O'zMU » Umumiy fizika kafedrasi
 
1969 yili tashkil etilgan Fakultetlararo umumiy fizika, 1976 yilda tashkil etilgan Fizikani o`qitish uslubi va tarixi va 1955 yili faoliyatini boshlagan Atmosfera fizikasi kafedralari 2005 yili birlashtirilib, Umumiy fizika, fizikani o`qitish uslubi va atmosfera fizikasi kafedrasi tashkil etildi va 2011 yildan Umumiy fizika kafedrasi deb yuritilmoqda.
Universitet tashkil etilgan kundan boshlab Fizika kafedrasi o`z faoliyatini boshlagan. Kafedra ishini rivojlantirishga taniqli olimlar N.N. Zlatovratskiy, A.E.Levashev, N.V. Krimenevskiy, L.N. Dobretsovlar katta hissa qo`shganlar.
1936 yil Fizika kafedrasi qoshida Eksperimental fizika kafedrasi tashkil etildi. 1936 yildan 1965 yillar orasida Eksperimental fizika kafedrasiga atoqli olimlar S.V. Starodubtsev, J.N. Shuppe, S.U. Umarov, I.I. Islomov va I. Andreevlar rahbarlik qildi
Dots. Karimov R. K. 1965-69 yillar davomida Eksperimental fizika kafedrasining faoliyatini boshqardi. U kafedra qoshidagi o`quv laboratoriya jihozlarini yangilashda, mavjud ishlarni takomillashtirishda va yangi laboratoriya ishlarini qo`yishda katta tashabbus ko`rsatdi.
1969 yili Eksperimental fizika kafedrasi ikkiga bo`lindi: fizika fakulteti talabalari uchun Eksperimental fizika va tabiiy fakultet talabalari uchun Fakultetlararo umumiy fizika kafedrasiga bo`lindi.
1969-1989 yillar davomida Eksperimental fizika kafedrasini dots. U. V. Azizov, 1989-1995 yillarda esa prof. I.Bo`riboev boshqardi. Fizikani o`qitish uslubi va tarixi kafedrasini 1976 2004 yillarda prof. E.N. Nazirov boshqardi.
1969-91 yillar davomida Fakultetlararo umumiy fizika kafedrasini qattiq jismlar fizikasi va kimyosi sohasidagi atoqli olim prof. M.A. Ma`rupov boshqardi. Prof. M.A. Ma`rupovning universitetlarda va umuman oliy maktabda fizika fanini o`qitishni takomillashtirish borasidagi xizmatlari alohida diqqatga sazovor. 1991 yildan boshlab bu kafedraga professor U. Abduraxmanov mudirlik qilib kelmoqda.

Kafedra ravnaqiga hissa qo`shgan olimlar
MA`RUPOV MAXMUD ASQAROVICH
(1934-1991)

MA`RUPOV MAXMUD ASQAROVICH (1934-1991) - 1934 yilda Toshkent shahrida tug`ildi. 1958 yili Toshkent Davlat universitetining fizika fakultetini bitirgach, Moskvadagi L.Ya. Karpov nomli fizikaviy kimyo institutida akademik V.A. Kargin rahbarligida aspiranturada tahsil oldi va 1963 yili kimyo fanlari sohasida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1970 yildan boshlab fizika fakultetining umumiy fizika kafedrasida polimer moddalarning fizik xususiyatlarini o`rganish orqali fizika va kimyo sohalari orasida yangi ilmiy tadqiqot yo`nalishini tashkil qildi va 1981 yili Moskva shahrida fizika-matematika fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo`ldi. 1970 yillarda boshlangan bu ilmiy tadqiqot ishlari natijasi fakultetlararo umumiy fizika kafedrasida "Organik yarim o`tkazgichlar fizikasi" ilmiy maktabi darajasiga yetdi.
M.A. Ma`rupov o`zining samarali ilmiy faoliyati jarayonida 130 dan ortiq ilmiy ishlarni, shu jumladan, 3 monografik umumlashtiruvchi ma`lumotlar to`plamini e`lon qildi. U 15 ta ixtiro uchun mualliflik guvohnomasini olgan hamda 15 ta fizika-matematika fanlari, 2 ta kimyo fanlari, 1 ta texnika fanlari nomzodlarini va 2 ta fizika-matematika fanlari doktorlarini tayyorlagan.
M.A. Ma`rupov qattiq jism fizikasi va kimyosi sohasining rivojlanishiga katta hissa qo`shdi. U tomonidan birinchi marta avvaldan berilgan elektr va boshqa fizik-kimyoviy xossali kompozitsion elektr o`tkazuvchi polimer materiallarni yaratish muammosini yechishga yangicha yondashish taklif qilindi, asoslab berildi va ilmiy tajriba yo`li bilan tasdiqlandi.
M.A. Ma`rupov umrining oxirgi yillarida amaliy ahamiyati ulkan, qattiq jism fizikasining qiziqarli va istiqboli porloq yo`nalishlaridan biri - organik ferromagnetizim muammosi bilan faol shug`ullandi. Uning ijodiy muvaffaqiyatlari bir necha bor faxriy yorliqlar va "Hurmat belgisi" ordeni bilan taqdirlandi.
Hozirgi kunda ilmiy yo`nalishga prof. M.A. Ma`rupovning shogirdlaridan biri prof. U. Abduraxmonov rahbarlik qilmoqda.

NAZIROV ERGASH NAZIROVICH (1930-2004)


NAZIROV ERGASH NAZIROVICH Toshkent shahrida tug`ilgan. 1953 yili O`rta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi O`zMU) fizika-matematika fakultetining fizika bo`limini tugatgan. U 1953 yili Toshkent Davlat Universiteti (hozirda O`zMU) da pedagogik faoliyatini boshladi. 1972 yilda pedagogika fanlari nomzodi darajasi uchun dissertatsiyani himoya qilgan. 1972-1976 yillarda E.N. Nazirov Toshkent Davlat Universiteti fizika fakultetining Eksperimental fizika kafedrasi dotsenti lavozimida ishladi. 1976 yili professor E.N. Nazirov tashabbusi bilan O`zbekistonda birinchi marta Fizika metodikasi va tarixi kafedrasi tashkil etildi. E.N. Nazirov ushbu kafedra mudiri lavozimiga tayinlandi va umrining oxirigacha ushbu vazifada fidokorona faoliyat ko`rsatdi.
Nazirov E.N. - o`zbek fizigi, professor, mohir pedagog, O`zbekistonda fizikani o`qitish metodikasi sohasining tashkilotchisi, taniqli lug`atshunos, yetuk va taniqli mutaxassislardan biri. Uning o`quv va ilmiy metodik ishlari vatanimizda va MDH davlatlarida yaxshi tanilgandir. O`zbek fizika atamashunosligi va darsliklar nazariyasi sohasida yetakchi mutaxassis bo`lib, zamonaviy fizika tilini respublikada rivojlantirishdagi ishlari beqiyosdir.
Yuqori malakali pedagoglik va keng miqyosdagi jamoatchilik faoliyati bilan birga E.N.Nazirov oliy va xalq ta`limi uchun hamdo`stlik mamlakatlari darsliklarining o`zbek tiliga mohir tarjimoni, qator o`quv adabiyotlarining maxsus muharriri, darslik, qator lug`atlar (8 ta), chop etilgan yuzlab ilmiy-metodik maqolalar muallifi, respublika oliy o`quv yurtlari talabalarini o`zbek tilidagi fizikaviy o`quv adabiyotlari bilan ta`minlash ishlariga katta hissa qo`shgan olim. E.N. Nazirov ilmiy-uslubiy tadqiqotlarining yana bir yo`nalishi O`qitishning eksperimental vositalarini yaratish va ularni ta`lim sohasiga joriy qilish masalalari bo`lib ushbu masalalar O`qituvchi (1979), O`zbekiston (2001), ToshDU (1976, 1977, 1983) va O`zMU (1994-2002) nashriyotlarida chop etilgan 4 ta fizik amaliyot va 12 ta o`quv qo`llanmalarda aks etgan.
E.N. Nazirov yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e`tibor bergan. Uning rahbarligida pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasi olish uchun 3 ta dissertatsiya himoya qilingan.
E.N. Nazirov pedagogika fanlari nomzodi, professor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan xalq ta`limi xodimi , O`zMU Mohir pedagogi , O`zbekiston xalq maorifi a`lochisi, Shavkatli mehnati uchun va Mehnat faxriysi medallari bilan mukofotlangan.

ABDURAXMANOV UMARBEK YUSUFBEKOVICH


1951 yili 1 sentyabrda Toshkent shahrida tug`ildi. 1973 yili Toshkent Davlat universitetining fizika fakultetini bitirgach, umumiy fizika kafedrasiga ishga olib qolindi. U 1973-1981 yillarda prof. M.A. Ma`rupov boshchiligida organik yarim- o`tkazgichlarning elektr va paramagnit xususiyatlarini o`rganish bo`yicha nomzodlik dissertatsiyasini Sankt-Petrburg Politexnika institutida himoya qildi. U yarimo`tkazgichli xususiyatga ega bo`lgan polimer kompozitlarning elektrofizik xususiyatlarini o`rganish yo`nalishida ilmiy ishini davom ettirib, 1989 yili Moskva Kimyo fizikasi institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
U.Yu. Abduraxmanov to`ldiruvchining miqdorini kritik kontsentratsiyasi atrofida o`zgartirish orqali kompozitlarning xususiyatlarini o`zgarish qonuniyatlarini ochib berdi. Bu qonuniyatlarni o`rganish orqali xalq xo`jaligining ma`lum tarmoqlari uchun polimer kompozitlar asosida sezgir elementlarni olish yo`llari ko`rsatildi.
Hozirgi kunda uning asosiy ilmiy yo`nalish tarkibida nanozarrachalari bo`lgan polimer va keramik moddalarning elektrofizik xususiyatlarining to`ldiruvchining kritik kontsentratsiyasi atrofida o`zgarish qonuniyatlarini o`rganishga qaratilgan. Hozirgi kunda uning boshchiligida bu yo`nalishda 2 fan doktori, 3 dotsent, 3 aspirant, 2 magistrant va 5 bakalavriatura talabalari ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Uning rahbarligida 5 ta aspirant nomzodlik ilmiy darajasini olishga muvaffaq bo`ldi. U 110 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi.
Hozirgi kunda faoliyat ko`rsatayotgan professor-o`qituvchilar dots. M.A. Zoxidova, dots. A.X. Zaynutdinov, dots. A.X. Yunusov, dots. M.A. Sagatovlar prof. U.Yu. Abduraxmanov rahbarligida ilmiyuslubiy ishlarini muvaffaqiyat bilan olib bormoqda.
Kafedra o`qituvchilari "Har xil aralashmali moddalarning elektrofizik xususiyatlarini o`rganish" mavzusi bo`yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishyapti. 1975-2008 yillar orasida 4 ta doktorlik, 26 ta nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlandi, 18 ta ixtiroga mualliflik guvohnomasi olindi, 400 dan ortiq ilmiy maqolalar markaziy va Respublika oynomalarida chop etildi, shu jumladan, 1990-2007 yillar orasida 1 ta doktorlik, 2 ta nomzodlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli yoqlandi.

Kafedrada olib borilayotgan ishlar

Hozirgi kunda kafedrada "Tarkibida metallarning nanozarrachalari bo`lgan kompozit materiallarning oqish chegarasi atrofidagi elektrofizik xususiyatlarining mohiyati" mavzusida 2007-2011 yillarga mo`ljallangan fundamental tadqiqotlar bo`yicha Respublika granti bajarilib, unga universitet rektori, prof. G`.I.Muxamedov ilmiy rahbarlik qildi.
Kafedra professor-o`qituvchilari kimyo, matematika, kompyuter texnikasi, biologiya, geologiya va tuproqshunoslik, falsafa fakultetlari talabalariga umumiy fizika fani bo`yicha ta`limni amalga oshiradi. Professor-o`qituvchilar ilmiy tadqiqot ishlari bilan bir qatorda fizika fanini o`qitish uslubini takomillashtirishga, ilmiy metodik ishlarni rivojlantirishga, yangi laboratoriya ishlarini yaratishga va ularni o`quv jarayonida qo`llashga, dars jarayonida texnik vositalardan foydalanishga katta e`tibor berib kelmoqda.
Kafedrada ilmiy tadqiqot ishlari bo`yicha olingan natijalar biologiya, kimyo, geologiya fakulteti talabalariga hamda materialshunoslik mutaxassisligidagi magistrantlarga ma`ruza va amaliy darslarga tadbiq qilib kelinmoqda. 2003-2005 yillarda mo`ljallangan "Yong`indan xabar beruvchi issiqlik sezgir bildiruvchi va uni qabul qiluvchi qurilmalarning tajriba namunalarini tayyorlash" mavzusi bo`yicha olingan grantning natijalari 2009 yili xalq xo`jaligining ma`lum tarmoqlariga tadbiq qilingan.

Kafedra jamoasi oliy o`quv yurtlarida fizika o`qitish samaradorligini oshirish muammolari yuzasidan ilmiy-uslubiy tadqiqot ishlari olib borgan. U ikki yo`nalishdan iborat edi:
a) Oliy va o`rta maxsus o`quv yurtlarida fizikani nazariy va eksperimental o`qitishni takomillashtirish;
b) O`zbekistonda fizik tadqiqotlarning, fizik mutaxassislar tayyorlash tizimining shakllanishi va rivojlanishi tarixi.
Kafedra professor-o`qituvchilari fizika fakulteti va magistratura yo`nalishlarida talabalarga umumiy kurs va maxsus kurslardan ta`limni amalga oshiradi. Bo`lim o`qituvchilari ilmiy tadqiqot ishlari bilan bir qatorda fizika fanini o`qitish uslubini takomillashtirishga, ilmiy metodik ishlarni rivojlantirishga, yangi laboratoriya ishlarini yaratishga va ularni o`quv jarayonida qo`llashga, dars jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan hamda axborot kommunikatsion texnologiyalari-dan foydalanishga katta e`tibor berib kelishmoqda.
Kafedraning uslubiy ishi umumiy kurs va maxsus kurslar bo`yicha namunaviy va ishchi dasturlarni yaratib, ular asosida talabalarning mustaqil ishlarini tashkil qilishga, bilimlarni uzluksiz nazorat etish va ularni individual ishlashga mo`ljallangan o`quv-uslubiy qo`llanmalar va ko`rsatmalar yaratishga qaratilgan. Shu yo`nalishdagi ishlar 1990-2008 yillar orasida 40 ta o`quv-uslubiy qo`llanma ko`rinishida chop etildi. Pedagogik amaliyotlar Toshkent shahridagi maktablar hamda O`zMU qoshidagi akademik litseylarda olib boriladi.
Shu bilan birga Toshkent shahridagi Oliy o`quv yurtlari talabalariga akademik litsey, kasb-hunar kollejlariga hamda Oliy pedagogika instituti tinglovchilariga ko`rgazmali vositalar va fizikadan namoyish tajribalarini ko`rsatib kelmoqda.

Hozirgi kunda faoliyat ko`rsatayotgan professor-o`qituvchilar: dots. M. Qurbonov, dots. D.A. Begmatova, dots. X.M. Sattorov yuqori saviyada talabalar va magistrantlarga zamonaviy texnologiyalar asosida ma`ruzalar o`qib kelmoqdalar.

Hozirgi vaqtda 500 ma`ruza tajribasi majmui, 100 dan ortiq multimediali elektron qo`llanma, 150 dan ortiq o`quv filmi, 300 ga yaqin o`quv plakatlari, 200 dan ortiq slaydlar mavjud. Umumiy fizika kursi 3 ta ma`ruza xonalarida, o`qitishning texnikaviy vositalaridan foydalanilgan holda o`qiladi. Namoyish tajribalarini ishlab chiquvchi ilmiy tajriba xonasi, qurilmalar va boshqa didaktik materiallar Fizika bo`yicha namoyish eksperimenti texnikasi va uslubiyati kursida o`qituvchilarning malakasini oshirishda qo`llaniladi. Bu kurs va kafedra bazasi OO`Yu o`qituvchilarining eksperimentni o`quv jarayonida tashkil qilish va O`TV qo`llashda muhim ahamiyatga egadir. Bu ishlar keyingi yillarda nashr ettirilgan beshta qo`llanmada aks etgan.
Fizika o`qitish uslubi yo`nalishi bo`yicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni yuqori pog`onaga ko`tarish uchun kafedra quyidagi oliy o`quv yurtlari va ilmiy - tadqiqot institutlari bilan ilmiy-uslubiy va amaliy yordam ko`rsatish aloqalari o`rnatgan: Sankt-Peterburg Pedagogika universiteti (Rossiya); Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat Pedagogika universiteti; Qori-Niyoziy nomidagi O`zbekiston Pedagogika fanlari Ilmiy tadqiqot instituti; Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy instituti, hamda MDH davlatlari, jumladan, Moskva Davlat universiteti, Moskva pedagogika universiteti, Chelyabinsk va Kurgan pedagogika institutlari.