O'zMU » Yangiliklar » O‘zMUning 98 yilligi munosabati bilan “Faxrim, ziyo maskanim - Milliy universitet” deb nomlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘tkazildi

 

      12 may - Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tashkil topgan kun! 
      Shu qutlug‘ sana munosabati bilan universitet Madaniyat saroyida “Faxrim, ziyo maskanim - Milliy universitet” deb nomlangan katta anjuman bo‘lib o‘tdi. 
      - Dunyoda mashhur universitetlar ko‘p, biroq, aynan Milliy universitet maqomiga ega bo‘lganlari sanoqligina,- dedi rektor Shuhrat Sirojiddinov anjuman ishtirokchilarini O‘zMUning 98 yilligi bilan muborakbod etar ekan.- Davlatimiz rahbari Islom Karimov rahnamoligida ta'lim sohasiga bo‘lgan e'tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, muhtaram Yurtboshimizning “Yoshlik” Talabalar shaharchasiga, Milliy univeritetimizga bir necha bor tashrif buyurib, bu maskanda ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilishiga bosh-qosh bo‘lganlari barchamizga g‘urur baxsh etadi. 
      Aytish joizki, bu universitet 1918 yil 12 mayda tashkil etilgan. U 1918 yilda Musulmon xalq dorilfununi, 1918-1919 yillarda Turkiston xalq universiteti, 1919-1923 yillarda Turkiston Davlat universiteti, 1923-1960 yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti, 1960-2000 yillarda Toshkent Davlat universiteti deb atalgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 14 sentyabrdagi “Toshkent Davlat universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomini berish to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan Toshkent Davlat universitetiga Sharqning buyuk olimi va mutafakkiri Mirzo Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek) nomi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2000 yil 28 yanvardagi “Toshkent Davlat universitetiga “O‘zbekiston Milliy unversiteti” maqomini berish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bu o‘quv dargohi “Milliy universitet” maqomiga ega bo‘lgan va u Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti deb atalmoqda. 
      Milliy universitet xodimlari, talabalari, professor-o‘qituvchilari bugun bu oliy ta'lim dargohi bilan haqli ravishda faxrlanadilar. Salkam bir asr davomida minglab ahli ilm darg‘alarini tarbiya etib kelayotgan, nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda ta'lim dargohlarining shakllanishiga asos bo‘lgan O‘zMU shu davr orasida ilm-fanning turli sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Xorijda ham tan olindi. Matematika, kimyo, fizika, geografiya va geologiya, biologiya, tarix, o‘zbek tilshunosligi kabi o‘nlab fanlar bo‘yicha ilmiy maktablar shakllantirildi. Xalq xo‘jaligining turli sohalari uchun o‘n minglab malakali mutaxassislar, ilm-fan, madaniyat va jamoat arboblari yetishib chiqdi. Markaziy Osiyodagi o‘nlab ilmiy tashkilotlar, Fanlar akademiyalari, oliy o‘quv yurtlarining shakllanishida universitet asos bo‘lib xizmat qildi. Buning zamirida, albatta, tinimsiz mehnat va izlanish yotadi. 
      Ayni paytda universitetimiz 11 ta fakultetida 66 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2 ta ilmiy tadqiqot institutlari, 1 ta ilmiy-tadqiqot markazi, 1 ta ilmiy markaz, 4 ta o‘quv-ilmiy kompleks, 18 ta laboratoriya (Funksional polimerlar kimyosi, Makrotsiklik birikmalar kimyosi, Tabiiy birikmalar kimyosi, Polimerlar kimyosi, Kukunsimon polimer materiallar, Membranalar biofizikasi, Stratigrafiya va cho‘kindi jinslar litologiyasi, Magmatizm va geodinamika, Paxta genetikasi, Biotexnologiya, Eksperimental va tatbiqiy geofizika, Filtratsiya, Sotsiologik tadqiqotlar, Kompyuter lingvistikasi, Fizik-ximik metodlar) hamda ilmiy maktablar faoliyati samarali davom etmoqda. 
      Ayni paytda universitetimizda 3 ta TEMPUS, 2 ta Erasmus Mundus, 2 ta ilmiy hamda 2 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan ikki tomonlama shartnomalar asosida ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Shu bilan bir qatorda universitetimiz olimlari Yevropa komissiyasining yangi Erasmus+ loyihalari tanlovida qatnashib 3 ta (2 tasi milliy, 1 tasi mintaqaviy) loyihani qo‘lga kiritdi. 
      Milliy universitetda xalqaro talablarga mos fundamental tadqiqotlar olib borish, nufuzli oliy ta'lim muassasalari bilan ilm-fan va ta'lim sohasida manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. 
      Ayni paytda universitetimiz professor-o‘qituvchilari Yaponiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Avstriya, Shveysariya, Hindiston, Italiya, Turkiya, Isroil va Malayziya kabi dunyoning 35 ta davlatidan 71 ta xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ilmiy fondlar bilan hamkorlik qilmoqda. 
      Dunyo bilan bo‘ylashayotgan universitetimiz qator memonrandumlar asosida AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Chexiya, Avstriya, Polsha, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy kabi davlatlarning nomdor oliy ta'lim muassasalari bilan talaba, magistrantlar almashinuvi bo‘yicha dasturlar, hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Milliy universitetimizning qator fakultetlaridan talaba, doktorant, ilmiy xodim va professor-o‘qituvchilari xorijiy mamlakatlarda o‘qimoqda, malaka oshirmoqda, hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda va ilmiy amaliy anjumanlarda ishtirok etmoqda. Xalqaro akademik va ilmiy sohadagi fondlar va tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda. 
      Milliy universitetimizda bu yil Til markazi tashkil etildi. Mazkur markazda talabalar-u tadqiqotchilardan tortib pedagog xodimlarigacha ingliz, nemis, fransuz, rus, xitoy va boshqa tillarni mukammal o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu bilan bir qatorda o‘zbek tilini o‘rganish ishtiyoqida bo‘lgan xorijliklar va boshqa millat vakillari ham bu maskanda mukammal saboq olishlari mumkin. Zamon talablariga mos ravishda tashkil etilgan Til markazi uchun 5 ta o‘quv xonasi va 1 ta konferensiya zali ajratilgan. Auditoriyalar zamonaviy texnologiyalar, kompyuterlar, proyektorlar bilan jihozlangan, o‘quv jarayoni uchun zarur bo‘lgan ingliz, nemis, fransuz, xitoy, rus va o‘zbek tillaridagi darsliklar, lug‘atlar, ilmiy risolalar, gazeta-jurnallar bilan ta'minlangan. Ayni paytda bu dargohda 100 dan ortiq tinglovchilar xorijiy tillarni o‘rganishga kirishdilar. 3 nafar chet el fuqarosi rus va o‘zbek tillarini o‘rganish uchun markazga qatnamoqdalar. Til markazida yozgi maktablar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Unda chet elliklar o‘zbek tili bilan bir qatorda madaniyatimiz, ma'naviyatimiz, urf-odatlar va boshqa milliy qadriyatlarimizni o‘rgansalar, talabalarimiz taraqqiyparvar dunyo sirlaridan bahramand bo‘ladilar. Shu tariqa milliy qadriyatlarimiz ham dunyo uzra ma'naviy nur bo‘lib taralishiga zamin yaraladi. Asl milliy qadriyatlarimiz kurrai zaminning qay burchini munavvar etsa, u yerda bo‘lmag‘ur “g‘oya”larga, salbiy holat-u g‘ayriinsoniy illatlarga aslo o‘rin qolmaydi. Yozgi maktab loyihasi doirasida O‘zMU talabalari xorijlik tengdoshlari bilan yaqindan do‘stlashadilar. Bunday rishtalar, hamkorliklar kelgusida rivojlangan mamlakatlar universitetlari bilan talabalar almashinuvini amalga oshirishga xizmat qiladi. Ya'ni, o‘zbekistonlik yigit-qizlar ularning o‘quv dargohlarida, chet ellik talabalar esa O‘zbekiston Milliy universitetida ta'lim olishlari yo‘lga qo‘yiladi.
      Shu kunga qadar O‘zbekiston Milliy universitetining ko‘plab iqtidorli talabalari, magistrant va tadqiqotchilari Angliyaning Kembrij, Ochiq universitetlarida, Hindiston, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya oliy ta'lim muassasalari, Germaniyadagi Vilgelm nomidagi Vestfal universitetida grant asosida malaka oshirmoqdalar. Shu bilan birga Berlin, Vilgelm-Myunster, Gyottingen universitetlari, Gyote instituti va Germaniya akademik almashuv xizmati bilan amaliy hamkorlik izchil davom ettirilmoqda.
      Dunyoga dong taratgan allomalarning bugungi vorislari ham tom ma'noda o‘zligini namoyon qilmoqda. Shu yil mart oyida Kipr davlatida matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan 10-xalqaro “SEEMOUS 2016” olimpiadasida O‘zMU Mexanika-matematika fakulteti 2-kurs talabalari Hakimboy Egamberganov va Shohruh Ibragimov g‘oliblik shohsupasidan munosib o‘rin egallab, 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan edilar. Aprel oyida Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan “Ochiq internet xalqaro olimpiadasi”da O‘zMU Kimyo fakulteti talabalari Jaloliddin Xushvaqtov kumush va Muzaffar Maxsumov bronza medallarini qo‘lga kiritdilar! 
      Iqtisodiyot fakulteti talabasi Doniyorbek Abdullayevning karate bo‘yicha shu kungacha turli musobaqalarda qo‘lga kiritgan oltin, kumush, bronza medallari soni 50 taga yetgan. U Janubiy Koreya, Italiya, Fransiya, Malayziya, Ukraina, Tojikiston, Qozog‘iston kabi davlatlarda O‘zbekiston bayrog‘ini yuksaklarga ko‘targan haqiqiy o‘zbek o‘g‘lonlaridan biridir. Yosh sport ustasi 2013 yilda Italiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritib, jahon chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘lgan edi. U o‘tgan yili noyabr oyida poytaxtimiz Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo chempionatida navbatdagi oltin medal sohibiga aylandi. Shu yil fevral oyida Malayziyaning Kuala-lumpur shahrida Osiyo chempionati uchun 18-35 yoshgacha bo‘lgan erkak sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqalarda kumush medalni qo‘lga kiritdi. 
      O‘zMUda bunday iste'dodli, iqtidorli, noyob qobiliyat sohiblari bo‘lgan talabalar soni kun sayin ortib borayotgani barchamizga g‘urur baxsh etadi. 
Anjumanda “Namunali kafedra”, “Eng yaxshi murabbiy”, “O‘zMU malikasi-2016” “Quvnoqlar va zukkolar” tanlovlari g‘oliblari, “Kecha kim edigu, bugun kim bo‘ldik, ertaga qanday marralarni egallashimiz kerak?” mavzusidagi maqolalar tanlovlari g‘oliblari, fakultetlararo talaba-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Kamolot oltin to‘pi-2016” musobaqasi, yigitlar o‘rtasida futbol turi bo‘yicha o‘tkazilgan “Kamolot kubogi-2016” musobaqalari g‘oliblari, Toshkent shahar oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng namunali boshlang‘ich tashkiloti” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘lgan O‘zbekiston Milliy universitetining “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil etilgan turli tanlovlar g‘oliblari munosib taqdirlandilar. 
Ulug‘bek Usmonov, 
O‘zMU gazetasi muxbiri