O'zMU » Yangiliklar » O’zMUda AQShlik professorlarning ma’ruzalari tinglanmoqda

      Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universitetida dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorliklar tobora rivojlanib bormoqda.

      Shu yil 25-27 aprel kunlari Mexanika-matematika fakulteti “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi o’quv rejasi doirasida Amerika Qo’shma Shtatlarining Florida universiteti “Biostatistika” kafedrasi professorlari Somnat DATTA (Somnath Datta) va Susmita DATTA (Susmita Datta)lar o’z ilmiy ma’ruzalarini o’qishlari rejalashtirilgan edi.

 

 

      Kuni kecha “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasida AQShlik olimlar bilan o’zaro davra suhbati o’tkazildi.

      Mehmonlar O’zbekistonga tashrifidan naqadar mamnun ekanliklarini, Samarqand va Buxoroga sayohat qilganlari, bu tarixiy shaharlar katta taassurot qoldirganini ehtirom ila so’zlab berdilar.

      – Biz mo’jizakor O’zbekiston diyori, bu zaminda yashab o’tgan Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Bobur kabi siymolar haqida o’qigan edik,– deydi Susmita DATTA xonim.– Ming eshitgandan bir bora ko’rgan afzal, deganlaridek, bu zotlar yashagan shaharni, uning serjilo obidalarini tomosha qilishning gashti o’zgacha ekan. Ayniqsa, dunyoga dong taratgan Ulug’bek observatoriyasi va muzeyining maftuni bo’lib qoldik.

 

 

 

      Bugun AQShlik olimlar Milliy universitetning keng va shinam auditoriyasida dastlabki ma’ruzalarini boshladilar. Unda fakultet talabalari, yosh tadqiqotchilari hamda pedagog-xodimlari ishtirok etmoqdalar.

 

 

      Professor Somnat DATTAning biostatistika nazariyasiga oid “A nonparametric analysis of waiting times from a multistate model using a novel linear hazards model approach” mavzuidagi ma’ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

      Mashg’ulotlar 27 aprel kuni davom ettiriladi.

 

 

      Unda professor  Susmita DATTA “Improved protein inference from tandem mass spectrometry data” mavzuida ma’ruza qilishi kutilmoqda.

Mazkur dastur doirasida Florida universitetining “Biostatistika” bilan O’zMU “Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedralari o’rtasida doimiy hamkorlik aloqalari o’rnatilishi haqida kelishib olinadi.

 

Dilnura Ro’ziyeva,

“Ehtimollar nazariyasi va matematik statistika” kafedrasi assistenti