O'zMU » Yangiliklar » Elektron ta'lim tizimi samarasi

      O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2013 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, Vazirlar Maxkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi huzuridagi “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi hamda Axborot xavfsizligini ta'minlash markazi faoliyatini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida ta'lim muassasalarida elektron ta'limni joriy etish markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda o‘quv jarayonida elektron ta'limni joriy qilishda muhim omil bo‘lmoqda. 

      Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida ta'lim muassasalarida elektron ta'limni joriy etish markazi tomonidan “Ta'lim” axborot tizimi ishlab chiqilmoqda va barcha oliy ta'lim muassasalariga joriy etilmoqda. 
      Bugungi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida elektron ta'lim tizimi o‘ziga xos ijtimoiy voqyelikka aylangan.
Har bir pedagog-xodim kundalik faoliyatini ETTda qayd etilgan rejasiga qarab boshlaydi. Talabalar davomatini hozirjavoblik bilan “Elektron jurnal”ga kiritadi. Joriy, oraliq va boshqa nazorat ballari ham belgilangan muddatlarda qayd etilmoqda.
      Talabalar ham qanchadan ball to‘playotganlarini ETT orqali (oddiy mobil telefonida ham!) kuzatib borish imkoniga ega.
      O‘quv yili boshida ota-onalarga talaba o‘g‘il-qizlarining O‘zMU elektron ta'lim tizimidagi login va parollari taqdim etilgan. Endilikda ular mamlakatimizning turli shaharu qishloqlaridan turib farzandlarining har kuni darslarga qay darajada qatnashayotganlarini, baholarini muttasil kuzatib bormoqdalar.
      Aytish joizki, mazkur o‘quv yilida bunday zamonaviy usulda o‘qitish tizimi o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Birinchidan, talabalarning darslarga o‘z vaqtida kelishi, mashg‘ulotlar sifati va mazmundorligi, baholash jarayonida anchagina ijobiy natijalarga erishilmoqda.
      Ijtimoiy fanlar fakultetida ETTdan samarali foydalanish uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratildi. Ya'ni, maxsus xonaga 12 ta kompyuter o‘rnatilib, universitet lokal tarmog‘iga ulandi!
Ayni paytda fakultet pedagog-xodimlari va talabalari bu zamonaviy kommunikatsiya vositalaridan samarali foydalangan holda ta'lim jarayonini yanada takomillashtirishga muvaffaq bo‘lmoqdalar.
Galdagi vazifa - universitetning barcha fakultetlarida ana shunday qulayliklar yaratishdir.
Botir Elov, 
O‘zMU Elektron ta'lim tizimi ishchi guruhi rahbari