O'zMU » Optika va lazerli fizika kafedrasi
 
1957 yilda tashkil qilingan Optika va 1964 yilda tashkil etilgan Radiofizika, 1980 yildan esa Kvant radiofizikasi nomi bilan yuritilgan kafedralar asosida kadrlar tayyorlash yo`nalishi va mutaxascisligi hamda ilmiy tadqiqot ishlari xususiyatidan kelib chiqib, 2005 yildan boshlab Optika va lazerli fizika kafedrasi nomi bilan faoliyat ko`rsatib kelmoqda.
Optika kafedrasiga 1957-1974 yillari dots.B.M.Nosenko (tashkilotchi), 1974-1992 yillari prof.K.M.Muqimov, 1993-1995 yillari akad.P.K.Xabibullaev, 1995-2011 yillarda prof.Sh.Otajonov mudirlik qilgan.
Radiofizika (kvant radiofizikasi) kafedrasiga 1964-1969 yillarda dots.I.I.Gofman, 1969-1980 yillarda dots. X.X.Xajimuxamedov, 1980-2002 yillarda prof. A.T.Mirzaev, 2002-2005 yillarda prof. M.M.Mirinoyatov mudirlik qilgan.
2011 yil sentabr oyidan dots. T.Axmadjonov Optika va lazerli fizika kafedrasiga mudirlik qilmoqda.


Kafedra ravnaqiga hissa qo`shgan olimlar
Nosenko Boris Markovich

Nosenko Boris Markovich (1917-1988 yy.) - fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. Optika kafedrasining asoschisi hisoblanib, 1957-1974 yillari ushbu kafedraga mudirlik qilgan. Fizika fakultetida optika sohasi bo`yicha mutaxassislar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirish uning nomi bilan bog`liq. B.M.Nosenko rahbarligida 15 ta nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Uning shogirdlari nafaqat O`zbekistonda, balki bir qator xorijiy mamlakatlarning oliy o`quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlarida ham faoliyat ko`rsatmoqda.

Muqimov Komil Muqimovich

Muqimov Komil Muqimovich - fizika-matematika fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademisining akademigi. 1974-1992 yillarda Optika kafedrasiga mudirlik qilgan. 1977 yildan boshlab, kafedrada magnit materiallarda magnitooptika hodisasini o`rganishga kirishildi va bu yo`nalish bo`yicha Moskva davlat universitetining fizika fakulteti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlari yo`lga qo`yildi. O`ndan ortiq o`quv metodik ishlar va 200 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi. 13 ta fan nomzodi tayyorlagan.

Xabibullaev Po`lat Qirg`izbaevich

Xabibullaev Po`lat Qirg`izbaevich - fizika - matematika fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademisining akademigi, Rossiya Fanlar akademisining muxbir a`zosi. 1993-1995 yillari Optika kafedrasiga mudirlik qilgan. Mustaqillik yillari optika yo`nalishidagi ilmiy tadqiqot ishlari O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo`limi olimlari bilan hamkorlikda olib borildi.
Akademik P.Q.Xabibullaevning optika, zamonaviy akustika, siqilgan muhitlarning issiqlik fizikasi va lazer materialshunosligi sohalari bo`yicha yaratgan ilmiy maktabi jahon fani tomonidan e`tirof etilgan. Akademik P.Q.Xabibullaevning ilmiy-tadqiqotlar sohasidagi faoliyati natijalari 500 dan ortiq ilmiy maqolalar va 13 ta monografiyalarda o`z aksini topgan. 30 ta fan doktori va 150 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlagan.
Jahonga tanilgan fizik olim, O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori, O`zbekiston Respublikasi fan arbobi, ko`plab xorijiy mamlakatlarning akademigi, O`zbekiston fizika jurnalining bosh muharriri, bir qator jurnallar hay`at a`zosidir.

Gofman Ilya Ivanovich

Gofman Ilya Ivanovich - fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. Radiofizika kafedrasi asoschisi. 1964-1969 yillarda ushbu kafedraga mudirlik qilgan. Radioto`lqinlarning ionosferada tarqalishi bo`yicha ilmiy izlanishlar olib borgan.

Xadjimuhammedov Xabibulla

Xadjimuhammedov Xabibulla - fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent. 1969-1980 yillarda Radiofizika kafedrasiga mudirlik qilgan. 70 ga yaqin ilmiy ishlar va bitta monografiya muallifi. O`zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori, O`zbekiston entsiklopediyasida fizika, kvant radiofizikasi bo`yicha maqolalar bilan qatnashgan va entsiklopediyaning fizika-matematika sektsiyasida tahrir hay`ati a`zosi bo`lgan.

Mirzaev A`zam Turapovich

Mirzaev A`zam Turapovich (1943-2002 yy.) - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1980-2002 yillarda kvant radiofizika kafedrasiga mudirlik qilgan. Kvant radiofizika sohasi bo`yicha mutaxassislar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot ishlarini rivojlantirishda uning hissasi katta bo`lib, rahbarligida 12 ta fan nomzodi va 2 ta fan doktori tayyorlangan. 180 ta ilmiy maqola muallifi. Fotonlar statistikasi, lazer nurining kogerentligi, kvant signallarini qabul qiluvchi chegaraviy optik sistemalar ustida tadqiqotlar olib borgan. Respublikada e`tirof etilib kelinayotgan Kvant radiofizika ilmiy maktabi asoschilaridan biri.

Mirinoyatov Mirsodiq Mirqurbonovich

Mirinoyatov Mirsodiq Mirqurbonovich - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 2002-2005 yillarda Kvant radiofizika kafedrasiga mudirlik qilgan. Yuqori va o`ta yuqori chastota razryadli gazli faol muhitlarning elektr, optik va generatsiya tavsiflari tadqiqotlari hamda gazli lazerlarning yangi konstruktsiyalarini yaratish sohasida taniqli olim. 140 dan ortiq ilmiy maqolalar, tezislar va O`zbekiston Respublikasining 8 ta dastlabki patentlari, Oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlari uchun yaratilgan ko`plab o`quv laboratoriya qurilmalarining muallifi. M.M.Mirinoyatov tomonidan hammualiflikda oltita o`quv qo`llanma chop etilgan va 2 ta o`quv qurilmasiga Respublika patenti olingan.

Otajonov Shavkat

Otajonov Shavkat - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1995 yildan Optika, 2005-2011 yillarda Optika va Kvant radiofizika kafedralari asosida tashkil qilingan Optika va lazerli fizika kafedrasining mudiri lavozimida ishlagan.
Kafedraga rahbarlik qilish davrida 4 ta fan doktori, 14 ta fan nomzodlari tayyorlandi. 1997-2002 yillari Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan talablar asosida O`zbekiston Respublikasi oliy o`quv yurtlarining ta`lim jarayoniga tadbiq etilgan bakalavriatura bosqichining 24 yo`nalishi, hamda magistraturaning 100 ga yaqin mutaxassisliklari bo`yicha Davlat ta`lim standartlari va namunaviy o`quv rejalarini ishlab chiqish guruhiga rahbarlik qilgan.
Kondensirlangan muhitlardagi relaksatsion jarayonlar, fazoviy o`tishlar hamda nochiziqli optika yo`nalishi bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boradi. 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, konferentsiya tezislar, hamda 7 ta o`quv qo`llanma muallifidir.

Kafedra faoliyati

Kafedra o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning tashabbuslari bilan qabul qilingan Kadrlar tayyorlash Milliy dasturidagi vazifalardan, Prezidentimizning universitetga Milliy maqomi berish to`g`risidagi 2000 yil 28 yanvardagi Farmoni ko`rsatmalaridan kelib chiqib, hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va O`zMU rektoratining ta`lim sohasidagi tegishli me`yoriy hujjatlari asosida olib boradi.
Kafedraning o`quv uslubiy jarayoniga 12 nafar professor-o`qituvchilar jalb qilingan bo`lib, ulardan 4 nafari fan doktori-professorlar va 6 nafari esa fan nomzodlari-dotsentlardan tashkil topgan.

Kafedra jamoasi.

Kafedrada 5523100-Lazer texnikasi va lazerli texnologiyalar bakalavriatura yo`nalishi, 5A440104-Optika, magnitooptika va molekulyar optika, 5A440105-Lazer fizikasi, 5A440109-Radiofizika, 5A140202-Fizika (yonalishlar boyicha) mutaxasisliklari bo`yicha magistratura hamda 01.04.05-Optika, 01.04.03-Kvant radiofizika ixtisosliklari bo`yicha aspirantura mavjud.
Kafedradagi barcha fanlarning namunaviy o`quv dasturlari O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarmoq institutlarining olimlari hamda boshqa buyurtmachi tashkilotlardagi mutaxassislar bilan muhokama qilingan bo`lib, har yili ularning takliflari e`tiborga olingan holda barcha fanlardan ishchi o`qyv dasturlari tayyorlanib, o`qyv tizimiga joriy qilinadi. O`qitiladigan barcha fanlar o`qyv adabiyotlari bilan to`la ta`minlangan. Kafedrada o`qyv kutubxonasi tashkil qilingan bo`lib, talabalar foydalanishlari uchun qulay sharoit yaratilgan.

Dots. Muxamedxanova Sh. 3 kurs talabalari bilan maxsus fandan laboratoriya mashg`uloti olib bormoqda.

Bundan tashqari kafedradagi internetga ulangan kompyuterlar yordamida ham kerakli adabiyotlar va ilmiy jurnallardan materiallar olish mumkin. Kafedrada o`qitiladigan barcha fanlar bo`yicha laboratoriya ishlari mavjud bo`lib, kerakli uslubiy qo`llanmalar bilan ta`minlangan. Kafedraning barcha talabalari professor-o`qituvchilarga biriktirilgan.
Ayrim amaliy mashg`ulot va malakaviy amaliyotlarni yuqori saviyada tashkil qilish uchun kafedra yo`nalishi bo`yicha zamonaviy moddiy-texnik bazalarga ega bo`lgan ilmiy laboratoriyalarda o`tkazish maqsadida talabalar muntazam ravishda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo`limi, hamda Akademasbob ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining zamonaviy ilmiy laboratoriyalarda bo`ladilar va amaliy mashg`ulot darslarini o`tkazishadi. O`quv jarayoniga O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli fizika yo`nalishidagi institutlarning yetakchi olimlari ham jalb qilingan.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan fan va ta`lim tizimining integratsiyasi har tomonlama barkamol, raqobatbardosh va bugungi kun talablariga javob beradigan fizik mutaxassislar tayyorlashda O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari bilan amaldagi hamkorlik samaradorligini oshirish, zamonaviy moddiy-texnika va salohiyatli olimlar imkoniyatlarini yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb qilish maqsadida 2008 yili O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo`limi qoshida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining Optika va lazer fizikasi o`quv-ilmiy markazi tashkil qilindi.
Kafedraning iqtidorli talabalari Mustaqil O`zbekiston Respublikasi uchun zarur bo`lgan fizikaning ustivor yo`nalishlari bo`yicha kafedradagi mablag` bilan ta`milanadigan ilmiy guruxlarga biriktiriladi.

Dots. R.Karimov Optika fanidan laboratoriya mashg`ulotida.

Mustaqillik yillarida kafedaraning professor-o`qituvchilari tomonidan 40 dan ortiq darslik va o`quv qo`llanmalar yaratildi.
Viloyatlardagi turdosh kafedralarga ham doimiy yordam berilmoqda. Bir qator professor-o`qituvchilar kafedra bazasida malakalarini oshirib ketmoqdalar, shuningdek yuqori malakali kadrlar (fan nomzodlari va doktorlari) tayyorlanmoqda.
Kafedraning bitiruvchi mutaxassislariga talab katta. Ularning ko`pchiligi O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlarida, tibbiyot sohasining diagnostika yo`nalishi markazlarida, Mudofaa vazirligiga tegishli tashkilotlarda, Markaziy geologiya laboratoriyalarida, Oliy o`qyv yurtlarida hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida faoliyat ko`rsatmoqdalar.
Universitetda optika va spektroskopiya sohasidagi dastlabki ilmiy tadqiqotlar XX asrning 50-yillarida prof.V.A.Kizel va dots.B.M.Nosenkolar rahbarligida asos solingan bo`lib (1960 yildan boshlab, prof.V.A.Kizel Moskva fizika-texnika institutida ishlagan), muhitlardan elektromagnit to`lqinlarning qaytishi, yutilishi va lyuminestsentsiya spektrlari yordamida muhitlar strukturasini o`rganish yo`lga qo`yildi.
1960-1970 yillardan boshlab dots.B.M.Nosenko rahbarligida universitetda optika va spektroskopiya sohasida ilmiy maktab shakllantirilib, elektromagnit nurlanishlarning muhitlar bilan o`zaro ta`sirlashuv qonuniyatlarini o`rganishga bag`ishlangan keng ko`lamli ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Bu sohadagi ilmiy tadqiqot ishlari uchta ilmiy yo`nalishda rivojlandi: lyuminestsentsiya; molekulyar optika; amaliy spektroskopiya. Ushbu ilmiy yo`nalishlarning rivojlantirilishiga asosiy sabab ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga tadbiq etish bilan bog`liq bo`lib, lyuminestsent yorug`lik manbalarini yaratish, moddalardagi elementlar tarkibini va uning miqdorini aniqlash ustida ishlar olib borildi. Bu tadqiqotlar tibbiyot, farmakologiya va geologiya fanlari rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo`ldi. Bu sohada dots. B.M.Nosenko, dots. L.S.Revzin, dots.A.A.Ayvazova, dots. L.M.Shapiro, dots. V.Ya.Yaskolko, dots. Sh.Muxamedxanova, dots.Sh.Alimov, dots. A.N.Krasnayalar samarali tadqiqotlar olib bordilar.
Natijada sulfatlardagi lyuminestsentsiya hodisasi va ekzoelektron emissiyasining ilmiy modeli yaratildi. Shuningdek, kristall sirtining energetik strukturasini xarakterlovchi yangi usul ishlab chiqildi. Jaxonda birinchilardan bo`lib laboratoriya sharoitida ekzoelektron dozimetr (o`lchov asbobi) tayyorlanib, sanoatda ishlab chiqarish uchun tavsiya etildi. Ushbu qurilma asosida sezgirligi o`ta yuqori bo`lgan dozimetrlar sanoat miqyosida ko`plab ishlab chiqilib, kosmik apparatlarda hamda boshqa bir qator texnika sohalariga tadbiq qilindi. Bu yangiliklar bir nechta mualliflik guvohnomalari bilan tasdiqlangan.
1970-1980 yillarda Optika yo`nalishida elektromagnit to`lqinlarning muhitlarni tashkil etuvchi atom va molekulalar bilan o`zaro ta`sirlashuvi jarayonining fizik qonuniyatlarini o`rganishga bag`ishlangan yangi o`ta muhim ilmiy yo`nalish shakllanib, bugungi kungacha samarali rivojlanib kelmoqda. Bu soxadagi dotsentlar B.M.Nosenko, A.A.Ayvazova, I.A.Gorbatov va professor Sh.Otajonovlarning ilmiy tadqiqot ishlari mamlakat fiziklari orasida yuqori e`tiborga sazovor bo`ldi.
Bu olimlar qutblanuvchanlik tenzorlari bo`yicha simmetrik va asimmetrik xususiyatlarga ega bo`lgan anizotrop molekulalardan xamda kristallardan yorug`likning molekulyar va kombinatsion sochilish spektrlari yordamida muhitlar strukturasini o`rganishda katta yutuqlarni qo`lga kiritib, bir qatop yangi ilmiy qonuniyatlarni yaratdilar. Shular jumlasidan, molekulalarning erkinlik darajalari bo`yicha tormozlanib harakatlanishi nazariyasi yaratildi va ilmiy jamoatchilik tomonidan qizg`in ma`qullandi. Ushbu nazariya moddalarning xususiyatlarini o`rganishda bugungi kunda ham keng ko`lamda qo`llanilib kelmoqda.
Dots.B.M.Nosenko rahbarligidagi olimlar tomonidan ishlab chiqarishga keng ko`lamda tadbiq etilayotgan (aloqa vositalari, kompyuter tizimi, meditsina va hokazo) optik tolalarning xususiyatlari o`rganilib, optik tolalarda signallarni uzatilishi jarayonidagi ma`lumotlarni yo`qotilishini hisobga olishning butunlay yangi original usuli ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq qilindi. Uning rahbarligida 15 ta nomzodlik dissertatsiyalari ximoya qilindi.
Bugungi kunda Milliy universitetda optika va spektroskopiya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari uning o`quvchilari tomonidan samarali davom ettirilmoqda.

Prof. Valiev U.V. magistrantlar bilan magnitooptika ilmiy laboratoriyasida.

Magnitli tartiblangan muhitlarning strukturasini optik va magnitooptik usullar bilan o`rganish bo`yicha navbatdagi ilmiy tadqiqot yo`nalishiga akad.K.M.Muqimov, prof.U.V.Valiev va boshqa taniqli olimlar asos solib, optika va spektroskopiya ilmiy maktabi faoliyatini yangi bosqichga ko`tardilar.
Ushbu fundamental tadqiqotlar yordamida muhitlarning optik va magnitooptik xossalari ularning magnitlangan holati bilan o`zaro bog`liq ekanligi aniqlandi. Keyinchalik chuqur tadqiqotlar asosida yangi magnitooptik spektroskopiya yo`nalishiga yo`l ochildi.
1980 yillardan boshlab paramagnit birikmali nodir yer materiallarini lazer fizikasida, integral optika hamda elektron optika sohalarida keng qo`llanish imkoniyati bo`lganligi uchun ularning optik, magnitli va magnitooptik xususiyatlarini o`rganish tadqiqotlari prof.U.V.Valiev, f.m.f.d. B.Yu.Sokolov va f.m.f.n. A.A.Klachkov tomonidan rivojlantirildi. Ular olib borgan nazariy va eksperimental ilmiy tadqiqotlar natijasida magnitooptik effektlarning sodir bo`lishida maydon va temperatura ta`sirining o`rni katta ekanligi aniqlanib, fizik jarayonlarning hosil bo`lish mexanizmlari yaratildi.
1990 yillardan boshlab optika yo`nalishidagi ilmiy tadqiqot ishlar O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Issiqlik fizikasi bo`limi olimlari bilan hamkorlikda olib borildi.
Mustaqillik yillari kondensirlangan muhitlardagi relaksatsion jarayonlarning temperaturaga bog`liqligini optik usullar bilan o`rganish bo`yicha chuqur fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borilib, yorug`likning muhitlardan molekulyar va kombinatsion sochilish spektrlari tabiatini yuqori temperaturlar oralig`ida o`rganish natijasida bir qator yangi fizik jarayonlar sodir bo`lishiga oid aniq xulosalar tavsiya etildi (prof.Sh.Otajonov, dots.A.A.Ayvazova, dots.B.Eshchanov, muh. A.Isamatov).
Moddalarning kritik temperaturasi yaqinida sodir bo`ladigan fizik jarayonlar birinchilardan bo`lib o`rganildi. Fazoviy o`tishlar, anomal o`zgarishlar molekulalarning kollektiv harakati natijasida sodir bo`lishi isbotlandi. Suyuq moddalarni sindirish ko`rsatkichini yuqori temperaturalar oralig`ida o`lchash imkonyatini beruvchi mutlaq yangi usul tavsiya etilib, laboratoriya sharoitida eksperimental qurilma yaratildi. Ushbu qurilma Fan va ishlab chiqarish mavzusidagi Respublika ko`rgazmasida namoyish qilindi. Moddalarning kritik temperaturasi yaqinida sodir bo`ladigan fizik qonuniyatlarni tahlil qilish natijasida sochilish spektri intensivligining muhitga tushuvchi elektromagnit to`lqinning to`lqin uzunligiga bog`liqligini belgilovchi amaldagi qonunlar ma`lum darajada buzilishi aniqlandi.
Bu eksperimental natijalar nazariy tomondan asoslanib, bir qator xalqaro ilmiy konferentsiyalarda fandagi yangilik sifatida ma`ruzalar qilinib, isbotlandi.
Turli strukturaga ega bo`lgan kristallarning tarkibini o`rganish yo`lidagi fundamental tadqiqotlar natijasida nodir yer birikmalarining magnitooptik xususiyatlarini o`rganish bo`yicha yangi mexanizm yaratildi va bu xorijiy mamlakatlarning yirik olimlari tomonidan e`tirof etildi.
Ilmiy ish natijalari asosida kuchsiz o`zgaruvchan magnit maydonini o`lchash imkoniyatini beruvchi optik tolali interferometrik datchik, yuqori ajrata olish qobiliyatiga ega bo`lgan bir nurli spektrofotometr hamda yorug`lik nurlanishlari modulyatorlari ishlab chiqildi. Ushbu qurilmalar o`zining bir qator ko`rsatkichlari bo`yicha xorijda ishlab chiqilgan qurilmalardan ustun turadi (prof.U.V.Valiev, f.m.f.d.B.Yu.Sokolov, prof.D.Juraev, f.m.f.n. A.I.Ridun).
Radiofizika sohasidagi dastlabki ilmiy-tadqiqot ishlari universitetda dotsentlar I.A.Gofman va X.X.Xojimuxamedovlar rahbarligida XX asrning 60-yillarida boshlangan bo`lib, radiodiapazon sohadagi elektromagnit to`lqinlarning ionosfera va turli muxitlarda tarqalishi, turli lazerlar va ularning parametrlarini tadqiq etishga qaratildi. Lekin shu soxaning yangi bir yo`nalishikvant radiofizikasini prof. A.T.Mirzaev rivojlantirib, uni 70-yillarda ilmiy maktab darajasiga ko`tardi.
A.T.Mirzaev 1973 yili Kiev davlat universiteti (Ukraina)da nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, O`zbekiston Milliy universitetining radiofizika kafedrasiga ishga kelishi bilanoq, lazer fizikasi sohasidagi ilmiy izlanishlarni keng yo`lga qo`ydi. Bu esa tez orada kvant radiofizikasi maktabi tashkil topishiga mustahkam asos bo`ldi.
Olimdan 180 dan ziyod ilmiy ishlar meros qoldi. Shulardan 2 tasi1978 va 1979 yillari kvant radiofizikasiga oid, Moskvada chop etilgan Kogerentnost izlucheniya lazerov va Molekulyarnie lazeri s poperechnim visokochastotnim vozbujdeniem hammualliflikdagi monografiyalar. Ular fotonlar statistikasi va korrelyatsisi hamda lazer fizikasi sohasi rivojlanishi bilan bog`liq bo`lib, kvant radiofizikasi rivojiga sezilarli hissa qo`shdi. Uning rahbarligida 12 ta fan nomzodi va 2 ta fan doktori tayyorlangan bo`lib, bular mazkur ilmiy maktabning faoliyati kengayishi va hozirda samarali rivoj topishiga yetakchilik qilmoqdalar.
Prof.A.T.Mirzaevning fizika fanidagi yirik, dolzarb yo`nalishlarni oldindan ko`rish va his eta olishdek hislatlari hamda tashkilotchiligi ilmiy maktab mavqeini yuksak darajaga ko`tardi. U o`z ilmiy maktabiga doimo fizika fakultetini bitirgan qobiliyatli, ilmga chanqoq yoshlarni jalb qilib keldi.
Ilmiy maktab faollari o`zlarining dastlabki 20 yillik ilmiy izlanishlarida axborot uzatish va qabul qilishning optimal sistemalari ustuvor yo`nalish bo`ldi. Bu davrlarda ilmiy maktab mudofaa mavzularidagi keng qamrovli Davlat topshiriqlarini bajardi. Misol tariqasida, Yer sun`iy yo`ldoshlaridagi ob`ektdan tarqalayotgan yoki sochilgan, o`ta sust fotonlar oqimini qayd etib ob`ekt haqida ma`lumot to`plovchi sistemalar uchun tayyorlangan va tadqiq etilgan qabul qilish qurilmasini, keltirish mumkin.
A.T.Mirzaev 1972-1985 yillarda ko`p kanalli foton sanagichlari va raqamli foton korrelyatorlarini yaratish va ularni amaliyotga tadbiq qilish ishlariga raxbarlik qildi. Natijada prof. A.T.Mirzaev va uning shogirdlari erishgan ilmiy natijalar harbiy mudofaa sohasiga muvaffaqiyatli tadbiq etildi. Fotonlar statistikasi, lazer nurining kogerentligi, kvant signallarini qabul qiluvchi chegaraviy optik sistemalar ustida tadqiqotlar olib borildi. Bu yo`nalishdagi samarali ilmiy tadqiqotlar natijasida intensivligi kvant chegarasidagi yorug`lik nurlanishlarini qayd etish, ya`ni ayrim fotonlar oqimidagi ma`lumotlarni uzatishdagi fundamental masalalarning yechimi aniqlandi. Sust intensivlikdagi nurlanishlar asosida atmosfera va kosmosdagi ob`ektlarni kuzatish uchun optik asboblar hamda kvant chegarasida ishlovchi qurilmalar prof. A.T.Mirzaev rahbarligida dotsentlar A.N.Yakubov va R.R.Vildanov va D.O.Tolipovlar tomonidan yaratildi.
O`ta sust intensivlikdagi signallar vositasida hosil bo`ladigan ikki gradatsiyali diskret tasvirlarni qabul qilish yo`nalishidagi ilmiy izlanishlarga A.T.Mirzaev o`z shogirdlari diqqatini jalb etdi. Buning natijasi o`laroq, katta ilmiy xodim S.Ablaev, dotsentlar A.T.Mirzaev, T.Axmadjonov. M.Mamatqulov va texnika fanlari nomzodi I.K.Rasulov tomonidan turbulent atmosfera va optik nurtola kanallarida o`ta sust intensivlikdagi binar tasvirlarni uzatish va qabul qilish sistemasi yaratildi.
Ma`lumki, lazer nuri ob`ektlar haqida ma`lumot olish va ularni uzatishda muhim tadqiqiot quroli hisoblanadi. Bunda lazer nurlanishi manbaiga nisbatan katta talablar quyiladi. Jumladan, uning nurlanish chastotasi stabilligi va energiya iste`moli ko`pgina masalalarda (kosmik sun`iy yo`ldoshlarida, kichik siljishlarda, lazerli atom sovitkichlarida va b.) ahamiyatlidir. Ilmiy maktab vakillari prof. M.M.Mirinoyatov, fizika-matematika fanlari nomzodlari D.O.Tolipov, I.A.Solovev, Z.I.Imonqulovlar He-Ne, CO2-lazerlari shuningdek, fizika-matematika fanlari nomzodi M.Sh.Shoraximov, katta ilmiy xodimlar Sh.Zokirov, R.F.Shayaxov, ilmiy xodimlar R.Sabitova va A.X.Abdumalikov SO-lazerlarining kam shovqinli, stabil, kam energiya sarflovchi turkum modellarini yaratib, amaliyotga tadbiq etdilar. Bular kvant radiofizikasi sohasi taraqqiyotiga katta hissa qo`shdilar.

Prof. Mirinoyatov M.M. magistrantlar bilan lazer qurilmalari ilmiy laboratoriyasida.

O`ta yuqori chastotali ko`ndalang razryadli (O`YuChKR) Ne-Ne faol muhitining elektr, optik va generatsiya xususiyatlarini o`rganish natijasida o`ta quvvatli yakka chastotali va kam shovqinli, hamda past kuchlanishlarda ishlovchi (27 V) Ne-Ne lazeri mazkur ilmiy maktabning yetakchilaridan biri, prof. A.T.Mirzaevning shogirdlari prof. M.M.Mirinoyatov va katta ilmiy xodim Z.I.Imonqulovlar tomonidan yaratilib, ilmiy-amaliyotga tadbiq etildi. Yakka chastotatali O`YuChKR He-Ne (geliy-neon) lazerini yaratish, Yakka chastotatali O`YuChKR CO lazerini yaratish mavzuidagi ilmiy natijalar 1975-1981; 1983-1989 yillarda Rossiya Fanlar akademiyasi Lazer fizikasi instituti (Novosibirsk shaxri) va Moskva viloyati Jukovsk shahri Aviatsiya birlashmasi, shuningdek Ryazan ilmiy-tekshirish institutlarida keng qo`llanildi.
Bugungi kunda fizika fanida tezkor rivojlanib borayotgan yangi singulyar optika yo`nalishidagi dastlabki tajriba va amaliyot shu ilmiy maktabda ilk bor amalga oshirildi. Bu tanlangan ilmiy izlanishlarning o`ta dolbzarbligi va prof. A.T.Mirzaev ilmiy maktabining amaliy quvvati yuksak darajada ekanligidan yorqin dalolatdir. Lazer nurining bir jinsli bo`lmagan muhitlarda, jumladan, optik nurtolalarda tarqalishida vujudga keladigan spekl-maydon to`lqin fronti sirtidagi buramasimon faza buzilishlari-dislokatsiyalarning xosil bo`lishi va mavjudligi prof. S.S.Abdullaev va dots. T.Axmadjonovlar tomonidan birinchilardan bo`lib tajribada sinab ko`rilib, uning nazariyasi yaratildi. Olib borilgan tadqiqotlar asosida optik nurtolalar sindirish ko`rsatkichining taqsimotini aniqlash usuli ishlab chiqildi.
Ilmiy maktabda olingan ilmiy va amaliy natijalar ko`plab dunyoga taniqli mamlakatlar, chet eldagi nufuzli ilmiy maktablar tomonidan e`tirof etildi. Masalan, buni Rossiyaning Moskva shaxridagi Astrofizika Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi (IIChB), Novosibirsk shaxridagi Rossiya FA Lazer fizikasi ilmiy tadqiqot instituti, Tomsk Atmosfera fizikasi va optikasi ilmiy tadqiqot instituti va Ryazan shaxridagi Plazma IIChB lari bilan o`zaro shartnoma asosida qo`lga kiritilgan ilmiy natijalar va shu asosda yaratilgan fizik-texnikaviy qurilmalar, xorijda faqat e`tirof etilib tan olinishigina emas, balki sanoatda qo`llanilganligi ham isbotlab turibdi.
Zilzila va uning oqibatlari insoniyat uchun naqadar xatarli ekanligini dunyo xalqlari o`z tajribalaridan yaxshi bilishadi. Yer silkinishlarini oldindan aniqlashprognoz qilish dunyo fanidagi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Kvant radiofizikasi ilmiy maktabi tadqiqotchilari 1989 yilda professor. A. T. Mirzaev boshchiligida Ne-Ne lazer nurida ishlovchi O`ta kichik silkinishsiljishlarni qayd etuvchi lazerli tizim (deformograf)ni yaratishga muvaffaq bo`ldi. Bunday o`ta sezgir geterodinli lazer komplekslarini yaratish va ularni geofizik o`lchashlarda qo`llash uchun atmosfera orqali o`tayotgan kuchsiz yorug`lik maydonlar fazoviy energetik xarakteristikalarini yuqori tartibli fotonlar korrelyatsiyasi usuli bilan qayta tiklash muammolari ustida ilmiy izlanishlar olib borildi. Buning natijasida lazerli deformograflar uchun prof.M.M.Mirinoyatov boshchiligidagi guruh tomonidan kam shovqinli, nurlanish parametrlari yuqori stabillikga ega bo`lgan, yuqori chastotali ko`ndalang razryadli gaz lazerlari 1985-1989 yillari yaratildi.
Kvant radiofizikasi ilmiy maktabining shakllanishi va rivojlanishida Abu Rayxon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori dots. X.X.Xadjimuxamedov, dotsentlar E.O.Sagatov, A.Uzoqov, B.A.Niyazov, ilmiy xodimlar A.Sh.Gongadze, L.Rajapov va ko`plab kvant radiofizika kafedrasi ilmiy xodimlari hamda aspirantlarining ham hissalari katta bo`ldi va bo`lmoqda. Bu maktab o`zi dunyoga tanilishi bilan bir qatorda, dunyo tan olgan olimlarni ham tarbiyaladi. Ular nafaqat O`zbekiston, balki dunyo fizika fani taraqqiyotiga o`zlarining samarali xissalarini qo`shib kelmoqdalar. Shu ilmiy maktab vakili prof. S.S. Abdullaevning (prof. G.M. Zaslavskiy bilan hamkorlikda) Chaos and dynamics of rays in waveguide media (To`lqin o`tkazuvchi muhitlarda nurlar dinamikasi va xaosi) nomli monografiyasi Yverdon, Switzerland; Langhorne, Pa.: Gordon and Breach Science Publishers nashriyotlarida 1993 yili ingliz tilida ko`p nusxada chop etildi. 2006 yili uning ikinchi monografiyasi Construction of mappings for Hamiltonian systems and their applications (Gamiltonian sistemalar uchun fazaviy xaritalar konstruktsiyasi va ularning tadbiqi) nomi bilan ingliz tilida Berlin; New York: Springer nashriyotlarida ko`p nusxada nashr qilindi. Bular esa, kvant radiofizikasi ilmiy maktabi va uning yetakchilari dunyo miqyosida e`tirof etilib kelinayotganligidan dalolat beradi.
Yuqori ilmiy quvvat va salohiyatga ega bu maktabning tarkibidagi olimlar bugungi kunda katta ilmiy izlanishlar bilan bir qatorda yosh mutaxassislarni tayyorlash yo`lida ham o`zlarining salmoqli hissalarini qo`shib kelmoqdalar. Prof. M.M.Mirinoyatov tomonidan lazerlar fizikasi yo`nalishida katta hajmdagi xo`jalik shartnomalari asosida ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu jumladan, optikadan o`quv laboratoriyalari majmuasi yaratilib, O`zbekiston davlat patenti olindi.
Optika va spektroskopiya hamda lazer fizikasi sohalaridagi bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar elektromagnit to`lqinlarini muhitlar bilan o`zaro tasirlashuvi natijasidagi relaksatsion jarayonlar; fazoviy o`tishlar, kritik holatdagi fizik xodisalar; nodir magnit matriallarining xossalarini optik va magnitooptik usullar bilan tahlil qilish; kichik siljishlarni o`lchovchi lazer qurilmalarini yaratish va ishlab chiqish; optik maydonlarning kogerentlik xususiyatini o`rganuvchi yuqori tartibli fotonlar korrelyatsiyasi uslublarini ishlab chiqish; yuqori chastota razryadli gazli faol muhitlarni tadqiq etish va gazli lazerlarni yaratish; bir jinsli bo`lmagan muhitlarda lazer nurining tarqalishidagi statistik xossalari va nochiziqli dinamikasini o`rganishga asoslangan.
Mustaqillik yillari kafedra jamoasi tomonidan 14 ta fan nomzodi va 6 ta fan doktori tayyorlangan. Har yili kafedraning professor-o`qituvchilari tomonidan 30 mln. so`mlik davlat grantlari va xo`jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlari bajariladi.