O'zMU » Astronomiya kafedrasi
 

Markaziy Osiyoda yagona «Astronomiya» ta`lim yo`nalishi fizika fakultetida 1981 yili ochilib, bunda o`quv jarayonini tashkil etish hamda kafedra tashkil etish mas`uliyati O`zR FA vitse-prezidenti, akademik S.X. Sirojiddinovning taklifi bilan o`sha vaqtda Astronomiya institutining katta ilmiy xodimi S.N.Nuritdinovga yuklatiladi. Dastlabki yillardanoq o`quv jarayoniga Sankt-Peterburg (S-P.DU) va Moskva davlat universitet (MDU) larida qo`llanilayotgan “Astronomiya – astrofizika” o`quv rejasi joriy qilina boshlandi. Talabalarga O`zRFA Astronomiya instituti, MDU va S- P.DU yetuk professor-o`qituvchilari va ilmiy xodimlari soatbay asosida ma`ruzalar o`qiy boshlashdi. O`qituvchilar shtati asta oshib borib, Astronomiya kafedrasi 1987 yili rasmiy tashkil qilindi.


Kafedra ravnaqiga hissa qo`shgan olimlar
Nunitdinov Saloxutdin Nasritdinovich

Nunitdinov Saloxutdin Nasritdinovich - 1948 yili Toshkent shahrida tug`ilgan. U 1970 yili Sankt-Peterburg davlat universitetini tamomlagan. 1972-1975 yy. Sankt-Peterburg davlat universiteti aspiranti. 1975-1981 yy. O`zR FA Astronomiya instituti ilmiy xodimi. 1981-1987 yy. ToshDU fizika fakultetining Astronomiya bo`limi rahbari, dotsenti. 1987-1993 yy. Toshkent davlat universiteti Astronomiya kafedrasi mudiri, 1993-1996 yy. ToshDU qoshidagi Oliy pedagogika instituti direktori o`rinbosari. 1996-2007 yy. O`zMU Astronomiya kafedrasi mudiri va 1996 yildan O`zR FA Astronomiya institutining Galaktik astronomiya va kosmogoniya bo`limi mudiri sifatida ishlab kelmoqda. S.N.Nuritdinovning xalqaro miqyosdagi ilmiy natijalari, noyob kashfiyotlari va olib borayotgan ilmiy izlanishlari galaktikalar va ularning katta ko`lamdagi tuzilmalarining modellarini tuzish orqali ularning vujudga kelishining nazariy mezonlari va nochiziqli evolyutsiyasi fizikasini yaratishga qaratilgan. Uning muallifligida 300 dan ortiq maqolalar chet el va respublikaning nufuzli jurnallarida chop etilgan. S.N. Nuritdinov 1993 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Uning rahbarligida 1 ta doktorlik va 10 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. 2001 yildan boshlab O`zMU qoshidagi K.067.02.14 raqamli Astrofizika, radioastronomiya (01.03.02) mutaxassisligi bo`yicha Ixtisoslashgan kengashning raisi. Astronomiya kafedrasida prof. S.N. Nuritdinov rahbarligi ostida ko`plab ilmiy grantlar va xo`jalik shartnomalari bajarilib kelinyapti.
Hozirgi kunda Astronomiya kafedrasiga professor S.N.Nuritdinovning shogirdlaridan biri dotsent K.T. Mirtadjieva rahbarlik qilmoqda.



Mirtadjieva Karamat Taxirovna

Mirtadjieva Karamat Taxirovna - 1959 yili Toshkent viloyatida tug`ilgan. U 1982 yili Nazariy fizika kafedrasini tamomlagach fakultetda ishga olib qolindi. 1996-2004 yy. O`zR FA Astronomiya institutining katta va yetakchi ilmiy xodimi, 2004-2007 yy. O`zMU Astronomiya kafedrasi dotsenti va 2007 yildan boshlab kafedra mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Nomzodlik dissertatsiyasini 2002 yili himoya qilgan. Hozirgi kunda K.T. Mirtadjieva galaktikalar va ular podsistemalarining yuzaga kelishi hamda rivojlanish evolyutsiyasi muammolari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. 2004 yildan boshlab K.067.02.14 raqamli Astrofizika, radioastronomiya (01.03.02) mutaxassisligi bo`yicha Ixtisoslashgan kengashning ilmiy kotibi. Turli qizil siljishga ega bo`lgan galaktikalardagi katta masshtabli tuzilmalar tabiati mavzusidagi ilmiy grantning rahbari.
Prof. S.N. Nuritdinov Astronomiya kafedrasini barpo etish bo`yicha o`ziga topshirilgan vazifa mas`uliyati va mohiyatini boshidanoq teran anglagan holda o`z atrofiga yosh izdoshlarni to`plagan, shu maqsadda fizika fakultetining bir qator iqtidorli talabalarini Rossiya universitetlarining astronomiya bo`limlariga o`qishga yuborgan. Masalan, o`sha yillari A.Yo. Ashurov, M. Qurbonov va F.T. Shamsievlar Sankt-Peterburg davlat universitetida tahsil olib kafedraga qaytdilar.
Kafedrada astronomiya yo`nalishi doirasida bakalaviaturadan tashqari aspirantura va 2 ta mutaxassislik (Astrofizika, radioastronomiya, Quyosh tizimi fizikasi va geliofizika) bo`yicha magistratura mavjud.


Kafedra faoliyati

Astronomiya kafedrasi shu kunga qadar 400 dan ortiq yuqori malakali kadrlarni tayyorlab chiqardi. Ular O`zR FA Astronomiya instituti va uning filiallarida, O`zR FAning qator boshqa ilmiy tekshirish institutlarida, MDH va xorijiy davlatlarning ilmiy tadqiqot institutlari hamda universitetlarida ishlamoqdalar. Xususan, fan nomzodlari I.I. Kirbijekova Rossiyaning Sibiridagi Ilmiy Markazda, A. Vohidov Germaniyaning Drezden universitetida, V. Ignatova Moskva Davlat universitetining Shternberg nomli Astronomiya institutida, I. Hamitov Turkiya baland-tog` astrofizik observatoriyasida, R. Egamberdieva Frantsiyaning Parij universitetida, O. Burtseva AQSh Milliy Quyosh observatoriyasida, T. Sadibekova Belgiya Milliy Universitetida, S. Melnikov Germaniyaning Tautenburg Astrofizik Institutida, A. Ashurov Boyqo`ng`ir kosmodromidagi Ilmiy markazda va S. Artyumenko Qrim Astrofizik observatoriyasida o`z ilmiy faoliyatlarini olib bormoqdalar. Bundan tashqari, 1991 yildan boshlab Respublikamizda O`zbekkosmos agentligi va uning tarmoqlari ochilishi munosabati bilan ayrim talabalar ushbu agentlikka ham ishga yuborila boshlandi.
Kafedra ochilgandan boshlab uning ilmiy yo`nalishlari zamonaviy astrofizikaning muammolaridan bo`lgan galaktikalar va uning noyob ob`ektlari fizikasiga oid nazariy masalalar bilan bog`liq bo`lgan. Yillar o`tishi bilan kafedraning ilmiy yo`nalishlari kuzatuv astrofizikasi tomon ham ancha kengaydi. Yangi ilmiy yo`nalishlar sifatida nisbiylik nazariyasi effektiga taalluqli gravitatsion linzalarni kuzatish va manba sifatida kvazarlar tabiatini tadqiq qilish hamda zich qo`shaloq yulduzlarni o`rganish, qo`shaloq va karrali tarqoq yulduz to`dalarini kashf qilish, galaktikalarni o`rab turuvchi millionlab yulduzlardan iborat sharsimon to`dalar sistemalarini tadqiq qilish kabi o`ta zamonaviy va dolzarb muammolar bo`yicha izlanishlar olib borilmoqda.
Shu kunga qadar kafedra professor-o`qituvchilari tomonidan qo`lga kiritilgan eng muhim ilmiy natijalar sifatida quyidagilarni ko`rsatish mumkin:
- birinchi bor elliptik va disksimon yosh galaktikalar evolyutsiyasining boshlang`ich bosqichi uchun nochiziqli nostatsionar modellar tuzilib, ularning gravitatsion barqarorlik mexanizmlari o`rganildi. Olingan natijalar tahlili asosida Ye-elliptik va SB ulagichli spiral galaktikalarning tug`ilish mexanizmi va fizik mezonlari aniqlandi. Bundan tashqari, tuzilgan nochiziqli modellarda gravitatsion beqarorlik masalasini o`rganish asosida galaktikalarning turli katta masshtabli strukturalarining, xususan, galaktikalarning yadro qismi, xalqasimon strukturasi, ulagich ko`rinishdagi strukturalarining yuzaga kelish fizik mezonlari topildi;
- kollapslanuvchi galaktikalarda fazaviy qorishish jarayoni uchun algoritmlar tuzilib, ular asosida bu jarayonning fizikasi o`rganildi, xususan, nostatsionar yulduzlar sistemasida fazaviy qorishishning xarakterli vaqti evolyutsiyaning turli bosqichlariga to`g`ri keluvchi sistema fizik parametrlariga mos holda baholandi;
- yulduzlarning sharsimon to`dalari va galaktikalarning sferik to`dalari uchun tezliklar diagrammasini xarakterlovchi anizotropiya parametri kuzatuvdan olingan zichlik funktsiyasi yordamida aniqlandi;
- Galaktikamiz diskidagi asimmetrik egrilanishlar undagi pulsatsiyalanuvchi yulduzlar - sefeidalar va tarqoq yulduz to`dalari taqsimotlarining tahlili asosida o`rganilib, bu egrilanishlarning vujudga kelish nazariyasi ishlab chiqildi. Bundan tashqari, ko`pgina spiral galaktikalarning disk qismida kuzatiladigan pretsession, minorsimon va yuqoridagidek, asimmetrik egrilanish holatlarining yuzaga kelish sabablarini o`rganish maqsadida disksimon nochiziqli modellar tuzilib, ularda vertikal tebranish modalari beqarorligi tadqiq asosida ularning yuzaga kelish mezonlari topildi;
- birinchi bor Somon Yo`lida yulduzlarning tarqoq to`dalaridan iborat karrali sistemalar izlanib, uning yangi turdagi astrofizik ob`ektlari kashf qilindi. Qo`shaloqlik va karralik mezonlari nazariy ishlab chiqilib, ular qator ob`ektlar uchun qo`llanildi;
- ilk bor galaktikalar atrofidagi yulduzlarning sharsimon to`dalari sistemalarining katalogi tuzildi. Qator sferik sistemalar, ya`ni galaktikalar to`dalari, yulduzlarning sharsimon to`dalari va ularning sistemalari uchun anizotropiya parametri qiymatlari hisoblanib, olingan natijalar tahlili asosida galaktikalar va ularning katta masshtabdagi strukturalarining vujudga kelishi nazariyasi hamda fizikasi muammolari o`rganildi;
- UM673, SBS0909, SBS1520, Q2237, PG1115, B1422, H1413 va boshqa gravitatsion linzalanuvchi sistemalar (GLS) bo`yicha V, R va I filtrlarda kuzatuv ma`lumotlari banki yaratildi va ular tadqiq qilindi. Olingan kuzatuv ma`lumotlari asosida GLS tasvirlarining ko`p rangli fotometrik tahlili olib borildi va ularga mos holda ravshanlik egri chiziqlari qo`lga kiritildi. GLS tasvirlarining fotometrik tahlilini amalga oshirishning yangi usullari ishlab chiqildi. Barcha kuzatilgan GLSlarda manba-kvazarning o`zgaruvchanligi topildi. Qator GLSlar uchun birinchi bor kechikish vaqti qiymati topildi. Q2237 va SBS09090 GLSlarda mikrolinzalanish hodisasi aniqlandi.
So`nggi 5 yilda kafedra jamoasi 300 dan ortiq ilmiy maqola va tezislarni chet el va respublikaning nufuzli jurnallari hamda konferentsiya to`plamlarida bosib chiqargan.
Prof. S.N. Nuritdinov rahbarligida qator xalqaro va respublika ilmiy konferentsiyalari tashkil etilgan, xususan, 1989 yili Astrofizikaning zamonaviy muammolari, 1997 yili Astrofizika va amaliy astronomiya, 2004 yilda Ulug`bek ilmlari va 2008 yili Gravitatsion linzalar va shakllanayotgan galaktikalar: kuzatuv va nazariya mavzulari ostida uyushtirilgan anjumanlar o`tkazildi.



Ixtisoslashgan kengash nomzodlik himoyasini o`tkazyapti

2001 yildan boshlab kafedra qoshida prof. S.N. Nuritdinov rahbarligida tashkil qilingan 01.03.02 - Astrofizika, radioastronomiya mutaxassisligi bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasining nomzodlik dissertatsiyalari himoyasi bo`yicha Ixtisoslashgan Kengash faoliyat yuritib kelmoqda.
Oxirgi yillarda kafedra xodimlaridan 12 tasi nomzodlik dissertatsiyasini va 3 tasi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildilar.
Kafedrada shu kungacha 10 dan ortiq ilmiy grantlar qo`lga kiritilgan. Bundan tashqari kafedra a`zolari tomonidan DFG (Germaniya) va STCU (Ukraina) xalqaro grantlari qo`lga kiritilgan va ular muvaffaqiyatli yakunlangan.
Kafedrada 5440300 Astronomiya ta`lim yo`nalishi bo`yicha o`quv jarayoni yo`lga qo`yilgan bo`lib, ushbu yo`nalishning o`quv rejasi o`z tarkibiga astronomiya va astrofizikaning qator umumiy va ixtisoslik fanlarini qamrab olgan, xususan, Umumiy astronomiya, Astrometriya asoslari va kosmik dasturlar, Amaliy va umumiy astrofizika, Astrofizikaning matematik usullari, Galaktik astronomiya, Galaktikalar fizikasi, Yulduzlar fizikasi, Nostatsionar yulduzlar, Gravitatsion linzalar va kvazarlar fizikasi, Quyosh ichki tuzilishi va h.k.
Astronomiya yo`nalishi va mutaxassisliklari bo`yicha Davlat o`quv standartlari, namunaviy va o`quv rejalari, o`quv rejaning barcha fanlari bo`yicha kafedra jamoasi tomonidan namunaviy va ishchi dasturlar ishlab chiqilgan.



Prof. S.N. Nuritdinov Kollapslanuvchi galaktikalar fizikasiga oid natijalarni shogirdlari bilan birgalikda tahlil qilmoqda.

Dots. A.T.Mirzaev Radioastronomiya fanidan laboratoriya mashg`ulotini olib bormoqda.

Yaratilgan ishchi dasturlar Astronomiya kafedrasida olib borilayotgan ko`p yillik ilmiy tadqiqotlar, o`quv metodik izlanishlar va professor-o`qituvchilarning pedagogik tajribasiga asoslangan.
Kafedra jamoasi bugungi kunda ko`plab chet el universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda. Jumladan, Germaniyaning Potsdam astrofizika instituti va Xeydelberg universiteti, AQShning Nyu-Jersi universiteti, Belgrad astronomiya observatoriyasi, Ukrainaning Xarkov universiteti va Radioastronomiya instituti, Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg Davlat universitetlari bilan hamkorlikda o`quv jarayoni va ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Jumladan, Ukrainaning Xarkov universiteti prof. V.N. Dudinov va Moskva davlat universiteti Astronomiya institutining laboratoriya mudiri B.P. Artamonov talabalarga Gravitatsion linzalar va kvazarlar fizikasi fanidan ma`ruzalar olib borishlari bilan bir qatorda Maydanak baland tog` astronomik observatoriyasida kafedra professor-o`qituvchilari bilan birgalikda kuzatuv ishlarini ham olib boradilar.
Bundan tashqari, kafedraning Respublika Fanlar Akademiyasining Astronomiya instituti bilan hamkorligi ham samarali natijalar bermoqda. Institut olimlari kafedra talabalariga ma`ruza o`qishlari bilan birga ilmiy seminarlar va amaliy mashg`ulotlar o`tkazishda ham faol qatnashib kelishmoqda. Talabalar yozgi amaliyotni Astronomiya instituti laboratoriyalarida va Maydanak baland tog` astronomik observatoriyasida amalga oshiradilar. Institut qaramog`idagi ushbu observatoriyada kafedra professoro`qituvchilari va aspirantlari chet el olimlari bilan hamkorlikda astrofizikaning dolzarb muammolari doirasida ilmiy kuzatuv ishlarini ham olib boradilar.



1996 yili Astronomiya institutida prof. S.N. Nuritdinov boshchiligida Galaktik astronomiya va kosmogoniya nomli yangi bo`limning barpo etilishi esa kafedra ilmiy yo`nalishi rivojlanishida yaxshi bir omil bo`lib xizmat ko`rsatib kelmoqda. Bo`lim xodimlari tomonidan institutning Maydanak baland tog` astronomik observatoriyasida bizdan juda olisda va endi shakllanayotgan chaqaloq galaktikalarning markaziy qismi hisoblanmish kvazarlarni kuzatish ishlarining yo`lga qo`yilishi kafedra ilmiy yo`nalishi o`z oldiga qo`ygan muammolarning hal qilinishida yangi bir tarmoq rolini o`ynayapti. Hozirgi paytda 100 ga yaqin bunday noyob ob`ektlar ochilgan. Bu ob`ektlar manba-kvazar va linzalovchi galaktikalardan iborat sistemani, aniqrog`i gravitatsion linzalangan sistemalarni tashkil etadi. Maydanakda bunday kuzatuvlar Moskva davlat universiteti va Ukrainaning Xarkov universiteti olimlari bilan hamkorlikda yo`lga qo`yilgan.
Atmosfera fizikasi mavzui bo`yicha ilmiy tadqiqotlar quyidagi asosiy yo`nalishlarda olib borildi:
1. Aerologik tadqiqotlar R.R. Simmermanning tashabbusi va bevosita rahbarligida boshlangan.
2. Geomagnit tadqiqotlar prof. V.N. Mixalkov nomi bilan bog`liq.
3. Atmosfera elektri. Geofizikaning ushbu sohasi bo`yicha O`rta Osiyodagi tadqiqotlar 1921 yilda prof. V.F.Bonchkovskiy rahbarligidagi Moskva Davlat universiteti ekspeditsiyasi tomonidan boshlangan.
4. Aktinometrik kuzatishlar va tadqiqotlar 1921 yilda geofizika va fizika kafedralarining o`zaro hamkorlikdagi faoliyati natijasida boshlangan.
5. Iqlimshunoslik va agrometeorologiya. 1923 yilda Turkiston iqtisodiy kengashining vazifasi asosida R.R. Simmerman tomonidan tuzilgan O`rta Osiyo iqlimiy resurslari kartasining birinchi nashri chop etildi. Agrometeorologiya sohasidagi tadqiqotlar A.A.Skvortsov va L.N. Babushkin tomonidan bajarildi.
6. Sinoptik meteorologiya. O`rta Osiyo atmosfera jarayonlarini tadqiq etish 1921 yilda I.I. Kramal va R.R. Simmerman tomonidan boshlangan. V.A. Djordjio va V.A. Bugaev tomonidan havo massalarining tasniflanishi sinoptik meteorologiya sohasidagi katta muvaffaqqiyat bo`ldi. Sinoptik tadqiqotlarning yana bir yo`nalishi O`rta Osiyo sinoptik jarayonlarining statistik-stoxastik tahlil usuli bo`lib, ushbu tadqiqot uchun V.A. Bugaev, V.A.Djordjio, V.I. Romanovskiy va T.A. Sarimsoqovlar 1948 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo`lganlar.
So`nggi yillarda kafedrada sinoptik tadqiqotlarning rivojlanishiga T.M. Muxtorov yangi turtki bag`ishladi. Uning ishlari bir qator monografiyalarda va doktorlik dissertatsiyasida (2006 y.) o`z ifodasini topdi.
7. Aviatsion meteorologiya yo`nalish bo`yicha naysimon tez havo oqimlarning va havo kemalarining silkinishi tasnifi ishlab chiqildi. V.A.Djordjio rahbarligida bajarilgan ushbu tadqiqotlarda kafedra dotsentlari R.B.Bilyalov va U.M.Isamuxamedovalar hamda ilmiy laboratoriya xodimlari (P.Z.Levina va boshqalar) ishtirok etishdi.
8. Atmosfera chegaraviy qatlam fizikasi sohasidagi tadqiqotlar 19301950 yillarda A.A. Skvortsov rahbarligida rivojlantirildi. Chegaraviy qatlamni o`rganish 19601980 yillarda ekspeditsiya tadqiqotlarida davom ettirildi.
9. Amaliy ekologiya, resursshunoslik va atrof muhit muhofazasi yo`nalishi bo`yicha tadqiqotlar 1994 yildan Yu.V. Petrov tashabbusi va uning rahbarligi ostida boshlandi.
10. Gidrologik tadqiqotlar o`tgan asrning 20-yillari rivojlandi va 1928 yilda prof. L.K. Koravitskiy tomonidan Maksimal suv sarfini aniqlash uchun uch sigmaning chegara qoidasini qo`llash tajribasi ilmiy ishi chop ettirildi.
11. Boshqa ilmiy tadqiqotlar. Fizika kafedrasi bilan birgalikda (prof. N.N. Zlatovratskiy) gravimetriya bo`yicha Toshkent va O`rta Osiyoning boshqa punktlarida og`irlik kuchining tezlanishini aniqlash, shuningdek glyatsiologiya (muzliklarning sijishini o`rganish) va O`rta Osiyoda radioaktivlik manbalari bo`yicha ishlar bajarildi. Fizika kafedrasining o`qituvchisi I.I. Tixanovskiy bilan birgalikda O`rta Osiyoda atmosfera optikasi, jumladan osmon gumbazining polyarizatsiyasi bo`yicha birinchi ishlar bajarildi.
Sanab o`tilgan ishlardan tashqari turli formadagi releflardan (1964 y. cho`llar, 1969-1971 yy. Issiqko`l) ultra qisqa radioto`lqinlarning o`tishi tadqiq etildi.
Atmosfera fizikasi kafedrasi o`zining eng boshlang`ich davrida fizika kafedrasi bilan birga fizika instituti tarkibida joylashib, o`quv bazasi sifatida geofizika kabinetiga ega bo`ldi. Fizika instituti bu davrda fizika-matematika fakulteti tarkibida bo`lgan. 1921 yining bahorda fizika-matematika fakulteti yopilib, pedagogika fakulteti tashkil etildi. Pedagogika fakulteti 1922 yil bahorgacha faoliyat yuritib, yana fizika-matematika fakulteti qayta tiklandi.
1936-1937 o`quv yilidan boshlab kafedrada muntazam ravishda geofiziklar tayyorlana boshlandi va 1941 yilga kelib 20 ta mutaxassis yetishtirildi. Ular orasidan kafedraning bo`lg`usi o`qituvchilari A.G. Mukminova va N.N. Romanov, shuningdek Toshkent geofizika observatoriyasining (TGO) yetakchi xodimlaridan B.A.Ayzenshtat, M.A. Petrosyants, O.N. Chernisheva, A.Ya. Pshenichniy va boshqalarni ko`rsatish mumkin.
Kafedra tarkibida 1937 yili o`quv meteorologik stantsiya va ilmiy ishlar uchun laboratoriyalar tashkil etildi. Bu laboratoriyalar va meteorologik stantsiyaga ilmiy xodim G.A.Krasnetskiy mudirlik qildi.
Kafedraning o`quv rejasi dastlabki yillarda observatoriya uchun mutaxassislar chiqarishga mo`ljallanib tuzildi. Bu davrda aktinometriya, atmosfera elektr, geomagnetizm va yer yaqin qatlam fizikasi bo`yicha mutaxassislar chiqarilgan bo`lsa, 30-yillarning oxiriga kelib iqlimshunos va sinoptik mutaxassislar chiqara boshladi. Bu davrda o`quv rejasiga 12 ta maxsus fanlar kiritilib, o`quv amaliyotlari TGO (aktinometriya, aerologiya, atmosfera elektr, yer magnetizmi) va Ob-havo byurosida (sinoptik meteorologiya) o`tkazildi.
Shunday qilib, geofizikaning turli yo`nalishlari (aktinometriya, atmosfera elektr, yer magnetizmi va boshqalar), iqlimshunoslik, yer yaqin qatlam fizikasi, sinoptik meteorologiya, gidrologiya bo`yicha ilmiy faoliyat va tezkor ishlar uchun yuqori malakali mutaxassislar yetishtirib beradigan asosiy va yagona kafedra hisoblandi. Kafedraning o`qituvchilari tarkibi va uning birinchi bitiruvchilari O`rta Osiyoda ilmiy va tezkor-ishlab chiqarish tashkilotlarining (Sredazmet, TGO, Ob-havo byurosi va boshqalar) tashkil etilishida va rivojlanishida asosiy rol o`ynadi.
1941-1945 yillar urush paytida kafedra 24 nafar mutaxassis yetishtirib berdi. Bu davrda kafedra o`zining o`quv xonalari, jihozlarini va kadrlarini armiya ehtiyoji uchun boshqa mutaxassislikdagi bir qator talabalarni mos ravishda qayta tayyorlash uchun taqdim etdi va harbiy okrug Gidrometeorologiya xizmati bilan birgalikda 40 nafar harbiy meteorologlar tayyorladi.
Toshkent sinoptika ilmiy maktabi 1943 yilning kuz faslida (29 oktyabr) Geofizika kafedrasi tarkibidan Sinoptik meteorologiya kafedrasi ajralib chiqishi bilan yanada mustahkamlanib rivojlandi. Bu kafedrani dunyo tan olgan buyuk olim V.A. Djordjio boshqardi. Kafedraning asosiy vazifasi sinoptik mutaxassis tayyorlash deb belgilandi. Kafedra o`qituvchilari geofizika kafedrasining talabalariga umumgeofizik fanlardan (umumiy meteorologiya, iqlimshunoslik, aerologiya va boshqalar) dars berishdi.
1955 yilda A.A. Skvortsov vafotidan so`ng Geofizika va sinoptik meteorologiya kafedralari birlashtirilib, Atmosfera fizikasi kafedrasi deb ataldi. 1962 yilgacha kafedrani bitirgan mutaxassislarga Geofizik, 1963 yildan boshlab esa Atmosfera fizikasi malakasi berila boshladi.
O`zbekiston Respublikasi ta`lim haqidagi qonunga binoan 90-chi yil o`rtalarida ikki bosqichli o`quv tizimiga (bakalavriat va magistratura) o`tildi. Bakalavriat bosqichida fizika yo`nalishi bazasida atmosfera fizikasi bo`yicha o`qitish davom etdirildi. Ayni payda quruqlik gidrologiyasi kafedrasi bilan birgalikda Gidrometeorologiya yo`nalishi bo`yicha kadrlar tayyorlash boshlandi. Bu yo`nalishi bazasida Meteorologiya va Agrometeorologiya mutaxassisliklari bo`yicha magistratura ochildi.
Hozirgi paytda kafedraning professor-o`qituvchilari atmosfera fizikasi, sinoptik va kosmik meteorologiya, dinamik meteorologiya, meteorologik axborot-o`lchov tizimi, amaliy meteorologiya va boshqalar kabi maxsus kurslardan dars berishmoqda. Bundan tashqari ular fizika va ximiya fakultetlarida Ekologiya, biologiya-tuproqshunoslik fakultetining ekolog talabalariga Ekologik monitoring kurslaridan dars berishmoqda.
2006 yil Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining topshirig`iga asosan kafedra a`zolari Yu.V. Petrov, X.T. Egamberdiev, M. Alautdinov, B.M. Xolmatjonov, A.K. Abdullaev, T.M. Muxtorov, G.X. Xolboevlar tanlab olindi va 6 ta o`quv qo`llanma Toshkent gidrometeorologiya kolleji uchun tayyorlandi. A.K. Abdullaev va G.X. Xolboevlar tomonidan Agrometeorologiya bo`yicha qo`llanma tayyorlandi. Kafedra o`qituvchilari Yu.V. Petrov, X.T. Egamberdiev, M. Alautdinov, B.M. Xolmatjonov va T.M. Muxtorovlar tomonidan universitet talabalari uchun 7 ta qo`llanma tayyorlanib, nashrga topshirildi.
Kafedra tashkil topganidan buyon malakali o`qituvchilar tomonidan juda ko`p yuqori saviyadagi mutaxassislar tayyorlandi.
Bunga yorqin misol geografiya fanlari doktori, O`zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi, ikki marta Davlat mukofoti sovrindori (1948 va 1971 yillar), Amerika meteorologiya jamiyati faxriy a`zosi V.A. Bugaevdir. 1952-1957 yillari kafedrada ishlashi bilan birgalikda, u O`zbekiston FA mexanika va matematika instituti direktori lavozimida faoliyat ko`rsatgan. 1959 yildan 1973 yilgacha Gidrometmarkaz sobiq ittifoq direktori bo`lgan. 1962-1964 yillari Meteorologiya va gidrologiya jurnalining bosh muharriri bo`lgan.
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi faxriy unvoni kafedra professorlaridan V.N. Mixalkov (1950 y.), Ye.A. Chernyavskiy (1950 y.), L.N. Babushkin (1960 y.)larga berilgan.
1960 yil iyul-avgust oylarida Issik-Kul ko`li atrofida Qirg`iziston universiteti bilan tarkibi va hajmi bo`yicha eng katta ilmiy tadqiqot ishlari shartnoma asosida olib borildi. Ekspeditsiya tarkibiga Sankt-Petrburg va Qirg`iziston universitetlari xodimlari kirishgan. O`rta Osiyo sharoitida atmosfera chegaraviy qatlamlari tadqiqot ishlari GBO xodimlari bilan shartnoma asosidagi ishlar 90-yillarning ikkinchi yarmigacha davom etdi (bajaruvchilar GBO dan L.R. Orlenko va ToshDUdan Yu.V. Petrov).
Kafedra sobiq ittifoq Gidrometeorologiya markazi, regional ITI gidrometmarkazlari (Novosibirsk, Tbilisi, Kiev, Alma-Ata), NIGMI Dunyo ma`lumotlar markazi (Obninsk sh.) va shu bilan bir qatorda MDU, KozDU, QirDU, Sankt-Petrburg fuqorolar aviatsiyasi akademiyasi bilan ham aloqalarni davom ettirib kelishdi. Ayniqsa Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti bilan juda yaxshi munosabatda bo`lindi.
Universitet bilan bunday aloqalarning boshlanishi 1941-1943 yillarga to`g`ri keladi. Bu davr o`zining mamlakatda harbiy meteorolog va sinoptik kadrlarga ehtiyoj kuchayganligi bilan ajralib turadi. Kadrlar tayyorlash masalasi Toshkentda 1941 yil avgust oylarining boshlarida O`rta Osiyo universiteti, fizika-matematika fakulteti, geofizika kafedrasi bazasida boshlandi.
Ikki guruh o`rtasida uzluksiz axborotlar, ilmiy fikr almashuvlari va olingan natijalar bo`yicha keng seminar va konferentsiyalar o`tkazilar edi. Sankt-Petrburg gidrometeorologiya instituti (LGMI) aviatsiya meteorologiyasi laboratoriyasi (S.V. Solonin, O.B. Bogatkin) va ToshDU atomosfera fizikasi kafedrasining aviatsiya meteorologiya laboratoriyasi bilan doimiy aloqalar uzilmadi.
O`tgan asrning 60-70 yillarida ToshDU da LGMI professori D.L. Layxtman va V.I. Vorobev o`zlarining ma`ruzalari o`rtoqlashishdi. Atmosfera fizikasi kafedrasi assistenti Yu.V. Petrov va kafedra injenerii O.G. Zaxarin 70-yillari LGMI da stajirovkalarni o`tab kelishgan.
XX-asrning 90-yillari boshlarida universitetlar bilan aloqalar yangi tus oldi. Bu ma`noda LGMI prorektori, gidrometeorologiya bo`yicha o`quv uslubiy uyushmasi (O`UU) raisi professor V.V. Klyomin tashrifi munosabatlarni yanada yaxshilashga yangi turtki bo`ldi.
Ko`rsatilgan katta yordamlar 90-yillar o`rtalarida O`zbekistonda boshlangan Yangi, 2 bosqichli o`qish tizimiga o`tishda kafedrani ishini ancha yengillashtirdi. O`zbekiston Milliy universiteti atmosfera fizikasi kafedrasi o`qituvchilari Rossiya davlat gidrometeorologiya universitetining (RGGMU) juda ko`p konferentsiyalarida o`zlarining ma`ruzalari bilan katnashib kelmoqda.
O`zbekiston Milliy universiteti va Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti o`rtasidagi davom etib kelayotgan shartnomalar 2005 yil dekabr oyida imzolandi.
2006 yil 19 oktyabrda O`UU plenumida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti O`UUga a`zo qilindi. O`zbekiston MDH orasida O`UUning yagona hamkori hisoblanadi.
Shu shartnomaga asosan 2005-2010 yillar uchun ishchi reja bo`yicha O`zMU bakalavriatura bitiruvchilari Meteorologiya mutaxassisligi bo`yicha (RGGMU)da grant asosida o`qishadi. Hozirgi davrgacha bu mutaxassislik bo`yicha oltita O`zMU bitiruvchilari o`qishyapti.
O`quv-uslubiy va ilmiy adabiyotlar va boshqa o`quv-uslubiy materiallar bo`yicha adabiyotlar almashinuvi davom etyapti. Ob-havoning o`zgarishi va cho`llanish muammolariga bag`ishlangan hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot ishlari mo`ljallangan. Shu rejaga asosan 2008-2010 yillarga mo`ljallangan Regional iqlim o`zgarishiga bog`liq bo`lgan O`zbekiston hududining aridlanishi va uning monitoringi mavzusi bo`yicha ilmiy tadqiqot ishi imzolangan.
RGGMU va O`zMU ishchi rejasining eng asosiysi shu davr ichida hamkorlikdagi ilmiy-uslubiy asosda bakalavr-gidrometeorologik kadrlar tayyorlash rossiya-o`zbek ta`lim dasturiga mos ravishdagi hamkorligidir.