O'zMU » Yadro va nazariy fizika kefedrasi
 
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti fizika fakultetida Yadro fizika va Nazariy fizika kafedralari 2005-yilda birlashtirilib, Yadro va nazariy fizika kafedrasi tashkil etildi. Nazariy fizika kafedrasi tarkibiga 1996 yilda Oliy matematika kafedrasi qo`shildi. Yadro fizikasi kafedrasi 1994 yilda Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi hamda Quyi energiyali yadro fizikasi kafedralarini birlashtirish natijada vujudga kelgan edi.
Yadro va nazariy fizika kafedrasiga 2005-2007 yillari akad. T.S. Yo`ldoshboev rahbarlik qilgan, 2007 yildan hozirgi vaqtgacha kafedrani prof.A.A. Abdumalikov boshqarib kelmoqda.
Nazariy fizika kafedrasiga 1935-1941 yillari prof. A.E.Levashov, 1941-1957 yillari akad. S.U. Umarov, 1957-1965 yillari prof. G.M. Avakyants, 1965-1967 yillari prof. A. Teshaboev, 1967-1972 yillari prof. R.X. Mallin, 1972-2005 yillari akad. M.M.Musaxanov mudirlik qilgan.
Oliy matematika kafedrasiga 1965-1970 yillari dots. N.X.Teshaboeva (tashkilotchi), 1970-1996 yillari prof. Ya.X.Qo`chqorov mudirlik qilgan.
Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedrasiga 1956-1988 yillari akad. S.A. Azimov (tashkilotchi), 1989-1992 yillari prof. A. Muxamedjanov, 1992-1994 yillari akad. R.B. Begjanov mudirlik qilgan.
Quyi energiyali yadro fizikasi kafedrasiga 1962-1966 yillari dots. G.I Gumanskiy, 1966-1968 yillari dots. V.S. Masagutov, 1972-1976 yillari dots.Abdulxay Abduvaxabovich Abdumalikov, 1968-1972, 1976-1994 yillari esa akad. A.A. Abdurazzaqov mudirlik qilgan.
Yadro fizikasi kafedrasiga 1994-2000 yillari akad. B.S.Yo`ldoshev, 2000-2003 yillari f.-m.f.d. K. Nasritdinov, 2005-2007 yillari akad. T.S. Yo`ldoshboev mudirlik qilganlar.
Levashev Anatoliy Yevgenevich - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1935-1941 yillar nazariy fizika kafedrasiga mudirlik qilgan. Bu olim rahbarligida o`tgan asrning 30-40 yillarida nisbiylik nazariyasi muammolariga bag`ishlangan izlanishlar olib borildi. U nisbiylik nazariyasi va elementar zarrachalar fizikasi sohasida yirik mutaxassis bo`lib, bir qator ilmiy ishlari chop etilgan.

Kafedra ravnaqiga hissa qo`shgan olimlar
Umarov Sultan Umarovich

Umarov Sultan Umarovich - O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi (1943), fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1941-1957 yillar kafedraga rahbarlik qilgan, 1942-1950 yillarda O`rta Osiyo Davlat Universiteti rektori lavozimida samarali mehnat qildi. O`zbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti Raisining o`rinbosari (1943-1945), 1957-1964 yillarda Tojikiston Fanlar akademiyasining prezidenti bo`lgan. Ilmiy yo`nalishlari asosan statistik fizika, kinetika va yadro fizikasi sohalariga oid. Metall-yarimo`tgazgich kontakti, yarimo`tkazgichlarda issiqlik va elektr hodisalari nazariyalari bo`yicha tadqiqotlarni, hamda ikki va undan ko`p komponentli sistemalar beta va gamma nurlarning sochilishi va yutilishi bo`yicha tahliliy usul g`oyasini ishlab chiqdi. Kafedraning ilmiy yo`nalishlari asosan ikki soha bo`yicha amalga oshirilgan: elektrodinamika va statistik fizika. Xususan, mikrohodisalar nazariyasiga relyativistik munosabatlarni qo`llashga harakat qilingan. Anizotrop muhitlarning statistik muammolari, ya`ni anizotrop fazoga ega bo`lgan sistemalarning statistikasi keng rivojlantirildi. Bu hollarda statistik fizikaning fundamental teoremalaridan biri bo`lgan Liuvill teoremasining cheklangan sohada qo`llanilishi ko`rsatildi.
Avakyants Gedeon Movsesovich - fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1957-1964 yilarda kafedra mudiri lavozimida ishlagan, fizikaviy elektronika va yarimo`tkazgichlar sohasidagi taniqli olim. Uning rahbarligida nazariy fizika kafedrasining ilmiy yo`nalishi O`zR Fanlar akademiyasi qoshidagi fizika - texnika institutining rejalari va ilmiy tadqiqotlari talablariga binoan shakllandi. Ion - elektron emissiya, sirtiy ionlanish, yarimo`tkazgichlar fizikasi sohalarini rivojlantirdi va nazariyotchi-fiziklarni mazkur ishlarga jalb qildi. Yarimo`tkazgichlarning fenomenologik nazariyasini rivojlantirishga katta hissa qo`shgan olim sifatida tanilgan.

Teshaboev Alisher Teshaboevich

Teshaboev Alisher Teshaboevich - fizika-matematika fanlari nomzodi, professor. 1965-1966 yillarda kafedraga mudirlik qilgan, keyinchalik u Toshkent Davlat Universitetida Yarimo`tkazgichlar va dielektriklar fizikasi kafedrasini tashkil etgan va ko`p yilar davomida shu kafedraga raxbarlik qilgan. Qattiq jism fizikasi, yarimo`tkazgichlar fizika sohasidagi taniqli olim, hamda fizikani o`qitish metodikasi bo`yicha izlanishlar olib borgan, bir qator darsliklar va o`quv qo`llanmalarni chop ettirgan. Hozirda AnDU professori lavozimida faol ishlab kelmoqda.

Mallin Raxmatulla Xalmuradovich

Mallin Raxmatulla Xalmuradovich fizika - matematika fanlari nomzodi, professor. 1967-1972 yillarda Nazariy fizika kafedrasiga mudirlik qilgan, va shu yillarning o`zida fizika fakulteti dekani lavozimida faoliyat ko`rsatgan. Uning ilmiy izlanishlar sohasi - elektrodinamika, fizikani o`qitish metodikasi. O`zbek tilida birinchilar qatorida nazariy fizika kurslaridan ma`ruzular o`qigan va amaliy mashg`ulotlarni olib borgan. O`zbek tilida fizik atamalarning shakllanishiga asos solgan va nazariy fizikaning o`qitish metodikasiga katta e`tibor bergan. Vektorlar nazariyasining elementlari. T.: 1956, Maydon nazariyasi. T.: 1965, ikki tomlik Klassik elektrodinamika. T.:1974, monografiya va bir nechta o`quv qo`llanmalarni chop ettirgan.

Musaxanov Mirzayusuf Mirzamaxmudovich

Musaxanov Mirzayusuf Mirzamaxmudovich. 1972 yildan 2005 yilga qadar Nazariy fizika kafedrasiga rahbarlik qilgan. Lomonosov nomidagi Moskva Davlat Universiteti fizika fakultetini tugatgan (1967). 1972 yil fizika-matematika fanlari nomzodi (YaTBI, Dubna, Rossiya), 1982 yil fizika- matematika fanlari doktori (NFI, Kiev, Ukraina), professor, 1995 yil O`zbekiston FA akademigi. O`zbekiston Fanlar Akademiyasi mukofoti sovrindori (1978). Beruniy nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti sovrindori (1983). 2003 yilda nazariy fizika fanining rivojlanishiga qo`shgan hissasi va O`zbekiston Milliy universitetida ko`p yillardan beri samarali mehnatini inobatga olib Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan. Nazariy fizika Halqaro markazining (ICTP, Italiya) a`zosi, Alberta (Kanada), Osaka (Yaponiya), Pusan (Janubiy Koreya) universitetlarining taklif qilingan professori. Yadro tadqiqotlar birlashgan institutning(YaTBI, Dubna, Rossiya) ilmiy kengashini a`zosi. Bir qator ilm-fan jamg`armalari grantlari sohibi, 110 dan ortiq ilmiy ishlarni chop etgan. 01.02.04- Nazariy fizika mutaxassisligi bo`yicha Ixtisoslashgan kengash raisi, bir qator xalqaro anjumanlar tashkilotchisi.

Teshabaeva Nasihat Xamidovna

Teshabaeva Nasihat Xamidovna (1916-1989) fizika -matematika fanlari nomzodi, dotsent, 1947 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan, Oliy matematika kafedrasining tashkilotchisi va birinchi mudiri( 1965-1970 yillar). O`zbek tilida matematikaga oid darsliklarni yaratgan va rus tilidan tarjima qilgan. Jumladan Matematik fizika metodlari va Fure qatorlari va variatsion hisob darsliklarini yozgan va chop ettirgan. O`zbekiston Respublikasi Xalq maorifi a`lochisi.

Qo`chqorov Yoqub Hoshimovich

Qo`chqorov Yoqub Hoshimovich (1931-2003) - fizika-matematika fanlari doktori, professor, 1970-1996 yilarda oliy matematika kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan. Ilmiy faoliyati ehtimollar nazariyasi va funktsional analiz sohasiga taalluqlidir, 1 monografiya va 50 dan ortiq ilmiy, ilmiy-uslubiy maqolalar chop ettirgan, bir nechta darsliklar yaratgan, 6 ta nomzodlik dissertatsiyasiga rahbarlik qilgan, matematik analiz hamda nazariy va matematik fizika ixtisoslashgan Ilmiy kengashlarning a`zosi bo`lgan.

Azimov Sodiq Azimovich

Azimov Sodiq Azimovich (1914-1988) - O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedrasining asoschisi, 1956-1988 yillarda ushbu kafedraga mudirlik qilgan. 1956 yilda uning tashabbusi bilan Toshkent davlat universiteti qoshida Yadro fizikasi va kosmik nurlar kafedrasi ochildi, umrining ohirigacha shu kafedraga rahbarlik qildi. Akademik S.A. Azimov 1914 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, 1936 yilda O`rta Osiyo Davlat Universitetining fizika-matematika fakultetiga o`qishga kirib, uni 1940 yilda muvaffaqiyatli bitiradi. Universitetning rektori, prof.S.U. Umarov tavsiyasiga ko`ra S.A. Azimov Moskvadagi jahonga mashhur P.N.Lebedev nomidagi fizika institutiga ilmiy ishlarni olib borishga yuborildi va unga aspiranturada prof.V.I. Veksler ilmiy rahbar bo`ldi.
O`tgan asrning 50-yillari oxirlaridan boshlab S.A.Azimov va uning shogirdlari Moskvadagi Lebedev nomidagi fizika insitutida, Dubnada yangi tashkil etilgan Yadro tadqiqotlari birlashgan institutida hamda Eksperimental va nazariy fizika institutlarida elementar zarralar fizikasi sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlarda faol ishtirok etdilar. 1956 yilda akad. U.O. Oripov bilan birgalikda, fizika-matematika fanlari doktori S.A. Azimov O`zbekistonda Yadro fizikasi insitutini barpo etish tashabbusi bilan chiqadi va Markaziy Osiyoda birinchi bo`lib Toshkentda zamonaviy yadro reaktori hamda fizikaviy qurilmalar majmui bilan jihozlangan yadro tadqiqotlar markazi ochildi. Yadro fizikasi institutining tashkil etilishida, ilmiy xodimlarni tanlashda, ilmiy faoliyat mavzusi va asosiy yo`nalishlarini belgilashda akad. S.A. Azimovning hissasi kattadir. 1966 yil u Fizika-texnika institutiga rahbar etib tayinlandi. O`tgan asrning 80-yillarida akad. S.A. Azimovning bevosita rahbarligida geliomaterial-shunoslik rivojlantirish hamda Katta Quyosh reaktorini qurish ishlari boshlandi va O`zbekistonda quyosh energiyasidan foydalanib qiyin eriydigan metallar va o`tga chidamli materiallarni sof ko`rinishda olish uchun ilmiy ishlab chiqarish kompleksi yaratildi. Akad. S.A. Azimovning kosmik nurlar fizikasi, yadro fizikasi, yarimo`tkazgichlar va yuqori haroratli materialshunoslik fizikasi sohalardagi tadqiqotlari o`zining ilmiy salohiyati va betakrorligi bilan ajralib turadi.

Abdurazzaqov Abdujabbor Abdurazzaqovich

Abdurazzaqov Abdujabbor Abdurazzaqovich (1932-1994) - O`zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor. 1932 yilda Bekobod shahrida (Toshkent viloyati) tug`ilgan, 1951-1956 yillarda O`zMU fizika-matematika fakultetida tahsil oldi. U O`zbekistonda Yadro spektroskopiyasi fanining rivojlanishiga sezilarli hissa qo`shgan olim. Rossiyaning Dubna shahridagi Yadro Tadqiqotlari Birlashgan Instituti (YaTBI) Yadro muammolari laboratoriyasida o`z izdoshlari va iqtidorli yoshlardan tashkil topgan guruh ishtirokida nodir elementlar izotoplarining asosiy va uyg`ongan holatlari hamda yadro jarayonlarida yuz beradigan ichki konversiya elektronlari ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishdi. Elektronlarning energiyalar bo`yicha taqsimlanishini aniqlash uchun A.A Abdurazzaqov va uning shogirdlari, yuqori energetik ajratish qobilyatiga ega bo`lgan beta-spektrografdan foydalandilar. U 1967 yilda halqaro YaTBI ning ikkinchi mukofoti va diplomiga sazovor bo`ldi, Beruniy nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti sovrindori (1978 yil). Akademik A.A. Abdurazzakov yaratgan ilmiy maktab va shogirdlari o`z faoliyatini davom ettirib milliy yosh olimlarni tayyorlashga o`zlarining hissalarini qo`shib kelmoqda.

Yo`ldoshbaev Taymas Sattievich

Yo`ldoshbaev Taymas Sattievich akademik. O`zR FA Fizika-Quyosh IIChB laboratoriya mudiri, 2005-2007 yillarda o`rindoshlik asosida Yadro va nazariy fizika kafedrasiga mudirlik qilgan.
Akademik T.S. Yo`ldoshbaev 1931 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan. 1949-1954 yillarda Moskva Davlat universitetining fizika fakultetida ta`lim olib, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida o`z ustozi akad.S.A.Azimov rahbarligada ilmiytadqiqotlarini olib bordi. Akad. T.S.Yo`ldoshbaev hozirgi kungacha yuqori energiyalar fizikasi bo`yicha katta ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Uning tomonidan ko`plab shogirdlar yetishib chiqdilar. Akad. T.S.Yo`ldoshbaev 1967 yilda kafedra xodimlari Yu.P. Kratenko, G.A.Kochetkov, Z. Dovudovlar ishtirokida Kumbel stantsiyasida kosmik nurlardagi nuklonlar va pionlarning har xil yadrolar bilan o`zaro ta`sirlashish xususiyatlarini o`rganish uchun mo`ljallangan yangi turdagi qurilmaning loyixasini yaratdi va uni ishga tushirdi. Ushbu qurilma yordamida adronlar o`zaro ta`sir fundamental xarakteristikalarini tadqiq qilish imkoni yaratildi. Akad. T.S. Yo`ldoshbaev rahbarligida 10 dan ortiq fan nomzodlari tayyorlandi.

Abdumalikov Abdulaziz Abduvaxabovich

Abdumalikov Abdulaziz Abduvaxabovich - fizika-matematika fanlari doktori, professor, Moskva davlat universiteti fizika fakultetini 1969 yilda tamomlagan, O`zMU mohir pedagogi faxriy unvon sohibi (2001), Pedagogik Ta`lim Xalqaro Fanlar Akademiyasi muxbir a`zosi (2004). Yilning eng yaxshi darsligi va o`quv adabiyoti muallifi Iste`dod jamg`armasi diplomi bilan taqdirlangan (2007). Bir qator xalqaro grantlar sovrindori. Asosiy ilmiy yunalishi bir jinsli bo`lmagan muhitlarda nochiziqli to`lqin jarayonlari nazariyasiga bag`ishlangan. Stoxastik molekulyar kristall, magnetiklar, segnetoelektrik, suyuq kristallarda, nur tolalarida va diskret sistemalarda solitonlar dinamikasi va ularga tashqi muhitning ta`siri o`rganilmoqda. Nematik suyuq kristallarda yopishqoqlik va tashqi maydonning ta`sirida dissipativ brizerlar paydo bo`lishi mumkinligi ko`rsatilgan. Bog`langan ferromagnetik plenkalarda solitonlarning bir plenkadan ikkinchisiga o`tishi va bog`langan holatda bo`lish shartlari topilgan. Aniq integrallanuvchi AblovitsLadik va diskret nochiziqli Shredinger tenglamasi modelida stabil solitonlarning paydo bo`lish nuqtalari bashorat qilingan. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida Simmetriyasi spontan buzilgan nochiziqli va bir jinsli bo`lmagan muhitlarda soliton va solitonga o`xshash g`alayonlar nazariyasi yaratildi.Chet el fiziklari bilan hamkorligi: Yadro Fizika Instituti (Belgrad, Yugoslaviya), Klivlend Universiteti (Ogayo, AQSh). NATO ilmiy komiteti doirasida Toshkentda o`tkazilgan Nonlinearity and Disorder: Theory and Applications (1990, 2000); International Workshop on Vortex Dynamics in High Temperature Superconductors (2003) Xalqaro konferentsiyalar tashkilotchisi. Nonlinear Wave: Theory and Experiment Tashkent (2008) Xalqaro konferentsiya tashkilotchisi. Respublikada o`tkazilgan fizika olimpiyadasi hay`ati raisi (1992, 1993 y.) O`zbekiston Respublikasi yosh fizik va matematiklar yozgi maktabining tashkilotchisi va ishtirokchisi (1991-1996 y., 2001-2008). Xalqaro va Respublika ilmiy jurnallarida 100 ga yaqin ilmiy maqolalar, Solitonlar nazariyasi asoslari, Qattiq jism nazariyasi, Termodinamika, statistik fizika va kinetika o`quv qo`llanmalari chop qilingan. Uning boshchiligida Nazariy fizika kursi 4 jildlik darslik nashrga tayyorlanmoqda. Shu darslikning Termodinamika va statistik fizika jildi 2005 yilda nashr qilingan. Uning rahbarligida E.N.TSoy va T.B. Norboev nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilishgan. O`zR OAK va DFTQ fizika buyicha ekspert kengashlarining a`zosi bo`lgan. O`zR FA YaFI va O`zMU qoshidagi ixtisoslashgan kengashlar a`zosi. O`zR OAK va DFTQ fizika buyicha ekspert kengashlarining a`zosi bo`lgan.

[center]Kafedra faoliyati
[/center]

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov boshchiligida qabul qilingan Kadrlar tayyorlash Milliy dasturidan kelib chiqqan holda Yadro va nazariy fizika kafedrasi o`zining bosh maqsadi sifatida yurtimiz ilm-fani va ta`lim tizimini rivojlantirish, yuksak malakali mutaxassislar tayyorlash, talabalarimizni vatanparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash kabi vazifalarni o`z oldiga qo`ygan. Kafedra professor-o`qituvchilari fizika fakultetidagi bakalavriatura yo`nalishidagi talabalarga oliy matematika, informatika, nazariy fizika hamda atom va yadro fizikasi kurslaridan ma`ruzalar, amaliy mashg`ulotlar va laboratoriya ishlarini olib borishadi. Shu bilan bir qatorda kafedrada magistraturaning Nazariy fizika, Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi va Yadroviy texnologiyalar mutahassisliklari bo`yicha yuqori malakali mutahassislarni tayyorlash yo`lga qo`yilgan.
Kafedrada Nazariy fizika ixtisosligi bo`yicha aspirantura va doktorantura hamda Atom yadrosi va elementar zarrachalar fizikasi ixtisosligi bo`yicha aspirantura mavjud. Kafedraning o`quv-uslubiy jarayoniga 14 nafar professor-o`qituvchilar jalb qilinib, ulardan 1 akademik, 2 fan doktori-professor va 10 ta fan nomzodlari-dotsentlar tashkil topgan. O`quv adabiyotlaridan talabalarning foydalanish darajasini oshirish maqsadida kafedra qoshida o`quv kutubxonasi tashkil qilingan, Internetga ulangan komp`yuterlar yordamida kerakli adabiyotlar va jurnallardan foydalanish mumkin. Kafedrada o`qitilayotgan barcha fanlarning namunaviy o`quv dasturlari O`zRFA tarmoq institutlarining olimlari bilan muhokama qilingan holda o`quv tizimiga joriy qilingan. O`quv jarayoniga O`zRFA tasarrufidagi tarmoq institutlarining olimlari, jumladan Yadro fizikasi instituti, Fizika-Quyosh IIChBning yetakchi olimlari jalb qilingan. Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida belgilangan fan va ta`lim tizimining integratsiyasini amalga oshirish maqsadida kafedra Fanlar Akademiyasi tizimidagi Yadro fizikasi instituti bilan uzviy hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Institutning zamonamiy moddiy-texnika bazasidan unumli foydalanish, yetakchi olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy faoliyatini kadrlar tayyorlash jarayoniga jalb qilish maqsadida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti va O`zRFA Yadro fizikasi instituti orasida o`quv-ilmiy markaz tashkil qilingan. Shu bilan birga fizika sohasi bo`yicha kadrlar tayyorlashda Yadro va nazariy fizika kafedrasi va Dubna (Rossiya) shahrida joylashgan dunyodagi yetakchi ilmiy markaz bo`lgan Birlashgan Yadro Tadqiqotlar Instituti bilan kadrlar tayyorlash sohasida shartnoma tuzilgan.
Yadro va nazariy fizika kafedrasida olib boriladigan ilmiy izlanishlar yuqori saviyada tashkil etilgan bo`lib, fundamental va innovatsion tadqiqotlarga jiddiy ahamiyat qaratilgan hamda bu borada katta yutuqlarga erishilgan. Nazariy fizika sohasida ilmiy izlanishlar yuqori va past energiyalar yadro fizikasiga (akad. M.M. Musaxanov), nurlanishning muhit bilan ta`sirlashuviga (prof. V.A. Pazdzerskiy), kondensirlangan muhitlarda nochiziqli to`lqinlar nazariyasiga (prof. A.A. Abdumalikov) bag`ishlangan. Shu bilan bir qatorda nazariy fizika sohasida yuqori malakali mutahassislarni tayyorlash borasida 1983 yildan boshlab Nazariy fizika bo`yicha doktorlik va nomzodlik ilmiy darajalari berish bo`yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash o`z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Yadro fizikasi sohasida ishlayotgan professor-o`qituvchilar nodir elementli yadrolarning asosiy va uyg`ongan holatlarining fizik xossalarini o`rganish ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Jumladan, gamma-o`tishlarning ichki konversiya elektronlari spektrlari orqali deformatsiyalangan yadrolarda aylanma bandlarning elektromagnit doimiylari aniqlandi (dots. A. Karaxodjaev). Mikroskopik gamil`toniandan foydalangan holda ikkita murakkab yadrolarning o`zaro to`qnashish dinamikasini o`rganish natijasida og`ir ionlar uchun nochiziqli, nomarkoviy stoxastik Lanjeven tenglamalar sistemasining analitik yechimlari topildi (dots. Z. Kanokov). Fotoyadro reaktsiyalari ustida izlanishlar olib borildi va izomer holatlar chiqishlarini aniqlandi (dots. S. Polvonov).

Zamonaviy darsliklar yaratish muhokamasi

Yadro va nazariy fizika kafedrasi jamoasi (2009 y)

Yigirma birinchi asr ta`limi paradigmasi shuni ta`kidlaydiki, bu asr elektron ta`lim asriga aylanadi. Axborot va kommunikatsion texnologiyalarning ta`lim jarayoniga jadalik bilan kirib kelishi ta`lim sistemasida katta o`zgarishlarga olib keldi.
Elektron ta`lim muxiti o`z ichiga, asosan, ushbu 4 komponentani qamrab oladi:
- Sistema ( infratuzilma, informatsion sistema)
- Inson omili (o`qituvchilar, talabalar, texnik xodimlar).
- Mazmun (informatson sistemaning tashkiliy qismi, o`quv adabiyotlar majmuasi).
- Didaktika (elektron pedagogika asoslari)
Zamonaviy universitet ta`lim jarayonini bu komponentalarsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Demak, bu komponentlarni yaratish o`ta dolzarb masala ekan. Aynan shu komponentlarni barpo etish borasidagi qilingan sa`y-harakatlar, ilmiy-texnik yechimlar, zamonaviy elektron o`quv adabiyotlar yaratish metodikasi va elektron qobig`ini barpo etish hamda professor-o`qituvchilar va talabalarning elektron muhit doirasida faoliyat olib borishining muhimligi haqida keng qamrovli izlanishlar kafedra a`zolari pedagogik faoliyatida o`z aksini topgan (A. Karimxodjaev, T. Norboev). Sir emaski, axborotlashtirish jarayoni kompyuterlashtirish jarayonidan tubdan farq qiladi, shuning uchun ham bu ko`p mablag` talab qiladigan jarayondir.

YUNESKOning E - CAMPUS loyihasi taqdimoti

Bunday jarayonni amalga oshirish uchun hozirgi kunda har qanday universitetning ichki mablag`lari yetarli emas. Biz bu borada, ancha omadli chiqdik va 12 ta halqaro donorlar grantlarining sohibi bo`ldik (ja`mi: 825000 Evro va 240.000 AQSh dollari), jumladan TEMPUS (Evropa ittifoqi), YuNESKO grantlaridan unumli foydalanib, nafaqat O`zMU, balki Talabalar shaharchasi va Shifokorlar shaharchasi kompyuter tarmoqlari yaratildi. Quruqgina infratuzilmadan tashqari O`zbekistonning 8ta universiteti (O`zMU, TDTU, TDMI, TMA, TDSI, BDU, GDU, OO`OUUV OTMI) sistem administratorlarining (inson omili) malakasini yetarli darajada Yevropaning yetakchi universitetlarida oshirib ( ja`mi 100 dan ortiq mutaxassislar), gorizontal tarmoq-UZNANETU/UZSCINET tarmog`i yaratildiki, hozirgi kunda bu hamkorlarimiz bilan to`g`ridan to`g`ri Internet orqali aloqadamiz (A. Karimxodjaev, T.Norboev). Jami 52 kompyuterdan iborat va zamonaviy serverlar bilan jihozlangan Ochiq O`quv Informatsion Markaz ishga tushirildi (A.Karimxodjaev, A.S. Rahmatov).
Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetida nazariy fizika sohasida olib borilayotgan ilmiy ishlarning keng jamoatchilik tomonidan tan olinishiga kafedramizda tahsil olgan talabalar ichidan (Abdufarrux Abdumalikov 1997 y., Jasur Abdullaev 2005 y.) O`zbekiston Respublikasi Prezidenti stipediantlari bo`lganligi yaqqol misol bo`ladi.
Nazariy fizika kafedrasida olingan natijalar tez orada O`zbekiston va dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan yuqori baholandi. M.M. Musaxanov, A.L. Zubarev, V.A Pazdzerskiy, A.A.Abdumalikov, V.I. Matveev, B.F. Irgaziev va boshqalar nazariy fizika mutaxassligi bo`yicha fan doktori ilmiy darajaga va professor ilmiy unvoniga sazovor bo`ldilar. Juda ko`plab fan nomzodlari yetishib chiqdi. Olib borilayotgan ilmiy ishlarning yuqori darajada dunyoda tan olinishi natijasida 90-yillarning boshidan beri ilmiy guruhlar a`zolari muntazam ravishda ko`pgina O`zbekiston va Xalqaro grantlar olgan. Bular qatoriga - INTAS, JSPS (Yaponiya), TRIUMF (Kanada), NATO-CNR (Italiya), Scopes 2000-2003 (Shveytsariya), CRDF (AQSh), SNF, BMBF va boshqa grantlar kiradi.
Fizika sohasida mutaxassislarni tayyorlashda matematikaning salmog`i katta ahamiyatga egaligini hisobga olgan holda 1965 yilda fizika fakulteti tarkibida dots. N.X. Teshabaeva boshchiligida Oliy matematika kafedrasi tashkil topdi. 1970 yildan 1996 yilgacha kafedraga prof. Yo.X. Qo`chqorov rahbarlik qilgan. Kafedrada 1 ta professor 8 ta fan nomzodi dotsentlar ishlagan. 1971 yilda kafedra qoshida hisoblash laboratoriyasi ochilgan va oliy matematikaning barcha bo`limlari bo`yicha ma`ruzalar va amaliy mashg`ulotlar olib borilgan. Kafedrada ilmiy ishlar asosan ikki yo`nalishda olib borildi:
1) Tasodifiy jarayonlar nazariyasida funktsional va operatorlar usuli . Ushbu yo`nalish O`zR FA akademiklari T.A.Sarimsoqov, S.X. Sirojiddinov maktabiga mansubdir.
2) Chegavariy masalalarni yechishda hisoblash matematikasining uslublari. Bu soxa paxtachilik va tog` metallurgiya sohalarida keng qo`llaniladi.
Kafedra a`zolari respublika va chet el olimlari bilan ilmiy aloqalar bog`laganlar. Talabalarning o`quv adabiyotlari bilan to`lik ta`minlash uchun kafedra a`zolari tomonidan 20 dan ziyod o`quv qo`llanmalari yaratildi va o`zbek tiliga tarjima qilindi. Kafedrada yetishib chiqqan ko`pgina olimlar nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarni himoya qildilar. 1999 yildan boshlab oliy matematika kursining barcha bo`limlari bo`yicha ma`ruzalar va amaliy mashg`ulotlarni olib boruvchi professor-o`qituvchilar nazariy fizika kafedrasi tarkibiga kiritildi.
Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedrasining tashkil topishi fizika fakultetining shakllanishi bilan uzviy bog`liqdir. 1946-yilda ochilgan Eksperimental fizika kafedrasida akad. S.A. Azimov raxbarligida kosmik nurlarning elektron-yadro jalasini tadqiq qilish ilmiy mavzusi tanlab olindi va yosh olimlar izlanishlar olib bordilar. 1956 yilda akad. S.A.Azimov raxbarligida yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedrasi ochildi va shu yilda kafedra qoshida kosmik nurlar ilmiy muammolari laboratoriyasi tashkil qilinib, energiyasi 25 MeV bo`lgan elektron tezlatgich-betatron bilan jihozlandi. Keyinchalik ushbu laboratoriya O`zMU qoshida tashkil qilingan Amaliy fizika ilmiy tekshirish instituti tarkibiga kiritildi. Akad. S.A.Azimov va uning shogirdlari Pomir tog`ining Chechakte, Turkiston tizmasining Kumbel dovonlarida dengiz sathidan 3880 va 3160 metr balandliklarida yuqori energiyali kosmik nurlarning moddalar bilan o`zaro ta`siri, ularning energiyasi va intensivliklarini bevosita o`lchash va tahlil qilish uchun mo`ljallangan qurilmalar yordamida dolzarb ilmiy izlanishlar olib bordilar. Kafedrada yaratilgan ionizatsiya kalorimetrlari, yuqori energiyali gamma-spektrometrlar yordamida kosmik nurlarning xossalari o`rganildi. Ushbu qurilmalarni yaratishda va foydalanishda Yu.P. Kratenko, G.A. Kochetkov, R. Karimov, Z. Daudov va yosh olimlar ishtirok etdilar. Akad. S.A.Azimov yadro fizikasi va yuqori energiyali zarralarni moddalar bilan o`zaro ta`siriga doir tadqiqotlarni jaxon darajasiga olib chiqqan olim sifatida tarixga kirgan. Kafedrada tahsil olgan talabalar keyinchalik yirik mutaxassislar bo`lib yetishdilar. (O`zR FA akademiklari U.G.G`ulomov, M.G. G`ulomov, B.S. Yuldashev, fan doktorlari A.O.Yuldashev, V.M. Chudakov, Ye.Mullajonov, A. Abdujamilov, S.L.Lutfullaev, V.S. Navotny, Q. Olimov va boshqalar). Kafedraga 1989-1992 yillarda prof. Muxamedjonov A. va 1992-1994 yillarda akad. R.B. Bekjonov rahbarlik qildilar. Dotsentlar Yu.P.Kratenko, I.A. Ibragimov, K.T. Teshaboev atom va yadro fizikasidan yangi laboratoriya ishlarini qo`yishga va ularni takomillashtirishga katta hissa qo`shdilar.
O`zbekistonda yadro fizikasi fanining tez rivojlanayotganini e`tiborga olib, 1959 yilda akad. S.V. Starodubtsev rahbarligida Quyi energiyali yadro fizikasi kafedrasi tashkil etildi. Bu kafedra 1962-1980 yillarda Radiatsion fizika nomi bilan faoliyat ko`rsatib keldi. O`zbekiston respublikasi Fanlar Akademiyasining 1956 yili yangi ochilgan Yadro fizikasi institutida 1959 yilda 2 MVt quvvatga ega bo`lgan VVR-SM yadro reaktori ishga tushirilishi munosabati bilan amaliy fizikaning yadro-fizik texnologiya usullarini tadbiq etish sohalari kengaydi va yosh mutaxassislarga bo`lgan ehtiyoj oshdi. Respublikaning yadro fizikasida erishgan bunday katta yutug`i kafedra ochilishiga turtki bo`lgan omillardan biri bo`ldi. 1962-1966 yillarda kafedraga dots. G.A. Gumanskiy rahbarlik qildi. Bu davrda kafedrada minerallarni yadro-fizik usulda tahlil qilish bo`yicha ilmiy izlanishlar olib borildi. 1966-1968 yillarda kafedrani dots. V.S. Masagutov boshqardi. Bu davrda kafedrada kristallar strukturasini o`rganishga katta e`tibor berildi.
1968 yildan boshlab to 1994 yilgacha kafedraga akad. A.A.Abdurazzoqov rahbarlik qildi va kafedraning ilmiy izlanishlari tubdan o`zgardi. Bu davrda kafedraning ilmiy mavzusi yadro spektroskopiyasiga qaratildi. Akad. A.A.Abdurazzoqov rahbarligida kafedra Rossiyaning yetakchi yadro markazlari bilan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish bo`yicha hamkorlik shartnomalarini tuzdi. Rossiyaning Dubna shahridagi Halqaro birlashgan yadro tadqiqotlari institutida O`zMU (ToshDU)ning bir necha beta-spektrograflari o`rnatildi. Xuddi shunday beta-spektrograflardan biri Sankt-Peterburg yadro fizika insitutiga ham qo`yildi (A.A.Abdumalikov). Bu qurilmalarda O`zbekistondan borgan yosh fiziklar ilmiy ishlar olib bordilar va keyinchalik yetuk mutuxassislar bo`lib yetishib chiqdilar (f.m.f.d. Sh. Kamolxodjaev, T.A. Islomov, f.m.f.n. A.A. Abdumalikov, A. Inoyatov, A.Karaxodjaev, R. Bobojonov, A. Nurmuxamedov, Sh. Payziev, A.Xolmatov, M. Xo`jaev, A. Tangaboev va boshqalar). Yuqorida ko`rsatilgan yadro markazlarida proton tezlatgich Fazatronda 660 MeV energiyali protonlarda yuz beradigan o`ta chuqur noelastik (r; xn, xr) reaktsiya yordamida olingan radioaktiv manbalarning ichki konversiya elektronlarining spektrlarini beta-spektrograflarda o`lchash bo`yicha ilmiy izlanishlar natijasida akad. A.A.Abdurazzoqov rahbarligida 15 ta yangi izotop ochildi, 17 tadan ortiq yadrolarning ilk bor parchalanish sxemalari tuzildi. Nodir elementlarning yarim yemirilish davri bir soatdan katta izotoplarning ichki konversiya elektron spektrlari o`lchandi va spektrlar to`plami nashrdan chiqarildi. 1967-yilda prof. A.A.Abdurazzoqov xalqaro YaTBI ning ikkinchi mukofotiga va diplomiga sazovor bo`ldi. 1978 yilda fan va texnikada erishgan yutuqlari uchun A.A.Abdurazzoqov, K.Ya.Gromov, T.M.Mo`minovlar Beruniy nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.
Shu davrda kafedrada dots. V.V.Skvortsov ilmiy rahbarligida alfa-zarralarning kremniy kristallida tartibli harakatlarini o`rganish bo`yicha ilmiy ishlar olib borildi. Nuqtaviy alfa-zarra manbasi yordamida kremniy kristallining kanallogrammasini olishga erishildi va kristallar strukturasini o`rganishda yangi usul sifatida tan olindi.
1972-1976 yillarda kafedraga dots.Abdulhay Abdumalikov rahbarlik qilgan. Bu davrda umumiy va mahsus kurslar dasturlari va laboratoriya bayonnomalari yangidan ko`rib chiqildi. Dotsentlar V.V. Skvortsov, R.K. Karaev, G.I.Zavyalov, Yu.D. Serebro va katta o`qituvchi Sh.A. Adilov yadro fizikasidan yangi laboratoriya ishlarini qo`yishda va bayonnomalarni yozishda faol ishtirok etdilar.
Toshkent Davlat unversiteti (hozirgi O`zMU) va Sankt-Peterburg Yadro fizikasi instituti (S-PYaFI) o`rtasida tuzilgan ilmiy shartnomaga asosan fizika fakulteti Radiatsion fizika kafedrasi o`qituvchilari, ilmiy xodimlari, aspirantlari va talabalaridan tashkil topgan guruh S-PYaFIning yuqori energiyali labaratoriyasida yadro xususiyatlarini o`rganish bo`yicha ilmiy ishlarni olib bordilar. Ilmiy tadqiqot ishlariga dots. Abdumalikov A.A. rahbarlik qilgan. S-PYaFI da ishlash davrida zamonaviy va dunyoda tengi bo`lmagan mikrokanal plastinkaga asoslangan uzunligi 170 mm bo`lgan koordinat sezgir detektor (PChD) yaratildi. Uning sezgirlik darajasi juda katta bo`lib, PChD ni betaspektrografda qo`llash natijasida itterbiy-169 yadrosining konversion elektronlarining spektri va shuningdek o`nlab yadrolarning gamma va betaspektrlari tekshirilib, ushbu yadrolarning xususiyatlari ham o`rganildi.
1994 yilda Quyi energiyali yadro fizikasi va Yuqori energiyali yadro va kosmik nurlar fizikasi kafedralari birlashib, Yadro fizikasi kafedrasi tuzildi. 1994 yilda kafedraga akad. B. Yo`ldoshev rahbarlik qildi. Bu davrda kafedraning O`zR FA Yadro fizikasi insituti bilan aloqasi yanada ham kengaydi. 2001 yilda kafedra qoshida magistraturaning ikkita mutaxassisligi ochildi: 5A440106-Atom yadrosi va elementar zarralar fizikasi; 5A440112- Yadroviy texnologiyalar. 2003 yilda kafedra qoshida bakalavriatura yo`nalishi ochildi: 5440900-Radioaktiv preparatlar va yadroviy texnologiyalar. Bu yo`nalishga talabalar 1-kursdan qabul qilina boshlandi. Ochilgan yo`nalishning va mutaxassislikning Davlat ta`lim standartlari va o`quv rejalari tuzildi va ular Oliy ta`lim Vazirligi tomonidan tasdiqlandi.
O`zMU va O`zR FA Yadro fizikasi instituti o`rtasida bitilgan shartnoma asosida kafedrada o`quv-ilmiy markaz tuzildi. Bu hamkorlik yillar davomida an`anaga aylandi va magistrantlar o`z ilmiy ishlarini O`zR FA Yadro fizikasi institutida bajarib kelmoqdalar. Har yili bir qator magistrantlarning kontrakt harajatlari Yadro fizikasi instituti tomonidan to`lanib kelmoqda va bu magistrantlar keyingi faoliyatini shu institutda davom ettirmoqdalar.