-xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasi misolida ham ko’rish mumkin. Ushbu nufuzli xalqaro olimpiadada Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi g’oliblik shohsupasidan munosib o’rin egalladilar!

Mazkur xalqaro olimpiadada 20 dan ortiq mamlakatning 43 ta universiteti jamoalaridan 150 dan ortiq eng iqtidorli talabalar ishtirok etdilar. Murosasiz o’tgan bellashuvlar aslida bugungi dunyo yoshlarining ilmga qanchalik intilishidan darak berardi. Musobaqa shartlariga ko’ra yosh matematiklarga bir kun davomida 4 tadan masalani yechish talab etildi. Masalalar algebra va sonlar nazariyasi, geometriya, matematik analiz va kombinatorika kabi murakkab yechimlarni talab qilardi.

Yurtimiz sharafi qalblariga g’urur baxsh etgan universitetimizning Mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimov o’sha masalalarni yechishda o’zlariga xos usulni tanladilar. E’tiborli jihati shundaki, ularning usullari turlicha bo’lib, standartdan, ya’ni an’anaviy yechimlardan ancha farq qilardi! O’zbek talabalarining bu yangi usullariga Hay’at a’zolari va boshqa ekspertlar tan berdilar!

Aytish joizki, Yevropa, Kipr, Bolgariya, Ruminiya matematika jamiyatlari tomonidan tashkil etilayotgan matematika fani bo’yicha 10-Xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasida O’zbekiston Milliy universiteti jamoasi birinchi marta ishtirok etayotganlariga qaramay shunday natijalarga erishayotganlari tahsinga loyiqdir.

Xalqaro olimpiada natijalariga ko’ra Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimov bittadan oltin medalni qo’lga kiritgan bo’lsalar, yana bir talabamiz Mirmuhsin Mahmudov maxsus diplom bilan taqdirlandi.

Eng quvonchlisi shundaki, xalqaro olimpiada g’olibi degan sharafli nomga musharraf bo’lgan iqtidorli talabalarimiz Kipr universiteti (“University of Cyprus”)ga imtiyozli ravishda grant asosida magistraturaga qabul qilindilar!

– Dunyoga dovrug’i doston buyuk alloma Mirzo Ulug’bek bobomizning tabarruk nomi bilan atalayotgan Milliy universitetimizda allaqachon matematika ilmiy maktabi yaratilganini ortiqcha izohlashga hojat bo’lmasa kerak,– deydi xalqaro olimpiada g’olibi bo’lgan talabalar ilmiy rahbari Davlatboy Jumaboyev.– O’tgan asrda bu maktabga Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sag’di Sirojiddinov kabi akademiklar asos solgan bo’lsalar, yangi asrimizni ularning ishlarini kimlar davom ettirishlari bugun kundek ravshan bo’lib qolayotgani barchamizga cheksiz faxr-iftixor baxsh etmoqda.

– Milliy universitetimizda so’nggi yillarda amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, ta’lim va o’quv jarayonlaridagi islohotlar talabalarimizning yanada puxta bilim egallashlariga, intellektual salohiyatlari oshishiga xizmat qilmoqda,– deydi g’olib talabalarning yana bir ilmiy rahbari Karim Rahimov.– Anjuman doirasida qator rivojlangan davlatlar universitetlari professor-o’qituvchilari bilan o’zaro suhbatda bo’lib, ta’lim tizimi yuzasidan o’zaro fikr ham almashdik. Kelgusida o’sha universitetlar bilan xalqaro aloqalar, ilmiy hamkorliklar hamda talabalar almashinuvini yo’lga qo’yishga harakat qilamiz.

Oqqan daryo oqaveradi, gul ungan joyda turfa gullar unaveradi, deganlaridek, azaldan ilm-ma’rifat bo’stoni sifatida nom qozongan Milliy universitetimizda buyuk ajdodlarga mana shunday munosib vorislar yetishib chiqaveradilar. Bugungi Ulug’bek izdoshlarining shoda-shoda oltin medallari esa universitetimizning 100 yillik to’yiga munosib tuhfadir!

 

Materiallar O’zMU Axborot xizmati tomonidan tayyorlandi.

Unda respublika OAV xabarlaridan foydalanildi.