O'zMU » Yangiliklar » Geograflar ilmiy hamkorligi

      Ilm-fan va texnika bugungi axborotlashgan jamiyatda yanada jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.

      Bugungi kunda deyarli barcha texnologiyalar innovasiya asosida yaratilayotgani ko’rinib turibdi. Ilm-fan sohalarida turli davlatlar bilan xalqaro hamkorliklar, o’zaro tajriba almashish keng yo’lga qo’yilmoqda. Yaqinda Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Geologiya va geografiya fakulteti professori, geografiya fanlar doktori, O’zbekiston geografiya jamiyati raisi Abdusami Soliyev Rossiya Geografiya jamiyatining 170 yilligiga bag’ishlangan II festivalida ishtirok etdi. Taniqli o’zbek olimini Rossiya Geografiya jamiyati prezidenti Sergey Shoygu shaxsan taklif etgandi.

 

      Festivalning ochilish marosimi Moskva shahrining Markaziy rassomlar saroyida bo’lib o’tdi. Unda so’zga chiqqan Abdusami Soliyev sohaga oid muammolarni hal etishda dunyo olimlari muntazam hamkorlik qilishi maqsadga muvofiq ekanligi, bu borada O’zbekiston Milliy universitetida qator loyihalar amalga oshirilayotgani haqida atroflicha ma’lumot berdi.

 

 

      – Bu festivalda men O’zbekiston Respublikasi Geografiya jamiyati raisi sifatida qatnashdim,– deydi Abdusami Soliyev.– Unda Janubiy Afrika Respublikasi, Hindiston, Eron va Slovakiya davlatlari geografiya jamiyatlarining rahbarlari ham ishtirok etdilar. Festival ochilish marosimida Rossiya Federasiyasi Prezidenti Viladimir Putinning anjuman ishtirokchilariga yo’llangan maktubi o’qib eshittirildi. So’ngra Rossiya Geografiya jamiyati Prezidenti Sergey Shoyguning ma’ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg’otdi. Shu kuni Moskva Markaziy rassomlar saroyida katta miqiyosda tashkil etilgan Rossiya Geografiya jamiyatining 85 ta hududiy bo’limlari ko’rgazmali, shuningdek, jamiyatning Arktikani o’rganish bo’yicha o’tkazilayotgan ilmiy ekspedisiyalari natijalari, maket va fotosuratlari ajoyib qiziqish uyg’otdi.

 

      O’zbek olimining bu festivalda ishtirok etishidan asosiy maqsadlaridan biri – O’zbekiston Respublikasi va Rossiya Geografiya jamiyatlari o’rtasida o’zaro hamkorlik aloqalariin yanada rivojlantirish edi. Bu borada tegishli shartnomalar imzolandi.

 

      Tadbir doirasida Rossiya Fanlar Akademiyasi qoshidagi Geografiya institutida ham ilmiy anjuman o’tkazildi. Unda Abdusami Soliyevning O’zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari asoslab berilgan ilmiy ma’ruzasi anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.

 

      Shuningdek, Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti Geografiya fakultetida o’tkazilgan davra suhbatida professor Abdusami Soliyevning “O’zbekiston Respublikasining yangi iqtisodiy geografiyasi” mavzuidaga ma’ruzasi ayniqsa talabalar va ilmiy tadqiqotchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

 

      Safar mobaynida o’zbek olimi Moskva Davlat universiteti Geografiya fakulteti kafedralari faoliyati bilan tanishdi. Mezbonlar taniqli o’zbek olimiga alohida ehtirom ko’rsatishib, o’zlarining yangi o’quv adabiyotlari, ularning elektron nusxalari, xarita va atlaslaridan in’om etdilar.

 

      – Bu ilmiy hamkorlik natijasida fakultetimizning magistr va ilmiy tadqiqotchilarining maqolalari Rossiyada bo’ladigan ilmiy konferensiyalar to’plamlarida chop etilishi yanada kengroq yo’lga qo’yiladi,– deydi Abdusami Soliyev.– Eng muhimi, iqtidorli talabalarni grant asosida Moskva Davlat universiteti Geografiya fakultetiga malaka oshirishga yuborish imkoniyatlari kengaydi.

 

Sunnatilla Uvraimov,

O’zMU Geologiya va geografiya fekulteti

Geodeziya, kartografiya va kadastr yo’nalishi

3-bosqich talabasi