O'zMU » Yangiliklar » Yoshlik bahori

      Yoshlikda qo’yilgan maqsadli qadam inson hayotining mayoqi va poydevori.

 

      O’zbekiston mustaqilligining 25 yilligi oldidan Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti “Falsafa” kafedrasining O’zbekiston davlat konservatoriyasi, respublika xoreografiya bilim yurti bilan hamkorligida “Sog’lom ona va bola” yili Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarni Vatanga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ular ongiga yurt tinchligi, xalq farovonligi g’oyalarini singdirish va talabalarning bo’sh vaqtida ma’naviy hordiq chiqarish maqsadida “Yoshlik bahori” mavzusida badiiy kecha tashkil qilindi.

 

      Unda yurtimiz mustaqilligi yillarida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarga munosabat bilan bir qatorda san’atning ma’naviy madaniyatni shakllantirishga ta’siri ifodalab berildi.

Yoshlik – umr deb atalmish bebaho ne’matning eng shijoat va g’ayratga to’liq davridir.

 

      Yoshlik insonni maqsad sari yetaklovchi kuch. Mamlakat taraqqiyotining davomiyligini ta’minlaydigan, yangicha fikrlaydigan yangi avlod bugun yurtimizning barcha sohalarini rivojlantirishga o’zlarining innovasion g’oyalari, ishlanmalari bilan munosib hissa qo’shib kelmoqdalar.

 

      Yoshligida yuragiga Vatan tuyg’usi singgan insonni to’g’ri yo’ldan adashtirib bo’lmaydi. Bugungi kunda O’zbekiston yoshlari, xususan O’zbekiston Milliy universiteti yoshlari fan taraqqiyotining turli sohalarida vatan ravnaqi va yurt tinchligi yo’lida shijoat bilan faoliyat olib bormoqdalar.

Ularning ilmiy izlanishlari natijalari jamiyat taraqqiyotining turli sohalari va ishlab chiqarishda qo’llanilmoqda.

 

      O’zbekiston kelajagi bo’lmish yoshlar ertangi kunimiz egalari, yurtimiz posbonlari sifatida mustaqillik davrida shakllangan yangilangan tafakkur bilan kelajak istiqbolini ta’minlash bo’yicha faoliyat olib bormoqdalar.

 

Nigina Shermuhamedova,

O’zMU Ijtimoiy fanlar fakulteti Falsafa kafedrasi mudiri