O'zMU » Yangiliklar » Ilmiy izlanishlar samarali bo’ladi

      Ilm muttasil izlanishni talab etadi.

      Bugungi kunda ilmiy izlanish jarayonlari ham o’ziga xos ravishda globallashib bormoqda. Ya’ni, tanlangan mavzu dunyo miqyosida o’rganilmoqda. Xo’sh, ushbu mavzuda biror mamlakatning oliy ta’lim muassasasida ilmiy tadqiqot olib borilganmi? Bu masalada ulardan o’rganiladigan jihatlar bormi? Agar o’rganiladigan jihatlari bor bo’lsa, u holda qanday yo’l tutmoq zarur?

 

      Shu kabi masalalarni izchil o’rganib borish, bu borada rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, eng muhimi ilmiy ishlarini belgilangan muddatlarda takomiliga yetkazishga ko’maklashish maqsadida Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida katta ilmiy xodim-izlanuvchilar hamda mustaqil tadqiqotchilar uchun doimiy ravishda (har oyda ikki marotaba) ilmiy seminarlar o’tkazib borish yo’lga qo’yildi.

 

 

      Shuni aytish joizki, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari, zarur adabiyotlardan samarali foydalanishlari uchun universitet axborot-resurs markazidan alohida xonalar ajratilgan. Bu yerda ular muntazam o’tirib ishlari, izlanishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

      Bulardan ko’zlangan asosiy maqsad – tadqiqotchilar doktorlik dissertasiyalari mavzularining vazifalari, o’rganilganlik darajasi, yangiligi bilan yaqindan tanishib borish, ularga tegishli maslahatlar berish, zarurat paydo bo’lganida xorijga borib, dunyo tajribasini o’rganishlariga ko’maklashishdan iborat.

      Dissertasiyani himoya qilish uchun izlanuvchidan faqatgina o’z soxasi bo’yicha mustahkam bilimgina emas, balki omma orasida gapira olish, ya’ni notiqlik mahorati, dissertasiyasi bo’yicha berilgan savollarga aniq javob berishga ham tayyor bo’lish talab etiladi.

 

 

Batafsil

 

 

      Mazkur ilmiy seminarlarga taniqli akademiklar, turli soha olimlari jalb etilib, ularning ilmiy maktablari, tajribalari puxta o’rganilmoqda.

Ma’lumki, Milliy universitetimizda tegishli memonrandumlar asosida AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstriya, Polsha, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarning nomdor oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Xalqaro akademik va ilmiy sohadagi fondlar va tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

 

      2016 yil 11 mart kuni o’tkazilgan navbatdagi ilmiy seminarda universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, Ilmiy ishlar bo’yicha prorektori Alisher Hayitboyev, ilmiy-tadqiqot bo’limi boshlig’i Akrom Toshpo’latov va boshqalar katta ilmiy xodim-izlanuvchilarning shu kunga qadar amalga oshirgan ishlari bilan tanishdilar. Unda 3-bosqich katta ilmiy xodim-izlanuvchilaridan bir guruhining hisobotlari tinglandi.

 

 

Batafsil

 

 

      Iqtisodiyot fakultetidan Guljahon Mahmudova “Iqtisodiyotning “quvib yetadigan modernizasiyalash” modeli nazariy asoslarini takomillashtirish”, Geologiya-geografiya fakultetidan Rustam Xolmatov “Chotqol-Qurama tog’larining oltin-kumush ma’dan konlari va dayka aksessorlarining mikro-nanomineralogiyasi”, Fizika fakultetidan Nigora Akbarova “O’lchashlarni standartlashtirishda raqamli golografik interferometirya va spekl-interferometriya” mavzularidagi doktorlik dissertasiyalari natijalari bilan tanishtirdilar.

      Tegishli slaydlar vositasida taqdim etilgan mavzular yuzasidan berilgan savollarga tadqiqotchilar atroflicha javob berdilar.

      Ilmiy seminar davomida tadqiqotchilarga tegishli maslahatlar va tavsiyalar berildi.

 

Dilnoza Umarova,

O’zMU Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo’limi boshlig’i