O'zMU » Yangiliklar » FRANKOFONIYA - 2016

 

      Har yili mart oyida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tashabbusi bilan “Frankofoniya” deb nomlangan anjuman o‘tkazilishi an'anaga aylangan.
      Xalqaro Frankofoniya kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bu yilgi bayram tadbiri Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etildi. Fizika fakulteti o‘quv binosi katta zalida o‘tkazilayotgan anjumanda pedagog-xodimlar, talabalar va barcha fransuz tiliga qiziquvchilar ishtiok etmoqdalar.
   
      O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi Qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston Milliy universitetida 2016 yil 18 mart kuni Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Frankofoniya bayrami o‘tkazilmoqda.
      Tadbir davomida fransuz tili o‘qituvchilari, talabalar va fransuz tili ixlosmandlari Xalqaro Frankofoniya tashkilotiga a'zo bo‘lgan Bolgariya, Misr, Fransiya, Gruziya, Chexiya, Ruminiya, Shveysariya va Ukraina davlatlarining Toshkentdagi elchixonalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
      Frankofoniya bayramini o‘tkazishdan maqsad - respublikamizda fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish, talabalarni fransuz tilida erkin muloqot qilishga o‘rgatish, millatlararo madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishdan iboratdir.
      Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, har yili 20 martda Xalqaro Frankofoniya kuni butun dunyoda nishonlanadi. Frankofoniya (fr. La Francophonie) - dunyoning frankofon davlatlari hamkorligining halqaro tashkiloti. Bu tashkilot dunyoning turli davlat va davlat qismlarini namoyon qiluvchi 60 dan ortiq a'zolari va 20 ga yaqin kuzatuvchilarini o‘z ichiga oladi. Ushbu tashkilotga a'zo bo‘lishning asosiy talabi - biror davlat aholisining fransuz tilini bilish-bilmasligi emas, balki Fransiya bilan yillar mobaynida o‘rnatilgan madaniy aloqalar hisoblanadi. Tashkilot shiori sifatida “Tenglik, o‘zaro bir-birini to‘ldirish, mustahkamlik” degan shior qabul qilingan.
      Poytaxt shahrimiz Toshkentda Frankofoniya bayrami munosabati bilan bir necha yillardan buyon tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Tadbir tashkilotchisi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasidir. Anjuman doirasida poytaxtimizda turli xil til tanlovlari, o‘yinlar, fransuz tilida film namoyishlari, respublika o‘qituvchilari uchun seminar-treninglar, mashhur shaxslar bilan uchrashuvlar, gastranomik tadbirlar o‘tkazilishi barchada katta taassurot qoldiradi. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, ushbu tanlovlar g‘oliblari yozgi ta'til davomida Fransiyaga borish uchun yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishadi.
***
Ushbu mavzuda O‘zA muxbirining quyidagi xabari yoritildi.
***
      Madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda
      Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida Xalqaro frankofoniya kuni o‘tkazildi. 20 mart - Xalqaro frankofoniya tashkilotiga (XFT) asos solingan kunga bag‘ishlab tashkil etilgan mazkur tadbirda professor-o‘qituvchilar, talabalar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
      Universitet rektori Shuhrat Sirojiddinov, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jak-Anri Ols va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni chuqur o‘rganishi uchun barcha sharoit yaratilganini, bu borada xalqaro hamkorlik izchil rivojlanayotganini alohida ta'kidladi.
Mamlakatimiz ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamon talablariga mos, mustaqil va sog‘lom tafakkurli, xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladigan yoshlarni kamol toptirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Yoshlarimiz xorijiy davlatlarda bilimini mustahkamlash, o‘qituvchilar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘layotir.
      Mazkur tadbirdan maqsad mamlakatimizda fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish, talabalarda ushbu tilda erkin so‘zlashish qobiliyatini rivojlantirish, madaniyatlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.
      Xalqaro frankofoniya tashkilotining asosiy maqsadi fransuz tilida so‘zlashuvchi xalqlar va mamlakatlar urf-odati va madaniyatini keng targ‘ib etish, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashish, fan, ta'lim va madaniyat sohalaridagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir.
      Tadbir doirasida Fransiya, Shveysariya, Bolgariya, Gruziya, Chexiya, Ruminiya, Misr, Ukraina kabi XFTga a'zo va kuzatuvchi davlatlarning mamlakatimizdagi elchixonalari tomonidan ilmiy-madaniy ko‘rgazma, fransuz tili bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi. G‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi hamda Fransiyaga bir oylik sayohat yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
      - O‘zbekiston bilan Shveysariya o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab sohalar qatori fan-ta'lim yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda, - dedi Shveysariyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shtefan Klyotsli. - Hamkorlikda kadrlar malakasi, kasb mahoratini oshirishga qaratilgan qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Mamlakatingizda ta'limning barcha bosqichini yuksak darajada rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar diqqatga sazovor. Ayniqsa, yurtingizda chet tillarini o‘rganishga qaratilayotgan e'tibor tufayli yoshlar ko‘plab xorijiy tillarda erkin so‘zlayotganiga havas qilsa arziydi.

 

Ulug‘bek USMONOV,
O‘zMU gazetasi muxbiri

 

Nazokat Manzurova, O‘zA