O'zMU » Yangiliklar » O`zMU “Istiqbol” jamoasi “Tafakkur sinovlari” tanlovi saralash bosqichi g`olibi

      O`zbekiston Milliy universiteti tom ma’noda – iste’dodli va iqtidorli talabalar maskani, desak aslo mubolag`a bo`lmaydi. Buni intellektual salohiyati yuksak talaba-yoshlardan iborat “Istiqbol” jamoasi faoliyati misolida ham ko`rish mumkin.

      Respublikamiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o`rtasida o`tkazilayotgan “Tafakkur sinovlari” tanlovida faol ishtirok etishayotgan mazkur jamoamiz yoshlari dastlabki saralash bosqichidayoq o`z iste'dodlarini namoyon etdilar.

 

      Tanlovning saralsh bosqichi 19-aprel kuni Toshkent Temir yo`llar muhandislik institutida bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Milliy universitetining “Istiqbol”, Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutining “Sharq nuri”, O`zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining “Liderlar”, Toshkent Davlat Texnika universitetining “Beruniy izdoshlari” jamoalari ishtirok etdilar.

      Tanlov shartiga ko`ra jamoalar 5 ta yo`nalishda o`z iqtidorlarini namoyon qildilar.

 

      Birinchi shartga ko`ra, jamoalar o`zi tahsil olayotgan oliy ta`lim muassasasida yaratilgan sharoitlar, ilmiy va malakaviy izlanishlar uchun mavjud imkoniyatlar, O`zbekistonning eng yangi davri taraqqiyoti, so`nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari, shuningdek, yuksak ma`naviyatli barkamol avlodni tarbiyalash hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yulsaltirishga qaratilgan takliflarini ko`rgazmali vositalar orqali namoyish etishdi.

Ikkinchi shartga ko`ra, O`zbekistonning eng yangi tarixi davri, so`nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq va ijtimoiy-siyosiy tizimida amalga oshirilayotgan istilohotlar yuzasidan o`n beshtadan savol berildi. Ushbu shart jamoalar o`rtasida “Blits” (tezkor javob) tarzida o`tkazildi. Savollarni o`ylash va javob berish uchun 2 daqiqa vaqt ajratildi.

 

      Uchinchi shartga ko`ra, tashkiliy-ishchi guruh tomonidan tayyorlangan O`zbekistonning eng yangi tarixi davrida erishilgan yutuqlari aks etgan ijtimoiy rolik namoyish etildi. Barcha guruhlar ekranda namoyish etilgan 6 daqiqalik videorolik mavzusidan kelib chiqqan holda o`z fikr-mulohazalarini plakatda tasvirlash barobarida izohlab berdilar.

To`rtinchi shartga ko`ra, jamoa a`zolari tomonidan tayyorlangan sahna ko`rinishi orqali talabalar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, tamaki chekishning zararli oqibatlari, shuningdek odam savdosi, diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash masalalariga oid muammoli vaziyatlar va ularni bartaraf etish hamda oldini olishda jamoatchilik bilan hamkorlikdagi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga qaratilgan iqtidorlarini namoyon etishdi.

 

      Beshinchi shartga ko`ra, jamoalar o`zi tahsil olayotgan oliy ta`lim muassasida “Yoshlar dasturi”ning ijrosi va natijalarini sahna ko`rinishlari orqali namoyish etdilar. Shuningdek, mazkur Dasturni takomillashtirish bo`yicha talaba-yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan takliflar taqdimot shaklida namoyish etildi.

Tanlov natijasiga ko`ra, O`zbekiston Milliy universitetining “Istiqbol” jamoasi 1-, Toshkent Davlat Texnika universitetining “Beruniy izdoshlari” 2-, O`zbekiston Davlat Jahon Tillari universitetining “Liderlar” jamoasi 3-o`rinni egalladilar.

 

      G`olib jamoalar diplom bilan taqdirlandilar.

Universitetimiz “Istiqbol” jamoasi 17 may kuni bo`lib o`tadigan tanlovning hududiy bosqichida ishtirok etadi.

 

Shahnozaxon Do`smurodova,

O`zMU Jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabasi