O'zMU » Kondensirlangan muhitlar fizikasi kafedrasi
 
2011 yilda Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetida Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi va Polimerlar fizikasi kafedralari birlashtirilib, Kondensirlangan muhitlar fizikasi kafedrasi tashkil etildi.
XX asrning 60-yillariga kelib jahon bo`ylab keza boshlagan elektronika sanoati inqilobining shamoli O`zbekistonda ham bir qator elektron asbobsozligiga oid zavod va korxonalar, ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalarining Toshkent, Chirchiq va boshqa shaharlarda tashkil topishi va rivojlanishi yarimo`tkazgichlar fizikasi bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish va chuqurlashtirish zaruratini yaratdi va bu hol ushbu soha yo`nalishlari uchun yarimo`tkazgichlar fizikasi kabi ta`lim yo`nalishlarini tamomlagan yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash vazifasini dolzarb qilib qo`ydi. Respublika hukumatining oliy ta`lim tizimi oldiga qo`ygan ushbu o`ta mas`ul topshirig`ini O`rta Osiyo davlat universiteti rahbariyati (hozirda O`zbekiston Milliy universiteti) o`z zimmasiga oldi va 1960 yilda fizika fakultetining nazariy fizika kafedrasi bazasida yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi ilmiy yo`nalishi va mutaxassisligining poydevoriga dastlabki g`ishtni ushbu kafedra va uning qoshidagi yarimo`tkazgichlar muammolari laboratoriyasi mudiri, f.-m.f.d., prof. G.M. Avakyants qo`ydi va yarimo`tkazgichlar fizikasi bo`yicha dastlabki mutaxassislar tayyorlana boshlandi. Avakyants G.M. 1966 yili Armaniston FA muxbir-a`zosi etib saylandi va Armaniston hukumatining taklifi asosida Yerevanga ko`chib ketdi va uning shogirdi, ushbu sohaning ilk mutaxassislaridan, dots. A.T. Teshaboev yarimo`tkazgichlar muammolari laboratoriyasining va ixtisoslikning rahbari etib tayinlandi va 1966-1981 yillarda bu ilmiy yo`nalish va ixtisoslikka ko`plab iqtidorli mahalliy yoshlar jalb etildi. 1960-1970 yillarda nazariy va eksperimental tadqiqotlar quyidagi mavzular bo`yicha o`tkazildi: yarimo`tkazgich asboblarning reaktiv; diodlarda o`ta yuqori chastotali toklarning o`tish xususiyatlari; diodlarda differentsial qarshilikning paydo bo`lish shartlari ; r-i-n strukturalarda o`ta yuqori chastotali quvvatlarning qaytaulagichlarini yaratish muammolari; yarimo`tkazgichlar asosida fotoo`zgartirgichlar yaratish, organik yarimo`tkazgichlar.
Ilmiy tadqiqot ishlarining salmog`i, ularning ilmiy va amaliy ahamiyati, mutaxassislar tayyorlash sohasidagi yutuqlar 1970 yili respublikada birinchi Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasining tashkil topishiga asos bo`ldi. Kafedraning tashkilotchisi va birinchi mudiri prof. A.T. Teshaboev (1970-1981 yillar) bo`ldi. 1981-1996 yillar ushbu lavozimda prof. S.Z.Zaynobidinov faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, 1996 yildan hozirgi vaqtgacha prof. S.I. Vlasov mudirlik qilmoqda.
1994 yil may oyida O`zR FA akademigi S.Sh. Rashidovaning tashabbusi bilan fizika fakultetida Polimerlar fizikasi kafedrasi tashkil qilindi. 2000 yilning aprel oyida kafedra bilan O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti (PKFI) hamkorligida Polimerlar fizikasi O`quv-ilmiy markazi ochildi. Kafedra hozirgi kunda 5A440114 Polimerlar fizikasi mutaxassisligi bo`yicha magistr kadrlar tayyorlash sohasida Markaziy Osiyoda yagonadir.
Polimerlar fizikasi kafedrasiga 1994 1996 yillar va 2006-2010 yillarda akademik S.Sh. Rashidova, 1996-2006 yillarda prof. T.I. Usmanov, 2010-2011 yillarda f.m.f.d. A.Xolmominov mudirlik qildilar.



Kafedra ravnaqiga hissa qo`shgan olimlar
Teshaboev Alisher Teshaboevich

Teshaboev Alisher Teshaboevich - 1924 yil Andijon viloyatida tug`ilgan. 1944-1945 yillarda ikkinchi jahon urushida qatnashgan, 1951-1956 yillarda O`rta Osiyo davlat universitetining (hozirda O`zMU) fizika-matematika fakulteti fizika bo`limida va 1956-1959 yillarda aspiranturada o`qiydi. 1965 yilda Yuqori injektsiya sharoitida yarimo`tkazgich diodlar nazariyasining ba`zi masalalari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1966-1967 yillarda Nazariy fizika kafedrasining mudiri vazifasini bajaruvchisi. 1970-1981 yillarda yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasining asoschisi va mudiri, dotsent, professor lavozimlarida unumli faoliyat yuritdi. O`zbekiston Milliy universitetining Legirlangan kremniy fizikasi ilmiy maktabining asoschisi (1966-1981 yillar) va rahbari.
Hozirda A.T. Teshaboev Andijon Davlat universitetining Qattiq jismlar fizikasi kafedrasi professori. A.T. Teshaboev II darajali Vatan urushi ordeni, jami 12 medal, hamda, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy Yorlig`i bilan mukofotlangan, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan xalq ta`limi xodimi unvoni va O`zbekiston Milliy universitetining Yuksak xizmatlari uchun medali sohibi. Andijon Davlat universitetida xizmat ko`rsatgan professor, Mehnat faxriysi, 20 dan ortiq o`quv hamda o`quv-uslubiy qo`llanmalar, 200 ga yaqin ilmiy-uslubiy maqolalar muallifi, 2 ta fan doktori va 7 ta fan nomzodi yetishtirgan.

Zaynobidinov Sirojiddin Zaynobidinovich

Zaynobidinov Sirojiddin Zaynobidinovich - 1945 yil Andijon viloyatida tug`ilgan. 1963-1971 yillar Toshkent Davlat universitetining (hozirda O`zMU) fizika fakultetida talaba, 1971-1979 yillar yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasida katta laborant, assistent, ilmiy xodim. 1979-1981 yillar Respublika Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi ilmiy-tadqiqot boshqarmasining bosh nazoratchisi, 1981-1996 yillar O`zMU fizika fakultetining Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasining mudiri, 1992-1996 yillar fizika fakultetining dekani lavozimlarida ishladi. S.Z. Zaynobidinov 1987 yili doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan, o`zining Kremniyga tashqi ta`sirlar fizikasi ilmiy maktabini yaratdi. O`tgan davrda uning rahbarligida 4 ta fan doktori, 15 ta fan nomzodi yetishib chiqdi. S.Z. Zaynobidinov 1995-2008 yillar O`zbekiston Fizika jamiyatiga raislik qildi, 1996-2006 yillar Andijon Davlat universitetiing rektori, shuningdek o`rindoshlik asosida Qattiq jismlar fizikasi kafedrasining mudiri. S.Z. Zaynobidinov AQShning Nyu-York va Kaliforniya fan, ta`lim, texnika va san`at Akademiyalarining akademigi, xalqaro biografik markazining faxriy a`zosi (Kembridj), xalqaro oliy ta`lim Fanlar akademiyasining akademigi (MDH, Rossiya, Moskva), O`zbekiston Respublikasining Oliy ta`lim, hamda O`rta maxsus kasb-ta`lim a`lochisi unvonlariga ega. Fan sohasidagi Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati (1992 y.). Hozirda prof. S.Z.Zaynobidinov Andijon Davlat universitetiing Qattiq jismlar fizikasi kafedrasi mudiri. 30 ga yaqin monografiya, o`quv qo`llanmalar, 300 dan ortiq ilmiy, 6ta mualliflik guvohnomasi, ilmiy-uslubiy va publitsistik maqolalar, ma`ruzalar tezislari muallifi. Ko`p yilllar davomida doktorlik va nomzodlik ilmiy darajalari beruvchi ixtisoslashgan kengash raisi va a`zosi sifatida Oliy va o`rta maxsus ta`limi, Xalq ta`limi vazirliklari, O`zFAsining ta`lim va fan sohalari bo`yicha muvofiqlashtiruvchi va muammoli kengashlari a`zosi sifatida mamlakatimizda fizika fani va ta`limi rivojiga, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlariga katta hissa qo`shdi.

Sayyora Sharofovna Rashidova

Sayyora Sharofovna Rashidova - O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori, akademik, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan fan arbobi, Oliy Majlisning inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) O`zbekiston Milliy Universitetining professori, 1994-1996 y.y. va 2006 yildan hozirgi paytgacha Polimerlar fizikasi kafedrasiga mudirlik qilib kelmoqda. U tibbiy-biologik polimerlar sintezi va ularning asosiy xossalarini o`rganish; suvda eriydigan polimerlar asosida paxta urug`ini kapsulalash; tabiiy va sintetik polimerlar "sintez-struktura-asosiy xossalar"ini bir biriga bog`lanish va ilmiy asoslarini yaratish; nanostrukturaga ega polimerlar sintezi, asosiy xossalari va texnologiyasi bo`yicha ilmiy izlanishlarga rahbarlik qilmoqda.
Ilmiy ishlari Polimer tizimlarda nanostrukturalar, ularni xosil qilish yo`llari va materiallarda maxsus xossalarning namoyon bo`lishidagi qonuniyatlarga oiddir. S.Sh. Rashidova 400 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi, 3 ta fan doktori va 2 ta fan nomzodi tayyorlagan. O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan fan arbobi faxriy unvoni (1993), O`zbekiston belgisi nishoni (1997), Do`stlik ordeni (1999), El-yurt hurmati ordeni (2003) bilan mukofotlangan.

To`lqin Ismatovich Usmanov

To`lqin Ismatovich Usmanov (1949-2006) - Kimyo fanlari doktori, professor, 1996-2006 yillarda polimerlar fizikasi kafedraga mudirlik qilgan. Ilmiy izlanishlari Tabiiy va sintetik polimerlar mikrostrukturasini o`rganish dan iborat bo`lgan. Uning rahbarligida 1 ta doktorlik va 5 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Ilmiy faoliyati davomida 100 ga yaqin ilmiy maqolalar, o`quv va metodik qo`llanmalar hamda 1 ta monografiya chop ettirilgan.
Kafedrada 1994-1996 y.y. dotsentlar A.A. Mo`minov, R.X. Maxmudov, A.V. Umarov, 1996-1999 y.y. M.Turganov, 1997-2008 y.y. N.Sh. Ashurovlar faoliyat ko`rsatganlar.

Vlasov Sergey Igorevich

Vlasov Sergey Igorevich - 1949 yil Toshkentda tug`ilgan. 1967-1973 yillar Toshkent davlat universiteti fizika fakulteti talabasi. 1973-1980 yillar Toshkent davlat universiteti fizika fakulteti yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasining muhandisi, aspiranti, katta ilmiy xodimi. 1980-1996 yillar kafedraning assistenti, katta o`qituvchisi, dotsenti, professori. 1996 yildan hozirgi vaqtgacha yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasi mudiri. Vlasov S.I. Yarimo`tkazgich-dielektrik o`tish qatlamlari ko`rsatkichlariga sirtoldi chuqur markazlarining ta`siri samaralari mavzuida doktorlik dissertatsiyasini 1991 yil himoya qilgan. Prof. Vlasov S.I. nafaqat O`zbekistonda, balki dunyoga taniqli yirik olim bo`lib, u Rossiya, Koreya va Finlyandiyadagi hamkasabalari hurmatiga ega. Uning rahbarligidagi p-n o`tishlar va uch qatlamli yarimo`tkazgich strukturalarning sig`imiy spektroskopiyasini rivojlantirishga asoslangan yangi yo`nalish va ilmiy maktabning faoliyati yangi, ajoyib xossalarga ega uch qatlamli strukturalarni olish va tadqiqlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqishga yo`naltirilgan.
Prof. S.I. Vlasov 200 dan ortiq ilmiy ishlar, 4 ta mualliflik guvohnomasining muallifidir. So`nggi yillar davomida u 1 ta monografiya, rus va o`zbek tillarida 9 ta o`quv qo`llanma, 20 dan ortiq ilmiy maqolalar, xalqaro konferentsiyalarda 12 ta va respublika konferentsiyalarida 19 ta ma`ruza tezislarini chop ettirgan. Rahbarligida 8 nafar fan nomzodi, 1 nafar fan doktori tayyorlangan, u tanlov asosida olinadigan moliyali mavzularning doimiy rahbaridir. Prof. Vlasov S.I. O`zR FA Fizika yo`nalishi bo`yicha ilmiy-texnik kengashning, O`zR FA fizika-texnika instituti qoshidagi doktorlik va nomzodlik ilmiy darajalari berish bo`yicha ixtisoslik kengashining a`zolaridir, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini muhokama qilish bo`yicha kafedra seminari rahbari, fizika fakulteti ilmiy kengashi a`zosidir. 2008 yil prof. Vlasov S.I. Shuhrat medali bilan mukofotlangan.

Kafedra faoliyati

1980 yillardan boshlab yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash sifatini yanada yuqori bosqichga ko`tarish maqsadida Respublika fanlar akademiyasining yetakchi ilmiy xodimlari va rahbarlari tarkibidan quyidagilar o`rindoshlik yoki soatbay professor sifatida kafedraning o`quv jarayoniga jalb etilganlar.

Kafedraning mudirlari. Avlodlar uchrashuvi. 2009 yil 16 yanvar.
Chapdan o`ngga: professorlar: S.Z. Zaynobidinov, A.T. Teshaboev, S.I. Vlasov.

Mustaqillik yillarida universitet ta`limi tizimida yangi Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi va Geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish magistratura yo`nalishlari ochildi va mazkur yo`nalish va mutaxassisliklarning Davlat ta`lim standartlari, namunaviy o`quv reja va dasturlari ishlab chiqildi.
O`zbekiston Fanlar Akademiyasining Fizika-Quyosh IIChB fizika-texnika instituti bazasida kafedra bilan prof. S.I. Vlasov rahbarligidagi qo`shma o`quv-ilmiy markaz ochilgan va u muvaffaqiyatli faoliyat ko`rsatmoqda.
Kafedrada Fizika yo`nalishidagi bakalavriaturada Mexanika va Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kurslaridan, ikkita magistratura: Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi (5A440103) va Geliofizika va quyosh energiyasidan foydalanish (5A440122) yo`nalishlarida 24 ta maxsus kurslar bo`yicha o`quv jarayonlari olib boriladi.
Kafedrada aspirantura: Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi (01.04.10) va doktorantura: Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi (01.04.10) mavjuddir.
Kafedraning quyidagi o`quv laboratoriyalari mavjud: Yarimo`tkazgichlar fizikasi. Yarimo`tkazgich asboblar fizikasi. Yarimo`tkazgich materiallar va asboblar texnologiyasi. Yarimo`tkazgichlarning optik va fotoelektrik xossalari.
Kafedraning o`quv va ishlab chiqarish amaliyoti bazalari: O`zR FA Fizika-Quyosh IIChB FTI va Foton IIChB.
1966-1970 yillarda yuqorida zikr etilgan ilmiy tadqiqotchilarning asosiy va yetakchi qismi respublika Fanlar akademiyasining ilmiy tadqiqot institutlariga, Foton va Mikond ilmiy ishlab chiqarish birlashmalariga, shuningdek viloyatlar universitetlariga ishga o`tib, mazkur ilmiy maktabning yutuq va ijobiy tajribalarini o`quv jarayoniga va amaliyotga tadbiq eta boshladilar. Ushbu davrda ilmiy maktab muhitiga yangidan qo`shilgan yosh avlodning zamonaviy ilmiy qiziqishlari asosida A.T.Teshaboev raharligida 1970-1981 yillarda faoliyati quyidagi yo`nalishlarda davom etdi: yarimo`tkazgichlarda chuqur sathli kirishmalar muammosi, yarimo`tkazgichlarda fotoelektrik hodisalar, geteroo`tishli strukturalar fizikasi, ko`p qatlamli yarimo`tkazgich asbob va strukturalardagi fizik jarayonlar, dielektrik materiallarning sirtiy xossalari.
1978 yilda dots. K.P. Abduraxmonovga yarimo`tkazgichlar muammolari laboratoriyasining ilmiy rahbari vazifasi topshirilib, 1981 yili ushbu laboratoriya O`zMU qoshidagi Amaliy fizika ilmiy tadqiqot instituti tarkibiga o`tkazildi va dots. K.P. Abduraxmonov rahbarlikni davom ettirdi. U doktorlik dissertatsiyasini 1991 yil himoya qildi va uning tomonidan Kristallarda nuqtaviy nuqsonlar shakllanishining kinetikasi bo`yicha ilmiy maktab yaratilib, shogirdlaridan 1 ta fan doktori va 8 ta fan nomzodi yetishib chiqdi. Hozirda prof. Abduraxmonov K.P. MELMA ilmiy-ishlab chiqarish korxonasining rahbari va Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fizika kafedrasi mudiri. Hurmat ordeni bilan mukofotlangan.
1981 yildan boshlab Yarimo`tkazgichlar va dielektriklarda tashqi ta`sirlardan so`nggi qoldiq samaralarini o`rganish ilmiy mavzusi bo`yicha quyidagi yo`nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi: yarimo`tkazgichlarning termik va radiatsiyaviy barqarorligi, yuqori foto-, termo- va tenzosezgirlik, fotoo`tkazuvchanlikning infraqizil va temperaturaviy so`nishi; yarimo`tkazgich strukturalar parametrlarining texnologiyaga bog`liqligi; noyob yer elementlari vanadatlari asosidagi keramik dielektrik materiallar xossalari; kremniyda noyob yer elementlarining diffuziyasi va elektrik xossalari.
So`nggi yillarda bajarilayotgan ilmiy tadqiqotlar mavzulari quyidagicha: Yarimo`tkazgich-dielektrik o`tish qatlamlarini o`rganish (S.I. Vlasov, A.A. Nasirov, P.B. Parchinskiy, A.Yu. Boblev, L.G.Ligay); Organik va noorganik moddalarning yarimo`tkazgich xossalarini o`rganish (A.T. Mamadalimov, T. Usmonov, B.E. To`raev); Kremniyda diffuziya va nuqsonlar-kirishmalar o`zaro ta`sirlashuvini o`rganish (D.E. Nazirov, M.I. Bazarbaev, A.A.Iminov); Noan`anaviy kirishmalar bilan legirlangan kremniy xossalarini o`rganish (X.S. Daliev, A.J. Akbarov, I.X.Xomidjonov), Kompensirlangan kremniyda deformatsiya hodisa-lari (O.O. Mamatkarimov, I.G. Tursunov, R.X. Xamidov, U.A. Tuychiev).
Kafedra professor-o`qituvchilari va ilmiy matab vakillari tomonidan fundamental ilmiy tadqiqotlar asosida quyidagi natijalar olindi:
- marganets, temir, kobalt va nikel bilan diffuziyaviy legirlash yo`li bilan zarur solishtirma qarshilikli kompensirlangan kremniy olish texnologiyasi yaratildi.
- kremniyda nikel kirishmalarining asosiy qismi elektr nofaol holatda bo`lishi, ular pretsipitatlar hosil qilishi, pretsipitatlar hosil bo`lish kinetikasi, kirishmaviy pretsipitatlar turli o`lcham va shakllarga (ignasimon, disksimon, linzasimon va sferasimon) ega bo`lishi, ular bir necha sferasimon shakldagi silitsid qobiqlari yoki bir turdagi silitsid qatlamidan iborat ekanligi, hajmida asosiy kirishma nikel atomlari, shuningdek, temir atomlari mavjudligi birinchi marta zamonaviy elektron mikroskoplar yordamida aniqlandi; pretsipitatlarning tashqi ta`sirlar ostida (bosim, nurlanish, termik ishlov) parchalanish jarayoni ularning o`lchami va shakliga bog`liqligi birinchi marta tasdiqlandi;
- kompensirlangan kremniyning har taraflama statik bosim ostidagi tenzoxususiyatlari legirlangan kremniyga nisbatan ancha yuqori bo`lishi, ularning tenzosezgirligi va kirishmaviy sathlarning barik siljish koeffitsientlari, kompensirlangan kremniy asosidagi Shottki to`sig`iy strukturalarning tenzoxususiyatlari kompensirlangan kremniy materialining tenzoxususiyatlariga nisbatan yuqori ekanligi, qo`shimcha tenzoeffekt bazaning qarshiligi va potentsial to`siqning kamayishi bilan bog`liq fizik mexanizm orqali tushuntirildi; kremniy va ular asosidagi strukturalarning impulsli bosim ta`siridagi tenzosezgirligi statik bosimdagi tenzosezgirlikka nisbatan 4-5 baravar yuqori ekanligi, ushbu qo`shimcha tenzoxususiyat esa impulsli bosim ta`siridagi namunalar temperaturasining ortishi hisobiga ro`y beruvchi chuqur sathlarning qo`shimcha ionlashishi natijasida paydo bo`lishi yangi fizik model asosida tushuntirildi.

Akademik A.T. Mamadalimov rahbarligida tabiiy tolalarning fizikaviy xususiyatlarini o`rganishga asos solindi.

- sochiluvchan moddalar massasini uzluksiz texnologik jarayonda aniqlashga mo`ljallangan, tenzosezgir elementi kompensirlangan kremniy bo`lgan, tarozi dozatori, dinamik bosim tenzoo`zgartirgichi va universal tenzoo`zgartirgichlarning dastlabki sanoat nusxalari yaratildi;
-nurlari bilan nurlangan metalldielektrikkremniy - proton va strukturalarining SiSiO2 o`tish doirasida nuqsonlar hosil bo`lishi qonuniyatlari, ushbu doirada nuqson hosil bo`lish tezligi protonlarning energiyasiga bog`liqligi, nurlanish ta`sirida paydo bo`ladigan Yev+0,36 eV energiyaga ega sirtiy nuqsonning xususiyatlari, metalldielektrikkremniy strukturalarida nuqsonlar paydo bo`lishini kamaytiruvchi va ularning radiatsiyaga chidamliligini oshirishning optimal tarkibi aniqlandi;
- seziy ionlari kremniy sirtiga yaqin qatlamlarga implantatsiya qilinsa, dielektrikning o`stirilgan pirolitik qatlami metalldielektrikkremniy strukturalarining funktsional parametrlarini yaxshilashga olib kelishi, yuqori temperatura ta`sirida oksidlanish orqali o`stirilgan dielektrikning yupqa pardasining xususiyatlariga va kislorod kontsentratsiyasiga kremniydagi kirishmalarning ta`siri aniqlandi, uning fizik mexanizmi taklif etildi;
- qo`rg`oshinborsilikat shisha (QBSSh) asosida passivlangan qatlamlarning strukturaviy va elektrofizikaviy parametrlari, tadqiq qilingan QBSSh yordamida kremniy asosidagi strukturalarni passivlash jarayonining optimal rejimlari, QBSSh hajmida nomuvozanatiy zaryadlarning hosil bo`lishi va relaksatsiya jarayonlari, ushbu zaryadning mavjudligi QBSShning taqiqlangan zonasidagi zaryad tashuvchilarni jamlash markazlaridagi zaryad almashish hodisalariga bog`liqligi, nomuvozanatiy zaryad va passivlanuvchi qoplam hosil qilishning temperaturaga bog`lanishi, QBSSh taqiqlangan zonasi kengligi va QBSSh qalinligi bo`yicha zaryad jamlash markazlarining uzluksiz taqsimlangan-ligi aniqlandi; QBSSh asosidagi qoplamalarning elektrofizik va dielektrik xarakteristikalarining keng temperaturalar oralig`ida yuqori barqarorligi, kremniy-QBSSh chegarasi xarakteristikalariga yuqori elektr maydon, bosim va lazer nurining ta`siri rejimlari, kremniy-QBSSh chegarasidagi sirtiy holatlar zichligini neodim lazeri impulsi ta`siri bilan kamaytirish imkoniyatini ko`rsatdi;
- noyob yer elementlarining (NEE) kremniydagi diffuziya parametrlari nishonlangan atomlar (radioaktiv izotoplar) va elektr usullari yordamida aniqlandi, kremniydagi tez diffuziyalanuvchi kirishmalarni NEE yordamida getterlash usullari, doimiy va chegaralangan manba sharoitlarida diffuziya parametrlarini aniqlashning yangi usullari taklif etildi; NEE bilan legirlangan kremniyda hosil bo`luvchi termik nuqsonlar kontsentratsiyasining kamayishi va nofaol holatga o`tishi, NEE diffuziyasi jarayonida tez diffuziyalanuvchi kirishmalarning samarali getterlanishi, diffuziya va o`stirish jarayonida NEE bilan legirlangan kremniyning radiatsiyaga chidamliligining ortishi aniqlandi, mos ravishda fizik mexanizm va modellar tavsiya etildi;
- yod bilan legirlangan paxta tolalarining elektr o`tkazuvchanligi legirlanmaganiga nisbatan 70-1000 marta yuqori ekanligi, tolalarning tashqi qobig`i elektr o`tkazuvchanlikka sezilarli ta`sir qilishi, legirlangan va ultrabinafsha nurlar bilan yoritilgan tolalarning nochizig`iy lyuks-amper xarakteristikasida fotoo`tkazuvchanlikning uzoq muddatli relaksatsiyasi mavjudligi aniqlandi va fotoo`tkazuvchanlik-ning kamayishi bimolekulyar qonun bo`yicha amalga oshishi mexanizmi taklif etildi.

Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi maxsus kursidan mashg`ulot.

Ilmiy tadqiqotlar natijalari qator nufuzli xalqaro va respublika ilmiy jurnallarida 400 dan ortiq ilmiy maqolalar, xalqaro va respublika ilmiy konferentsiyalari to`plamlarida 1000 dan ortiq ma`ruzalar tezislari sifatida chop etilgan.
Umuman olganda, yarimo`tkazgichlar fizikasi ixtisosligi va kafedra tashkil topgandan buyon professor-o`qituvchilar, ilmiy maktab vakillari va ularning shogirdlari, bitiruvchilari, kafedraning aspirant va doktorantlari tarkibidan 30 dan ortiq doktorlik, 100 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari tayyorlandi va himoya qilindi.
Kafedraning professor-o`qituvchilari va ilmiy maktab vakillari tomonidan oliy va o`rta maxsus ta`limi vazirligi universitetlari talabalari uchun shu vaqtgacha 100 ga yaqin o`quv qo`llanmalar, shuningdek 8 ta monografiya nashr qilingan.
Olingan tadqiqot natijalarining ilmiy amaliy ahamiyati respublika miqyosida yuqori darajada tan olinib, M.K. Baxodirxonov, S.Z. Zaynobidinov va A.T. Mamadalimovlar 1992 yil Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, I.N. Karimov, A.A. Nasirov, G. Xalikovlar respublika yosh olimlari konkursi sovrindori, O.O. Mamatkarimov, I.G. Tursunov, R.X. Xamidov O`zbekiston yoshlari mukofoti sovrindori, aspirantlar X. Karimberdiev, N.A. Turg`unovlar, magistrantlar A. Abdujabborov va Sh. Dalievlar O`zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiatlari bo`lganlar.
1970 yildan boshlab davriy ravishda yiliga 1-2 tadan, so`nggi yillarda esa 4-6 tadan fundamental va amaliy xarakterdagi davlat grantlari bo`yicha yiliga 35-40 mln. so`mdan ortiq hajmda moliyalashtirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasi va O`zMU Legirlangan kremniy fizikasi ilmiy maktabi tashabbusi bilan fizika fakulteti bazasida 6 ta xalqaro va 4 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferentsiya o`tkazilgan.
Rossiya ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy ta`lim muassasalari: RFAning Sankt-Peterburgdagi A.F. Ioffe nomidagi fizika-texnika va Moskvadagi fizika va radiotexnika, elektronika va avtomatika institutlari bilan O`zMU aloqalari yanada kengaytirildi va kafedraning vakilligida yuqorida ko`rsatilagan tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy va o`quv hamkorlik qilish haqida rasmiy shartnomalar mavjuddir.
Koreya milliy fanlar akademiyasi, Finlyandiya fanlar akademiyasi, Buyuk Britaniyaning Dandi universiteti bilan ilmiy-kasbiy aloqalarni (Vlasov S.I., Parchinskiy P.B., Bobilev A.Yu., Ligay L.G., Nazirov D.E.) amalga oshirish natijasida kafedra xodimlari ushbu davlatlarda har yili ishlash, shuningdek hamkorlikda ilmiy izlanishlar o`tkazish va ilmiy ishlar nashr ettirish imkoniyatiga ega bo`ldilar.
Kafedraning asosiy maqsad va vazifalari O`zbekiston Respublikasining Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan fan va ta`limning integratsiyasi, raqobatbardosh va bugungi kun talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlash muammolarini hal etishda oliy o`quv yurtlari bilan fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot institutlari hamkorligini oshirish, institutlardagi mavjud moddiy-texnika bazasidan mutaxassislar tayyorlashda foydalanish orqali amalga oshirishga qaratilgan.
Hozirgi paytda O`zR FA PKFI va kafedramiz olimlari tomonidan mintaqamizda birinchi bo`lib sellyuloza (amiloza va dekstran)ning polimer analogik o`zgarishli mahsullarining zanjiri mikrostrukturasini o`rganish metodologiyasini fundamental asoslarini yaratishga qaratilgan ilmiy tekshirish ishlari olib borilmoqda. Bu izlanishlarda ham suyuq aralashmalar, ham qattiq fazalarning YaMR-spektroskopiyasidan keng foydalanilmoqda. Bu mavzuda 30 ga yaqin maqola va 1 ta monografiya chop ettirilgan, O`zR ning 3 ta patenti olingan. Aniqlangan fundamental o`zgarishlar kerakli xususiyatli polisaxarid efirlarini olish protsesslarini optimallashtirish, polimer sistemalar xususiyatlari va strukturalari o`rtasidagi o`zaro bog`liqlikni aniqlash asosini tashkil qiladi.
Kafedraning bosh yo`nalishi talab etilajak xususiyatlarga ega bo`lgan polimerlar va kompozitsion polimer materiallarning yangi avlodini sintez qilishning nazariy asoslarini yaratish, ularni qayta ishlash va ishlab chiqarish texnologiyasini tashkil etishdan iboratdir.
S.Sh. Rashidova rahbarligida ilmiy guruh a`zolari polimerlar kimyosi va fizikasining fundamental va amaliy muammolarini yechishga sezilarli ulush qo`shdilar. Olingan ilmiy-amaliy natijalar quyidagilardan iboratdir:
-qishloq xo`jaligi va tibbiyot uchun biologik faol polimerlar o`simliklarni, ularning o`sishi va rivojlanishini himoyalash kimyoviy usullarining suvda eruvchan polimer shakllarini, shuningdek, ularni tadbiq etishning chiqindisiz, ekologik xavfsiz texnologiyalarini yaratish; polimer-metall tarkibli birikmalar asosida immuno va gemostimul faollikka ega bo`lgan davolash va profilaktik dori-darmonlar yaratish;
-kompozitsion polimer materiallarpolimer materiallarning asoslarini ishlab chiqish, fizik-mexanik xususiyatlari kompleks yaxshilangan, to`ldirilgan polikaproamid asosida kompozitsion materiallarni sintez qilish va ishlab chiqish kompozitsiyasining ilmiy asoslarini yaratish, shuningdek, atseton-formaldegid mumlar asosida bezatish, pardozlash, issiqlik va tovush o`tkazmaslik xususiyatiga ega materiallar olish texnologiyasining asosini yaratish;
-monomer va polimerlar sintezi o`zaro donor-aktseptorlik ta`siri natijasida vinilli monomerlarning radikal polimerlanishi va sopolimerlanishi, kaprolaktamning vinillashuvi va polimerlanishi, issiqlikka chidamli, suyuq kristall xususiyatiga ega sopolimerlar va elektr o`tkazuvchan polimerlar olish jarayonlarini tadqiq etish;
-tsellyuloza, uning hosilalari kimyosi va texnologiyasi paxta momig`idan turli maqsadlardagi sellyuloza olish, ularni karboksimetillash, atsetillash, kukun va mikrokristall xolatga keltirish, dori-darmon, tibbiy maqsadlar uchun maxsulotlar olish texnologiyasini ishlab chiqish;
Kafedra professor-o`qituvchilari tomonidan birinchi kurs bakalavriatura talabalari uchun Molekulyar fizika, to`rtinchi kurs talabalari uchun Polimerlar fizikasi asoslari fanidan, shuningdek magistrantlar uchun 12 ta fandan ma`ruza va amaliy mashg`ulotlar olib borilmoqda
O`zR FA PKFI ning yetakchi olimlari bilan birgalikda maxsus fanlarning namunaviy dasturlari muhokama qilingan va tuzilgan. Fanlarning ma`ruza matnlari yangi adabiyotlar bilan to`ldirib borilmoqda.
Kafedra va o`quv-ilmiy markazda o`qitiladigan fanlar bo`yicha adabiyotlar to`liq mavjud. Kafedra talabalari institut olimlariga va kafedra professor-o`qituvchilariga biriktirilgan. Talabalar o`zlarining malakaviy bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini institutdagi noyob qurilmalardan foydalanib, mutaxassis olimlar boshchiligida bajaradilar. O`quv-ilmiy markaz professor-o`qituvchilari talabalar uchun maxsus kurslardan 6 ta o`quv-metodik qo`llanma, 1 ta darslik va polimerlar sohasida ruscha-o`zbekcha-inglizcha lug`at chop ettirdilar. O`quv-ilmiy markaz qisqa vaqt ichida polimerlar fizikasi bo`yicha 2 ta fan nomzodi tayyorladi.
Kafedra professor-o`qituvchilari polimerlar fani sohasida o`tkazilayotgan xalqaro anjumanlarda o`z ma`ruzalari bilan faol qatnashmoqdalar.
Kafedra magistrantlari darslardan bo`sh vaqtlarida O`zR FA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutidagi mavjud grantlar bo`yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.
Hozirda Polimerlar fizikasi kafedrasida faoliyat ko`rsatayotgan dotsentlar M.A. Karabaeva, A.G`. Daminov, R.M. Abdullaev, T.Sh. Alimovlar talabalarga yuqori saviyada dars berib kelmoqdalar. Ular tomonidan 150 dan ortiq ilmiy maqolalar, o`quv va uslubiy qo`llanmalar chop ettirilgan.
Kafedra professoro`qituvchilari o`quv ishlari bilan birgalikda ilmiy yo`nalishda ham katta tadqiqotlarni bajarib kelmoqdalar. M.A. Karabaeva rahbarlik qilayotgan Tarkibida metall nanozarralari bo`lgan keramik materiallar asosida issiqlik energiyasini elektr energiyasiga aylantirib beruvchi tajriba namunalarini ishlab chiqarish va tashkillashtirish grantining ilmiy ishlarida talabalar ham faol qatnashib kelmoqdalar.
Grantda ishtirok etayotgan kafedra xodimlari tomonidan tarkibida (Fe, Ni) metall nanozarralari bo`lgan keramik moddalarni olish texnologiyasi ishlab chiqildi va takomillashtirildi. Kompozit moddalarning termo EYuK kritik holatlari tekshirilib, ularni energiya manbalarining tashkil etuvchi elementlari sifatida ishlatish mumkinligi ko`rsatildi. Aniq elektrofizik xossalarga ega bo`lgan bir jinsli va nobirjins moddalar haqida ma`lumot beruvchi bir qator fundamental natijalar olindi.
Kafedra professor-o`qituvchilari xorijiy mamlakatlarda ilmiy safarda bo`lganlarida polimerlar fani sohasidagi xorijiy o`quv-ilmiy markazlarning olimlari bilan suhbatda bo`lib, ularda olib borilayotgan o`quv, ilmiy izlanishlar bilan tanishib, fikr almashib kelmoqdalar. Jumladan, Moskva Davlat Universitetining Fizika fakultetidagi Polimerlar fizikasi kafedrasi mudiri, Rossiya FA ning akademigi A.R. Xoxlov bilan ilmiy, o`quv jarayonlarda fikr almashinib, ikkala kafedralar o`rtasida aloqa o`rnatildi. Shunga muvofiq, kafedra mudiri S.Sh. Rashidova MDU kafedrasida o`qilayotgan ba`zi maxsus fanlarni O`zMU kafedrasida o`qitishni joriy etdi.
O`quv-ilmiy markaz Misr Arab Davlati Polimerlar jamiyati bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish to`g`risida shartnoma tuzgan. Rossiya FA neft-kimyo sintezi institutining Polimerlar reologiyasi laboratoriyasi xodimlari bilan birgalikda tabiiy polimerlarning gidrodinamikasini o`rganish sohasida izlanishlar olib borilmoqda.